Insoniyatning uyi hisoblanmish sayyoramiz — Yerda oxirgi bir necha o‘n yilliklar ichida fan va texnika misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur taraqqiyotda mikroelektronika muhim o‘rin tutib, boshqarish jarayoni va texnologiyasini keskin o‘zgartirib yubordi. Bu esa, o‘z navbatida avtomatika va telemexanikaning qo‘llanilish sohasini beqiyos darajada kengaytirdi. Fan taraqqiyotining yana bir omili kimyo bo‘lib, uning agrotexnika, mashinasozlik va boshqa sohalarda qo‘llanishi cheksiz ortdi. Shuningdek, gen injeneriyasi va biotexnologiyaning taraqqiyotdagi katta rolini bugun hech kim inkor etmaydi. Atom elektrostantsiyalarining foydasi haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Bu yangiliklarning barchasi olimlar tomonidan kishilar qo‘l mehnatini yengillashtirish va turmush sharoitlarini yaxshilashga, jamiyatimizdagi muammolarni hal qilishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar asosida yaratildi.
Ma’lumki, olimlar ko‘p mashaqqatli yillar va yo‘llardan o‘tib, atomdagi «yashiringan» energiyani ajratib oldilar. Birinchi atom elektr stantsiyalari tok berishga ulgurmay, yomon niyatli kishilar tomonidan Xirosima va Nagasaki ustida portlatilgan atom bombalari 100 minglab kishilarning yostig‘ini quritib, undan ham ko‘prog‘ini majruh qilib qo‘ydi. Mikroelektronikaning rivojlanishi xalq xo‘jaligiga katta iqtisodiy foyda keltirishi bilan bir vaqtda harbiy sohada qurol-yaroqlarni askarlarsiz boshqarishda uning mislsiz imkoniyatlar yaratishidan xabar topgan yomon niyatli kishilar harbiy texnikani avtomatlashtirish, koinotda o‘z-o‘zini boshqara oladigan avtonom sistema —SOIni ishlab chiqdilar.
Kimyo fani va uning asosida kimyo sanoatining rivojlantirilishi xalq xo‘jaligiga koni foyda keltirishi bilan barobar yovuz niyatli kishilar uchun kimyoviy va bakteriologik qurollarni berdi, shuningdek, atrof-muhitni zaharli chiqindilar bilan ifloslantirishga olib keldi. Kimyo sanoati taraqqiyotimiz uchun bunday tashvishlar tug‘dirishi mumkinligini olimlar dastlabki tadqiqotlarda yaxshi anglab yetmadilar. Yoki anglasalar ham, inson bu darajada loqayd ish yuritadi, deb o‘ylamagan edilar. Biroq, ming afsuski, ular yanglishgan ekanlar.
Bu borada atom energiyasining ajratilishi va undan foydalanish jarayoni ham fojialarga sabab bo‘lmoqda. Olimlar o‘zlarining bu kashfiyotlari sayyoramizni, qandaydir 40 yil ichida Yer yuzi aholisini bir necha bor yo‘q qiladigan darajada ko‘p yadroviy qirg‘in qurollarining «omboriga» aylantiradi, deb hech ham kutmagan edilar. 1939 yili atom bombasi haqida gap ketganda, hatto daniyalik fizik, dunyoga taniqli olim Nils Bordek bunday bombani yaratish printsipial jihatdan mumkin emasligini sanab o‘tgan edi. Ma’lumki, bugunga kelib, yadroviy qirg‘in qurollari shartli portlovchi modda hisobida 18 ming kilotonnani tashkil qiladi. Boshqacha aytganda, bu miqdor ikkinchi jahon urushiga ketgan shunday moddaning miqdori bilan solishtirilganda, bunday urushni 6 ming marta takrorlash quvvatiga ega. Shunday qilib, bir guruh boylik ortidan quvgan yakka hukmron boylarning qo‘liga tushgan XX asrning buyuk ixtirosi 40 yilga qolmay (e’tibor qiling-a, qanchalik qisqa vaqtda) insoniyatni halokat yoqasiga eltib qo‘ydi.
Biroq atom yadrosida yashiringan energiyani ajratib olish ustida dastlabki tadqiqotlar ketayotganda, bunday energiyani qo‘lga kiritish, kelgusida taraqqiyotimiz uchun katta xavf tug‘dirishini ko‘ra olgan olimlar ham yo‘q emas edi. Shundaylardan biri vengriyalik olim Leo Stsillard edi. U nemis olimlari Otto Gan va F. Shtrassmanning uran atomi yadrosini neytronlar zarbi bilan parchalanishi mumkinligi haqidagi kashfiyotlaridan xabar topib, yadroning parchalanishi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar ustida ishlayotgan Jolio Kyuriga xat yozdi. Olim o‘z xatida uran yadrosining parchalanishi bilan bog‘liq ilmiy ishlarining natijalarini bundan buyon ochiq matbuotda e’lon qilinishini to‘xtatishini qattiq turib iltimos qildi. U mazkur tadqiqotlarning natijalari kelgusida sayyoramiz aholisi boshiga halokatli xavf keltirishini oldindan ko‘ra oldi. L. Stsillard yozgan boshqa bir xat keyinroq — 1939 yilning 2 avgustida Albert Eynshteynning qo‘li bilan AQSh prezidenti Ruzveltga yo‘llandi.
