Zamonamizning ulug‘ shaxmatchilaridan biri, favqulodda noyob iste’dod egasi Bobbi Fisherning nomi va ijodi bilan tanish bo‘lmagan shaxmat muxlisini topish qiyin. Uning xayrixohlariyu raqiblari ham oshkora e’tirof etgan noyob qobiliyati, anglash va tushunish oson bo‘lmagan murakkab hayoti, boshqalarnikiga o‘xshamaydigan ajabtovur dunyoqarashi, va, nihoyat, bir bandai ojiz sifatidagi ichki “men”i nainki bugun, olis kelajakda ham ko‘plarni qiziqtiradi, har bir tadqiqotchi uni o‘zicha, inson ruhiy olamini tushunish va anglash salohiyatidan kelib chiqib kashf etadi. Ehtimol, yillar o‘tib, shaxmat ko‘kida yanada yorug‘, maftunkor yulduzlar paydo bo‘lar, bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi, ammo o‘shanda ham Bobbi Fisher degan nom kun tartibidan tushib qolmaydi.
Fisher haqida ko‘p va xo‘b yozilgan. Ammo ularning birontasi ham akademik V.S.Nersesyants qalamiga mansub “Bobbi Fisherning murakkab partiyasi” maqolasi kabi mavzu mohiyatini ochib bera olmaydi, ko‘plarida bunday maqsadning o‘zi yo‘q.
Ushbu maqola, tadqiqotchilarning e’tiroficha, o‘tgan asrning yetmishinchi yillari yozilgan va Boltiqbo‘yida chop etiladigan nufuzli “Shaxmat” jurnaliga yuborilgan. Jurnal muharriri L.Roshal maqolani o‘qib chiqadi va muallifga tezlikda javob maktubi yo‘llab, uni bosib chiqara olmasligini ma’lum qiladi. Keyinchalik Nersesyantsda jurnal rad etgan falsafiy esse janridagi maqolasini boshqa nashrlarda chop ettirish imkoniyati paydo bo‘ladi, ammo, maqola muallifining rafiqasi, yuridik fanlari doktori V.Lapayevaning e’tiroficha, u bu imkoniyatlardan foydalanmaydi. Olimaning fikricha, maqola Fisherning shaxsi, uning shaxmat olamida erishgan yuksak mavqei to‘g‘risida emas. Uni yozgan o‘ttiz to‘rt yoshli olim o‘shanda Olloh tomonidan beriladigan qobiliyatning qadriga yetib, insonning o‘z iste’dodi oldidagi burchi haqida va, nihoyat, ijodiy boylik bilan shon-shuhrat, pul ko‘rinishida o‘lchanadigan hayotiy muvaffaqiyatlardan birini tanlash lozimligi to‘g‘risida mulohaza yuritayotgan edi. “U (V.Nersesyants) o‘sha paytda bu tanlovni ijod foydasiga amalga oshirgani shunchaki gap emasdi, — deb ta’kidlaydi V.Lapayeva. — Chunki u armiyalar singari odamlarga ham g‘alaba zarur, deb hisoblardi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha yillari yozgan bir she’rida o‘ziga o‘zi murojaat qilib, shunday degandi: “O‘zingdagi qahramonlik hissini mag‘lub et, ishqiy sarguzashtlardan ustun kel, shiddatni fitnayu qutqularga sarflama. Mayli, oddiy va murakkab hayoting sen bilan qolsin”. O‘ylaymanki, muallif bu masalada o‘zi uchun muhim nuqtani keyinroq bir she’rida qo‘ygan: “Zarur bo‘lmagan yuksakliklarni zabt etmagan noma’lum qahramonlarga abadiy shon-sharaflar bo‘lsin”.
Mana shu nuqta bizga “Bobbi Fisherning mushkul partiyasi” maqolasi mohiyatini to‘la anglashga kalit bo‘la oladi. Kichik bir maqolada uni to‘la sharhlab, ma’no-mohiyatini ochib berishni zimmamga olmayman. Ammo, badiiy adabiyotda bo‘lgani kabi, biror bir asar haqidagi har qanday mulohaza, maqtov bo‘ladimi yo tanqidmi, shubhasiz, o‘quvchida mazkur bitikka qiziqish uyg‘otishi kerak. Men shu talabdan kelib chiqib, maqolaning ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman, xolos.
