Argentinalik adib, shoir. 1914 yili Bryusselda tug‘ilgan. Lotin Amerikasi yozuvchilari ichida eng ko‘p shov-shuvlarga, bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan ijodkor. 1951 yildan boshlab Parijda yashagan. «Fusunkor realizm» uslubining yorqin namoyandasi, XX asr jahon adabiyotida eng mohir hikoya ustasi deb tan olingan.
Taqdir Kortasarning peshonasiga ikki qit’a adibi bo‘lish va umr yo‘llari ikki qit’aga sochilish qismatini yozgandi. U Argentinaning Bryusseldagi savdo vakolatxonasi xodimi oilasida dunyoga keldi. Kortasar tug‘ilganda dunyo allaqachon ikkiga bo‘linib, jahon muhorabasiga kirishgan, shu sababli vakolatxona xodimlarining vatanga qaytish imkoni bo‘lmadi, Kortasar to‘rt yoshga kirguncha Ispaniyada qolib ketishdi. Boshqacha aytganda, Yevropa Kortasarga ham doyalik, ham enagalik qildi. 1918 yili ular Argentinaga qaytishdi. Kortasar o‘rta va oliy ta’limning dastlabki bosqichini ona vatanida oldi. Ro‘zg‘or tebratish uchun o‘qishni tashlashiga to‘g‘ri keldi, oldin litseyda, keyin, diplomi bo‘lmasa ham, til va adabiyot bilimdoni sifatida universitetda o‘qituvchilik qildi. 20 yoshidan boshlab shoir sifatida tanildi. Borxes bilan muloqotlari adabiy qarashlari shakllanishiga turtki bo‘ldi. Birinchi hikoyasi ham Borxes nashr etayotgan bayozda bosilib chiqdi va ulug‘ adibning olqishini oldi. Shundan so‘ng Argentinada yangi bir yozuvchi paydo bo‘lgani haqida e’tiroflar boshlandi. Ammo peshonasiga yozilganidan qochib qutulolmadi: 1951 yili yana Yevropaga ketishga majbur bo‘ldi. Hukumat tepasiga kelgan Peron boshchiligidagi harbiy xunta Borxes kabi unga ham bir qancha ayblar qo‘ydi va hayoti xavf ostida qoldi. Ayblovlarning hammasi to‘qima va tuturiqsiz edi: birinchisi «hukumatga muhabbati yo‘q», ikkinchisi «kommunizmni targ‘ib qiladi», uchinchisi «xudosiz» degan ayblar. Kortasar hech qachon kommunist bo‘lmagandi, kommunizm nimaligini tasavvur ham qilmagan. Oxirgi ayblov yanayam kulgili edi: bu ayb bor-yo‘g‘i Kortasar o‘qituvchilik qilayotgan litseyga tashrif buyurgan ruhoniyning qo‘lini o‘pmagani sababli unga «ateist» degan ayb taqalgandi. Bu davrda Borxes uy qamog‘iga, oqsuyak va ziyoli, ichidagini yashirmay aytadigan Borxesning keksa onasi esa qamoqqa olingandi. Kortasar bunday sharoitda ishlay olmasligini bildi va yana Yevropaga ketdi.
Kortasar shunday degan: «Men yozuvchini nafrat dunyoga keltiradi deb o‘ylayman. Har qanday nafrat emas, milliy ozodlik, shaxs hurligi, inson sha’ni uchun paydo bo‘lgan nafrat ijodkorni yetishtirib beradi. Yozuvchining adolatsizlik va qullikka bosh egishga haqqi yo‘q. Agar u bosh egsa, bu iste’dodning tanazzulidan darak beradi. Adabiyot haqsizlikka va qullikka qarshi isyon degani…»
Kortasar bolalik sonetlaridan tortib eng so‘nggi hikoyasigacha bu shiorga amal qildi. Uning barcha asarlarida insonning qullik va adolatsizlikka, tubanlik va mutelikka, yovuzlik va zulmatga, jaholat va fikrsizlikka, ma’rifatsizlik va vijdonsizlikka qarshi isyoni sezilib turadi. Asarlarida o‘quvchini o‘zining badbin, tor, omi, johil dunyosini tark etib, fikr va xayolning go‘zal namunalari bo‘lgan ijod dunyosiga olib chiqadi, o‘quvchiga tasavvur erkinligiga, fikr hurligiga boradigan yo‘llarni ko‘rsatadi. Shu sababli uning asarlari, ayniqsa, hikoyalarida voqelik bilan xayol uyg‘unlashib ketadi. Bu uyg‘unlashish tasavvurning jilvalariga, tasavvur o‘yinlariga o‘xshaydi. Zero, Kortasar uchun adabiyot xayol bilan, tasavvur bilan o‘ynashish degani edi.
