Tinch okeani

Tinch okeani “Buyuk okean” nomini olgan, kattaligi va chuqurligi jihatidan Yer sharida birinchi o‘rinda turuvchi ummon hisoblanadi. Ushbu okean g‘arbdan Yevroosiyo va Avstraliya, sharqdan Shimoliy va Janubiy Amerika, shimoldan Chukotka va Syuard yarim orollari o‘rtasidagi yo‘lak, janubdan Antarktida bilan chegaralangan. Maydoni dengizlari bilan birga 178,6 mln. km. kv, dengizlarisiz 148,3 mln. km. kv, suvining hajmi 710 mln. km. kub.

Eng chuqur joyi 11022 metr (Mariana novi). Odatda Tinch okeanini ekvator chegarasiga asoslanib ikkiga, ya’ni Shimoliy va Janubiy qismlarga bo‘lishadi.

Dengizlari asosan okeanning shimoli-g‘arbiy va g‘arbiy chekkalarida joylashgan. Ular: Bering, Oxota, Yapon, Shar-qiy Xitoy, Sariq, Janubiy Xitoy, Yavan, Sulavesi, Sulu, Filippin, Marjon, Fidji, Tasman, Amundsen, Bellinsgauzen, Ross kabilardir. Okeanda 10 mingga yaqin kichik va katta orollar mavjud. Ularning umumiy maydoni deyarli 3,6 mln. km. kv. Suv harorati ekvator qismi yuzasida 26-29 daraja, qutbga yaqin hududlarda esa — 0,5 daraja.

O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYoSI

Tinch okeanining flora va faunasi juda boy. Ummonda 100 mingdan ortiq hayvon turi, 380 dan ziyod fitoplankton turi mavjudligi ma’lum. Shelf zonasida turli-tuman qo‘ng‘ir, fukus, laminar suvo‘tlar, mollyuskalar, chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar, ignatanlilar va boshqa organizmlar yashaydi. Tropik kengliklarda marjon riflari juda rivojlangan. Baliqlarning tropiklarda 2000 ming turi, mo‘tadil kengliklarda 800 turi mavjud. Shimoliy mo‘tadil va janubiy yuqori kengliklarda sut emizuvchilardan dengiz mushugi, kit, shuningdek, morj, laxtak, sivuch, qisqichbaqa, krevetka, ustritsa, boshoyoqli mollyuskalar juda ko‘p. Tinch okeani faunasining aksari qismi endemik hisoblanadi.

OKEAN “KEChINMALARI”

Ma’lumki, dengiz tubida zilzila sodir bo‘lganda ulkan to‘lqinlar – tsunami yuzaga keladi. Bu to‘lqinlar gohida 16 ming kilometr masofani egallaydi. Ochiq dengizda ularning balandligi katta bo‘lmasa-da, ko‘lami ulkan bo‘ladi. Lekin quruqlikka yaqinlashgan sayin, ayniqsa, tor qo‘ltiqlarda, ularning balandligi 50 metrgacha yetishi mumkin. Lekin tsunami bo‘lmagan paytlarda ham okean suvining sathi bir maromda bo‘lmaydi. Suv sathi ko‘tarilishi yarim sutkada (Alyaska qo‘ltig‘ida 5,4 metr, Oxota dengizida 12,9 metr), Solomon orollari atrofida har sutkada takrorlanadi (balandligi 2,5 metr). Okeanda doimiy va suzib yuruvchi muzlar bo‘lib, ular asosan yuqori janubiy kengliklarda joylashgan.

TUGANMAS JAVOHIRLAR UMMONI

Tinch okeni jahon iqtisodiyoti va xo‘jaligi sohalarida g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Okean va dengiz atrofida yashovchi aholining asosiy daromadi, qolaversa, butun turmush tarzi va hatto an’analari ham ana shu suv havzalari bilan uzviy bog‘liq. Mana bir misol, dunyo bo‘yicha tutiladigan baliqlar va ishlab chiqarilayotgan dengiz mahsulotlarining deyarli 60 foizi Tinch okeani hissasiga to‘g‘ri keladi. Baliqchilarning asosiy ovi losossimonlar, treskasimonlar, seldsimonlar, skumbriya, sardina, sayra, dengiz olabug‘asi, tunetslar va kambalasimonlardir. Lekin har joyning o‘z tosh-tarozisi mavjud. Tinch okeanida baliq ovlash bo‘yicha tuzilgan bir necha xalqaro konventsiyalar shundan dalolat beradi. Ular okeanning biologik boyliklaridan oqilona va samarali foydalanishga qaratilgan.

Ertaklardan ma’lumki, ummon shoxlari juda badavlat bo‘lgan. Buni cho‘pchak deganlar esa adashadi. Masalan, Alyaskaning sohil bo‘yi dengiz qismi oltin va platinaga nihoyatda boy. Shuningdek, okeanning shimoliy kenglik va g‘arbiy uzunliklarida 3000 metr chuqurlikda temir-marganets konkretsiyalarning yirik konlari bor. Okeandagi 120 dan ortiq neft va gaz konlari tadqiq etilib, ulardan 70 foizi ishga tushirilgan.

BUGUN…

Tinch okeani orqali to‘rt materikni bog‘lab turuvchi eng muhim dengiz va havo yo‘llari o‘tgan. Yirik portlari: Vladivostok, Naxodka (Rossiya), Shanxay (Xitoy), Singapur (Singapur), Sidney (Avstraliya), Vankuver (Kanada), San-Frantsisko (AQSh), Uasko (Chili). Tinch okeani tashiladigan yuklar hajmi va ularning o‘sish sur’ati bo‘yicha 2-o‘rinda turadi. Eng muhim transport yo‘llari AQSh va Kanada portlarini Yaponiya portlari bilan bog‘laydi.

Yana bir muhim ma’lumot, Tinch okeani orqali 1800 meridian bo‘yicha vaqt o‘zgarishi chizig‘i o‘tgan. Shu sababli ham diyorimizda soat kunduzgi to‘qqiz bo‘lganda, Shimoliy Amerika qit’asida soat kechki 11 lar atrofida bo‘ladi.

N.To‘xliyeva tayyorladi.