Bobbi Fisher shaxmat olamida mislsiz jasoratlar ko‘rsatdi. Buni hech kim inkor etmaydi. Ammo, bo‘lib o‘tgan va endilikda tarixga aylanib qolgan voqeaning favquloddaligi shundaki, u mashhurlikning qiyossiz cho‘qqisiga ko‘tarilib bo‘lgach, o‘z nomi atrofida adoqsiz mish-mishlar, gumonu farazlar, afsus-nadomatlar tug‘dirib, shaxmat ufqidan sehrli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Maqola shu mulohazalar bilan boshlanadi. Muallif bu g‘aroyibotning sirini aniqlashga shoshilmaydi, aksincha, o‘quvchi e’tiborini bundan-da muhim, bundan-da sirli bir holatga qaratadi. Uning fikricha, bu yorug‘ olamda boshqalar uchun alohida qiziqish uyg‘otadigan odamlar ko‘pchilik emas. Qiziqarli odamlarning hayoti esa qayg‘u va azobdan xoli bo‘lmaydi. Bobbi Fisher, shubhasiz, qiziqarli odam va shu holatning o‘ziyoq uning iztirobga mahkumligini bildiradi. Negaki, “shon-shuhrat qozonish nechog‘li qiyin bo‘lmasin, unga dosh berish bundan-da mushkul”. Va yana: “Shon-shuhrat o‘z mohiyatiga ko‘ra, shaxsning e’tirof etilishi bilan bog‘liq ommabop tildir (maqtov so‘zlari, tabrik tadbirlari), binobarin, undan foydalanish, eskpluatatsiya qilish ham mumkin. Omma (originalda “publika”), umuman, biron bir kishining shon-shuhratini undan qandaydir tarzda foydalanmay turib qabul qila olmaydi”. Bundan anglashiladiki, agar “mashhur shaxsning maqsadi o‘zi erishgan shon-shuhratdan baland va ancha olisni ko‘zlagan bo‘lmasa, bunday shon-shuhrat shunchaki urf bo‘lgan bir mahsulot singari iste’molga chiqqach qolib ketadi. Shu sababli buyuk insonlar… shon-shuhratdan o‘zlarini chetga olishgan”.
Nersesyantsning fikricha, bu dunyoda hamma narsa uchun tovon to‘lashga to‘g‘ri keladi. Fisher turmushning bu oddiy haqiqatini o‘zicha tushungan bo‘lishi mumkin – u shon-shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarildimi, dahomi, iste’dodiga hamma tan beradimi, demak, boshqalar unga tovon to‘lashlari kerak. Biroq, shon-shuhrat onlari buning aksini ko‘rsatadi – bu davr shaxsiy hisob-kitob qilish pallasi emas, omma uchun rasmiy to‘lov vaqtidir.
Fisher shaxmat o‘yinini hayotining mazmuniga aylantirdi. Lekin, qizig‘i shundaki, taxta ustidagi maftunkor kombinatsiyalari, favqulodda yechimlari va benihoya chigal holatlardan ham urinmay-surinmay chiqib keta olishi nechog‘li aniq va ravshan bo‘lsa, shaxsiyati, turish-turmushi, o‘y-mulohazalari shu qadar murakkab, anglab bo‘lmas darajada sirli ediki, bu holatni osonlikcha sharhlab berishning iloji yo‘q.
