Sergey Raxmaninov: “Meni tanqid qilinglar, zora…”

“Musiqa yurakdan chiqishi shart. Men uchun musiqa yaratish – nafas olish, ozuqlanish bilan barobar hayotiy zaruratdir”.

S.Raxmaninov

Tarixda shunday ijodkorlar borki, ularning nomlari asrlar osha saqlanib, yaratgan asarlari insoniyat madaniy xazinasining nodir durdonasiga aylanib ketgan.

Atoqli kompozitor Sergey Vasilevich Raxmaninov ana shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. Sergey Raxmaninov 1873 yilning 1 aprelida Rossiyaning Novgorod guberniyasida dvoryanlar oilasida tug‘ildi. U bolaligidan musiqa san’atiga mehr qo‘ydi. Oiladagi muhit uni san’atning sehrli olamiga yetakladi. Bobosi Arkadiy Aleksandrovich Raxmaninov (1808-1881) – pianinochi hamda bir qator romanslar muallifi bo‘lgan. Sergey 4-5 yoshidayoq fortepianoda chalishni boshlagan. 9 yoshida Peterburg konservatoriyasiga qabul qilinib, 12 yoshida Moskva konservatoriyasida ta’limni davom ettiradi. 18 yoshida pianinochi, 19 yoshida esa kompozitor sifatida Moskva konservatoriyasini muvaffaqqiyatli tamomlaydi. O‘qish davridayoq yaratgan Birinchi kontsert, kamer-cholg‘u asarlar hamda romanslar kompozitorning kelajagi porloq ekaniga umid uyg‘otgandi. U diplom ishi sifatida “Aleko” operasini yozib, yuqori baho olishga erishadi. 1897-1898 yillarda mashhur rus opera qo‘shiqchisi Fyodor Shalyapin bilan o‘zaro ijodiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yadi. Raxmaninov 31 yoshida Katta opera va balet teatriga bosh dirijyor etib tayinlanadi. (Ta’kidlash joizki, bosh dirijyor lavozimini egallash uchun u juda kichik yosh sanaladi). S.Raxmaninov Rossiya va chet ellarda pianinochi va dirijyor sifatida kontsertlarda muntazam ishtirok etib, tinglovchilar olqishiga sazovor bo‘la boshlaydi. 1917 yil fevral va oktyabr oylarida Rossiyada yuz bergan qonli inqiloblar S.Rahmaninov hayotida mash’um iz qoldiradi. O‘z Vatanini benihoya sevgan ijodkor uning tanazzulini, fuqarolar o‘rtasidagi ayovsiz janglarni ko‘rib qattiq iztirob chekadi. U Rossiyani ayanchli ahvolda ko‘rgandan ko‘ra uni tark etmoqni ma’qulroq biladi. 1918 yil AQSh ga ko‘chib o‘tib, asosan kontsert faoliyati bilan mashg‘ul bo‘ladi. Mazkur davrda u Yevropa va Amerika davlatlari san’atsevarlari qalbidan chuqur joy oladi.

Uning aksariyat asarlari vatanni madh etishga bag‘ishlangan edi. S.Rahmaninovning xorijdagi ijodi to‘liq Vatan madhi, uning og‘riqlari vatanjudolik alamlari bilan yo‘g‘­rilgan edi, desak, mubolag‘a emas. Sababi u o‘z yurtiga nihoyatda mehr qo‘ygan o‘z ma’naviy ildizlarini yurt tuprog‘idan uzoqlarda oziqlantira bilmas edi. Shuning uchun ham uning keyingi butun ijodi dard, alamu iztirob ifodasi bo‘ldi. Yurtidan kelgan arzimas mujdani ham u ko‘zlariga to‘tiyo qildi. Ayniqsa, Ikkinchi Jahon urushi yillari Rossiyada yuz berayotgan qonli muhorabalarni ilhaq kuzatib bordi. G‘alaba uchun hatto topgan mablag‘larini yuborib, o‘z ulushini qo‘shishga intildi. Urushning eng qaltis pallasi – 1943 yilda janglarning Sho‘rolar mamlakati uchun g‘alaba tomon o‘zgarayotganini eshitib umid bilan dunyodan ko‘z yumadi. Raxmaninov o‘z musiqasi orqali ham bu jarayonlarga shaxsiy munosabatini bildirishga muvaffaq bo‘lgan. Kompozitor uchun sof insoniy tuyg‘ularni teran ifoda etish badiiylik mezoni sanalgan. Kompozitorning sermazmun va serqirra ijodida “Aleko”, “Franchesko da Rimini” operalari, “Bahor” kantatasi, “Qo‘ng‘iroqlar” poemasi, fortepiano va orkestr uchun to‘rtta kontsert, “Paganini mavzusiga Rapsodiya”, kamer-cholg‘u ansambllari uchun musiqalar, fantaziyalar, “Simfonik raqslar”, sonatalar, etyudlar, prelyudiyalar va boshqa ko‘plab asarlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Rus musiqasining darg‘asi hi­sob­lanmish P.Chaykovskiyning shaxsan o‘zi­ unga oq yo‘l tilagan. Ustozlari S.Taneev va A.Arenskiylar kompozitorlik pillapoyalarida uni qo‘llab-quvvatlagan edilar. U rus musiqa san’atida M.Glinka, P.Chaykovskiy, Borodin, M.Musorgskiy, Rimskiy-Korsakov an’analarini izchil davom ettirdi.

