Ingliz fizik olimi Robert Guk (1635-1703) 1665 yili “hujayra” tushunchasini fanga kiritishi biologiyaning fan bo‘lib shakllanishiga kuchli turtki berdi. Biologiya hayot, tirik tabiat haqidagi ta’limotdir. Ushbu fanning va uning yirik tarmoqlaridan biri bo‘lgan genetikaning taraqqiyoti tirik mavjudot uchun, jumladan, insoniyat uchun olamshumul ezguliklar keltirdi. Bu fanning keyingi taraqqiyoti kelajak uchun yanayam ko‘proq xizmatlar ko‘rsatishiga ishonchimiz va umidimiz juda katta. Lekin biologiya fani yutuqlaridan falsafiy nuqtai nazarlar uchun pala-partish foydalanish, buyuk allomalar aytganidek, “Maymoq haqiqatlar uchun go‘zal farazlarni qurbon berish” insoniyat ma’naviy hayotiga, ayniqsa, Ch.Darvinning “Turlarning tabiiy tanlanish yo‘li bilan kelib chiqishi“ deb nomlangan mashhur asari (1859) asosida vujudga kelgan ta’limotidan beri, ko‘p sarosimaliklar olib keldi.
Genetikaning oxirgi yillardagi yutuqlaridan dovdirab qolgan Shvetsiya qirolligining 349 nafar deputatdan iborat rikstagi (parlamenti) kasalmand bo‘lib tug‘ilgan bolalarni kimlar uchundir “ehtiyot qism” sifatida qurbon qilish mumkinligi haqida mash’um qonun qabul qilib, insoniyat qalbini larzaga soldi. Hozircha “kasalmand” bolalarni ko‘zda tutgan bu qonun tufayli keyinchalik soppa-sog‘ yurgan bolalar ham “ehtiyot qism”ga aylanib ketmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi, albatta. Arastu kabi buyuk olim, Suvorovdek lashkarboshi ham tug‘ilganida kasalmand bo‘lishgan. Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asaridagi bir suhbatda biri ikkinchisiga “Butun olam insoniyatining baxtiyor bo‘lishi uchun biror bir bolaning dilini biroz og‘ritishga rozi bo‘larmiding” degan savoliga “Aslo!” deb javob bergani haqiqiy insoniylik belgisi emasmi?!
Islom dini o‘z farzandi — qizlarini tiriklayin tuproqqa ko‘mib kelgan arab qavmlarini vahshiylik zalolati botqog‘idan olib chiqdi. Qadim zamonlarda ularni ushbu jaholatga ma’rifatsizlik yetaklagan edi. Dunyo bo‘yicha hayot, ma’rifat darajasi eng yuksak deb tan olinib turgan Shvetsiya xalqi deputatlarini ushbu qabohat botqog‘iga kimlar boshlab kirdi va kim endi ularni bu chirkinlikdan qutqara oladi? Atom bombasi Xirosima va Nagasaki shaharlarida portlagan kundan beri butun olam Eynshteynni tili bir qarich osilgan holatda tasvirlaydigan bo‘lib qoldi. Shvetsiyaning ushbu G‘ayriinsoniy qadami natijasida genetiklarning tili insoniyat uchun necha qarichli qilib tasvirlanar ekan?! Aslida bunda Eynshteyn yo genetiklar aybdormikan? Balki insoniyatni bu yo‘lga yetaklayotgan omil xudosizlikdir? Zamonaviy fan yutuqlaridan chala xulosalar chiqarib, “Bildik. Xudo deganlari yo‘q ekan. Yashab qol. Qandingni urib qol. Umr bevafo” degan xulosalarni chiqarib, “Pista po‘chog‘idan kema yasamoqchi bo‘lib yurgan” taraqqiyparvar insoniyatni dog‘da qoldirayotgan natijadir bu. Genetika fani namoyandalarining insoniyatdan ochiq haqiqatni yashirishi zamonamiz nuqtai nazarida buyuk, lekin insoniyatning buyuk kelajagi oldida arzimas bo‘lgan ba’zi bir kashfiyotlardan pala-partish chiqargan xulosalari natijasidir bu.
Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deyishganidek, ayniqsa, genetik olimlarning klonlashtirish bo‘yicha oxirgi yillardagi erishayotgan yutuqlari G‘arb olamida “bu kashfiyotning foydasidan zarari ko‘proq bo‘lib ketmasmikan” degan vahimalarga olib kelayotgan holatlar ham bo‘lyapti va bu xavotir biologiya fani taraqqiyoti yo‘liga chuqurroq nazar solish zaruratini tug‘diradi. Shvetsiya parlamenti qabul qilgan qonun ushbu tashvishlar ming karra o‘rinli ekanini ko‘rsatadi.
