Mashhur “Figaroning uylanishi” pesasi Per Ogyust Karon Bomarshe nomining jahon teatri san’ati tarixida shu asrda yashab o‘tgan Karlo Goldoni va Karlo Gotstsidek buyuk italyan dramaturglari qatorida e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi. Goldoni va Gotstsilar Italiya teatrlarida o‘nlab asarlari sahnalashtirilib, dramaturgiya maydonida o‘zaro kurashgan bo‘lsalarda, Bomarshe “Figaroning uylanishi” asarida o‘z mamlakatidagi ijtimoiy hayotni keskin tanqid qilib chiqadi. U 1732 yil 24 yanvarda Parij shahrida soatsoz oilasida dunyoga keldi.
Bomarshe dramaturgiyaga yoshi 40 dan oshganda, hayotning achchiq-chuchugini obdon tatiganidan so‘ng kirib kelgan.
Bomarshe yoshligidanoq tirishqoq, zehni, o‘tkir, qo‘li gul usta (soatning yangicha nusxasini kashf etgan) edi. Musiqa san’atining ham hadisini olgan ijodkor arfadek murakkab musiqa asbobini yaratib jamoatchilik orasida shuhrat qozonadi. Teran bilim va yuksak qobiliyati tufayli u Frantsiya qiroli Lyudovik XV qizlariga musiqadan saboq berish uchun saroy xizmatiga qabul qilinadi. Uddaburon Bomarshe saroydagi faoliyati davomida o‘zining moliyaviy sharoitini yaxshilab oladi. Ammo bu hayot uzoqqa cho‘zilmaydi. Bomarshe hibsga olinib, qisqa muddat qamoqda o‘tirib chiqadi. Shundan so‘ng saroydan chetlashtirilgan Bomarshe XVIII asr yetmishinchi yillarining boshida “Xotiralarim” deb nomlangan kitobini yozadi va 1773-1774 yillar ichida uni nashr ettiradi. Saroy hayotining kirdikorlari tilga olingan mazkur kitob uchun Bomarshe yana bir bor qamalib chiqadi va frantsuz jamoatchiligi ko‘z o‘ngida ommaning himoyachisi, ilg‘or ziyolisi sifatida gavdalana boshlaydi. Bunday munosabatdan ruhlangan Bomarshe o‘z tanqidiy qarashlarini sahnada baralla yangrashini niyat qiladi va “Seviliya sartaroshi” nomli komediyasini yaratadi. Asarning bosh qahramoni Figaro Yevropa dramaturgiyasida shakllanganxizmatkorlar tipidan bir muncha farqlanar edi. Xizmatkorlar odatga ko‘ra mug‘ombir, topqir, hiylakor ayni vaqtda, o‘z xo‘jayinlariga sadoqatli tarzda ko‘rsatilsalar, Figaro aqlli, topqir, o‘z qat’iy fikriga, o‘z dunyoqarashiga ega shaxs sifatida yorqin tasvirlanadi.
“Seviliya sartaroshi”ning sahnalashtirilishi ta’qiqlanib, Lyudovik XV vafotidan so‘nggina amalga oshiriladi. Bomarshe tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olingan qahramon Figaro obrazi ustida ijodiy izlanishni davom ettiradi va tez orada “Figaroning uylanishi” komediyasini yaratadi. “Figaroning uylanishi” avvalgi pesaning davomi bo‘lsa-da, uning g‘oyaviy va ijtimoiy jihatlari butunlay o‘zgacha, anchayin keskin yechim topgan edi.
Napoleon Bonapartning Bomarshening ushbu asarini “Harakatga kelgan inqilob” deb atashi ham “Figaroning uylanishidagi” isyonkorlik ruhini aniq tushunganligining xolis ifodasi edi. Bomarshe “Seviliya sartaroshi” va “Figaroning uylanishi” asarlarining davomi sifatida “Jinoyatkor ona” pesasini yaratadi. Biroq shuni aytish kerakki, mazkur asarni badiiy va g‘oyaviy jihatdan mukammal deb bo‘lmaydi. Binobarin, “Seviliya sartaroshi” asaridagi xo‘jayin va xizmatkor munosabatlaridagi o‘zaro hamjihatlik hayot haqiqatiga zid manzarani aks ettirgan, xizmatkorning xarakteri, erkin xatti-harakatlari, uddaburonligi e’tiborni tortgan bo‘lsa, “Figaroning uylanishi”da Figaro haqiqiy kurashchi, aniq maqsad, ya’ni hukmron tabaqaning tanobini tortish yo‘lida dadil harakat qilib g‘alabaga erishgan va xalqchil qahramon darajasiga ko‘tarilgan va shu jihatlari bilan o‘quvchilar qalbida chuqur joy egallagan edi. Har qanday dramaturg barhayotligini ta’minlaydigan asosiy omillardan biri yaratgan pesalarning sahnaviy tarixi bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan Bomarshening nomini abadiylashtirgan asar “Figaroning uylanishi” bo‘ldi, deb ayta olamiz. Zotan, Figaro faqat Frantsiyada emas, balki barcha Yevropa mamlakatlarida, va ayniqsa, Rossiyada teatrlar sahnasidan mustahkam o‘rin olgan personajdir. Xususan, jahon madaniyati tarixida “Teatr islohotchisi” maqomiga ega bo‘lgan K.S.Stanislavskiyning 1927 yili MXAT sahnasida jonlantirgan spektakli uzoq yillar mashhur bo‘lib, teatr repertuarini bezab keldi. Unda badiiy kashf etilgan obrazlar, ayniqsa, Batalovning Figarosi, Androvskayaning Syuzannasi, Zavadskiyning graf Almavivasi teatr o‘quv kitoblari, darsliklarida namuna sifatida talqin etiladi.
San’atning tabiati qiziqki, bitta Figaro nomli xizmatkor necha asrlardan beri Per Ogyust Bomarshening ijodini, uning hayot yo‘lini butun dunyo bo‘ylab katta qiziqish bilan o‘rganishga sababchi bo‘lib kelmoqda. Adib 1799 yil vafot etgan bo‘lsa-da, Figaro uning nomini haligacha ko‘tarib yuribdi.
Toyir Islomov,
san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son