Dunyoga mashhur “Qora kvadrat” asarining muallifi, atoqli rassom Kazimir Malevich fenomeni o‘z davrida ham, hozirda ham san’atshunoslar orasida qizg‘in bahslarga mavzu bo‘lib kelmoqda. Ma’lumki, XX asr dunyoda rangtasvir san’atida yangi oqimlar, eksperimental tajribalar, modernistik qarashlar keng rivojlangan davr sanaladi. Impressionizm, kubizm, futurizm kabi yangi ijodiy oqimlar, ular zamirida undan-da yangi usullar shakllanib, musavvirlar an’anaviylikdan yiroqlashib, yangi ifodalarni topishga erishdi. Kubizmning Pikasso, impressionizm Mane, abstraktsionizm Kandinskiy ijodiga bog‘liqlikda shakllangan bo‘lsa, suprematizm yo‘nalishining yuzaga kelishida musavvir Malevich qarashlari asos bo‘ldi.
Kelib chiqishi polyak bo‘lgan Kazimir Severinovich Malevich 1879 yilning 11 fevralida Ukrainaning Kiyev shahrida, oddiy ishchi oilasida tavallud topgan. Otasi Severin Maliyevich shakar zavodi xodimi, onasi Lyudviga Aleksandrovna uy bekasi bo‘lgan. Malevichlar oilasi katta bo‘lib, Kazimir to‘qqiz farzandning to‘ng‘ichi edi. U tasviriy san’atga bolaligidan ixlos qo‘yib, turli rasmlardan nusxalar ko‘chirishni xo‘sh ko‘rardi. Kazimirning qiziqishlariga befarq bo‘lmagan ota-onasi uni Kiyevdagi Nikolay Murashko maktabiga berishadi. Rassomning xotirlashicha, uning ilk ijod mahsuli “Oyli oqshom” deb nomlangan manzara bo‘lgan.
1896 yilda oilasining Kursk shahriga ko‘chib o‘tishi sababli Kazimir bu maktabni tark etishiga to‘g‘ri keladi. Oiladagi yetishmovchilikka qarshi kurashish ota-ona bilan birga to‘ng‘ich o‘g‘ilning ham gardanidagi vazifa edi. Kazimir Moskva-Kursk temir yo‘liga chizmakash bo‘lib ishga kiradi. Ammo ularni o‘sha davrda yetishmovchilikdan tashqari, polyak bo‘lganliklari uchun mahalliychilik masalasi ham qiynardi. Shunga qaramay, Kazimir bor kuchini ijodga yo‘naltiradi, ukrain tilida san’atga oid turli maqolalar yoza boshlaydi.
Shu davrda yosh rassom oila qurib, farzand ko‘rgach, bir tarafdan oila boqish mas’uliyati, ikkinchi tomondan esa ijodiy ehtiyojlari tobora ortib borardi. U ham moddiy, ham ma’naviy ehtiyojlariga chora izlab, 1904 yilda Moskvaga jo‘naydi. Kollektsionerlar Morozov va Shukinlar tomonidan o‘tkazilgan zamonaviy san’at ko‘rgazmasida bo‘lib, Klod Mone, Pol Sezann, Pablo Pikasso, Anri Matiss kabi rassomlarning asarlariga mahliyo bo‘ladi. Ularning asarlaridagi uslub va mavzular yosh rassomning ijodiy qarashlarini butkul o‘zgartirib yuborgan edi. Ammo Moskva tasviriy san’at maktabiga kirishga urinishlari besamar ketib, yana Kurskka qaytadi. Oradan ikki yil o‘tgach, butun oila Moskvaga ko‘chib keladi. Shundan so‘ng Kazimir Malevich ijodi uchun imkoniyat eshiklari bir-bir ochila boshlaydi.
U 1907–1910 yillarda Fyodor Rerberg ijodiy studiyasiga qatnab, impressionistik yo‘nalishda ijod qila boshlaydi. Shu yillarda Bibliya syujetlari asosida ishlagan turkum asarlari bilan “Pushti atirgul” nomli rus simvolistlari va “Moskva rassomlari do‘stligi” XVI ko‘rgazmalarida ishtirok etadi. Uning ijodi yuksalgan sari asarlari nafaqat Rossiya, balki xorijiy mamlakatlardagi san’at ko‘rgazmalarida ham ishtirok eta boshlaydi.
