Rahmon Qo‘chqor. Qalb ilmi egasi (Erix Fromm)

Mavjudotlarning eng mukammali, sharifi sanalgan, boshqa biror maxluqqa ato etilmagan aql va idrok, ong va til sohibi bo‘lmish insoniyat tomonidan XX asrda bir emas, ikkita jahon urushi sodir etildi. Bu shafqatsiz muhorabalarda umumiy hisobda 80 milliondan ortiqroq aynan shu “mukammal, sharif zot” vakillari o‘z qavmdoshlari tomonidan ayovsiz mahv etildi. 1914 yilda boshlangan 1-jahon urushi vahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan o‘spirin Erix Fromm:“Shu narsa mumkinmi? Alohida so‘ralsa, birorta odam yaqiniga yo‘lamaydigan, demakki, hech qachon o‘zini qurbon qilmaydigan qandaydir xayoliy maqsadlar yoki siyosiy mulohaza-manfaatlar uchun millionlab odamlar bir-birini o‘ldirishi… Ya’ni ham siyosiy, ham psixologik nuqtai nazardan urushni qanday izohlash mumkin? Odamni qanday kuch boshqarayapti o‘zi?” deya dahshatga tushgan edi.

Nazarimizda, ana shu ikki urush, undan keyin esa uzoq muddat hukm surgan “sovuq urush” tahlikalari XX asr falsafasi odam va olam to‘g‘risidagi qarashlarning tabiatini, ilmiy-ijodiy izlanishlarning ustuvor yo‘nalishi va mohiyatini belgilab berdi. Xuddi shu voqeliklar G‘arb dunyosi fani, adabiyoti va san’atida “absurdizm” oqimining keng yoyilishiga, insonning “abadiy yolg‘izligi”, “la’natlangani”, “o‘zidan begonalashuvi” to‘g‘risidagi tushkun mulohazalarning, hatto (astag‘firulloh!) “Xudo o‘ldi” degan qarashlarning urchishiga ham kuchli turtki bo‘ldi. Bu tendentsiyalar XX asrda yashab ijod etgan G‘arb jamiyatshunoslari, siyosatshunoslari, estetlari, axloqshunoslari, yozuvchi va adabiyotshunoslari, faylasuflari yaratgan asarlar nomiga-da qizamiqday qalqib chiqdi: “Evropa shomi” (O.Shpengler), “Ijodkor mas’uliyati” (J.Mariten), “Go‘rkov” (G.K.Chesterton), “San’at degumanizatsiyasi” (Ortega-i-Gasset), “San’atning o‘limi” (V.Veydle), “Kelajak bilan to‘qnashuv” (O.Toffler), “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” (S.Xantington), “G‘arbga qarshi isyon” (X.Bull), “G‘arbning o‘limi” (P.Byukenen) va boshqalar.

…Ota-bobolari yahudiy dinining otashin targ‘ibotchilari – ravvinlar bo‘lgan yosh Erix ham Frommlar oilasi an’anasiga sodiq qolib, shu yo‘lni davom ettirishi, umrini ruhoniylik va savdogarlikka baxsh etishi lozim edi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhit, Bavariyada kichkinagina do‘koni bo‘lgan bobosi to‘g‘risida, jumladan, shunday hikoya qilgandi: “Bobom umrini kun bo‘yi do‘konda o‘tirib, Talmud mutolaasi bilan o‘tkazardi. Agar xaridor kelib bezovta qilsa, jahl ila kitobdan bosh ko‘tarib: “Nima, atrofda boshqa do‘kon qurib qoptimi?” deya norozi bo‘lardi…”

E.Fromm XX asr tongida – 1900 yilning 23 martida Germaniyaning Mayndagi Frankfurt shahrida, aytilganidek, xudojo‘y yahudiylar oilasida dunyoga kelgan. U avval Frankfurt, keyin esa zamonasining taniqli faylasuflari Maks Veber hamda Karl Yasperslar dars bergan Haydelberg universitetlarida tahsil oladi. 22 yoshida Alfred Veber rahbarligida yozgan dissertatsiyasi uchun falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ladi. O‘z izlanishlarini mustaqil davom ettirgan E.Fromm, Berlindagi psixoanaliz intitutiga ishga kirib, o‘sha davrda hammaning e’tiborini o‘ziga jalb etgan freydizm ta’limotini chuqur o‘rganadi, amaliyotda sinovdan o‘tkazadi. Mana shu tajribalar asnosida u Zigmund Freyd nazariyasi ham bequsur emasligi, jumladan, insonda yuz beradigan ruhiy evrilishlar, aynishlar faqat tabiiy-tug‘ma omillar, instinktlar natijasi bo‘lmasligi haqidagi xulosalarga keladi.

