Germaniyaga Islomning kirib kelishi
Nemislar va musulmonlarning o‘zaro aloqalari 1200 yil avval boshlangan. Turli manbalarga ko‘ra, qirol Karl 797 yoki 801 yili abbosiylar bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan. Kelishuvga ko‘ra, ikki davlatda yashovchi kam sonli musulmon va nasorolar uchun din erkinligi kafolatlangan.
XVIII asrdan boshlab Germaniya va usmoniylar aloqalari yaxshilanib, musulmon jamoalari nemis tuproqlarida yashay boshlaganlar. 1701 yili sulton Mustafo II Prussiya qiroli Fridrix I ni taxtga chiqqani munosabati bilan qutlagan. Kurlyandiya gertsogi Fridrix I ga 20 nafar asirga tushgan musulmon tatarlarini hadya qilganda qirol ular uchun alohida ibodat xonasi tashkil etgan.
1712-1786 yillarda hukmronlik qilgan Fridrix II («Buyuk») ham dinga bag‘rikenglik bilan munosabat bildirgan. 1745 yili u Prussiya armiyasi tarkibida bosniyaliklar, albanlar va tatarlardan iborat musulmonlar bo‘linmasini tashkil etgan. 1760 yili tashkil etilgan bosniyaliklar korpusida 1000 ga yaqin askar xizmat qilgan.
Usmoniylar bilan ilk rasmiy diplomatik aloqalar 1763 yili boshlangan. Ilk turk elchisi Ahmad Rasmiy-afandi 73 nafar bashang kiyingan mulozimlari bilan Berlinga tashrif buyurganda shahar aholisi ularni mamnuniyat bilan kutib olgan. Bundan ruhlanib ketgan diplomat sulton Mustafo III ga yozgan maktubida «Berlin aholisi Muhammad alayhissalomni hurmat qiladi va ular Islomni qabul qilishga tayyorlar» deydi. 1798 yili navbatdagi elchi vafot etganda qirol Fridrix III diplomatni Islom qoidalariga ko‘ra dafn etishni buyuradi. Shunday qilib ilk musulmon qabristoni Berlinda o‘sha yili tashkil etiladi.
Birinchi jahon urushida turklar va nemislar ittifoqdosh bo‘lganlar. Berlin yaqinidagi ikkita lagerda ko‘p millatli musulmon-asirlar saqlangan. Ularning o‘z masjidlari ham bo‘lgan.
1922 yili Berlin Islom uyushmasi tashkil etilgan. 1923-1925 yillarda Germaniya poytaxtining Vilmersdorf tumanida masjid qurilgan. 30-yillarda Germaniyada 3000 nafar musulmon yashardi, ulardan 300 nafari nemis millatiga mansub edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Sovet ittifoqi armiyasidan asirga tushganlar, “Turkiston legioni” jangchilari Uchinchi Reyx safida xizmat qilganlar. Urushdan so‘ng minglab musulmon jangchilar Germaniyada qolganlar.
Nemis san’ati va Islom
Nemis allomalaridan Hegel Islomdan ta’sirlangan edi. Iogann Gyote esa Islomni, sharq falsafasi va tasavvufni chuqur o‘rgangan edi. U «G‘arbu sharq devoni»ni (1814-19) musulmon she’riyatidan ilhomlanib yozgan. Devon «Mug‘anniynoma», «Hofiznoma», «Ishqnoma», «Tafriqnoma», «Ranjnoma», «Hikmatnoma», «Zulayxonoma», «Temurnoma», «Soqiynoma», «Matalnoma», «Forsiynoma», «Xuldnoma» kabi 12 bo‘limdan iborat. Devonda shoir «bulbul», «hur», «fatvo», «mug‘anniy», «muftiy», «tilsim», «mirzo», «darvesh» kabi so‘zlarni asliyatda qo‘llaydi.
Iogann Gyote Muhammad alayhissalom haqida yozarkan, shunday deydi: “Men dunyo tarixini o‘qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to‘plagan jami saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammadning (alayhissalom) yamoq yaktagiga ham arzimas ekan… Biz Yevropa millatlari madaniy imkonimiz yuqori bo‘lishiga qaramay, Muhammad so‘nggi pog‘onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yo‘qki, biron kimsa undan yuqoriroqqa o‘ta olmaydi”.
