Al-Hakim at-Termiziy

Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan[1] ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy bo‘lib, tarjimai holiga oid ma’lumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojuddin as-Subkiy, al-Xatib al-Bag‘dodiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy, as-Sullamiy va boshqalar asarlarida, shuningdek, uning o‘zining qalamiga mansub «Bad’u sha’ni Abu Abdulloh» («Abu Abdulloh ishining boshlanishi») nomli avtobiografik risolasida keltirilgan[2].

Uning mazkur shakldagi to‘liq ismi alloma tomonidan yozilgan «Navodir ul-usul fi ma’rifat axbor ar-rasul» («Rasululloh xabarlari haqidagi nodir usullar»), «Ilm ul-avliyo» («Valiylar (yoki avliyolar) ilmi»), «Xatm ul-avliyo» («Avliyolarning oxirgisi») va «Nazoir ul-Qur’on» («Qur’on ibratlari») kabi asarlarning nomlari yoinki muqaddima qismlarida ham aynan shu tarzda keltirilgan. Al-Hakim at-Termiziy tavallud topgan sana xususida ham yozilgan manbalar va adabiyotlarda turli yillar keltirilgan. Odatda, o‘rta asrlarga oid yozma manbalarda aksar hollarda muallifning faqat vafot etgan yili ko‘rsatilib, tavallud etgan sanasi keltirilmaydi. Jumladan, taniqli olim Hoji Xalifa o‘zining «Kashf uz-zunun» nomli mashhur asarining bir necha o‘rinlarida al-Hakim at-Termiziy vafotini hijriy 255 (melodiy 869) yil deb ko‘rsatgan. Shuningdek, allomaning Termiz shahri yaqinida joylashgan maqbarasi ustida o‘rnatilgan qabrtoshdagi bitiklarda ham uning hayoti haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilib, vafot etgan sanasi hijriy 255 (melodiy 869) deb yozilgan. Boshqa ba’zi manbalarda ham uning mazkur sanada vafot etganligi qayd etiladi. Al-Hakim at-Termiziyning uzoq — 116 yoinki 120 yil umr ko‘rganligini e’tiborga olsak, alloma sakkizinchi asrning o‘rtalarida (taxminan 750—760 yillar oralig‘ida) tavallud topganligi ayon bo‘ladi. Ayni vaqtda ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar uning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni ko‘rsatganlar. Jumladan, al-Hakim at-Termiziyning hayoti va uning ta’limotini chuqur o‘rgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim at-Termiziyni hijriy 205 (melodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib, hijriy 320 (melodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etganligi haqida yozadi[3]. Mana shularni xulosa qilib aytish mumkinki, bu yo‘nalishda kelajakda olib boriladigan chuqur ilmiy tadqiqotlar alloma al-Hakim at-Termiziy tavalludi va vafoti sanalarini aniqlash imkonini beradi, deb o‘ylaymiz. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida Amudaryo bo‘yida joylashgan.

Termiz shahri haqidagi qimmatli ma’lumotlarni arab geograflari al-Muqaddasiy (Ahsan ut-taqosim fi ma’rifat al-aqoliym), al-Istaxriy (al-Masolik val-mamolik), al-Balazuriy-Futuh ul-buldon va boshqa qator mualliflarning asarlarida uchratamiz. Mazkur manbalarda ta’kidlanishicha, al-Hakim at-Termiziy tug‘ilgan Termiz shahri ham IX asrda Movarounnahrning eng yirik va obod shaharlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Shaharda islomiy ilm va madaniyat yuksak darajada taraqqiy etgan. Ilm-fanning turli sohalari, jumladan, islomiy ilmlar bo‘yicha Termiz shahridan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar at-Termiziy nisbasi bilan butun dunyoda mashhur bo‘lganlar. Jahoniy ehtiromga sazovor bo‘lgan termizlik buyuk siymolardan biri al-Hakim at-Termiziydir. Afsuski, al-Hakim at-Termiziyning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda aniq ma’lumotlar uchratmadik. Uning ota-onasi haqidagi ba’zi xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, uning otasi Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchisi al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining mashhur «Tarixi Bag‘dod» («Bag‘dod tarixi») nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olimu ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Al-Hakim at-Termiziy o‘zining avtobiografik risolasi «Bad’u sha’ni Abu Abdulloh» va «Ar-Radd a’lol-muattila» kabi asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan bo‘lgan. Bu ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, al-Hakim at-Termiziy ilm-ma’rifat yuksak qadrlanadigan, ziyoli bir xonadonda dunyoga kelib, mana shu ilmiy-ma’naviy muhitda o‘sib ulg‘aygan. Oxir oqibatda mazkur omillar ta’sirida uning ma’naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri shakllanib, kamolga yetgan. Ayni vaqtda shuni alohida ta’kidlash kerakki, al-Hakim at-Termiziyning ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya katta. Chunonchi, u o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan. Bu xususda al-Hakim at-Termiziy o‘z kitoblaridan birida shunday hikoya qiladi:

— Olloh taolo meni ustozim — volidimdan judo qilganda men sakkiz yoshda edim. Uning sa’y-harakatlari bois men ilm olishga shunday berilib ketgandimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan edi. Vaholanki, mening tengqurlarim o‘yin-kulgi va vaqti xushlik bilan band bo‘lardilar. Volidimning ijtihodlari tufaylik men shu yoshimda «Ilm al-osor» (Qadimiy rivoyatlar (hadislar) haqidagi ilm)va «Ilm ar-ray» («E’tiqod haqidagi ilm») bilimlarini to‘liq egallab olgan edim…

Otasi vafotidan keyin al-Hakim at-Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr at-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini o‘rganganligi haqida manba’larda aniq ma’lumotlar keltirilgan[4]. Shundan so‘ngra alloma Fariduddin al-Attorning yozishicha, yoshi yigirma yettiga yetganda al-Hakim at-Termiziy ikki o‘rtog‘i bilan o‘sha paytda butun Sharqda ilmu ma’rifatning eng yirik markazlaridan biri sanalgan Bag‘dodga borib ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob bo‘lib qoladi va unga: «Ey o‘g‘lim, men bir mushtipar, zaifa ayol bo‘lsam, menga sendan bo‘lak boshpanoh bo‘lib yordam beradigan biror kimsa bo‘lmasa, mening butun borlig‘im faqat sen bilan bog‘liq bo‘lsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?» — deb unga iltijo qiladi. Volidasining bu so‘zlari al-Hakim at-Termiziyga qattiq ta’sir qilib, u ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechadi. Uning ikki o‘rtog‘i esa o‘z safarlariga otlanib yo‘lga tushadilar. So‘ngra, ushbu voqeadan keyin talay vaqt o‘tgach, al-Hakim at-Termiziy Bag‘dodga borolmaganligi uchun g‘oyatda afsuslanib, maqbaralardan birining yonida yig‘lab xafa bo‘lib turganida uning yonida yuzidan nur yog‘ilib turgan bir shayx paydo bo‘lib, undan yig‘lashining sababini so‘raydi. Al-Hakim unga yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni o‘qitaman, deydi. Al-Hakim uning bu so‘ziga darhol rozi bo‘ladi. Bu hol bir necha yil davom etadi. So‘ngra u bilsa bu kishi Xizr alayhissalom ekanlar. Uning bu saodatli marhamatga erishishi volidai mushfiqasining duosi barokotidan bo‘lgan edi[5]. Ayni shu voqea boshqa manbalarda biroz boshqacharoq tarzda hikoya qilinadi…

Bu hikoya haqiqatmi yoki afsonaviy rivoyatmi, qanday bo‘lmasin uning oilasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi. Chunonchi, ushbu hikoyadan ma’lum bo‘lishicha, u ota-onasining yakkayu yagona farzandi bo‘lgan, onasining iltijosiga qaraganda ularning oilasida al-Hakimdan boshqa unga boshpanoh bo‘lib, qaraydigan kimsa bo‘lmagan. U o‘z onasiga mehribon, uni boquvchisiz tashlab ketishga jur’at qilmagan — oilaparvar, qanchalik ilm olishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgani bilan o‘z volidasining so‘ziga quloq solib, uning duosini olganligi bois oxir-oqibatda ilm olishda ham o‘z matlabiga erishadi. Shuningdek, manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasining soliha, taqvodor, pokiza ayol ekanligi, oilada oltita farzandi bo‘lganligi haqida ham ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.

AL-HAKIM AT-TERMIZIYNING USTOZLARI

Ayni vaqtda al-Hakim at-Termiziy saboq olgan ustozlari haqida manbalarda keltirilgan ma’lumotlardan quyidagilarni aytish mumkin:

1. Al-Hakim at-Termiziyning birinchi ustozi, yuqorida zikr etilganidek, uning otasi Ali ibn al-Hasan at-Termiziy edi. Bu haqdagi ma’lumotlar al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» (2-jild, 373-bet) nomli asarida keltirilgan.

2. Qutayba ibn Sa’iyd as-Saqafiy al-Balxiy haqidagi ma’lumotlar ham al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» (4-jild, 264-bet) nomli asarida keltiriladi. U ilm olish talabida yoshligidan ko‘p mamlakatlarga safar qilgan. Shu maqsadda Bag‘dod, Makka, Madina, Shom va Misr kabi mamlakatlarga borgan. O‘z davrining yetuk muhaddislaridan hisoblangan Molik ibn Anas, Al-Lays ibn Saad, Abdulloh ibn Lahiy’a, Yaqub ibn Abdurahmon, Hamod ibn Zayd, Ismoil ibn Ja’far, Sufyon ibn Uyaynadan hadislar eshitgan. O‘z navbatida Qutayba ibn Sa’iyddan ham Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr ibn Abu Shayba, Yusuf ibn Muso, Abu Dovud as-Sijistoniy, Ibrohim al-Harbiy, Muso ibn Horun, abu Zur’a, Imom al-Buxoriy va Imom Muslim ibn al-Hajjoj («Sahiyh» asarlarida) va ulardan boshqa ko‘plab yirik olimlar hadislar rivoyat qilganlar. U taxminan hijriy 150 (melodiy 767) yidda tavallud topib, qariyb to‘qson yil umr ko‘rib, hijriy 240 (854 melodiy) yilda o‘zi uzoq muddat istiqomat qilgan Balxning Bug‘lon nomli qishlog‘ida vafot etgan.

3. Solih ibn Abdulloh at-Termiziy. Uning haqidagi muxtasar ma’lumotlar al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Bag‘dod tarixi» (1-jild, 315-bet) va Ibn Hajar al-Asqaloniyning «Lison al-meyzon» (3769 raqamda) kabi asarlarida keltirilgan. U uzoq muddat Bag‘dodda yashab Molik ibn Anas, Hamod ibn Yahya al-Abah, Abdulvoris ibn Sa’iyd, Absar ibn al-Qosim, Shurayk ibn Abdulloh, Ja’far ibn Sulaymon, Faraj ibn Fazola, Umar ibn Horun al-Balxiy kabi olimlardan hadis ilmidan saboq olgan. Shuningdek, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Abu Zur’a, Abu Hotam ar-Roziyon va boshqa olimlar hadislar rivoyat qilganlar. Tarixchi Ibn Hibbon o‘zining «as-Siqot» nomli asarida uning haqida yozib «Solih ibn Abdulloh at-Termiziy «Sohib sunnat va fazl» deb ta’kidlagan.

4.  Solih ibn Muhammad at-Termiziy. Uning ismi sharifi al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod», Shamsuddin az-Zahabiyning «Meyzon al-e’tidol» va shuningdek «Lison al-meyzon» kabi asarlarida zikr qilingan. U Muhammad ibn Marvon al-Sadaydan hadislar rivoyat qilgan, shuningdek, haj ibodatini ado etish uchun borayotganda Bag‘dodda to‘xtab Hamdon ibn Zunnun va o‘z yurtdoshi al-Qosim ibn Ibod at-Termiziydan hadislardan saboq olganligi ma’lum. Abul Hasan ibn al-Xilal al-Muqriy undan hadislar rivoyat qilgan. Ba’zi manbalarda uning murji’a oqimiga mansub bo‘lganligi, ularga pora berib bir qancha muddat Termiz qozisi lavozimida faoliyat ko‘rsatganligi haqida ham qayd etilgan.

