yoxud rejissyor Olimjon Salimov ijodiga chizgilar
Hozirgi zamon o‘zbek teatrining qiyofasi haqida mulohaza yuritar ekanmiz, eng avvalo, jahon teatr san’atining o‘zbek sahna madaniyati, xususan, rejissuraga ta’siri, shu orqali yangi mavzular, shakllar, ifoda vositalarining kashf etilishi haqida gapirmoq joiz. O‘zbek teatr san’atida dunyo rejissurasining ilg‘or an’analari ruhida ijod qilayotgan rejissyorlar yo‘q emas. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan San’at arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Olimjon Salimov ana shunday rejissyorlar sirasiga kiradi.
Olimjon Salimov rejissura sohasiga xiyla kech kirib keldi. U Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida, katta dehqon oilasida tug‘ilib o‘sgan. Olimjon bolaligida rasm chizishga ishqiboz bo‘lib, Toshkentda o‘qishni orzu qiladi. Maktabni tugatgach, o‘zining peyzajlari, natyurmortlari, portretlarini oladi-da, “Qaydasan, Toshkent” deb yo‘lga tushadi. Teatr oliygohining badiiy kulliyotida u dastlabki omadsizlikka uchraydi – Olimjonning ishlari sinovlarga bardosh berolmadi. Unga, avval bilim yurtini tamomlab, so‘ng oliygohga harakat qilish lozimligini aytishdi.
U uyga mag‘lub holda qaytishni istamasdi. Kimdir Salimovga aktyorlik bo‘limiga hujjat topshirishni maslahat berdi, ammo bu yerda ham ishlari yurishmadi. So‘ngra bo‘lajak rejissyor Muqimiy nomidagi teatrga sahna ishchisi bo‘lib ishga keldi. Bir yil o‘tib, u baribir teatr oliygohining aktyorlik kursiga o‘qishga kiradi. Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, Qo‘qon teatrida rol o‘ynashni boshlab yuboradi. Salimovning o‘zi e’tirof etishicha, ushbu teatrda unga rejissyor yetishmasdi. Olimjon teatr sahnasida ko‘plab jiddiy rollarni ijro etadi, ammo aksariyat hollarda o‘ynagan rollaridan ko‘ngli to‘lmas, shu bois ko‘pincha postanovkachi rejissyorlar bilan bahslashib qolar, ularning spektakllarini ayamay tanqid qilardi. Oxiri unga rol bermay qo‘yishdi va u rejissyor bo‘lishga azmu qaror qildi.
Nihoyat unga ilk bor omad kulib boqdi. Olimjon teatr oliygohining drama rejissyorligi bo‘limida sirtdan o‘qidi. Kursga taniqli rejissyor, mo‘tabar yoshdagi murabbiy Iosif Radun rahbarlik qilardi. Birinchi mustaqil ishini u talabalik chog‘i Qo‘qon teatrida sahnalashtirdi. Aleksandr Vampilov pesasi asosida “Qishloq hangomalari” nomli diplom spektaklini ham shu teatrda sahnaga qo‘ydi.
1984 yili Olimjon Salimov Farg‘ona musiqali drama teatriga postanovkachi rejissyor bo‘lib ishga joylashadi. Ko‘p o‘tmay u shu teatrga rahbar etib tayinlanadi. Faqat repertuarnigina emas, balki spektaklning badiiy yaxlitligi, badiiy va g‘oyaviy mazmun-mundarijasini aniqlash hamda shu asosda muayyan ijodiy vazifalarni belgilash bo‘yicha murakkab va mashaqqatli ish boshlanib ketdi. Rejissyor ijodida ahamiyati muhim, aytish mumkinki, eng dolzarb masala ko‘ndalang turardi – aktyorlarning obraz ustida qunt va sabot ila ish olib borish masalasini uzil-kesil hal etish!