Fisher jahon chempionligini qo‘lga kiritgach, oradan ko‘p o‘tmay, Kaliforniyadagi diniy sektalardan biriga a’zo bo‘ladi va mukofot pulini ushbu sektaga hadya qilib yuboradi. Keyinchalik bu ishidan hafsalasi pir bo‘ladi. U, tabiiyki, xudojo‘y odam edi, ammo bir gal, bordiyu Parvardigorning o‘zi bilan bir taxtada shaxmat o‘ynab qolsa, o‘yin durang bo‘lishi ehtimoldan xoli emasligini ta’kidlaydi. “Xudo mening birinchi ye2-e4 yurishimga qanday javob berishini bilmayman”, deydi. 1975 yili Anatoliy Karpov bilan uchrashuv oldidan FIDE uning atigi bitta talabini qondirmagani uchun musobaqada qatnashishdan voz kechadi va jahon chempioni degan unvondan mahrum bo‘ladi. Oradan olti yil o‘tgach, Kaliforniya politsiyasi uni jinoyatchi, pul saqlanadigan seyflarni buzib ochadigan o‘g‘ri deya taxmin qilib, hibsga oladi. Bu paytda Bobbi soch-soqoli o‘sib ketgan juldur kiyimli devona ko‘rinishida edi. “Qo‘yib yuboringlar, axir men shaxmat bo‘yicha jahon chempioniman”, deb baqirishi ma’murlarning istehzoli kulgisiga sabab bo‘ladi, xolos.
1996 yilning iyul oyida shaxmatchilar, shaxmat mutaxassislari uchun ham mutlaqo kutilmagan voqea yuz beradi. Fisher, aftidan, futbol, boks, xokkey kabi bir qancha sport turlarida mavjud bo‘lgan “kelishuv o‘yinlari” shaxmatda ham avj olayotganidan tashvishga tushib, o‘zicha yangi qoida o‘ylab topadi. “Fisherrend” (“Fisherona tavakkal”) deb nomlangan bu o‘yinda donalar shaxmat taxtasiga rasman qabul qilingan tarzda emas, tasodifiy tarzda joylashtirilishi kerak.
2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorkda terrorchilik xuruji amalga oshirilganida Fisher Filipindagi radiostantsiyalardan biriga qo‘ng‘iroq qilib: “Bu buyuk yangilik! Bunday ishga jazm qilganlarni olqishlayman. Ushbu mamlakatni allaqachon jahon xaritasidan o‘chirib tashlash kerak edi”, deydi. Bu qilig‘i hammasidan ham oshib tushadi.
Fisher o‘z vaqtida jahon chempionligi unvonini 27 yil davomida o‘zida saqlab turgan Immanuil Laskerdan o‘zib ketishni niyat qilgan edi. Raqiblari nechog‘li salohiyatli bo‘lmasin, uning bu orzusi ro‘yobga chiqishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q edi ham. Ammo u kutilmaganda shaxmat olamining eng yuqori cho‘qqisidan ixtiyoriy ravishda pastga tushadi, bu qarorini sharhlab ham o‘tirmaydi, faqat bitta jumlani takror-takror aytadi xolos: “Men so‘nggi jahon chempioniman…”. Shunday deya uzlatga chekinadi, darvishlik yo‘lini tutadi. Bu, shubhasiz, katta yo‘qotish edi. Faqat, yo‘qotuvchining kimligini aniqlash lozim – shaxmat o‘yinimi yo Fisherning o‘zimi? Buni endi bizga vaqt va yangi tahlillar aniqlab beradi. Faqat bir narsani aytish mumkin: Fisherning go‘zal, betakror kombinatsiyalari bu qadim o‘yin tarixining oltin sahifalari bo‘lib qoldi. Uning shaxmat rivojiga qo‘shgan hissasini inkor etishning mutlaqo iloji yo‘q. Keyingi jahon chempionlaridan biri, shaxmat rivojida yangi sahifalar ochgan, shu bilan birga, g‘aroyib, “fisherona” qiliqlari bilan bu o‘yin bo‘yicha jahon birinchiligi musobaqalarining tanazzuliga yo‘l ochib, sobiq va amaldagi “tojdorlar” safini parokanda qilib tashlagan, o‘ziga ma’qul bo‘lmagan barcha narsalarni noto‘g‘ri deb hisoblagani usun “bolshevik” laqabiga munosib ko‘rilgan Garri Kasparovning fikricha, zamonaviy shaxmat… Fisherdan boshlanadi. Boris Spasskiy esa Fisherning o‘yinini kompyuter o‘yiniga qiyos qiladi…
“Bobbi Fisherning mushkul partiyasi” sarlavhali maqola xususidagi hikoyani shu yerda to‘xtatsak. Bundan bir yil avval taniqli huquqshunos olim Akmal Saidov bu maqolani o‘zbek tiliga o‘girib, tahririyatimizga havola qildi. Uni qiziqish bilan o‘qib chiqdim va… e’lon qila olmasligimizni aytdim. O‘z vaqtida “Shaxmat” jurnali muharriri, taniqli shaxmat mutaxassisi L.Roshal akademik Nersesyantsga rad javobini berganligini muharrir sifatida tushunaman. Hamkasbimni maqoladagi o‘ta oshkora, favqulodda ta’sirchan va mavjud tuzum tamoyillariga mos kelmaydigan jo‘shqin fikrlar cho‘chitib yuborgani aniq. Meni esa, tarjima maqolaning bu jihatlari emas, uning… hajmi qoniqtirmagandi. Gazeta imkoniyatlaridan kelib chiqib, ba’zan ma’qul narsalarni ham qaytarib berishga to‘g‘ri keladi. Shunday mualliflardan biriga lutf qilib: “Do‘stim, hikoyangiz chindan ham zo‘r, bamisoli sohibjamol ayol, ammo quchoqqa sig‘maydigan darajada semiz”, deganim yodimda.