5.  Sufyon ibn Vakiy’. Taniqli tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy o‘zining «Meyzon al-e’tidol» nomli asarida (2-jild, 173-bet) uning ismini Sufyon ibn Vakiy’ Ibn al-Jarroh Abu Muhammad ar-Ravosiy deb to‘liq keltirgan. Muarrix Ibn Hibbonning yozishicha, unga otasi Vakiy’ ibn al-Jarroh varrog‘ini (yozganlarini oqqa ko‘chiruvchisini) almashtirishni maslahat bergan, chunki u (varrog‘) unga chalkash, mavquf hadislarni ham yozib kelaverganligi sababli ko‘p aziyatga mubtalo bo‘lgan ekan. Sufyon ibn Vakiy’ fozil va haqiqatgo‘y shayx bo‘lib, Ibn al-Hibbonning yozishicha, hijriy 247 (melodiy 861) yilda vafot etgan.

Al-Hasan ibn Umar ibn Shafiq al-Balxiy. Uning to‘liq ismi al-Hasan ibn Umar ibn Shafiq ibn Asmo’ Abu Ali al-Jarmiy al-Basriy bo‘lib, Al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» asarida zikr qilinishicha (7-jild, 355-bet), u tijorat ishlari bilan ko‘pincha Balxga borib turgani uchun al-Balxiy nisbati bilan mashhur bo‘lgan, so‘ngra u Bag‘dodga borib unda otasidan, Abdulvoris ibn Sa’iyd, Ja’far ibn Sulaymon va boshqalardan hadislar rivoyat qilgan.

Al-Hasan al-Balxiydan Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Abu Zur’a, Abu Hotam ar-Roziyon, Muso ibn Ishoq al-Ansoriy va al-Hasan ibn at-Tayyib al-Shijo’iylar hadislar rivoyat qilgan. Uning haqida Abu Zur’a va Imom al-Buxoriy kabi allomalar ham tahsinga loyiq fikrlarni aytganlar. Al-Hasan al-Balxiy 230 hijriy (845 melodiy) yidda vafot etgan.

7. Ahmad ibn Hizravayh. Uning to‘liq ismi Abu Xomid Ahmad ibn Hizravayh al-Balxiy bo‘lib, uning haqidagi qisqacha ma’lumotlar Abu Nuaymning «al-Hilya» (10-jild, 42-bet), Abu Abdurrahmon as-Sullamiyning «at-Tabaqot» (103—106-betlar) nomli asarlarida keltiriladi. Ular yozishlaricha, Ahmad ibn Hizravayh Xurosonning yirik mashoyixlaridan biri bo‘lgan. U Abu Turob an-Naxshabiy Hotam al-Asamning suhbatida bo‘lib, Abu Yaziyd al-Bistomiy bilan uchrashgan. Zamondoshlarining fikricha, u oliyhimmat, haqiqatgo‘y kishi bo‘lgan. Vafoti hijriy 240 (melodiy 854) yilga to‘g‘ri keladi.

8. Abu Turob an-Naxshabiy. Abu Turob an-Naxshabiyning to‘liq ismini tarixchilar Asqar ibn Muhammad Hasiyn Abu Turob an-Naxshabiy deb keltirganlar. As-Sullamiy «Tabaqot as-sufiyya», Tojuddin as-Subkiy «Tabaqot ash-shofoi’yya al-kubro» nomli asarlarida Abu Turob an-Naxshabiyning Xurosonning eng buyuk mashoyixlaridan biri bo‘lganligini, u o‘z ilmi, futuvvati, zohidlik va xudojo‘yligi bilan alohida ajralib turganligini ta’kidlaydilar. Tojuddin as-Subkiyning ta’riflashicha, Abu Turob an-Naxshabiy beshak o‘z davrining ulug‘ shayxi bo‘lib, ilm va dinni o‘zida to‘la mujassam qilgan zot bo‘lgan.

U Abu Hotam al-Attor al-Basriy, Hotam al-Asami al-Balxiy kabi olimlar bilan muloqotda bo‘lib hamkorlik qilgan. U turli olimlardan ko‘plab hadislar yozib olgan, Imom ash-Shofi’iy asarlarini chuqur o‘rgangan. U Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayr, Nuayn ibn Hamod, Ahmad ibn Nasr an-Naysoburiy kabi olimlardan hadislar rivoyat qilgan. O‘z navbatida Abu Turob an-Naxshabiydan Ahmad ibn al-Jalo’, Abu Bakr ibn Osim, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal va boshqalar hadislar rivoyat qilganlar. Abu Abdulloh ibn al-Jalo’ shunday degan: Men hayotimda olti yuz shayxni uchratganman, lekin ularning orasidan to‘rttasiga o‘xshaganini sira ko‘rgan emasman. Ulardan eng birinchisi, shubhasiz, Abu Turob an-Naxshabiydir. Ibn as-Saloh qolgan uchtalari: ushbu Abdullohning otasi Yahya al-Jalo’, Abu Ubayd al-Iusriy va Zunnun al-Misriydir — roziya ollohu anhum degan.

9. Yahya ibn Maoz ar-Roziy. Uning haqidagi muxtasar ma’lumotlar al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod», as-Sullamiyning «Tabaqot as-sufiyya» va boshqa ba’zi asarlarda keltirilgan. U Ishoq ibn Sulaymon ar-Roziy, Makkiy ibn Ibrohim al-Balxiy va Ali ibn Muhammad at-Tanofusiy kabi olimlar hadislaridan saboq olgan. Undan esa Ray, Hamadon va Xurosonning boshqa shaharlaridan kelgan olimlar isnodi kam bo‘lgan hadislarni rivoyat qilganlar.

Yahya ibn Maoz ar-Roziy aksar umrini Nishopurda o‘tkazib, to vafotigacha shu yerda yashadi. Shu orada u Bag‘dodga ham kelgan edi va shunda shahardagi sufiy mashoyixlar uning huzurida to‘planishib, ilmiy munozaralar qilganlar. So‘ngra u Bag‘doddan chiqib Balxga, va birmuncha muddat Balxda yashagach, yana qaytib Nishopurga keladi, 258 hijriy (872 melodiy) sanada shu yerda vafot etadi.

10. Yaqub ibn Shayba ibn as-Salt. Uning to‘liq ismi Yaqub ibn Shayba ibn as-Salt ibn Asfur Abu as-Sadusiy bo‘lib, u asli Basra ahlidan. Yaqub ibn Shayba haqidagi ma’lumotlar tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira»), al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» nomli asarlarida keltirilgan. Molik ibn Anasning gapiga qaraganda, u asli bag‘dodlik faqihlardan sanalgan, ko‘plab hadislar rivoyat qilib, qator asarlar ham yaratgan.

U Ali ibn Osim, Yazid ibn Horun, Affon ibn Muslim, Muhammad ibn Abdulloh al-Ansoriy, Asvad ibn Omir, Yahya ibn Abu Bakr va ularga o‘xshash ko‘plab olimlardan hadislar eshitgan.

Undan hadis rivoyat qilganlardan o‘g‘lining o‘g‘li (nabirasi) Muhammad ibn Ahmad ibn Yaqub, Yusuf ibn Yaqub ibn Ishoq ibn al-Bahlul kabilarni ko‘rsatish mumkin. Yaqub ibn Shayba hijriy 262 (melodiy 876) yilda vafot etgan.

Al-Hakim at-Termiziyning yuqorida nomlari zikr etilgan ustozlaridan olgan bilimi, o‘z davrining yirik allomasi darajasigacha yetishida salmoqli ta’sir ko‘rsatgan, albatta. Ayni vaqtda shuni ham ta’kidlash kerakki, al-Hakim at-Termiziy amal qilgan o‘ziga xos so‘fiyona nuqtai nazar, uning tutgan fiqhiy yo‘li hadislarni rivoyat qilishda muhaddislarning an’anaviy yo‘llaridan farq qilishi ba’zi olimu ulamolarning g‘azabini keltirib, oxir-oqibatda unga ko‘p tashvish keltirdi. Shu bilan birga al-Hakim at-Termiziyni muayyan bir so‘fiy maktabiga mansub etish ham qiyin, chunki u yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Xurosonning eng buyuk shayxlaridan sanalgan Abu Turob an-Naxshabiy va Ahmad ibn Hadravayh bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, Yahya ibn al-Jalo’ al-Bag‘dodiy bilan hamkorlik qilgan, Shom maktabining shayxlaridan biri al-Antokiyning asarlarini o‘zlashtirib unga shogird martabasida bo‘lgan. Ushbu Shom maktabining Misr maktabi bilan aloqalari ham mustahkam bo‘lganligi va nihoyat al-Hakim at-Termiziyning Nishopurda al-Malomatiylar maktabi bilan bog‘liqligi ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

Yuqorida bayon qilganlardan ayon bo‘layotirki, alloma al-Hakim at-Termiziy o‘zining uzoq umri davomida bir qancha bosqichni bosib o‘tgan. Binobarin, yozma manbalarga, birinchi navbatda uning avtobiografik tusdagi «Bad’ shaan Abi Abdulloh» nomli asariga tayangan holda muhaddisning hayotini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:

Birinchi bosqich — al-Hakimning sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalik davri. Afsuski, biz uning mana shu davrdagi hayoti haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmasakda, lekin taxmin qilish mumkinki, uning bolalik yillari ko‘pchilik tengqurlariniki kabi odatdagiday har xil o‘yinlaru ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga to‘liq bo‘lmagan. Chunonchi, tasavvur qilish mumkinki, agar shu alfozda bo‘lganda uning yaqin kelajakda ilmu irfon bilan jiddiy shug‘ullanishi uchun (bu o‘yinqaroqliklar) imkon bermagan bo‘lardi. U bir lahzada ulardan voz kechib o‘z ustozlarining jiddiy saboqlariga ma’naviy tayyor bo‘lmagan bo‘lardi. Shu bois komil ishonch bilan aytish mumkinki, u o‘zini yoshlikdan ilmu ma’rifatini chigal so‘qmoqlarni yengib o‘tadigan murakkab imtihonlarga ma’naviy va ruhiy jihatdan har tomonlama tayyorlay boshlagan edi.

Ikkinchi bosqich – al-Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshidan to yigirma yetti yoshigacha bo‘lgan umrini qamrab oladi. Bu davrda uning bir ustozi bo‘lib, u bor imkoniyati va mahoratini al-Hakimni turli ilmlardan chuqur bilim olishiga sarflaydi, shunga astoydil rahnomalik qilib unga o‘z inoyatini ko‘rsatadi. Garchand ushbu shayx (ustoz) haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, u o‘z shogirdini faqat ilm yo‘liga, xususan ilm al-asor (arxeologiya, qadimshunoslik) va ilm ar-ray (diniy masalalarda o‘z fikrini bildirish) kabi ilmlarni chuqur egallashiga qaratadi. Bu vazifa oson vazifalardan emas edi[6].

Ushbu ilmlar bilan shug‘ullanishni al-Hakim at-Termiziy hatto Makkaga — Baytulloh al-Haramga haj ibodatini ado etish uchun borayotganida Iroqda to‘xtab o‘tganida ham davom ettiradi. O‘sha paytda uning yoshi yigirma yettiga yaqinlashib qolgan edi. Aytish kerakki, aynan mana shu safarlar davomida turli olimlardan olgan bilimlari uning ilmiy hayotida sezilarli iz qoldirgan edi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, o‘z hayotining aynan shu bosqichida al-Hakim at-Termiziy hadis va fiqh ilmlariga alohida e’tibor bergan.

Al-Hakim at-Termiziy hayotining uchinchi bosqichi Qur’oni karimni yod olish va uni chuqur o‘rganish bilan bevosita bog‘langan. U Ollohning kalomini yod olishga alohida ishtiyoq bilan kirishadi, kechani kunduzga ulab uni yod oladi, bu mashg‘ulotdan uning qalbi halovatu alohida zavq-shavqqa to‘ladi. U endi rabboniy ruhdagi asarlarga g‘oyatda berilib, ulardagi ibratli mav’izalar, oxirat ishlariga doir ma’lumotlar, tariqatga boshlovchi piri murshidlarning hikoyatlarini alohida qiziqish bilan o‘rganadi. Shu omillar ta’sirida u aqliy yo‘nalishdan (ittijoh) batamom ruhiy yo‘nalishga tavajjuh qiladi. Mana shu fikr-mulohazalarni jamlab, bu bosqichni al-Hakim at-Termiziy hayotidagi burilish davri (fitrat at-tahavvul) deb atasak, ayni haqiqat bo‘lur edi. Binobarin, shu davrda u ro‘za tutish, namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish kabi ibodatlarga batamom berilib ketadi. Lekin shu bilan birga bu davrda u muayyan bir usul, yoinki biron-bir xos tariqatga ega emasdi. Uning o‘z ta’biri bilan aytganda, toki uning qo‘liga al-Antokiyning kitobi tushgunga qadar shu yo‘sunda hayot kechirgan, keyin esa al-Antokiyning fikrlaridan ta’sirlanib o‘z nafsini riyozat (riyozat an-nafs) chekishiga yo‘l qo‘ygan. Mana shu paytdan e’tiboran uning hayotida uzoq va mashaqqatli boshqa bir davr boshlanadiki, bunda u o‘zini hech bir ayamasdan riyozat chekishga, xilma-xil imtihonu sinovlarga mubtalo qiladi. U uzlat va xilvatni, odamlardan o‘zini chetga olib uzoq tutishni ixtiyor qiladi.