Taniqli biologlardan biri M.V.Volkenshteyn hayot o‘zi nima ekani haqida fikr yuritar ekan, uni “Erdagi mavjud jonli jismlar o‘z-o‘zini boshqaruvchi va o‘z-o‘zini asliday qaytaruvchi ochiq tizimlar bo‘lib, ular oqsil va nuklein kislotalar — biopolimerlardan qurilgandir”, deya ta’riflaydi va bu ta’rif biologiya fanida tan olingan, barcha biologlar tomonidan ma’qul ko‘rilgan. Ushbu ta’rifda “nuklein kislotalar o‘z-o‘zidan quriladimi yoki yo‘qmi” degan savolga javob hali-hanuz noma’lumligicha qolayotganiga e’tiboringizni tortishni o‘rinli deb bilamiz. Olmon vrachi R.Virxovning nazariyasiga asosan yangi hujayralar boshlang‘ich hujayralarning bo‘linishidangina paydo bo‘ladi. Rossiya olimi K.Ber nazariyasi bo‘yicha esa, barcha ko‘phujayrali organizmlar taraqqiyoti bir hujayra, ya’ni, tuxum hujayradan boshlanadi. Tajribalarda tan olingan ushbu ikkala mashhur nazariyada ham eng birinchi hujayraning paydo bo‘lishi masalasi ochiqligicha qolmoqda va ushbu birlamchi hujayrani yaratuvchi nuklein kislotasining qanday paydo bo‘lishini tajriba u yoqda tursin, har xil farazlar asosida tushuntirish masalasida ham biologiya fani hozirgacha ojizligicha qolib kelmoqda.
Odamzot maymundan paydo bo‘lgan, degan dunyoqarash ko‘p yillardan beri o‘zini hurmat qilgan insonlarning izzat-nafsiga tegib kelgan va kelmoqda. Biologlar haliyam bo‘lsa, insoniyatning izzat-nafsini bir oz ehtiyot qilyapti. Agarda hamma gapni bir-yo‘la aytib yuborishsa bormi, umuman, hammamizning tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib ketgan bo‘lar edi. Sababi maymunlarning kelib chiqishi borib-borib mikroorganizmlarga, ya’ni, bizning tilimizda aytganda, mikroblarga borib taqaladi. Ya’ni, maymunlar mikroblarning, inson esa maymunlarning evolyutsiyasi natijasida vujudga kelgani haqidagi biolog olimlarimizning fikri qat’iy bo‘lib turibdi va ular bu borada qo‘lga kiritilayotgan fan va falsafiy nuqtai nazardagi “muvaffaqiyatlari”ni borgan sari mustahkamlab bormoqda. Ushbu muvaffaqiyat nash’asini to‘laligicha surish uchun “arzimas” bir-ikkitagina holatlar ularga imkoniyat bermay turibdi, xolos…
XIX asr oxirlarida o‘sha davrning mana-man degan fiziklarining “ba’zi bir fizik hodisalarning mayda-chuyda tomonlariga aniqliklar kiritishdan boshqa fizika fanidagi barcha kashfiyotlar qilinib bo‘ldi”, degan ovozi baralla jaranglagan edi. Ushbu “mayda-chuyda”lardan biri absolyut qora jism nurlanish spektrining nazariy isboti masalasi edi. Buni ko‘ringki, 1900 yili olmon fizigi M.Plank (1858-1947) fanga kiritgan va “Plank doimiysi” deb nom olgan doimiy kattalik ortida butun bir fan olami — zamonaviy fizika (kvant mexanikasi, kvant elektrodinamikasi va h.k.), kimyo, matematika… fanlari yashirinib yotgan ekan… XIX asr o‘rtalarida frantsuz olimi Lui Paster suyuq bakteriyalar rivojlanishi uchun qulay bo‘lgan har qanday muhitda o‘z-o‘zidan bakteriyalar (tirik jonzotlar) mavjud bo‘lmasligini (ya’ni, vujudga kelmasligini) tajriba yo‘li bilan isbotlab berdi va Frantsiya Fanlar Akademiyasi ta’sis etgan juda katta mukofotga sazovor bo‘ldi. Zamonaviy fan namoyandalari oldida Lui Paster kashfiyoti xulosasi bo‘lgan “Unda Yerda birlamchi hayot qanday paydo bo‘lgan?” degan o‘rinli savolning tug‘ilishi