1930 yildan Fromm Frankfurtdagi ijtimoiy tadqiqotlar institutiga joylashadi hamda M.Xorkxaymer, T.Adorno, G.Markuze singari zamonasining taniqli olimlari bilan birgalikda keyinchalik “Frankfurt maktabi” nomini olgan mashhur ilmiy to‘garakning faol a’zosiga aylanadi. 1933 yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga Adolf Gitler boshchiligidagi millatchi sotsialistlar (natsistlar) kelgach, Frankfurt instituti AQShga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Nyu-Yorkda olib borilgan “Obro‘-e’tibor va oila” nomli dasturiy izlanishlar natijasida 1941 yilda E.Frommning “Erkinlikdan qochish” nomli dastlabki kitobi dunyo yuzini ko‘radi.

Shuni ta’kidlash kerakki, barcha iste’dodli olimlar singari, E.Fromm ham o‘ziga qadar va hatto yon-atrofida izlanish olib borayotgan safdosh olimlarning aksariyat qarashlari bilan kelishmagan, uning iqtidori ilmda yangi yo‘nalish kashf etishga da’vat etgan. E.Fromm 40-yillarga kelib Frankfurt maktabidan yiroqlashadi, individual tarzda ilmiy izlanishlarga, o‘qituvchilik va jamoat faoliyatiga beriladi. Ko‘pdan-ko‘p mijozlari bilan olib borgan ruhiy tahlillari olimni zamonaviy jamiyatda ko‘payib-kuchayib borayotgan ruhiy xastaliklar – nevrozlar faqat biologik sababga emas, balki chuqur ijtimoiy ildizlarga borib taqalishi to‘g‘risidagi xulosaga olib keladi.

Darhaqiqat, Frommning ilk ustozlaridan biri Zigmund Freyd insonni o‘ziga xos yopiq tizim (“narsa o‘zida”) deb hisoblagan, uning aksariyat harakatlari biologik asoslardan turtki olishi to‘g‘risidagi ta’limotni olg‘a surgandi. E.Fromm esa tabiiy instinktlar bilan birga, ijtimoiy-tarixiy omillar odam bolasi ruhiyatida muhim o‘rin tutishini isbotlab berdi. Uningcha, inson tadqiqida shaxsning dunyoga, boshqa kishilarga, tabiatga va eng asosiysi – o‘ziga bo‘lgan munosabatini o‘rganish bosh masala hisoblanadi. Agar Z.Freyd odam tabiati azaldanoq buzilgan, aynigan, uning aksariyat intilishlari shaxsiy-shahvoniy lazzatga erishish, tabiiy istaklarni qondirishga yo‘nalgan bo‘ladi, deb hisoblasa, E.Fromm inson o‘zining biologik, hissiy istaklar qobig‘ini yorib chiqib, ongli umrini haqiqat va adolatni izlash, erkinlik va mukammallik sari intilishga bag‘ishlashi zarurligi to‘g‘risida gapiradi. Zero, inson tashqi muhitning o‘zgarishiga befarq bo‘lishi, unga mos tarzda o‘zi ham o‘zgarmasligi mumkin emas. (Bu gapning “buqalamunlik”ka hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab o‘tirishimiz shart bo‘lmasa kerak.) Olimlar, shu ma’noda, E.Frommning insonshunoslik ilmi oldidagi xizmatlarini uning psixoanaliz faniga gumanistik ruh baxsh etganida ham, deb bilishadi.