S.Raxmaninov yangi ijodiy ta­moyi­llarni ilgari surgan is­lo­hot­chi-ijodkorlar toifasiga kirmaydi, aksincha, u XIX asr oxiri – XX asr boshida rus va g‘arbiy Yevropa musiqasiga xos yo‘nalishdan og‘ishmaydi. Uning iste’dodi ma’lum musiqiy ifoda vositalarini o‘ziga xos tarzda talqin etishga xizmat qildi. Ijodkorning mustaqil ijodiy tafakkuri tufayli yaralgan asarlar uning shaxsiy, insoniy qirralari yetukligidan darak beradi. U yaratgan ijod mahsullari betakrorligi va ohangdorligi bilan ajralib turadi. Bu haqda kompozitorning o‘zi: “Ohang – bu musiqaning poydevori, binobarin, mukammal kuy garmonik bezakni shakllantirishga xizmat qiladi” – degan edi.

Musiqiy asar yozish jarayoni murakkab va qiziqarli jarayon bo‘lib, bunda g‘oya ham muhim rol o‘ynaydi. G‘oya turli vaziyat, sharoit va vaqtda to‘satdan yuzaga kelishi mumkin. Ayrim hollarda esa asar g‘oyasi bir necha yillar davomida kompozitorning fikri xayolini band etib yuradi. G‘oya kompozitor uchun asarning kelgusi rivojini belgilab beradi. S.Raxmaninov musiqani qisqa vaqt ichida notaga tushirar, yorqin iste’dodi tufayli unumli ijod etardi. U yaratgan “Aleko”, “Birinchi kontsert”, “Uchinchi kontsert”, etyud-manzaralar, qator romanslar ana shunday asarlardandir. Hattoki yetuk asarlardan sanalmish “Paganini mavzusidagi Rapsodiya”, “Uchinchi simfoniya” va “Simfonik raqslar” asarini ham u qisqa vaqt ichida qog‘ozga tushirgan. Shu bilan birga “Ikkinchi simfoniya”, “To‘rtinchi kontsert” kabi shiddatli asarlari bir necha yillar davomida yaratilgani ma’lum.

S.Raxmaninovning nafaqat mu­si­qiy asarlari, balki adabiy-badiiy merosi – maqolalari, xatlari, xotiralari ham uning ijodini teran anglashga yordam beradi. Yozma ravishda bildirgan fikrlari uning nihoyatda o‘tkir zehn, keng dunyoqarash va teran tafakkurga ega ijodkor ekanligidan dalolat beradi. Shu o‘rin­da V.R.Vilshau, I.Gofman, A.M.Kerzin, M.S.Kerzin, N.K.Metner, N.S.­Mo­roz­­ov, S.A.Satinga yo‘llagan maktub­larini eslatib o‘tish o‘rinli. Kompozitorning epistolyar merosi uning hayoti va ijodiy yo‘lini, taassurotlari, his-hayajonlarini aks ettiradi. Rafiqasi Natalya Aleksandrovna: “Asar yaratilishi jarayonida to bu asar tugamaguncha men uning hatto nima yozayotganini ham hech qachon bilmaganman”, – deb yozgan edi. Darhaqiqat, S.Raxmaninov tabiatan juda kamgap, kamsuqum inson edi. Yozayotgan asari haqida hech kimga gapirishni istamagan. Bu fe’lining sababini so‘raganlarga: “Asarni tugatish-tugatmasligim hali noma’lum bo‘lgach, bu haqda gapirmagan ham ma’qul”, – deb javob bergan.