darvinizm asoschilarini va ushbu nazariyani o‘ziga asosiy tayanch va bayroq qilib olgan faylasufona nuqtai nazar oqimidagi olimlarni anchagina dovdiratib, sarosimaga solib qo‘ydi. Hozirgi davrda zamonaviy olimlar “Erga hayot boshqa sayyoralardan kelgan” degan g‘oyani ilgari surgan shved olimi, Nobel mukofoti laureati S.Arrenius va ingliz olimi F.Krik nuqtai nazarlarini (“panspermiya” nazariyasi) hamda 1922 yili rus biokimyogar olimi A.I. Oparin taklif qilgan va 1924 yili nashr qilingan “Proisxojdeniye jizni” asarida ma’nosi yoritib berilgan abiogenez nazariyasini tan olib turishibdi. Bu ikki nazariya bir-birini inkor qiluvchi nazariyalar bo‘lib, birinchisi hozirgacha mutlaqo isbotini topgani yo‘q deb hisoblanib, unga bo‘lgan ishonch va umidlarning barchasi fazogirlar kosmosni zabt etib borishi jarayonida hamda astronomik kuzatishlar natijasida chippakka chiqib boryapti. Shunday ekan, nega endi biz panspermiya nazariyasining “Erga hayot tashqaridan keltirilgan” degan nuqtai nazarida Yaratganni nazarda tutishimiz mumkin emas? Biz panspermiya nazariyasiga “Erdagi hayotni Yaratuvchi vujudga keltirgan” degan zamonaviy ilm nazariyasi deya qarashimiz mumkin, deb o‘ylayman.
Oparin nazariyasi o‘tgan asrning 20-yillarigacha mashhur bo‘lgan va “hayot o‘zida kelajak hayot rivoji kurtaklarini mujassamlashtirgan tasodifiy “tirik molekula”dan taraqqiy etgan” deb qarab kelgan abiogenez nazariyasining eng ko‘p tarqalgan yirik tarmog‘idir. Ushbu nazariya “abiogenez — tirik mavjudotlar tabiatning anorganik moddalaridan o‘z-o‘zidan vujudga keladi”, degan g‘oyani ilgari suruvchi nazariyadir. Batafsilroq aytilganda, Oparin nazariyasi: “Paster tajribalari haq, lekin ushbu geologik davrimiz uchungina haqdir. Shu bilan birga, Paster tajribalari natijalari qadimiy geologik davrlar uchun xatodir. Agarda, Paster o‘zining tajribalarini bundan bir necha millionlab yillar ilgari o‘tkazganida edi, u o‘z-o‘zidan tirik mavjudotlar anorganik moddalardan paydo bo‘layotganining shohidi bo‘lar edi”, degan xulosani berib turibdi. Yurtimizdagi eng yirik biolog olimlar akademik Yo.X.To‘raqulov boshchiligida 10—11-sinf o‘qvchilari uchun yozgan “Obщaya biologiya” (1999 y.) darsligining 288-sahifasida “V nastoyaщee vremya suщestvuyut dve osnovnыe teorii, ob’yasnyayuщiye proisxojdeniya jizni na Zemle: teoriya “panspermii” i teoriya Oparina”, degan jumlalar bor. Bundan biz hozirgi kungacha panspermiya yoki Oparin nazariyalaridan birortasining “qo‘l”i baland kelmagani va birortasi hali-beri o‘z tasdig‘ini topmagani haqida ishonchli xulosa qilishimiz mumkin. O‘lik materiyadan tirik organizmlarning paydo bo‘lishi haqidagi talimot Arastu(Aristotel)ga tegishli bo‘lib bu ta’limot iskanjasidan G‘arb olamini qutilib chiqishi oson kechmagan. G‘arb mamlakatlari odamlari hatto XVII asrlarda ham chuvalchang, baliq, baqa, sichqon, timsoh kabi jonzotlar shudring, loy, balchiqdan, sher va yo‘lbarslar esa sahrodagi toshlardan paydo bo‘ladi, deb ishonishgan. Sasiyotgan go‘shtdagi qurt pashsha tuxumlaridan paydo bo‘lishini F.Redi 1668 yildagina g‘arbdagi vatandoshlariga amalda ko‘rsatib bera oldi, qaynatib olingan bulyonda mikroorganizmlar rivojlanmasligini L.Spallantsani XVIII asrda aniqladi.
