Musulmonlarga yo‘naltirilgan missionerlik harakatlari

Musulmonlarga qarshi yo‘naltirilgan ilk missionerlik harakatlariga milodiy VIII asrdayoq duch kelish mumkin. Turli g‘arb manbalarida Andalusiya podshohi Abdulaziz (713-716)ni nasroniy qilishga xotini Eginola uringani aytiladi. Bu ayol g‘arblik ilk missioner hisoblanadi. «Frantsiya rohibi» nomini olgan chelonyalik Abbat Xug esa 1074 va 1078 yillari Andalusiyada Saragossaning musulmon rahbariga ikki maktub yozib, uni nasroniylikka da’vat qiladi. Yana bu asrda Papa VII Gregoriy ham Shimoliy Afrika musulmonlariga qarshi yashirincha missionerlik harakatlari uyushtirgan.
Salib yurishlari chog‘ida qilingan missionerlik harakatlarida bir narsa diqqatni tortadi: bu yurishlardan ko‘zlangan asos maqsadlar turlicha bo‘lsa-da, misseonerlar bu yurishlardan musulmonlarni nasroniylashtirish uchun qulay bir fursat sifatida foydalanishgan. Boshqa bir jiddiy missionerlik harakatini XIII asrda assisilik Frankis amalga oshiradi.
Frankisdan keyingi muhim shaxs Roman Lull hisoblanadi. Cherkov tarixida eng muhim o‘rinlardan birini tutuvchi Lull musulmonlarni nasroniylashtirishning uch usul-xususiyatini ko‘rsatadi. Bularning birinchisi musulmon o‘lkalarning mahalliy tillarini o‘zlashtirish-o‘rganish edi. Haqiqatdan ham Lullning bu fikri XIV asr (1312-1313)da Viyana konsulligida, Roma, Oksford va Parij universiteti kabi yirik o‘quv yurtlarida amalga osha boshladi. Musulmon xalqlari tili o‘rganishga kirishildi. Uning ikkinchi usuli nasroniy ta’limoti aks etgan asarlarning yozilishi edi. Uchinchisi esa musulmonlar orasida missionerlik harakatlarini yurituvchi mard va ishonchli insonlarni yetishtirish fikri edi.
O‘rta asrlarda Islom o‘lkalariga qaratilgan missionerlik harakatlarida juda muhim nuqta bor edi. Nasroniy rohib va sayyohlar Islom o‘lkalariga safar qilib, ularning zaif tomonlarini o‘rganishga kirishganlar. Masalan, turli Islom o‘lkalariga sayohat uyushtirgan Fabri va Piloti kabi sayyohlarni aytish mumkin. Bulardan Piloti nasroniylikni qabul qilganlar juda yaxshi adolat va ehsonga sazovor bo‘lishini ta’kidlagan. Yana bir missioner Kettonli Robert esa Qur’onni buzib tarjima qilgan. Arabcha bahs asarlar g‘arbda keng yoyilgan.
Islom o‘lkalariga qaratilgan shiddatli missionerlik harakatlari g‘arbning mustamlakachilik yurishlari bilan yondosh holda amalga osha bordi. XVI asrdan boshlab jizvitlar nomi bilan cherkovga bog‘langan missionerlar guruhi Afrika o‘lkalarida, Hindistonda, Uzoq Sharq va O‘rta Sharqda keskin harakatlarni amalga oshirganlari ko‘zga tashlanadi. Xususan, Ispaniol-porteks tashviqotiga bog‘liq holda uchinchi dunyo deb hisoblangan hududlarda missionerlik faoliyatlari shiddatli tusga kirgan. Janub va Janubiy-sharqiy Osiyo bilan Afrikada uyushtirilgan harakatlarga Hindiston, Xitoy, Yaponiyadagi harakatlar ham qo‘shildi.
XVIII asrdan e’tiboran bu harakatlarga turli protestant cherkovlariga bog‘liq missionerlar ham qo‘shilishdi. Henri Martin «British East India» kompaniyasining bir rohibi sifatida 1810 yili O‘rta Sharkda faoliyat ko‘rsatgan ilk protestant hisoblanadi. «Church Missionary Society of the Church of England» esa bir oz keyin Falastinda ish boshlagan. «American Board of Commissioners for Foreign Missions» tashkiloti missionerlarning O‘rta Sharqqa kelishlarini nazorat qilgan. Bu tashkilot a’zolaridan ikki amerikalik missioner L.Persons va P.Fisk 1820 yili Izmirga joylashib, missionerlik faoliyatlarini yuritishgan.
Islom o‘lkalariga va uchinchi dunyoga qaratilgan bu harakatlarda missionerlik tashkilotlari va ularning a’zolari bu hududlardagi mustamlaka boshqaruvlari bilan yaqin aloqada bo‘lishgan.