Mana shu jarayonlar oqibatida u o‘z tariqatini yaratdiki, natijada kechalari uning atrofida ko‘plab izdoshlari va maslakdoshlari to‘planishib bahsu munozaralar uyushtiradilar, duo va tazarru’lar bilan o‘z shuurlarini izhor qiladilar. Aftidan, mana shu bahsu munozaralar paytida o‘zining chuqur mazmunga ega bo‘lgan so‘fiylik tajribalari haqidagi oshkora bayonotlari tufayli diniy masalalarning ba’zi jihatlari, xususan, ilm ar-ra’y, yoinki ilm al-osor, hatto tasavvuf ilmlariga doir fikrlari bilan o‘z zamonidagi qator olimlarning qahru-g‘azabini qo‘zg‘ab, ularning shiddatli hujumlariga duchor bo‘ladi. Natijada al-Hakim at-Termiziy ustida gap so‘zlar ko‘payib, uni havoyi gaplarga berilishda va bid’atda ayblay boshlaydilar. Al-Hakim at-Termiziyga ular tomonidan qo‘yilgan tuhmatlarni umumlashtirib quyidagilarni aytish mumkin:

1.  Hadis rivoyatchilari tomonidan bildirilgan tuhmatlar. Ayni vaqtda, aytish kerakki, u hadisshunos olim ham emas, uning rivoyatchilari toifasiga ham kirmaydi. U o‘zining yaroqsiz kitoblarini mavzu (soxta) hadislar bilan to‘ldirib, ularda rivoyat ham qilinmaydigan, eshitilmaydigan xabarlarni qalashtirib tashlagan.

2.  Faqihlar tomonidan bildirilgan tuhmatlarda go‘yoki u ilm ash-shariy’a (shariat ilmi)ga ko‘pchilik jamoat qabul qilmaydigan zaif va bo‘lmag‘ur fikrlarni kiritgan.

3.  Mutasavvuflar tomonidan bildirilgan tuhmatlarda ham u haqiqatga xilof ishlarda ayblanib, bu harakatlari bilan faqihlar qoidasidan chiqqan va har qanday dashnom va ta’nalarga sazovor kishi sifatida tasvirlangan. Xullasi kalom, ularning harakatlari shu darajaga borib yetdiki, ular (ayblovchilar) Balx hokimiga xabar yuborib, al-Hakim at-Termiziyga nisbatan ig‘voyu tuhmatlarini davom ettirib, uni Ollohga muhabbat haqida gapiradi, odamlar o‘rtasida fisqi fasod tarqatadi, ularni bid’atga yetaklaydi, nubuvvatlikni da’vo qiladi deb aybladilar. Al-Hakim at-Termiziyning o‘zi ham «Bad’u shaani Abu Abdulloh» nomli avtobiografik asarida ularning bu tuhmatlari haqida zikr qilgan. Natijada Balx hokimi Ollohga muhabbat haqida gapirmaslik haqida uning va’dasini olib, odamlarni tinchlantirib, ular his-hayajoniga bir qadar taskin bergan bo‘ldi. Bu zayldagi nohaq tuhmatlardan nafaqat al-Hakim at-Termiziy, balki o‘sha davrdagi qator mutasavvuflar ham chetda qolmaganligi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilgan.

Ayni vaqtda aytish joizki, bu tarzdagi ishlar (nohaq tuhmatlar) hokimlar va qozilar tomonidan qonun nuqtai nazaridan shu zaylda osongina hal etilgani bilan, lekin baqir-chaqirga o‘rgangan omma, shuningdek, olimu ulamolar o‘rtasida bunchalik tez o‘tib ketmaydi, chunki ular ma’lum vaqtgacha asl haqiqatni bekitib, quruq safsatayu qandaydir g‘arazli maqsadlar yo‘lida nohaq tuhmatlar tarqatadilar. Binobarin, bu nohaqliklar dastidan al-Hakim at-Termiziy ham talay muddat ommadan qo‘rqqanidan boshini ko‘tarib yurishga jur’at qilolmadi.

4. Lekin ahvol shu tariqa davom etmadi. Unga nohaq tuhmatlar qilib, aziyat yetkazganlar o‘z muddaolariga yeta olmadilar. Mana shu paytdan e’tiboran al-Hakim at-Termiziyning hayotida yangi bir bosqich boshlanadi. Bunda u xilvat va uzlatdan chiqib, odamlar tomon yuzlanadi. Natijada uning fazlu fazilati to‘la namoyon bo‘lib, nomi tillarda zikr qilina boshlaydi. Atrofida to‘planadiganlarning soni kundan-kunga oshib boradi. Ana shundan keyingina odamlar uning haqida tarqatilgan mish-mishlar, tuhmatlar nohaq bo‘htonlardan boshqa narsa emasligini tushunib yetdilar va unga nisbatan o‘z hurmatu ehtiromlarini namoyon qildilar. Mazkur bosqichdagi faoliyati davrida ehtimol, keyinchalik ba’zi olimlar tomonidan «al-hakimiyya vat-termiziyya»[7] degan nom bilan atalgan oqimga asos solingan bo‘lsa kerak. Ehtimol shu bois at-Termiziyning o‘zi ham bu davr haqida to‘xtalib, unda shogirdlari va izdoshlari paydo bo‘lganligi haqida ta’kidlaydi. Chunonchi, ushbu davrda uning shogirdlarining soni ko‘payib, mav’izayu ma’ruzalari yuksak kamolotga yetishdi, obro‘-e’tibori oshib, shonu shuhrati chor atrofga tarqaldiki, hatto yaqin o‘tmishda unga qarshi fitna uyushtirgan guruhlar ham unga o‘z hurmatini bildira boshladilar. Al-Hakim at-Termiziyning shogirdlari ko‘p bo‘lganligiga qaramay, tarix sahifalarida ular ismi-shariflarining ba’zilari saqlanib qolgan, xolos.

AL-HAKIM AT-TERMIZIYNING ShOGIRDLARI

1. Abu Muhammad Yahya ibn Mansur al-Qoziy

Uning haqidagi ma’lumotlar tarixchi Ibn Imod al-Hanbaliyning «Shazarat uz-zahab» («Oltin bo‘lakchalari») nomli asarida keltirilgan[8]. U o‘n yildan ortiq Nishopurda qozilik qilgan Abu Abdurrahmon as-Sullamiyning ustozi hisoblanadi. Yahya ibn Mansur Ali ibn Abdulaziz al-Bag‘aviy va Ahmad ibn Salma va ular tabaqalariga mansub olimlardan hadis rivoyat qilgan. Yoqut al-Hamaviyning «Mu’jam al-buldon» asarida yozilishicha, hijriy 350 (melodiy 960) yilda, Ibn Imod al-Hanbaliyning yozishicha, hijriy 351 (melodiy 961) yilda vafot etgan.

2. Abu Mansur Ali ibn Abdulloh ibn Xolid az-Zuhliy al-Hiraviy

Uning haqidagi muxtasar ma’lumotlarni al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod» asarida uchratamiz. U asli Hirot ahlidan bo‘lib, bir guruh xurosonlik olimlardan g‘aroyib va afsonaviy tusdagi hadislar rivoyat qilgan. So‘ngra Bag‘dodga kelib, unda hadislardan saboq bergan. Abu Sa’iyd Abdurrahmon ibn Muhammad al-Idrisiy: «Mansur ibn Abdulloh al-Hiraviy kazzobdir, uning rivoyatiga e’tiqod qilmaydilar», — degan.

3. Abu Ali al-Hasan ibn Ali al-Jurjoniy

Uning haqidagi ma’lumotlarni as-Sullamiyning «Tabaqot as-sufiyya», as-Subkiyning «At-Tabaqot al-kubro» nomli asarlarida uchratamiz. Al-Jurjoniy mashhur asarlar muallifi, Xurosonning eng ulug‘ mashoyixlaridan biri hisoblanardi. As-Sullamiy o‘zining malomatiyya haqidagi risolasida undan hadislar rivoyat qilgan.

4. Ahmad ibn Muhammad ibn Iso

U haqidagi muxtasar ma’lumotlar al-Xatib al-Bag‘dodiyning «Tarixi Bag‘dod», as-Sullamiyning «Tabaqot as-sufiyya» va boshqa asarlarda keltirilgan. Ahmad ibn Muhammad Iroqning eng yirik mashoyixlaridan biri bo‘lib, Junayd va uning safdoshlari bilan bahs yuritganlardan edi. E’tiqodda uning tariqati mo‘tadilligi bilan ajralib turardi.

5. Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq

U asli termizlik bo‘lib, lekin ko‘p yillar Balhda istiqomat qilgan. Abu Bakr al-Varroq Ahmad ibn Hadravayh, Muhammad ibn Sa’iyd ibn Ibrohim az-Zohid, Muhammad ibn Umar ibn Xashnom al-Balxiy kabi taniqli olimlarning suhbatidan bahramand bo‘lgan. Hadislar isnodini keltirib ko‘plab mashhur asarlar yaratgan. Uning asarlari riyazat (matematika), muomalatlar va adab-axloqning turli masalalariga bag‘ishlangan. O‘z ilmiy salohiyati va donishmandligi bois Abu Bakr al-Varroq ham o‘z ustozi al-Hakim at-Termiziy kabi al-Hakim degan yuksak laqabga sazovor bo‘lgan.

6. Muhammad ibn Ja’far ibn Muhammadibn al-Haysam ibn Umron ibn Burayda

Uning haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirgan al-Xatib al-Bag‘dodiy uni asli anbarlik deb zikr qilgan[9]. U Ahmad ibn al-Xalil al-Barjuloniy, Muhammad ibn Abu al-Avom ar-Riyohiy, Ja’far ibn Muhammad as-Soig‘, Abu Ismoil at-Termiziydan hadislar eshitgan, shuningdek, Ibrohimibn Ishoq al-Harbiydan hadislar rivoyat qilgan. O‘z navbatida undan Abul Husayn ibn al-Fazl al-Qatton, Abul Faraj ibn Sumayka, Ali ibn Ahmad ar-Razoz kabilar hadislar rivoyat qilganlar. Muhammad ibn Ja’far hijriy 360 (milodiy 971) yil muharram oyining o‘ninchi (ashura) kunida vafot etgan.

Bu o‘rinda doktor Usmon Yahya to‘g‘ri ta’kidlaganidek[10], alloma al-Hakim at-Termiziyning shogirdlari va izdoshlaridan atigi bir qismining ismi-shariflari keltirilgan. Albatta, bu hol al-Hakim at-Termiziy ilm bobida erishgan yuksak maqomiga, ayniqsa uning tasavvuf olamidagi mislsiz obro‘-e’tiboriga ham mutlaqo mos emas. Bu fikrimizga qo‘shimcha yana aytish mumkinki, al-Hakim at-Termiziyning nafaqat shogirdlari va izdoshlari haqida ma’lumotlar kam, balki allomaning hayoti va ilmiy ijodiy faoliyati haqida ham tarixiy asarlar va bio-bibliografik qomuslarda afsuslanarli darajada g‘oyatda oz ma’lumotlar keltirilgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, XV asrda yashab o‘tgan mashhur arab tarixchisi, yuzlab qimmatli asarlarning muallifi Ibn Hajar al-Asqaloniy ham chuqur o‘kinch bilan «Bu alloma (al-Hakim at-Termiziy)ning to‘liq tarjimai holidan voqif bo‘lish menga nasib etmadi-da, yana ham Olloh o‘zi madadkor»[11] deb yozgan.

