Ishonchim komilki, odamzot — tabiiy taraqqiyot hosilasi, tabiatning tarkibiy qismi, biroq tafakkur va ong sohibi bo‘lgani uchun borliqqa nisbatan hukmron mavqega ega.
Ishonchim komilki, odamzot hayotining mohiyatini anglasa bo‘ladi. Biroq bu mazmun — mohiyati butun tarixiy taraqqiyot mobaynida insoniyat hayotini belgilovchi asosiy xususiyat emas. Insoniyat hayotining mazmun — mohiyatini ziddiyat tashkil etib, mana shu ziddiyat muqobil yo‘l topishga odamzotni asrlar mobaynida majbur etib kelayotir. Turmush tarzidan kelib chiqqan holda hayotning o‘zi odamzot oldiga shunday masalani ko‘ndalang qilib qo‘yadi: boshqa tirik jonzotlar va tabiat bilan yaxlitlik va uyg‘unlikka erishish uchun insoniyat bilan tevarak-atrof o‘rtasidagi tafovutni qanday bartaraf etish mumkin. Inson hayotining har bir lahzasida mana shu savolga javob berishga majbur. Nafaqat fikr-mulohazalari va da’volari bilan, balki turmush tarzi va a’moli bilan ham bu muammoni hal etish chora-tadbirlarini ko‘rmog‘i darkor.
Ishonchim komilki, hayot kechirish to‘g‘risidagi savolga ko‘pdan-ko‘p cheklangan va qat’iy javoblar mavjud (din va falsafa tarixi — mana shunday javoblar turkumidan iborat). Biroq mazkur javoblarning hammasi asosan ikki turga bo‘linadi. Ularning biriga binoan — insoniyat aql-idrok va mehr-muhabbat singari hal qiluvchi fazilatlardan yuz o‘girgan holda odamzotning ongsiz turmush tarzi davriga qaytib, tabiat bilan uyg‘unlikni tiklashga urinadi. Ikkinchisiga binoan — bu, darvoqe, odamzotning asosiy maqsadi sanaladi — o‘zga tirik jonzotlar va tabiat bilan tamomila yangicha asosdagi uyg‘unlikka erishish imkonini beruvchi barkamollikka erishishdan iborat.
Ishonchim komilki, dastlabki yo‘l tanazzulga olib boradi. Bu muqarrar halokatga, yemirilishga, azob-uqubatlarga sababchi bo‘ladi, biroq insoniyatning to‘la barkamolligiga, kuch-qudrati va tafakkuri yuksalishiga asti xizmat qilmaydi. Ikkinchi yo‘l yuholik va shaxsiyatparastlilikka barham berib, tartib-intizomni, sobit irodani, haqqoniy maqsad sari boshlaydiganlarni izzat-ikrom etishni talab qiladi. Bu garchi mashaqqatli yo‘l bo‘lsa-da, tanazzulga uchramaydigan yagona to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Haqiqatdan ham hali pirovard qo‘lga kiritilishidan birmuncha avval xayrli maqsad yo‘lida sarflangan sa’y-harakatlar ijobiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida insonning hayotiy faolligi junbushga keladi.
Ishonchim komilki, hayot-mamot masalasi odamzot uchun hamisha hal qiluvchi ahamiyat kasb etib kelayotir. Odamzot bu borada emin-erkinlik bilan ish tutadi. Biroq bu cheklangan erkinlik sanaladi. Chunki ayni shu masalada ijobiy va salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xususan, ruhiy holati, muayyan jamiyatning o‘ziga xosliklari, oilasi, o‘qituvchilari, u duch keladigan hamda tanlaydigan do‘stlari singari omillar mavjud. Mana shunday vaziyatda har bir odamning asosiy vazifasi hayotiy faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish natijasida halokatga olib boruvchi omillarga qarshilik qiladigan shart-sharoitlarni kuchaytirish, erkinligi sarhadlarini kengaytirishdan iborat. Biz hayot-mamot, tiriklik va o‘lim masalasini biologik holat nuqtai nazaridan emas, balki insoniyat hayotining oliy mohiyati, dunyoga munosabat negizida ko‘rib chiqayotirmiz. Hayot muttasil o‘zgarib, yangilanib boradi. O‘lim esa o‘sish, yuksalish to‘xtadi, qotib qoldi yoxud bir joyda tepsina boshladi, demakdir. Hayot-mamot masalasida o‘z nuqtai nazarlarini oydinlashtirib olmagan kimsalardan ham baxtsizroq bandai ojizlar bormikan?! Bunday bandai ojizlarning tirik murdadan farqi yo‘q. Bundaylar uchun hayot ortiqcha yuk, be’manilikdan boshqa narsa emas, amaliy faollik esa soyalar saltanatidagi azob-uqubatli turmush tarzidan himoyalanish vositasiga aylanadi.