U zamonaviy tasviriy san’at imkoniyatlarini ijodida amaliy namoyon qilishdan tashqari, nazariya bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. “Kubizmdan suprematizmga. Yangi rangtasvir realizmi” manifesti, “San’atning yangi shakli xususida”, “Tasviriy san’atning qo‘shimcha elementlari haqida” kabi maqolalarida uning ilmiy qarashlari aks etib, suprematizmning o‘ziga xos xususiyatlari, badiiy va g‘oyaviy jihatlari asoslab berilgan.
U 1915 yilda “Qora kvadrat” kartinasi va shu nom ostidagi turkum asarlarini omma e’tiboriga taqdim qiladi. Jumladan, “Futuristik kartinalar” ko‘rgazmasiga qo‘yilgan “suprematik rangtasvir” nomi ostidagi 39 ta asari katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ijod ahli o‘rtasida bu yo‘nalishga qiziqish ortib boraveradi. 1916 yilda Malevich “Supremus” jamiyati va shu nomdagi jurnalni tashkil etib, jamiyatga a’zo bo‘lgan rassomlarning asarlarini va suprematizmga oid maqolalarni e’lon qilib boradi. Rassomning ijodi rus san’ati muhitida ijobiy baholanib, katta nufuzga ega bo‘ladi.
Uning “Qora kvadrat” turkumiga oid “Oq kvadrat”, “Qizil kvadrat”, “Qora doira”, “Qora xoch”, “Avtoportret”, “Chelak tutgan ayol”, “Atletikachilar”, “Charxchi”, “Qizil otliqlar yurishi”, “Mahzunlik. Sariq libosli figura” singari ko‘plab asarlari suprematizmning yorqin namunalari sifatida Rossiyadan tashqari Italiya, Ukraina, Frantsiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarda ko‘rgazmalarga qo‘yilib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ladi.
Rassom faoliyati davomida rangtasvirning boshqa turlari, xususan, arxitektura, teatr stsenografiyasi va haykaltaroshlik bilan ham shug‘ullangan. Malevichning o‘z sohasi tarixi va kelajagini haqqoniy tahlil eta oluvchi faylasuf, novator rassom, nazariyotchi sifatidagi shuhrati Rossiyadan tashqari hududlarda ortib bordi. U 1917 yilda Moskva rassomlar uyushmasiga qabul qilinadi. Petrogradda yashab, rejissyor Meyerxold va shoir Mayakovskiylar bilan ijodiy hamkorlik qiladi. So‘ngra Mark Shagal rahbarligidagi xalq san’at maktabida dars beradi, turli institut va muzeylarda rahbar bo‘lib xizmat qiladi.
30-yillarga kelib, mamlakatda san’at ustidan siyosiy nazorat ortib, sotsialistik realizm yagona yo‘lga aylanib boradi. Badiiyatning cheksiz sarhadlarida yangilik izlovchi, tafakkur ozodligi bilan yashovchi rassomga bu muhit tor kela boshlaydi va 1927 yilda Germaniyaga ketadi. U yerdan Ukrainaga qaytib, Kiyev Badiiy institutida pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ko‘p o‘tmay, qandaydir shubhalar bilan ishdan bo‘shatiladi va 1930 yilda “nemis ayg‘oqchisi” degan ayblov ostida qamoqqa olinadi. Xayriyatki, ijodkor do‘stlarining sa’y-harakatlari bilan bir necha oydan so‘ng ozod etiladi.
Rassom ijodining so‘nggi yillarida an’anaviy realistik uslubga qaytib, asosan portret janrida asarlar ishlaydi. “Ayol portreti”, “Avtoportret”, “Ishchi”, “Uch portret” kartinalari shular jumlasidandir.
Kazimir Malevich 1935 yilda vafot etadi.
Feruza Karayeva, O‘zDSMI magistranti
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son