Eldor Muxtorov. Shamolda yongan olov

Bahodir Yo‘ldoshev o‘zbek teatr san’atining atoqli siymolaridan, O‘zbekiston zamonaviy madaniyatining baobro‘ kishilaridan biridir. Mamlakatimizning turli teatrlari sahnalarida u sahnalashtirgan spektakl­lar o‘zbek teatri tarixida chuqur o‘rin egalladi. 

Uning spektakllari milliy ma’naviy merosning butun rang-barangligini, an’anaviy o‘zbek teatri tajribasini va jahon teatr san’atidagi  yangiliklarni o‘ziga singdirib oldi. Bahodir Yo‘ldoshev ijodi qariyb qirq yil mobaynida o‘zbek teatr san’ati taraqqiyotining  asosiy tendentsiyalarini o‘zida namoyon etib kelmoqda. Uning ijodi esa teatr arboblari, yosh avlod uchun rejissyorlik san’atining chinakam maktabiga aylandi.

Bahodir Yo‘ldoshev ijodi zamonaviy o‘zbek teatri taraqqiyoti bilan uzviy chatishib ketgan. Mohiyatan ijodiy yangilik o‘laroq, u milliy sahnaning janr va uslubiy tabiatini jiddiy boyitdi, shuningdek, mustaqillik davri teatrlashtirilgan tomoshalar san’ati tiklanishi va rivojlanishining asosiy tendentsiyalarini ham o‘ziga singdirib oldi.

Bahodir Yo‘ldoshev o‘zbek rejissurasining e’tirofli yetakchisi hisoblanadi. O‘z ijodiy faoliyati davomida u 70 dan ortiq spektakl sahnalashtirdi. Shuningdek, Mustaqillik, “Navro‘z” bayramlari tantanalari, “Sharq taronalari” doirasidagi barcha teatrlashtirilgan tomoshalar hamda milliy tariximiz va  madaniyatimizning yirik  arboblari yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar rejissyori.

Milliy an’analarning xilma-xil qadriyatlar bilan qorishib ketishi, sahnani Sharq va G‘arb madaniyatlari muomalasi hududiga aylantirish xohishi – Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan jahon va milliy mumtoz sahna asarlarida o‘zining yorqin ifodasini topgan  dolzarb mavzu hisoblanadi.

Milliy-madaniy an’analarga nisbatan chuqur muhabbat, zamonaviy spektaklning mazkur an’analariga qiziqish Bahodir Yo‘ldoshevning milliy tarixga bag‘ishlangan spektakllarida namoyon bo‘ldi. O‘zining har bir yangi spektaklida ma’naviy madaniyatning zamonaviy sahna qiyofasida tobora olislab ketayotgan asrlar sintezini qidirib topishda davom etmoqda. Uning ijodi milliy musiqa, adabiyot, tasviriy san’at, me’morchilikning eng boy an’analariga, an’anaviy badiiy madaniyatning butun majmuasiga nisbatan alohida sezgirligi ila ajralib turadi. Nihoyat, u elshunoslik, xalq og‘zaki ijodi, milliy turmush, rang-barang rasmu udumlar uchun sahnaga yo‘l izlaydi.

Uning izlanishlari, albatta, boshqa rejissyorlar ijodida davom etadi. Zamonaviy o‘zbek sahnasi taraqqiyotining butun-butun yo‘nalishlariga esh bo‘lib ketadi.

Rejissyorlik kasbi nodir va mashaqqatli. Hozirgi vaqtda san’atda yirik ijodiy shaxsning roli va ahamiyati jiddiy o‘sdi. Bahodir Yo‘ldoshev ana shunday shaxs hisoblanadi – O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi va Davlat mukofoti sovrindori, nufuzli teatr anjumanlarining eng yaxshi rejissurasi uchun mukofotlar sohibi.

 

* * *

Bahodir Yo‘ldoshev Kattaqo‘rg‘onda tug‘ildi va ajoyib aktyorlar oilasida, teatr muhitida o‘sib-ulg‘aydi. Uning ota-onalari – o‘zbek teatrining taniqli aktyorlariga bu kasb otameros bo‘lib, ular Kattaqo‘rg‘on teatri tashkil etilgan kundan buyon shu maskanda faoliyat ko‘rsatib kelishgan.

Otasi Tursun Yo‘ldoshev shu teatr tashkilotchilaridan biri edi. Onasi Shirin Meliyeva 40 yildan ko‘proq A.Majidiy nomidagi Kattaqo‘rg‘on drama teatrida direktorlik qilgan. Bahodir Yo‘ldoshev bolaligidayoq teatrda o‘zining ilk rolini o‘ynagan. Bu fikr onasidan chiqqan edi va hammasi xamirdan qil sug‘urganday tekis ketayotgandi, biroq u voyaga yetgach, otasiga teatr institutiga kirish niyati borligini aytganida, onasi hali suyagi qotmagan mushtdekkina bolasini sahnaga olib chiqqaniga qattiq afsuslanadi, ammo nachora, g‘isht qolipdan ko‘chgandi…

Katta ijodiy hayotni yashab qo‘ygan iste’dodli rejissyor, ta’bir joiz bo‘lsa, jonajon shahrida kechgan o‘smirlik va balog‘atlik yillarini biroz qo‘msab eslaydi. Ona shahri Kattaqo‘rg‘onni do‘stlari bilan “Katta Parij” deb ataganlari, tarix, adabiyot va boshqa fanlardan dars bergan mehribon muallimlari beixtiyor ko‘z oldiga kelaveradi… Katta sinflarga o‘tgach, u kitob mutolaasiga ruju qo‘ydi. Dyumadan tortib Dostoyevskiygacha, Xo‘ja Nasriddin latifalaridan tortib Tolstoy romanlarigacha – qo‘liga tushgan har qanday kitobni sevib o‘qir edi. Butun umri davomida kanda qilmagan kitob mutolaasi odatini u qadrdon teatri spektakllari haqidagi xotiralari bilan qo‘shib bugungi avlod shuuriga singdirishga harakat qilish uning kasb sari qo‘ygan ilk odimi bo‘ldi.

O‘sha yillari ko‘plab maktablarda badiiy havaskorlik to‘garaklari ishlar va keng ommalashib ketgandi. Sakkizinchi sinfda o‘qib yurgan  kezlari Bahodirning o‘zi shu to‘garaklarda spektakllar qo‘ya boshlaydi. Ushbu dastlabki sahnalashtirishlar faqat sinfdoshlari va o‘qituvchilar oldida muvaffaqiyat qozonmagandi – u bir necha marta havaskor teatrlar tanlovlarida birinchi o‘rinni egalladi. U qo‘ygan “maktab” spektakllari nomlari ro‘yxati kishini hayratga solmay qolmaydi: Lermontovning “Mas­karad”, Shekspirning “Hamlet”, Voynichning “So‘na”si. O‘tmishga aylangan balog‘atlik yillarini eslar ekan, bu dastlabki havaskor rejissyorlik izlanishlari unga hozir ham yoqishini samimiyat ila e’tirof etadi. Ular oddiy, tushunarli va juda samimiy edi.

Tarjimai holdan:

“Teatr oliygohiga kirishga qaror qilganimdan va aynan shu kasbni tanlaganimdan oyim nima uchun hayajondan “yashavor!” deb aytolmaganini, aksincha, “hmm,  durust” deb qo‘ya qolganini ko‘p yillar keyin, hayotiy tajribam ancha-muncha ortganidan so‘ng anglab yetdim. Oyim teatrni besh qo‘lday bilardi, faqat muvaffaqiyatning  ajoyib lahzalari – qarsaklar, gullar, e’tiroflar, mukofotlar, unvonlarnigina  emas, balki uning teskari tomoni – boshqalar uchun mashaqqatni, mas’uliyatni, injiqliklarni,  har kuni yuzma-yuz keladigan “ichimdan top” va nafsoniyatlarni, asablar mudom tarang tortilgan hayotni, uzil-kesil tutgan joyidan kesishni va hokazolarni miridan-sirigacha chuqur anglar edi…

Hayotimning eng qiyin kunlarida va teatrdagi o‘zaro nizolar vaqtida ham, men bir teatrdan boshqasiga o‘tib yurganlarimda ham shu ayol biron marta menga achinganini bildirmagandi. U faqat menga sog‘lik tilardi, xolos. “Bu kasbni o‘zing tanlagansan. Boshingga tushgan qiyinchiliklar – ishingning bir qismi”. Teatrni onamchalik yaxshi biladigan odam yo‘q edi, 40 yillik direktorlik davrida uni miridan-sirigacha o‘rgangan edi. Axir men bilan gaplasha, oqilona, amaliy maslahatlar bera olar edi-ku. Yo‘q. Yakkash: “O‘yla, qidir, eng yaxshi yo‘lini o‘zing top”, – der edi.