Hayot anorganik moddalardan paydo bo‘la olmasligini biz yuqorida aytib o‘tganimizdek, L.Paster 1861 yili uzil-kesil isbot etdi. Ammo “uning tajribalari avvalgi geologik zamonlarda abiogenez bo‘la olganini inkor eta olmaydi” degan xulosa hozirgacha biologlar davrasida hukmron va Oparin nazariyasi bu nuqtai nazarning yo‘lboshchisi bo‘lib qolmoqda. Bu gipotezaga asosan eng sodda organizmlar ham Yerda birdaniga paydo bo‘lmasdan oldiniga organik molekulalarning murakkab uncha katta bo‘lmagan gruhlari – is gazi, suv, metan va boshqa brikmalar paydo bo‘lgan so‘ngra ular birikib suv xavzalarida “koatservatli tomchilar”ni xosil qilishgan. Bundan so‘ng tabiiy tanlash yuz berib to‘la qonli bir xujayrali organizmlarni, ulardan esa o‘z navbatida ko‘p xujayrali organizmlarni xosil qilishgan. “Nega endi bizni zamonda ham xayot paydo bo‘lmayapdi” degan savolga “Xar qanday sodda organizm paydo bo‘lishligi bilanoq mikroblar tamonidan yeb bitiriladi” degan javob bilan qoniqtirilib kelinar edi. 1953 yillardan boshlab S.Miller asparagin, glitsin, glutamin singari aminokislotalarni sun’iy ravishda noorganik moddalardan olishga erishgan. D.Oro sun’iy usulda riboza va dezoksiriboza olishning uddasidan chiqqan. S.Foks aminokislotalarni qizdirish usuli bilan proteinoid (oqsil modda)ni sintez qilishga erishgan. So‘ngra laboratoriya sharoitlarida nukleinli polimerlar sinteziga, yani DNK irsiyat materiali bo‘laklarini olishga ham erishilgan. O‘shandan beri yarim asrdan mo‘lroq vaqt, molekulyar biologiyaning oltin yarim asr vaqti o‘tdi: DNK strukturasi, ginetik kod, xujayrada oqsilning sintez mexanizmi, qandning quyosh nuri energiyasi hisobiga fotosintezi, energetik molekulalar, birinchi navbatda ATF, bu o‘ziga xosxujayra benzini…kabilar topildi. Xujayrani tashkil qilib turuvchi bu barcha tashkil qiluvchilarning bir yerda tasodifan to‘planib qolishligini tasavvur etishlik juda ham qiyin. Shunday to‘planib qolishlikni ehtimolligini hisoblab chiqilganida ketadigan vaqt butun olamni paydo bo‘lish vaqtiga teng bo‘lib chiqib o‘shanda ham butun olam organik moddalar bilan liq to‘la bo‘lishligi shart bo‘lar ekan. O‘tgan asrning 90 chi yillarida akademik Aleksandr Spirin Moskva Davlat universiteti biologiya fakulteti talabalariga lektsiya o‘qiyotganida o‘ylanib qolib “Tabiiy tanlov – bu albatta to‘g‘ri, lekin shu ribosomalar ( oqsil sintezini bosh molekulyar agregati) shunchalik murakkabki, men xecham tushina olmayman, u qanday qilib evolyutsiyalanishi mumkin. Agarda u albatta, birdaniga, tayyor tarx bo‘yicha paydo bo‘lmagan bo‘lsa” degan so‘zlari e’tiborga loyiqdir. Biz yuqorida biologiya fanining buyuk yutuqlari, kashfiyotlarini sanab o‘tdik. Biroq bu kashfiyotlar zamirida hayotning paydo bo‘lishi haqidagi Oparin nazariyasi isbotini ko‘rish mumkin emas. Buning uchun juda katta lofchi bo‘lish kerak. Ushbu holatni biolog olimlar ochiq-oydin insoniyat oldida tan olishga kibr-havolari yo‘l bermasligi Shvetsiyada g‘ayriinsoniy qonun qabul qilinishi darajasigacha olib keldi.
