Muhsin G‘aniyev. Ota ibrati

O‘zbekiston xalq artisti, sozanda-g‘ijjakchi, ustoz, jamoat arbobi, bastakor G‘anijon Toshmatov XX asr o‘zbek musiqasi tarixida yorqin iz qoldirgan. Bu ajoyib inson bebaho milliy musiqalar yaratish bilan birga turli yillarda O‘zbekiston radiosi qoshidagi o‘zbek xalq cholg‘ulari, Uyg‘ur etnografik, O‘zbek etnografik, Dutorchi qizlar ansambllariga rahbarlik qilgan, shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansamblining badiiy rahbari bo‘lib ishlagan. Hozirda G‘anijon Toshmatov nomi bilan ataluvchi Dutorchilar ansambli respublikamizdagi mashhur musiqiy jamoalardan biridir. Quyida atoqli san’atkorning ota, oila boshlig‘i, do‘st sifatidagi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan fazilarlari bilan tanishasiz.

Otamiz san’atdan tashqari qurilish, dehqonchilik, oshpazlik, ovchilik, sayyohlik, texnika singari bir qancha sohalarni ipidan ignasigacha bilar, ularni hayotiy tajribalar asosida egallagandi. Yoshlik payt­lari bir necha yil mototsikl minib, “Volga” rusumli avtomobil sotib olgach, haydashdan tashqari, mashinani mayda-chuyda qismlarigacha o‘rganib oladi. Uy poydevorini tashlashdan tomini yopishgacha quruvchilarga xos ish yuritardi. Loy qorib, g‘isht quygani, devorni somon loyda suvagani, dam olishga o‘tirganda meni qo‘liga olib, boshimni silagani, men esa yuziga yopishib qolgan loy parchalarini ko‘chirib, yuzlarini siypalaganim yodimda qolgan. Hovlimiz o‘rtasidagi so‘ri atrofi va yo‘laklardan tashqari deyarli hamma yeri gul, daraxt va boshqa turli xildagi o‘simlik va ekinlar bilan burkangani ham otamning ishi edi. Kishmish va husayni uzumi, bir necha tup olma, shaftoli, xurmo, ikki tup unobi va ikki tup sariq gilos daraxtlarining pishiqchilik mavsumidagi hosilini aytmay qo‘ya qolay. Gullar tarovatini ta’riflashga so‘z yo‘q.

Otamiz sayru sayohatni, yurtimiz va dunyo bo‘ylab, ko‘ngliga yoqqan joylarni aylanib kelishni yaxshi ko‘rardi. Sayyohatga, odatda, mashinada yo‘l olardi. Epchil va abjir haydovchi bo‘lgani uchun deyar­li umrining oxirigacha mashinasini o‘zi boshqardi, shu sababli ko‘ng­li tortgan, tomonlarga yo‘l solardi.

Gastrolga yoki sayyoh sifatida chet ellarga borganida, u yerlarda bir do‘kondan boshqasiga yugurib, gilam, palos yoki boshqa shunga o‘xshash narsalar sotib olib, jomadonni to‘ldirib, yuklarini og‘irdan-og‘ir qilib, ko‘tarib yurmas edi. Balki borgan shaharlarining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, boy tasavvurlarga ega bo‘lib kelardi. Ko‘rgan-bilganlari otamizning ijodiy faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

Siyosiy cheklovlar o‘rnatilgan sho‘ro davrida chetga chiqadigan har bir vatandoshimiz mingta chig‘iriqdan o‘tardi. Shu sababli otamiz hazillashib:

– Davlatimiz odamlarini chet elga xuddi soqovni bayramga olib borganday chiqaradi, – deb qo‘yardi.

“Har bir kishining asosiy kasb-koridan tashqari o‘zi sevgan hunari bo‘ladi, – deb yozadi yozuvchi Maqsud Qoriyev. – Atoqli bastakor, g‘ijjakchi, hofiz, qiziqchi, O‘zbekis­ton xalq artisti G‘anijon Toshmatov o‘zining noyob kasbidan tashqari ovga ishqiboz edi”.

Haqiqatan ham, bir vaqtlar sotib olgan qo‘shotar miltig‘ini gohi-gohida qutisidan olib, tozalab artib, ovga shay qilib qo‘yardi.

Bir gal ko‘pchilik bo‘lib ovga borishganda, ovlari yurishmay, atigi bittagina qirg‘ovul otib kelishgan. Qirg‘ovulga kimning o‘qi tekkanini aniqlolmay va o‘ljani taqsimlash yo‘lini topolmay, hammalari qirg‘ovulni ko‘tarib bizning uyga kelishgan. Onamiz o‘sha qirg‘ovulni oshga bosib, ovchilarning dasturxoniga qo‘ygan edi.

Hovlimizda turli yillarda turli jonzotlar boqilgan. Jumladan, bolalarga uch-to‘rtta tuxum qilib turar, bo‘lmasa, qozonga tushar, deb inkubatordan chiqqan jo‘jalarni olib kelardi. Ular jajji bo‘lgani uchun, qolaversa, tez orada tuxum qo‘yishidan umidvor bo‘lib, yaxshilab qarar, don-suvini vaqtida berib turardik.

Otamiz qushlar sayrashini yoqtirar, hatto atayin ularni eshitgani bog‘larga borardi. Bedana sayrashiga qiziqib, bozordan ikkita to‘rqovoqqa solingan bedana olib keldi. Ularning don-suvidan biz xabar olib turardik. Bu parranda juda qo‘rqoq bo‘larkan, to‘rqovoqqa yaqinlashsak, besaranjom bo‘lib, chigirtka kabi sakrayverardi. Boshi bilan to‘rqovoq to‘riga urilaverab, kal bo‘lib qolmasin deb, iloji boricha uzoqroqda turardik.