Ishonchim komilki, na hayot va na tarix muayyan shaxsning turmushiga mazmun-mohiyat baxsh eta oladigan yoxud uning azob-uqubatlarini oqlaydigan yuksak mohiyatga ega emas. Odamzot hayotini tashkil etuvchi ziddiyatlar va zaifliklarni hisobga olguday bo‘lsak, odamzotning sarobiy umidvorlik baxsh etib, qarama-qarshiliklar, shubha-gumonlar va mas’uliyatdan xoli qiladigan “mutlaq”likka intilishi tamomila tabiiydir. Biroq bu borada na ilohiy, na falsafiy va na tarixiy nuqtai nazardan olganda odamzotni Tangri xalos etmaydi ham, qoralamaydi ham. Faqat insonning o‘zi hayotining mazmun-mohiyatini, asosiy maqsadini va unga erishish vositalarini axtarib topishga qodir. Uzil-kesil xalos qiladigan yoxud mutloq javob-echimni topib bo‘lmaydi, biroq odamzot hayotiy faollikning, o‘y-kechinmalar teranligi va ravshanligining shunday darajasiga yuksala oladiki, natijada emin-erkin va xomxayollarsiz yashash imkoniyatini beruvchi kuch-qudrat kasb etadi.
Ishonchim komilki, biron-bir kimsaning qismatini hatto eng yaqin kishisi ham hal qilishga qodir emas. Har bir odam boshqa bir inson uchun oladigan yagona himmatli — soxta kechinmalar va xayolparastliklarga asti berilmasdan mavjud muqobil yo‘llarni haqqoniy va azbaroyi xayrixohlik bilan ko‘rsatib berishdan iborat. Har bir odamni chinakam muqobil yo‘llar ostonasiga boshlab boribgina uning tabiatida mudrab yotgan botiniy kuch-qudratni yuzaga chiqarish va o‘limni emas, balki faol turmush tarzini tanlashga rag‘batlantirish mumkin. Faol turmush tarzini toki har bir inson ongli tarzda mustaqil tanlab olmas ekan, uni hech kim bunga unday olmaydi.
Ishonchim komilki, ezgulikni tanlashning ikki xil yo‘li bor. Birinchi yo‘lga binoan axloq-odob qoidalariga rioya qilmoq lozim. Bu yo‘l ijobiy natija berishi mumkin, biroq minglab yillar mobaynida asosiy axloq-odob qoidalariga nisbatan ozchilik rioya qilib keldilar. Aksariyat kishilar muayyan davr hukmron doiralarining talablariga itoat qilgan holda tap tortmay jinoyat qilib keldilar. Boshqa bir yo‘l — bama’nilikka ixlos tuyg‘usini singdirish hamda namunali va oqilona faoliyat ko‘rsatgan holda bama’nilikni kamolga yetkazishdan iborat. Bu borada odamzotning bir g‘ayratiga o‘n g‘ayrat qo‘shadigan sabr-bardoshli, irodali bo‘lishni nazarda tutayotirman.