Jonzotning paydo bo‘lishi, lo‘nda qilib aytganda, quyidagicha. Jonzot tarkibi asosan oqqsillardan tashkil topgan hujayralarning turli majmuasidan iborat bo‘lib, ushbu oqsillarni va ushbu oqsillar orqali hujayralarni ribosomalar bunyod qiladi. Oqsillar turli-tuman aminokislotalarning faqat ma’lum bir turlari orqali hosil qilinadi. Oqsil va hujayralarni bunyod qilish uchun nuklein kislotaning RNK qismi dastyorlik qilib, qurilish materiali bo‘lgan aminokislotalar hamda oqsil va hujayralarning tarxi bor programmalarni ribosomalarga yetkazib beradi. RNK o‘zi va ribosomalar bajarishi lozim bo‘lgan buyruq va programmalarni nuklein kislotaning DNK qismidan oladi. Vujudga kelishi lozim bo‘lgan jonivor dunyoga kelishi uchun qancha aminokislota, DNK, RNK, oqsil, hujayra va h.k.lar kerakligi haqidagi ma’lumotlar DNKda jamlangan bo‘ladi. Hozirgi davrda biologlar, jonli olam bunyod bo‘lishi uchun avvalambor aminokislotalar vujudga kelishi kerak, degan to‘g‘ri xulosaga kelishdi. Lekin shu bilan bir qatorda eng oldin DNK va undagi programma ham vujudga kelgan bo‘lishi kerak, ana undan keyin shart-sharoitga, geologik davrga va h.k. qarab, u yoki bu ko‘rinishda bo‘lgan evolyutsion jarayon ro‘y beraverishi mumkin. DNK ichidagi programma qanday paydo bo‘lgan, uni kim tuzgan va u yerga kim uni o‘ta mohirlik bilan joylashtirib qo‘ygan — mana, insoniyat oldidagi hal qilinishi lozim bo‘lgan eng katta muammo! Mana shu “arzimagan” savolga biologlar qoniqarli javob topa bilishmayapti va shu sababligina Oparin nuqtai nazari g‘alaba qila olmayapti va uning nash’asini biologlar to‘lasicha sura olishmayapti… Ushbu ojizliklarini insoniyatdan yashirishlari ma’naviy inqirozlarga olib kelishini nahot tushunishmayapti? To Oparin nazariyasi to‘la isbotini topmas ekan, biologlar ro‘y-rost insoniyatga o‘zlarining Yaratuvchi mavjudligining isbotiga qarshi emas ekanliklarini bildirib borishlari o‘ta muhimdir. Yo‘qsa, Shvetsiyada qabul qilingan sharmandali qonun keyinchalik boshqa davlatlarda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qonunlar oldida hech gap ham bo‘lmay qoladi.
A.Oparin, S.Miller, D.Oro, S.Foks kabi olimlar tajriba kolbalarini qizdirishganida nuklein kislotalarida programmalar o‘z-o‘zidan hosil bo‘lmagan va paydo bo‘lishi mumkin ham emas edi. Nuklein kislotalarda u yoki bu ko‘rinishdagi sodda yoki murakkab tayyor programmalar mavjud bo‘lsa, ularga turli geologik davrlarda turlicha tashqi ta’sirlar bo‘lishi mumkin va natijada programmalar turlanishi ro‘y berishi ham mumkin, ya’ni, Oparin nazariyasining asosini tashkil qilib turuvchi evolyutsion jarayonlar geologik davrlar jarayonida ro‘y berishi mantiqqa to‘g‘ri keladi. Mana shunda endotsitoz yoki ekzotsitoz jarayonlar yoki boshqa hodisalar natijasida mikroorganizmlardan maymunning ham, boshqa hayvonlarning ham, hatto, odam zotining ham kelib chiqishi haqida har qancha asosli va asossiz mulohazalar qilinsa bo‘laveradi va ularga ishonish ham mumkin. Boshqa dinlarni bilmadim-ku, lekin Islom diniga bu mulohazalarning birortasi ham pand bera olmaydi. Chunki hayotning va insonning paydo bґlishi to‘g‘risidagi Qur’oni Karim ta’limoti nihoyatda mukammaldir va buni ilm-fan asta-sekin isbotlab kelyapti. Agar Olloh taolo yaratilishdagi ba’zi tafsilotlarni ochiq bayon qilmagan bo‘lsa, hikmatiga ko‘ra, bu ishni fanlarning zimmasiga yuklagan. Bizning borligimizni va qudratimizni inkor qiluvchilar o‘zlarining yaratilishlariga qaramaydilarmi, degan ma’nodagi ko‘p oyatlar bu yo‘lda ilm-fan tinmay izlanishlar olib borishi lozimligiga chaqiriqdir. Biologiya fani hozircha chalg‘iyotgan yoki yetib borolmayotgan yoki, sezsa ham, tan olmayotgan haqiqat Odam (a.s.)ning birdan yaratilganidir. Olloh ilmi bilan keyingi nasllarning paydo bo‘lishini tadrijiy (evolyutsion) usulga bog‘ladi va ilm buni o‘rgandi, bundan xulosa chiqardi va, afsuski, boshlang‘ich nuqtaga ham shu tajribalarini tatbiq eta boshladi.