Binobarin, al-Hakim at-Termiziyning o‘z hayot yo‘llari haqida yozib qoldirgan ma’lumotlari favqulodda ahamiyat kasb etadi. Har holda allomaning asarlarida unchalik mukammal, to‘liq bo‘lmasa-da, uning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosining tadrijiy kamoloti haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lamiz. O‘zining hayotiy bosqichlari haqida, masalan, sanalari aniq ko‘rsatilgan holda ma’lumot bermagan, ilm yo‘lida xorijga qilgan safarlari, o‘zi yaratgan asarlar, o‘zi asos solgan mazhab yoki maktab haqida ham aniq ko‘rsatilmagan. Lekin boshqa ba’zi manbalardan uning Nishopurga rihlat qilganligi va unda hadisdan saboq berganligi, Nishopur olimlaridan Yahya ibn Mansur al-Qoziy undan hadislar rivoyat qilganligi, Termizdan chiqarib yuborilganligi va Balxda bir necha yil yashaganligi haqida ham xabarlar bor. Manbalarga tayanib yana aytish mumkinki, al-Hakim at-Termiziy faoliyatining keyingi ikki bosqichi ilmiy-ijodiy nuqtai nazardan g‘oyatda samarali va barakali bo‘lgan. Chunonchi, aynan shu davrda uning faoliyatida keng omma bilan muloqot, uning atrofida ko‘p sonli shogirdlar va izdoshlarning to‘planishi va eng muhimi uzoq yillar davomida shakllangan qarashlari, fikr-mulohazalari va hayotiy tajribalari asosida o‘zining o‘lmas asarlarini yaratdiki, bu asarlar buyuk bir ma’naviy meros sifatida islom madaniyati, ayniqsa tasavvuf ilmi taraqkiyotida salmoqli o‘rin egalladi.

AL-HAKIM AT-TERMIZIYNING LAQABLARI

Al-Hakim at-Termiziyning tarjimai holi keltirilgan asarlari, shuningdek, risolalari nomlarida ham u turli laqablar bilan atalganini ko‘ramiz. Jumladan, uni ash-shayx, al-olim, al-alloma, muhaddis, az-zohid, al-hofiz, ayniqsa aksar hollarda al-imom laqablari bilan ataganlar. Bundan tashqari al-Hakim at-Termiziy ba’zi hollarda «al-muazzin» degan laqabga ham ega bo‘lgan. Bu laqabni muallifning «Tahsiyl nazoir ul-Qur’on», «Al-Masoil al-maknuna», «Navodir ul-usul fi ma’rifat axbor ar-Rasul» kabi asarlarida, shuningdek, tarixchilar Shamsuddin az-Zahabiyning «Tazkirat ul-huffoz», Ibn Hajar al-Asqaloniyning «Lison al-meyzon» asarlaridagi al-Hakim at-Termiziyning tarjimai holi keltirilgan qismlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta, ushbu laqablar uning ilmiy salohiyati g‘oyatda yuksak bo‘lganligi va bu hol ilmu-irfon namoyandalari tomonidan yuksak e’tirof etilganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda at-Termiziy asosan al-Hakim laqabi bilan atalib, al-Hakim at-Termiziy (ba’zan at-Termiziy al-Hakim) shaklida keltirilgan. Binobarin, at-Termiziyga berilgan «al-hakim» laqabining ma’nosini talqin qilib ba’zilar unga «tabib» deb ma’no berganlar va shunga ko‘ra at-Termiziyni buyuk tabib deb hisoblaganlar. Bu o‘rinda shuni aytish zarurki, «tabib» va «hakim» so‘zlari o‘rtasida muayyan darajada umumiylik mavjud. Aynan shu mavzuga, ya’ni tabiblar, hakimlar haqidagi muhim qomusiy kitoblardan biri Ibn Jaljalning «Tabaqot ul-atibbo val-hukamo»ga murojaat qilsak, unda «Buqrot» bobida shunday deb yozadi: tabib bo‘lgan kishi ruhoniyati toza fazilatli, o‘z birodarlariga shafqatli, shakli chiroyli, kiyinishi ozoda, o‘z kasbini yaxshi egallagan, Hakim (ya’ni aqli farosati komil), hamma narsani hisobga oluvchi va idrok etadigan bo‘lishi shart degan[12].

Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy-ijodiy faoliyati xorijiy yurtlarga qilgan safarlari bilan bevosita bog‘liqdir. Dastlabki safari davomida u Xurosonning qator shaharlarida bo‘lib, ko‘p olimlar bilan ilmiy-ijodiy muloqotda bo‘lgan. Jumladan, Balxda bo‘lganida hadis va tasavvuf ilmlarining taniqli olimlari bilan uchrashadi. Balxda yetuk muhaddislardan al-Hasan ibn Umar ibn Shaqiyq al-Basriy (u al-Balxiy nisbasi bilan ham mashhur edi), Qutayba ibn Sa’iyd as-Saqafiy al-Balxiy (qaysiki undan Ibn Mojadan boshqa olti sahiyh hadislar to‘plamlarining mualliflari hadislar rivoyat qilgandilar) bilan samimiy muloqotda bo‘lgan edi. Ayni vaqtda aytish kerakki, al-Hakim at-Termiziyning mutasavvuflar bilan munosabatlari muhaddislarga qaraganda ancha samarali va chuqurroq edi. Shu bilan bir qatorda al-Hakim at-Termiziyning ilm talabidagi rihlatlari faqat Xurosonning barcha shaharlariga bo‘lib qolmay, balki Iroqning ham deyarli hamma tomonlarini qamragan edi. Mana shu safarlari chog‘ida al-Hakim at-Termiziy ilmiy tafakkurining shakllanishida ayniqsa yirik shaharlar Balx, Nishopur va Bag‘dodda bo‘lganligi alohida o‘rin egallaydi. Mana shu shaharlar bilan bir qatorda at-Termiziyning ilmiy ijodiy faoliyatida u tug‘ilib o‘sgan ona shahri Termizning ham hissasi benihoya katta bo‘lgan. Aynan shu shaharda al-Hakim at-Termiziy ilm toliblariga dars bergan, o‘zining o‘lmas asarlarini yaratgan. Jumladan, Termizda yaratgan asarlaridan «Hotam al-anbiyo», «Ilal ash-shariy’at» nomli asarlarini ko‘rsatish mumkin. Tarixchilar Tojuddin as-Subkiy, as-Sullamiylarning yozishicha[13], mana shu asarlarni yaratgandan keyin bir toifa kishilar al-Hakim at-Termiziyga qarshi muxolifat bildirib chiqishgan. Oxir-oqibatda u Termizdan badarg‘a qilinib, bir necha yillar Balxda yashagan. Ehtimol, at-Termiziyning Balxda yashagan yillari uning hayotining oxirgi yillariga to‘g‘ri kelar, chunonchi, zikr etilgan ikki asarini alloma umrining so‘nggi yillarida yaratgan.

Avval zikr qilganimizdek, al-Hakim at-Termiziy dastlabki bilimni otasidan so‘ng Termizdagi taniqli olimlardan oladi.

Al-Hakim at-Termiziy muborak haj ibodatini ado etish uchun Makkai mukarrama tomon ravona bo‘ladi. Yo‘lda u Iroqda to‘xtab o‘tadi. Iroqning qator shaharlarida, jumladan, Kufa va Basra kabi yirik shaharlarida bir necha kun to‘xtab o‘tadi. Bu shaharlardagi muhaddislar bilan muloqotda bo‘lib, ilmiy-ijodiy munozaralarda ishtirok etadi va sha’bon oyida Makkaga yetib keladi. U to‘rt oy, toki haj mavsumi boshlangunga qadar, bu muqaddas shaharning fayzu-barokotidan bahramand bo‘ladi. Mana shu davr, aytish kerakki, al-Hakim at-Termiziyning hayot tarzida, uning dunyoqarashida va odamlar bilan o‘zaro munosabatida batamom burilish nuqtasini yasaydi va qalbida o‘chmas iz qoldiradi. Bu xususda allomaning o‘zi keyinchalik shunday yozgan edi[14]:

«Sha’bon oyida Makkaga qadam qo‘ydim. Hajga qadar Olloh menga u yerda istiqomat qilishni nasib etdi va tunlari menga duo eshigini ochib qo‘ydi. Ka’batillohda, duolar mustajob bo‘ladigan makonda turib iltijolar qildim. Ko‘nglimda tavbani maromiga yetkazish, nafsimni mayda-chuyda narsalardan yiroq qilish azimati paydo bo‘lib qolganini his etdim. Ollohdan qalbimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini, dunyoda zohidlardan bo‘lishimga madad berishini, Qur’oni karimni tugal yod olishni menga nasib qilishini so‘radim. Vatanga qaytayotganimda ko‘nglimda Qur’oni karimni yod olishga ishtiyoq paydo bo‘lganini sezdim. Yo‘lda bir necha surani osonlikcha yod olib qo‘ydim. Uyga kelganimdan so‘ng sal kun o‘tmay uni boshidan oxirigacha xatm qildim».

Ushbu safari muboraqdan keyin al-Hakim at-Termiziy hayotida yangi davr boshlanadi. U Ollohning sifatlarini bayon qiladigan kitoblarni va tariqat yo‘liga boshlaguvchi piri komilni izlay boshlaydi. Ammo uning bu urinishlari zoye ketadi va axtargan narsasini topolmaydi. Shundan keyin u bor kuchu g‘ayratini ibodatga, namozu ro‘zaga qaratadi. U o‘zining bundan keyingi hayotini shunday hikoya qiladi:

«… Qo‘limga al-Antokiyning «Qalblar davosi» kitobi tushib qoldi. Go‘yo yo‘qotgan va qidirayotgan narsamni topib olganday bo‘ldim. U ham bo‘lsa nafs riyozati edi. Men nafsimni tarbiyat qilishga kirishdim. Bu sa’yyu-harakatimda Olloh menga madadkor bo‘ldi. U menga nafsimni shahvoniy hirs-tuyg‘udan tiyishlik yo‘lini o‘rgatdi. Natijada asta-sekin qalbimni anglay boshladim… Qalbimda uyda uzlatda o‘tirish va sahrolarga chiqib ketish ishtiyoqi paydo bo‘ldi, yurtimdagi xarobat, xilvat va mozoristonlarni aylandim. Bu hozirgacha mening kundalik odatim bo‘lib qolgan. To‘g‘ri so‘z odamlardan menga yordam qo‘lini cho‘zishlarini iltimos qilish xayolimga keldi. Ammo unday qilmadim, kimsasiz joylarni tavof qilishni davom ettirdim. Shunday kunlarning birida xuddi tush ko‘rayotgan kishidek payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni ko‘rdim…»

Tasavvuf ta’limotiga ko‘ra, tariqat yo‘liga kirguvchi solik biror piri murshidning etagidan ushlashi, unga muridlik qilishi, ma’lum bir muddat uning xizmatida va tarbiyatida bo‘lishi zarur va shunday qilgandagina u o‘z maqsadiga erishadi. Xo‘sh, al-Hakim at-Termiziy bu ta’limotga nisbatan boshqacha fikrdami? Ha, uning fikricha, solikning ruhiy kamolotga yetmoqligi uning o‘zining jiddi-jahdi, sa’y ko‘shishi, riyozatining sidqidildan ekanligi va uning uchun riyozat doimiy odat tusiga aylanganligiga bog‘liqdir.

Darhaqiqat, al-Hakim at-Termiziy asarlariga asoslanib shuni aytish va xulosa qilish mumkinki, u o‘z hayotida muayyan piri murshidni etagidan ushlagan va boshqalarni ham bunday qilishga maslahat bergan emas. Uning tariqatda kamolot cho‘qqisiga erishishda asosan al-Antokiyning «Qalblar davosi» nomli kitobi yetakchi rol o‘ynagan. Shuning uchun ham u murid tarbiya qilish, maslakdoshlarni orqasidan ergashtirib yurish kabilar bilan mashg‘ul bo‘lmagan. Odatda, muridlar o‘z pirlarining manoqiblarini, karomatlarini, saxovatlarini va shunga o‘xshash ijobiy fazilatlarini odamlar orasida targ‘ibu tashviq qilganlar va o‘zlaridan keyingi avlodga ham yetkazishga doim harakatda bo‘lganlar. Al-Hakim at-Termiziyda garchi muridlar bo‘lmagan bo‘lsa ham, ammo uning fikr-mulohazalariyu g‘oyalarini asrlar osha biz avlodlarga bekamu-ko‘st yetkazib kelgan o‘lmas asarlarining mavjudligi beqiyos darajadagi ilmiy-ma’naviy boylikdir. Buyuk alloma tariqat ilmining ta’limotlariga, yo‘l-yo‘riqlariga o‘zining bebaho asarlari va shogirdlari orqali aniqliklar kirgizgan va o‘z navbatida bu shogirdlar buyuk ustozlarining ishlarini davom ettirganlar. Allomaning dongdor shogirdlaridan ayrimlari haqida yuqorida zikr qilib o‘tgandik.