Shu tariqa missionerlar tashviqot bilan birga siyosiy ishlarga ham bosh tiqishgan. Masalan, XIX asrning boshlarida Izmirga kelgan amerikalik missioner Parsons 1820 yili Izmirdan yozgan bir maktubida Usmonli saltanati bilan bog‘liq shu qaydlarni bitgan: «Ko‘nglimda ilohiy yordam bilan qudratli va gunohkor imperatorlikning tamoman vayron bo‘lishini ta’minlovchi sistema qurishga kuchli istak his qilyapman. Buni ko‘rish orzuim…»
Missioner tashkilotlarining Islom o‘lkalaridagi asosiy nishoni musulmonlar va boshqa butun xalq edi. Ammo musulmonlarning va boshqa mahalliy hukmdorlarning jiddiy e’tirozi va qarshiligi missionerlarning ishlarini ancha to‘sib qo‘ydi. Shunga qaramay, missionerlar Islom o‘lkalarida yashovchi ba’zi xalqlarga ta’sir o‘tkazishdi. Bu ishda ular ochgan ta’lim muassasalari qo‘l keldi. Bu ta’lim jamiyatlari xalq orasida turli nizolar chiqarishni ham ko‘zlar edi.
So‘nggi ikki asrda turli yo‘l va usullarda harakatlar yuritgan missionerlar islomiy qadriyatlarga qarshi noxush tassurotlar uyg‘otishga intilishdi. Masalan, G.Pfander va Z.Zvemerlar boshliq missionerlarga oid nashrlarning arabcha, turkcha, forscha nusxalari ushbu maqsadlarga xizmat qilgan.
Ushbu yozma tashviqot nashrlaridan biri Pfanderning XIX asrda yozilgan «Mezonul haq»  asaridir. Bu asar haqoratli, masxaraomuz fikrlarga to‘la kitobdir. Bu kabi asarlar turli tillarga o‘girilib, islomiy o‘lkalarning o‘zlariga tarqatildi. Pfanderning asariga Rahmatulloh Qayranoviy «Izhorul haq» nomli asari bilan javob berdi.
Faqat XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab g‘arb davlatlaridagi siyosiy, harbiy kuchlarning dunyoviy hukmronliklarini orttirib borishlari va harbiy kuchlari bilan missioner tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin aloqalar ularning yangidan «hujum»ga o‘tishlariga imkon berdi. Shu zaylda missioner tashkilotlari, xalqaro beminnat yordam tashkilotlari, iqtisodiy tashkilotlar va boshqa nomlar bilan o‘zlarini niqoblab, musulmonlarga qarshi missionerlik faoliyatlarini yurita boshladilar.
Bugungi kunda cherkovlarga bog‘liq minglarcha missioner tashkilotlari bilan birga yuzlarcha mustaqil missionerlar dunyoning turli burchaklarida o‘z harakatlarini yuritishmoqda.
Ba’zi hududlarda ular o‘zaro hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Ammo ba’zida (Afrikaning ayrim joylarida) bir-biriga raqiblik hollari ham uchraydi. Shunday raqiblik tufayli tarix 1990 yili Ruandada bo‘lgan qatliomdagi kabi shiddatli to‘qnashuvlarga ham guvoh bo‘ldi.
«Butun dunyoni Injil xabarlari ruhida tarbiyalash» shiori bilan yo‘lga chiqqan  Amerika va ingliz tashviqotchilari, ayniqsa, XX asrning so‘nggi choragidan boshlab dunyoga ta’sir qiluvchi yangi dunyo tartiboti va mintaqalashuvini amalga oshirish uchun ijtimoiy va siyosiy sharoitlardan ham foydalanishyapti. Ushbu harakatlar dunyoning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan yoki AQSh hamda g‘arbiy Ovrupaning harbiy va madaniy ta’siri ostida bo‘lgan o‘lkalarda ko‘proq amalga oshirilmoqda. Shu tariqa O‘rta Sharq o‘lkalari bilan bir qatorda Bolqonda, Kavkaz o‘lkalarida, O‘rta Osiyoda, Turkiyada missionerlik harakatlari kuchaymoqda.
Nasroniy missionerligi manbai «Yangi ahd»dir. U o‘zini zamonga moslab, shu uslublarini muttasil yangilamoqda. G‘arb o‘lkalarida muayyan bosh cherkov yoki mustaqil missioner guruhlarga bog‘liq missionerlik ta’lim-tarbiya muassasalari izlanishlar olib borishyapti. Yangi-yangi missionerlarni yetishtiryapti. Uyushgan ta’lim uslubiga qo‘shimcha missioner shaxslar va guruhlar ko‘rinishida tarqoq ta’lim ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda missionerlar quyidagicha uslublarni keng ishga solishyapti.