Shayx Abdulaziz Mansur o‘zbek tiliga tarjima etgan Qur’oni Karim ma’nolari va tafsiri (Toshkent, 2004) kitobi (boshqa o‘rinlarda ham ushbu kitobdan foydalanamiz) ning 57-sahifasida berilgan 3-sura 59-oyatda “Albatta, Isoning (otasiz tug‘ilish) misoli, Olloh nazdida bamisoli Odam (a.s.) kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra unga “Bo‘l!” dedi, bas, (u) bo‘ldi” deb, beriladi. Iso payg‘ambar bibi Maryam qornida dunyoga kelayotgan har qanday bola kabi 9 oydan keyingina tug‘ilganiga ishoralar bor. Bundan biz Iso payg‘ambar 9 oy mobaynida biologiya fani hozirda yoritib bergan “chaqaloq olamga kelishidagi barcha tadrijiy jarayonlarni boshidan kechirgan”, degan xulosaga kelishimiz mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi. Ya’ni, kichkina bir zarrachadek holatdan chaqaloqqa aylanguncha bo‘lgan evolyutsion davr 23-suraning 13-oyatida “So‘ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik” va 14-oyatda “So‘ngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go‘sht qilib yaratdik, bas, parcha go‘shtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga go‘sht qopladik, so‘ngra (unga jon kiritib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go‘zali – Alloh barakotlidir!” deb aytilgandek bo‘lib, bibi Maryam qornida Iso payg‘ambar boshidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ushbu xulosamiz Islom dini qarashlariga mutlaqo rioya qilish bilan bir qatorda, hayotning paydo bo‘lishi haqidagi masalada biologlar duch kelgan va biz yuqorida ta’kidlagan “arzimas” qiyinchilik holatidan chiqib ketishlari uchun yo‘l ham ko‘rsatib beryapti, deb o‘ylayman. Ya’ni, biologiya fani o‘z izlanishlarini har qanday yo‘nalishda dadil bajaraverishi kerak va shu bilan birga bu izlanish Qur’onning qator oyatlariga mos kelayotganini insoniyatdan yashirmasliklari shartdir. Ana o‘shandagina insoniyat Shvetsiyadagi kabi qabohat olamiga tushib qolishdan o‘zini muhofaza qilgan bo‘ladi. Balki ular “Biz Qur’on oyatlari haqligini tan olib qo‘ysak, dunyoviy ilm o‘z taraqqiyoti yo‘lida o‘rta asrdagidek zarbaga uchraydi, deb o‘ylashayotgandir. Biz olim sifatida bunday deb o‘ylamaymiz. Ko‘r hassasini bir marotaba yo‘qotadi. Endilikda dunyoviy ilmlar taraqqiyoti yo‘liga to‘siq bo‘luvchi kuchlar hech qachon paydo bo‘la olmaydi. Lekin dunyo olimlari tomonidan ro‘y-rost haqiqatni insoniyatdan yashirish uni qabohatga boshlab boruvchi yo‘l bo‘lib qolishi mumkin. Qur’oni Karimning 4-surasi birinchi oyatida: “Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni yaratgan Rabbingizdan qo‘rqingiz! Shuningdek, o‘rtalaringizdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Ollohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqingiz! Albatta, Olloh sizlarni kuzatib turuvchidir”, deyilib, Havvoni Odam (a.s.) tanasining qaysidir bir yeridan olib yaratgani haqida aytib turibdi. Ya’ni, zamonaviy genetika fani tili bilan aytilganida, Odam (a.s.) tanasining bir qismidan, yana olimlar tili bilan aytganda, «klonlashtirish» usuli bilan Havvo yaratilgani haqida ma’lumot berilyapti. Qur’onning oyatlariga dunyo biologlarining panja orasidan qarashlari natijasida genetika yutuqlari Shvetsiya davlatidagi kabi insoniyatni qabohat tomon dadil yetaklab ketayotganini nahot ular tushunib yetishmayapti? Qur’oni karimda Havvo Odam (a.s.)ning qovurg‘asidan yaratilgani haqida ochiq ma’lumot yo‘q. Undan (ya’ni, Odamdan) deyilgan, xolos. Bu ma’noni “qovurg‘adan” deb tafsir qiluvchilar ham bor. Nima bo‘lganda ham Odamdan yoki uning bir qismidan ekani aniq.