Endi bo‘lsa biror kunim yo‘qki, onamni eslamasam. So‘nggi kunlaridagi so‘zlari ham shundoq quloqlarimda jaranglab turibdi: “Xavotir olma, men doim yoningdaman”.

Toshkent teatr instituti o‘sha vaqtda Shelkovichniy ko‘chasidagi uncha katta bo‘lmagan, ammo shinam binoda joylashgan edi. Muhit erkin, ijodiy oliy o‘quv yurtiga xos edi. O‘z kasbining pirlari bo‘lgan o‘qituvchilar talabalarga qattiq turar, ayni paytda ularga kelajakdagi hamkasblari sirasida hurmat ko‘rsatilar edi.

Talabalik safiga qabul qilingan Bahodir o‘sha kezlarda O‘zbekistonning zabardast teatr rejissyorlaridan biri, ajoyib sahna ustasi Toshxo‘ja Xo‘jayevdan bilim olish baxtiga muyassar bo‘ldi. T.Xo‘jayev o‘z talabalariga teatrga oid barcha jihatlardan saboq bergan. O‘qish vaqtida uning shogirdlari chiroqchilar ham, rekvizitorlar ham, sahna ishchilari ham va, albatta, aktyorlar va rejissyorlar ham bo‘lishgan. Bahodir mutaxassislik darslarida tayyorlanadigan etyudlar, asarlardan parchalar hamda diplom spektakllarida berilib, jon-dili bilan o‘ynar edi. Shekspirning Hamleti, Navoiyning Qaysi uning talabalik rollari edi… Ba’zan sahnalashtirish jarayonida ustozlariga dastyorlik ham qilardi. Masalan, suyukli muallim Lola Xo‘jayevaga spektakl tayyorlashda berilib assistentlik qiladi. Xudo bergan, xushqomat, ovozi yoqimli bu kelishgan yigitni o‘shandayoq rus akademik teatrida rejissyor Shaxanova postanovkalaridan birida kichikroq rolni o‘ynashga taklif qiladi. Ammo T.Xo‘jayev asosiy murabbiy bo‘lib qolaveradi, u oliygohning yosh bitiruvchisidan E.Vohidovning “Oltin devor” pesasi asosidagi yangi spektaklni sahnalashtirishda, ayni vaqtda A.Dyuma asari asosida “Nel minorasi” diplom spektaklini tayyorlashda qatnashishni so‘raydi. Bu vaqtda T.Xo‘jayev akademik teatrning bosh rejissyori edi, shu bois uning bu harakati zamirida aslida shu teatrga doimiy ishga taklif qilish niyati yotardi. Biroq ko‘p o‘tmay uncha maroqli bo‘lmagan, ammo jiddiy taklif – harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi keladi, u hatto o‘zining diplom spektaklini qo‘yishga ham ulgurmaydi.

Tarjimai holdan:

“Armiyadan qaytganimda ustozim teatrni hamishalikka tark etib bo‘lgandi. Uzoqqa bormasam kerak deb menga bir-ikki marta aytgandi ham. Turli sabablar bilan u yerda ishi unchalik yurishmayotgandi. Teatr teatr ekan-da. Bor kuchimni to‘plab, Taganka teatrida sinovdan o‘tish uchun “Qaydasan, Moskva!” deb yo‘lga tushmoqchi bo‘ldim. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tadigan bo‘lsam, Tagankadagi teatrda aktyor  bo‘lib ishlashimga kelishib olgandik. Yangi mavsum boshida mening Yuriy Lyubimov bilan uchrashuvim mo‘ljallangandi. Bu vaqtgacha barcha hujjatlarni olib kelishim kerak edi.

…Shunday qilib, Yu.Lyubimov bilan uchrashgani Moskvaga otlanadigan kun ham keldi. Jo‘nash oldidan hujjatlarimni olgani Hamza teatriga bordim. Ma’lum bo‘lishicha, institutdoshim, bu vaqtda shu teatrda ishlab turgan ajoyib teatr rassomi Georgiy Brim yangi bosh rejissyor Aleksandr Ginzburgning qulog‘iga men haqimda shipshigan ekan. Men hujjatlarga qo‘l qo‘ydirgani bosh rejissyor huzuriga kirdim. U dedi: “Men sizni bilaman, o‘tiring”. Moskvaga otlanayotganimni, harbiy xizmatda bo‘lganim bois diplom ishi qilolmaganimni unga tushuntirdim. Ginzburg javoban dedi: “Bilasizmi, men yaqinda Moskvadan keldim. Ishonasizmi, yo‘qmi, u yoqda sizga oson bo‘lmaydi”. Men dedim: “Qayerda oson ekan? Har kim boshiga yoqqan qorni o‘zi kuraydi”. U so‘radi: “Sizni birov bu yerdan haydayaptimi? Umuman, ketishingizga jo‘yali sabab bormi?”  Bu yerda endi ustozim To‘la Xo‘jayev yo‘q, usiz bu yerda bo‘lishimdan ma’no yo‘q, dedim. Shunda Ginzburg bir chetiga: “Aziz ustozimga minnatdor shogirdidan. To‘la Xo‘jayev” deb o‘yib yozilgan  chiroyli bir tamakidonni ko‘rsatdi. Biroz jim turib, so‘ng dedi: “Bilasizmi, siz menga nevara qatorisiz!” Ha, tushunaman, dedim. U dedi: “Siz bu yerda spektaklni  qo‘yasiz, diplomni olasiz, keyin esa Moskvaga ketasiz. Diplomsiz u yerda sizga kimning ko‘zi uchib turibdi? Xullas, gap shu, – davom etdi u, – keyin esa men o‘zim sizni Moskvaga jo‘nataman, turarjoyingiz bo‘ladi, xohlagan joyingizda ishlaysiz. Kerak bo‘lsa, o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman Moskvaga. Va, umuman, yodingda bo‘lsin, –“sen”ga o‘tib davom etdi Ginzburg, – menga sening yoshliging, senga esa mening keksaligim kerak”. Xuddi shunday dedi. Men Moskvaga sim qoqdim, hamma gapni  aytdim. U yoqdagilar esa, “Bahodir, Ginzburg to‘g‘ri gapirgan, ko‘rinadi, avval diplomni oling-da, so‘ng bu yoqqa keling” dedi.

Shu tariqa u qoldi va diplom spektaklini sahnalashtirishga kirishdi. Mana shu unutilmas suhbatdan Bahodir Yo‘ldoshevning Hamza teatridagi ilk mustaqil faoliyati boshlandi.

 

* * *

Institutning rejisyorlik bo‘limini yaqinda tugallagan shogirdlarning dastlabki spektakllaridayoq sahnalashtiruvchining favqulodda iste’dodli ekanligiga birovlar shubha qilsa, yana birovlar samimiy qo‘llab-quvvatlar edi. Birin-ketin sahna yuzini ko‘rgan A.Dyumaning “Nel minorasi” melodramasi, Uyg‘unning “Beruniy” tarixiy dramasi, M.Karimning “Oy tutilgan tunda” ishqiy dramasi, V.Rozovning “Shomdan tushgacha” psixologik dramasi, keyinroq esa F.Shillerning ekspressionistik uslubdagi “Qaroqchilar”i teatrda yangi iste’dodning dunyoga kelayotganidan darak berardi. Yosh rejissyor butunlay xilma-xil spektakllarda o‘z kuchini sinab, teatrning an’analari va imkoniyatlarini chamalab ko‘rdi. Favquloddaliklarda, bir qarashda qarama-qarshi ko‘rinadigan moyilliklarda, an’analar qutbidan ulardan qat’iy voz kechish qutbiga tomon og‘ishlarda g‘ayrioddiy rejissyor yetilib kelayotgani ko‘rinib turardi.

Shuncha tafovutlarga qaramay, tilga olingan spektakllarda umumiyliklar ham bor edi,  masalan, sahna muhiti bilan “kirishib keta olish”, harakat muhitini barcha yengil vositalar bilan to‘ldirish yoki to‘yintirish, bunda keyinchalik maishiylikdan tortib shartlilikkacha bo‘lgan turli uslubiy yechimlarda to‘laroq erkinlikka ega bo‘la boshlagan sifat muhim o‘rin egallaydi. Masalan, “Nel minorasi” spektaklida zanjirlar sharaqlagan, kazematning shiftidan chak-chak chakka tomayotgan, nimqorong‘ilikda shamlar miltillagan, balchiqda tashlangan odimlarning bo‘g‘iq ovozi quloqqa chalinayotgan zimziyo yerto‘la muhiti yaratilgan… Romantik melodramaga xos ba’zi unsurlar – oshirib-toshirilgan hissiyot, sezgirlik, yaxshilik va yomonlikning bir-biriga keskin qarshi qo‘yilishi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.

