(“Kichik mo‘jizalar” turkumidan)
Ulkan adibimiz Asqad Muxtor “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ga bosh muharrir etib tayinlangan kunning ertasi telefon orqali meni chorlab, bir maslahatli ish borligini aytdi. Bordim. Salom-alikdan so‘ng u darhol maqsadga o‘tib, dedi:
“Gap bunday. Prozaiklarimizning fikri-xayoli hozir roman yozish, tanqidchilar esa “roman” nomi ostida chiqayotgan yaxshi-yomon asarlar avtorlari sha’niga nuqul hamdu sano aytish bilan band. Ayting-chi, badiiy ixtiro – mo‘jiza deb atashga loyiq romanlar bormi o‘zi hozir bizda? Ehtimol, bitta-yarimta bordir. Kichik janrlar, masalan, hikoyachilik, qissachilikda ahvol o‘zgacha; mo‘jiza degulik asarlar yaratilyapti. Shukur, Uchqun, O‘tkir, Tog‘aylar yaxshi qissa, hikoyalar yozyapti. Siz tanqidchi sifatida ishni hikoyashunoslikdan boshlagan, Abdulla Qahhordek qattiqqo‘l adib e’tiboriga tushgan edingiz… Shu yo‘lni davom ettirib, bugungi eng sara hikoyalar haqida bizga turkum maqolalar yozib bersangiz”.
Bu taklif menga ma’qul tushdi. O‘sha paytning o‘zida Asqad akaning bir she’ridagi “Kattasini kutu kichigidan qolma, kichik mo‘jizalar har kuni kerak” degan misralari xayolimga keldi, turkumning sarlavhasi ham birdaniga topildi-qoldi: “Kichik mo‘jizalar”…
Ajab, bugun ham roman, qissachilikda voqea bo‘ladigan asarlar sanoqli, juda oz, hikoyachilikda esa ahvol o‘zgacha. Hozircha munaqqidlar nazaridan chetda qolib kelayotgan, jiddiy tahlil, talqin, bahslarga arzigulik hikoyalar bisyor. Bu hol nasrimizning buguni va ertasiga katta umid uyg‘otadi. Ana shu ezgu tuyg‘u, o‘y-mushohadalar ta’sirida menda “Kichik mo‘jizalar” turkumini davom ettirish istagi tug‘ildi.
* * *
Biz adabiyotshunos munaqqidlar hozirgi zamon taraqqiyoti shiddati, hayratomuz o‘zgarishlar, yangilanishlar ta’sirida goho shoshma-shosharlik qilib mavjud adabiy an’analar eskirdi, romantizm, realizm davri o‘tdi, modern, modernizm, postmodernizm zamoni keldi, deya an’anaviy yo‘llarda bitilgan asarlardan burun jiyirish, modern usul-uslubdagi bitiklarga haddan tashqari mahliyo bo‘lib ketish hollariga duch keldik. Zamonaviy jahon adabiyoti, san’ati, xususan, eng ommaviy san’at turi – kino tajribasi shundan dalolat berayotirki, tasvir, ifoda, usul, uslub, badiiy talqin xilma-xilligi, rang-barangligi hozirgi badiiyat, san’at dunyosi taraqqiyotining bosh yo‘nalishiga aylanib borayotir. Jamiyatning o‘zida zamona zayliga ko‘ra didlar, mayllar, qarashlar, manfaatlar, binobarin, mafkuralar xilma-xilligi orta borayotgan ekan, o‘z navbatida, rang-barang adabiy tamoyillarga ehtiyoj tug‘ilaverar ekan. Mana shu jarayon bugungi milliy hikoyachiligimizda ham namoyon bo‘lmoqda. Metafora, ramziy obrazlar asosiga qurilgan modern bitiklar yonida an’anaviy realistik va ko‘tarinki romantik ruhdagi hikoyalarning paydo bo‘layotgani ham o‘quvchilar, ham adabiy tanqidchilar e’tiborini o‘ziga jalb etayotgani, ularda oz bo‘lsa-da zamondoshlarimizning davr dramalari bilan yo‘g‘rilgan, kishi qalbini hayajonga soladigan, o‘yga toldiradigan, mehr-muruvvat tuyg‘usini oshiradigan romantiktabiat shaxslar obrazining ham borligi kishini quvontiradi. Jo‘ra Fozilning “Sohildagi uy” (“Kitob dunyosi”, 2013 yil 9 yanvar), Muyassar Tilavovaning “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i” (“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son) hikoyalari ayni shu jihati bilan e’tiborni tortadi. Har ikkala hikoya qahramonlari ham qizlar, aniqrog‘i, chekka qishloq qizlari.