Stsillarddan ancha oldin — 1903 yili Per Kyuri o‘z kashfiyoti uchun Nobel mukofotini olish munosabati bilan so‘zlagan nutqida: «Jinoyatchilar qo‘lida radiy (radiaktiv element) juda xavfli qurol bo‘lishi mumkin. Shu boisdan tabiat sirlarining yanada ochilishi odamzotning qiziqishidamikin, uning aql-zakovati, erishilgan bilimlarini faqat foydaga ishlatish uchun pishib yetilganimikin, bu bilimlar insoniyatning kelajagiga salbiy ta’sir bo‘lib qaytmasmikin?» deb xavotirlangan edi.
Xirosima va Nagasaki osmonida atom bombasi portlashining guvohi bo‘lgan mashhur ingliz fizigi Fredrik Soddi bunday xavfni oldindan ko‘ra olmaganidan xafa bo‘lib: «To‘rt yil oldin xayolga ham keltirib bo‘lmaydigan dahshatli kuchni fan bugun qabul qilishga hali mutlaqo tayyor bo‘lmagan qo‘lga topshirganligi»ni naqadar dahshatli voqea deb qayd qilgan edi. Darhaqiqat, progressiv insoniyat erishgan fan va texnikaning ulkan yutuqlarining ana shunday «tayyor bo‘lmagan qo‘llarga» topshirilib qo‘yilishi, quvvatiga ko‘ra, taraqqiyotimizni bir necha bor yo‘q qila olish qudratiga ega bo‘lgan yadroviy qirg‘in qurollarining vujudga kelishiga, sayyoramizning tabiiy imkoniyatlaridan, qazilma boyliklaridan hisob-kitobsiz vahshiylarcha foydalanishga, atrof-muhitning zaharli gazlar, kimyoviy dorilar va texnologik chiqindilar bilan bulg‘anishiga, «ozon tuynugi»ning ochilishiga, xulosa qilib aytganda, insoniyatning halokat yoqasiga eltib qo‘yilishiga sabab bo‘ldi.
Miqyosiga ko‘ra ulkan va juda jiddiy bo‘lgan bu muammolarning haqiqiy aybdori «tayyor bo‘lmagan qo‘llar» egasi inson ekanligini ko‘rmay, mazkur barcha muammolarning yagona «aybdori» — ilmiy texnikaviy taraqqiyot, ya’ni fan deb qarovchilar kam emas, ular hozir ham bo‘lsa eski davrlarga qaytish kech emas, deb fikr qiladilar.
Biroq, aslida insonning qo‘l mehnatini yengillatib, mushkulini oson qilishga, turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan «zahmatkash» fanni, texnikaviy taraqqiyot, ro‘y berayotgan halokatli hodisalar, ekologik krizislar va yadroviy qirg‘in qurollar omborining vujudga kelishida aybdor deb bilish o‘rinli bo‘lmaydi. Bu masalalarda asosiy ayb o‘zimizda — odamlarda.
AQShning Alomogordo sahrosida atom yadrosidan ajraladigan energiyaning miqdori Eynshteynning formulasida ifodalangan miqdorda tengligini sinab ko‘rish uchun birinchi bor atom bombasi portlatilganda, ko‘kka bo‘y cho‘zgan portlash qo‘ziqorinini kuzatayotib, insoniyat uchun naqadar dahshatli qurol yaratilganligini fahmlagan fizik Kennet Beynbirj atom yadrosi energiyasini ajratib olish ishiga ulkan hissa qo‘shgan fizik R. Opengeymerga qarab: «Biz endi hammamiz qanjiqning bolalarimiz», degan edi. Keyinroq Opengeymerning o‘zi: «Biz iblisning ishini qildik», deb tan olgandi. Tabiatiga ko‘ra yumshoq va ko‘ngilchan Otto Gan esa Xirosima va Nagasaki ustida atom bombalari portlatilganda, ularning yaratilishida o‘zini aybdor his qilib, o‘z joniga qasd qildi, faqat tasodifiy holgina uni o‘limdan asrab qoldi.