Bu voqea to‘rt yo besh yasharligida sodir bo‘lgan. Onasi kresloda gazeta o‘qib o‘tirardi. Xulio xuddi singlisi bilan o‘ynayotganday yashirinib kelib onasini cho‘chitmoqchi bo‘ldi. Ammo ko‘zi gazeta sahifasining katta harflar bilan yozilgan sarlavhasiga tushib qoldi. Harflar unga o‘yin kataklarini, shartlarini eslatdi. Beixtiyor tovush chiqarib o‘qishga tushdi. Onasi orqasiga o‘girilib qaradi va u yerda gazetadagi sarlavhani o‘qiyotgan o‘g‘lini ko‘rib behush yiqildi. Xulioga onasi o‘zi bilan o‘ynayotganday edi va qiqirlab kulgancha gazetani dona-dona qilib o‘qishda davom etdi. Onasini hushiga keltirish uchun hamma oyoqqa qalqqanda ham unga bularning hammasi o‘yinning davomiday va hamma o‘zi bilan o‘ynayotganday tuyuldi. Aslida, onasi hali go‘dak o‘g‘lining gazetani sharillatib o‘qib tashlaganidan qo‘rqib ketib hushidan ayrilgandi.
O‘sha gazeta o‘qish o‘yini Xulioga yoqib qoldi. U ulg‘aygach, adabiyotni taqdirim deb tanlagach ham o‘yindan voz kechmadi. Aksincha, o‘yinni insonni tahlil va kashf qilish vositasi sifatida adabiyotga olib kirdi. Endi u o‘z asarlarida tasavvur o‘yinini, tasavvur orqali o‘ynaladagan o‘yinni boshlab yubordi.
Kortasar shunday degan: «Menga asarlaringizda bolalar va hayvonlarning dunyosi, fe’l-atvori juda yaxshi tasvirlangan deyishadi. Buning sababi shundaki, ularning xatti-harakati tabiiylikka, o‘zlari o‘ylab topib, keyin o‘zlari ishonadigan, o‘ylab topilgan o‘yinning haqiqiyligiga shubhalari qolmagan o‘yinga qurilgan… Men uchun adabiyot – ma’lum shartlarga bo‘ysundirilgan, voqelikni ramziy qabul qilishga moslashgan, ishonch, halollik va shavqdan iborat katta hamda tuganmas o‘yin. Chunki o‘zimiz uni yaratib, unga o‘zimiz ishonamiz va u bilan beg‘uborlashamiz… O‘yinsiz hayotni tasavvur qilolmayman… Yozish men uchun o‘yin o‘ynash degani».
Kortasarning adabiyot bilan o‘yinni bir-biriga o‘xshatishi bejiz emas. O‘yin payti tom ma’noda shartlilikka va timsollarga suyaniladi. Bolalar o‘yinining asosiy mohiyati shundaki, u kutilmagan natija bilan tugaydi, o‘yin har bir bolani beg‘uborlikka, halollikka, mardlikka undaydi. Unda xarakter va shaxs, tasavvur shakllanadi. Kortasar hikoyalari ham kutilmagan yakunlari bilan o‘quvchini hayratga soladi.