Gapni “Sohildagi uy”dan boshlay qolaylik. Hikoya hajman ixcham – kaftdekkina. Shunga ko‘ra voqea sodir bo‘lgan makon manzaralari, personajlar qismati tavsifi qisqa, lo‘nda – voqea ruhiga mos surur aralash hazin ohang bilan yo‘g‘rilgan, hikoya ilk satrlaridan oxiriga qadar nasrdagi nazmdek o‘qiladi. Daryo sohilidagi mo‘jazgina Gugurtli qishlog‘i tun qa’riga g‘arq bo‘lmoqda, qo‘shni uylarda birin-ketin chiroqlar porlaydi, birgina chog‘roqqina uy derazasida esa nur ko‘rinmaydi… O‘quvchida “Nega?”, degan savol tug‘iladi. Javob-sabab ham tayyor: bu g‘arib kulbada xasta qariya Xudoybergan otliq bobo “tiq” etgan tovushga quloq tutib, intizor holda yotibdi. O‘rnidan turib uy chirog‘ini yoqishga unda mador yo‘q. Qadrdon ayoli olamdan o‘tib ketgan, bir o‘g‘il, bir qizi esa shaharda turadi, ular o‘zlari bilan ovora. Qariyaning birdan-bir tayanchi – Oqmaral otliq yoshgina suluv qiz. Har gal u kelganda, otaxonning qorong‘i kulbasi, xuftonga aylangan ko‘ngli charog‘on bo‘lib ketadi. Aslida, Oqmaralning ham tashvishi o‘ziga yetib ortadi. Sirtdan beg‘am, kiyikday durkun, go‘zal bu qiz aslida dili o‘ksik, hech kimi yo‘q yetim, ikki yildirki, pul topish ilinjida xorijda yurgan sevgan yigiti yo‘liga intizor… Ota-onasiga, sevgilisiga berolmagan mehrini xasta otaxonga hadya etayotganidan taskin topadi u. O‘z navbatida bemehr farzandlari qolib, “begona” bir qiz ko‘rsatayotgan iltifotlardan cholning vujud-vujudi yayraydi, ko‘zlarini yumganicha, shirin xayollar og‘ushiga g‘arq… Aslida himoyaga, madadga muhtoj bir mushtipar qizning dili o‘ksik bir qariya ko‘nglini obod qilish yo‘lidagi ayni harakatlari o‘ziga xos jasorat emasmi, axir.
Hikoyada liro-romantik ruhni kuchaytiradigan ajib lavha bor. Qariya Oqmaral tashrifidan mamnun holda pinakka ketgach, qiz muk tushib kitoblar dunyosiga g‘arq bo‘ladi, ayniqsa, “Choliqushi”ni takror-takror o‘qishdan, xayolan Farida bilan gurunglar qurishdan tolmaydi. Shunda hayot odami bilan kitob qahramoni orasida qandaydir mushtarakliklar borligini sezib turasiz. Bular shunchaki hikoya qilinmaydi, ayni shu tafsilotlar mutolaasi chog‘i mehr-muruvvat tolasidan eshilgan ham nurli, ham mungli holat-manzaralar ifodasi bir paytning o‘zida ham fojiaviy, ham umidbaxsh ruh bilan yo‘g‘rilgan.
