Rigo o‘z tajribasini butun nozikligigacha oshkor qilishni istamadi, ammo uning aytishicha, bu nurlar faqat qorong‘ulikdagina ko‘zga tashlanmaydi. Tasavvur qiling, do‘konlarda nur shishalab, bochkalab sotilsa yoki olib borgan pulingizga yarasha idishingizga quyib berishsa. Bir xayolga beriling, uzoq safarga chiqishdan oldin avtomobilingiz bakini yoqilg‘i bilan to‘ldirishdan tashqari, yoritkichlariga yetarli darajada suyuq nur solsangiz, xuddi suv kabi quvurlarda nur oqsa…
Bular aslo tasavvur olami bilan cheklanib qolmasligi uchun dizayner Kristina Ferras Rigo ajoyib kashfiyotga qo‘l urdi. Ayni paytda Buyuk Britaniyada o‘qib, Ispaniyada ishlovchi ijodkor bu kabi g‘ayrioddiy haqiqatga erishish uchun dastlabki qadamini ham qo‘ydi.
Fiziklarning aytishicha, yorug‘lik bu elektromagnitli to‘lqinlardir. Lekin ixtiyoriy bolakaydan yog‘du nimaligini so‘rab ko‘ring-chi, u darrov “Oyim qandilni yoqqan paytda paydo bo‘ladi” yoki shunga o‘xshash biror javobni beradi.
Maishiy hayotda yorug‘likni turli manbalar orqali hosil qilish mumkin – chiroq, kamindagi gulxan yoki zamonaviy svetodiod. Biz yorug‘likning kelib chiqish mohiyatini to‘liq anglab yetmaganmiz. Masalan, stakanga misqollab yorug‘lik quyish qandaydir mantiqsizlikday tuyulishi mumkin. Ammo aslida unday emas.
Bu yorug‘likni ichib bo‘lmaydi, lekin stol ustiga to‘kib, latta bilan artib tashlash mumkin.
Kristina kundalik hayotdagi odatiy narsalarning noodatiy taraflarini topish, maishiy buyumlar bilan odamlar o‘rtasida yangicha bog‘lanishlarni yaratishga qiziqadi. Uning nurni suvga aylantirish borasidagi harakatlarida elektr sohasining ta’siri unchalik sezilmaydi. Chunki Rigo avvaliga yorug‘likning ko‘pchilikka notanish manbalari – xemilyuminestsentsiya va fluorestsentsiya yordamida tajriba o‘tkazdi.
Birinchi holatda yorug‘lik reaktsiya sodir bo‘lgandan keyingina yuzaga chiqdi. Ikkinchi holatda dizaynerlik imkoniyatini cheklovchi ultrabinafsha nurlaridan doimiy foydalanishga to‘g‘ri keldi.
Tajriba rasmida suyuq nur olishning ikki xil usuli – xemilyuminestsentsiya va fluorestsentsiya yordamida hosil qilingan holati ko‘rsatilgan. Shu orqali yorug‘likning xarakteri hajmga bog‘liqligi aniqlandi. Tasvirda ko‘rinib turgan shaffof stakan (undagi suyuqlikning ustki qatlami nur taratyapti), xira devorli jinchiroq (butunligicha yorug‘likka cho‘mgan) va oddiy idishdagi nurlanish bir-biridan farqlanadi.
Nihoyat, fosforestsentsiya (DE)light loyihasi uchun eng qulay vosita deb topildi. Rassom suv bilan yaxshi “chiqishadigan” bo‘yoqni tanlab ishga kirishdi. Materialga bir nechta ekspozitsiyalar bilan ishlov berilgandan so‘ng u 10 soat to‘xtovsiz shu’la sochdi. Yerosti kamyob metallari ham bunday xususiyatga ega ekanligi sir emas. Ularni mayda kukun holiga keltirib, suvga aralashtirish mumkin. Lekin Rigo ajoyib yangiligi uchun aynan nimalardan foydalanganini hozircha oshkor etmayapti. Nima bo‘lganda ham Kristina maqsad sari eltuvchi mukammal kontsertatsiyali pigment (bo‘yoq)ni yaratgani rost.
Shunday qilib yonuvchi suv dunyoga keldi.