1. Madaniyatga moslashish uslubi

Hozir missionerlikda madaniyatga moslashish (contextualisation) uslubi juda ommaviydir. Missionerlar Ovrupa va Janubiy Amerika singari nasroniylik an’anasi hokim bo‘lgan mintaqalarda emas, butun dunyoda mahalliy an’ana va odatlarga moslashish fikrini bu uslubga asos qilib olishyapti.
Tajribali missioner Charlz Egal iaxsan o‘zi qo‘llagan «madaniyatga moslashuv» uslubining ahamiyati shundaki, bu shaklda nasroniylikka qiziqib Islomdan nasroniylikka kirgan kishilar Islom madaniyati bilan munosabatlarini uzishmaydi va o‘z jamiyatlarida nasroniy missiyasining vakili bo‘lib, yanada faol ish olib borishadi.
«Natijada boshqa dinga kirgan kishi o‘z jamiyatida qoladi va Injilni yanada kengroq yoyishga imkon topadi. Muhimi bu uslub «nasroniylikni qabul qilish — g‘arblik bo‘lish» tarzidagi qarashni ham yo‘qqa chiqaradi».
Katolik protestant cherkovi atroflarida keng qo‘llanilgan «madaniyatga moslashuv» uslubi ikki asosni amalga oshirishni maqsad qiladi. Bulardan birinchisi missionerlikning nasroniy jamiyatlar ijtimoiy-siyosiy kuchlarga qilgan va ularning hukmronlik maydonini kengaytirishga xizmat qilgan holda nasroniy bo‘lmagan jamiyatlarda vujudga kelgan ishonchni o‘zgartirishdir. Bu uslub nasroniylikning mahalliy madaniyat va an’analarga moslashtirilishi va nasroniy e’tiqod va urf-odatlarida mahalliy qadriyat va xususiyagglar birinchi jabhaga chiqarilishi, uchinchi dunyo mamlakatlarida butun dunyo miqyosida cherkov faoliyatini mahalliy o‘lkalarga yoyish va dunyoning har tarafida cherkovlar tashkil etishdir.
«Madaniyatga moslashuv» uslubi nasroniy hayot tarzining mahalliy an’analarga moslashuvini taqozo etadi.
Musulmon jamiyatlarida missionerlar musulmonlarga xos din tili va istilohlarini qo‘llashga qatgiq e’tibor berishadi. «Alloh», «rasul», «nabiy», «vahiy», «oyat», «masjid», «Injil» kabi atamalar va «hazrat», «sharif», «mashaalloh», «inshaalloh» singari diniy ifodalar nasroniy matnlariga olinadi va nasroniy an’anasining targ‘ib-tashviqida keng qo‘llaniladi.
Musulmonlar orasida missionerlik qilarkan, duoda, va’zda Qur’ondan va Islom madaniyatidan ba’zi ko‘chirmalar qo‘llaniladi. Charlz Egal musulmonlar orasida juda ahamiyatli sanalgan Fotiha surasini duo maqsadida o‘qish mumkinligini aytadi.
Ro‘za singari ba’zi islomiy ibodatlarning, chegaralangan holda bo‘lsa ham bajarilishi (odamlar ishonchini qozonish uchun ro‘za tutishi — tarj.) haqida hozir bahs ketyapti. Yana, musulmonlar orasida nasroniylikka oid va’z va duolar juma kuni qilinadi va ibodatlar asnosida, agar musiqaga o‘rin berilsa, cherkov musiqasi o‘rniga mahalliy musiqalar chalinadi. Bundan tashqari, musulmonlarning qarshiligiga uchramaslik maqsadida nasroniylashgan yangi vakillarning cho‘qintirilishini bir muddatga kechiktira olish, buning o‘rniga ramziy marosim qilish mumkinligi ma’lum qilinmoqda. Holbuki, cho‘qintirish bir dinga kirish (insiyasi) marosimi sifatida nasroniylar uchun g‘oyatda ahamiyatlidir. «Cherkov», «rohib» va «papa» kabi bevosita nasroniylikka oid atamalar o‘rniga musulmon jamiyatlarida «masjid», «o‘qituvchi», «tarbiyachi», «ustoz» va «etakchi» atamalari qo‘llanyapti. Din peshvolariga nisbatan esa «pastor» va «jamoat oqsoqoli» kabi unvonlar qo‘llaniladi. Ba’zi missionerlar yangi nasroniylashgan, biroq eski e’tiqod va qadriyatlaridan hanuz voz kechmagan kishilarni jomelarga borib kelishlariga ham «ruxsat» berishadi.
Nasroniy bo‘lmagan xalqlar missionerlarning madaniyatga moslashuv yo‘lidagi xatti-harakatlarini haqli ravishda ikkiyuzlamachilik va soxtakorlik deya baholashmoqda.