Iste’dodli rejissyor Olimjon Salimov ijodining o‘ziga xos, boshqalardan farq qiluvchi jihati – kattayu kichik har bir ishga sabr-toqat va kuchli ishtiyoq bilan yondashishdir. U spektakllarini mavjud sharoitdan kelib chiqib sahnalashtirmaydi, balki “o‘z” pesasini uzoq vaqt qidiradi. Dramaturg Sharof Boshbekovning “Temir xotin” tragikomediyasi muallif ko‘tarib chiqqan muammolarining o‘tkirligi bilan uni o‘ziga tortdi. Rejissyorning ta’kidlashicha, mana shu pesa sharofati bilan gapirish man etilgan narsalarni sahnada aytish mumkin edi. Tomoshabin oddiy traktorchi, katta va bechorahol oila boshlig‘ining omadsiz taqdiri haqidagi mungli komediyani ko‘rdi – u har qanday orzu ro‘yobga chiqishiga ishonadi. Asar qahramoni Qo‘chqor omadsiz va pala-partish hayot kechiradi, o‘zining baxtli bo‘lishiga ko‘zida yosh bilan kuladi. Uning oqko‘ngil, soddadil va boyovgina hayoti ana shunday kulgili va qayg‘uli holatlar qorishmasini o‘zida mujassam etgan.
O‘tgan asrning 80-yillari oxirida teatr tanqidchilari O.Salimovning ushbu spektaklini keskin muhokama qildi. Spektakl Bishkekdagi “Navro‘z–89” mintaqaviy festivalida tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olindi, yakunda Gran-Pri mukofotiga sazovor bo‘ldi. Hali unchalik nomi chiqmagan rejissyor teatr ko‘rigida birdaniga qahramonga aylandi, uning spektakli esa o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan muammoni yorqin ifoda etdi.
Bishkekdagi teatr festivalida “Temir xotin” erishgan muvaffaqiyat san’atda o‘z o‘rnini mustahkamlashga harakat qilayotgan jiddiy rejissyor Olimjon Salimovning obro‘sini ko‘tarib yubordi. Endi olg‘a qarab yurish uchun yo‘l ochilgan edi. Hamza pesasi bo‘yicha sahnalashtirilgan “Toshkentga sayohat” spektakli ko‘pchilikni hushyor torttirib qo‘ydi. Uslubi jihatidan mazkur tomosha “Temir xotin”ning mutlaqo aksi edi. Spektakl janri “masxarabozlar tomoshasi” deb nomlangan bo‘lib, unda hazil-mutoyiba, qiziqchilik ustuvorlik qilardi. Ammo tomoshabin rejissyor yechimini to‘g‘ri qabul qildi, u oddiy shaharlik odamning tanish, ovsar boyni ahmoq qilishi ustidan qotib-qotib kuladi.
1993 yil Olimjon Salimovni poytaxtdagi Yosh tomoshabinlar teatri badiiy rahbarligiga taklif qilishdi. Biroz o‘ylab ko‘rgach u rozi bo‘ldi va ko‘p o‘tmay o‘zining azaliy orzusini ro‘yobga chiqarishga kirishdi. Taniqli o‘zbek adibi Tog‘ay Murodning ikki qissasi bo‘yicha ishlangan “Ot kishnagan oqshom” spektakli instsenirovkasi uchun ancha vaqt va kuch sarfladi. Bo‘lajak spektaklning talqini, uslubini aniqlash oson bo‘lmadi. Bosh rol ijrosini topish ham o‘ziga yarasha muammolarni keltirib chiqardi. Ammo barchasi izga tushgach, ajoyib spektakl dunyoga keldi – unda inson hayotining fojiali tarixi o‘z ifodasini topdi, insonning tabiat bilan o‘zaro murosasi buzilib, bir-biriga qarama-qarshi holatlar paydo bo‘lgandagi salbiy oqibatlar tomoshabinni chuqur hayajonga soldi.
Mazkur spektaklda Olimjon Salimov tashbehiy-ramziylik va shartlilik yo‘lidan bordi. Asarda insonlarning o‘zaro munosabatlarida mutanosibliklarning yo‘qolishi muammosi aniq ifoda etiladi va or-nomus, qadr-qimmat singari eng oddiy tushunchalar oyoqosti qilingan jaholat olamida baxt haqidagi nekbin orzularning yemirilishi mavzusi yorqin aksini topadi. Oddiy, baxtiqaro inson haqidagi fojiali kechinmalarga boy, qayg‘uli va g‘amgin qissani teatr jamoasi badiiyatga boy, keskin, romantik janrda hal qiladi.
