Jan Kokto: “Men – haqiqat, men – ro‘yo”

“Jan Kokto – diletant. U ijodkor emas. San’atning bir turidan boshqasiga og‘ishib yuruvchi beqaror. Uning yozganlari hech qachon asar sanalmaydi…” Frantsuz adabiyoti, tasviriy san’ati, teatr va kino san’atida qizg‘in faoliyat yuritgan bu ijodkorga zamondoshlarining aksariyati shunday baho berishardi. Darhaqiqat, uning serqirra iste’dodi ko‘pchilikning g‘ashini keltirardi. Ammo Kokto bu kabi gap-so‘zlarga parvo qilmas, aksincha, o‘zidagi iqtidorni boricha namoyon qilishga intilardi.

1889 yilning 5 iyulida Parij­ yaqi­nidagi Mezon-Laffet shaharchasida dunyoga kelgan bu ulkan iqtidor sohibi bolalik chog‘laridan boshqalarga o‘xshamasdi, favqulodda qalami o‘tkir, favqulodda tasavvurga boy bola edi. Tug‘ma mahorat dastlab uning rasm solishga bo‘lgan uquvida ko‘rina boshlaydi va qisqa vaqt ichida qobiliyatli rassom sifatida o‘zini namoyon etadi. Tabiiyki, Parijdagi muhit unga o‘zini shu yo‘lga bag‘ishlash uchun to‘la imkon bergan edi. Shunday qilib, Kokto-rassom chizgan suratlar tezda zamonasining mashhur musavvirlarining e’tiborini qozonadi. Bu muvaffaqiyatga u asosan grafik portret janridagi asarlari tufayli erishadi. Janning bedor iqtidori keyinroq yana bir qirrada namoyon bo‘ladi: ya’ni, endilikda Kokto ismli jo‘shqin bir shoir maydonga chiqadi. U asosan dadaizm[1] , keyinchalik syurrealistik (san’at va adabiyotda irratsionallikni yoqlovchi) ruhdagi she’rlari bilan muxlislarning nazariga tushadi. “She’rlar” nomli ilk to‘plami 1920 yilda chop etiladi. Nazm Kokto uchun nasr va dramaturgiya olamiga kirishga imkon bergan nurli ostona bo‘lib xizmat qiladi. U adabiyotning bu tarmog‘iga ham dadil qadamlar bilan kirib keladi. Mingdan ortiq sahnabop havjiy lavhalari, “Orfey”, “Inson ovozi”, “Shoh Edip”, “Beparvo parivash” kabi qator pesalar yaratadi va ular Frantsiya teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtiriladi. Pesalarining sahnalashtirilganligi yuragi mudom ilhomga to‘lib turuvchi ijodkorni teatr uchun yana ham ko‘proq, astoydil xizmat qilishga undaydi. Endi dramaturg Kokto musavvir Kokto sifatida ham teatrlarda stsenografiya bilan shug‘ullanadi, librettolar yozadi, balet spektakllari uchun sahnalarni bezatadi. Ammo uning iste’dod qirralari shularning o‘zi bilangina cheklangan emasdi. Kokto nafaqat shoir va rassom, balki, teran fikrli, mohir rejissyor ham edi. U kinematografiya sohasida ko‘pgina muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshiradi. Aytish joizki, ana shunday ko‘ptarmoqli faoliyatida Koktoning rejissura va stsenariynavislikka qo‘l urib, kino olamida ham ijod qila olishida tabiiylikning qandaydir tasodifiy alomatlari bor. Aynan Kokto tug‘ilgan yilda aka-uka Lyumerlar kino san’atiga asos solgan, uning ijodga chanqoq davrida esa kino san’ati ham ayni rivojlanish pallasida edi. Ijodi – hayotga, hayoti – ijodga aylanib ketgan inson barcha san’at sohalarini ham o‘z yo‘li deb bilardi. Buning isboti sifatida u 1930 yilda o‘zining ilk filmi “Shoir qoni”ni suratga oldi. Uning bu debyuti “Sohibjamol va mahluq”, “Ikkiboshli burgut”, “Orfey”, “Orfey vasiyati”, “Chorasiz ota-ona” kabi o‘nga yaqin filmlarining dunyoga kelishida debocha bo‘ldi. U boshqa rejissyorlar uchun ham ko‘pgina film stsenariylari yozdi va bunday hamkorliklar asnosida adabiyot va san’at maydonida mashhur zamondoshlari Edit Piaf, Marsel Prust, Jan Marelar bilan mustahkam do‘stlik rishtalarini bog‘ladi.