2. Muloqot-missiya uslubi

Missionerlar faqat bir-birini tanish va tushunishga asoslangan sodda muloqotni qabul qilishmaydi. Bir-birlarining madaniyatlarini va e’tiqodlarini boyitish maqsadini ko‘zlagan suhbatni ham ular oqlashmaydi. Ularning asl maqsadi — qarshisidagi kishini nasroniylashtirishdir. Ularning fikricha, muloqot bahslashishni emas, “qutqarish”ni ko‘zlashi kerak. «Najot-qutulish»ga erishish esa o‘z-o‘zidan bo‘la qolmaydi. Buning uchun qarshisidagi insonlar bilan jozibali muhitni yuzaga keltiradigan suhbat qurish lozim bo‘ladi.

3. Ijtimoiy tadbirlar uslubi

Missionerlik ishlarida qulay muhitni vujudga keltirish uchun ijtimoiy tadbirlarga alohida e’tibor qaratiladi. Missionerlar nasroniy ta’limotini boshqa insonlarga yetkazishda uchta muhim unsurga katta ahamiyat berishadi:
a) vaziyatni yaxshi aniqlash;
b) nozik yondashuv;
v) maqsadlar tayinli bo‘lishi.

Mazkur unsurlarning amalga oshishi uchun faoliyat yo‘naltirilgan xalqlar bilan ijobiy munosabatlar o‘rnatilishi muhimdir. Buning uchun avvalo o‘rtoqlik va do‘stlik muhiti yuzaga keltiriladi. «O‘rtoqlik yevangelizmi» deb nomlangan uslub «yangi muhitni shakllantirish»ga asoslangan. Masalan, bu borada kafelarda, yoshlar davralarida, tungi klublarda, savdo va sport markazlarida, madaniyat va ijtimoiy yordam jamg‘armalari singari joylarda kishilar bilan do‘stlik o‘rnatishga, do‘stlar orttirishga harakat qilinadi. Dunyoningturli burchaklarida missioner tashkilotlar tashkil etgan lager va sayohatlarda oldindan aniqlanib, tanlangan kishilar faol ish yuritadilar. O‘rtoqlik yevangelizmidan maqsad — odamlarga boshda asl maqsadni ochiq bildirmay, ular bilan uyg‘un do‘stlik asoslarini yuzaga keltirish, ularni cho‘chitmay, yaxshi suhbatdosh sifatida tinglash, madaniy saviyalari bilan ijtimoiy va madaniy ildizlarini, ishonchi va madaniy qadriyatlarga hurmat saviyalariyu muammolarini aniqlash, shundan keyingina qulay sharoitda ularga nasroniy ta’limotini yetkazishdir.