Atom elektrostantsiyalarining atrof-muhitni ifloslantirishi masalasiga to‘xtalaylik. Ko‘mir, neft, mazut bilan ishlaydigan issiqlik stantsiyalari (TES)lar AESga qaraganda tabiiy muhitni o‘nlab marta ko‘p radioaktiv ifloslantirishi mumkin. Buning ustiga mazkur yoqilg‘ining yonishi jarayonida atmosferaga «uloqtirilgan» is gazi, azot oksidi va oltingugurtli gazlarning Yer atmosferasi — ozon qatlamini yemirishi va tomchilari esa kislotali eritma ko‘rinishidagi yomg‘irni yog‘dirish xavfi ham bor.
Shubhasiz, bunday mulohazalar, oxirgi yillarda Trimayl orolida (AQSh) va Chernobilda ro‘y bergan atom reaktorlarining halokatlarini oqlamaydi va mehnatkashlarning bu masaladagi noroziliklarini tabiiy deb anglaydi. Biroq, shu bilan birga, texnika erishgan yutuqlardan turli sohada, jumladan avtomobillar, temir yo‘l transporti vositalari, havo kemalari va hatto kosmik apparatlardan foydalanishda mutloq halokatlarsiz ishlash mumkin bo‘lmaganligi kabi, atom reaktorlaridan foydalanishda ham halokatlar sodir bo‘lishining ehtimolini nulga tushirishning iloji yo‘q. Bugungi kunda jamiyatimizning avtomobillar, temir yo‘l va havo transportlarining halokati tufayli ko‘rayotgan talafot Chernobilnikidan kam emasligini hamma ham bilmasligi mumkin. Mamlakatimizda 1987 yilning o‘zida faqat avtomobil halokatlari tufayli 40 mingdan ziyod kishi (ko‘z oldingizga keltiring: sal kam bir «Paxtakor» stadionini to‘ldiraoladigancha odamlar) hayotdan ko‘z yumdi, 260 mingdan ortiq kishi esa, og‘ir tan jarohati oldi. Moddiy zararning o‘zi qariyb 7 milliard so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, samolyot va temir yo‘l transportida ro‘y beradigan halokatli hodisalarning oldini yuz foiz olishlikka hech kim kafillik beraolmaydi. Biroq, shunga qaramay, shaharlararo uncha katta bo‘lmagan masofani o‘tishda ham hech kim ot yoki eshakni texnika vositalaridan afzal ko‘rmaydi.
Qishloq xo‘jaligida va sanoatda ko‘plab kimyoviy faol moddalarni zo‘rma-zo‘raki, ba’zan butunlay o‘rinsiz ishlatish oqibatida zararli ekologik vaziyatlarning vujudga keltirilganligi sababli kishilarda xalq xo‘jaligini kimyolashtirishga nisbatan salbiy munosabatlar tug‘ildi. Aslida esa, taraqqiyotimizning bugungi kuni kimyoviy texnologiyasiz o‘tishi mushkulligini hamma ham yaxshi tasavvur qilaolmasligi mumkin. Chunki insonning faqat ma’naviy ehtiyojlarini qondirishning o‘zi uchun xususan, shaxsiy kompyuter, televideniye, radio, kino, magnitofon va fotografik qurilmalar va ularning qismlari uchun kimyoviy sanoat yetakchi rol o‘ynashi barchaga ayon.
Shuningdek, ma’lumki, 1987 yildayoq sayyoramizning aholisi 5 milliarddan ortib, ayni paytda tug‘ilishlar 6 milliard hisobiga ketayotir. Asrimizning oxiriga borib Yer shari aholisining soni 6,5—7 milliardga yetishi ko‘zda tutilmoqda. Binobarin shuncha aholini yedirish, kiydirish va uning boshqa hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun kimyoviy texnologiyaning «xolis xizmati»dan yuz o‘girish talay qiyinchiliklarga olib keladi.
Shu munosabat bilan sayyoramiz miqyosida ulkan ekin maydonlarining eroziyasi, iste’mol qilinadigan meva-sabzavot va poliz ekinlarining turli kimyoviy dorilar bilan zaharlanishi hamda atmosferaning ozon qatlamida xavfli «tuynuk»ning paydo bo‘lishi kabi ekologik muammolarning vujudga kelishida faqat kimyo sanoati va uning mahsulotlarini aybdor deb sanash unchayam to‘g‘ri emas. Bu masalalarda ham, eng avvalo, kimyo yutuqlaridan amalda foydalanayotgan insonning o‘zi, jumladan, mazkur mahsulotlarning foydasi va zararini «ekologik tarozida» tortmay turib, unga «oq yo‘l» bergan ayrim olimlar aybdor.
