Bir mashhur yozuvchimiz nomi chiqqan asarida “… bir rakaat namoz o‘qib olay” deb yozgan edi qahramoni tilidan. Vaholanki, ibodatning bu turining eng qisqasi ikki rakaat bo‘ladi.
Sobiq ittifoq davrida ijodkorlarimiz tomonidan bu kabi xatolarga bilib-bilmay yo‘l qo‘yilgan hollar uchrab turadi. Ba’zan klassik adabiyotimiz namoyandalarining asarlaridagi islom dini va shariati bilan bog‘liq misralar atayin tushirib qoldirilgan o‘rinlar ham uchraydi. Keyingi yillarda nashr etilgan kitoblarda bunday saktaliklar tuzatilib, to‘ldirilib borilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Biroq ayrim xatoliklar kitobdan kitobga, nashrdan nashrga hamon o‘tib kelmoqdaki, ba’zida oddiygina tuyuladigan bunday xatoliklar ortidan ulkan ma’naviy yanglishishlar kelib chiqishi mumkin. Bugun mashhur turkman shoiri Maxtumqulining el orasida mashhur, ko‘plab hofizlarimiz tomonidan qo‘shiq qilib aytilgan “Bo‘lmas” deb nomlangan she’ri tarjimasidagi bir xatolik haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Ma’lumki, qardosh turkman klassik shoirining she’rlari o‘zbek tilida ilk bor 1958 yili Jumaniyoz Sharipov tarjimasida “Tanlangan asarlar” nomi bilan nashr etilgan. Bu tarjimalar 1960, 1963, 1976 yillari qayta nashr qilingan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng esa, Mirzo Kenjabek, Muzaffar Ahmad, Ergash Ochilov, Abdumo‘min Jumayev va Jumanazar Zulpiyev shoir she’rlarining yangi tarjimasini amalga oshirdilar. Albatta, Jumaniyoz Sharipov tarjimasini mukammal tarjima deb bo‘lmaydi. Buni mutaxassislar ham ta’kidlashgan. Misol uchun, mashhur san’atkor Komiljon Otaniyozovning ham Jumaniyoz Sharipovning Maxtumquli she’rlari tarjimasidan ko‘ngli to‘lmaganligi Karimboy Quramboyevning “Maxtumquli — ilhom chashmasi” kitobida keltirilgan. Klassik adabiyotimizning chin bilimdoni bo‘lgan hofiz “ko‘p she’rlarning tarjimalari asliyatga o‘xshamasligini” ta’kidlagan. Yana ba’zi she’rlarning muhim qismlari qoldirib ketilgan o‘rinlar ham ko‘p uchraydi.
Sobiq ittifoq davridagi adabiy va siyosiy muhitning va boshqa sabablarning ta’siri oqibatida shunday bo‘lgandir. Biroq Maxtumqulining keyingi tarjimonlari bu borada hech qanday to‘siqlarga duch kelgan bo‘lishlari mumkin emas. Shunday bo‘lsa-da, bu xato hamon tuzatilmasdan qolmoqda.
“Bo‘lmas” she’rining uchinchi to‘rtligini Jumaniyoz Sharipov shunday tarjima qilgan:
Mag‘rur bo‘lib kezma umring guliga,
Duch bo‘larsan bir kun, xazon yeliga.
Yuz yil yashab tushsang ajal qo‘liga,
Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas.
(Maxtumquli. “Tanlangan asarlar”, T., 1976.)
Endi Ergash Ochilov tarjimasiga e’tibor bering:
Mag‘rur bo‘lib yurma umring guliga,
Sovrilar u bir kun xazon yeliga,
Yuz yil yashab, tushsang ajal qo‘liga,
Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas.
(Maxtumquli. “Ustozingdan ayrilma”, “O‘zbekiston”, 2012 y.)
Didaktik mazmundagi she’rning mazkur to‘rtligida shoir umrning o‘tkinchiligini, inson qancha davru davron sursa ham bir kun baribir ajal bilan yuzma-yuz kelishini, bu muqarrar ekanligini ta’kidlayapti. Bu yerda e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgani to‘rtlikning uchinchi va to‘rtinchi misralaridir. Ularni J. Sharipov ham, E. Ochilov ham o‘zbekchaga bir xil o‘girgan:
Yuz yil yashab tushsang ajal qo‘liga,
Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas.