Oradan ko‘p o‘tmay “Bobbi Fisherning mushkul partiya”si “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilib chiqdi. Ko‘nglim yorishganday bo‘ldi. Yana biroz o‘tgach, u tarjimonning “Shaxmat dahosining o‘yinlari” sarlavhali chuqur tahlilli essesi bilan birgalikda o‘zbek, rus va ingliz tillarida (!) to‘plam holida nashr etildi. Unga O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov so‘zboshi yozgan.
To‘plamdagi har ikki maqolani qayta-qayta o‘qib chiqdim. O‘qishga arzirli narsalarning xususiyati shundaki, unga har ko‘z yugurtirganingda o‘zing uchun, albatta, qimmatli va muhim bir nima topasan. Badiiy tafakkurning noyobligi ham shunda. Shundan kelib chiqib, Akmal Saidovning “Shaxmat dahosining o‘yinlari” maqolasini mazmun-mohiyatiga ko‘ra akademik Nersesyants maqolasiga hamohang deya olaman. E’tibor bering: “Fisherning shaxmat tafakkuri qalbidan bamisoli eritilgan qaynoq qotishma yanglig‘ otilib chiqar, kuchli iroda bilan shaklga solinib, tarkibi aniq qurilma sifatida namoyon bo‘lardi. Shaxmat bu noyob qobiliyat egasi uchun dunyoning mutlaq ifodasiga aylandi, qolgan barcha narsalar shu ifodani aks ettiradigan qo‘shimcha vositalar edi. Fisher tashqaridan ichkariga emas, ichkaridan tashqariga qarab borardi… Nersesyantsni odamzotga xos bo‘lgan hayratli hollardan biri – daholik muammosi hayajonga soladi. Asrlardan buyon daholik Xudo o‘zi marhamat etganlarga ato qilgan sehrli “belgi” hisoblanadi. Daholik va daholar haqida son-sanoqsiz kitoblar bitilgan… Biroq sirni ochish hozircha hech kimga nasib qilmagandi…”
Bu jumlalarni qog‘ozga tushirish uchun birgina olimlikning va, hatto, zo‘r shaxmatchi bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi.
Mazkur maqolalarni o‘qir ekanman, ko‘pchiligimizga azaldan ma’lum bir haqiqat yodimga tushadi. Iste’dod, shubhasiz, Ollohning buyuk in’omi. Unga boshqa bir yo‘l bilan erishish mumkin emas. Faqat, sharti shuki, bunday ulug‘ marhamatga munosib ko‘rilganlar zimmasiga jiddiy bir mas’uliyat yuklanadi: uni oyoqni yerdan uzmay, oddiy insoniy tuyg‘ulardan chekinmay ko‘tarish zarur. Ilohiy in’omni daholik imoratining g‘ishtiga, tashqi va ichki bezaklariga, ojiz bandaga xos mayl va ehtiyojlarga sarflaganlar, alal-oqibat, bunday isrofgarchilikning hisob-kitobi oldida mulzam bo‘lib qoladilar.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 15g‘sonidan olindi.