Kokto san’at nazariyotchiligi va tanqidchiligiga garchand da’vogar bo‘lmasa-da, ko‘pgina o‘tmish va zamondosh san’atkorlar haqida esse va xotiralar yozib turardi. Leonardo da Vinchi, Lotrek, Sezann, Pablo Pikasso, Utrillo, Kriko va boshqalar haqida bitilgan mazmundor esselari shular jumlasidandir. Nashr etilgan barcha kitoblari hamisha o‘z o‘quvchisini topib ketardi. U san’atparvar shaxs sifatida ko‘plab yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlar, ular uchun imkoniyatlar eshigini ochishga intilardi. 1917 yilda Kokto kompozitor Erik Sati va rassom Pablo Pikasso bilan hamkorlikda “Parad” baletini yaratadi va bu birinchi syurrealistik spektakl nomi bilan san’at olamida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Oradan besh yil o‘tib, Erik Sati, tanqidchi Anri Kolle va Kokto o‘zaro tashabbus qilib, “Oltovlon” nomi ostidagi yosh kompozitorlar guruhini tuzadilar. Bu guruh “Qudratli to‘da” nomi bilan ham ko‘p sharaflarga sazovor bo‘lgan. Kokto mazkur guruh haqida so‘zlar ekan, “Oltovlon” san’at tarixida xuddi uch mushketyor singari mashhuri olam bo‘ldi”, – deb yozadi xotiralarida. Tashabbuskorlik, tashkilotchilik Jan Koktoning yuksak fazilatlaridan biri bo‘lib, hatto hayot tarziga aylanib qolgandi.

1955 yili u Frantsiya akademiyasi, so‘ngra Belgiya Qirollik akademiyasiga a’zo etib qabul qilinadi. Ko‘p yillar qator xalqaro kinofestivallarda hay’at a’zosi va raisi bo‘lib ham xizmat qiladi. San’at, adabiyot deb bir muddat halovat bilmagan, bu tinib tinchimas iste’dod sohibi 1963 yilda so‘nggi “2000 yilga maktub” filmini suratga olib bo‘lgan bir pallada, 11 oktyabrda dunyodan ko‘z yumadi.

Yashab o‘tgan umri davomida kimlardir uni xo‘b alqadi, kimlardir esa umuman tan olmadi. Chindan ham bir odam butun umri mobaynida shuncha ish qila olishiga aql bovar qilmaydi. Hatto Koktoning o‘zi ham ba’zan o‘ziga xolis baho berolmay, “Men bir vaqtning o‘zida ham haqiqat, ham ro‘yoman”, – derdi. Hazil-chini aralash amalda oddiy inson bunday serqirra ijod qilishi mumkin emasdek tuyuladi. Ammo Jan Kokto shunchaki oddiy inson bo‘lmaganligining boisi ham shunda. Vaqt hamma narsani oydinlashtirdi – Kokto ayrim zamondoshlari aytganidek, diletant emas, balki, chinakam ijodkor bo‘lib o‘zining o‘lmas asarlarida yashab qoldi.

M.Muhammadaminova  tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son

_______________

[1] XX asr boshlarida Shvetsariyada paydo bo‘lgan ratsionalizm va hayotdagi qonun-qoidalarni inkor etuvchi adabiy oqim.