Afsuski, olam hodis bo‘lganidek, yer yuzida hayot paydo bo‘lganidan buyon har qanday sohada ham kamolot cho‘qqisiga erishgan daho ahli iqtidorsiz, hasadgo‘y, laganbardor va munofiq hamkasabalarining tuhmatu malomatlariga duchor bo‘lganlar. Bundan buyuk donishmand al-Hakim at-Termiziy ham mustasno bo‘lmadi. Uning xalq orasida kundan-kun ortib borayotgan hurmat va e’tibori ba’zi bir johil ulamolar qalbida hasad urug‘ini sepa boshladi va oxir-oqibatda ular Balx voliysiga maktub yo‘llab al-Hakim at-Termiziyni bid’atu xurofotni kuchaytirish, odamlarni yo‘ldan urib e’tiqodini buzish va Ollohga muhabbat haqida gapirishda, hatto payg‘ambarlik da’vosini qilishlikda ayblab, uning haqida ig‘vo qildilar. Natijada voliy uni Balxga chaqirtirib olib, Ollohga muhabbat to‘g‘risida gapirmaslik haqida ogohlantirib, odamlarga qo‘shilmasdan uzlatda umr kechirishligi haqida uning va’dasini oladi. Shu tariqa al-Hakim at-Termiziy umrining bir necha yilini xilvat va uzlatda o‘tkazgan. Lekin muxoliflar bu jazolarga rozi bo‘lmay, shaharda fitna va g‘avg‘oni kuchaytirishda davom ettirgach, al-Hakim at-Termiziy xilvatdan chiqib, masjidlarda xalqqa amr-ma’ruf qilishga o‘tadi. Shundagina xalq al-Hakim at-Termiziyning yuksak fazliyu ulug‘ martabasini tushunadi, uning shogirdlari va muxlislari yanada ko‘payadi.

AL-HAKIM AT-TERMIZIY ASARLARI

Al-Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlar haqida yozgan mualliflar uning asarlarining soni haqida turli raqamlarni keltirganlar. Ba’zilarining fikriga ko‘ra uning asarlarining soni to‘rt yuztaga yaqin bo‘lsa, yana boshqalar al-Hakim at-Termiziy saksonta yoinki qirqta asar yaratganligi haqida yozganlar. Jumladan, misrlik olim shayx Abdulfattoh Abdulloh Barakaning yozishicha, al-Hakim at-Termiziy to‘rt yuzdan ortiq asarlar yaratgan bo‘lib, ulardan oltmishga yaqini bizgacha yetib kelgan. Eng muhimi, al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi[15]. Mana shu asarlardan eng avvalo payg‘ambar alayhissalomning hadisalariga bag‘ishlangan «Navodir al-usul fi ma’rifat axbor Rasul» («Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar») nomli asarini aytish kerak. Bu asar shuningdek «Salvat al-orifiyn va bo‘ston al-muvahhadiyn» («Oriflar ovunchog‘i va Ollohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni») nomi bilan ham ataladi. Bu asar hijriy 1294 (melodiy 1876) yilda Qustantiyniyada chop etilib, o‘zi tanlab olgan 291 hadisdan iborat ushbu kitobda al-Hakim at-Termiziy o‘z mazhabiy qarashlarini mufassal holda sharhlagan. Mazkur asarning bir qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yana bir qo‘lyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (№ 10842). Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri «Kitob haqiyqat al-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob») va ikkinchisi «Adab un-nafs» («Nafs odobi») nomli asaridir. Al-Hakim at-Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi. Ularni bir qadar shartli ravishda besh guruhga (majmuaga) bo‘lish mumkin. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Stambul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.

Parij Milliy kutubxonasida (arab bo‘limi, 5018 raqamida) al-Hakim at-Termiziyning quyidagi o‘n ikkita asarining qo‘lyozmalari saqlanadi:

1.  «Kitob us-salot va maqosiduho» («Namoz va uning maqsadlari»).

2. «Kitob ul-hajj va asrorihi» («Haj va uning sirlari»).

3. «Kitob ul-ihtiyotot» («Ehtiyotkorlik yo‘llari»).

4.  «Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho» («Bilish lozim bo‘lgan jumlalar»).

5.  «Kitob ul-furuq va man’ ut-taroduf» («Farqlar va taroduf (ketma-ketlik)ni ma’n qilish»).

6. «Kitob Haqiyqat ul-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob»).

7.  «Kitob Urs ul-muvahaddiyn» («Yakka xudoga e’tiqod qilganlarning zavqi»).

8.  «Kitob ul-a’zo van nafs va yusammo kazolika g‘avr ul-umur» («A’zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob»).

9. «Kitob Manozil al-ibod min al-ibodati» («Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Olloxga intiluvchilarning manzillari haqida kitob»).

10. «Kitob ul-aql val-havo» («Aql va havoyilik haqida kitob»).

11. «Kitob ul-Amsol min al-Kitob vas sunnat» («Qur’on va sunnatdagi masallar kitobi»).

12. «Kitob al-manohiy» («Raddiyalar haqida kitob»).

Damashq (Az-Zohiriya kutubxonasi,  Tasavvuf  104 raqamida) majmuasi ikki kitob va beshta risoladan iborat. Ulardan biri Kitob ar-Riyazat yoinki «Kitob Haqiyqat ul-Odamiyya» («Riyazat yoki Insoniyat haqiqati to‘g‘risidagi kitob»). Uning qo‘lyozmasi, yuqorida zikr qilganimizdek, Parij majmuasida ham, shuningdek, Stambul majmuasida ham mavjud. Ammo ikkinchi qo‘lyozma «Kitob ul-Akyos val-mug‘tariyn» («Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob») nomli bo‘lib ushbu asarning yagona qo‘lyozmasi hisoblanadi. Bu asar al-Hakim at-Termiziyning e’tiqodiy qarashlarini anglashda muhim ahamiyatga egadir. Ammo ushbu majmuaga kiradigan risolalardan quyidagi uchta risolani ko‘rsatish mumkin:

1. «Javob Kitob Usmon bin Sa’yid min ar-Ray» («Raylik Usmon bin Sa’iydning maktubiga javob»).

2. «Bayon ul-Kasb» (Kasb-hunarning bayoni).

3. «Masoil suila anho» («Savol berilib so‘ralgan masalalar»).

Misr Arab Respublikasining yirik shaharlaridan biri Iskandariyya (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) majmuasida al-Hakim at-Termiziyning uchta risolasi saqlanadi:

1. Al-Masoil al-maknuna («Yashirilgan masalalar»).

2.  Tahsiyl nazoir al-Qur’on («Qur’on ibratlarini o‘rganish»).

3.  Kitob Radd a’lol-Muattila («Al-Muattiliylarga[16] raddiya kitobi»).

Al-Iskandariyya majmuasida mavjud ushbu risolalarga yana allomaning «Kitob ul-Furuq» («Farqlar haqidagi kitobi»)ni (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) ham qo‘shish mumkin. Mazkur asarning bir nusxasi, avvalroq zikr qilganimizdek, Parij majmuasi tarkibida saqlanadi.

Al-Hakim at-Termiziyning London majmuasiga kirgan asarlari quyidagilardan iborat bo‘lib, ular asosan alloma Shestarbiti tasarrufidagi asarlardir:

1.  «Kitob ur-riyozati» («Riyozat haqidagi kitob»). Ushbu asarning boshqa nusxalari Parij, Damashq va Stambul majmualarida ham saqlanadi.

2.  «Muxtarot min kitob as-Safo» («Kitob us-Safo asaridan tanlab olingan qismlar»).

3.  Bir risola (nomi ko‘rsatilmagan).

4. «Adab un-nafs» («Insonning odobi»).

5. «Masalat ul-iymon va islom val ihson» («Iymon, islom va ehson masalalari»).

Qohiradagi «Dor ul-kutub al-ilmiyya»da saqlanadigan qo‘lyozma al-Hakim at-Termiziyning «Ilal al-Ubudiyya» yoinki «Ilal ash-shariy’a» («Shariy’at dalillari») nomli asarining nusxasi bo‘lib, aslida bu risola allomaning «Kitob us-Salot» («Namoz haqidagi kitob») asarining qisqartirilgan shaklidir.

Leyptsig majmuasida saqlanadigan atigi yagona kitob al-Hakim at-Termiziyning «Ad-Dur al-maknun» («Bekitilgan marvarid») asari bo‘lib, u hayotda yuz bergan va yuz berishi ehtimoli bo‘lgan voqealarga bog‘liq hadislar majmuasidan iborat.

Stambul shahridagi Ayo-so‘fiyo kutubxonasida mavjud qo‘lyozma nusxa allomaning «Kitob al-Furuq» asarining qo‘lyozmasi bo‘lib, bu asarning boshqa nusxalari Parij va al-Iskandariyya shaharlaridagi majmualarda saqlanishi haqida avvalroq aytib o‘tildi.

Alloma al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlaridan biri «Xatm ul-avliyo» (bu asar ba’zi manbalarda, xususan, al-Hujvuriyning «Kashf ul-mahjub» nomli asarida «Xatm ul-valoyat» shaklida keltirilgan) bo‘lib, unda tasavvuf tarixida birinchi marotaba «valoyat-valiylik» nazariyasiga va buning asosida «al-hakimiya» maktabiga asos solingan. Ushbu asarda keltirilgan fikr-mulohazalar Termiz ahlining ba’zi kismlari o‘rtasida keskin e’tirozga ham sabab bo‘lib, natijada al-Hakim at-Termiziy ona shahri Termizdan badarg‘a qilinib, bir qancha muddat Balxda ham yashagan. Uzoq yillar davomida yo‘qolgan kitoblardan hisoblangan «Xatm ul-avliyo» 1965 yili Livanning poytaxti Bayrutda Parij ilmiy tadqiqotlar markazi islomiy madaniyat bo‘limining a’zosi Usmon Ismoil Yahyo tomonidan nashr etildi. Valiylikning haqqoniyligi, shuningdek, uning nubuvvat va risolat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlari «Xatm ul-avliyo» kitobining bosh mavzusi hisoblanadi. Muqaddima va 29 faslda murid va shayx o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob tarzida ta’lif etilgan bu asarning tuzilishi quyidagicha:

Muqaddima. Bu qismda muallif «valoyat maqomi» tushunchasidan iztirobga tushgan kishilarga javob yozgan.

Birshchi fasl: Haqqulloh valiyligi.

Ikkinchi fasl: Xudoning da’vati va bandaning ijobati.

Uchinchi fasl: Haqqulloh valiyligi va valiyulloh.

To‘rtinchi fasl: Ruhoniy savollar. Bu faslda muallif 157 ta savolga (bundan 34 tasi bevosita valoyat masalasiga, qolgani esa Qur’on tafsiri, Hadislar va diniy masalalarga doir) javob beradi. Ibn al-Arabiy «Javob ul-mustaqim» va «Al-Futuhot al-Makkiyya» kitoblarida ehtimol al-Hakim at-Termiziyning «Xatm ul-avliyo» kitobining matnidan xabardor bo‘lmagan holda, o‘zining irfoniy maktabi nuqtai-nazaridan bu 157 savolga (152—153 savollar bundan mustasno) javob yozgan. Al-Hakim at-Termiziy «Xatm ul-avliyo» kitobining turli fasllarida bu savollarning qariyb barchasiga javob topgan.

Beshinchi fasl: Avliyo va nabiylik ilmi.

Oltinchi fasl: Valiyulloh.

Ettinchi fasl: Valoyat va avliyolikning o‘nta xususiyati.

Sakkizinchi fasl: Hotam ul-avliyo va hotam ul-anbiyo.

To‘qqizinchi fasl: Nubuvvat va valoyat.

O‘ninchi fasl: Avliyo alomati.

O‘n birinchi fasl: Shaytoniy xavotirlar va nasxi ilohiy.

Un ikkinchi fasl: Muqarriblar (Ahl ul-qurba).

Un uchinchi fasl: Hotam ul-avliyo.

Un to‘rtinchi fasl: Bashorat.

Un beshinchi fasl: Qur’on va ruh.

Un oltinchi fasl: Mo‘minlar va avliyo.

O‘n yettinchi fasl: Valoyat va nubuvvat o‘rtasidagi ahd-paymon.

O‘n sakkizinchi fasl: Avliyo ahvolini inkor etuvchilar.

O‘n to‘qqizinchi fasl: Valoyat, saodat, muhabbat.

Yigirmanchi fasl: Valiy va guvoh.

Yigirma birinchi fasl: Valiy va ilohiy asror.

Yigirma ikkinchi fasl: Hidoyat etilgan va tanlangan insonlar.

Yigirma uchinchi fasl: Jazaba va zamon.

Yigirma to‘rtinchi fasl: Majzub.

Yigirma beshinchi fasl: Hotam ul-avliyo va xatm ul-valoyat ma’nosi.