Ko‘p o‘tmay B.Yo‘ldoshev “Oy tutilgan tunda” spektaklini sahnalashtirdi. Qisqa vaqt ichida teatr Mustay Karimning bu pesasiga ikkinchi marta murojaat qildi.

Bu safar rejissyor tavakkal qiladi – birinchi spektaklni tomoshabinlar ham, tanqidchilar ham iliq kutib oldi. M.Karim pesasining qayta sahnalashtirilishiga asosiy sabab, teatr an’analariga nisbatan bahstalab tuyg‘ularning ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otganligi edi. “Jahonshumul nigoh”ga ega bo‘lish teatr uchun xos bo‘lgan 70-yillar boshida bu yerda ko‘rsatilgan mazmundorlik va ifodaviylikning yangi vositalarini astoydil qidirib topish asnosida o‘zbek teatri janr va uslub xilma-xilligiga, yangi shakllarga, yangi rejissyorlik uslublariga qattiq muhtojlik his qilayotgan edi. “Oy tutilgan tunda” spektaklida qo‘yilgan kenglik va erkinlik, sahnalashtiruvchi shartlilik yechimida namoyon etgan janr va uslub – bular barisi rejissyorning spektaklni zamonaviy sahnaning maishiylikdan tashqari yechimlar kontekstiga singdirib yuborish xohishidan darak berardi.

Bahodir Yo‘ldoshev pesani insonning ozodlikka ega bo‘lish, dunyoni o‘zi xohlagandek his etish huquqi haqidagi shoirona hikmat tarzida talqin qiladi. Yosh oshiq-ma’shuqlar Zubarjad va Oqyigit oldinga olib chiqiladi, bu rollarni D.Ikromova va M.Azimov o‘ynagan. Bu aktyorlar Devonani o‘ynagan T.Mo‘minov bilan birgalikda yaqindagina teatr institutini bitirib kelishgan edi. Ularning o‘yinlaridagi “beg‘uborlik”, samimiy hissiyot kishini o‘ziga mahliyo etardi. Faqat Z.Sadriyevagina (Tangabeka) har ikkala  sahnalashtirishda o‘z rolini saqlab qolgandi.

Sal o‘tib rejissyor V.Rozovning “Shomdan tushgacha” pesasini sahnalashtiradi. Unda B.Yo‘ldoshevning tomoshabin bilan zamonaning o‘tkir axloqiy muammolari to‘g‘risida suhbatlashish niyati yaqqol namoyon bo‘lgan. Ushbu spektaklda B.Yo‘ldoshev romantik an’ana rejissyori sifatida paydo bo‘lgan o‘zi haqidagi fikrni rad etgandek ko‘rinadi. Sahnada turli xarakterlar o‘rtasida psixologik bahs borar, taqdirlari o‘tda kuygan odamlar istiqomat qiluvchi bir oila hayotidan lavha o‘ynalmoqda edi. Bu yerda teatr va uning tomoshabinlariga odat bo‘lib qolgan qahramonlar o‘rtasidagi qizg‘in to‘qnashuvlar yo‘q, ulardan bittasining yengib chiqishi yo yengilishi ham yo‘q. Sodir bo‘lgan kundalik voqealar ortida Jarkovlar oilasining barcha a’zolari kechirgan botiniy zo‘riqish yuzaga kelgan. Xususiy suhbatlar va alohida vaziyatlari yordamida teatr dramaturg bilan baqamti holda hayotdagi omadsizlik sabablarini ochib bergan.

60–70-yillarda teatr san’atining ijtimoiy maqomida o‘zgarish ro‘y berdi. Teatr o‘zining oldingi zamonlarda ega bo‘lgan mavqeini boy berib qo‘ydi, kinematografiya, adabiyot, televideniye har tomondan siqib kela boshladi.

1970 yili T.Xo‘jayev E.Vohidovning pesasi asosida o‘zining oxirgi “Oltin devor” spektaklini sahnalashtirdi. Teatrga qaytgandan so‘ng K.Yashinning “Mening Buxorom” va  Kalidasaning “Shakuntala” spektakl­larini qo‘ygach, 1973 yilda A.Ginzburg hayotdan ko‘z yumdi. Yigirma yil mobaynida teatrga rahbarlik qilgan, aktyorlarning ajoyib avlodini tarbiyalagan, Akademik teatrning ijodiy obro‘yini ehtiyotkorlik va bir maqsad ila yo‘naltirgan yirik rejissyorning hayotdan ko‘z yumishi katta yo‘qotish bo‘ldi. O‘zbek rejissurasida o‘sha davrda aktyorlar tajribasi va bilimini bilishda Ginzburg va Xo‘jayevga tenglashadigani yo‘q edi. Akademik teatr hayotida shunday alg‘ov-dalg‘ovli kunlar kechib turgan bir paytda B.Yo‘ldoshev o‘z ijodiy faoliyatini boshladi. Dastlab, uning postanovkalari bundan keyingi taraqqiyotni, repertuar siyosatini, teatrning ijodiy dasturini uning nomi bilan bog‘lash uchun tanqidga asoslar berdi. Ammo navbatdagi “Qaroqchilar” (Shiller) spektaklida rejissyorning qiziqishlari naqadar keng va xilma-xilligi hammani hangu mang qilib qo‘ydi. Ko‘plarga bu eng keksa teatrning akademik an’analariga yovuzlarcha suiqasd bo‘lib ko‘rindi. Rejissyor bu yerda teatrning zulm usullari hamda avangard uslubiyoti unsurlaridan foydalangan. Tomoshabin talon-toroj va zo‘ravonlik dunyosini ko‘rdi, u yerda ko‘rish uchun o‘yilgan teshiklari bor oq yopinchiq ustidan ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan otani o‘g‘il ayovsiz tepkilayotgan bo‘ladi, “oliyjanob” qaroqchilar marosim raqsiga tushadi, qichqirib vahimali qo‘shiqlar kuylashadi, g‘ildiraklari g‘iytillagan arava ustiga g‘uj bo‘lib chiqib olishadi…

Shu tariqa “Qaroqchilar”da B.Yo‘ldoshev ijodida birinchi marta teatrga xos ma’nodorlik vositalarini uzil-kesil yangilash xohishi yorqin namoyon bo‘lgan.

Tarjimai holdan:

“Men “Qaroqchilar” spektakliga kirishganimda Toshkentda Katta dramatik teatr gastrollari o‘tayotgandi. Teatrimizga shu teatrning badiiy rahbari, yetuk rejissyor Georgiy Aleksandrovich Tovstonogov qadam ranjida qilgan edi. Aytish mumkinki, aynan unga biz – Georgiy Brim ikkalamiz bo‘lajak sahna asari andozasini topshirgan edik. Ko‘p narsalar haqida erinmay gaplashdik, qariyb butun kun davomida bu spektakl qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qildik. Fikrlarimiz Tovstonogovga yoqdi. U g‘oya juda qiziq ekanini va mening Shillerga ko‘plab tadqiqotchilardan boshqacha munosabatda ekanimni ta’kidladi, shu bois “Qaroqchilar” borasidagi mening talqinim durustgina qarshiliklarga duch kelishini bashorat qildi. “Ammo shunga qaramay, – dedi u suhbatiga yakun yasarkan, – men senga oq fotiha beraman”.

Shunday qilib, bu spektaklga oq yo‘lni Tovstonogovning o‘zidan olganman”.

Sirasini aytganda, o‘sha yillardagi birorta spektakl bu qadar ziddiyatli muhokama qilinmagandi. Mumtoz adabiyotning mashhur, salmoqdor spektakllari bilan tanilgan Akademik teatr sahnasida bu qadar o‘tkir sahna shaklini, bunday g‘ayrian’anaviy yechimni ko‘rishga tomoshabin odatlanmagandi.

Darhaqiqat, bu shunday bir spektakl sarhadi ediki, uning ustida ishlashda rejissyor B.Yo‘ldoshev va rassom G.Brim ijodiy juftligining yangi sifati yetilib kelgandi.

Shuningdek, spektaklda Frants va Karl rollari ijrochilari H.Nurmatov va Yo.Sa’diyevlar ham qahramonlarining ma’nodor tavsiflarini topganlar.