“Qanday qilib odamning bir qismidan ayol kishini yaratish mumkin?” degan savolning paydo bo‘lishi tabiiydir. Bu savolga hozirgi zamon dunyoviy fani – nanotexnologiya fani ijobiy javob berib turibdi. Dunyodagi odamlarni va ayniqsa, G‘arb dindorlarini anchagina shoshirib qo‘ygan turli jonzotlarda, jumladan, “Doli” qo‘yida genetiklar o‘tkazgan klonlashtirish tajribalari, bu borada oxirgi yillarda erishayotgan olamshumul yutuqlari Qur’oni Karimning 4-surasi birinchi oyatida o‘zining tasdig‘ini topib turibdi. Ushbu jarayonda Odam (a.s.) tanasining ixtiyoriy qismidan ajratib olingan DNKdagi programmaga kiritilgan ozgina o‘zgarish inson juftining yaratilishiga olib kelganini hozirgi zamon genetika fani o‘zining qator yutuqlari bilan tasdiqlab turibdi.
Odam (a.s.) va Havvoning juda ham uzoq umr ko‘rganlari haqida rivoyatlar bor. Bizning yuqoridagi fikr-mulohazalarimizning bir qadar o‘rinli ekaniga bu alomat ham dalda bergandek. Zamonaviy biologiya yutuqlari va Qur’oni Karim oyatlari bir-birini aynan tasdiqlab turishi kimlargadir yoqmasa, ne ajab…
1958 yili Amerika fiziklar jamiyatining yillik yig‘ilishida professor Richard Feynman (1965 yilda Nobel mukofoti sovrindori) o‘zining mashhur va tarixiy ma’ruzasi bilan chiqdi. U “Fizikaning qonunlari va printsiplari alohida-alohida olingan atomlar ustida manipulyatsiya qilish va shu orqali turli buyumlarni paydo etishga monelik qilmaydi. Shuning uchun xohlaymizmi, yo‘qmi, insoniyat yaqin kelajakda balktexnologiya asridan nanotexnologiya asriga qarab shahdam qadam qo‘yadi”, degan ilmiy dunyoqarashini ma’lum qildi. Qadimiy insonlar toshni toshga urish orqali pichoq, nayza uchi va h.k.larni yasashda kashf etgan texnologiyani balk(yalpi)texnologiya deb atash qabul qilingan. Ushbu texnologik jarayonda insoniyat alohida atomlarni emas, balki atomlarning ulkan majmualari qatlamlarini ko‘chirib olish natijasida biror buyum yasashga erishgan bo‘lsa, nanotexnologiya jarayonida u alohida (o‘zi xohlagan) atomlarni o‘zi xohlagan joyga qo‘yib (o‘zi xohlagan) barcha kerakli va keraksiz buyumlarini yasay oladi. Aytaylik, qulupnay ko‘chatining turli elementlar atomlarini ma’lum bir tartibda joylashtirish natijasida biz bilgan mol go‘ngi qulupnay mevasiga aylanadi. Grafit bilan olmos bir element — uglerod atomlarining bir-biriga nisbatan turlicha joylashishi bilangina farqlanadi. Ularning biri bebaho hisoblansa, ikkinchisi nisbatan qadrsizdir. Insoniyat hozirgi davrda erishgan eng yuqori texnologik jarayon natijasi bo‘lgan kompyuter chiplarining tangadek yuzachasida 42 million tranzistor joylashgan bo‘lib, ushbu tranzistorlar o‘rtasida logik aloqalar o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, bunday murakkab qurilmani nanotexnologiya fani o‘ta qo‘pol texnologik jarayonda bajarilgan qo‘pol qurilma deb qaraydi. Sababi ushbu chipni hosil qilish jarayonida har bir tranzistorni yasash uchun millionlab atomlar majmuasi yoppasiga ko‘chirib olinib, chiqindiga uloqtiriladi. Ya’ni, bu texnologik jarayon balktexnologiya jarayoniga kiradi.
