Moler taxallusi bilan jahonga mashhur buyuk frantsuz komediyanavisi Jan-Batist Poklen 1622 yil Parij shahrida, qirol saroyida devorga gulqog‘oz yopishtiruvchi usta oilasida tug‘ilgan. Moler 1635–1639 yillari Parijdagi Klermon kollejida o‘qiydi, huquqshunos diplomini olib, 1640–1641 yillari sudda advokat sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Otasining kasbidan ham, advokatlikdan ham aktyorlikni ustun qo‘ygan Jan-Batist Poklen 1644 yilning 28 iyulidan boshlab Moler taxallusi bilan sahnaga chiqa boshlaydi. Bu davrda aktyorlik e’tiborli kasb hisoblanmagani uchun ijodkorlar tomoshada taxallus bilan qatnashishlari lozim edi. Moler yoshlik yillari taqdirning turfa zarbalariga duchor bo‘ladi, o‘n yoshida tug‘ishgan onasi, to‘rt yildan so‘ng esa o‘gay volidasi ham vafot etadi, boz ustiga advokatlik, aktyorlik, teatr qarzlari uchun hibsga olinib, ko‘plab qiynoqlarni boshdan kechiradi. Ozodlikka chiqqach, turli teatr truppalari bilan dunyo bo‘ylab gastrol safarlariga otlanadi, bu hodisalar Molerni hayot qoidalari, odamlar xarakteri va teatr qonuniyatlarini chuqur o‘rganishiga ko‘mak beradi.
Moler 1658 yil truppasi bilan Parijga qaytib, qirol teatrida tomoshalar ko‘rsatadi. 1660 yil “Sganarella yoxud soxta … er” nomli ilk komediyasi namoyish etiladi. 1662 yili 40 yoshli Moler oila quradi. 1663 yildan boshlab qirol unga ming livr miqdorida nafaqa tayinlaydi. 1664 yili “Elid malikasi” komediyasi qirollikdagi ortiqcha dabdabalar, tantanalar kalaka qilingani uchun e’tibor qozonadi. 1665 yili “Don Juan” komediyasi sahnalashtirilib, shov-shuvli tarzda 15 marta o‘ynalgach, hukumat bosimi bilan to‘xtatib qo‘yiladi.
Don Juan haqida ko‘plab hikoya, rivoyat, afsonayu latifalar mashhur bo‘lgan bir paytda, mazkur ko‘hna va ommabop syujetning komediyaga aylanib, sahnaga qo‘yilishi Molerning shuhratini oshirib yubordi. Chunki Don Juan qiyofasidagi munofiqlik, firibgarlik, ayyorlik kabi illatlar aynan komediya ruhiyatiga mos tushar edi.
1666 yil “Mizantrop” va “Zo‘raki tabib” asarlari sahna yuzini ko‘radi. 1667 yil muallifga olamshumul muvaffaqiyat keltirgan “Tartyuf” asari sahnalashtirilib, gulduros qarsaklar ila kutib olinadi, biroq asarda ko‘tarilgan keskin ijtimoiy-siyosiy voqelik – soxta dindorlar niqobining fosh etilishi tomoshaning to‘xtatilishiga sabab bo‘ladi. Qirol tanqid ostiga olingan Moler teatrini saqlab qolish maqsadida truppaga “Qirol aktyorlari” darajasini berib, g‘aznadan moyana ajratadi.
