Italiya kino san’ati haqida so‘z ketar ekan, albatta, birinchi o‘rinda neorealizm oqimi, Federiko Fellini ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Undan keyin esa beixtiyor xayolimiz Italiya kinokomediyasi tomon ketadi. Yigirmanchi asrning 60-90 yillarida italyan komediyalari butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlarni qiziqtirib qo‘ydi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Firib”, “Qiyiqning quyilishi” va “Devona oshiq” kabi komediya janriga mansub filmlarni qayta-qayta ko‘rib, zavqlanmagan tomoshabin topilmasa kerak. Ushbu filmlar o‘ziga xos uslub yarata olib, muxlislar qalbidan joy olgan birgina aktyor obrazi orqali yodda qolgan.
Italiya musiqa va kino san’atining yorqin namoyandasi Adriano Chelentano 1938 yili 6 yanvar kuni Italiyaning Milan shahrida kambag‘al oilada dunyoga keladi. Yulduzlarning hazilimi yoki in’omimi bu kun Italiyada hazil va o‘yinlar bayrami sifatida nishonlanadi. Yoshligidan xushchaqchaq va shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli Adriano 12 yoshida oilaning moliyaviy qiyinchiligi sababli soatsozga shogird tushib, ustaxonada ishlay boshlaydi. Ammo san’atga qiziqishi tabiatida aks etaveradi. U o‘sha yillari mashhur bo‘lgan amerikalik komik Jerri Lyuisga taqlid qilib, yon-atrofdagilarni kuldirishga muvaffaq bo‘ladi. Ukasining iqtidorini kuzatib yurgan Adrianoning katta opasi ukasini taqlid mahalida rasmga oldirib, o‘xshash qiyofalar ko‘rigiga yuboradi. U ko‘rikda birinchi o‘rinni egallab, yuz ming lira pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Opasining urinishi zoya ketmaydi. O‘smir yoshdagi Adriano o‘zining qiziqishiga o‘yindek emas, balki jiddiy yondashishi kerakliligini tushunib yetadi. Birgina mukofot tufayli o‘ziga ishonchi ortgan yigitcha “Rock Boys” rok guruhiga qo‘shiladi va o‘zi yaratgan musiqiy kompozitsiyalarini ijro eta boshlaydi. 1957 yili Adrianoning ijodiy faoliyatida keskin burilish sodir bo‘ladi. Milanda o‘tkazilgan “Birinchi Italiya rok-n-roll festivali”da “Rock Boys” guruhi bilan ishtirok etib, barcha qatnashuvchi guruhlardan farqli o‘laroq, ingliz tilida emas, ona tilida “Ciao ti diro” (Men senga “chao” deyman) qo‘shig‘ini ijro etadi. Yosh ijodkorning bu jasorati e’tiborsiz qolmaydi. Adriano guruhi bilan ushbu festivalda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi.
Adriano Chelentano san’atga kirib kelar ekan, u nafaqat o‘z iqtidori, balki vatanparvarlik xislatlari bilan ham ajralib turardi. U xorij san’atkorlariga taqlid qilgani bilan ijodda o‘z ona tilini ustun qo‘yar va o‘ziga xos uslub yaratishga harakat qilardi. Bu esa italyan xalqiga xush yoqar va xorij mamlakatlarida qiziqish uyg‘otardi.
1966 yilda San-Remodagi musiqa festivalida Adriano Chelentano tomonidan ijro etgan “Glyuklik yigit” nomli qo‘shig‘i maktab darsliklariga kiritilib, o‘quvchilarni tabiatni asrashga chorlov vazifasini bajarishda xizmat qilib keldi. Siyosiy-ijtimoiy mazmundagi bu qo‘shiq oddiy bir milanlik yigit haqida bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab yangradi. Adrianoning ushbu qo‘shig‘i dunyoning yigirma ikki tiliga tarjima qilinib, odamlarning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Adriano Chelentano dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmagan san’atkor sifatida o‘z yurtida va xorij mamlakatlarida tanila boshlaydi. U musiqa san’atidan tashqari, kino san’atida ham o‘z mahoratini namoyon etadi. U ilk bor kadrda “Quturganlar” (1958) nomli amerika badiiy filmida qo‘shiq ijro etib gavdalanadi. 1959 yilda ekranga chiqqan “Musiqa avtomati va bolalar” nomli filmidagi ijrosi unga kino olamida omad keltiradi. U hatto, Federiko Fellinining “Shirin hayot” filmida ham rok qo‘shiqchisi rolini ijro etishga musharraf bo‘ladi.
1969 yilga qadar kichik rollarni ijro qilib kelgan Adrianoga rejissyor Petro Jerimining “Serafino” nomli filmi olamshumul mashhurlik keltiradi. Unda yaratgan obrazi uchun Italiyaning “Eng yaxshi erkak roli debyuti” sovrini bilan taqdirlanadi. “Serofina” filmi rejissyori Adriano Chelentanoning mahorati haqida gapirar ekan, shunday degan edi: “U yaratgan obraz xalq komediyasi qahramoni bilan hamohang bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ham sodda va dono, ham ochiqko‘ngil va mug‘ombirdir. U tasvirga olish maydonchasida shunchalik ishonch bilan ishlaydiki, kino san’ati va sanoatini har tomonlama o‘rganishga harakat qiladi. Nazarimda, u yaqin orada o‘zi rejissyorlik faoliyatini boshlaydi.” Ko‘p o‘tmay, bu gaplar o‘z tasdig‘ini topadi. U rejissyor sifatida “Milandagi super o‘g‘rilik” (1965), “Yuppi-du” (1975), “Telba Jeppo” (1978) va “Juan Luy” (1985) nomli filmlarni suratga oladi. Ammo ularning barchasi unga rejissyorlik sohasida muvaffaqiyat keltirdi, deb bo‘lmaydi.