Vena mumtoz bastakorlari «Alya turk» musiqasidan ilhom olganlar. Volfgang Motsart o‘z operalaridan birida turkona ohanglardan foydalangan. Bu borada Gaydnning «Turk marshi»ni eslash kifoya.
Musulmon me’morchiligidan ta’sirlangan frantsuz va nemis arxitektorlari 1779-1791 yillarda Germaniya janubidagi Shvetzingen saroyi tarkibida «Qizil masjid»ni quradilar. 1907 yili Drezdenda qurilgan Yanidze tamaki fabrikasi binosi (hozirda biznes-markaz) ham arab-turk uslubida edi.
Mehnat muhojirlari: Islomning yangi yuzi
60-yillarda G‘arbiy Germaniyani qayta qurish uchun musulmon davlatlaridan muhojirlar kela boshladilar. 1961 yildan turklar, 1963 yildan marokashliklar, 1965 yildan tunislik muhojirlar Germaniyani tiklash ishlarida mehnat qila boshladilar. Avvaliga erkaklar kela boshlagan bo‘lsalar, keyinchalik ular o‘z oilalarini ham ko‘chirib keldilar. Keyinchalik Iroq, Eron, Afg‘oniston, Bosniya va boshqa musulmon davlatlari immigrantlari Germaniyada Islom jamiyatining shakllanishiga hissa qo‘shdilar. 2005 yili qabul qilingan migratsiya to‘g‘risidagi yangi qonun muhojirlar uchun bir qator yengilliklar berdi.
Germaniya musulmonlari soni qancha?
Germaniya G‘arbiy Yevropada musulmonlar soni bo‘yicha Frantsiyadan keyingi o‘rinda turadi. 2011 yili o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Germaniyaning 1,9% aholisi (1,5 million nafarga yaqin) o‘zlarining musulmon ekanliklarini izhor qilganlar. Lekin bu raqam musulmonlarning haqiqiy soni emas. Chunki so‘rovchilar e’tiqodlari haqida ma’lum qilmaslik huquqiga ham ega edilar.
Deutsche Welle ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada 4,3 million (aholining 5,4%i) musulmon yashaydi (2009). Ulardan 1,9 millioni Germaniya fuqarolaridir (2,4%).
Berkli din, tinchlik va xalqaro aloqalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyalik musulmonlarning aksariyati turklar (63,2%), keyingi o‘rinlarda pokistonliklar, sobiq Yugoslaviyadan, arab davlatlaridan kelganlar, eron va afg‘onistonlik turadi.
Eng ko‘p musulmonlar Berlinda va G‘arbiy Germaniyaning katta shaharlarida yashashadi. Germaniya musulmonlarining katta qismi sunniylardir (75%). Shuningdek, shialar (7%), ahmadiylar (1%), alaviylar, yazidlar, imomiylar jamoalari ham mavjud. Hozirda Germaniyada 140 dan ortiq masjid faoliyat yuritmoqda va yana birqancha yangi jome’lar barpo etilmoqda.
Germaniyadagi eng katta musulmon shahri Duysburg bo‘lib, aholisining beshdan bir qismi Islom diniga e’tiqod qiladi. 2008 yili shaharda mamlakatdagi eng katta masjid qurilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida jome’da 3000 kishi ibodat qilishi mumkin.
Germaniyada ta’lim oson emas
Germaniya dunyodagi ta’lim tizimi eng rivojlangan davlatlardan biridir. Germaniyada maktabgacha ta’lim muassasalari davlat tizimiga kirmaydi. Bolalar bog‘chasi xayriya jamg‘armalari, mahalliy hokimiyat, cherkov va masjidlar, islomiy markazlar vasiyligida faoliyat yuritadi. Mamlakatda bir nechta musulmon bog‘chalari ham mavjud. Ana shunday musulmon bog‘chalaridan biriga tashrif buyurganimizda, ta’lim muassasi xodimi bog‘chada bolalarga musulmon an’analariga ko‘ra tarbiya berilishini, agar ota-onasi xohlasa, boshqa din vakillarining ham bolalari qabul qilinishini aytgandi.