1668 yil Moler sermahsul ijod qilib, “Jorj Donden yoki ahmoq qilingan er”, “Majburiy to‘y” hamda “Xasis” komediyalarini yozadi va o‘zi sahnalashtiradi. Dramaturgiyada tobora muvaffaqiyatga erisha boshlagan Moler 1669 yili “Janobi de Pursonyak”, 1670 yili “Ajoyib oshiqlar” va “Dvoryanlikdagi meshchan”, 1671 yili “Psixeya” va “Skapenning nayranglari”, 1672 yili “Olima ayollar” va “Nikoh madhi”, 1673 yili “Soxta bemor” kabi asarlarni yaratadi va sahnaga qo‘yadi. Ayniqsa, ular orasida katta dovruq qozongan “Soxta bemor” komediyasida bosh qahramon Orgon rolini Molerning o‘zi ijro etadi. Spektakl to‘rtinchi bor namoyish qilinayotganida, Molerning tomog‘idan qon oqa boshlaydi, tomoshabinlar esa bu holatni Orgonning jon achchig‘idagi talvasasi deb qabul qilishadi. Mashhur aktyor, dramaturg va teatr arbobi Moler sahnadan uyiga olib borilgunicha, hayot bilan vidolashgan edi. Afsuski, ijodkorning jasadi bir muddat xoru zor bo‘ladi, ruhoniylar uni dindorlarni masxara qilgani uchun dafn etishni taqiqlaydi. Buyuk dramaturgning turmush o‘rtog‘i Armanda Bejar qiroldan yordam so‘raydi hamda Parij arxiyepiskopining ruxsatidan so‘ng uni ko‘mishga, tobutini avliyo Iosif qabristoniga olib borishga erishadi, teatr truppasiga esa o‘zi rahbarlik qila boshlaydi. 1680 yili Moler truppasi “Burgend mehmonxonasi” truppasi bilan birlashishi natijasida mashhur “Komedi fransez” teatri vujudga keladi.
Molerning 29 ta komediyasi, 17 jildli asarlar to‘plami jamlangan bo‘lib, bu asarlarda inson qadr-qimmati, nikoh va oilani muqaddas deb bilish, erning oiladagi maqomini ulug‘lash, muhabbatni ardoqlash, zo‘raki nikohni qoralash, merosxo‘rlarga o‘z huquqini eslatish kabi ijtimoiy masalalar yoritilgan. Shuningdek, mijg‘ov rasmiyatchilar, savodsiz mansabdorlar, xasis boylar, axloqsiz va shallaqi bezorilar, anqov tabiblar, tamagir huquqshunoslar, beshafqat otalar, tanti xonimlar, ikkiyuzlamachi va soxta dindorlar qattiq kulgi ostiga olinadi. Uning komediyalarini o‘qib yoki tomosha qilib, kulgining “taxir maza”sini tuyish mumkin. “Har safar Moler komediyalari bilan uchrashgach, obdon kulasan, shundan so‘nggina fikratingda yig‘lash ehtiyoji paydo bo‘ladi”, deb yozgan edi tadqiqotchilardan biri.
Moler komediyalarining ijobiy qahramonlari – sodda va mehnatkash xalq, zehni o‘tkir, keskin vaziyatlarda to‘g‘ri xulosa chiqaruvchi shaxslar, o‘z xo‘jasi va oilasi sha’nini har narsadan ustun qo‘yuvchi xizmatkorlar. Ular nohaqlikni kechirmaydi, xaqiqatdan yuz o‘girmaydi, adolat qaror topishi uchun astoydil kurashadi. Bunday fazilat sohiblari Moler falsafasining asosi, estetik ideali edi. Xizmatkorlar xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin – fikri tiniq, so‘zlari hayotiy, suhbati samimiy, hazil-mutoyibaga boy, harakatlari maqsadli. Shu bois dramaturg asarlari har qanday tomoshabin nigohini zumda sehrlab oladi va voqealarni diqqat bilan kuzatishga chorlaydi.
Molerdan 127 yil keyin dunyoga kelgan buyuk nemis shoiri va ma’rifatparvari Iogann Volfgang Gyote umri davomida frantsuz adibining ijodiy merosini o‘rganganini shunday izohlaydi: “Men Molerni yaxshi ko‘raman va navqiron davrimdan boshlab butun ongli hayotim davomida undan tahsil olganman. Ushbu ajoyib ijodkor bilan g‘oyibona bo‘lsa-da, suhbat qilish ilinjida har yili uning asarlarini takror va takror o‘qiyman. Men Molerni faqatgina badiiy uslubi uchungina emas, balki tabiiy va jozibali so‘zlari uchun qadrlayman”.
Ma’lumki, kulgi hayotni kam-ko‘sti, insonni bori fazilatu kamchiligi bilan anglashga ko‘mak beradi. Komediya esa hozircha sezilmayotgan, biroq kelajakda ijtimoiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan masalalarga diqqatimizni qaratadi.