Ishonchim komilki, ta’lim-tarbiya berishdan maqsad, yosh avlodga insoniyat ma’naviy merosining eng yaxshi mahsullarini o‘rgatishdan iborat. Lekin bashariyat ma’naviy merosining aksariyat qismi yozma adabiyotlarda jamlangani uchun ularga singdirilgan haqiqatlar o‘qituvchi shaxsiyatida yoxud amaliy hayot va jamiyat qurilishida ro‘yobga chiqqan taqdirdagina ahamiyat kasb eta oladi. Amalga oshgan, ro‘yobga chiqarilgan g‘oyagina insonga ta’sir ko‘rsatadi; quruq va’da, so‘zlar yig‘indisi bo‘lib qolayotgan g‘oyaviy maqsadlar hech qanday ta’sir kuchiga ega bo‘la olmaydi.
Odamzotning kamol topish qobiliyatiga ishonaman. Kamol topish qobiliyati odamzot o‘z maqsadiga yetishmog‘i darkor degani emas, balki u o‘z maqsadiga erisha olishi mumkinligini bildiradi. Agar shaxs faol turmush tarzini tanlamasa, agar insoniy fazilatlarini tarbiyalamasa, u muqarrar buzg‘unchiga, tirik murdaga aylanadi. Bama’nilik va hayotiy faollik singari gunohkorlik va insoniy qiyofani yo‘qotish ham muqarrardir.
Ishonchim komilki, faqat favqulodda holatlarda inson avliyo yoxud jinoyatchi bo‘lib tug‘iladi. Bizlarning aksariyatimiz ezgulikka ham, yovuzlikka ham moyilmiz, bu moyillik darajasi har birimizda turli darajada ekanini ham unutmaslik kerak. Shu bois bizning qismatimiz fe’l-atvorimizda bu ikki xislatdan qaysi biri ustunlik qilishiga bog‘liq. Har birimizga oiladagi turmush tarzi eng kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Biroq oila jamiyatning bir bo‘lagi ekanini, jamiyat o‘z a’zolariga singdirishni istaydigan qadriyatlar va mezon-me’yorlar har bir oila hayotining negizini tashkil etishini unutmaslik darkor. Shu bois har bir shaxs kamoloti uchun u tavallud topgan jamiyat tuzilishi va qadriyatlari eng muhim omil sanaladi.
Ishonchim komilki, jamiyat inson kamolga yetishi uchun qanchalar harakat qilsa, uning qobiliyatlarini jilovlab turishi uchun ham shuncha intiladi. Faqat o‘zgalar bilan hamkorlikdagi mahnat jarayonida inson o‘z qobiliyatlarini kamolga yetkazadi, faqat tarixiy jarayon bilan uyg‘unlikda u o‘zligini shakllantiradi. Biroq ayni chog‘da aksariyat ijtimoiy tizimlar to shu kunga qadar ko‘pchilikdan o‘z g‘arazli manfaatlari yo‘lida foydalanishni hohlovchi ozchilik maqsad-muddaolariga xizmat qilib keldi. Shu g‘arazli maqsad yo‘lida ozchilik ko‘pchilikni yuzini qora qilib ko‘rsatish hamda qo‘rqitib olish (bavosita o‘zini ham) niyatida hokimiyat qudratidan foydalanib keldi, shu asno ko‘pchilikning qobiliyatlari har tomonlama kamol topishiga monelik ko‘rsatdi. Ayni shu bois jamiyatlar yuksak insonparvarlik g‘oyalari, har bir inson kamolotiga xizmat qiluvchi oliy mezonlarga aksariyat hollarda zid yo‘l tutib keldilar. Jamiyatning maqsadlari insoniyatning oliy o‘y-niyatlari bilan mos tushgan taqdirdagina jamiyat shaxs fazilatlariga putur yetkazish va yovuzlikka xizmat qilishga chek qo‘yadi.
Ishonchim komilki, tomchida dengiz aks etgani singari har birimiz butun insoniyat uchun ko‘zgu bo‘la olamiz. Bizlar fahm-farosatimiz, salomatligimiz, qobiliyatlarimizga ko‘ra farqlanamiz. Bundan qat’i nazar, hammamiz bir xil bandai ojizlarmiz. Bizlarning barchamiz avliyolar va gunohkorlarmiz, keksalar va bolalarmiz, biroq hech kim hech kimdan ortiq emas va hech kim hech kim ustidan qozilik qila olmaydi. Bizlarning barchamiz Budda bilan birgalikda komillik yo‘lini axtarganmiz, bizlarning barchamizni Isoi Masih bilan birgalikda xochga mixlashgan va bizlarning barchamiz Chingizxon, Stalin va Gitler bilan birgalikda qotilliklar va talon-tarojlar qilganmiz.
