Zebo Saidjonova. Jadidchilik va Xorazm adabiy muhiti

Ma’lumki, XIX asr oxiri XX asr boshlari O‘rta Osiyo xalklari tarixiga “milliy uyg‘onish davri” bo‘lib kirgan. Bu davrda amal qilgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy-adabiy harakat muammolarini o‘rganish hozirgi kunda ham davom etmoqda. Zero, jamiyat taraqqiyoti, insonning o‘zligi, Vatan mustaqilligi g‘oyalari bu harakatning ijtimoiy ideali bo‘lib, eskirmaydigan boqiy qadriyatdir. Bu murakkab, ko‘p qirrali jarayonning ta’lim, badiiy ijod, san’at, matbuot va boshqa sohalardagi yangicha ko‘rinishlari, milliy va umumbashariy mazmundagi insonparvarlik qarashlari bugungi tadqiqotlarda tobora yorqinroq ochilmoqda. Bu jarayon – “jadidchilik harakati” sifatida keng yoyilib, uning faoliyat doirasi, voqe bo‘lish xususiyatlari, o‘ziga xosligi alohida diqqatga loyiqdir. Taniqli adabiyotshunos professor Begali Qosimovning “jadidchilik yakrang emas, u Turkiston, Buxoro, Xivada turli miqyos va ko‘lamda namoyon bo‘lganligi” haqidagi fikrlarida ana shu turfalik nazarda tutilgan. Bu hol jadidchilikning asosiy yo‘nalishlaridan biri adabiyotga ham daxldor.

Avvalo, shuni aytish kerakki, qayd etilgan davrdagi adabiyot qo‘sh nom bilan atalib, “jadid adabiyoti” ikkinchi nomidir. Muhimi, “milliy uyg‘onish davri adabiyoti” va “jadid adabiyoti” tushunchalarining mohiyati aynan bo‘lsa ham iste’moldagi darajasi har xil. Chunonchi, ikkinchi nom Turkiston, Buxoro ijodkorlariga nisbatan faolroq qo‘llaniladi. To‘g‘ri, o‘zbek jadid adabiyoti, asosan, mumtoz adabiy tajribalar, qisman jahon estetik tafakkuri zaminida shakllandi va takomillashdi. Bu xususiyat Xorazm adabiy muhiti namoyandalari ijodi uchun ham mushtarakdir. Afsuski, Xorazmdagi jadidchilik haqidagi qator tadqiqotlarda asosiy e’tibor ijtimoiy-siyosiy masalalarga qaratilib, jadid adabiyoti namunalariga yetarli baho berilmadi. (Begali Qosimov va Sharif Yusupovning “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kitobidagi Bayoniy, Komil Xorazmiy, Muhammad Rahimxon Feruz, Ahmad Tabibiy ijodiga doir fikrlari bundan mustasno). Ko‘p hollarda, Xorazm shoirlarining milliy uyg‘onish davri adabiy muhitidagi o‘rni e’tirof etilsa-da, ularga nisbatan “jadid” atamasi qo‘llanilmay kelinmoqda, hatto mustaqillik yillarida yaratilgan Avaz, So‘fi, Otaniyoz Niyoziy, Devoniy haqidagi ilmiy ishlarda ham ularning jadid adiblari vakillari ekanligi qayd etilmaydi. Vaholanki, bu muhitda XIX asrning 80-yillaridan XX asrning 30-yillari o‘rtalarigacha yashab ijod qilgan deyarli barcha shoirlar asarlarida ilm-ma’rifat, erk va millatning o‘zligini anglash motivlari keng targ‘ib qilindi va ular yangi, jadid adabiyoti mundarijasini sezilarli darajada boyitdi.