Moler komediyalaridagi bosh mavzu – chin sevgiga qurilgan oila va uni asrash bo‘lib, bu g‘oya oddiy xalq vakili bo‘lgan personajlar tilidan quyidagicha izohlanadi:
– kim sevsa, qoyadek qattiq bo‘lishi kerak;
– muhabbat – buyuk murabbiy;
– rashkchining muhabbati ko‘proq nafratga o‘xshaydi;
– sevgan insonning irodasiga bo‘ysunish – muhabbatning eng oliy isbotidir;
– odamlar muhabbatdan masrurlanib, har safar aqlini yo‘qotishadi;
– har bir odam sevadigan insoni tomonidan osonlikcha aldanishi mumkin;
– sevgida chidab bo‘lmaydigan narsa bu – jimjitlikdir;
– go‘zal ayolning barcha gunohlarini kechirish mumkin;
– kim sevgini bilmabdi, demak, u dunyoga kelmabdi;
– sevgi barcha mangu narsalar orasida eng qisqa davom etadigan hodisadir;
– ayollar o‘zlariga ko‘proq sarf-xarajat qilganlarni yoqtiradi;
– aql muhabbatni boshqarmaydi;
– inson faqat harakatiga emas, balki harakatsizligiga ham javob beradi;
– taqdirlashning eng yaxshi uslubi – qo‘lingizga nimanidir qistirishlari;
– tana qartayganda, axloq mustahkamlanadi;
– hasadgo‘ylar o‘ladi, ammo, hasad – hech qachon;
– grammatika hatto shohlarga ham amr beradi.
Yuqoridagi hikmatlar nikoh va oilani muqaddas deb biluvchi millatimiz uchun ham ahamiyatga ega desak, xato bo‘lmaydi.
Endi buyuk dramaturg asarlarining yurtimiz teatrlaridagi sahna talqinlari haqida so‘z yuritsak. Moler komediyalari o‘zbek tomoshabinlariga 1925 yildan beri tanish. 1924–1927 yillarda Moskvadagi O‘zbek maorif uyi qoshidagi teatr-studiyada tahsil olgan aktyorlar Molerning “Xasis” komediyasini sahnalashtiradi. Asarni atoqli rejissyor Mannon Uyg‘ur ona tilimizga tarjima qiladi va studiya pedagogi V.Kantsel tomonidan sahnaga qo‘yiladi. Mannon Uyg‘ur o‘z xotiralarida spektakl ustidagi ijodiy jarayon bir yil davom etgani va bu izlanishlar individual xarakter va serqirra obrazlar yaratish yo‘lida mustahkam zamin hozirlaganini ta’kidlaydi. Studiyachilar “Xasis” spektaklini 1925–1926 yillardagi ta’til vaqtlari o‘zbek sahnasida namoyish etgani tarixdan ma’lum. 1927 yil Ozarbayjonning Boku teatr texnikumida tahsil olgan bir guruh o‘zbek aktyorlari Molerning “Jorj Donden yoki ahmoq qilingan er” komediyasini sahnaga qo‘yishadi. Buyuk o‘zbek ma’rifatparvari Abdulhamid Cho‘lpon spektaklning badiiy saviyasi, yutuq-kamchiliklarini tahlil qilib, matbuotda “Jo‘rj Dandin” sarlavhali maqolasi e’lon qiladi. “Bu safar qo‘yilg‘on asarni yanglish tanlang‘on deya olmaymiz. Muni tanlash bilan bokuli talabalarimiz yaxshi ish qilg‘onlar. Asar, eng yalgari, bitta-yarimta akto‘rni o‘sdirishga, tarbiya qilishg‘a yaraydi”, – deb yozadi adib (maqola “Zarafshon” gazetasining 1927 yil 16 iyun sonida bosilgan).
2015 yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti “Jahon adabiyoti durdonalari” nomli to‘plamning 1-jildini chop etdi. Bu qimmatli kitob Moler haqidagi izohlar va uning “Tartyuf” asari bilan boshlanishi ham bejiz emas.