1949 yildan to 1969 yilgacha E.Fromm Meksikada yashaydi, shu yerda ilmiy izlanishlarini davom ettiradi. Xuddi shu yillari u o‘zi umrguzaronlik qilayotgan yangi zamon tabiatini, o‘tmishda o‘tkazilgan va o‘sha yillari hayotga tatbiq etilayotgan turli ijtimoiy dasturlar, millionlar taqdiri ustida kechayotgan siyosiy-mafkuraviy eksperimentlar mohiyatini chuqur o‘rganish, ularni o‘zaro solishtirish, umumiy xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayni davrda yozgan “Sog‘lom jamiyat” asarida kapitalistik tuzumning salbiy jihatlarini ko‘plab misol va dalillar asosida ishonarli tanqid qiladi.

Erix Fromm totalitar jamiyat tabiati, uni tarix sahnasiga olib chiquvchi omillar, harakatga keltiruvchi mexanizmlar to‘g‘risida ham chuqur tahlillar olib borgan. Uning ishlarida nafaqat fashistik rejim, balki kazarmacha sotsializm tuzumi, bu tarixiy aynishlar omma psixologiyasida paydo qilgan o‘ta salbiy evrilishlar keng yoritilgandi. Demak, u “juvonmarg odam”ga (A.Oripov) nedir farishtadek yondashish tamoyilidan ham mutlaqo yiroq bo‘lgan. Faylasuf inson bolasiga xos bo‘lgan ayanchli qusurlar, tabiiy va ijtimoiy illatlar ildiziga tik qarashdan, odamdagi egoizm, egotsentrizm, “nartsissizm” (“o‘z-o‘ziga mahliyolik”), ustozi Z.Freyd kashf etgan “Edip kompleksi”, biofiliya (“hayotsevarlik”)ning ziddi bo‘lgan nekrofiliya (“o‘limsevarlik”) singari ko‘pdan-ko‘p ruhiy og‘ishlar kasofatini shafqatsiz analiz qilishdan cho‘chimaydi. Bu jihatdan uning “Inson qalbi”, “Adolf Gitler: nekrofiliyaning klinik ko‘rinishi”, “Illyuziyalar qurshovida” singari asarlari, ayniqsa, e’tiborlidir.

E.Fromm, yana ko‘pchilik olimlardan farq qilaroq, faqat nazariy masalalar bilan cheklanib qolmagan, balki ijtimoiy-siyosiy hayotga faol aralashgan. Jumladan, u jamiyatning turli qatlamlari qarshisida ommabop tilda ma’ruzalar qilar, namoyishlarda qatnashardi, hatto 1962 yilda qurolsizlanish bo‘yicha Moskvada o‘tgan xalqaro konferentsiyada kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandi.

1968 yilda olimning yuragi birinchi marta kuchli xuruj qiladi va uzoq davolanishdan so‘ng u 1969 yilda Shveytsariyaga ko‘chib keladi. Umrining qolgan qismini E.Fromm mana shu yurtda o‘tkazgan.

Afsuski, 1977 yilda – o‘zining “Ega bo‘lish yoki mavjud bo‘lish” asarini yozib tugatganidan so‘ng faylasuf ikkinchi, yana bir yildan keyin esa uchinchi infarktni ham boshdan kechiradi. Nihoyat, 1980 yilning 18 mart kuni – sakson yoshga kirishiga 5 kun qolganida, E.Fromm dunyodan ko‘z yumdi.

Erix Frommning jahon psixonaliz faniga, umuman, olam va odam to‘g‘risidagi falsafiy ilmga qo‘shgan hissasi shu qadar ko‘p qirraliki, hozir ularning barchasiga to‘xtab o‘tish imkondan tashqaridagi ish, albatta. U kitoblarining birida: “Inson o‘zining mavjudligi o‘zi uchun muammo bo‘lgan olamdagi yagona maxluqdir: u bu muammoni yechmog‘i lozim, bundan hech qayerga qochib qutila olmaydi”, degandi. Faylasufdan qolgan katta ilmiy-ijodiy meros ana shu ulkan muammoni yechish yo‘lidagi jiddiy urinishlardan hisoblanadiki, uni idrok etish omma ma’rifatini yuksaltirishga ham beminnat xizmat qilishi tayin.

Rahmon Qo‘chqor, filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son