Yigirma oltinchi fasl: Soxta avliyo.

Yigirma yettinchi fasl: Xayr davlati va sharr (yomonlik) davlati.

Yigirma sakkizinchi fasl: Dindorlar.

Yigirma to‘qqizinchi fasl: Amallar va darajalar.

Bu kitob valoyat masalasini birinchi marotaba mukammal bir nazariya va ajoyib maqolalar turkumi shaklida tasavvufga taqdim etishi bilan alohida ahamiyatga molik. U, aytish mumkinki, tasavvuf tarixida «hakimiy»lar deb atalmish bir guruh mashhur so‘fiylar, xususan, Termiz va Balx atrofida shakllangan tasavvuf ahli uchun ma’naviy vasiyatnoma yoxud ta’lim dasturi sifatida xizmat qilgan. Bu asarning ovozasi o‘sha davr islom olamiga, Misru Tunisdan, Eronu Movarounnahrgacha, Halabu Shomdan Kichik Osiyogacha yetgan edi[17].

Yuqorida zikr etilgan asarlar al-Hakim at-Ter-miziyning bizgacha yetib kelgan asarlarining mavjud qo‘lyozmalari hisoblanadi. Lekin allomaning nomlari tarixiy, yoinki bibliografik tarzda saqlanib qol-gan, lekin bizgacha yetib kelmagan asarlari ham borki, ular haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirish maqsadga muvofiqdir. Al-Hakim at-Termiziyning hozirgi dav-rimizgacha yetib kelmagan deb hisoblangan muhim asar-laridan biri «Xatm ul-avliyo» asari haqida yuqorida zikr qildik. Bu asar islom olamining taniqli fay-lasufi va mutasavvufi, alloma Muhyiddin ibn al-Arabiy (1165—1240) davrigacha yetib kelgan bo‘lib, ushbu asar haqida to‘liq tasavvur beradi. Chunonchi, Ibn al-Arabiyning qalamiga mansub «Al-Futuhot al-Mak-kiyya» («Makka fathlari») nomli kitobidagi bir yuzu ellik besh savolga al-Hakim at-Termiziyning maz-kur asariga tayangan holda javoblar berilgan. Shunin-gdek, Ibn al-Arabiy «Sharh ul-masoil ar-ruhoniyya allatiy suila a’nho al-Hakim at-Termiziy» («Al-Hakim at-Termiziydan so‘ralgan ruhiy masalalarning sharhi») nomli maxsus asar ham yaratgan[18].

Shuningdek, Ibn al-Arabiy bir yuzu ellik uch savolga javobni o‘zida mujassam qilgan boshqa bir asar ham yaratgan. Mazkur asarning nusxasi Misr Arab Respublikasining al-Iskandariyya shahridagi «Maktabat al-baladiyya» kutubxonasida (3467 j raqami ostida) saqlanadi. Bu xabarlardan ma’lum bo‘layotirki, buyuk alloma Ibn al-Arabiy termizlik donishmand al-Hakim at-Termiziyning asarlari va ta’limotiga alohida e’tibor bilan qaragan va uning o‘ziga xos boy ilmiy-ma’naviy merosining keyingi avlodlarga yetib kelishida beqiyos ishlarni amalga oshirgan. Ayni vaqtda al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelmagan boshqa ayrim asarlariga o‘sha davrda yozilgan ba’zi sharhlarning mavjudligi haqidagi ma’lumotlar allomaning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganuvchilar uchun g‘oyatda muhimligi shubhasizdir[19].

Al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelmay yo‘qolib ketgan asarlaridan biri uning «Kitob ul-o‘lum» («Ilmlar haqidagi kitob») bo‘lishi kerak. Al-Hakim at-Termiziyning e’tiqodiy fikr-mulohazalari ayniqsa uning bilish («al-ma’rifa») nazariyasiga oid qarashlarini anglashimizda alloma asarining ahamiyati beqiyos bo‘lishi kerak edi. Chunonchi, bu haqda al-Hakim at-Termiziy o‘zining «Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn» nomli asarida (15-bet) zikr qilgan. Ayni shu «Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn» nomli asarida al-Hakim at-Termiziy bizgacha yetib kelmagan boshqa bir asari — «Kitob ud-du’ot va sidqihum va ahvolihum» («Islomga da’vat qiluvchilar, ular sidqidilligi va ahvollari haqida kitob») haqida ham ba’zi ma’lumotlarni keltirgan. Shuningdek, o‘zining «al-Masoil al-maknuna» nomli asarida bizgacha yetib kelmagan tasniflaridan «Kitob ul-Irodat» («Marg‘ub ishlar haqida kitob»), «Adab un-nafs» nomli mashhur asarida «Sifat al-qulub va ahvoliho» («Qalblar xususiyati va ular holatlari») nomli asari haqida zikr qilib o‘tgan.

XI asrda yashab o‘tgan tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri Abul Hasan al-Hujviriy (u 1072 yoki 1076 yilda vafot etgan)ning fikricha, al-Hakim at-Termiziyning yana quyidagi asarlari bizgacha yetib kelmagan:

1. «Odob ul-muriydiyn» («Muridlar odobi»).

2. «Kitob ut-Tavhiyd» («Ollohning yagonaligi haqidagi kitob»).

3. «Azob ul-qabr» («Kabr azobi»).

4. «At-Tafsir» («Qur’on tafsiri»).

5. «Kitob ul-Nahj» («Yo‘l-yo‘riqlar kitobi»).

6. «Kitob ul-mashoyix av at-tabaqot as-sufiyya» («Mashoyixlar yoinki sufiylar tabaqalari haqidagi kitob»).

Al-Hakim at-Termiziyning o‘zi ham «Javob kitob Usmon ibn Sa’iyd min ar-Ray» nomli asarida «Kitob ul-mashoyix» risolasi haqida «Kitob siyar al-avliyo» («Avliyolar siyratlari haqida kitob») nomi bilan eslatib o‘tgan. Mazkur asarlar al-Hakim at-Termiziyning bizga ma’lum bo‘lgan ilmiy-ma’naviy merosini tashkil qiladi. Mana shu boy va rang-barang mazmundagi merosga zohiran nazar tashlashning o‘ziyoq, al-Hakim at-Termiziy ilmiy-ma’naviy ummonining g‘oyatda cheksizligi, uning tafakkur olamining keng qamrovli va benihoya chuqurligidan dalolat beradi. Ayni vaqtda, masalaning murakkabligi shundaki, al-Hakim at-Termiziyning o‘zini ham, uning asarlarini ham alloma yashagan davrdagi biron-bir ilmiy faoliyat bilan bog‘liq holda yoki qiyosiy tadqiq qilish orqali baholay olmaymiz. Binobarin, uning xilma-xil mavzularda yozilgan asarlarining umumiy yo‘nalishini ham, ularga asos bo‘lgan manbalarni aniqlashda ham muayyan qiyinchiliklar tug‘ilishi tabiiydir.

Al-Hakim at-Termiziy asarlarining ta’lif etilish yillari haqida ham aynan shu muammoga duch kelamiz. Chunonchi, muallif ham, uning haqida yozgan olimlar ham alloma asarlarining yozilgan yillarini ko‘rsatmaganlar. Shu bilan birga alloma ijodini o‘rganish jarayonida bu borada ham ba’zi taxminlarni qilish mumkin. Jumladan, al-Hakim at-Termiziy yozgan dastlabki asari «Navodir ul-usul fi ma’rifat axbor Rasul» asari bo‘lsa kerak. Mavzularining xilma-xilligi, ko‘tarilgan masalalar adadining ko‘pligi, hajmining ulkanligiga qaramasdan bu asarida muallif boshqa birorta asarini tilga ham olmagan, birortasiga ishorat ham qilmagan. Vaholanki, muallif aksar asarlarida «Navodir ul-usul»ga ishorat qilganki, demak, o‘sha asarlar undan keyin yozilgan.

Al-Hakim at-Termiziy asarlaridan alloma umrining oxirlarida yozilgan tasniflari jumlasiga «Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn» va «Kitob ul-furuq» kabilarni ham kiritish mumkin. Chunonchi, ushbu asarlarda muallifning boshqa bir qancha asarlari haqida ma’lumotlar keltiriladi. Al-Hakim at-Termiziy asarlarining mazmun-mohiyatiga binoan ularni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin. Bir turkum asarlari alloma tomonidan ilm toliblariga o‘qilgan ma’ruzalar, matnlar shaklida bo‘lsa, boshqa bir turkum risolalarni alloma turli-tuman munosabatlarga bag‘ishlab, yoinki undan savol tarzida so‘ralgan masalalarga javob, o‘ziga bildirilgan e’tirozlarga raddiya, yohud biron murakkab, chigal masalaning bayoni yoinki do‘stu-birodarlariga yo‘llangan maktublar tashkil qilgan. Shu boisdan ham bu turkumga kirgan risolalar al-Hakim at-Termiziyning butun umri davomidagi ilmiy-ijodiy faoliyatining o‘sishi bilan tadrijiy ravishda, bosqichma-bosqich takomillashib borgan deyish mumkin. Uning asarlari mazmuni va xususiyatlariga qarab ularni alloma yashagan davrdagi ilm-fanning biror sohasiga mansub etish ham qiyin. Binobarin, uning asarlarini to‘lig‘icha na tasavvufiy asarlar jumlasiga, yoinki na hadis ilmlari jumlasiga, na falsafiy asarlar jumlasiga yoki bo‘lmasa kalom yoki fiqh ilmlari jumlasiga mansub etib bo‘lmaydi. Mana shu o‘rinda alloma al-Hakim at-Termiziy ilmiy faoliyatini baholashda o‘ta bir nozik qirra ochilayotganga o‘xshaydi. Gap shundaki, allomaning ilmiy-ijodiy faoliyatini o‘rgangan qator tadqiqotchilar ham ta’kidlaganlaridek, al-Hakim at-Termiziy asarlar ta’lif va tasnif etishda o‘z davrida mavjud bo‘lgan yo‘ldan yurmadi, balki u o‘z diniy qarashlari va tasavvurlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos bo‘lgan alohida yo‘lni tanladi. Al-Hakim at-Termiziy tanlagan bu yo‘l (ba’zi arab olimlari bu yo‘lni hatto «mazhab» deb ham yozganlar) o‘sha davrda bepoyon o‘lkalargacha borib tarqalgan. Bu davrda, afsuski, dinning asl mohiyatini buzuvchi toifalar ko‘paydi, shu bois islom dinining haqiqiy, asl mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish jamiyat uchun g‘oyatda muhim edi. Al-Hakim at-Termiziy tanlagan bu yo‘lning uchta yo‘nalishi bo‘lib, ular qanday e’tiqodga mansub bo‘lishidan qati nazar faqat jamiyat manfaatlariga, insonning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi bilan umumbashariy ahamiyat kasb etgan edi. Al-Hakim at-Termiziy ta’limoti quyidagi uch yo‘nalishdan iborat:

1. Ibodat yoki marosim (arabcha at-tuqus) yoinki shariy’at yo‘nalishi.

2.  Tasavvuf yo‘nalishi.

3.  E’tiqod yo‘nalishi.

Mana shu yo‘nalishlar haqida o‘z fikrini biddirganda al-Hakim at-Termiziy ishlatgan iboralar va istilohlar aynan shunday atalmasa-da, lekin shularga yaqin atamalarni qo‘llagan. Masalan, muallif «Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn» nomli asarida, jumladan, shunday deb yozadi: «Alloh taoloning dini uchta arkonga asoslangan bo‘lib, ular al-Haqq (Haqiqat), al-Adl (Adolat) va as-Sidq (Halollik)»dir. Chunonchi, Haqiqat inson jismi a’zolari, Adolat yurak, Halollik akl-idrok bilan bog‘liqdir»[20]. Mana shu uchta yo‘nalishni al-Hakim at-Termiziy mukammal holda tasavvur qilib va shularga tayanib o‘z ta’limotini shakllantirdi va aynan shu tamoyillar asosida o‘z asarlarini yaratdi. Shu bilan bir qatorda, uning asarlarining xarakterli tomoni shunda ediki, zarurat tufayli turli toifalarga bag‘ishlab yozilgan asarlarida aynan shu toifalarga xos siyg‘alar to‘liq ravishda o‘z ifodasini topardi. U o‘z asarlaridagi g‘oyalarni turli ijtimoiy guruhlarga mansub musulmonlar, ular oddiy xalq vakillarimi yoinki hadis olimlariyu ulamolaridanmi, bundan qat’i nazar, o‘z ta’limotlarining barcha mo‘min-musulmonlar orasida keng ko‘lamda tarqalishiga alohida e’tibor berardi. Binobarin, jamiyat muayyan ehtiyojlaridan kelib chiqib uning asarlari xilma-xil uslub va yo‘nalishda yaratilganligini ko‘ramiz. Ayni vaqtda u o‘z ta’limotining (mazhabining) yangiligini ham bilardi va shu bois o‘sha davr ilmiy doiralari miqyosida o‘ziga xos o‘rinni egallab, shu paytdagi bilish (al-ma’rifa) nazariyalari o‘rtasida o‘z maqomiga ega bo‘lishga alohida e’tibor bilan qaradi. Shunga ko‘ra o‘z qalamiga mansub asarlarning aksar qismiga yozgan muqaddimasida bilish nazariyasi va turli ilmlar haqida jiddiy tarzdagi g‘oyalarni ilgari surgan. Mana shu tarzdagi aksar muqaddimalarni muallif umrining oxirlarida o‘z ta’limotini himoya qilib yozgan risolalarda uchratamiz.