Professor Akmal Saidov va Luqmonjon Isoqovlar to‘plamga mumtoz komediyaning 1941 yil atoqli adibimiz Oybek mahorat bilan o‘girgan tarjimasini kiritgan. Izohlardan birida “Buyuk Shekspirning “Otello”sidan so‘ng Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri – M.U.) teatri repertuari klassik dramaturglardan biri – Molerning “Tartyuf”i bilan yanada boyidi (asar rejissyor Nikolay Ladigin tomonidan sahnalashtirilgan edi). Bu, hech shubhasiz, teatr ijodiy jamoasi jahon madaniy merosini zabt etish sari dadil qadam tashlayotganidan dalolat beradi”, – deb ta’kidlangan. Shuningdek, Moler asarlaridan “Zo‘raki tabib” 1949 yil, “Skapenning nayranglari” 1950 yili o‘zbek tiliga tarjima qilinib, sahnalashtirilgani haqida ham ma’lumot berilgan.
Mamlakatimiz teatrlarining Moler komediyalarini sahnalashtirish jarayonida orttirgan tajribalari sahna san’ati bilan bog‘liq o‘quv tizimiga ham tatbiq qilinadi. Mannon Uyg‘ur va V.Kantsellar aktyorlarni tarbiyalash hamda mahoratini oshirishda Moler yaratgan xarakterlar dasturilamal bo‘lishini anglab yetishgan edi. 1965 yildan boshlab Toshkent teatr va rassomlik san’ati (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti – M.U.) institutida jahon mumtoz dramaturgiyasi, xususan, Moler komediyalarini diplom spektakli sifatida sahnalashtirishga alohida ahamiyat qaratiladi. “Zo‘raki tabib” (rejissyor Rahim Sayfuddinov), “Janobi de Pursonyak” (rejissyor Nina Timofeeva), “Mizantrop” (rejissyor Arsen Ismoilov), “Skapenning nayranglari” (rejissyor Jabbor Jo‘raqulov), “Soxta bemor” (rejissyor Lola Xo‘jayeva), “Dvoryanlikdagi meshchan” (rejissyor Sergey Kapriyelov) kabi diplom spektakllarida iste’dodini ko‘rsatib, xarakter yaratgan aktyorlar keyinchalik o‘zbek teatrining taniqli namoyandalariga aylanishdi. O‘sha yillari institutda bo‘lajak aktyorlarni o‘qitishda uchta diplom spektakli tayyorlash: uchinchi kursning birinchi yarmida yoshlar muammosi bilan bog‘liq; ikkinchi yarmida komediya, to‘rtinchi kursning birinchi yarmida esa drama yoki tragediya sahnalashtirish oliy ta’lim talabiga aylangan edi. Bu jarayonda Moler qahramonlari talaba-aktyorlar uchun komediyada xarakter yaratish maktabi bo‘lib xizmat qilgan. Oliygohni tamomlab, yurtimiz teatrlarida faoliyat boshlagan yosh aktyorlar o‘z mahoratlarini toblash uchun Molerning “Zo‘raki tabib” va “Skapenning nayranglari” komediyalariga qayta-qayta murojat qilib turganlar.
Mustaqillik yillari O‘zbekiston Yoshlar teatri repertuaridan Molerning “Zo‘raki tabib” va “Tartyuf” komediyalari (rejissyor Nabi Abdurahmonov) mustahkam o‘rin egalladi. Yaqinda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida yosh rejissyor Asqar Xolmo‘minov “Tartyuf” komediyasini “Firibgar Tartyuf” nomi bilan sahnaga olib chiqdi. Ta’kidlash lozimki, yetmish besh yillik tanaffusdan so‘ng klassik asarning yana akademik teatr sahnasiga qaytishi madaniy hayotimizda o‘ziga xos voqea bo‘ldi.
Ma’lumki, Moler ijodining cho‘qqisi bo‘lmish “Tartyuf” – she’riy uslubda yozilgan komediya. Nazmiy asarlar esa aktyor uchun tuyg‘ulari va hissiyotini to‘la namoyon etishga birmuncha noqulaylik tug‘diradi, shu boismi aksariyat sahna ijodkorlari she’riy asarlardan xavfsiraydi.
Ikki og‘iz spektakldagi aktyorlik ijrolari xususida. Firibgar Tartyuf rolini gavdalantirgan taniqli aktyor Tohir Saidov, Dorina xarakterini yaratgan aktrisa Muyassar Berdiqulova va Damis roli ijrochisi Farrux Ziyoyev o‘z qahramonlarining xatti-harakati, fe’l-atvorini mahorat bilan ko‘rsatib berishdi. Ijrochilarning nutqlari ravon, maqsadlari aniq va harakatlari tabiiy.
