1910 yilning 23 martida Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Kurosavalar oilasida sakkizinchi farzand – Akira dunyoga keldi. Yoshligidanoq uning nafosatga ishtiyoqi baland edi. Maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qish barobarida, rassomlik san’ati bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Akira u paytlarda asosan g‘arb rassomchiligi sohasida o‘z mahoratini oshirib boradi. Uning bu boradagi eng ulkan yutug‘i “Seybutsu” asari bo‘lib, 1928 yilda “Nika Exhibition” ko‘rgazmasiga qo‘yilgan edi. Yigirma yoshga to‘lgan Akira kollejga o‘qishga kira olmaydi. G‘arb adabiyoti, san’ati hamda an’analari borasida chuqur bilim egallagan Kurosava rassomchilik bilan ro‘zg‘or tebrata olmasligini anglab yetadi va 1936 yilda rejissyor yordamchisi lavozimida ishlash uchun kinostudiyaga ariza beradi. U Kadziro Yamamotoga shogird tushib, o‘zining ijodiy faoliyatini boshlaydi.
Kurosava yetti yil davomida rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Ana shu davrdagi tinimsiz mehnati mahsuli o‘laroq, unda mustaqil ravishda film suratga olish imkoni paydo bo‘ladi. “Dzyudo haqida afsonalar” (1943) Kurosavaning ilk filmi bo‘lib, stsenariy muallifi ham o‘zi edi. Film XIX asrning oxirlarida dzyudo sport turining rivoji haqida hikoya qilardi. Kurosava ushbu film orqali tomoshabinlarga milliy yakka kurashlar bilan shug‘ullanish insonning ham axloqiy, ham jismoniy barkamolikka erishishida muhim ahamiyatga ega ekanligini yetkazishga harakat qilgan.
Yaponiya urushda mag‘lub bo‘lgandan keyingi yillar rejissyor zamonaviy mavzularda film suratga ola boshlaydi. Ana shunday filmlardan biri “Ajoyib yakshanba” (1974) bo‘lib, unda ikki sevishgan qalbning hech qanday mablaqqa ega bo‘lmagan holda yakshanba kunini tabiat qo‘ynida maroqli o‘tkazishga urinishlari haqida hikoya qilinadi. Film)da oddiy odamlar turmushi ajoyib syujet orqali yoritib berilgan. Undan keyingi (“Sarxush farishta”, “Yashirin duel”, “Daydi it”, “Janjal” filmlarida Kurosava jamiyatda oddiy fuqarolarga nisbatan qilinayotgan zug‘um, yovuzliklar bilan bog‘liq illatlarni fosh qiladi.
1951 yilda Venetsiya kinofestivalida bosh mukofotga sazovor bo‘lgan “Rasyomon” filmi A.Kurosavaga olamshumul muvaffaqiyat olib keladi. Ushbu filmning shuhrati g‘arbda yapon kinematografiyasiga qiziqish uyg‘onishiga sabab bo‘ldi, u Oskar mukofotiga ham loyiq deb topildi. Shundan so‘ng xalqaro festivallar bu yurt san’atkorlarisiz o‘tmaydigan bo‘ldi va ularda yapon ijodkorlari, albatta, biron-bir mukofotga sazovor bo‘lishardi. Shuningdek, Kurosavaning ko‘plab filmlari ham turli sovrinlarga sazovor bo‘lardi. Kurosava tomonidan “Telba” (Dostoyevskiy asari asosida), “Taxt va qon” (Shekspirning “Makbet” asari asosida), “Tubanlikda” (M.Gorkiy pesasi asosida) kabi bir qator filmlar suratga olindi. Kurosava mumtoz yozuvchilarning g‘oya va uslublaridan foydalangan holda, haqiqiy yaponcha ruhdagi filmlarni yaratdi.
Zamondosh adiblarining asarlari asosida suratga olingan “Osmon bilan yer o‘rtasida”, “Jannat va do‘zax”, “Umr kechirmoq” filmlarida Kurosava asosiy e’tiborni insonparvarlik g‘oyalariga qaratadi va har qanday sharoitda ham halol, pok, to‘g‘riso‘z bo‘lish, doim haqiqat uchun kurashish, faqat yaxshilik qilish, ezgu ishlarni amalga oshirish lozimligini bot-bot ta’kidlaydi. Uning qahramonlari insonning jamiyat tomonidan kamsitilishi, xo‘rlanishi va qul sifatida foydalanishiga qarshi kurashishga tomoshabinni da’vat etadi.