Avvaliga jur’at qilar-qilmas, keyin esa g‘azabga mingan Nurmatovning Frantsi bu dunyoda yomonlikning muqarrarligi haqidagi surbet falsafasini tiklaydi. O‘zining nozik xatti-harakatlari, qiziqarli va ifodali ravonligi bilan Nurmatov o‘zining qahramoni zimmasida yotuvchi axloqiy jinoyatning qariyb jismoniy hissiyotini ifoda etishga muvaffaq bo‘lgan.

Nurmatovning Frantsi spektaklning chinakam qahramoniga aylangan. U ruhiy jihatdan murakkab shaxs va Shekspirni eslab, Shillerni o‘ynaganlariga zo‘r misol bo‘la oladi. Spektaklda Frants – tug‘ma ig‘vogar, jismonan kuchli va aqlan zakiy. Atrofdagilardan ustun kelish unga lazzat bag‘ishlaydi. Har bir o‘y, har bir xatti-harakat – vijdonda nish urib kelayotgan shubha-gumonlarni yanchib tashlash oqibati. Boshlashga boshlab qo‘yib, u endi o‘zini to‘xtata olmaydi. Oxir-pirovardida, bu ichki parokandalik uning qalbini tilka-pora qiladi. Jinoyatlar og‘irligidan ezilib, u o‘limini uzoq kutilgan xaloskorlik deb qabul qiladi.

Sa’diyev ijrosidagi Karl qaroqchilar to‘dasi sardorining ahvolidan dili xufton, shubhalar girdobiga ko‘milgan. Akasining yovuzlarcha jinoyatlaridan tutaqib, o‘zining zaifligini his etadi. Adolat uchun kurashdan ilhomlangan Sa’diyevning Karl obrazida mutafakkir yuz ko‘rsatadi. Aktyor ijrosida “hamletchilik” xislatlari ko‘rinadi, degan tanqidchilar mutlaqo haq edi. Uning ijrosidagi eng yaxshi o‘rinlar, oshkora ko‘tarinkilik, ruhiy refleks (ko‘nikma), og‘ir ma’naviy hayot bilan chatishib ketadi. Keksa otasi, Yoqub Ahmedovning Moori va G.Zokirovaning Amaliyasi bilan uchrashuvni aktyor romantik usulda o‘tkazadi.

Spektakl finali ko‘plab bahslarga sabab bo‘ldi. Karlning o‘zini adolat qo‘liga topshirish niyatidan xabar topgan qaroqchilar avval uni, keyin esa o‘zlarini o‘ldiradi. Shu yerda bu Shiller matniga zid kelmasmikan, degan savol paydo bo‘ladi. Ha, zid kelishi mumkin. Harholda spektaklning bu finalida kontseptsiyaning tiniqligi, zo‘ravonlikka qarshi norozilikda ifoda etilgan asosiy mavzuning asosini ajratib ko‘rsatish bor gap edi. Spektaklning qahramonlari singari rejissyor ham oxirigacha mana shu norozilik bilan baqamti boradi.

“Qaroqchilar”da B.Yo‘ldoshev ijodida faqat teatrga xos ma’nodorlik vositalarini keskin yangilash xohishigina emas, balki tug‘ma teatr islohotchisining fazilati ham birinchi marta namoyon bo‘lgan. Spektaklning yaratilish sanasini yodga olish kifoya – 1974 yil. Shuning uchun kifoyaki, rosa o‘n yildan keyin u akademik teatrdan ketadi. O‘n yil – teatr uchun tilsimli raqam. XX asrning esa yirik rejissyorlari K.Stanislavskiy va P.Bruk bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan hayotda aytgan edilarki, bu muddat o‘tishi bilan jamiyatda va san’atning estetik tamoyillarida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi va san’atkor unga o‘z javobini aytishi kerak va zarur.

Sanani yana shuning uchun ham eslash kifoyaki, 1974 yilda Bahodir Yo‘ldoshevni Hamza nomidagi akademik teatrning bosh rejissyori etib tayinlashdi. U 28 yoshga kirgan navqiron yigit edi. Uni sobiq Ittifoqning barcha “akademik”lari orasida eng yosh bosh rejissyor deb aytar edilar. U bu teatrning ijodiy “yuzini” jiddiy o‘zgartirib yuborgan spektakllarni sahnalashtirdi.

1975 yilda V.Chichkovning pesasi bo‘yicha “Chiliga ishonaman” spektakli sahnalashtirilgan edi. Keskin va jo‘shqin shaklda spektakl Chilidagi davlat to‘ntarilishining fojiali voqealarini aks ettiradi. Teatr sahnasi Alendening safdoshlari va dushmanlari olib borgan keskin siyosiy bahslar, kurash olib borish, milliy mustaqillik yo‘llari haqidagi munozaralar maskaniga aylangan. Teatr tomoshabinlarni shu bahslarga tortadi. Spektakl voqeasi aktyorlar tomoshabinlar bilan yonma-yon o‘tirgan zalga ko‘chadi.

Chili prezidenti Alende roli Olim Xo‘jayevning so‘nggi ishlaridan biri bo‘lib qoldi. Aktyor sahnada Alendening intihosi sezilib turgan so‘nggi kunlarini boshdan kechirgan edi. Alende – Xo‘jayev  o‘z xalqi bilan qondosh va jondosh ziyoli, xalq qismati, uning ertasi Alendeni o‘z hayotidan ko‘ra ko‘proq tashvishga soladi.

Rejissyor ko‘pqirrali spektakl yaratdi, ayni vaqtda sodir bo‘lgan voqealarning bir qancha siymosini keng tavsiflab berdi. Bu voqealar joyidan olingan, taxminiylikka asoslanmagan yilnoma-reportaj edi. Bu kurash yillari haqidagi mubohasa ham edi. Bu to‘ntarish rahbarlari ustidan ishtirokchi shaxslarning xolisona hukmi ham edi.

“Chiliga ishonaman” spektaklida ijodiy usul Bahodir Yo‘ldoshev izlanishlarida yana ham rivojlantirildi. Postanovkalarda oshkora publitsistik ruhda u zamonaviy teatr epkinlari, aktyor borlig‘ining zamonaviy usuli asosida psixologizm va ramziylikning birikuvini qidiradi. Yalang‘och usullarga moyilligini o‘zgartirmagan, ayni vaqtda uni hattoki tomoshabinlar bilan bevosita aloqagacha kuchaytirgan holda u voqeaning brextcha epikligi bilan va qahramonlarining teran shaxsiy kechinmalari o‘rtasidagi o‘tib bo‘lmasdek ko‘ringan chegarani o‘chirib tashlaydi. Spektakl shakli borasida rejissyor rassom G.Brim bilan yaqin hamkorlikda olib borgan izlanishlarini davom ettirish barobarida B.Yo‘ldoshevning aktyor bilan ishlash uquvi tobora yaqqolroq namoyon bo‘ldi. Tomoshabin bilan yanada qalinroq munosabatni jonini berib qidirishlarida rejissyor aktyorga suyanadi – uning har bir sahnasida bu narsa namoyon bo‘lib turadi. U aktyorlarni o‘zbek teatri uchun noan’anaviy bo‘lgan o‘z jo‘shqinligi va ekspressiyasiga mos sahna hayotining marom va usulini fosh qiluvchi stsenografiya bilan o‘zaro faol hamkorlik sharoitiga solib qo‘yadi.

B.Vasilevning “Ro‘yxatlarda yo‘q” pesasi asosida qo‘yilgan spektakl ana shunday qiziqarli izlanishlardan biri bo‘ldi, buning uchun B.Yo‘ldoshev Popov nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan edi.

Qissa kabi spektakl markazida ham olti oy mobaynida Brest qal’asini mudofaa qilgan yosh leytenant Plujnikovning qisqa hayoti va qahramonlarcha halok bo‘lishi tasvirlangan. B.Yo‘ldoshev taklif etgan yechim ona yerini himoya qilgan insonlar jasoratining ulug‘vorligini chuqurroq his etishga undaydi.

Rejissyor aktyor va tomoshabinni iloji boricha ko‘proq yaqinlashtirgan. Aktyor uchun sahna o‘rtasidan kaftdekkina joy ajratilgan. Sahnaning xuddi shu yeriga, voqea o‘rni atrofiga rejissyor tomoshabinlarni o‘tqazib chiqadi.

Ijrochilar shu qadar dramatizm, ish-harakat va fe’l-atvorlarning kuydiruvchi haqiqati tomoshabinlarga yaqinligi bilan joy-joyiga terib chiqilganki, bunda zig‘ircha soxtalikka chidab bo‘lmaydi.