Sahnalashtiruvchi rassom Mirjalol Xoliqov tomonidan ishlangan sahna dekoratsiyalari asar g‘oyasini ochishga xizmat qiladi, liboslar (rassom Sevara Zunnunova) va sahna bezaklari ham frantsuz madaniyatiga xos. Rejissuraga kelsak, mizansahnalar qurilgan, xarakterlar aniqlangan, tempo-ritmda ham muayyan tadrij bor. Teatr jamoasi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, sahna san’atining bosh mezoni – badiiy-estetik didni namoyon qilishga erishgan deb, dadil aytsa bo‘ladi.
“Firibgar Tartyuf” spektaklining yangi talqini yuqorida eslagan e’tiroflarimizni yana bir bor quvvatlashga imkon beradi. Albatta, spektaklning talaygina fazilatu yutuqlarini ta’kidlagan holda, ayrim taklif-istaklar aytmoqqa ham ehtiyoj seziladi.
Ma’lumki, har bir sahna asarining avj nuqtasi – “keskin burilish” (peripetiya) hisoblanadi. “Tartyuf”da shu hodisa Elmira eri Orgonga riyokor Tartyufning buzuq qiyofasini ko‘rsatish uchun pinhona uchrashuv tashkil etgan sahnada sodir bo‘ladi. Esimda, ancha yillar muqaddam Moskva badiiy akademik teatrida mashhur rejissyor Anatoliy Efros sahnalashtirgan “Tartyuf”da bu sahnaga nihoyatda ehtiyotkorona yondashilgan, nozik ehtiroslar, noz-karashmalar, ilmoqli replikalar tomoshabinlarning to‘xtovsiz olqishiga sazovor bo‘lgan edi. Nazdimizda, rejissyor shu sahnaga yanada aniqlik kiritib, to‘porilikdan xoli, milliy mentalitetimizga mos topilmalar bilan boyitsa, bu voqelik zavqli tomoshaga aylanardi.
Shuningdek, Moler komediyasiga ko‘ra Tartyufning firibini xizmatkor Dorina birinchilardan bo‘lib payqaydi, uni fosh qilishga bel bog‘laydi. Enaga sifatida tarbiyalagani beg‘ubor qiz Mariananing sof muhabbati uchun astoydil kurashadi va yakunda oila sha’nini saqlab qoladi. Agar rejissyor bu masalaga ham chuqurroq nazar tashlab, rejissyorlik urg‘usini Dorinaning faol harakatlariga qaratsa, o‘z-o‘zidan tomosha yechimida aniqlik paydo bo‘lardi. Yana bir istak shuki, fikrimizcha, spektaklda Oybek domla amalga oshirgan tarjimadan foydalanishga ehtiyoj bordek.
Darvoqe, Molerning “Tartyuf” komediyasi yaqinda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Talabalar teatr studiyalari festivali”da O‘zbekiston Milliy universitetining “Humo” jamoasi tomonidan ham namoyish etildi. Yosh rejissyor Valisher Yunusov sahnalashtirgan spektakl ajoyib dekoratsiyalari, rang-barang liboslari va yorqin musiqiy kompozitsiyasi bilan ko‘pchilikning yodida qoldi.
Mashhur shekspirshunoslardan biri “Hamletni o‘ynagan aktyor professional yoki havaskor bo‘lishidan qat’iy nazar doimo ulug‘langan”, – deb yozgan edi. Shu fikrni hech ikkilanmay, Molerning “Tartyuf” komediyasiga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Chunki ushbu obrazni yaratgan aktyor katta mahorat cho‘qqilarini zabt etadi.
Shu ma’noda Moler asarlarining o‘zbek teatrlari sahnasida qo‘yilishi bilan bog‘liq mavzu o‘z tadqiqotchilarini kutayotgan dolzarb ilmiy masaladir. Bugun jamiyatimizning barcha sohalari qatori yangi bosqichga ko‘tarilayotgan O‘zbekiston teatrlari milliy va jahon dramaturgiyasining mumtoz namunalarini qayta sahnalashtirmoqda. Shubhasiz, mumtoz asarlar tomoshabin ma’naviy dunyosini boyitish bilan birga, sahna ijodkorlari uchun baland minbar, yuksak fikrlar manbai bo‘lib xizmat qilajak.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son