Kortasarning birinchi hikoyasi – «Zabt etilgan uy» Borxes boshchiligidagi bayozda bosilib chiqdi. Bu hikoyada reallik bilan fontasmogoriya qorishiq holatda namoyon bo‘ladi. Hikoya syujeti odatdagi hikoyalardan keskin farq qilardi. Ota-onasidan qolgan uyda aka-singil yashashadi. Har biri o‘z ishi, tashvishi va dunyosi bilan ovora. Yoshlari qirqqa borib qolgan bo‘lsa-da, aka uylanishni, singil turmush qurishni xayoliga keltirmaydi, ularga shunday hayot yoqadi, ular shu dunyolarini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi. Ammo kattagina uy noma’lum kuchlar tomonidan zabt etila boshlanadi. Oldin ilgari ota-onalari yashagan xonalar, keyin boshqalari. Yozuvchi bu kuchlarga, bu kuchlarning shakl-shamoyiliga batafsil to‘xtalib o‘tirmaydi. Shunchaki ular «shovqin va g‘o‘ng‘illagan» ovozlar sifatida beriladi. Qaysi uyda shu shovqin eshitilsa, aka-singil o‘sha uyni qulflab qo‘yishadi va u tomonga o‘tishmaydi. Ammo shovqin asta-sekin butun uyni egallay boshlaydi va asar oxirida butun uy noma’lum tovush hamda sirli sharpalar bilan to‘ladi. Aka-singil uyni tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. Bu yerda syujet fabulasini rivojlantirish emas, aksincha, hikoya metaforasini yaratishga urinish Borxesning diqqatini tortgan bo‘lsa kerak. Bu kichkina hikoya birdaniga ko‘plab tadqiqotchilar e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Bir toifa tadqiqotchilar hikoyadagi sirli kuchni insonning yolg‘izligi deb tahlil qilishdi. Ularning fikricha, yolg‘izlik uyni, keyin aka-singilning ko‘nglini ham zabt etib oldi. Boshqa adabiyotchilar bu noma’lum kuchni o‘sha davrda Argentinani zo‘rlik bilan changalida ushlab turgan va butun malakatga qo‘rquv, vahima solayotgan xuntaning timsoli deb, uyni esa Argentina deb taxmin qilishdi: ularning talqiniga ko‘ra, aka-singil qo‘rquv tufayli o‘z uylarini tashlab ketishdi.
«Tutash xiyobonlar» ham shu yo‘nalishdagi hikoyalardan bo‘lib, hajman juda kichkina. Hikoya qahramoni bir necha kunki qo‘liga tushgan kitobdan bosh ko‘tarmaydi. Hatto safarga chiqqanda ham o‘zi bilan olib ketadi. Vagonda kitobni berilib o‘qiydi. Uyga qaytgach hamma ishni yig‘ishtirib, kerakli va zarur ko‘rsatmalarni berib, yana kitob o‘qishga tushadi. Qahramon, hikoyada uning korchalon, xo‘jayin ekaniga ishoralar bor, uyidagi sevimli kreslosiga yaxshilab joylashib olib romanni o‘qishga tushadi. Uning uyi xiyobonga tutash edi. Romandagi voqea ham xiyobonga tutash uyda sodir bo‘layotgandi. Roman suyuqoyoq ayolning o‘ynashi bilan birga qanday qilib erini o‘ldirishi haqida bo‘lib, o‘tkir syujeti bilan xo‘jayinni batamom o‘ziga asir qilib olgandi, qo‘lidagi sigaretni chekishni ham unutgancha mutolaaga berilgandi. Asardagi qahramonlar, ularning qiyofalari, fe’l-atvori, o‘zini tutishi – hammasi unga o‘ta qiziq va juda yaqinday tuyulardi. Roman qahramonlari hech qanday iz qoldirmaslik uchun juda puxta reja tuzishgani, reja qaysi payt, qanday va qay tarzda amalga oshishi haqidagi ayolning ko‘rsatmalari, umuman, hammasini ustomonlik bilan amalga oshirishayotgani hikoya qahramonining aqlini olib qo‘ygandi. Asar so‘ngida suyuqoyoq xotin o‘ynashi qo‘liga xanjar beradi, o‘ynashi, ya’ni uy xizmatkori xanjarni olib uyga tomon ravona bo‘ladi. U xiyobonni kesib o‘tadi va uyga kiradi. Xonalarni pusib-poylab birma-bir ko‘zdan kechiradi. Nihoyat, erni topadi. Bu xona hikoya qahramoni – xo‘jayin o‘tirgan xona edi. Xo‘jayin kresloga o‘tirib berilib kitob o‘qir, dunyo bilan ishi yo‘q, uni kitob o‘z dunyosiga olib ketgandi. U shunchalik kitobga berilib ketgandiki, xizmatkor xanjar yalang‘ochlab kirganini ham bilmay qoladi…
Bu kichkina hikoya haqidagi talqinlar ham xilma-xil bo‘ldi. Ba’zilar kitob o‘qigandan so‘ng xo‘jayinda o‘z xotiniga, atrofga va butun dunyoga shubha hamda ishonchsizlik uyg‘ondi, u ma’nan o‘ldi deb talqin qilishsa, boshqalari yozuvchi bu kitobda yomon kitoblarni ramzlashtirgan, bunday kitoblar o‘quvchilarni ma’nan o‘ldiradi deb xulosa yasashdi. Hikoya zamonaviy axloq fojiasini ramzlashtirgan deb hisoblovchilar ham bor. Qanday talqin yoki tahlil qilinmasin, Kortasar hikoyalari barcha talqinga badiiy va ramziy nuqtai nazardan imkon beradi.