Ishonchim komilki, har bir odam mavhum umumiylikka intilish natijasida emas, balki shaxs sifatidagi o‘ziga xosliklarini kamoliga yetkazish natijasidagina asl insoniy qiyofa kasb eta oladi. Insonning hayotiy vazifasi mantiqqa zid holda faqat shaxsiyatini kamolga yetkazishdan iborat bo‘lib, faqat shu yo‘l bilan shaxsiyati qobig‘ini yorib chiqib, umuminsoniy yuksaklikka ko‘tarila oladi. Faqat to‘la kamolga yetgan komil shaxsgina shaxsiyatparastlik kishanlaridan holi bo‘ladi.
Ishonchim komilki, muayyan qabila va cheklangan zamin doirasidan yorib chiqqan Yangi Shaxs voyaga yetganidan keyin endigina tetapoya bo‘layotgan Yaxlit Dunyo chinakamiga oyoqqa turadi. Bunday Yangi Shaxs o‘zini butun insoniyatning farzandi, olamning fuqarosi deb biladi, o‘zini biron-bir millat yoki elatga emas, ularning jamuljami hisoblanmish butun insoniyatga sadoqatli bo‘ladi; u butun insoniyatni sevgani uchun ham o‘z mamlakatini sevadi; qabilasiga nisbatan cheklangan sadoqat bunday insonning yuksak fikr-mulohazalariga putur yetkaza olmaydi.
Ishonchim komilki, insonning kamolga yetishi — muttasil qayta tug‘ilish, muntazam bedorlik jarayoni sanaladi. Odatda biz yarim uyqu — mudroq holatida bo‘lamiz va amaliy faollik uchungina hushyor tortamiz; biroq hayotiy faollik uchun kifoya qiladigan tarzdagi ziyraklik biz uchun begonaligicha qolaveradi, holbuki tom ma’nodagi insonning hayotiy vazifasi ayni chinakam botiniy hushyorlik hisoblanadi. Odamlarni yarim mudroq holatidan chinakamiga uyg‘ota olganlar, buyuk daholar darajasiga ko‘tariladilar. Insoniyatning ashaddiy g‘animlari esa uni g‘aflat uyqusi bilan chulg‘agan kimsalar hisoblanadi; bunday kimsalar bu borada biron-bir ma’budga sig‘inishdan foydalanadilarmi yoxud odamlarning fikru zikrini qo‘lning kiri bo‘lgan mol-dunyo, zar-tilloga asir qilib qo‘yadilarmi, buning hech qanday ahamiyati yo‘q.
Ishonchim komilki, tariximizning so‘nggi to‘rt ming yili mobaynida insoniyat o‘ta dahshatli tarzdagi rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Odamzot ongini shu darajagacha kamolga yetkazdiki, endilikda tabiat sir-asrorlarini birma-bir ochayotir va tabiiy kuchlarning so‘qir hukmronligidan ham xalos bo‘ldi. Biroq ana shunday hayratomuz zafarlarni quchgan odamzot yangicha dunyo bo‘sag‘asida ayni o‘zi yaratgan vositalar va tuzilmalarning bandisiga aylanib qoldi. Odamzot mahsulotlar ishlab chiqarishning yangicha usullarini kashf etib, ishlab chiqarish va taqsimotni zamonaviy ma’budaga aylantirib qo‘yadi. Insoniyat o‘zi yaratgan narsalarga sig‘inayotir, o‘zini esa ana shu lash-lushlarning xizmatkoriga aylantirgan. Odamzot endilikda Alloh, ozodlik, insoniylik, sotsializm singari tushunchalarni shunchaki tilga olish bilan cheklanayotir; ongli mavjudod sifatida tanazzulga yuz tutayotganini niqoblash uchun qirg‘in qurollari va mashinalarda o‘z tajassumini topgan kuch-qudrati bilan g‘ururlanayotir; insoniy qadr-qimmati tushib ketganini yashirish niyatida vayrongarchiliklar keltiruvchi zo‘ravonligi bilan maqtanayotir.