Ulkan iqtidor egasi Adriano Chelentano ijodiy faoliyati davomida olti yuzga yaqin qo‘shiq kuylab, qirqdan ortiq filmlarda rol ijro etdi. Uning mehnati bir qancha Italiya hamda xalqaro tanlovlarda yuqori darajada taqdirlandi. Yillar o‘tsa-da, u tomondan rol ijro etilgan filmlar oynaijahondan tushmay kelmoqda.
Shu o‘rinda “Firib” filmida yaratgan roli haqida to‘xtalib o‘tsak. Ushbu film rejissyor Serjo Korbuchchi tomonida 1976 yilda suratga olingan bo‘lib, firibgarlar to‘g‘risida hikoya qiladi. Unga mashhur aktyorlar Entoni Kuinn, Korinn Kleri va Adriano Chelentano jalb qilinganligi film tomoshabinlarning eng sevimli kino asarlaridan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi. “Firib” filmida Adriano firibgarlardan birining obrazini gavdalantirgan bo‘lib, u ekranda talqin qilinib kelgan o‘g‘ri obrazlaridan butkul farq qiladi. Uning qahramoni harchand o‘zini ayyor, uddaburon qilib tutishga urinmasin, baribir ko‘nglidagi soddalik, mehr-oqibatlilik pand berib qolaveradi. Rejissyor tomonidan tomoshabinlarga yetkazmoqchi bo‘lgan mushkul vaziyatga tushib qolgan, yozilmagan qonunlar tufayli yaxshi hayot uchun o‘z bilganicha kurashmoqchi bo‘layotgan insonning qiyofasi aktyorning qoyilmaqom ijrosi orqali ochib berilgan. Aktyor o‘ziga xos plastikasi orqali yorqin xarakter yaratib bera olgan. Adriano Chelentanoning harakati, yurish-turishidagi o‘ziga xoslik tomoshabin diqqatini tortadi va shu bilan birga o‘chmas taassurot qoldiradi. Aktyorning plastikasidagi topilmasi me’daga tegmas va g‘ashni keltirmasligi bilan e’tiborga molik. Chunki bunday vaziyatlarda oltin me’yorni topish katta mahorat talab etadi. Tomoshabinni kuldiraman deb g‘ashiga tegish holatlari komik aktyorlar ijrosida ko‘p uchraydi. Ammo Adriano Chelentano bundan istisno deyish mumkin.
Adriano “Firib” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida Italiyaning Milliy kino sovrini “David di Donatello” bilan mukofatlanadi.
Italyan aktyorining butun dunyoda millionlab muxlis orttirishiga “Qiyiqning quyilishi” filmida ijro etgan roli sabab bo‘ldi deyish mumkin. Ushbu film italyalik rejissyorlar Kastellano va Pipololar tomonidan 1980 yilda tasvirga olingan. “Qiyiqning quyilishi” filmi U.Shekspirning “Qiyiq qizning quyilishi” pesasining o‘ziga xos talqini bo‘lib, unda gap yigitning quyilishi haqida ketadi.
Adriano bu asarda o‘jar, qo‘pol, xushmuomalalikdan yiroq bir yigit obrazini yaratgan. Ammo avtomobil nosozligi sababli tasodifan uyiga kelib qolgan sohibjamol yigitning hayotini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ladi. Go‘zal qiz obrazini italiyalik aktrisa Ornella Muti talqin qilgan. Ushbu komediya to‘g‘risida matbuotlarda quyidagicha fikr bildirilgan edi: “Chelentanoning qahramoni badjahl, ayollarni yomon ko‘radigan, chidab bo‘lmas fe’li bilan mashhur. Ornella Muti ijrosidagi sohibjamol Liza bu yigitning fe’liga qiziqib qoladi. Yigitning uyiga kelib qolib, o‘zining mustahkam iroda sohibi ekanligini isbotlab, uning qalbini zabt etadi.”
“Qiyiqning quyilishi” komediyasida Chelentano tomonidan talqin qilingan obraz shunisi bilan e’tiborliki, jahldor, ayol zotidan nafratlanuvchi, qo‘pol yigit, aslida, ko‘ngli nozik va soddaligi tufayli yuragini jarohatlardan saqlash maqsadida o‘zini “badfe’llik” devori bilan o‘rab olgan shaxs qiyofasini ustalik bilan gavdalantirgan. Aktyorning qo‘pol harakatlari uning beg‘ubor nigohlari bilan hamohang tarzda amalga oshirilgani tomoshabinga qahramonning ichki dunyosini namoyon qilib turadi. Natijada, bu badfe’l yigit tomoshabinda nafrat uyg‘otish o‘rniga iliq munosabat shakllantiradi. Aktyorning iste’dodi uning xatti-harakatlari va ayniqsa, ko‘z qarashlari soxta emasligida va bolalarga xos soddadillikni ifoda eta olishida namoyon bo‘ladi.
Adriano Chelentano musiqa san’ati olamida, kino dunyosida, televideniyeda hamda dunyo va o‘z yurtining ijtimoiy hayotida, xayriya ishlarida faol qatnashdi. U nafaqat iqtidorli san’atkor, balki atrof-muhitda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmagan insondir. Joriy yil yanvar oyida serqirra ijodkorning 80 yilligi Italiya va boshqa mamlakatlarda keng nishonlandi. Adriano Chelentano hozirda keksayib qolganligiga qaramay, ijodini faol davom ettirmoqda.
Nodira Qosimova tayyorladi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son