«Aksolotl» hikoyasida qahramon akvariumdagi jonivorga mahliyo bo‘lib qoladi. Ertayu kech shu aksolotl haqida o‘ylaydi. Hikoya yakuni kutilmagan voqea bilan tugaydi: qahramonning o‘zi ham akvarium ichidagi aksolotlga aylanadi. Hikoyada xunta bilan kelishgan va uning mafkurachisiga aylangan ziyolilarga istehzo ufurib turadi. Xuntaning xizmatini qilayotgan ziyolilar ham ma’lum ma’noda xuntaga aylanadi. Albatta, bu hikoya talqinlaridan bittasi. Asar haqida yana ko‘plab talqinlar qilingan va barcha talqinchilar ham hikoyada o‘z asoslarini topa olgan.
Kortasar hikoyalaridagi metaforalar Borxesga xos majozlardan keskin farq qiladi. Borxesning asarlari dunyo intellektual boyliklari bo‘lgan asarlardan olingan, bu asarlarning kutilmagan qirralaridan chiqadigan xulosalardan yuzaga kelgan majozlar, metaforalar bo‘lsa, Kortasar majozlari asosan hayotdan, odamlarning o‘zidan, taqdirlardan, voqelikdan olinadi. Shu sababli ayrim tadqiqotchilar Borxes metaforalarida azaliy mavzular qamrab olinsa, Kortasar asarlari o‘z davrining majoziy hujjatlaridir deyishadi.
Kortasar har bir qahramonni va uning izidan o‘quvchini ham o‘z ongu shuuriga, botiniga sayohat qilishga chaqiradi. Adib ko‘zda tutgan makon – botiniy makon, zamon – botiniy zamon. «Shayton tupugi» hikoyasida oddiy fotosurat orqali qahramon o‘z ko‘ngli va botiniga kirib ketadi, u yerda o‘zining asl kimligini fosh qiladigan ko‘plab dalillarga, kechinma va hissiyotlarga duch keladi. Aynan shu xususiyatlari va jihatlariga ko‘ra Kortasar XX asrning eng usta hikoyachisi darajasiga ko‘tarila oldi.
Bu hikoyalarda yozuvchi o‘quvchining tasavvuri bilan o‘yinga tushadi. Mazkur tasavvur qanchalik keng va chidamli, bilimli va ma’lumotli bo‘lsa, uning asarlaridagi obrazlar o‘yinini, undagi hikmatlarni, metaforani shunchalik teran his etadi. Bu asarlarda o‘quvchini syujet emas, tasavvur yetaklab yuradi.
Yozuvchi asarlari ichida ozodlik va hurlikni ulug‘lovchilari talaygina. «Graffitlar», «Tungi maktab», «Oltin baliqlar», «Yon daftardan topilgan yozuvlar» kabi hikoyalari, «Lukas deganlari» turkumi, «Sinov», «62. Siyrat uchun suratlar», «Klassiklar o‘yini», «O‘yinning yakuni» romanlarida bevosita yoki bilvosita erk mavzusi muhokama qilinadi va ulug‘lanadi. «Graffitlar», «Tungi maktab» hikoyalarida inson va shaxs ozodligi ulug‘lansa, «Klassiklar o‘yini», «O‘yin yakuni» romanlarida fikr hurligi va tasavvur erkinligiga da’vat etiladi. Bu asarlarda ham yozuvchi o‘quvchidan goh xayol, goh tasavvur, goh ong-shuur o‘yinini o‘ynashni talab qiladi. Adib tasvirlayotgan metaforani uning izidan va ishoralaridan o‘z vaqtida anglab olmasangiz, unda asarni tushunmay qolishingiz turgan gap. Shu sababli mutolaa paytida yozuvchi bilan teppa-teng o‘ynashingiz kerak bo‘ladi: nimaga ishora qiladi, nimaga urg‘u beradi, shartlilikning qaysi tomonida turadi, hammasini ilg‘ashingiz va hikoyachining har bir so‘z, ohangiga quloq tutishingiz shart.
Kortasarning badiiy «o‘yinlari» o‘zining mavzusi va mohiyatiga ko‘ra g‘amgin, quvnoq, boshqotirma yoki isyon tusidagi o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Kortasar asarlari bilan bir umr o‘ziga xos o‘quvchilar toifasini chorlab o‘tdi.