Germaniya Konstitutsiyasiga muvofiq, maktab ta’limi davlat nazoratidadir. Maktab ta’limi majburiy va bepul bo‘lib, 6 yoshdan 18 yoshgacha fuqarolar majburiy tartibda ta’lim olishi shart. Nemis tilini yaxshi o‘zlashtirolmaslik, ba’zi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tufayli musulmon muhojirlari orasida ta’lim darajasi mahalliy aholiga nisbatan pastroq.
Germaniyadagi ba’zi maktab va universitetlarda islomiy darslarga ruxsat berilgan. 2005 yildan Munster, 2007 yildan Osnabruk universitetlarida musulmon ta’lim muassasalari uchun ham kadrlar tayyorlana boshlandi. 2008 yili nemis tilida ilk Islom darsligi chop etildi. O‘quvchilarning o‘quv muassasasiga hijobda kelishi turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, bunga rasman taqiq yo‘q.
Islom – Germaniyaning ajralmas qismidir
«Islom Germaniyaning bir qismidir va biz haqiqiy Islom bilan terrorizm o‘rtasida aniq chegarani o‘tkazib olishimiz kerak… Biz bu masalada mutlaqo ochiq bo‘lishimiz kerak: ha, bu o‘z qismimizdir» degan edi Germaniya federal kantsleri Angela Merkel xonim o‘z chiqishlarining birida.
2009 yilda saylangan hozirgi Germaniya parlamenti tarkibidagi 20 nafar deputatlar migrant oilalardan chiqqan bo‘lib, ularning 9 nafari musulmon oilada tarbiyalangan. Bundestag rasmiy saytida uch nafar deputat o‘zlarining musulmon ekanliklarini ma’lum etgan bo‘lsalar, qolganlari e’tiqodlari haqida ma’lumot bermaganlar. Ikki germaniyalik musulmon Vural O‘ger va Jem O‘zdemir 2004-2009 yillarda Yevroparlamentda ishlaganlar.
Bremen, Gamburg va Quyi Saksoniya federal yerlarida Islom rasmiy din sifatida tan olingan. Bu e’tirof musulmonlar uchun maktab, kasalxona, hibsxonalarda diniy faoliyat olib borishga, musulmon mozorlari tashkil etishga, masjidlar qurilishiga ruxsat beradi. Bundan tashqari ushbu federal yerlarda yashovchi musulmonlar uchun Ramazon va Qurbon hayitlari rasmiy dam olish kuni etib belgilanadi.
Gamburg shahridagi 44 metrli minora va yer maydoniga ega bo‘lgan lyuteran cherkovi islom markazi tomonidan sotib olinib, hozirda masjidga aylantirilmoqda. Ushbu cherkov 2002 yili moliyaviy buhron va tashrif buyuruvchilarning kamligi sabab yopilgan edi.
Germaniyada “halol” so‘zi umume’tirofda bo‘lib, yillar davomida shakllangan islom an’analari ta’siridan uning ma’nosini hamma tushunadi. Musulmonlar uchun alohida halol restoranlar mavjud. Boshqa restoranlarda ham musulmonlar uchun alohida halol taomlar pishiriladi. Ba’zi suv havzalarida musulmon ayollar kuni tashkil etilgan bo‘lib, shu kuni havza atrofi parda bilan o‘raladi. Boshqa din vakillariga hurmat sifatida ko‘pgina kasalxona va maktablarda xoch belgisi olib tashlandi. Bir qator zavod va umumiy muassasalarda namozxonalar tashkil etildi.
Immigratsiya, musulmonlar orasida tug‘ilishning ko‘pligi, mahalliy aholining ham Islom dinini qabul qilayotganligi hisobiga Germaniyada musulmonlari safi yildan yilga oshib bormoqda. Birgina 2006 yilning o‘zida 15000 nemis millatiga mansub fuqarolar Islom dinini qabul qildi.
Davronbek Tojialiyev