Ana shunday filmlarni yaratish asnosida xalqaro san’at doiralarida Kurosavaning obro‘si ham ortib boraverdi. Shuning barobarida, yapon taraqqiyparvar rejissyorlarining ham muvaffaqiyatlari el orasida shov-shuv bo‘la boshlaydi. Ammo prodyuserlar, negadir ijod jarayonining nozik tomonlarigacha “burun suqishni” o‘zlarining burchlari deb hisoblashardi. Bu esa, o‘z navbatida rejissyorlarning noroziligiga sabab bo‘lardi. Shu bois Kurosava mustaqil ravishda prodyuserlik bilan shug‘ullanishga bel bog‘laydi va bor mablag‘ini “Qizil soqol” (1965) filmini suratga olish uchun sarf etadi. Film o‘sha paytdagi mashhur adib Yamamoto Syuguroning dong taratgan romani asosida suratga olingan bo‘lib, u Kurosavaning ijodida cho‘qqi bo‘lgan namunalardan biriga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Filmning dovrug‘ qozonishiga shubha yo‘q edi, ammo iqtisodiy tomoni… Garchi film jahon bo‘ylab, turli mamlakatlarda namoyish etilgan bo‘lsa-da, ulardan yig‘ilgan mablag‘, afsuski, kartinaning sarf-xarajatlarini qoplay olmaydi. Shunda og‘ir vaziyatdan chiqib ketish maqsadida Kurosava amerikalik prodyuserlarning takliflarini qabul qilishga majbur bo‘ladi.
Kurosava Amerikaning “XX Century Fox” kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi va Amerika-Yapon urushi aks etgan “Tora-Tora-Tora” filmi stsenariysi ustida ish boshlaydi. U millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan, yaqinlaridan judo qilgan urushga qarshi isyon sifatida nihoyatda jiddiy, olamshumul bir film yaratmoqchi, filmda bosqinchilik kulfatlari ochib berilishi kerak edi, afsuski stsenariy matni bevosita amerikaliklar nazoratida bo‘ldi. Shuningdek, filmning yakuniy montaj ishlari bilan amerikalik mutaxassislargina shug‘ullanishlari ko‘zda tutilgandi. Alaloqibat, mashhur rejissyor ushbu loyihadan voz kechdi va o‘z yurtiga qaytib ketdi. Shubhasiz, Kurosavaning loyihani tark etishi amerikaliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi. AQSh ommaviy axborot vositalari uzoq vaqt mobaynida rejissyorning ustidan mag‘zaga ag‘darish bilan andarmon bo‘lishdi.
1969 yilda Akira Kurosava hamkasb-hammaslaklari bilan “To‘rt chavandoz” nomi ostida mustaqil kinokompaniya ochishga muvaffaq bo‘ladi. Kurosava do‘stlaridan qarzga olingan mablag‘ evaziga qisqa muddat ichida, hech qanday dekoratsiya va taniqli aktyorlarsiz, shahar axlatxonasida “Dodeskaden” filmini suratga oladi. Bu rejissyorning ilk rangli filmi edi. Stsenariy matnini yana o‘sha mashhur adib Yamamoto Syuguro taqdim etgandi. Film axlatxonalarda yashaydigan va tunu kun uning atrofida kuymalashib yuradigan, jamiyat uchun ahamiyatsiz sanalgan kishilar haqida hikoya qiladi. To‘g‘ri, ular irkit va yovvoyi, qo‘pol va doim sarxush, ammo birinchi navbatda tirik inson-ku! Ularning hayoti va o‘zaro munosabatlari o‘ta jirkanch, ammo ba’zan mana shu insonlarning qalb tubida berkingan ezgulik, odamiylik, shuningdek g‘urur va shijoatni uchratish ham ehtimoldan xoli emas…
Film premerasi Moskvada o‘tkazilgan VII xalqaro kinofestivalda bo‘lib o‘tdi. “Dodeskaden” katta shov-shuv bilan qarshi olindi va xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. Film haqida hayrat va zavqqa to‘la minglab taqrizlar yozildi. Vatanida esa mazkur filmga homiylik qilgan kompaniya tazyiq ostiga olindi va moliyaviy inqirozga yuz tutdi.