Urush haqidagi spektaklda dushman bilan jismoniy olishuv rejissyor tomonidan jo‘shqin, jasorat ila, goho tabiiy tafsilotlar bilan tizib chiqilganki, u o‘limga mahkum, ammo insoniylikni yo‘qotmagan odamlar qismatining kechmishi kuchliroq fonga aylangan. Bu odamlarning qismatlari o‘zining shishaday tiniqligida ochilgan, bunga kuchli ma’naviy va hissiy zo‘riqish tufayli erishilgan, unda butun sahna davomida aktyorlar yashagan. Spektaklning “tinch” lavhalari lirik manzaralari tuyg‘ularning  chinakam samimiyati bilan ishonchli va ta’sirchan chiqqan.

Z.Sadriyevaning Xristasi va Ya.Abdullayevaning Plujnikov onasi bo‘lgan sahnalarda, S.Yunusovaning Mirrasi va E.Nosirovning Plujnikovi bo‘lgan lirik lavhalarda, yuksak ma’naviyat va pok axloq namoyon bo‘lgan joylarda o‘tib ketgan urushning razilona dahshatlariga chiday olgan odamlarning qiyofalari bo‘y cho‘zgan.

Yosh aktrisa S.Yunusovaning Mirra rolidagi dastlabki ishi spektaklning kutilmagan mo‘jizasi bo‘ldi. Tortinchoq va ehtirosli qiz ramzida (uning hayotida umumxalq qayg‘usi va birinchi muhabbat baxti qo‘shilib ketadi) mutlaqo yosh aktrisaning “urushni his etishi”, chuqur ichki o‘zgarish ne’mati tomoshabinni hayratga soladi. Ammo bu uning, rejissyorning “urush sezgisi” edi, uni u o‘zida sinagan va undirgan, B.Vasilevning qissasini o‘qib o‘zi “boshidan kechirgan”, o‘z hissiy xotirasi qa’rida yashab o‘tgan va buni aktyorlar qalbiga qurgan edi. Ammo uning tuyg‘ulari qa’rida aktyorlikning asov tabiati haqidagi xotira ham yashar edi, rejissuraga ketish munosabati bilan ro‘y bergan uzilish unda tuzalmas yara bo‘lib qolaverdi. Bu xotira va dard uning uchun sahna haqiqati va aktyorlik soxtaligining bexato indikatoriga aylandi.

Spektaklning shakliga, manzarali tomoniga qanchalik e’tibor qilinmasin, B.Yo‘ldoshev qaysi teatrda ishlamasin, uning eng yaxshi rejissyorlik ishlarida har doim aktyorlik kashfiyotlari bo‘lishi, ular ham yosh, ham keksa – ko‘plab aktyorlar ijodida bosqichlar bo‘lib qolgani bejiz emasdi. Keksa aktyorlarning uning spektakllaridagi ishlari chuqur psixologizm bilan sug‘orilgan. V.Delmarning “G‘ariblar” pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakldagi N.Rahimov va S.Eshonto‘rayevaning nozik ijrosidagi Ota va Ona rollari, sal oldin tilga olganimiz O.Xo‘jayev ijrosidagi Chili prezidenti Alende roli, O‘.Umarbekovning “Komissiya” va N.Rahimov salohiyatining yangi qirralarini ochgan A.Abdullinning “O‘n uchinchi rais” spektakllaridagi zamondoshlarning dramatik xarakterlari va h.k. Bungacha esa “Kelinlar qo‘zg‘oloni” (Said Ahmad) spektaklidagi Farmonbibi rolini Z.Sadriyevaning nechog‘lik shirador va yorqin ijro etganini e’tirof etish lozim.

Oddiygina “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasida B.Yo‘ldoshev birinchi marta ortida an’anaviy milliy madaniyatning teatr va noteatr xazinasi yashiringan eshikka yaqinlashdi. U o‘zining mana shu eshigiga dangal kirib borishidan oldin o‘n yil o‘tadi va shundan keyingina shu eshikni boshqalarga lang ochib beradi. Hozircha bo‘sag‘ada turib, ichkariga jim quloq soladi va tomoshabinlarni hayrat va sarosimaga solgancha musiqiy ohanglar bilan yana sahnalashtirishni boshlab yuboradi. Kinoyaviy chekinish uslubida u maishiy komediyani hazilnamo milliy ohang bilan uyg‘unlashtiradi. Goh bosiq, goh sho‘x, goh ma’yus, goh quvnoq doira sadolari go‘yo voqea mohiyatini tarjima qilib turgandek bo‘ladi…

Ko‘pxonali oila hovlisida eskilik va yangilik, noan’anaviy turmush tarzi va shahar hayoti o‘rtasidagi ziddiyat avj olgan maishiy komediyaga rejissyor murosali boshlanishni olib kiradi. Faqat eskilik va yangilik o‘rtasidagi emas, balki o‘yin, tomosha (manzara) va turmush o‘rtasidagi murosa ham.

Birmuncha muddatdan keyin B.Yo‘ldoshev avval L.Tolstoyning “Tirik murda”, so‘ngra Hamzaning “Boy ila xizmatchi” asarini sahnalashtirib, mumtozlik va zamonaviylikni g‘oyat ta’sirchan tarzda murosaga keltirdi.

“Tirik murda” spektaklini rus mumtoz asarlari bo‘yicha o‘zbek teatrining barcha sahna asarlaridan eng “o‘rischasi” deb aytish mumkin. Bunday asliyatga aktyorning rus odamlari rolini o‘ynashdagi sa’y-harakatlari bilan emas, turmush, grim, liboslar mufassalligi bilan ham emas (holbuki, ular aniq o‘z aksini topgan), balki eskirmaydigan, yashovchan tolstoycha pesalarni chuqur tushunish bilan erishilgan.

B.Yo‘ldoshev va rassom G.Brim maishiy haqqoniyat va mazmundor teranlikning yaxshi o‘ylab topilgan nisbati bilan ajoyib badiiy ta’sirchanlikka erishishgan. Spektakl bezagi rejissyor fikrining ajralmas qismi, uning faol, ta’sirchan unsuri bo‘lib qolgan.

Rejissyor va rassom  Fedya Protasovning o‘ldirilishida ishtirok etuvchi jamiyatning qiyofasini yaratishgan. Sahna to‘rida, darparda ortida uni butun bo‘yi bilan to‘ldirib, turli holatlarda qotib qolgan odam shakllari elas-elas ko‘zga tashlanadi. Ular ko‘pchilik – ayollar, erkaklar, cho‘qinayotgan qariyalar: ular birinchi qatorda saf tortgan boy va zadagonlar ortidan zinapoyani to‘ldirib turibdi. Chayqalib turgan parda nimadandir norozi zodagonlarning sarobiy xarakterlarini gavdalantiradi. Shungacha ular Fyodor Protasov mojarosining unsiz guvohlarigina edi, xolos. Uning hayotiga biz – zalda o‘tirgan tomoshabinlar va ular – sahnaning ikkinchi tomonida tik turganlar har tomondan qaraymiz.

Fyodor Protasov qilmishlariga biz va ular bergan baholar tafovutida nafaqat makon va zamon, balki, eng asosiysi, ular va bizlar, tiriklar va o‘liklar o‘rtasida yotuvchi axloqiy jarlik vujudga keladi. Ammo Fedya Protasov qarg‘agan soxtalik, surbetlik, ikkiyuzlamachilik, boyonlarcha o‘zboshimchalik – o‘lik ekaniga rejissyor uncha ishonmaydi. U spektaklga to‘siqpardalar orasida lipillab o‘tib turgan, tergovchi xonasidagi movut qoplamali stollar oralig‘ida va spektaklning boshqa muhim sahnalarida ko‘lankaday suzib yurgan qiyofani olib kiradi.  Xo‘jayini tovonini yalashga tayyor gung malay, ayovsiz ijrochi – insondagi ablahlik va illat yashovchanligining mutaraqqiy tajassumi, Fyodor Protasov kabi shaxslarni ayovsiz yanchib tashlovchi tussiz ma’muriy tizim timsoli. XIX asr oxiridagi rus zodagonlari hayotini qunt bilan qayta gavdalantirgan spektaklning dolzarbligi shu qadar ayon ediki, uni hech kim payqamadi – mumtoz tarjima postanovkalarida ijtimoiy ma’nolar darkor edi, ammo ularni zamonaviy voqelik bilan bog‘lashni maqbul deb bilmas edilar. Aksincha, tarixiy-inqilobiy voqea aks ettirilgan spektakllarda ta’rif bo‘yicha mumtozlikka urg‘u berish ustunlik qilar edi. Hamza borasida-ku unga sayin – uning nomi ham charaqlab turardi, uning pesalarini bir xilda idrok etish odati hali kuchli edi. Shu bois B.Yo‘ldoshevning “Boy ila xizmatchi” spektaklidagi ijtimoiy urg‘ularning ochiqdan-ochiq yumshatilganini darrov payqashdi. O‘zbek teatrida birinchi marta rejissyor Hamzaning mashhur pesasi g‘oyalarini tarixiy-inqilobiy drama sifatida emas, balki inson dramasi sifatida o‘qishga urinib ko‘rdi. Buni XX asr Turkiston hayotidan olingan maishiy drama deb tushunildi, aslida dastlabki mualliflik nusxasida ham shunday edi. Balki aktyorlik ishlarining notekisligi tufayli hammasi birdek muvaffaqiyatli chiqmagandir, biroq u Hamza dramaturgiyasini yangicha o‘qishga kirishishdagi birinchi urinish, bugungi kun nuqtai nazaridan, ayni vaqtida qilingan ish edi. U rejissyor izlanishlari mavzuiga, uning milliy tarixga, tarixiy voqea-hodisalar girdobidagi bashariyat taqdiriga tobora kuchayib borayotgan qiziqishlari doirasi bilan yalakat mag‘iz bo‘lib ketdi.