Tabiiyki, har bir hududdagi ijtimoiy-tarixiy sharoit, asriy madaniy-adabiy an’analar, badiiy-estetik qarashlar darajasi jadid adabiy tafakkurining tug‘ilishi va taraqqiyotiga muayyan ta’sir ko‘rsatdi. Bu hol Xorazm adabiy muhitidagi qator o‘ziga xos jihatlarda ham namoyon bo‘ldi:

  1. Xorazmda Turkiston o‘lkasiga nisbatan rus madaniyati, adabiyoti, yevropacha ilm-ma’rifatdan ta’sirlanish, ularni mahalliy sharoitga ijodiy qo‘llash surati sekin davom qildi. Xususan, badiiy ijod bilan bevosita aloqador matbuot, teatr, musiqa san’ati sohalaridagi yangilanishlarga bog‘liq ayrim tafovutlar ana shu sabab bilan izohlanadi.
  2. Jadid adabiyoti qadim mumtoz adabiyot bilan yangicha poetik fikr tendentsiyalari keskinlashgan makonda voqe bo‘lib, o‘tish davri zaruriyatining hosilasidir. Bu esa o‘z navbatida adabiy jabhada muayyan murakkablik, qorishiq holatni vujudga keltiradi. Jumladan, bu davrda Xorazmda Buxoro amirligida bo‘lgani kabi diniy va saroy adabiyoti vakillari ham faoliyat ko‘rsatdilar. Zero, endi shakllanayotgan tendentsiya eski, kuchli va qamrovli klassik adabiy tajribalar bag‘rida, ularning davomi sifatida yuzaga keldi va mukammallashdi.
  3. Kitobat, matbuot jadidchilik g‘oyalarining muhim targ‘ibot vositasi, hozirjavob minbari vazifasini bajarishida ham ayrim xosliklar ko‘zga tashlanadi. Turkistonda Rossiya bilan madaniy-ma’rifiy, adabiy aloqalar ancha ilgari boshlangan. Toshkent va Samarqand madaniy markazlarga aylanib, bu shaharlarda “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” va boshqa gazetalar chiqa boshlagan bo‘lsa, Xorazmda vaqtli nashrlar faqat 20-yillarda yo‘lga qo‘yildi. Ammo, Feruz davrida (1910 yilgacha) keng tarqalgan devon, majmua, tazkira, bayozlar tuzish, umuman, kitobat ishlari ma’lum darajada ma’rifiy g‘oyalar targ‘ibotiga xizmat qildi, kitobxonlik kengaydi.
  4. O‘zbek jadid adabiyotining shakllanishi va rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Hamza, Cho‘lponlarning faoliyati va tafakkur qamrovi ko‘p tarmoqli bo‘lib, ular badiiy ijod bilan birga boshqa ijtimoiy fanlarni ham chuqur bilgan, turli tillarni puxta egallagan, she’riyatdan tashqari dramaturgiya, nasr, publitsistikada ham qalam tebratgan ziyolilar edilar. Xorazm jadid ijodkorlari bisotida esa asosan she’riyat, tarjima va musiqa sohasi namunalari ustuvor bo‘lib, asarlarning bir qismi fors tilida ham yozilardi.

Vohadagi ijtimoiy-tarixiy sharoit, turmush tarzi, madaniy-hududiy tamoyillar va boshqa xususiyatlar Xorazm jadid adabiyoti davrini shartli ravishda ikki bosqichga ajratishga imkon beradi:

