Mustaqillik tufayli diniy kitoblar ko‘plab chop etilayapti. Madrasa ko‘rmasak ham, diniy ilmlarga ega bo‘layapmiz, qiyin joylarini ilmli kishilardan so‘rab-surishtirib, o‘rganayapmiz, Allohga shukrlar bo‘lsin. Biroq, diniy kitoblarning ba’zi o‘rinlarida hozirgi o‘quvchini ishontirmaydigan, ba’zan e’tiroz uyg‘otadigan, haqiqatdan yiroq jumlalar uchrab qoladi. Qadimgi kitoblarni o‘ylamay-netmay tarjima qilib yoki harfini o‘zgartirib nashr etish hollari uchrab turibdi, shekilli. Masalan, “Sunnani Termiziy” degan qalin, katta va salobatli bir kitobda aytilishicha, Al-Buxoriy hazratlari vafot etganlarida At-Termiziy bir yil oh-voh qilib, ko‘zyosh qilgan emishlar. Bu – hech ishonib bo‘lmaydigan gap! Ayniqsa, At-Termiziydek ulamo uchun nisbat berganda!
Yana bir qimmatli kitobda payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga “ummatni hidoyat qiluvchi” sifati berilgan. Vaholanki, “Baqara” surasining 272-oyatida, “Qasas”ning 56-oyatida, “Layl”ning 12-oyatida aytilishicha, payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga hidoyat qilish vazifasi berilmagan.
Arab tilidan tarjima qilinib, qayta nashr qilingan “Tanbehul g‘ofilin” degan kitobning (“Movounnahr”, 2014) muqaddimasida (muallif Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy, qisqacha, Abu Lays Samarqandiy yozgan) shunday so‘zlar bor (7-bet): “Faqih, zohid, amal qiluvchi olim Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy (rahmatullohi alayhi) aytadi: Qaysi kishini Alloh taolo odobda taniqli, ilmda nasibali, hukm va pandu nasihatlarda ibratli, solihlarning siyratiga tavaqqufli va mujtahidlarning ijtihodida bo‘lishdek ulug‘ baxt bilan rizqlantirgan bo‘lsa, bunday kishini Allohning yo‘lida harakat qilishi lozim deb bildim.”
Bu gapni ozgina tahlil qilib ko‘raylik. Avvalo, muallif o‘ziga o‘zi ta’rif berayapti. Qolaversa, “odobda taniqli, ilmda nasibali, … ibratli” va hokazo sifatlarga ega bo‘lgan kishi “Allohning yo‘lida harakat qilishi lozim” emish. Kishiga berilgan ta’rifni qarangu, gapning iddaosiga qarang! Iddaoning hech qanaqa zalvori yo‘q, gapga umuman yopishmayapti. Muallif aytsa-aytmasa, Kishi Alloh yo‘lida harakat qilganki, aytilgan yuksak sifatlar bilan rizqlantirilgan.
Ishtibohda stilistik xato ham bor: “bunday kishini” jumlasidagi “ni” qo‘shimchasi ortiqcha, gap mazmuniga halal berayapti.
592 sahifalik kitobning 543 betida hadislarga tegishli rivoyatlar keltirilgan bo‘lib, aksari “Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadi”, “… rivoyat qiladi”, “…otasidan rivoyat qiladi” kabi so‘zlar bilan boshlanadi. Bularning rivoyat mazmuniga hech qanaqa aloqasi yo‘q, ortiqcha yuk bo‘lib turibdi.
Bunday qaytariqlar matn muallifini eslatib turish uchun yozilgan bo‘lsa kerak. Qadimgi qo‘lyozmalarda kitob muqovasiga muallifni, kitob nomini chiqarib yozish odat bo‘lmagan, ehtimol, imkoni ham bo‘lmagan. Hozir, kitobat amaliyoti taraqqiy etgan zamonda, o‘sha qaytariqlarning hammasini yig‘ishtirib olib, muallifning muqovaga chiqarilgan nomi bilan almashtirish mumkin edi. Shuningdek, kitob boshida kisqagina izoh berib ketish ham yordamchi vosita bo‘lar edi.
Arab millatiga mansub mualliflarning o‘sha mamlakatlarda nashr etilgan kitoblarida ham xatolar uchrab turar ekan. Shunday holatni Muhammad Huzariyning “Nur ul-yaqin” kitobida uchratish mumkin (“Cho‘lpon-Kamalak”, 1992 y.). “Hayit namozi” sarlavhali qisqagina matn “Shu yili Olloh taolo musulmonlarga hayit namozini o‘qishni farz qildi”, – degan so‘zlari bilan boshlanadi. Farz qilingan bo‘lsa, Qur’onda aytilgan bo‘lar edi, lekin Qur’onda hayit namozlari haqida hech gap yo‘q, hadislarda – bor.
Qadimda islom ilmidan xabari bor va yozish-chizish qo‘lidan keladigan odamlar hikoyatlar yoki kitoblar yozavergan. U vaqtlarda taqriz, tanqid degan gaplar bo‘lmagan. Sifatidan qat’i nazar, diniy masalalar haqida bir nimalarni yozishning o‘zi favqulodda hodisa sanalgan. O‘tmishdagi ilmli kishilar ham, o‘zimiz singari, qusurli bo‘lishgan, nimanidir yaxshi bilib, nimalarnidir mundayroq bilishgan. Tabiiyki, yozma yodgorliklarga kamchiliklar, noto‘g‘ri ta’limotlar kirib qolavergan.
Tasavvufga oid hikoyatlarda ham shunday holatlar ko‘p uchraydi. “Adabiyot uchqunlari” nashriyoti 2014 yili Muzaffar Xilvatiyning “Muhabbat – sharob” nomli risolasini chop etdi (tarjimon Jamol Kamol). Tasavvuf – o‘xshatishlar, ramzlar, timsollarga boy ilm ekanligi ma’lum, lekin bularni deb, masalaning boshqa jihatlariga futur yetkazish yaxshi emas-da! Masalan, yangi qabr qazilganda chirib ketgan kalla suyagi tashqariga chiqib qolib, shunday tashlab qo‘yilgan emish. Yana, uning tishlari orasida bitta yasmiq doni saqlanib qolgan emish. Dafn marosimiga kelgan bir odam o‘sha donni olib, og‘ziga solgan emish. Bu gaplarning hammasi “Birovning nasibasini birov yutib ketolmaydi”, – degan so‘fiyona ta’limotni tushuntirish uchun to‘qilgan. Boshqa bir hikoyatda esa, katta majlis qilib turgan shayx, to‘g‘riso‘z uchta odamni xaloyiq oldida, eshak, deb haqorat qilgan emish. Shayx hech qachon bunaqa ish qilmaydi! Bu hikoyat, muhabbatsiz odam eshakdan ham tuban, degan ta’limotni tasvirlash uchun aytilgan…
Gapni muxtasar qilsak, qadimgi diniy yozma manbalarni tarjima qilishda, nashrga tayyorlashda juz’iy xatolarini tuzatib, tegishli izohlar berib ketish maqsadga muvofiq. Jiddiy xatolari bo‘lsa, nashr masalasi, albatta, diniy idoraning qaroriga bog‘liq bo‘ladi.