Yuqorida bildirilgan fikrlarga xulosa qilib, al-Hakim at-Termiziy yozgan asarlarni to‘rt asosiy bobga ajratish mumkin. Bu taqsimlash muayyan darajada shartli bo‘lib, u al-Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlarning hammasini qamrab ololmaydi, albatta. Shuningdek, bu boblarga al-Hakim at-Termiziyning o‘z do‘stu-birodarlari so‘ragan savollarga javob tarzidagi kundaliklari (al-yavmiyyot), u tashkil kilgan ilmiy majlislardagi ma’ruzalari va so‘zlari kirmagan, garchand ba’zi hollarda bu tarzdagi kundaliklar muallif ta’limoti va qarashlarini yorqin ifodalagan bo‘lsa-da.

Al-Hakim at-Termiziy asarlarini mavzu jihatidan tasnif etib, quyidagi besh majmuaga bo‘lish mumkin:

Birinchi majmua:

A — Ma’rifat (bilish) va ilmlarga oid asarlar:

1. Kitob ul-u’lum.

2. Kitob ud-duo’ot va sidqihum va ahvolihum.

3. Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn.

4. Kitob ul-furuq va man’ at-taroduf.

5. Kitob us-salot va maqosidiho.

6. Kitob tahsiyl nazoir al-Qur’on.

B — Shariy’atga oid asarlar:

1.  Ilal ush-shariy’at av al-ubudiyyat.

2.  Kitob us-salot va maqosidiho.

3.  Kitob ul-hajj va asrorihu.

V — Tasavvuf va odob-axloqqa oid asarlar:

1.  Al-Aql val havo.

2.  Manozil ul-ibod min al-ibodati.

3.  Haqiyqat ul-odamiyyat av ar-riyozat.

4.  Adab un-nafs.

G — Inson tabiati yoxud oliy hikmat yoxud botiniy ashyolar haqida:

1.  Kitob xatm ul-viloyat.

2.  Kitob ul-a’zo van nafs yoinki g‘avr ul-umur.

3.  Kitob urs al-muvahiddiyn.

Ikkinchi majmua:

Bu yo‘nalishda muallif muhaddislar yo‘lini tutgan.

A — Shariy’at va al-adab (urf-odatlar):

1.  Kitob ul-manhiyot.

2.  Kitob ul-ihtiyotot.

3.  Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho.

B — Bayonnomalar (an-nusus):

1. Kitob azob al-qabr.

2. Ad-Durr ul-maknun fi as’ilati mo kona va mo yakunu.

V — E’tiqodga oid asarlar:

1.  Kitob ut-tavhiyd.

2.  Kitob ur-radd a’lol mu’attila.

Uchinchi majmua:

So‘fiylar va muridlar uchun yozgan asarlari:

1.  Kitob odob ul-muriydiyn.

2.  Kitob ul-a’zoi van nafs av g‘avr ul-umur.

3.  Tarix ul-mashoyix av sayr ul-avliyo.

To‘rtinchi majmua:

O‘z ta’limotini yaratishda sunnatlardan foydalanib muhaddislar uslubini qo‘llagan asarlari:

1. Kitob Navodir ul-usul fi ma’rifat axbor ar-Rasul.

2. Kitob ul-amsol min al-Kitob vas Sunnati.

Beshinchi majmua:

Har xil munosabatlar tufayli yozgan asarlari:

1.  Kitob ul-masoil al-maknuna.

2.  Masoil su’ila anho va zikri atvibatiho.

3.  Javob Kitob Usmon ibn Sa’iyd minar Rayy.

4.  Bayon ul-kasbi.

Al-Hakim at-Termiziy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish jarayonida alohida bir xususiyat zohir bo‘ladiki, bu ham bo‘lsa uning asarlaridagi ma’lumotlarning xilma-xilligi va boyligi, muallif madaniy-ma’rifiy salohiyatining keng ko‘lamligidir. Al-Hakim at-Termiziyga xos bo‘lgan bu ajoyib xususiyatlar unga zamondosh olimlardan birortasida ham bo‘lmay, o‘sha davr ilm-fani va ma’rifati taraqqiyotining barcha jihatlarini o‘zida mujassam qilgan edi.

Uz davrining ulug‘ allomalaridan biri darajasiga yetishgan al-Hakim at-Termiziy, tabiiyki, ba’zi taniqli olim va ulamolarning xato va kamchiliklariga nisbatan tanqidiy fikr-mulohazalarini bildiradi. Jumladan, u Qur’oni karim va hadisi sharifning asl mohiyatidan kelib chiqib chuqur mazmunli yangicha talqinlarni ilgari suradi. Odatda, har qanday yangicha fikr aksar hollarda dastlab tanqidga uchramay qolmagani kabi al-Hakim at-Termiziy ham bundan mustasno bo‘lmaydi. Bu fikrimizga ba’zi misollar keltiraylik. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, al-Hakim at-Termiziy hadislarga tayanib ba’zi asarlar ham yaratgandi. Albatta, o‘sha davrda yashab (ayniqsa IX asrda) faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab buyuk muhaddislar kabi al-Hakim at-Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plab ularni muayyan bir mavzuga solib maxsus asarlar yaratmagan. Lekin muallif o‘zining ba’zi asarlarida mo‘min-musulmonlar uchun g‘oyatda foydali bo‘lgan e’tiqod, ibodat va muomalotga, shuningdek, odob-axloq va zohidlikka oid turkum hadislar keltirganki, bu qimmatli hikmatlar so‘ngra qator muhaddislarning asarlaridan ham o‘rin olgan. Ayni vaqtda al-Hakim at-Termiziy hadis rivoyat qiluvchi roviylarga nisbatan qo‘shimcha talablar ham qo‘yganligini aytish lozim. Agar buyuk muhaddis imom al-Buxoriy hazratlari roviylarga rostgo‘ylik, taqvo va omonat (ishonchlik) kabi shartlarni qo‘ygan bo‘lsa, al-Hakim at-Termiziy roviylar albatta ma’no va ta’vilni ham mukammal bilishlari shart deb hisoblaydi.

Fiqh (islom qonunshunosligi) ilmini biluvchilarni esa al-Hakim at-Termiziy o‘zidan avval o‘tgan allomalardan farqli o‘laroq ikki toifaga bo‘ladi: biri — ahkom masalalarini chuqur egallagan qonunshunos mutaxassis; ikkinchisi esa fiqh ilmini mukammal egallab faqih bo‘lmoq, uning fikricha, qalb bilan tushunib yetuvchi va idrok etishlik darajasiga yetgan kishigina faqih deyiladi. Aksincha, inson haqiqiy faqih darajasiga yetmagan hisoblanadi, deydi.

U namoz va ro‘za ahkomlariga bag‘ishlangan ba’zi e’tiqodiy masalalarning xato tomonlarini ko‘rsatib o‘z tanqidiy mulohazalarini ham bildiradi. Muallifning aynan shu masalalarga bag‘ishlangan «Asror us-solat» («Namoz sirlari»), «Asror us-savm» («Ro‘za sirlari») va «Asror ul-hajj» («Haj sirlari») nomli  asarlarida namoz,  ro‘za va haj ibodatlarining insonga foydali bo‘lgan ichki, haqiqiy mohiyatlarini ochib beradi[21].

Aqoid va kalom kabi ilmlarga al-Hakim at-Termiziy asarlarida alohida e’tibor berilgan bo‘lsa-da, biz uni yirik mutakallimlar safiga ham qo‘sha olmaymiz. Uning qator asarlarida islom faylasuflari (mutakallimlar) bilan bo‘lib o‘tgan bahsu munozaralar haqida talay ma’lumotlar uchratamiz. Alloma o‘zining o‘tkir ilmiy mulohazalari bilan ba’zi mutakallimlarning xato-kamchiliklarini ochib tashlab, ularga nisbatan asosli, tanqidiy munosabatini bildirgan. O‘zidan ilgari o‘tgan tasavvuf olimlarining faoliyati ham al-Hakim at-Termiziyning sergak nazaridan chetda qolmagan, albatta. U ilgari surgan g‘oyalarga ko‘ra, eng yaxshi sifatlar — Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarni adolat bilan sharhlash; fiqh masalalariga g‘oyatda maqbul, mantiqiy nuqtai nazardan yondoshuvchi kishilar — bular faqat mutasavviflar degan xulosaga keladi. Ayni vaqtda alloma bunday vaziyatlarda ehtiroslarga berilmay, beg‘araz, xolisona yo‘l bilan yondoshish orqali islomga beminnat xizmat qilish mumkin deydi.

Shunday qilib, al-Hakim at-Termiziy o‘zining ham Qur’oni karim ma’nosini talqin qilish, hadislarni sharhlash va fiqhiy masalalarga amal qilishda tasavvuf yo‘lidan borganligini ta’kidlaydi, tasavvuf yo‘li kishi vijdoniga — qalbiga orom beradigan yagona yo‘l deb izohlaydi. Mana shu tarzdagi ta’limotlarni yaratgan al-Hakim at-Termiziy hazratlari IX— X asrning buyuk diniy olimlaridan va islom dini ta’limotlarini ilmiy asosga tayangan holda yanada chuqurroq talqin qiluvchi, shariatning benazir arboblaridan biri sifatida butun musulmon olamida shuhrat qozondi. Mavridi kelganda shuni ham aytish kerakki, o‘zining asosli, murosasizlik bilan dadil fikrlarini aytgani sababli buyuk alloma tazyiq va azoblarga ham duchor bo‘ldi. Yuqorida qayd etilganidek, bir qancha yillar o‘z ona yurtidan badarg‘a ham qilingan. Al-Hakim at-Termiziyning tasavvuf ilmining allomasi bo‘lib yetishishida uning ustozlari Abu Turob an-Naxshabiy, Ahmad ibn Hizravayh, Yahya al-Jalla kabi buyuk shayxlar bilan qilgan ilmiy-ma’rifiy suhbatlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning Shom, Bag‘dod va Misrning mutasavvuf olimlari bilan muloqotlari ham g‘oyatda foydali bo‘lib, bular tufayli u O‘rta Osiyo tasavvuf ilmini har tomonlama boyitib, uni yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tardi. Al-Hakim at-Termiziy o‘sha paytda Sharq mamlakatlarida mavjud bo‘lgan turli tariqatlarning faoliyatidan voqif bo‘lgan, albatta. U ayniqsa Nishopurdagi malomatiyya tariqatidan kuchli ta’sirlandi. Shu bois ushbu tariqat yo‘li keyingi asrlarda Movarounnahrdan yetishib chiqqan Abduxoliq al-G‘ijduvoniy va Bahouddin an-Naqshbandiy kabi mashhur mutasavvuflar faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Al-Hakim at-Termiziyning al-Hakim laqabi bilan atalishi masalasi olimu-ulamolarni azaldan qiziqtirib kelgan va bu masalada turli fikrlar ham bildirilgan. «Hakim» so‘zining tarixiga nazar solsak, bu ibora Qur’onda ham, Tavrotda (Xoxom shaklida) ham uchraydi. Hakimning lug‘aviy ma’nosi dono, donishmand, aql-idrokli, faylasuf, shuningdek, tabib, doktor tushunchalarini anglatadi. Shu sababli ba’zi olimlar uni hatto mohir tabib deb ham ataganlar. At-Termiziy yashagan davr istilohlariga tayanib bayon qilsak, hikmat (hakimdan olingan) iborasi haqiqatga yetishish (arabcha isobat al-haqq)ni anglatib, bunga ilm va aql bilan erishish mumkin deb izohlangan. Hakim kishi shunday shaxski, u mukammal aql-idrok va chuqur bilim bilan har doim haqiqatga erishadi. Al-Hakim at-Termiziy o‘zining «Tahsiyl nazoir al-Qur’on» nomli asarida: «Hakim ilmning ichki, botiniy ma’nolarini tushunuvchi kishi» degan fikrni ham keltirgan. Qur’oni karimga «Mafotih al-g‘ayb» nomli o‘n besh jilddan iborat ulkan tafsir yozgan buyuk vatandoshimiz Faxriddin ar-Roziy (u 1209 yilda vafot etgan) hikmatdan murod yoki ilm, yoki savob, ya’ni to‘g‘ri ishni qilishdir, deb talqin qilgan. Tasavvuf ahli ham «hakim» so‘zini shu mazmunda ta’vil qilib «hikmat» — ilm (bilim)dan yuqoriroq darajada turadi, «hakim» deb har qanday ilmni chuqurroq o‘zlashtirgan kishiga aytiladi, chunki bu sharafli darajaga uzoq mashaqqat va riyozat orqali erishiladi deb ta’kidlaydilar. Doktor Usmon Ismoil Yahyoning fikricha, at-Termiziy «hakim» laqabiga tasavvufda inson tabiatini yaxshi va chuqur tushunib yetgani uchun erishdi, deb hisoblaydi (Muqaddima, 4-bet). Al-Hakim at-Termiziyning o‘zi esa haqiqatga yetishishlikda ilm va aqldan boshqa yana bir uchinchi, ilohiy bir narsa — valiylik ham bor degan fikrni ilgari suradi. Hakim, uning e’tiqodicha, valiyning bir xilidir (arabcha al-hakim huva nav’ min al-valiy). Valiy kishi haqiqatga faqat chuqur ilm va katta aql-idrok bilan emas, balkii Olloh taolo unga ato qilgan bir ilohiy sir vositasida erishadi, binobarin, uni tugal aql va chuqur ilm bilan siylagan ham Ollohning o‘zidir. Garchand al-Hakim at-Termiziyda «hakim» kalimasi «valiy» kalimasi bilan chambarchas bog‘liq holda ifoda qilinsa-da, «hakim» bilan «valiy» tushunchasi o‘rtasida muayyan farq bor, albatta. Al-Hakim at-Termiziy «hakim» maqomiga ega shaxsning jamiyat ijtimoiy hayotidagi o‘rni haqida yozib, u millatning diniy sohadagi faylasufi, muomalat masalalaridagi qozisi, namoz va ibodatlarida ularning imomi hamda ularni tinchlik, xotirjamlik, baxt-saodat va farovon turmushga boshlovchi valiysi bo‘lishligini ta’kidlaydi.