  1. XIX asrning 80-yillaridan 1920 yilgacha;
  2. 1920 yildan 1938 yilgacha.

Ushbu tasnifda har bir bosqichga xos xususiyatlar davr xarakteri bilan bog‘liq holda umumo‘zbek jadidchilik qarashlari kontekstida aks etadi. Shu jihatdan birinchi bosqichni ikki qismda ko‘rish mumkin: birinchisi, XIX asr oxirlaridan 1910 yilgacha (ilk davr); ikkinchisi, undan keyingi 1920 yilgacha bo‘lgan davr. Bularning har ikkalasi uchun ham mushtarak xususiyat – shoh va shoir Feruzning (1844-1910) ma’rifat va adabiyot ravnaqi yo‘lidagi homiyligi, amaliy faoliyati. Shoh vafotigacha bo‘lgan bu davr yangi adabiyotning shakllanishiga zamin – shart-sharoit yaratdi. Akademik Oybek Feruzning ma’rifatga intilishlarini nazarda tutib, Feruz “faqat xalq uchun bo‘lmasa-da, o‘z saroyi uchun madaniyat tusi berishga majbur bo‘lgan”, deya qayd etgan edi. Muhimi shundaki, bu majburlik adabiyot, san’at va ma’rifat rivojiga keng yo‘l ochdi. Rossiyaga qaramlikning 1906 yilgacha bo‘lgan davri vohada jadid maktablari, madaniyat muassasalari, litografiya tashkil etilgan palla bo‘lsa, 1907-1910 yillar qo‘lyozma va toshbosma shakllarda eng ko‘p devon va majmualar chop etilgan va tarqatilgan, xorijiy adabiyot va vaqtli matbuotga qiziqish kuchaygan davr hisoblanadi. Ilk davrda, Turkistonda barqarorlashgan yangicha adabiy tafakkur Xorazmda ham o‘z nishonalarini ko‘rsatdi. Komil Xorazmiyning (1825-1899) Moskva, Peterburg, Toshkent shaharlarida madaniyat yangiliklari bilan tanishuvi, “Turkiston viloyati gazeti”da asarlari bosilishi, usmonli, qozon, kavkaz turkiysidagi yangi asarlarga Ahmad Tabibiyning (1869-1911) qiziqishlari shular jumlasidandir. Shuningdek, ijodini milliy uyg‘onish davrida boshlagan Muhammad Yusuf Bayoniy (1858-1923) qalamiga mansub “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi” asarlarida yangilanayotgan adabiy muhitga doir qimmatli fakt va ma’lumotlar, ma’rifiy ohanglar salmoqli o‘rin tutadi.

1910 yildan 1920 yilgacha bo‘lgan davrning asosiy xususiyati, Turkistonda ro‘y bergan milliy ozodlik harakatlari va o‘zgarayotgan ijtimoiy jarayonlar ta’siri o‘laroq voha adiblari ijodida ma’rifatparvarlik mavzusi kengayib, millatni o‘z erkini anglashga, hurriyatga intilishga da’vat etuvchi ohanglar bilan boyidi, Avaz, Mutrib, Faqiriy, Chokar asarlarida publitsistik pafos yana-da kuchaydi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, milliy uyg‘onish davri Xorazm adabiy muhiti namoyandalarining ko‘pchiligi saroy atrofida uyushganligi adabiy muhit o‘ziga xosligining yana bir ko‘rinishi edi. Ularning bir guruhi – 20 nafarga yaqini shahzoda bo‘lib, Feruz shajarasiga mansub shoirlar (Sultoniy, Sodiq, Sa’diy, Komyob, Oqil va boshqalar) edi. Bu shoirlar ijodida an’anaviy lirika talqini yetakchilik qilgani holda ma’rifiy qarashlar shu mavzu qobig‘ida aks etardi. Saroy xizmatiga bevosita va bilvosita daxldor ikkinchi guruh ijodkorlar yozgan asarlar esa yangilanayotgan adabiyotning chinakam namunalari sanalardi. Bular Avaz (1884-1919), Mirzo (1840-1922), Niyoziy (1844-1928), So‘fi (1860-1916), Mutrib (1870-1925), Chokar (1882-1952), Faqiriy (1884-1925), Mug‘anniy (1882-1938), Devoniy (1887-1938) va boshqalarning turli janrlardagi bitiklaridir.

Ushbu ro‘yxatdan ko‘rinadiki, bu ijodkorlar (Avaz va So‘fidan tashqari) 1920 yilda Xiva xonligi qulagandan keyin ham faoliyat yuritdilar va milliy uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichida asosiy o‘rin tutdilar. Ularning alohida xizmati shundaki, she’riyatda ma’rifatparvarlikning xalqchillik, gumanistik mohiyati chuqurlashdi, realistik tasvir va tamoyillar kengaya bordi, ishqiy lirika bilan uyg‘unlashgan ijtimoiy-siyosiy lirika mazmuni tobora qamrovlilik kasb eta boshladi. Bu davr adabiyotida milliy uyg‘onish va o‘zlik talqinlari paydo bo‘lib: bir tomondan, jaholat, qoloqlik, adolatsizlikni keskin qoralash; ikkinchi tomondan, ma’rifatni, erk va yangi voqelikni madh etish, ulug‘lash yo‘nalishlarida davom etdi. 1910-1918 yillardayoq Avaz ijodida ko‘ringan bu qarashlar, keyinroq So‘fi, Faqiriy, Mutrib tomonidan yana-da takomillashgan holda davom ettirildi. Xususan, Faqiriy va Rog‘ib asarlarida satirik ohang So‘fi va Mutrib she’riyatida ijtimoiy-axloqiy ruh, Chokar, Devoniy va Mug‘anniy ijodida ma’rifiy-ta’limiy qarashlar yetakchi bo‘lib, umumiy mazmunda millat komilligi, ilmu urfon g‘oyasi mujassamlashdi.