Ishonchim komilki, bizlarni xudqushlikdan qutqara oladigan yagona qudrat — aql-idrokimiz, odamzot amal qilayotgan g‘oyalarning aksariyati soxtaligini anglay olishimiz, voqelikning bo‘htonlar va yolg‘on-yashiqdan iborat mafkura niqoblab tashlagan haqiqiy mohiyatiga yeta olish qobiliyatimiz hisoblanadi. Men aql-idrok deganda bilimlar majmuini emas, balki E. Kassirerning ta’biri bilan aytganda, “g‘oyat muhim vazifasi voqelikni muayyan sohalarga bo‘lib, sinchiklab o‘rgana oladigan” “quvvat manbai”ni nazarda tutayotirman. Na zo‘ravonlik va na qudratli qurol-yarog‘lar bizlarni qutqara olmaydilar; bu xayrli vazifani faqat sog‘lom aql-idrokimiz hamda tafakkurimiz uddalay oladi.
Ishonchim komilki, toki insonning umidi va ishonchi yo‘q ekan, yolg‘iz aql-idroki bilan hech qanday ishning uddasidan chiqolmaydi. Gyote tarixiy davrlar o‘rtasidagi o‘ta keskin farq e’tiqod va e’tiqodsizlik o‘rtasidagi farqqa bog‘liq bo‘lib, e’tiqod kuchaygan davrlarning hammasida yuksalish, farovonlik va unumdorlik yuqori bo‘lganini, aksincha, e’tiqodsizlik hukmronlik qilgan zamonlar izsiz yo‘qolib ketganini, chunki ishonch-e’tiqodsiz kimsalar bunyodkorlik faoliyati bilan astoydil shug‘ullana olmasligini juda to‘g‘ri ta’kidlagan edi. Darvoqe, XIII asr, Uyg‘onish davri, Ma’rifat davri shubhasiz, ishonch va e’tiqod davri bo‘lgandi. XX asr G‘arb olami ishonch va e’tiqodni boy bermadimikan, degan xavotir menga tinchlik bermaydi. Haqiqatdan ham hazrati insonga ishonch yo‘qolgan sharoitda jonsiz mashinalarga sig‘inish bizlarni tanazzuldan qutqara olmaydi; aksincha, bunday g‘ayrioddiy “e’tiqod” halokatimizni tezlashtiradi, xolos. Bizlar ikki yo‘l boshida turibmiz: G‘arb olami yoxud insonparvarlikni tanlab, mehnat yoki ishlab chiqarishni rivojlantirish emas, balki odamzotni rosmana kamol toptirish yo‘lini tanlaydi yoxud boshqa ko‘plab buyuk tamaddunlar singari halokatga yuz tutadi.
Ishonchim komilki, chinakam haqiqatga o‘tkir aql-idrok bilan emas, balki qat’iyatli fe’l-atvor bilan yetishadilar. Bu borada sobitqadamlik bilan “yo‘q!” deya inkor etish, hukmron doiralarning ko‘r-ko‘rona buyruqlariga va olomonning asil haqiqatdan yiroq fikr-mulohazalariga ergashmaslik, g‘aflat kishanlarini uloqtirib tashlab, chinakam insoniy qiyofa kasb etish, turmush kechirishning bema’niligi va behudaligi bilan bog‘liq tushkunlik kayfiyatlariga chek qo‘ya bilish g‘oyat muhim. Momo Havo bilan Odam Ato — ikki buyuk isyonchilarning “jinoyati” insoniyatni xalos qilganini unutmaylik. Chinakam insoniylikka begona narsalarning hamma-hammasini qat’iyan rad etish Allohni yoqlab ovoz bermoq, insoniylikni yoqlash esa — odam bolasini qulga aylantirish, siqib suvini ichish, laqma-go‘lga aylantirish uchun zo‘r berayotgan kimsalarning hamma-hammasiga qarshi bosh ko‘tarmoqdir.