Keyingi yillarda, ayniqsa, shifokor va tabiatshunos olimlarning nasl injenerligi sohasidagi kuzatishlarida kishini tashvishga soladigan tomonlar ko‘p. Xususan, inson embrionini sun’iy yo‘l bilan rivojlantirish imkonining yaratilishi mazkur tadqiqotlar ichida eng tashvishlidir. Bu borada yuksak onglilik bilan ish tutilmasa, odob va axloq normalariga rioya qilinmasa, kelajakda bunday ixtirolar insoniyat uchun qanchalar qimmatga tushishini tushunish qiyin emas. Shularni e’tiborga olib, keyingi yillarda bunday izlanishlarning adliy jihatdan cheklangan yo‘nalishlarining ishlab chiqilganligini mamnuniyat bilan qayd etish mumkin.
«Jilovi» ongli kishilarning qo‘lidan qo‘yilmasligi zarur bo‘lgan boshqa bir soha — kelgusida inson miyasi faoliyatining sezilarli qismini o‘z zimmasiga olishni mo‘ljallayotgan — «elektron miya»lar nomi bilan mashhur bo‘lgan kompyuterlardir. Xususan, olimlarning sun’iy intellekt bo‘yicha olib borayotgan ishlari qo‘l mehnatini yengillashtirish, talay ishlarni avtomatika va telemexanika zimmasiga yuklashdek yaxshi niyatlarga qaratilgan. Biroq, «har yaxshining bir yomoni…» deganlaridek, bu yangilik ham loqayd kishilar qo‘lida taraqqiyotimiz uchun halokatli hodisalarda vositachi bo‘lib qolishi mumkin. Ma’lumki, ayni paytda sayyoramizda yadroviy qirg‘in qurollarining juda katta zapasi yig‘ilgan va kun sayin boshqarish pultlarida insonning o‘rnini temirtanlar egallamoqda. Biroq hech qanday texnikaning, u qanchalik takomillashgan bo‘lmasin, halokatlarsiz ishlashiga yuz foiz kafillik berib bo‘lmaganidek, bunday «elektron miyalar»ning ham har doim bekami-ko‘st ishlashiga hech kim kafolat berolmaydi. Sayyoramizning ma’lum burchagida yadroviy bomba portlatilgani haqida bizni ogohlantirishi lozim bo‘lgan va Yer sun’iy yo‘ldoshlaridan biriga o‘rnatilgan bunday temirtanlar qayerdadir ro‘y bergan juda kuchli yong‘inni yoxud momoqaldiroq yashinini yadroviy qurol hujumi deb bilib, Yerdagi markazga «jang boshlanganidan» xabar berishi mumkin. Koinotda sekundiga taxminan 8 kilometr tezlik bilan uchib yurgan, ba’zilari o‘z faoliyatini tugatgan ming-minglab sun’iy yo‘ldoshlar zamonida bunday «kichik» yanglishlarni tasavvur etish qanchalik dahshatli!
Xo‘sh, endi kompyuter texnikasining bunday salbiy tomonlarini deb bugun murakkab texnologik jarayonlarda insonning qo‘lidan ishini olayotgan, unga yordamga kelayotgan temirtanlardan voz kechib bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Bunga hammamiz guvoh bo‘lgan va yaqinda ro‘y bergan Chernobil halokati paytida inson o‘rniga «elektron miya» boshqaradigan texnikalarning faoliyatini misol qilib keltirish mumkin. Shuningdek, koinotdan tinchlik maqsadlarida foydalanishni, kelajakda sayyoramizning ekologik muammolarini hal qilishda yetakchi rol o‘ynashi mo‘ljallanayotgan kosmonavtikamizning eng so‘nggi yutug‘i bo‘lmish «Energiya» — «Bo‘ron» transport raketa — kosmik tuzilmasining mo‘jizaviy yutug‘i ham shu «elektron miya» tufayli qo‘lga kiritildi-ku! Bunday «miya» kosmos qa’ridan kelayotgan orbital samolyot — «Bo‘ron»ga bepoyon sayyoramiz sirtidan unga ajratilgan — eni 84 metr, bo‘yi 4,5 kilometr keladigan qo‘nish yo‘lagini topib, boshqaruvchisiz qo‘nishga imkon yaratdi!
Shubhasiz, fan va texnikaning shiddatli rivoji, yuqorida eslatilganidek, faqat foyda keltirmay, turli yo‘nalishlarda inson salomatligi va hayotini tahlikaga soladigan xavf-xatarli halokatli vaziyatlarni vujudga keltiradi. Shuni e’tiborda tutish kerakki, olimlarimiz har bir fan yangiligi yoki texnika yutug‘ini turmushga tadbiq etishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymay, uning foyda va zarar tomonlarini ekologik nuqtai nazardan taroziga solib, ulardan foydalanishning eng qulay yo‘llarini ishlab chiqishlari kerak.
Mamatmuso Mamadazimov, fizika-riyoziyot fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son