Odatda, ma’lum va mashhur aktyorlar haqida yozishganda yo so‘ylashganda, “u o‘ziga xos san’atkor edi” deb ta’riflashadi.
Aslida esa, bu so‘zlar “boshqalarga o‘xshamaydigan”, “takrorlanmas” degan ma’nolarni ham anglatadiki, bu sifatni hamma aktyorlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Ammo, biz quyida so‘z yuritishga chog‘lanayotgan san’atkor – Amin Turdiyev bunday ta’rifga har tomonlama munosib sahna ustalaridan biri edi desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Amin Turdiyev 1910 yilning 10 avgustida Toshkent shahrida tug‘ildi.
Aktyor ijodining yulduzli onlarida bu nom tilga olinishi bilan, tomoshabinlarning ko‘z oldida “Og‘riq tishlar” spektaklidagi Zargarov, “Qutlug‘ qon”dagi Tantiboyvachcha, “Gamlet”dagi Kassio, “Boy ila xizmatchi”dagi Solihboy, “Alisher Navoiy”dagi Husayn Boyqaro, “Imon”dagi Sanjarov, “Oltin devor”dagi Abdusalom singari turfa obrazlar namoyon bo‘lardi. Zero, u teatr san’ati muxlislarining sevimli aktyorlaridan biri edi.
O‘z davrida uning ishtirokidagi “Stadionda uchrashamiz” (Rais), “Boy ila xizmatchi (Qodirqul mingboshi)”, “Furqat” (Bek) singari badiiy filmlar tez-tez oynayi jahonda namoyish etilar, Amin Turdiyevning “o‘ziga xos” zalvorli ovozi har hafta “Tabassum” radiojurnali orqali efirda yangrardi. Zero, ana shu xalq orasida dovrug‘ qozongan hajviy radiojurnalning asoschilaridan va birinchi boshlovchilaridan edi.
U hali yoshligidayoq shoir G‘afur G‘ulom rahbarlik qilgan “Urfon” maktabi qoshidagi drama to‘garagiga qatnashib, shu yerda sahnalashtirilgan Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” spektaklda Kuyov rolini ijro etgan. Aktyorlik faoliyatini Hamza nomli teatr qoshidagi ishchi – sayyor truppasida boshlagan, o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari avvalida esa asosiy truppaga o‘tgan. V.Yan va Cho‘lponning “Hujum” pesasi asosidagi spektaklda Eshon, G‘.Zafariyning “Halima” asarida Hammol, Fitratning “Arslon” asarida Dehqon singari katta-kichik rollar ijro etgan. Keyinchalik Samarqand va Namangan viloyat teatrlarida badiiy rahbar, Andijon viloyat teatrida bosh rejissyor, respublika yosh tomoshabinlar teatrida badiiy rahbar vazifalarida ham ishlagan. Ayni chog‘da unda rejissyorlik kasbiga qiziqish paydo bo‘lgan. O‘z vaqtida taniqli rus aktyori Lev Sverdlin (“Nasriddin Buxoroda” badiiy filmida Nasriddin Afandi rolini ijro etgan)ga yordamchi bo‘lib ishlagan, N.Ladigin, I.Bersenov, Ye.Amontov, J.Obidov, N.Aliyeva singari rejissyorlar bilan hamkorlik qilgan. I.Sultonning “Burgutning parvozi”, Uyg‘unning “Ona”, “Qaltis hazil”, “Navbahor”, M.Lermontovning “Maskarad”, Tuyg‘unning “Muhabbat”, Aka-uka Turlarning “Deraza ortida elchixona”, I.O‘ktamovning “Kechirilmas gunoh”, M.Abliyevning “Shamsiqamar” singari asarlarini sahnalashtirgan. O‘zi ham Ikkinchi jahon urushi yillarida M.Shayxzodaning “Jaloliddin” dramasida Chingizxon obrazini yaratgan.
Teatrshunoslar ko‘pincha “Amin Turdiyevning mahorati salbiy va xarakterli obrazlar talqinida namoyon bo‘lgan”, deyishadi. Agar buning yoniga “Amin Turdiyev o‘z qahramonlarining tashqi qiyofasiga, xatti-harakatlariga, yurish-turishiga, ayniqsa, nutqiga katta e’tibor berardi”, degan fikrni ham qo‘shsak, uning iste’dodli aktyor ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu o‘rinda uning hozirgi Milliy akademik drama teatri sahnasida ijro etgan “Alisher Navoiy” dramasidagi Husayn Boyqaro yoki “Og‘riq tishlar” komediyasidagi Zargarov rollarini eslab o‘tmoq joiz. Shunisi diqqatga sazovorki, biri biriga o‘xshamagan ana shunday obrazlarda uning aktyor sifatida o‘z qahramonlarini chuqur psixologik, dramatik va hajviy bo‘yoqlarda ifodalaganiga shohid bo‘lamiz.
