XX asrning ikkinchi yarmida jahon kinematografiyasida muhim o‘zgarish sodir bo‘ldi. Italiyada “neorealizm” oqimi vujudga kelgan bo‘lsa, Frantsiyada “yangi to‘lqin” butun kino san’atida yangi davrni boshlab berdi. 1950-1960 yillarda yuzaga kelgan ushbu oqim avvalgi siyqasi chiqqan tasvirga olish va film syujetini taxminiy hikoya qilib berishdan voz kechadi. Bu davrda 26-32 yoshlardagi kinorejissyorlar kino olamiga kirib keladi. Ularning aksariyati oldin kinotanqidchi va jurnalist sifatida faoliyat yuritgan bo‘lib, “Kaye dyu sinema” jurnalida o‘z qarashlari va fikrlarini bayon qilib kelganlar.[1]
“Yangi to‘lqin” atamasi ilk bor 1958 yilda jurnalist Fransua Jiruning essesida tilga olingan bo‘lib, keyinchalik bu ibora Frantsiya kino san’atidagi yangilanishga nisbatan ishlatila boshlandi. 1950 yillarda kino dunyosida shakllangan bu oqim 1970 yillarga kelib, “mualliflik kinosi nazariyasi”ga tamal toshi qo‘ydi.
Jahon kinematografiyasida keskin burilish yasagan “yangi to‘lqin” oqimida o‘z ijodini boshlagan yosh rejissyorlar tijorat filmlariga xos bo‘lgan xususiyatlardan qochib, yangiliklarga intildilar. Ular o‘z filmlarida hech hadiksiramay eksperimentlarga qo‘l uradilar va tasvirga olish va montaj sohasida yangicha usullarni kashf qiladilar.
Ushbu oqimda ilk bor Klod Shabrol tomonidan “Maftunkor Serj” (1958) filmi suratga olinadi. Undan keyin Fransua Tryuffoning “To‘rt yuz zarba” (1959), Jan-Lyuk Godarning “So‘nggi nafasda” (1960) filmlari dunyo kinotanqidchilari tomonidan iliq kutib olinadi. Ular nafaqat tanqidchilar orasida muvaffaqiyat qozonadi, balki iqtisodiy tomondan ham ulkan yutuqqa erishadi. Tomoshabin kino olamida vujudga kelgan yangicha falsafiy qarashlarni qiziqish bilan qabul qiladi.
“Yangi to‘lqin” oqimida Fransua Tryuffo, Jan-Lyuk Godar, Klod Shabrol, Alen Rene va Anes Varda kabi rejissyorlar samarali ijod qilib kino san’atini yana bir bosqich yuqoriga ko‘tardilar.
Ushbu oqimning yorqin namoyandasi rejissyor Fransua Tryuffoning “To‘rt yuz zarba” filmi avtobiografik asar bo‘lib, unda Antuan ismli maktab yoshidagi bola haqida hikoya qilinadi. Rejissyor o‘z oilasidan mehr ko‘rmagan, o‘qituvchilar tomonidan kamsitilgan bolaning ichki kechinmalarini ifodalashga urinadi. Antuan o‘qituvchilari nazarida falokat boshlab yuruvchi bezori bola. Ammo haqiqiy falokat bolaning o‘z onasiga ortiqchalik qilishida aks etadi. Bola ko‘rsatgan har bir itoatsizlik va axloqsizlik kattalarning unga bo‘lgan munosabatiga nisbatan isyondir. O‘z hayotini o‘ylab yashayotgan onaning e’tiborsizligi bolani ruhan shikastlaydi. Ona esa uning ruhiy holatini tushunishga harakat ham qilib ko‘rmagan, itoatsizligining sababini o‘rganishga urinmagan, o‘qituvchilarning tinimsiz jazolashlari uni isyonkorga aylantirib qo‘yadi. Rejissyor bunday vaziyatlar jamiyatda ko‘p uchrashi va odamlarning loqaydligi tufayli yuz berishiga urg‘u bergan. Fransua Tryuffo “To‘rt yuz zarba” filmida farzand taqdiriga befarqlikdek mudhish holatni ustalik bilan tasvirlagan.
Tryuffo ushbu film ustida ish olib borar ekan, odatdagi pavilon tasvirlaridan voz kechib, film lavhalarini real maktab va shahar ko‘chalarida suratga oladi. Filmda hujjatli film operatorligi uslubi bilan badiiy filmdagi yondashuv qorishib ketadi. Film so‘nggida qahramonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kameraga qarashi va shu vaqtda kadrning turg‘un holatga kelishi kino san’atida yangilik bo‘lib, bu usul keyinchalik kinematografiyada keng ommalashadi. 1959 yili “To‘rt yuz zarba” Frantsiyadagi xalqaro Kann festivalida “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘lgan.
“Yangi to‘lqin” oqimi haqida gap ketar ekan, uning yana bir yirik vakili, rejissyor Jan-Lyuk Godar ijodiga to‘xtalib o‘tish joiz. U 1960 yilgi “So‘nggi nafasda” filmining olamshumul muvaffaqiyatidan keyin 1962 yilda “O‘z hayoti bilan yashash” nomli filmni suratga oladi. Bu filmning o‘ziga xosligi shundaki, u o‘n ikki lavhadan tashkil topgan bo‘lib, har bir lavha qahramon hayotidagi ma’lum bir holatni aks ettiradi. Rejissyor ushbu filmda erkin hayot tushunchasiga nisbatan jamiyatdagi ba’zi bir yanglish fikrlarga o‘z qarashini ifoda etgan. Film qahramoni Nana ismli qiz bo‘lib, u jamiyatda ozod hayot kechirishga intiladi. Natijada moliyaviy qiyinchiliklarga uchrab, qaysidir ma’noda qulga aylanib qoladi. U erkin yashash uchun tanlagan yo‘l uni tubsizlikka qarab yetaklaydi va halok etadi. Jan-Lyuk Godar ushbu film orqali inson erkinlikning asl mohiyatini anglab yetishi zarurligini tomoshabinga, ayniqsa, yoshlarga uqtirmoqchi bo‘ladi.
Jan-Lyuk Godar “O‘z hayoti bilan yashash” filmida “cinema verite” estetikasiga xos hujjatli va badiiy film uyg‘unligini qo‘llagan. Film voqealari xuddi tashqaridan kuzatib turilgandek taassurot qoldiruvchi uslubda tasvirga olingan. Undagi dialoglar reallikka asoslanganligi bilan hujjatli filmni yodga solsa, voqealar talqini badiiylikdan dalolat berib turadi. Ushbu film uchun rejissyor Jan-Lyuk Godar Venetsiya kinofestivalida maxsus sovrinni qo‘lga kiritgan.
“Yangi to‘lqin” oqimida yaratilgan filmlardan yana biri “O‘tgan yili Mariyenbadda” filmidir. Hozirgi kungacha bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan ushbu film rejissyor Alen Rene tomonidan 1961 yilda suratga olingan. Filmga insonning ruhiy kechinmalari asos qilib olingan bo‘lib, dramaturgiyaning makon va zamon birligi qonuniyatiga bo‘ysunmaydi. Shunga qaramay, Alen Rene tomonidan yaratilgan ushbu film tomoshabin diqqatini asar davomida tutib turadi.
Alen Renening mazkur filmi Frantsiya kino san’atida inqilob yasadi, deyish mumkin. 1963 yili yozuvchi va rejissyor Adonis Kiru o‘zining “Syurrealizm va kino” kitobida bu filmga yuksak baho beradi. Ushbu asar 1961 yilda bo‘lib o‘tgan Venetsiya kino festivalida “Oltin sher” mukofoti bilan taqdirlangani ham uning mohirona ishlanganidan darak beradi.
Frantsiyada vujudga kelgan “yangi to‘lqin” nafaqat bu o‘lka kino san’atida, balki butun dunyo kino olamida burilish yasadi. Ushbu oqim ta’siri ostida Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSh va boshqa mamlakatlatlar kinematografiyasida yangi davr boshlandi. Kinoijodkorlar yoshlar hayotidagi muammolarga katta ahamiyat qarata boshladilar. Inson ruhiyatini ochib berish birinchi o‘ringa chiqdi. Suratga olish va montaj uslublarida yangilanishlar yuz berdi. Rejissyorlar pavilon va studiyalar qo‘ygan cheklovlarga chap berib, keng naturaga chiqib ketdilar. Ular yangidan-yangi tasviriy ifoda vositalari va usullarni topishda doimiy izlanishda bo‘ldilar.
“Yangi to‘lqin” oqimi keyinchalik kino olamiga kirib kelgan Stenli Kubrik, Frensis Ford Koppola, Martin Skorseze, Roman Polanski, Vudi Allen kabi mashhur rejissyorlarning shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Taniqli rejissyor Kventin Tarantinoning aytishicha, u o‘z didini aynan “yangi to‘lqin” oqimiga oid filmlarni ko‘rib o‘stirgan. Uning ijodiy kamolotida ushbu oqimning ta’siri kuchli bo‘lgan. U hatto o‘zi tashkil qilgan kinokompaniyani Jan-Lyuk Godarning “Autsayderlar guruhi” filmi nomi bilan atagan.
Bugungi kun kino san’atida “mualliflik kinosi” deb yuritiladigan, tomoshabinlar va kino tanqidchilar tomonidan qadrlanadigan filmlar ham “yangi to‘lqin” oqimi davomchilaridir. Chunki, aynan shu oqimda yuzaga kelgan filmlarda uni yaratgan muallifning shaxsiyati, ichki dunyosi o‘z ifodasini topadi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son
______________
[1] A.Ismailov. Kinoteleoperatorskoye masterstvo. -Tashkent: 2013. – S. 237.