O‘rtoqlikni shakllantirishda missioner tashkilotlar turli muassasalarni vosita sifatida qo‘llashlari ham ko‘rilmoqda. Oddiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar, madaniyat uylari, til o‘rgatish kurslari, do‘stlik uylari, ba’zi turizm hamda maslahat byurolari kabilar missionerlarning mahalliy xalq bilan o‘rtoqlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishida juda qulay keladi. Missionerlar ayniqsa so‘nggi yillarda chet o‘lkalarga turli xizmat sohalari ishchilari yoki mutaxassislari ko‘rinishida (to‘g‘rirog‘i, niqobida — tarj.) kirishmoqda. Missionerlar shifokor, o‘qituvchi, texnik, ijtimoiy yordam vakili, turizmchi va boshqa niqoblarda turli mintaqalarga kelib joylashishyapti va ayniqsa iqtisodiy-ijtimoiy tomondan orqada qolgan o‘lkalarda xalqqa ko‘rsatgan xizmatlari orqasida missionerlik faoliyatlariga mos shart-sharoitlarni yaratishyapti.

4. Cherkovni mahalliylashtirish uslubi

Cherkovlarni mahalliylashtirishda yig‘ilgan jamoa soniga qarab ikki turdagi muassasa tashkil etiladi. Mos ijtimoiy va siyosiy shart-sharoit yuzaga kelib, jamoa soni yetarli miqdorga chiqsa, rasmiy nasroniy tashkiloti ochiladi. Bunday jamoa mahalliy urf-odatlarga uyg‘un ish olib boradi.
Ijtimoiy-siyosiy sharoit yetilmasa va hali mo‘ljaldagi jamoa yig‘ilmagan bo‘lsa, «uy cherkovlari» shaklidagi jamoalar tashkil etiladi. Bu uylar oddiy aholi uylari bo‘lib, ozgina bezatiladi xolos. Missioner bunday uylarda yangi muxlislar, yangi nasroniylashtirilgan shaxslarni ma’lum vaqtlarda to‘plab, duo qiladi, ta’lim beradi. Odatdagi cherkov binolariga nisbatan uy cherkovlari diqqatni unchalik jalb qilmaydi. Missionerlar bunday joylarda yaxshiroq niqoblanishadi, yaxshiroq faoliyat yuritishadi. Uy cherkovlari aholi yashaydigan maskanlarda sotib olingan yoki ijaraga olingan hovli yoxud ko‘p qavatli uylardir. Bu uylar faol missionerlar boshchiligida mahalliy xalq ichidan topilgan o‘rtoqlar va muxlislarni o‘ziga og‘dirish uchun juda qo‘l keladi. Tashqaridan qaraganning diqqatini jalb qilmaydigan bu uylarda kelajakda quriladigan rasmiy cherkovlarga zamin tayyorlanaoi.
Cherkovni mahapliylashtirishda nasroniylashtirilayotgan mahalliy xalq orasidan faol missionerlik va rahbarlik sifatiga ega bo‘lganlarni tarbiyalash muhim sanaladi.