Uyimizda bedanadan so‘ng qoraqosh, xuddi kavkazlikday qirra burun kaklik ham paydo bo‘ldi. Bozorda bu parrandani qo‘lida ushlab turgan kishi otamizga yaqinlashib, salom-alikdan so‘ng debdi:

– G‘anijon aka, shuni olib keting, sayrab, hovlingizga fayz kiritadi.

Sotuvchi kaklikni arzon beribdi. Qushni uyga olib kelib, uchib ketmasligi uchun qanotining uchini biroz qirqib, hovliga qo‘yib yubordik. Kun bo‘yi qo‘lini orqasiga qilib o‘zini xo‘jayinday tutadigan bu qush birorta boshqa parrandani hovlimizga qo‘ymay, aylanib yurar, biz bergan ozuqadan tashqari, o‘zi ham qurt-qumursqalarni terib yer, ilhomi kelsa, sayrab qo‘yardi.

Bir vaqtlar otamiz gastrolga ketishidan oldin, onamiz qo‘rqmasin deb – akam ikkimiz hali kichkina edik – hovlimizda it boqishni bosh­lagan. Ana o‘shandan buyon hovlimizda it boqilardi. Hovli etak tomonida, chap burchakda itga uycha qurilgan bo‘lib, vaqt-soati yetganda, uychaning egalari almashib turardi.

Bir kuni ular ikkita bo‘lib qoldi. Otamizning o‘rtoqlaridan biri olmon ovcharkasini sovg‘a qildi, oradan kunlar o‘tib, boshqa bir do‘sti hovlisini sotib, ko‘p qavatli uyga ko‘chgani sababli, qo‘yarga joy topolmay, eshakdek keladigan bo‘ribosarni olib keladi. Hovlimiz keng, otamizning bag‘ri undan ham kengligi bois itlardan birini yo‘qotishga ko‘zi qiymadi.

– G‘anijon akaning hovlisida ikkita iti bormi? – deb so‘rabdi o‘shanda tanishlaridan biri.

– Ikkita itim yonida yana bitta joy ham, pishiq-puxta zanjir ham bor, – debdi otamiz o‘rinsiz bu savolga javoban.

U kishi bu haqda boshqa gapirmaydigan bo‘libdi.

Bir gal hovlimizga qo‘chqor yetak­lab kelishdi. Bundan xabar topganlar “qo‘y” payrovidan gap bosh­lab, uning kalla-pochasi, tuyog‘i, dumbasi, qovurg‘asi, arqonini ham, qo‘yning yuvoshi ham, serkasi ham, qo‘chqori ham, sovlig‘i ham, “qo‘­ying”, “qo‘yingiz”, “qo‘ymas” so‘zlari ham tilga olinib, so‘z o‘yini avjiga chiqdi.

Otamiz qo‘chqor yolg‘iz qolmasin deb bozordan sovliq olib kelib berdi. “O‘zingdan ko‘paygin” degani qo‘yga qarab aytilgan ekan, ko‘p o‘tmay, qo‘zichoqlar paydo bo‘ldi. Jonivor qishda ham ko‘payaverar ekan.

Xullas, uyimizda turli jonivorlar navbati bilan o‘rin almashib turardi.

Uyimiz keng, egasining ko‘ngli esa, undan ham keng bo‘lgani uchun hovlimiz to‘lib ketar edi.

Shahardagi hovlimiz otamizning bog‘bonlik va quruvchilik ishlari bilan shug‘ullanishiga torlik qildimi, Toshkent viloyatida, G‘ishtko‘prik tomonga boradigan yo‘l bo‘yida joylashgan qishloqda dala hovli qurdi. Dala hovli ham gullab-yashnadi, undagi mevalardan totib ko‘rmagan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar qolmadi hisob. Otamning boshqa ish va sohalar singari pazandalikda ham tengi yo‘q edi. Ulfatlar bazmida o‘zi osh damlaganida laganda bir dona ham guruch qolmasdi.

Otam-onam bilan ba’zan birgalikda unutilayozgan milliy taomlardan birini eslab, uni tayyorlardilar. Bir kuni otamiz yodiga go‘ja oshi tushib, uyga go‘sht, oq jo‘xori, qatiq va turli xil osh ko‘katlari olib keldi-da, onam bilan go‘ja oshiga unnab ketishdi. Akam bilan men qo‘shnilardan o‘g‘ir topib kelib oq jo‘xorini yaxshilab yanchdik. Xullas, go‘ja oshi qanday tayyorlangani yodimda qolmagan bo‘lsa-da, lekin juda mazali ekani og‘zimda qolgan. O‘sha paytgacha men biron marta go‘ja oshi ichmagan, hatto bu haqda eshitmagan edim.

Har payshanba kuni ota hovlida yig‘ilish biz uchun oilaviy an’anaga aylanib qoldi. Ota-onamiz dunyodan ko‘z yumganidan keyin ham mana shu osh bahonasida bir-birimizning ishlarimiz, turish-turmushimizdan boxabar bo‘lib turamiz. Oshni akamiz damlaydi. U kishi bizga bosh-qosh, har birimiz to‘y-ma’raka yoki boshqa shu kabi marosimlarni akamiz bilan bamaslahat o‘tkazamiz.

Ha, otamizning har payshanba kuni damlagan oshi o‘z vazifasini to‘la ado etdi. Otamiz vafotidan keyin ham turmush tashvish­lari bizni bir-birimizdan uzoq­lash­tirmadi, aksincha, bir­lash­tirdi va bu katta oilani yanayam jips­lashtirdi.