Shishada yorug‘likning “ichib bo‘linmagan” qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Qiziq, bu shishani do‘kon rastasiga chiqarishdan oldin uning etiketkasiga nima deb yozilardi? “Cho‘g‘lanma lampa” nomini eshitgan bo‘lishimiz mumkin. Bokal o‘z nomi bilan. Chap tarafdagi qadah sharob uchun emas, u stol lampasi vazifasini bajaradi.
«Bu yoritkichlar dizayni emas, balki yorug‘lik dizaynidir», – dedi Kristina.
Uning fikricha, buni boshqacha qilib «yorug‘likni noodatiylashtirish» deb atash mumkin. Shu kundan boshlab fonus, qandil, shamdonlar ichida suyuq yorug‘likni ko‘rsangiz ajablanmang. Rigo iste’dodi sababli amaliyotga tatbiq etilayotagn (DE)light loyihasi doirasidagi birinchi mahsulotlar – chiroq shaklidagi bokal, abajurli stol yoritkichi yaqin kunlarda sotuvga chiqariladi.
– Kelajakda odamlar odatiy yoritkichlardan voz kechishadi. Ularning o‘rnini ixtiyoriy shakldagi buyumlar ichida nur taratayotgan yonar suv egallaydi. Avtomobil chiroqlarida ham suyuq yorug‘lik yog‘du taratadi. Iste’molchi esa shu’lani do‘konlardan gramlab olib keladi, – deya orzulaydi kashfiyotchi.
Kristina “suyuq yorug‘lik” yordamida shakl va tarkib ustida nozik o‘yin olib borgan. Buni o‘ziga xos paradoksga qiyoslash mumkin.
Fosforestsentsiyaning ijobiy tomoni shundaki, uni uzoq vaqt ishlatish imkoni bor. Kristina yasagan idish ichidagi noodatiy yorug‘lik ertaklarni eslatadi. Balki yaqin kelajakda yon qo‘shningizdan qarzga suyuq nur so‘rab chiqarsiz.
Ko‘rinishi samovarni eslatuvchi mazkur idishda ikkita detal bor – elektr tokiga ulanmagan shnur va yorug‘lik tomadigan jo‘mrak. Ushbu choynakni yorug‘lik bilan to‘ldirsangiz, nur taratadi. Uni o‘chirmoqchi bo‘lsangiz, jo‘mragini ochib yuborsangiz kifoya. Bu yoqgichni bosishdan farq qiladi. Kristinaning kashfiyoti odatdagisidan afzalroq va romantika hamda ertaklar olamiga yaqinroq.
Suyultirilgan yorug‘likka intilish, xiyobondagi fonusdan taralayotgan shu’la tushib turgan skameykada o‘tirib olib xayol surish, stol ustidagi stakandagi suyuq chiroq yog‘dusida shirin choy ichish – bu kabi uyg‘unliklarni ko‘plab keltirsa bo‘ladi.
(DE)light loyihasi ustidagi ishlar hali davom etmoqda. Rigo yangicha yoritkichning ustki qoplamini odatdagidan farqli o‘laroq tirnalmaydigan po‘latdan yasagan bo‘lsa, uning ichi yana bir paradoksdan iborat – nurli sharbatga to‘la. Lekin po‘latdan yasalgan yoritkichning maxsus suyuqliksiz oddiy o‘yinchoqdan farqi qolmaydi.
Bunday ko‘rinishdagi nur manbaidan foydalanishning ham o‘ziga yarasha qoidasi, gashti bor. Kerakli natijaga erishish uchun kolbaga yetarli miqdorda fosforestsentsiyali eritmani solish kerak. Lekin polga to‘kib yubormaslik lozim. Ha, mayli, bir-ikki marta yerga tomsa, hech narsa qilmaydi, qaytaga ajoyib manzara hosil bo‘ladi. Pol ustidagi yorug‘lik tomchilari shabnamdan ham yorqinroq ko‘rinadi. Sababi esa ma’lum.
Kristina yangi kimyoviy birikma yoki qat’iy ko‘rinishdagi texnologiya yaratmaganini sezish qiyin emas. Muallifning o‘zi bu haqida shunday dedi: “Ammo bu (DE)lightning qimmatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Mazkur loyihani shoirona izlanishga qiyoslash mumkin va u odamlarni yangi-yangi g‘oyalar sari undashi, odatiy narsalar hamda holatlarda ham noodatiylik yashirin ekanligini anglatishga undaydi”.
Saidjon Maxsumov tayyorladi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.