O‘zbek xalqining tajribasini har taraflama fikr elagidan o‘tkazar ekan, B.Yo‘ldoshev o‘tmish va hozirni ulab turuvchi rishtani qidiradi, tarixning axloqiy va ijtimoiy saboqlari ma’nosini chaqib beradi. T.To‘laning “Nodirabegim”, Uyg‘unning “Abu Ali ibn Sino”, “Zebuniso”, P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” kabi spektakllarida tomoshabinlar uchun vatan tarixining yangi qatlamlari ochildigina emas, balki hozirgi zamon teatr tiliga mos kelgan tubdan yangi sahnaviy yechimlar topish istagi paydo bo‘ldi. Yana shu narsani ham ta’kidlash kerakki, bu postanovkalar 80–90-yillarda o‘zbek badiiy madaniyatida tarixga bo‘lgan qiziqishni tag‘in-da oshirib yubordi.

Tarixiy drama sahnalarida rejissyor faqat ma’rifiy vazifanigina bajarib qolmadi. Milliy o‘tmishga murojaat qilar ekan, o‘z spektakllarida u zamon qa’riga chuqurroq razm solishga, tarixiy qahramonlarda yuksak axloqiylik va madaniyat sarchashmalarini topishga urindi. Bu spektakllar o‘zbek teatrida yuzaga kelgan tarixiy drama asarlari sahna tajassumining rejissyorlik tamoyillarini boyitdi.

70–80-yillardagi tarixiy mavzudagi yangi spektakllarida manzara jihati kuchayadi, metaforik ramziylik tamoyillariga asoslangan sahnaviy shartlilik tobora kuchliroq ahamiyat kasb etadi. Voqeaning tarixiy aniqligini o‘zgartirmay, rejissyor tarixiy voqealarning zamon-makon o‘lchamlari bilan yana-da erkinroq ish olib boradi. Ijro san’atida qahramonlik – ishqiy an’ana ma’nolar xilma-xilligi bilan to‘yintiriladi, aksar hollarda esa to‘yintirilgan psixologizmga butunlay o‘rnini bo‘shatib beradi. Eng yaxshi an’analardan voz kechmagan holda rejissyor tarixiy voqealar va yirik tarixiy shaxslarning tom ma’nodagi yangi sahnaviy qarashlariga juda yaqin keladi.

Tarixiy drama B.Yo‘ldoshev uchun milliy an’analar oroliga olib o‘tadigan ko‘prik va shu an’analar bilan o‘zaro munosabatlar va hamkorliklarning yangi tamoyillari pishib yetiladigan maydon ham bo‘ldi.

Turli vaqtlarda, turli teatrlarda u to‘rt marta T.To‘laning “Nodirabegim” she’riy dramasiga murojaat qiladi – akademik teatrdan keyin, Muqimiy teatrida pesani qo‘yadi, bundan ozgina muqaddam Sirdaryo viloyat teatrida va nihoyat, “Diydor” teatr-studiyasida shu pesaga murojaat qildi. Qariyb o‘ttiz yil mobaynida to‘rt turli sahna versiyasi jamiyat hayotidagi tub o‘zgarishlar tufayli ham, rejissyorning ijodiy taraqqiyoti omili tufayli ham hayotga qaytarildi.

80-yillar boshida tarixiy spektakllar B.Yo‘ldoshevning Hamza teatridagi so‘nggi muhim postanovkalari bo‘ldi. 1983 yilda u teatrdan ketib, “Yosh gvardiya” teatri, (keyinchalik O‘zbek davlat drama teatri) ijodiy jamoasiga boshchilik qiladi. Yo‘ldoshev bilan birga akademik teatrdan G.Brim, qator yetuk va yosh aktyorlar ham ketadi.

Bu o‘zgarish butun mamlakat teatr hayotiga qattiq ta’sir qildi. Avvallari teatr jarayoni yo‘nalishi akademik teatr ijodiyotiga mo‘ljallangan bo‘lsa, endi u o‘zgarib ketadi, bunga yangilangan drama teatri, ko‘p o‘tmay boshqa teatrlar va teatr-studiyalar bosh qo‘shadi. Ijodiy raqobat muhiti paydo bo‘ladi. Shu tariqa B.Yo‘ldoshevning ketishi teatr ishini qayta qurishdan darak beruvchi alomatli amal desa bo‘ladi. Bu qayta qurishni boshlagan B.Yo‘ldoshev unda asosiy shaxs bo‘lib qoladi. Ijodining yangi bosqichida drama teatrida u qo‘ygan spektakllar O‘zbekiston teatr san’atining muhim tendentsiyalarini belgilab berdi, boz ustiga qo‘shni mamlakatlar teatr san’atiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Uning sahna kashfiyotlarini boshqa rejissyorlar qo‘llab-quvvatladi va rivojlantirdi, ko‘plari o‘zida B.Yo‘ldoshev ijodi ta’sirini his etdi. Uning shaxsiy fazilatini nafaqat teatr hammaslaklari, balki taniqli yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar, olimlar ham his etdi, ular uchun B.Yo‘ldoshev boshqargan teatr muntazam norasmiy uchrashuvlar joyiga aylanadi.

O‘zbek teatr madaniyatini yangi janrlar va uslubiy bo‘yoqlar, dadil sahnaviy shakllar bilan boyitishda B.Yo‘ldoshevning xizmatlari katta. Odatdagi jo‘n bayonchilik doirasidan chiqish niyatida u sahnaga xalq og‘zaki ijodi, elshunoslik, xalq masharabozligi unsurlari, an’anaviy badiiy madaniyatning butun majmui bilan “yo‘l” topdi, Sharq va G‘arbning moddiy va ma’naviy merosini bir-biriga behadik yo‘g‘irib yubordi. Goho sahovat ila, kelajak uchun “asrab” qo‘ymasdan, u o‘zining yangi sahna asarlarida eng ko‘p darajadagi ifoda vositalaridan foydalanadi.

Yangi ijodiy bosqich, darvoqe, Hamza pesasi asosida ishlangan “Maysaraning ishi” spektaklidan boshlangan. Rejissyor B.Yo‘ldoshev va rassom G.Brim eski pesaga yangicha qaraydi va masxarabozlar xalq teatri uslubida ajoyib tomosha asari yaratadi. Teatr “oroliga” yorib kirish sevinchining shabadasi spektakl tomonidan yelib keldi. Rejissyor an’anaviy xalq teatrining tamoyil va usullarini aniq gavdalantirishga intiladi. Unisi jozibador, oshkora uslublashtirish bo‘lib, uning ichida aktyorlar yengil va erkin so‘zlay olar edi. Butunlikni his etish bu yerda tafsilotlarning to‘g‘riligidan muhimroq sanalar edi. Rejissyor, rassom, ijrochilar – barchani o‘yin qudrati birlashtirib turadi. Zamonaviy aktyor va aktrisalar masxarabozlar teatriga o‘xshab o‘ynar edilar. Yangi taassurot, tajriba tavakkali faqat erkak­lar o‘ynaydigan xalq teatri estetikasining yaqqol xatolarini xaspo‘shlab turar edi. Asosiy narsa – bu “Maysara” ahamiyatining kattaligi. Milliy o‘yin teatrining tabiatini zamonaviy vositalar bilan fikr tarozisidan o‘tkazishga intilish ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Teatr nafaqat sahnada, balki ko‘cha va maydonlarda bemalol qo‘yib berilaveradigan yorqin tomoshalarda B.Yo‘ldoshev zamonaviy o‘zbek teatrining butun bir yo‘nalishiga eshikni lang ochib beradiki, bu bugungi kunda ham sezilib turadi.