F.Aminov ijrosidagi spektal qahramoni Ziyodulla bu – oqko‘ngil, sodda-bayov, oddiy odam, u insonlar zulmiga bardosh berolmay, o‘zboshimchalik va surbetlik oldida ojiz qoladi. Yomonlikka bas kelolmay, pirovardida, hayotni tark ketadi. Final ham qayg‘uli, ammo unda insonlar qalbining tozarishi, poklanishiga umid saqlanib qoladi.
Shuningdek, Olimjon Salimov G‘arbiy Yevropa mumtoz dramaturgiyasiini ham e’tibordan chetda qoldirmadi. U Molerning mashhur “Zo‘raki tabib” komediyasi ohanglarida “Uchar tabib” spektaklini sahnalashtirdi. Rejissyor yana maydon teatri an’analariga murojaat qiladi va quvnoq, istehzoli, turfa harakatlar yuzaga keltiradi, unda qahramonlar tasodifiy ofatdan qutulib qolgan odamlar bo‘lib ulg‘ayadilar. Shuni aytish kerakki, aynan mana shu spektaklda Salimov o‘tgan asrning 20-yillarida V.Tixonovich asos solgan an’analarni davom ettirdi, o‘shanda u Hamza nomidagi teatrning bosh rejissyori edi. K.Goldonining “Ikki boyga bir malay”ini sahnalashtirayotganida V.Tixonovich aktyorlarga o‘zbekcha libos kiydirgan, o‘zbek uy-ro‘zg‘or anjomlaridan foydalangan, mahalliy hayot voqealarini gavdalantiruvchi intermediyalarni spektaklga singdirib yuborgan edi.
2001 yilda Olimjon Salimov yapon dramaturgi, teatr nazariyotchisi D.Kinositoning “Turna patlari” pesasiga murojaat qildi. Mazkur asarni muallif xalq afsonalari ruhida yozgan bo‘lib, u Yaponiyada ilk bor 1949 yil sahnalashtiriladi va shundan keyin dunyoning ko‘plab teatrlarida sahna yuzini ko‘radi. “Turna patlari” bugun ham jahon teatrlari afishalarini bezab turibdi.
“Turna patlari” – go‘zal yapon ertaklaridan biri bo‘lib, unda yarador turnani saqlab qolgan inson haqida hikoya qilinadi. Turna bir dumalab sohibjamol qizga aylanib qoladi. Oqko‘ngil va pok vijdonli yigit qizni sevib qoladi va u bilan oila quradi. Biroq qiz oq va qora kuchlar murosa qilolmaydigan muhit hukmron, baloyi nafs yo‘lida odamlar bir-birini “go‘shtini yeyayotgan” joyda yashashga toqati chidamaydi. Bunday dunyoda baxtli bo‘lish mumkin emas, deb o‘ylaydi-da, qiz sevgan yigitidan ham, baxtini topolmagan yorug‘ dunyodan ham birvarakayiga voz kechadi.
Nihoyatda mungli ertak, ammo rejissyor xulosa chiqarish imkonini tomoshabinning o‘ziga qoldiradi. Rejissyor spektakl uslubini bezaklarda, stsenografik yechimda ifodalaydi, qahramonlar uchun yapon milliy liboslaridan foydalanadi va buni aktyorlarning ishonchli, mohirona ijrosi bilan uyg‘unlashtirib yuboradi, natijada shonli, jo‘shqin, hissiyotga to‘lib-toshgan, to‘laqonli ramzlar vujudga keladi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida O.Salimov turli yillarda Said Ahmadning “Ufq” romani, Abdulla Oripovning “Sohibqiron Temur”, Vinna Delmarning “Omon bo‘lgin, azizim” asarlari asosida spektakllar sahnalashtirdi.