Shu kungacha nanotexnologiya olamida yuksak natijalarga erishgan olimlar o‘tgan asr oxirlaridagi ikki kashfiyotdan g‘oyatda minnatdordirlar. 1981 yili IBM kompaniyasi izlanishlar laboratoriyasi fiziklari Gerd Bining va Genrix Rorer skanerlashtiruvchi tunellashtiradigan mikroskopni yaratdilar. Bu mikroskop ularga alohida atomlarni ko‘rish imkoniyatini berdi. 1986 yili esa bu mikroskop Gerd Bining tomonidan takomillashtirildi hamda endi atomlarni kuzatish emas, balki ular ustida manipulyatsiya qilish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Ikkala olim ham ushbu mashaqqatli mehnatlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. 1990 yili IBM ning xuddi o‘sha laboratoriyasi olimlari Attler va Shveytserning “Skanerlashtiruvchi tunellashtiradigan mikroskop yordamida alohida atomlarni pozitsiyalashtirish” nomli asriy maqolalari dunyo yuzini ko‘rdi hamda R.Feynman fikrlari haq ekanligi butun olamga ma’lum bo‘ldi — butun dunyoni ajoyib mozaika, IBM kompaniyasi emblemasining “nanografiya”si aylanib chiqdi. Bu “nanografiya” nikelmonokristali ustiga misli ko‘rilmagan atom aniqligi bilan ksenionning alohida atomlari o‘yib joylashtirilishi natijasida hosil qilingan edi. Nanotexnologiya fani yakka atomlarni ushlab olib, kerakli joylarga programma asosida joylashtira oladigan faraziy mashinalar to‘plamiga “assemblerlar” deb nom bergan. Molekulyar assemblerlarning insoniyat taraqqiyoti uchun shunday bir inqilob qilishi kutilyaptiki, bunday holat ribosomalar paydo bo‘lganidan beri Yer yuzida bo‘lgan emas.
Ona qornidagi zurriyotning rivojlanishini ribosomalar ta’minlab turadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ribosomalarga zurriyotning rivojlanish tarhi programmasini va qurilish materiallari aminokislotalarni keltirib berish vazifasini RNKlar bajaradi. O‘z o‘rnida RNKlar zurriyotning rivojlanish tarhini va programmalarni hamda boshqa buyruqlarni DNKlardan oladi. Ona asosan zurriyodni asrab berish hamda uning rivoji uchun kerakli materiallar bilan ta’minlab berish vazifasini bajaradi. Ribosomalar zurriyotning rivojlanishini tarh asosida olib borayotganida tarhda ko‘rsatilgan unsurlar atomi yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa atomlarni vaqtincha o‘sha yerga joylashtirishga majbur bo‘lib qolishadi. Shuning uchun ham homilador ayollar yemishi doimo ularning ko‘ngli tusagan taomlardan iborat bo‘lishi kelajak avlodning kam-ko‘stsiz tug‘ilishidagi asosiy omillardan hisoblanadi. Ribosomalar asosan organik moddalar bilan ish ko‘radi. Assemblerlar esa organik va noorganik moddalar bilan ish ko‘rishi mo‘ljallanyapti. Assemblerlar barcha narsalarni yaratishga qodir bo‘lishi kutilyapti. Ular texnologiya va iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirib, yangi dunyoni kashf qilishi kerak. Shunday qilib, assemblerlar yakka atomlarni ushlab olib, ixtiyoriy joyga joylashtira olishi natijasida hamma narsani yasashi mumkin. Shu jumladan, baland imoratlarni, ixtiyor etilgan noz-ne’matlarni, oziq-ovqatlarni va turli masalliqlarni va h.k. Yaqinda matbuotda Yaponiyada kishi fikrini o‘qiy oladigan mashinalar ixtiro qilingani haqida xabar tarqaldi… Bundan ancha yillar ilgari diniy ulamolardan jannat haqida so‘raganimda u kishining “Jannatda biror narsani ixtiyor etsang, ushbu noz-ne’mat darrov oldingda hozir bo‘ladi. Tamaddi qilib bo‘lganingdan so‘ng u narsalar o‘z-o‘zidan yig‘ishtirilib g‘oyib bo‘ladi…” deya javob berganlari yodimga tushdi. U paytlarda bu suhbatlarni bir ertak kabi qabul qilganman, albatta. Lekin ushbu “ertak” ro‘yobga chiqishi mumkin ekanini, ya’ni jannat mavjud bo‘lishi mumkinligini zamonaviy fan — nanotexnologiya va Yaponiyada ixtiro etilgan kishi fikrini o‘qiy biladigan mashina yaratilgani baralla aytib turibdi. Men nanotexnologiya o‘z orzulariga erisha oladimi yoki yo‘qmi — bu masalada aniq bir fikr ayta olmayman, chunki buning uchun insoniyat misli ko‘rilmagan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Lekin nanotexnologiya fani insoniyatning “Jannat bo‘lishi mumkinmi” degan azaliy savoliga “Albatta!” deb javob berib turibdi.
(“Ma’rifat” gazetasi, 2007 yil 30 iyun, № 52 (7973)