Bu misralarning asli shunday:
Yuz yashayip dushseng ajal eline,
Sagыngdan solunga bakancha bolmaz!
(“Iki tomluk”, 1-tom, Ashgabat, “Turkmenistan”, 1983)
Sag — sog‘ — o‘ng, sog‘ qo‘l — o‘ng qo‘l ma’nosini beradi. Odatda musulmon xalqlarda biron ishni avval o‘ng tomondan boshlash yoki yaxshi, ezgu ishlarni o‘ng qo‘l bilan bajarish kerak, deb hisoblanadi. Endi bevosita ushbu baytga keladigan bo‘lsak, uni Abdumo‘min Jumayev va Jumanazar Zulpiyev to‘g‘ri tarjima qilishgan:
Yuz yil yashab, tushsang ajal qo‘lina,
O‘ngingdan so‘lingga boqqancha bo‘lmas!
(Maxtumquli-Firog‘iy, “Saylanma”, T., “O‘zbekiston”, 2008)
Ko‘plab salaflari singari Maxtumquli ham she’rlarida boshqa she’riy san’atlar qatori talmeh san’atidan juda ko‘p foydalangan. Jumladan, biz ko‘rib chiqayotgan misolda ham talmeh san’ati o‘rinli qo‘llanilgan. Ma’lumki, talmeh — she’rda mashhur tarixiy voqea, shaxslar, badiiy asarlarga ishora qilishdir. “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da keltirilishicha, “Talmeh shoirni ko‘zda tutilgan fikrni batafsil aytish, holatni batafsil tasvirlash zaruratidan xalos etib, ko‘zlangan samaraga o‘sha fikr yoki holatga mos keladigan boshqa biror hayotiy yoki badiiy faktga ishora qilish bilanoq erishish imkonini beradi. Natijada oz so‘z bilan ko‘p ma’no ifoda qilish mumkin bo‘ladi”.
Biz ko‘rib chiqayotgan baytda Maxtumquli, menimcha, quyidagi rivoyatga ishora qilgan:
«Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarning birlaridan so‘radilar:
—Bu dunyoda insonning hayoti bilan o‘limi orasini qanday tasavvur qilasan?
Sahoba shunday javob berdi:
—Hayot bilan o‘limning orasini, ikki namoz o‘rtasidagi vaqtgacha, deb bilaman, yo Rasululloh.
Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, har nafasda haq bo‘lgan o‘lim haqida bunchalik kengchilik qilish, beparvo bo‘lish yaxshi emasligini uqtirdilar va bunday dedilar:
—Men esa, inson hayoti bilan o‘limi orasini kishi o‘z ibodatidagi, o‘ng tarafidan chap tarafiga salom berganchalik vaqt oralig‘ichadir, deb tasavvur qilaman».
Biron asarni o‘z tiliga o‘girishga chog‘langan ijodkor o‘sha asar muallifi darajasida bilimga ega bo‘lishi shart. Hech bo‘lmaganda, bu bilimlardan xabardor bo‘lmog‘i kerak. Sharq klassik adabiyoti namoyandalari asarlari tarjimoni, jumladan islom dinidan, mumtoz adabiyotimizda keng qo‘llanilgan she’riy san’atlardan yetarli darajada xabardor bo‘lishi zarurligini bugun bot-bot e’tirof etayapmiz. Aks holda, bugun ko‘rib chiqqanimizdagi kabi xatoliklarga bilib-bilmay yo‘l qo‘yilaveradi.
Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, nochor tarjimani o‘nglasa bo‘ladi. Buning uchun ilgari bajarilgan tarjimalarni shunchaki o‘qib chiqmasdan, asarni asliyatiga solishtirib o‘qish kerak. Shunda o‘ng bilan chapning farqiga boradigan har bir ijodkor bunday qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ymaydi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2013 yil 25 oktyabr, 43-sonidan.