Ijodkor maktublarini varaqlar ekanmiz, uning o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan, tanqidiy munosabatda bo‘lganini anglaymiz. Buning isbotini quyidagi maqoladagi fikrlardan ham ko‘rishimiz mumkin: “Odamning yoshi ulg‘aygani sayin o‘ziga ishonchi ham yo‘qolib borar ekan. Qilgan ishlardan qanoat hosil qilgan damlar tobora kamayib, odam ichki bir xotirjamlikni sog‘inib qolar ekan. Hozirgi vaqtda kamdan-kam hollarda qilayotgan ishimdan xursand bo‘laman, yutuqlarimni eslagim kelmaydi”, – deb yozadi. Ishga ana shunday munosabat zamonaviy kompozitorlarga ham ibrat bo‘lmog‘i lozim.

Ta’kidlash joizki, S.Raxmaninov o‘ziga va asarlariga haddan ziyod tanqidiy munosabatda bo‘lganligi bois, bir qator yetuk asarlarini nashr ettirishga ham jazm etmagan. Ko‘pgina asarlari kompozitorning vafotidan so‘ng chop etilgan. 1893 yil 20 iyulda uning M.Slonovga yo‘llagan xatida quyidagilarni o‘qiymiz: “Nashr etilgan romanslarim yo‘q, bo‘lmasa ham kerak. Chunki men bastalagan romanslar chop etishga arzimaydi”. Vaholanki, o‘sha paytlarda S.Raxmaninov qalamiga mansub romanslar akademik xonandalarning ijro repertuaridan allaqachon o‘rin egallab bo‘lgandi.

S.Raxmaninov ijrochilik sohasida ham o‘ta talabchan bo‘lgan.

1897 yil 19 oktyabrida N.D.­Ska­lon­ga yozgan xatida shunday deydi: “Chorshanba kuni ikkinchi marotaba “Samson va Dalila” chalinayotganda dirijyorlik qildim. Bu safar ham birinchi galdagidek o‘rtacha o‘tdi. Vaholanki, gazetalar meni tinmay maqtashmoqda. Men esa ularga mutlaqo ishonmayman!”

Do‘stlaridan va u bilan ijodiy aloqada bo‘lgan insonlardan, ayniqsa, yosh kompozitorlardan u mehnatsevarlikni talab qilardi. A.Zatayevich degan shogirdining kompozitorlik iste’dodini sezgach, uni qo‘llab-quvvatlagan asarlarini nashr etilishiga ko‘mak bergan. Biroq A.Zatayevich jo‘natgan pesalarni ko‘rib chiqqach, ijodga kam vaqt ajratayotganini sezadi. Bu haqda A. Zatevich­ga xat yo‘llab, shunday yozadi:

“Fikrimcha, Siz yaxshi asar yarata olasiz, lekin negadir mehnat qilishni istamayapsiz!”.

S.Raxmaninov fikrlari bugun yosh kompozitorlar uchun iste’dod va qobiliyatdan foydalanishda, muntazam mehnat qilish ko‘nikmasini egallashda ibrat bo‘la oladi.

Kompozitorning fikricha, asosli tanqid kamchilik va nuqsonlarni yengishga yordam beradi. Shu ma’noda do‘sti M.Slonovni tanqidiy fikr­larni bayon etishga chorlagani e’tiborlidir. Xatdan parcha o‘qiymiz: “Men yozgan “Salambo” stsenariysi mukammal chiqmaganligi bois, tanqidiy fikrlaringizni eshitsam, Sizdan mamnun bo‘lar edim. Zora, ular to‘g‘rilash, o‘zgartirish va to‘ldirishga yordam bersa. Shu bois, marhamat, bemalol tanqid qilavering!”.

S.Raxmaninovning epistolyar me­r­­osi bilan tanishish yosh kompozitor, ijrochi va musiqashunoslar uchun ham, barcha turdagi ijod ahli uchun ham nihoyatda foydali. Zero, ularda kompozitorning nafaqat ijodiy tamoyillari, balki insoniy qiyofasi ham aks etadi. Musiqa – insoniyat taqdiriga, yaxshilik va ezgulikka, ishonch va umidning mustahkamlanishiga, san’atga mehr-muhabbat uyg‘otishga xizmat qilgani sababli, hali necha-necha avlodlarning chinakam ma’naviy mulkiga aylanajak. Sergey Raxmaninov musiqasi ham shu yo‘lda xizmat qiladi.

Mohina Abrorova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son