25 yildan keyin u Hamzaning bu pesasini “Diydor” studiyasida yana sahnalashtiradi. Birinchi postanovkadan mutlaqo farq qiluvchi spektakl ham o‘zbek xalqining kulgu madaniyatidan bir qismini, uning, ta’bir joiz bo‘lsa peshtaham hazillar, qo‘g‘irchoq o‘yinlari, shahvoniy manzaralar mavjud bo‘lgan maydon tabiatini o‘ziga singdirib olgan “Diydor” studiyasining dastlabki bitiruvchilarining diplom ishi sifatida qo‘yilgan bu o‘quv spektakli shu qadar yorqin va kutilmagan taassurot qoldirdiki, birinchi ko‘rikdan keyinoq Frantsiyadagi festivalga taklif etildi, tomoshabinlar uni zo‘r olqishlar bilan qarshi oldi.

Adabiy so‘zni teatr mazmundorligi, klassikani zamonaviylik bilan murosaga keltirish, Sharq va G‘arbning, Shekspir va Navoiyning aql bovar qilmas suhbatlariga diqqat bilan quloq soldirish, badiiy o‘zbek madaniyati va yangi sahna texnologiyalari an’analarining, tarixning bugungi kundagi jilvalarini ko‘rish… Teatr muqobilini qidirib topishning tom rejissyorlik vazifasidan adabiy ashyoga – “o‘z” teatriga…

B.Yo‘ldoshevning mana shu “o‘z” teatrida musiqa, she’riyat, tasviriy san’at, me’morchilikning badiiy an’analari talaygina o‘rin egallaydi.

Alisher Navoiy dostoni asosida sahnalashtirilgan “Iskandar” spektaklida B.Yo‘ldoshev ma’naviy madaniyatni olislab ketayotgan asrlarning zamonaviy sahna ramziyligi bilan yo‘g‘rilishini qidirishda davom etdi. Mana shu “sahnadagi jo‘rovozlik”da Yevropa simfoniyasi va o‘zbek mumtoz maqomlari, G‘arb va Sharq me’morchiligi bir-biri bilan uzviy birikib ketadi, Navoiy va Iskandar Maqduniy  o‘rtasida “asrlar osha suhbat” kutilmaganda zamonaviy jarang kasb etadi.

Taniqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev instsenirovkasi, u bilan izma-iz spektakl shoir shuurida uning bo‘linmas “Saddi Iskandariy” dostoni ramz va voqealarining pishib yetilish jarayoni sifatida tizib chiqiladi. Hokimiyat va adolat haqida fikr yuritar ekan, Iskandar spektaklda go‘yoki muqaddas uchlik siymosi sifatida gavdalanadi – u ham o‘z zamonasidagi voqealar ishtirokchisi, ham Navoiyning “hamsuhbati” (shoir ham spektakldagi ishtirokchi shaxs hisoblanadi), ham tarixiy qahramon, zamonaviy rassom nigohida u shunaqa aks etadi – bu nigoh “asrlarda vujudga kelgan yolg‘on”ni yorib o‘tadi. Ayni holda “yolg‘on” – bu Iskandar Zulqarnayn siymosini buzib ko‘rsatuvchi, uni yo ilohiy qahramon, yoki shafqat nimaligini bilmaydigan bosqinchi qilib tasvirlovchi qat-qat afsona, osori-atiqalardan iborat. Hatto E.Nosirovning Iskandari (sal semizroq, bo‘yi baland emas) odatdagi afsonaviy qahramonga tashqi jihatdan uncha o‘xshamaydi. Tarixiy hujjatlarga da’vo qilmagan holda rejissyor adabiy negizga yondashuvdagi kabi shaxsning badiiy talqinida ham o‘zining noan’anaviy versiyasini yaratdi.

O‘z ijodiy amaliyotida u uzoq va yaqin tarixiy siymolarga bir necha bor murojaat qildi, sahnada xalq tarixiy taqdirining tugundor joylari haqida spektakllarning butun bir turkumini mujassam etdi. Har bir alohida holda yangi janr bo‘yoqlari, antiqa uslubiy yechimlar tug‘ildi. Milliy madaniy an’analarga chuqur muhabbat, zamonaviy spektaklning har bir tarkibidagi bu an’analar imkoniyatlariga chuqur qiziqish bilan qarash uning so‘nggi ikki o‘nyillikdagi postanovkalarida namoyon bo‘ladi. Bu vaqtda u o‘zbek teatri qanday bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak degan an’anaviy savolga javob topish bilan ovora edi.

Zamonaviy sahna va turli-tuman an’analar o‘rtasidagi munosabatlarni muttasil aniqlash uning ijodining muhim qirralaridan biri. Hamza teatrida bular akademizmning an’ana va andozalari edi. “Maysara”da – masxarabozlarning sof teatr an’analari, “Saddi Iskandariy” spektaklida uni o‘zbek xalqi badiiy merosidagi eng boy an’analarning butun bir majmui qiziqtiradi. Milliy madaniy an’analarning G‘arb universal qadriyatlari bilan singishib ketishi, turli madaniyatlar vakillari o‘rtasidagi hissiy masofani bartaraf etish, sahnani Sharq va G‘arb madaniy sintezi maydoniga aylantirish istagi – bugungi O‘zbekiston madaniyatining dolzarb muammosi B.Yo‘ldoshev postanovkalarida 80–90-yillardayoq yorqin aks etgan edi va, ehtimol, o‘shanda bu to‘la tarzda baholanmagandir.

Izlanishni davom ettirar ekan, u frantsuz dramaturgi J.Saranning “Ma’mura” pesasi voqea va qahramonlarini (Teatr versiyasida “Ma’mura kampir”) zamonaviy o‘zbekona muhitga ko‘chiradi. Bu shunday ustalik bilan qilingan ediki, tomoshabin qahramonlarning frantsuz ekanligini bilolmagan.

“Buyuk Ipak yo‘li”da ham an’anaviy badiiy madaniyatning boy meroslariga nisbatan alohida ziyraklik bilan qarash boshlandi. Rejissyor B.Yo‘ldoshev, rassom G.Brim, bastakor M.Bafoyev tasviriy san’at, musiqa, plastika (ravonlik), nur vositasi orqali o‘rta asr mamlakatlarining timsollarini bir-biriga singdiradi. Spektaklda bitta ham so‘z ifoda etilmaydi, faqat pianinochi Adiba Sharipova mahorat ila chalgan  fortepiano ovozigina yangrab turadi. Tuyalar karvoni bilan birgalikda tomoshabin Hindiston va Xitoy, O‘rta Osiyo orqali G‘arbiy Yevropagacha bo‘lgan katta masofadagi Buyuk Ipak yo‘lini bosib o‘tadi. Bu mamlakatlarning har biri o‘zining bemisl bo‘yi, alomatlari, sir-asrorlari bilan kishini maftun etadi.

Spektakl yaratuvchilarining u yoki bu xalqning o‘ziga xos g‘aroyib xususiyatlarini ilg‘ab oluvchi xayoloti ularni bashariyatning ko‘pqiyofali, yorqin va rangorang, ayni vaqtda yagona timsoliga payvand etadi. Jozibador manzara an’anaviy madaniyatning bepoyon dunyosidan foydalanishda zamonaviy sahna imkoniyatlarini ochib beradi.

Nihoyat, S.Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” (N.Karimov instsenirovkasi) romani bo‘yicha ishlangan “Sudxo‘r” spektaklida B.Yo‘ldoshev elshunoslik, xalq og‘zaki ijodi, milliy hayot tarzi, turli-tuman urf-odatlarini sahnaga olib chiqish yo‘lini izlaydi. O‘tmish qa’riga g‘arq bo‘lgan tragikomik voqea-hodisalar folklor teatri uslubida ochib berilgan. Qadimgi Buxoro musiqiy folklorining o‘ziga xos koloriti va xususiyatlari bo‘lgan xalq qo‘shiq va raqslari sahnadagi voqealar bilan uzviy chatishib ketadi. Sal keyinroq, o‘zbek milliy an’analari bilan madaniy-tarixiy aloqalarni u boshlagan izlanishlar zamonaviy o‘zbek sahnasining ko‘zga ko‘ringan yo‘nalishlaridan biriga kelib qo‘shiladi.