Hikoya xotimasida bu ajib ruhiy holat yanada avjiga ko‘tariladi. Umri poyoniga yetib qolganini sezgan otaxon bu suyukli qizni so‘nggi bor yanada ko‘rkam holda ko‘rish, qolaversa, qiz oldida ma’naviy qarzini uzish payida pensiyasidan yiqqan mablag‘i hisobidan unga pul hadya qilib, o‘ziga munosib kiyim olib kiyishini iltijo qiladi. Qiz chol ko‘ngli uchun uning istagini bajo keltirib, u xush ko‘rgan kiyimni kiyib otaxon ko‘nglini ko‘tarish uchun kelganida boboni “joni uzilgan, uning yarim yumuq ko‘zlari, lablarida nim tabassum qotib qolgan” holda ko‘rib dahshatga tushadi…
Hikoyani shu yerda tugatib qo‘ya qolish ham mumkin edi. Ammo muallif asarga ilova tarzida cholning ma’rakasidan so‘ng shaharda turadigan qizi qishloqda paydo bo‘lgani, yuz-ko‘ziga upa-elik chaplangan, bashang kiyingan bu juvon otasidan ayrilgan odamga sira o‘xshamasligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan salom-alikni ham nasya qilib Oqmaralni qidirib topib, he yo‘q, be yo‘q unga zug‘um o‘tkazishga tushgani, otamning pulini o‘margansan, deya bo‘hton yog‘dirishi, hamqishloqlari esa begunoh qizni bu g‘arazli hamlalardan asrab qolgani xususida hajviy tusdagi tafsilotlarni keltiradi. Bu voqealar asar ruhiga yopishmayroq turibdi. Buni sezgan hikoyanavis asarning yetakchi liro-romantik oqimiga qaytib, uni quyidagi ham mungli, ham nurli manzara tasviri bilan yakunlaydi: “Oqshom cho‘kayotir… Sohildagi uylarda birin-ketin chiroqlar porlaydi. Tik qirg‘oqdagi yolg‘iz uy derazalarida esa nur ko‘rinmaydi… Bu uyning chirog‘i endi yonmaydi, Oqmaral endi bu yerga kelmaydi…
Qirg‘oqda yolg‘iz turgan qiz to‘qay shovullashi, suv shaloplashiga quloq tutadi. Olis-olislarda yakkam-dukkam chiroqlar miltiraydi, qiz yuragini behad o‘rtagan sog‘inch bilan chiroqlarning jimir-jimir shu’lasiga tikiladi. Bahor suvlari uzoq-uzoqlarga oqib ketadilar”.
Otaxon umri poyoniga daxldor bu manzaralar fonida namoyon bo‘lgan begona qiz yuragini o‘rtagan sog‘inch tuyg‘usi hikoya qahramoni siymosini yanada ochib yuboradi, otaxonning pushtikamaridan dunyoga kelgan odam qiyofasidagi nafs bandasi esa bunday noyob tuyg‘udan mahrum. Shu qiyos hikoya davomida ilgari surilgan poetik motivning uzil-kesil xulosasi kabi yangraydi; cholning o‘z qizi begona, begona Oqmaral esa chinakamiga uning o‘z jigari, mehr-muruvvat timsolidek taassurot qoldiradi.
“Ko‘kko‘l qo‘shig‘i” hikoyasi shunday jumlalar bilan boshlanadi: “– O‘g‘ling qancha ko‘p bo‘lsa avlodlaring shuncha bisyor, ildizing mustahkam bo‘ladi. Qiz bola birovning xasmi, bir kuni o‘rnini topsa, otasini ham, tug‘ishganlarini ham eslamaydi. Foyda yo‘q ulardan. Voyaga yetkazib qo‘shqo‘llab birovga topshirgandan ko‘ra, qizing bo‘lmagani durust.
Sayfi daroz bu gaplarni doim takrorlardi. Shuning uchunmi, uch o‘g‘lidan keyin qizi Gulsara tug‘ilganida unchalik quvonmadi”.