20-30 yillar adabiy muhitida mavzular kengayishi, janr va uslublar rang-barangligi ham yuqoridagi ijodkorlar nomi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, mustabid tuzum tufayli yuzaga kelgan adabiyotning dastlabki namunalari ma’lum darajada davr mafkurasi ta’sirida bo‘lsa ham, mohiyati xalqqa sadoqat, inson istiqboliga ishonch tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan edi. Shuningdek, ular matbuot, ta’lim, madaniyat, san’at jabhalarida faoliyat ko‘rsatdilar. “Inqilob quyoshi”, “Xorazm xabarlari” gazetalari, 1920-23 yillarda “Xorazm bolalar adabiyoti”, “Yosh qalamkashlar kuylaydilar”, “Yug‘urmiya” nomli to‘plamlarda o‘z asarlarini e’lon qildilar.

Mashhur o‘zbek jadidi Hamzaning 1921-1924 yillarda vohadagi faoliyati Xorazm jadidchiligi tarixidagi muhim sahifalaridan biri bo‘ldi. Hamzaning o‘lkada dram truppalar tuzishi, adabiyot, san’at ahllarini uyushtirishi, xususan, Devoniy, Mug‘anniy, Sheroziy va boshqa ijodkorlar bilan hamkorlik qilishi adabiy-madaniy hayotda yorqin iz qoldirdi.

Xorazm adabiy muhiti o‘zbek milliy adabiyotining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, har bir davrdagi umumiy xususiyat va tamoyillar muayyan darajada voha adabiyotida aks etgan. Tabiiyki, bundan milliy uyg‘onish hodisasi hisoblangan jadidchilik ham mustasno emas. Shunday ekan, bu hududda ham jadidchilik va uning adabiy yo‘nalishi o‘z tarixiga ega. Bu tarix Komil Xorazmiy ijodi bilan boshlanib, Avaz ijodida yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi va bu hayotbaxsh g‘oyalar ularning izdoshlari tomonidan yangi voqelikka monand davom ettirildi.

Manbalar guvohlik berishicha, Avaz Xorazmdagi jadid adabiyotining eng yirik, sermahsul namoyandasi edi. Ulkan ijodiy merosining hozirgacha faqat beshdan bir qismi nashr etilganini hisobga olsak, fondlarda saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma asarlarini o‘rganish tufayli shoir poetik iste’dodi va ma’rifiy yetukligining yangi qirralari kashf etilishi mumkin. Zero, shoirning “Maktab”, “Xalq”, “Millat”, “Hurriyat” radifli g‘azallari ijtimoiy-siyosiy mazmuni, badiiy estetik darajasi va mavzu dolzarbligi jihatidan milliy uyg‘onish davri she’riyatidagi chinakam novatorlik namunalaridir.

Xulosa qilib aytganda, jadid adabiyotini hududlar kontekstida qiyosiy-tipologik xolis o‘rganish uning ayrim bahsli jihatlariga oydinlik kiritishga, ijtimoiy-estetik mohiyatini mustaqillik mafkurasi asosida anglash va qayta baholashga hamda o‘sha davr adabiy jarayoni haqidagi mavjud tasavvurlarni kengaytirishga imkon beradi. Bu o‘rinda Xorazm adabiy muhiti, shubhasiz, tadqiq ob’ektlaridan biri bo‘la oladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 4-son


Zebo Saidjonova 1983 yilda tug‘ilgan. Urganch davlat universitetining filologiya fakulteti, so‘ngra Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakulteti magistraturasini tamomlagan. Respublika va xorij ilmiy nashrlarida o‘n beshdan ortiq ilmiy va ommabop maqolalari e’lon qilingan.