1996 yili Hamza nomidagi (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) teatrda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Sohibqiron Temur” pesasi asosidagi postanovkaga O.Salimov bor kuch-g‘ayratini sarfladi desak, xato bo‘lmaydi. Rejissyor fikr-mushohadaga boy spektakl yaratish yo‘lidan bordi, unda buyuk sarkarda va hukmdor Sohibqiron Amir Temurning fojiali voqealarga boy, murakkab taqdiri badiiy tusda gavdalantirildi.
Bundan bir necha yil muqaddam Olimjon Salimov O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Omon bo‘lgin, azizim” (Vina Delmar) spektaklini sahnalashtirdi.
Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) teatrida esa 1977 yildan “G‘ariblar” nomi ostida sahnaga qo‘yilgandi. Afsonaviy aktyorlar Sora Eshonto‘rayeva va Nabi Rahimov yaratgan obrazlar hali-hanuz ulug‘ yoshdagi teatr ixlosmandlari qalbini hayajonga soladi.
Mazkur pesaga yondashar ekan, O.Salimov o‘z spektakliga boshqacha nom qo‘ydi: “Omon bo‘lgin, azizim”. Bu bilan rejissyor dramaturgiya manbasini yolg‘izlikka mahkum etilgan keksa yoshdagi odamlar fojiasini ochib berish missiyasida talqin etmaydi. U butun fikru zikrini qahramonlar botini, ularning ruhiy iztiroblari va nihoyat, har qanday qiyinchilik, maishiy biqiqlikka qaramay, bir-biriga bo‘lgan muhabbatini yillar osha omon-eson saqlab kelayotgan ikki ulug‘ odamning borliq dunyosini ifodalashga harakat qiladi.
Rejissyor pesaning asosiy g‘oyasini imkon qadar chuqurroq, aniqroq ifodalashga, uning bugungi ijtimoiy hayot, davr uchun nechog‘lik zarur ekanini ko‘rsatishga harakat qiladi.
Mustaqillik yillari o‘zbek teatrida teatr madaniyatlarining o‘zaro hamkorlik jarayoni kuchaydi. Repertuar manbalarining kengaygani, sahna ijodkorlarining yangi-yangi vositalar ustida izlanishlar olib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi. Bu o‘rinda ramziylik va shartlilikka qurilgan teatrni ham, raqs va nafosat teatrining jo‘shqin badiiyatini ham ko‘rish mumkin. Bu jihat yana teatrimiz rejissyorlarining G‘arbiy Yevropa mumtoz dramaturgiyasiga murojaatida ham ko‘zga tashlanmoqda.
Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi sa’y-harakatlari va ko‘magi bilan Toshkent teatrlari sahnalarida italyan dramaturgiyasi asosida sahnalashtirilgan tomoshalar paydo bo‘ldi. K.Goldonining “Ikki boyga bir malay” va “Mehmonxona bekasi”, N.Makiavellining “Mandragora” asarlari O‘zbekiston davlat rus akademik drama teatrida, K.Gotstsining “Malikai Turandot”i O‘zbekiston Yoshlar teatrida sahnalashtirildi. 2001-2002 yilgi mavsumda O.Salimov Respubika Yosh tomoshabinlar teatri sahnasida K.Gotstsining ertak-pesasi bo‘yicha “Qirol ohu” spektaklini sahnalashtirdi.
Rejissyor oldida o‘z yechimini kutayotgan ikki muhim vazifa turardi. Bir tomondan, ertakning mantiqiy asosini iloji boricha keskin va dolzarb shaklda ochib berish, ikkinchidan esa aktyorlik ijrosida teatr niqobining ma’lumu mashhur usuliga aniqroq amal qilish zarur edi. Sahnalashtiruvchi rejissyor teatrning komediya del arte uslubiga murojaat qiladi, niqoblar tabiati, uning favqulodda xususiyatlarini o‘zlashtirishga harakat qiladi. Shuni aytish kerakki, K.Gotstsining mazkur pesasi o‘zbek sahnasida hech qachon qo‘yilmagan. Jahon teatrlari sahnalarida muttasil muvaffaqiyat ila o‘ynalib kelinayotgan “Malikai Turandot”dan farqli o‘laroq uning sahna qismati turfa talqinlarga boy emas. Voqealar ham jo‘shqinlik bilan sodir bo‘lmaydi, ammo u ertakning tasodifiy evrilishlarni qandaydir fusunkor muhit bilan ifodalab beradi. Qolaversa, unda Gotstsi faqat bir martagina del arte teatrining to‘rt mashhur niqobidan biri bo‘lmish Tartalyani fojiali shaxsga aylantiradi.