Al-Hakim at-Termiziy ta’limotidagi muhim masalalardan biri insonda bilish (al-ma’rifa) haqidagi fikrlardir. Bilish maxsus tuzumga (jihoz xos) ega bo‘lib, u to‘rtta asosiy qismdan iboratdir, deydi. Ulardan birinchisi idrok etish orqali bo‘lib, ular insondan tashqi bo‘lgan hissiyotlar — bilim, tajriba va malaka, ularni tushunib idrok etib ulardan o‘z faoliyatida foydalana bilish. Bu tizimning faoliyatida ko‘z, quloq, til kabi a’zolar bilan bir qatorda tashqi ma’lumotlarni qabul qilish, bunda insonning zehni, fahmu farosati, quvvai hofizasi katta rol o‘ynaydi. Yana bir xil vositalar borki, bular hayajonlanish, hissiyot, shuur bilan bog‘liq holatlarda (masho’ir) (jigar, taloq, buyrak, shahvat bilan) namoyon bo‘ladi. Ikkinchi tizim insonda bor bilim vositasida amalga oshiriladi. Uchinchi tizim axloq masalalari bilan uyg‘unlashib amalga oshadi; bu so‘nggi ikkalasi mushtarak bo‘lsa insonda ziyraklik, latofat, yuksak salohiyat kabi alohida fazilatlar yuzaga keladi. Allomaning o‘ziga xos bu fikrlari, shuningdek, insonning bilishida uning ruhiyati, aqli va qalbi qanday rol o‘ynashi haqidagi qarashlari tasavvuf ahlining ruhoniyati va tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Inson erishishi qodir bo‘lgan bilim — tasavvufiy ma’rifat yoki hikmat («gnosis») deb, uni inson qalbida tajalli bo‘lgan ilohiy bir nur bilan tenglashtirdi. Chunonchi, shariy’atning turli masalalarini talqin qilib, uni hayotga tatbiq qilishga qodir bo‘lgan bilim (ilm)dan farqli o‘laroq, ma’rifat (gnosis) o‘sha narsalarning yashiringan (sirli) mohiyatini, oxir-oqibatda uning ilohiy mohiyatini anglashga erishadi. Agar ilmga o‘qish, o‘rganish jarayonlari orqali erishilsa, ma’rifatni esa Olloh taolo o‘zi suygan, tanlagan bandalarigagina marhamat qiladi. Ilmni hayotga tatbiq qilish zamoni va maydoni (hududi) bir qadar mahdudiy, chegaralangan bo‘lsa, ma’rifatning esa cheki-chegarasi bo‘lmaydi. Ma’rifat faqat ruhi har qanday dunyoviy, nafsoniy moyilliklardan pokiza bo‘lib, butun niyatiyu, fikri-zikri bilan Ollohga tavajjuh qilgan insonlargagina nasib etadi. Mana shunday insonlar toifasiga al-Hakim at-Termiziy, eng avvalo, sufiy valiylarni mansub etadi. Uning fikricha, ular (valiylar) mana shu jihatlari — ma’rifatlari bilan boshqa mo‘min-musulmonlardan ajralib turady. Ehtimoldan holi emaski, al-Hakim at-Termiziy birinchilardan bo‘lib nazariy jihatdan avliyolar haqidagi tasavvufiy qarashlarni asoslab, amalda huquqiy jihatdan ularni Ollohning elchilari (rasul) va payg‘ambarlari (anbiyo) darajasida tenglashtirgan. Allomaning payg‘ambarlik va valiylik xususidagi, ayniqsa uning tasavvufda valiylikning muhim o‘rni haqidagi qarashlari keyinchalik islom olamida mashhur bo‘lgan buyuk faylasuf Ibn al-Arabiy (1165—1240) tomonidan yanada rivojlantirildi. Hatto ushbu masalaga bag‘ishlangan qator asarlarida Ibn al-Arabiy al-Hakim at-Termiziy risolalaridan butun-butun sahifalarni so‘zma-so‘z ko‘chirib keltirgan hollari ham uchraydi[22].

Umuman olganda, al-Hakim at-Termiziyning bilish (ma’rifat) nazariyasiga doir fikrlari muhim ahamiyatga ega. Shu bois allomaning aynan shu masala bo‘yicha qarashlariga bag‘ishlangan maxsus asarlar, tadqiqotlar ham yaratilgan. Fikrimizga misol tariqasida arab olimi Abdulmuhsin al-Husayniyning «Al-Hakim at-Termiziyda bilish masalasi» («Al-Ma’rifit i’nd al-Hakim at-Termiziy») asarini ko‘rsatish kifoya.  Ba’zi bir tadqiqotchilarning yozishicha, al-Hakim at-Termiziy buddizm, nasroniylik va manixeizm dinlari ta’limotlari bilan ham yaxshi tanish bo‘lgan. Chunonchi, uning deyarli barcha asarlarida mazkur dinlar ta’sirini kuzatish mumkin. Buyuk alloma al-Hakim at-Termiziy o‘z zamonasining diniy ilmlaridan, dunyoviy ilmlaridan ham har tomonlama chuqur bilimga ega bo‘lgan. Uning mukammal ilmi va beqiyos salohiyatiga ko‘pchilik allomalar yuksak baho berganlar. Jumladan, buyuk mutafakkirlar Abdurahmon Jomiy «Nafahot ul-uns» asarida, Alisher Navoiy «Nasoim ul-muhabbat» asarida uni eng ulug‘ shayxlar qatorida zikr qilganlar va mutasavvuflarning ikkinchi bo‘g‘iniga kiritganlar. Xususan, Alisher Navoiy hazratlari al-Hakim at-Termiziy to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlarni keltirgan: «Muhammad bin Ali Hakimi Termiziy  —  ikkinchi tabaqadindur.  Kuniyati Abu Abdullohdur. Mashoyixi kibordandur va Abu Turob Naxshabiy va Ahmad Hizravayh va Ibni Jalla bila suhbat tutubdur va ko‘p hadisi bor va zohir karomati va tasonifi (yozgan asarlari) bor. Ul jumladin «Xatm ul-viloya» kitobi va «Nahaj» kitobi, «Navodir ul-usul» va bundan o‘zga ham kitoblari bor va zohir ulumida ham kutubi bor va bir tafsir («Qur’on tafsiri») ham ibtido qilg‘ondur. Ammo itmomig‘a (oxiriga) ular vafo qilmaydur…» Xoja Bahouddin an-Naqshbandiy hazratlari ham al-Hakim at-Termiziy haqlarida: «Aziz avliyolarning peshvosi Xoja Muhammad ibn Ali al-Hakim at-Termiziyning ruhoniyyotiga tavajjuhim tushganda, har safar menga ta’rif va tavsifdan xoli tasavvuf namoyon bo‘ladi», deb, uning ruhoniy olamidagi yuksak martaba va maqomlarini alohida lutf bilan ta’rif etgan ekanlar.

Ubaydulla Uvatovning “Ikki buyuk donishmand” («Sharq» NMAK, Toshkent, 2005) kitobidan olindi.


[1] Ba’zi muarrixlar, masalan, ash-Shaaroniy o‘zining «at-Tabaqot al-kubro» asarining 78-sahifasida al-Husayn deb keltirgan.

[2] Al-Hakim at-Termiziyning «Xatm ul-avliyo» asarini nashr etgan doktor Usmon Yahya uning muqaddima qismiga ushbu risolani ham qo‘shib chop etgan.

[3] Al-Hakim at-Termiziy va nazariyatuhu fil-viloya, 35-bet.

[4] Ash-Shayx Komil Muhammad Muhammad Avayda. Al-Hakim at-Termiziy, 5—6-etlar.

[5] Al-Hakim at-Termiziy  va  nazariyatuhu fil-viloya,  31—32-betlar.

[6] Al-Hakim at-Termiziy va nazariyatuhu fil-viloyati, 45-bet.

[7] Masalan, al-Hujviyriy, Kashf al-mahjub.

[8] Shazarat uz-zahab, 3-jild, 9-bet.

[9] Tarixi Bag‘dod, 2-jild, 150-bet.

[10] Xatm al-avliyo, Muqaddima, 37-bet.

[11] Lison al-miyzon, 5-jild, 308-bet

[12] Bu haqda qarang: Shayx Abdug‘ani Abdullo. Al-Hakim at-Termiziy; Sovet Sharqi musulmonlari jurnali, 1990 yil, 3-son, 14-bet.

[13] Tabaqot ash-shofi’iyya al-kubro, 2-jild, 20-bet; Tabaqot as-sufiyya, 48-bet.

[14] Mazkur ma’lumotlar arabshunos Abduqahhor Shoshiyning «Termizlik donishmand» nomli maqolasidan olindi.

[15] Ash-Shayx Komil Avayda. Al-Hakim at-Termiziy, Bayrut, 1993, 10-bet

[16] Al-Muattiliylar — lug‘aviy ma’nosi bekor qiluvchilar, rad qiluvchilar bo‘lib, mu’taziliylarning nomlaridan biri. Ular xudoning odamga o‘xshash g‘oyasini ilgari surgan al-mushabbixlardan farqli ravishda ilohiy sifatlarni yo‘q deb rad qilganlar.

[17] Doktor Ibrohim Xudoyor. Ishq Jayhunining yo‘ldoshi (al-Hakim at-Termiziyning «Xatm ul-avliyo» asari). Toshkent, «Guliston» jurnali, 2000 yil, 5-son, 25-bet.

[18] Mazkur asar nusxasi Qohiradagi «al-Maktabat at-Taymuriyya»da (255 raqami ostida) saqlanadi.

[19] Ash-Shayx Komil Avayda. Al-Hakim at-Termiziy, 13-bet.

[20] Kitob ul-akyos val-mug‘tariyn, 2-bet.

[21] Bu haqda yana Shayx Abdug‘ani Abdulloning «Al-Hakim at-Termiziy» nomli maqolasiga ham qarang («Sovet Sharqi musulmonlari», 12—13-betlar).

[22] Bu haqda yana qarang: Islam. Entsiklopedicheskiy slovar. Moskva, Glavnaya redaktsiya vostochnoy literaturы, 1991, str. 237—238.