«Klassiklar o‘yini» romanini o‘tgan asrning 60-yillarida tanqidchilar «Lotin Amerikasining birinchi ulug‘ romani» deb atashgandi. Bu asarda yozuvchi romanga xos bo‘lgan bir chiziq bo‘ylab rivojlanadigan fabuladan voz kechdi, uni birinchi marta raqamlangan fabulaga ko‘chirdi. Romanda adib o‘quvchilarni o‘zi bilan mutolaa o‘yinini o‘ynashga taklif qiladi, hatto o‘yin shartiga ko‘ra qaysi sahifani kimlar o‘qishi kerakligini ham o‘zi tuzgan tavsiya-kataklar orqali asar boshidayoq ko‘rsatib beradi va hammani o‘zi bilan o‘ynashga chaqiradi.
Bu o‘yinni hali-hanuz butun dunyo adabiyot ixlosmandlari va tadqiqotchilar o‘qib o‘zlaricha xulosa qilib yotishibdi. Roman nomidanoq o‘zining o‘yin ekanini alohida ta’kidlaydi. Endi bu kichik emas, katta tafakkur o‘yini, hissiyotlar, idrok o‘yiniga aylanadi. Kortasar asarning boshidayoq o‘quvchilarni ikki toifaga ajratadi. Birinchi toifadagilar asarning oson, ehtiyoji va didiga mos boblarni o‘qishi mumkin, bunaqa o‘quvchilarni adib «iste’molchi o‘quvchilar» deb ataydi. Ikkinchi toifadagilar esa «ishtirokchi o‘quvchilar», ular yozuvchi bilan tasavvur o‘yinining barcha shartlarida ishtirok etishadi va o‘zlari roman ishtirokchilariga aylanishadi. Kortasar bir umr asarlarini ana shunday «ishtirokchi o‘quvchilar» o‘qishini istadi va shunday o‘quvchilar uchun yozdi.
Adib asarlarida G‘arb va Lotin Amerikasi adabiyotlarini o‘zaro sintez qildi, milliy adabiyotni G‘arb an’analari bilan boyitdi, ayni paytda, G‘arb adabiyotiga, dunyo adabiyotiga asosida hindularning qadim tafakkur tarzi va mifologiyasi yotgan Amerika an’analarini yangi usulda, yangi shaklda, yangi ohangda olib kirdi: asarlari ohangida ham og‘zaki ijod namunasi kabi nafosat va musiqa ritmlari seziladi. Shu sababli uning hikoyalari nafosati va musiqiyligi bilan alohida ajralib turadi. Uning o‘zi bu haqda gapirib: «Agar men yozuvchi bo‘lmaganimda, albatta, bastakor bo‘lardim», – degandi.
50-yillargacha yozuvchi ijodining asosini Lotin Amerikasi mavzusi egallagan bo‘lsa, 60-yillardagi asarlarida bani basharga xos muammolar o‘rtaga tashlana boshlandi. «62-model qurilmasi», «Klassiklar o‘yini» kabi asarlaridagi voqealar Buenos-Ayres, Parij, London, Rim shaharlarida yuz beradi, qahramonlari ham ana shu shaharlarda istiqomat qiluvchilar edi, boshqacha aytganda, yozuvchi endi bani basharga xos masalalar tahliliga kirishgandi. Adibning oxirgi ikki romani ham unga dunyoviy shuhrat keltirdi va nomini XX asr yirik yozuvchilari safiga olib chiqdi.
Kortasarning «Agar ko‘ngil qo‘yishga arzigulik nimadir bo‘lsa, o‘sha nimadir yolg‘izlikda yaratilgan va zulmat bilan kurashib tortib olingan» degan aforizmini ko‘p keltirishadi, ushbu aforizm uning butun ijodini belgilaydi deb aytishadi.
Vatanidan ketgandan keyin Kortasar bir umr YuNESKO tashkilotida tarjimon bo‘lib ishladi. Harbiy xunta hukumati ag‘darilgach ham vataniga qaytmadi. Argentinada esa uni o‘rtamiyona adiblar qatoriga qo‘shib qo‘yishdi, hatto asosiy adabiyot darsliklariga ham kiritishmadi. Uni vatanida kam kishilar bilardi. Argentinada tan ola boshlashganda u og‘ir kasal edi.
1984 yili Kortasar Parijda 70 yoshida vafot etdi.
Uning yozganlari bugun vataniga va insoniyatga xizmat qilmoqda. Tasavvur va tafakkurni yangilamoqda.
Nazar Eshonqul