Ehtimol, uning sahnaga oid ma’naviy meros va G‘arbu Sharq tajribalari haqidagi fikru uslublari nimaga kelib qo‘shilishini u o‘ylab ko‘rmagan hamdir. Ular o‘zbek teatrining bundan keyingi rivoji uchun o‘ziga yarasha andoza, ochiq kodli dastur bo‘lib qolishiga shubha qilmasdi. Rejissyor o‘z ishini qilaveradi – spektakllar qo‘yaveradi. Uning spektakllarini nafaqat teatr artefaktlari sifatida, balki zamonaviylikning madaniy jarayonini tashkil etuvchi muhim omil sifatida baholash zarurati esa Bahodir Yo‘ldoshev badiiy savqitabiatining kuchi va ilgarilab ketuvchi mohiyatidan darak berardi. Uning ko‘plab spektakllari “ilgarilab” ketgandi. Ammo zamonaviy teatr epkinlari bilan, milliy tarix bilan, madaniyat an’analari bilan u chiqishib olgandi va bu o‘zaro mehr-oqibat yillar o‘tishi bilan mustahkamlanib borardi.

Rejissyorning asari, har bir yangi ishi sahna tilining yangilanishlarini qidirib topishga yo‘naltirilgan tajriba xossasiga ega. Badihaviy karnaval stixiyasi, tragikomik masxarabozlik, kulgili aktyorlik yechimlari, rejissyorlik talqinlarining nazokatli uslublashtirilishi – yaxshi postanovkalarning ayrim alomatlarigina, xolos. Bunda yangi g‘oyalar va ifodali vositalarni qidirib topish, rejissyorlik uslubining “postanovka faolligi” deb ataluvchi spektakl shakli bilan tajribalar o‘tkazish B.Yo‘ldoshev rejissyorlik ishlarida aktyorning individualligini hech qachon qisib qo‘ymagan. Aktyorlar bilan ishlashni u sevadi va  uddasidan chiqadi. Uning spektakllaridagi eng yaxshi rollarni N.Rahimov, Z.Sadriyeva, A.Rafiqov, E.Nosirov, H.Nurmatov, S.Yunusova singari ko‘plab aktyorlar o‘ynagan.

Shundayin, “Buxoroi Sharif” spektaklidagi E.Nosirov va H.Arslonov ajoyib aktyorlik dueti uzoq vaqtgacha yodda saqlanib qoldi. Malay va xo‘jayin suhbatlariga nozik, salkam inglizlarga xos hazil, odob doirasidagi masxarabozlik aralashgan. Sahnaga yarashgan, ammo o‘zbek askiyabozlarining ohori ketmagan musobaqa an’anasi spektaklning noyob janr tabiatini, uning jozibador muhitini paydo qilgan.

B.Yo‘ldoshevning tarixga qiziqishi, milliy an’analar tomon olib boruvchi yo‘llarni qidirishlari zamonaviy mavzuni chetlab o‘tish degani emas. Zamonaviy spektakllarda ham nafaqat uning xilma-xil janr va uslub afzalliklari, balki axloqiy orzular va sahnalashtiruvchining o‘z maqsadi yaqqol ko‘rinib turadi. Har o‘n yil oralab turli teatrlarda B.Yo‘ldoshev sahnalashtirgan Mashrab Boboyevning “Gurung” va Shukur Xolmirzayevning “Ziyofat” kabi rang-barang pesalari ijrochilar tomonidan bir-biriga yaqinlashtirilgan. Ajoyib aktyor H.Nurmatov o‘ziga xos artistizm va jozibadorlik ila mayda-chuyda voqea-hodisalar orasidan tomoshabinlarni o‘z qahramonlarining axloqiy buzuqlashuvi pillapoyasidan olib o‘tadi. Bu spektakllarda rejissyor har qanday sahnaviy ta’sirchanlikni rad etadi, tomoshabinni kundalik hayot, turmush tashvishlari haqida o‘ylashga undaydi. “Gurung”dagi Shodi “dala hovlichi” mudom tarallabedod qilib yuradi. Uzoq-uzoq qashinib va pishillab, “Ziyofat”dagi holdan toygan “militsiya kattasi” Mirshabning paypog‘ini yechadi. Odamlar o‘tiradilar, gap sotishadi, ichadilar, bularning oxiri esa “voy” bo‘ladi. Xudoning bermish kunidagi ko‘rgiliklar jonga tegadi, mayda odamlarning oshkora ablahliklari avj oladi, beorlik va surbetlik oldidagi ojizlik ularni hayotdan bezdirib yuboradi.

Tomosha zalida o‘tirgan odamni yaxshiroq, insofliroq, vijdonliroq qila olishga rejissyorning ko‘zi yetadimi? Bahodir Yo‘ldoshev idealist emas, ammo, uning o‘zi aytishicha, spektaklni bitta odam uchun ham qo‘yishga tayyor. Azbaroyi ta’sirlanganidan ko‘z yoshi to‘kadigan, lekin hammasini unutib yuboradiganlar uchun emas. Kim o‘ylansa, kim esida saqlab qolsa o‘shandaylar uchun qo‘yadi u. Tomoshabinlar qalbiga o‘rnashib qolgan “Diydor” teatr-studiyasida shoira Zulfiyaning dostoni asosida “Xotiram siniqlari” spektakli kabi. Rejissyor B.Yo‘ldoshev, rassom Seduxin talqini va Gulbahor Yo‘ldoshevaning samimiy ijrosidagi mashhur shoiraning o‘tmish haqidagi oshkora tavallolari zamonaviy avlodlar uchun or-nomus sabog‘i bo‘lib qoldi.

Shunda ham qanchalik ko‘p ishlar qilganiga qaramay, talay narsalar orzuligicha turibdi. Talabalik paytida Hamletni o‘ynab, o‘z faoliyatida Shekspirning “Hamlet”ini qo‘yishga uch marta jazm qilgan edi, ammo birinchi repetitsiyadayoq har gal bunga nimadir  to‘g‘anoq bo‘lavergandi. 70-yillarda spektaklni qo‘yishga muvaffaq bo‘lmadi, unda akademik teatrning dastlabki avlodlari faxriylarini to‘plamoqchi bo‘ldi. 80-yillarda universitetda teatr fakulteti ochishning uddasidan chiqolmadi, buni u o‘zining tajriba teatri qilmoqchi edi.

Mashhur italiyalik tenor Lyuchano Pavorottini Mirzo Ulug‘bek yubileyiga bag‘ishlangan tomoshada qo‘shiq aytishga taklif qilolmadi. Bahodir Yo‘ldoshevning ona shahri Kattaqo‘rg‘onning (Samarqand) yo‘lida antik namunada o‘ylangan ochiq osmon ostidagi amfiteatrining noyob loyihasi chalaligicha qolib ketdi…

Hozirgi yuksak texnologiya sharoitida “antik miqyoslar”, milliy an’analarni namoyon etish imkoniyatlari Mustaqillik kuni va “Navro‘z” bayramlariga bag‘ishlangan maydondagi teatrlashtirilgan tomoshalarda rejissyor tomonidan sinab ko‘rildi. Mumtozlikka aylangan bu tomoshalarning namunalarini ham B.Yo‘ldoshev yaratgan. Uning uslubi, didi, zamonaviy teatr­lashtirilgan tomoshalarning eng murakkab san’atini mukammal jamlagani Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan tadbirda, Samarqandning qadimgi maydonida har ikki yilda bir o‘tadigan “Sharq taronalari” an’anaviy xalqaro musiqa festivalida yorqin namoyon bo‘ldi.

Qariyb o‘n besh yildan beri rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev teatr-maktab studiyasi tashkil etish g‘oyasi bilan yashamoqda. Bugungi kunda uning rahbarligi ostida vujudga kelgan “Diydor” teatr-studiyasi faqat O‘zbekistonda emas, chet ellarda ham tomoshalar namoyish etib kelmoqda. Uning o‘zi teatr-studiyani yonib turgan olovga o‘xshatadi: “Studiya, bu – har doim shamolda yongan olov. Bu uning qismati. Shamol kuchaysa, olov ham kuchayadi, shamol o‘chsa, olov ham o‘chadi”.

Shamolda yongan olov – bu uning o‘zi ham. U shamoldan qo‘rqmaydi, aksincha, shamolsiz yasholmaydi, shamol qancha kuchli bo‘lsa, u shuncha gurillab yonadi.

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 9-son