Bu orada matbuotda Kurosava o‘z joniga qasd qilibdi, degan odamni esankiratib qo‘yuvchi xabarlar chop etiladi. Rejissyor ruhiy zo‘riqish va tushkunlik girdobiga botadi. Xayriyatki, uning hayotini saqlab qolishadi. Keyinchalik Kurosava “Mosfilm” kinostudiyasi bilan hamkorlikda “Dersu Uzala” (Arsenev asari asosida) filmini suratga oladi. Film Kurosavaning eng kuchli va baland saviyali asarlari qatoridan joy oladi. 1976 yilda ushbu film “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi va kartina dunyo ekranlarida namoyish etildi.
1980 yilda buyuk rejissyor “XX Century Fox” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Jangchi sharpasi” deya nomlangan monumental tarixiy filmni suratga oladi. Film rangli tasvirda bo‘lib, u asosan samuray jangchilarning hayotidan so‘zlar edi. Kartina katta ekranlarga chiqqanidan so‘ng yana o‘sha “eski qo‘shiq” xirgoyi qilina boshlaydi: g‘arbda film misli ko‘rilmagan darajada muvaffaqiyat qozonadi, ko‘plab taqrizlarning yozilishiga sabab bo‘ladi-yu, Yaponiyada esa ahvol o‘sha-o‘sha – mukofot u yoqda tursin, bir og‘iz ijobiy so‘z ham aytilmaydi.
1983 yilda frantsuz prodyuserlaridan biri Bunyuel tavakkal qilib, Frantsiya moliya vazirligining yordami, shuningdek, yirik yapon kinoijarachilarini ko‘ndirib, Kurosavaning keyingi filmi uchun uch million AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘playdi.
Suratga olish ishlari Yaponiyaning tog‘li qismida joylashgan ko‘hna qasrlar, go‘zal tabiat qo‘ynida olib boriladi. Biroq Fudzi yonbag‘rida joylashgan, yong‘in tufayli xarobaga aylangan asosiy qasrning ba’zi qismlarini ta’mirlash, ba’zilarini esa qayta qurish lozim edi. Filmdagi minglab odamlar va otlar, jang sahnalari, taniqli aktyorlarning ishtiroki, bir nechta kameralarning ba’zi syujetlarni birvarakayiga suratga olishi – tabiiyki, bularning barchasi katta mablag‘ni talab etardi… Faqat Kurosava boshchiligidagi ma’muriy rejissyorlik guruhining iste’dodi va mashaqqatli mehnati sabab, barcha muammolar o‘z yechimini topdi. Nihoyat, 1985 yilda intiqlik bilan kutilgan “Ran” kinofilmi katta ekran yuzini ko‘radi.
Ana shunday ajoyib rejissyorlik mahorati tufayli Akira Kurosava rejissyorlik nominatsiyasi bo‘yicha “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritadi.
80 yoshida ham g‘ayrat va shijoat tark etmagan Kurosava “Madaadayo” (“Hali yo‘q”) filmini suratga oladi. Ushbu film rejissyorning boshqa hayratomuz asarlari qatori katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi va 1990 yilning mart oyida unga nufuzli “Oskar” mukofoti topshiriladi.
1993 yilda rejissyor o‘zining so‘nggi – “Hali erta” deb nomlanuvchi filmini suratga oladi.
Shubhasiz, Akira Kurosava jahon kino san’atiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk rejissyorlardan edi. To‘g‘ri, uning ijodida g‘arbning ta’siri yaqqol sezilib turardi. Ammo film qahramonlari orqali shijoat, haqiqatparastlik, vatanparvarlik, hayotga muhabbat, insof, diyonat kabi insoniy fazilatlarni targ‘ib qilgani tahsinga loyiq. Zero, u yaratgan ko‘plab filmlar boshqa rejissyorlar uchun katta maktab vazifasini o‘tagani shubhasiz. Taniqli prodyuser Jorj Lukas yirik epopeya sanalmish “Yulduzlar jangi” asari Kurosavaning “Maxfiy qal’adagi uch razil” filmidan ilhomlanib suratga olinganini faxr bilan aytib o‘tgandi. Gollivud kino yulduzlari ishtirokida suratga olingan “Tahqirlash” filmiga esa Kurosavaning “Rasyomon” filmi asos bo‘lgan ekan.
1998 yilning 6 sentyabrida olamdan o‘tgan buyuk rejissyor Akira Kurosavaning Sharq va G‘arb madaniyatini birlashtirishda ko‘rsatgan mislsiz xizmati jahon san’atida o‘chmas iz qoldirgan.
Anvar Sher tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son