5. Ijtimoy-siyosiy vaziyatlardan foydalanish uslubi

Missionerlik harakatlarida ayrim mintaqalarda yuzaga kelgan vaziyatlarga katta ahamiyat beriladi. Hozirgi kunda avvalo AQSh va boshqa g‘arb davlatlari missionerlarga siyosiy ko‘mak berishyapti. Dunyoda sodir bo‘layotgan xalqaro voqea-hodisalar, turli o‘lkalarga qarshi siyosiy va harbiy harakatlar missionerlar uchun aql bovar qilmas qulay fursatlarni tuhfa etmoqda. Bu holning mashhur misolini 11 sentyabr voqealaridan so‘ng AQSh va ittifoqdoshlarining O‘rta Sharqqa siyosiy va harbiy harakatlarida ko‘rish mumkin. Demokratiya va tinchlik o‘rnatish niqobi ostida kirgan g‘arb davlatlari O‘rta Sharqqa oqib kirgan minglab missionerlar uchun himoya qalqoni bo‘lishdi.
11 sentyabr voqealari missionerlik harakatlari uchun tom ma’noda burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu voqealardan so‘ng deyarli butun dunyo bo‘ylab Islom anarxiya, terror dini, deya «targ‘ib» etildi. Kim qilgani noma’lum terror va zo‘rovonliklar butun musulmonlarga, ularning e’tiqodlariga va hatgo muqaddas Qur’oni karimga nisbat berildi. Ana shunday ommaviy fikrning tarqatilishi missionerlar uchun o‘ta noyob bir fursat bo‘ldi.
Globallashuv jarayonini ma’lum ma’noda g‘arb davlatlari boshqarib turgani uchun butun yer yuzi missionerlarga faoliyat maydoni deya qabul etilayotgani aytilmoqda. Bu jarayonda iqtisodiy va siyosiy kuchlarga suyangan missionerlik qarshisida boshqa din va madaniyatlar tahdid ostida qolishyapti.

6. Turli vositalarni ishga solish uslubi

Missionerlik harakatlarida quyidagi aloqa vositalaridan samarali foydalanilmoqda:
1) Noshirlik faoliyati.
Muqaddas matnlarning mahalliy til va lahjalarga tarjima qilinishi va tekinga tarqatilishi missionerlik harakatining eng boshida kelmoqda. Bundan tashqari da’vat qilinayotgan shaxslarning saviyasiga mos kitob, risola va shu kabilarni yetkazishga katta ahamiyat beriladi.
2) Matbuot va boshqa OAV.
«Media yevangelizmi», ya’ni televideniya, radio, gazeta va doimiy nashrlar orqali targ‘ibot missionerlikning dunyo bo‘ylab yanada tezroq yoyilishiga sabab bo‘lyapti. Dunyoda turli missioner guruhlar nazorati ostida yuzlab tele, radio kanallari, kunlik va haftalik gazetalar, shuningdek, boshqa doimiy nashrlar faol ish yuritishyapti.
3) Internet tarmog‘i.
Internet missionerlikda tobora ta’sirli qo‘llanilmoqda. Minglab, hatto o‘n minglab Internet sahifalarida missioner tashkilotlari targ‘ibot va tashviqotlarini amalga oshirmoqda. Shu yo‘l bilan o‘zlariga «hamtovoq»lar qidirishyapti.
4) Kino.
Tasvirli vositalar ichida kinoning alohida o‘rni bor. Nasroniylikni targ‘ib qilish niyatida tayyorlangan film va seriallarning, ayniqsa, uchinchi dunyo o‘lkalarida ta’siri kuchli bo‘lmoqda. Deyarli barcha missionerlar «Iso» filmi kabi yuzlab til va lahjalarga tarjima qilingan asarlarni video kassetalar, CD yoki DVD axborot saqlash vositalari shaklida nasroniy bo‘lmaganlarga tekin tarqatish, ularni yakka yoxud ko‘pchilik bo‘lib ko‘rish «foydali» ekanini ta’kidlashmoqda.
5) Sayohat va ko‘ngilxushliklar.
Ayniqsa, bolalar va yoshlar uchun uyushtirilgan sayohatlar hamda oromgohlar missionerlik harakatlarida o‘ziga xos «natija»lar bermoqda. Bir qarashda ijtimoiy, madaniy tadbir tarzida taqdim etilayotgan bu sayohat va dam olish dasturlaridan ko‘zlangan maqsad bolalar va yoshlar bilan tanishish, ularga yaqin bo‘lish hamda nasroniylik tashviqoti uchun qulay shart-sharoit yuzaga keltirishdir.

Shinosiy Gunduz,
Istambul universiteti professori

Abdulloh Murod tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2008 yil 5-6-sonlaridan olindi.