Men ozodlikka, o‘zligini, haq-huquqlarini himoya qilish huquqiga hamda bu borada unga qarshilik ko‘rsatishga urinadiganlarga qarshi kurashish huquqiga ishonaman.
Ishonchim komilki, na G‘arb kapitalizmi, na sho‘rolar yoki xitoycha kommunizm kelajak muammolarini hal qila olishga qodir emas. Ularning hammasi insonni lash-lushga aylantiruvchi rasmiyatchilikni yuzaga keltiradi. Insoniyat tabiat va jamiyat kuchlarini oqilona va ongli nazorat ostiga olmog‘i darkor, bu kuchlarni ashyolar ustidan ham, insonlar ustidan ham hukmronlik qiluvchi rasmiyatchi guruhlar nazoratiga berib qo‘ymasdan, ashyolarni idora qiluvchi va ularni koinot gultoji — insonga itoat qildiruvchi erkin hissador ishlab chiqaruvchilar nazorati ostiga topshirmog‘i darkor. Kelajak haqida gap borar ekan, “kapitalizmni” ham, “kommunizm”ni ham bir chetga surib qo‘yib, rasmiyatchilik va insonparvarlikdan birini tanlab olmoq lozim. Demokratik, markazlashtirishdan xoli sotsializm — insoniy fazilatlarning barchasini yuzaga chiqarishni oliy maqsad qilish uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilishidir.
Ishonchim komilki, insoniyat qo‘l-oyog‘ini ipsiz bog‘lab, bandi etuvchi xomxayollardan xalos bo‘lishi kerak, o‘z botiniy dunyosini va tashqi olamni haqqoniy idrok etishi hamda xomxayollarga ehtiyoji yo‘q muhitni yaratishi darkor. Sarobiy xomxayollarning kishanlari uzib tashlangandan keyingina chinakam ozodlik va shaxs erkinligi qo‘lga kiritiladi.
Ishonchim komilki, hozir yagona asosiy xavf-xatar — urush va tinchlik masalasidan iborat. Insoniyat Zamindagi hayotni butunlay yo‘q qilishi yoxud butun tamaddunni va hozirgacha saqlanib kelayotgan qadriyatlarni vayronaga aylantirishi hamda qolgan-qutgan kimsalar ustidan hukmronlik qiluvchi vahshiyona totalitar tuzumni vujudga keltirishi ehtimoldan xoli emas. Mana shu halokatli xavf-xatardan odamlarni ogoh qilish, insoniyat qanday tubsiz jarlik tomon siljib borayotganini anglashiga monelik ko‘rsatish uchun turli tomonlardan qo‘llanilayotgan tovlamachiliklar qobig‘ini yorib chiqish — inson bugungi kunda amal qilishi lozim bo‘lgan yagona majburiyat, yagona ma’naviy va aql-zakovat talabi hisoblanadi. Modomiki odamzot shunday oqilona yo‘l tutmas ekan, halokatga yuz tutishi muqarrar.
Agarda yadroviy halokat oqibatida nobud bo‘lish peshonamizga bitilgan ekan, odamzod chinakam insoniy qiyofa kasb eta olmagani va tabiatan vahshiy bo‘lgani uchungina shunday baloga giriftor bo‘lmaydi; haqiqiy voqelikni oqilona idrok etib, haqiqat talablaridan kelib chiqqan holda ish tutishimizga so‘qir hamfikrlilik monelik ko‘rsatgani sababli boshimizga ana shunday kun tushgan bo‘lur edi.
Men insoniyatning kamoliga ishonaman, biroq ko‘nglimda odamzot g‘aflat uyqusidan yaqin vaqt ichida uyg‘onmas ekan, ana shu ezgu maqsadga yetisha olarmikin, degan shubha bor.
“…Hoy qorovul! Tong otay deb qoldimi?
Qorovul javob beradi: tong yaqinlashib qoldi, biroq hali ancha bor. Sabr-toqatingiz yetmasa, yana bir kelib ketarsiz”.
Abduhamid Pardayev tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 10-son