Shu jumlalardayoq hikoyaning asosiy motivi, bosh personajning asl qiyofasi, aqida-maslagi, hayot falsafasi ayon bo‘ladi. Asar mana shu biryoqlama, mutaassibona aqidaning, bir tomondan, fojeiy oqibatini, ikkinchi tomondan esa, butunlay teskari, hayotbaxsh natijasini ko‘rsatishga qaratilgan; yosh hikoyanavis qizimiz ana shunday chigal, murakkab hodisaning chiroyli bir badiiy yechimini topishga muvaffaq bo‘lgan.
Sayfi darozning o‘g‘il va qiz zotiga munosabati hamda uning oqibatlari ifoda-talqini bahonasida hikoya muallifi fan-texnika davrining shiddatkor sur’ati olis qishloqlarga ham yetib borgani, borayotgani, avlodlar ongi, hayot tarzida chuqur asoratlar qoldirayotganini o‘ziga xos tarzda berishga erishgan. Keksa Sayfi daroz uchun u yashab o‘tgan Baliqchi ovuli, ovul yonidagi Ko‘kko‘l benihoya aziz; uning avlod-ajdodlari uchun kindik qoni to‘kilgan maskan, rizq-ro‘z manbai. Ko‘kko‘l haqidagi qo‘shiq bir vaqtlar ko‘kko‘lliklarning e’tiqod madhiyasi sanalgan, tengdoshlari olamdan o‘tib ketib, uni yoddan aytadigan birgina Sayfi darozning o‘zi qolgan.
Ko‘kko‘l bizning onaizorimiz.Ko‘kko‘l bizning xaloskorimiz.
Bag‘rida o‘ynaydi baliqlar,
Ko‘kko‘l bizning rizqu ro‘zimiz.
Ko‘kko‘l bizning onaizorimiz…
Qo‘shiqning ana shu satrlari chol tilidan tushmaydi. Bu qishloq, shuningdek, ko‘l bilan bog‘liq hikoya, afsona-asotirlarni o‘z ortida qoladigan ovuldoshlari, birinchi galda, farzandlari qulog‘iga quyishni o‘z burchi deb biladi u. Afsus, o‘zgalar u yoqda tursin, shaharda o‘qib qaytib ko‘l bo‘yida barpo etilgan zavodda ishlaydigan o‘g‘illarining birontasi ham bularni tinglagisi kelmaydi. Boz ustiga ko‘lning avvalgi tarovati yo‘qolib, zilol suvi esa zavod oqavalari bilan bulg‘anib, qiyosi yo‘q baliqlar qirilmoqda… Bu hol otaxon vujudini o‘rtaydi.
Ne baxtki, ovulda, nasllari orasida otaxonning dil rozini, armonu hasratlarini tinglaydigan, uni tushunadigan, qadrlaydigan bittagina zot bor. Asardagi mushkul jumboqning yechimi ayni shu zot bilan bog‘liq. Voqealar silsilasi, bosh personaj ruhiy kechinmalari, aqidalari tadrijida kutilmagan keskin burilish yuz beradi. Romantik ruhdagi jahon mumtoz novellalarida uchraydigan ayni shu holatni “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i”da ham ko‘ramiz. Sayfi daroz avlodlari ildizi mustahkamligi, orzu armonlari, qadriyatlari bardavomligi manbaini bino qo‘ygan o‘g‘illarida emas, tug‘ilishidanoq o‘zi mensimay qaragan yagona qizi Gulsara timsolida ko‘radi. Darozni hushyor torttirgan, o‘yga toldirgan, dilini og‘ritgan jihat shundaki, Ko‘kko‘l qo‘shig‘ini unga bobosi aytgan, yod oldirgan, endi navbat o‘g‘illariga kelganda ular qo‘shiqni aytish tugul eshitishni ham istashmaydi. “Axir, o‘z tarixini bilmagan, ota-bobosini tanimagan, ularning nima ish qilganini anglamagan odam qanday qilib kelajak haqida o‘ylaydi? U xuddi ildizsiz daraxtga o‘xshaydi-ku!”, deya o‘rtanadi chol. O‘g‘illaridan farqli o‘laroq ardoqli qo‘shiqni kuylaganida birgina besh yashar qizalog‘i unga jo‘r bo‘lganida ko‘pam quvonmaydi, “undan ham nimanidir umid qilsam bo‘lar”, degan xayol shu’lasi ko‘nglidan o‘tadi, xolos. Hikoyada bora-bora shu ojiz umid g‘uncha tugib, to‘lishib, ulg‘ayib, gul ochib, yaproq yozib, meva tugib, oxir-oqibat asar pafosi darajasiga ko‘tarila boradi. Bu jarayon esa boshida pinhona, og‘riqli, jiddiy silsilalar, iztiroblar, dramalar, fojialar uyqashligida kechadi.