Shu ma’noda uni ham Shukur Burhon, Olim Xo‘jayev, G‘ani A’zamov, Nabi Rahimov, Hamidulla Narimonov, Zamira Hidoyatova, Maryam Yoqubova, Qudrat Xo‘jayev singari o‘zbek milliy teatr san’atining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk san’atkorlardan biri edi deyish mumkin. U endilikda o‘zbek milliy teatri tarixida “Ulug‘larning biri” bo‘lib qoldi.
Zamondoshlarining xotirlashlaricha, Amin Turdiyev sirtdan qanchalar sersavlat va jiddiy ko‘rinsa-da, hayotda tili burro, o‘ta hozirjavob, nihoyatda hazil-huzulga o‘ch inson bo‘lgan ekan.
Voqean, Amin Turdiyev qay bir yili oilasi bilan dam olgani Kavkazga borgan va kunlardan bir kuni er-xotin Toshkentni sog‘inib ozginagina moshkichiri pishirgan ekan. Endi ovqatlanamiz deb turishganda, kutilmaganda mashhur aktyorni ziyorat qilgani bir necha chet ellik san’atkorlar mehmon bo‘lib kelishibdi. Turgan gap, o‘rtada noqulay vaziyat paydo bo‘lgan. “Ovqatni o‘rtaga tortaylik” deyishsa, hammaga yetmaydi. Bosh qotibdi va shunda Amin Turdiyev uddaburonlik bilan moshkichirini olib chiqibdi. Bir buxanka nonni parraklab kesib, ularning ustiga moshkichirini surtib, laganga chiroyli qilib terib olib kiribdi, uni mehmonlarga “O‘zbekcha ikra” deb maqtabdi. Chet ellik mehmonlar esa moshkichiri surtilgan non bo‘laklarni yeb ko‘rib, hayron qolishgan va bu ajoyib, tansiq taom uchun mezbonga minnatdorchilik bildirishgan ekan.
Amin Turdiyev hayotda ana shunaqa epchil, topqir kishi bo‘lish bilan birga, ayni chog‘da ichki madaniyati nihoyatda kuchli, sahnada o‘ziga ham, boshqalarga ham o‘ta talabchan san’atkorlardan bo‘lgan.
Aytishlaricha, Amin Turdiyev 1951 yili rejissyorlar Yetim Bobojonov va Aleksandr Ginzburg tomonidan sahnalashtirilgan “Jon tinchlik askari” degan spektaklda bosh qahramon Jon Robertson rolini qiyomiga yetkazib ijro etgan va bu obrazi yanada to‘laqonli, ishonchli chiqishi uchun hatto asardagi inglizcha qo‘shiqni ham sahnada aytib hammani hayratga solgan ekan.
Yana bir diqqatga molik tomoni, Amin Turdiyev o‘zbek aktyorlari orasida birinchilardan bo‘lib milliy teatr san’atimiz va uning ulkan namoyandalari haqida kitob yozib qoldirgan bo‘lib, u “Sahnam, sahnadoshlarim” deb nomlanadi va bu asar hozirda “bestseller” kitoblar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston radiosining “Radioteatr” bo‘limida ishlab yurgan kezlarim Amin Turdiyev bilan bir necha bor uchrashgan, suhbatlashishga muyassar bo‘lgan edim. O‘shanda u “aktyor” (rol ijro etuvchi) kimu, “artist” (yuksak mahoratga ega san’atkor) kimligi, ular o‘rtasidagi farq, “rol” nimayu, “obraz” nimaligi haqida nihoyatda qiziqarli gaplar aytib bergan, “Aktyor o‘z hayoti, ijodi davomida yuzta rol o‘ynashi mumkin, ammo ular orasidan bittasi yoki ikkitasi obraz darajasiga ko‘tariladi yoxud ko‘tarila olmaydi”, degan va bunga misol tariqasida Sh.Burhonning Shoh Edip, O.Xo‘jayevning Alisher Navoiy, G‘.A’zamovning Usta Mo‘min, Z.Sadriyevaning Farmonbibi singari mashhur rollari chinakam obraz namunalari ekanligini chiroyli tahlil qilib bergandi.
Amin Turdiyev ana shunday, tom ma’noda sahna san’atining bilimdoni hamda fidoyisi edi va zamondoshlar, san’at muxlislari xotirasida shunday bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston xalq artisti Amin Turdiyev 1978 yilning 13 martida Toshkentda vafot etgan.
Erkin Usmonov
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son