O.Salimov pesa matni ustida jiddiy va mashaqqatli ish olib bordi, uni “Ikki mo‘jiza” nomi bilan sahnalashtirdi va spektakl janrini “qayg‘uli kulgi” deya belgiladi. Darhaqiqat, spektakldagi mutakabbir bosh vazir va qirol Deramoning shaxsiy kotibi Tartalyaning taqdiri qayg‘uli va shu bilan birga kulgili hamdir. Uning hayotdan ko‘zlagan maqsadi hokimiyatni qo‘lga kiritish, qirolning tan mahrami, sohibjamol va yosh Anjelaning yuragini zo‘ravonlik yo‘li bilan zabt etishdir.
Lekin spektakl faqat shundangina iborat emas. Undagi asosiy g‘oya hokimiyatga ega bo‘lish xohishining sof va samimiy muhabbat qudrati, vafo va ixlos kuchi bilan to‘qnashuvidir. Barcha ertaklarda bo‘lganidek yakunda ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qiladi. Va, albatta, hammasi yaxshilik bilan tugaydi, unda go‘zal muhabbat ustun keladi, qabohat esa mag‘lub bo‘ladi. Qirol Deramo va go‘zal Anjelaning qalblari yana tutashadi, Tartalya esa halok bo‘ladi. Bor gap shu. Biroq ushbu spektaklning kishi qalbini o‘ziga rom etuvchi yana bir jihati mavjud.
Avvalo shuni aytish o‘rinliki, ertak syujeti oddiy bo‘lib ko‘ringani bilan Gotstsining mazkur pesasi o‘ziga yarasha murakkab asar. Bu sahna vositalarini tanlashda, aktyorlarning ijro uslubida yaqqol ko‘rinadi. Birgina sho‘x-shodon va ishqiy sahnalar afsonaviy manzaralar bilan shunday uyg‘unlashib ketadiki, qirol Deramoning ohuga, Tartalyaning qirolning o‘ziga aylanib qolishiga ishonmasdan ilojingiz qolmaydi.
Karlo Gotstsi dramaturgiyasiga, del-arte teatri uslubiyatiga murojaat qilar ekan, O.Salimov o‘z oldiga g‘ayrioddiy vazifalar qo‘yadi. Botinan teatr uchun bu spektakl eng avvalo aktyorlar kuchining sinovi bo‘lib xizmat qilgan. Asosiy natijalar esa kutilganidan ham a’lo darajada bo‘ldi. Rejissyorning aktyorlar bilan olib borgan mashaqqatli, puxta ishi, uning sabr-toqat va bir maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlari o‘z samarasini berdi. Shu bilan birga “Qirol ohu” spektakli postanovkasi O.Salimov ijodiy faoliyatida rejissyorning yangi-yangi imkoniyatlari uchun yo‘l ochdi. Mazkur spektakl rejissyorning ijodiy novatorlikka asoslangan noyob tajribasini aks ettirdi.
Rejissyor Olimjon Salimov bosib o‘tgan ijodiy yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, avvalo, uning yangi g‘oyalar, mavzular, yangi ifoda vositalari, yangi sahna tilini qidirib topishdagi jasorati yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘zining ijodiy amaliyotida rejissyor sahnaning tesha-tegmagan qonunlariga amal qiladi – dramaturgik ashyoga haqqoniy va chuqur kirib boradi va shundan keyingina sahna kengligi, aktyorlar ijrosiga o‘zining tushunchasi, qarashlari, nigohi bilan yondashadi. O‘ylaymizki, rejissyorni oldinda ko‘plab ijodiy g‘oyalar, hal etilmagan vazifalar kutib turibdiki, ularning amaliy ro‘yobi o‘zbek teatrini yuksak parvozlarga chorlashi aniq.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 8-son