Darozning o‘z mutaassibona aqidasidan kelib chiqib yakkayu yagona qizalog‘iga sovuq munosabati, chunonchi, qizning dunyoga kelishi, ism olishi, ko‘l sayri chog‘idagi falokat asoratiga beparvo munosabati, ayni shunday holatlar tufayli qiz aql-hushidan mahrum bo‘lib qolishi – shu kabi qaltis, og‘riqli, shafqatsiz hodisalar silsilasi hikoya hajmi darajasida nazokat bilan, odob doirasida ixcham, lo‘nda, ta’sirchan ifoda etilgan. Qarangki, qiz otasi adolatsizlik qilganida biror o‘rinda bo‘lmasin o‘ziga qattiq olmaydi, buning uchun norozilik bildirmaydi, aksincha, qahrga nisbatan har gal mehr ila javob qaytaradi.
Pirovardida qariya gap-so‘zi, ko‘ngil rozlari o‘g‘lonlariga o‘tmay, ko‘zda yosh bilan hasratini to‘kib solganida, o‘sha “aqldan ozgan” qizi ota nolalarini dil-dildan his etib, Ko‘kko‘l qo‘shig‘ini kuylashga tushadi. Shu chog‘, hikoyanavis ta’biricha, go‘yo otaning keksa ko‘nglida ming yillardan beri mudrab yotgan po‘rtana bosh ko‘taradi. Qariya shuuridagi silsilalar poyoniga yetib, ongida keskin burilish yuz beradi, aybini mardona bo‘yniga oladi. Otaxonning o‘sha daqiqalardagi hasbi holini, iqrorini tinglab ko‘ring-a: “Meni kechir, qizim, ahmoq otangni kechir… Men qari ahmoq avlodimning davomchisi faqat o‘g‘illarim deb o‘ylabman… Ona Ko‘kko‘l, hali sen haqingdagi qo‘shiq unutilmabdi. Afsuski, uni men ishongan o‘g‘illarim emas, esi past qizim (ta’kid bizniki – U.N.) kuylayapti. Buning uchun odam avlodlarida ayb yo‘q, hamma gunoh menda…”.
Hikoyaning bunday hayotbaxsh optimistik ruh bilan yakunlanishi, tildan qolgan, aqldan ozgan qizning pirovardida tilga kirib, ota dardiga darmon bo‘lishi, bu hol qariya qarashida keskin burilish yasashi – bunday talqin ba’zi o‘quvchilarga sun’iy, yasama bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo hayotning o‘zida bunaqa kutilmagan tasodif, ilohiy mo‘jizalar – “ezgulik uchun mukofotlar” uchrab turadi. Xususan, romantik ruhdagi asarlar uchun bunday hol tabiiy sanaladi. “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i”, shuningdek, “Sohildagi uy” bizda o‘tgan asrning 60—70-yillarida keng urf bo‘lgan, ayniqsa, Said Ahmad, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Sultonov, Tog‘ay Murod ijodida namoyon bo‘lgan liro-romantik an’analarning bugungi yangicha ko‘rinishidir. Shu ruhdagi asarlarning hatto Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam singari modern usul-uslubiga moyil hikoyanavislar ijodida ham uchrayotgani e’tiborga sazovordir.
Aslida romantika – surur tuyg‘usi inson zoti, qolaversa, bashariyat uchun mangu bebaho, benazir xislatdir. Ijodkor qaysi davr va oqimda qalam tebratmasin, uning yaratig‘ida bu benazir tuyg‘u qandaydir ko‘rinishda namoyon bo‘laveradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 9-sonidan olindi.