Tohir Qahhor. Tabiatday go‘zal bir hayot

XX asr o‘zbek adabiyotida ibratli iz qoldirgan atoqli ijodkorlarimizning aksariyati mohir tarjimon ham bo‘lishgan. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, G‘afur G‘ulom, Oybek, Uyg‘un, Abdulla Qahhor, Mirkarim Osim, Maqsud Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Hamid Olimjon, Mirtemir, Usmon Nosir va boshqa adiblardan qolgan adabiy meros so‘zimizning dalilidir. Ularning davomchilaridan Zulfiya, Turob To‘la, Shuhrat, Hamid G‘ulom, Asqad Muxtor, Shukrullo, Ramz Bobojonlar ham dunyo adabiyotining sara asarlarini o‘zbek kitobxoniga yetkazishda mislsiz xizmat qildilar. “Mislsiz” deya ta’kidlaganimizning sababi, Shekspir, Shiller, Pushkin, Lermontov,Tolstoy kabi jahon klassiklarining o‘zbekchaga o‘girilgan asarlarida barcha zamonlar uchun muhim, suv bilan havoday zarur bo‘lgan adolat, haqiqat, ezgulik, muhabbat, sadoqat, yovuzlikka qarshi isyon va kurashchanlik tuyg‘ulari qaynab turadi, kitobxon yuragiga singib, uni ma’naviy yetuklik sari yetaklaydi. Bu jarayon to‘xtamaydi, asrlar osha yangi-yangi tarjima asarlari bilan boyib, quvvatlanib boraveradi. Ijodkor o‘tib ketsa-da, u yaratgan asarlar, tarjimalar ham nurlanganicha kelgusi nasllarning ongini yoritib, ularga ruh beradi, xalqi bilan yashashda davom etadi.

Biz bu o‘rinda adabiyotimiz zahmatkashlaridan biri, XX asr o‘zbek she’riyati va tarjimachiligining yuksalishiga o‘z hissasini qo‘shgan ijodkor,O‘zbekiston xalq shoiri Ramz Bobojon va uning ayrim tarjimalari borasida fikr yuritmoqchimiz.

Shoir, dramaturg va mohir tarjimon Ramz Bobojon 1921 yili Toshkentda tug‘ilgan. Maktab va institutni bitirgach, gazetada, radioda muharrir vazifasida ishlagan, Badiiy adabiyot nashriyotida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Vatan” jamiyatida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan. O‘n besh yoshidan she’rlari bilan matbuotda ko‘ringan shoirning ilk “She’rlar”to‘plami 1939 yilda bosilgan. Keyin uning “Hadya” (1940), “Oltin kamalak” (1949), “Vodiy bo‘ylab” (1949), “Tanlangan asarlar” (1958), “Sevgi sirlari” (1963), “Senga sevgilim” (1969), “Birinchi parvoz” (1989), “Muhabbatga ta’zim” (1980), uch jildli “Tanlanma” (1984) “Sening mehring” (1996) kabi kitoblari Toshkent nashriyotlarida chop etilgan.

1950-1990 yillar orasida shoirning rus tilida ham o‘nlarcha kitobi, jumladan, “Serdtse ne spit nikogda”, “Dvajdi jivyot poyet”, “Solntse v zrachkax”, “Da – ya aziat”, “Tebe, lyubimaya”, “Spasibo, rodnoy”, “Lirika”, “Monolog”, ikki jildli tanlangan asarlari bosilgan, uni keng she’rxonlar ommasiga tanitgan. Ruschadagi ayrim she’rlariga kuy bastalanib, qo‘shiqqa aylangan.

Ramz Bobojon ilk she’riy to‘plamlari chiqqan yillardayoq she’riy tarjima bilan shug‘ullana boshlagan. Masalan, rus mumtoz shoiri M. Lermontovning 1941 yilda Toshkentda bosilgan ikki jildligiga uning ham “Qora ko‘zlar”, “Oqshom” kabi tarjimalari kiritilgan. Ma’lumki, tarjimon muallif bilan she’r san’ati maydonida yakkama-yakka kuch sinashadi. Sayfi Saroyi aytganidek, “Jahon shoirlari, ey, gulshani bog‘, Biri bulbul erur, birisidir zog‘”. Bulbulni bulbul bo‘lib tarjima qilinsagina asar o‘qiladi. Bundan xabardor bo‘lgan, yigirma yoshlardagi tarjimon maydonda jahonshumul shoir qarshisida turganini yaxshi his etgan. U Lermontovning “Oqshom” she’rini tilimizga shunday o‘girgan:

Lojuvard yer etagiga naq
Cho‘kar ekan qip-qizargan kun,
Tuman tushib, ko‘lanka shu choq
Olislarni qoplarkan butun –
Shunda, jimjit suraman xayol,
Mangu hayot, sevgi haqinda.
Kimdir menga so‘zlar tag‘in-da:
– Bo‘lmaysan hech baxtli, barkamol!
Ojiz ko‘ngil bilan shu zamon
Osmon sari tashlayman nigoh.
U mo‘jiza yaratmish nogoh
 Na senga, na menga armug‘on,
 Na arzimas nodonga tuhfa,
Ki sening bir boqishing bu dam
Ortiqroqdir turfa va turfa
Ko‘p samoviy in’omlardan ham!
(Lermontov M.Yu. Tanlangan asarlar. She’rlar va poemalar. – T., O‘zadabiynashr, 1941, 50-b.).

Bizningcha, she’r yaxshi o‘girilgan, ya’ni satrlardagi ma’no va mazmun ham, shakldagi vazn, turog‘u qofiyalanish tartibi ham to‘la saqlangan. Qiyoslash uchun she’rdan bir parcha keltiramiz:

Kogda saditsya alыy den,
Za siniy kray zemli,
Kogda tuman vstayet i ten
Skrыvayet vse vdali, –
Togda ya mыslyu v tishine
Pro vechnost i lyubov,
I chey-to golos shepchet mne:
– Ne budesh schastliv vnov!..
(Lermontov M.Yu. Sobraniye sochineniy v chetыrex tomax. – M., 1983, str.195).

Ramz Bobojon keyinchalik isyonkor rus shoirining “Boyarin Orsha” dostonini ham o‘ziga xos mahorat bilan tarjima qildi, asar Lermontovning 1964 yilda chiqqan “Poemalar” kitobiga kiritildi. Kitobga so‘zboshi yozgan atoqli shoiramiz Zulfiya bu asarga ulug‘ adabiyotshunos Vissarion Belinskiyning yuksak baho berib, “uning butun ohangi, qandaydir g‘alati lazzatga to‘la. Uning mast qiluvchi dahshatli kuchidan qutulish menga mahol. Bunday she’rlar har bir o‘qigan kishini har qanday sharobdan ko‘ra kuchliroq mast qiladi” deganini juda o‘rinli ta’kidlagan.

Ramz Bobojon “Tog‘a va jiyanlar” , “Lo‘lilar”, “Insu jins yoki tirik murdalar”, “Yusuf va Zulayho” kabi dramalar muallifi bo‘lishi bilan birga, Genrik Ibsen, Sergey Mixalkov, Nabi Hazriylarning qator dramalari o‘zbek tomoshabiniga yetkazilishiga xizmat qilgan tarjimondir. Ayniqsa, uning rus she’riyatidan A. Pushkin, M. Lermontov, N. Nekrasov, A. Tvardovskiy, N.Tixonov, N.Gribachov, qardosh adabiyotlardan R.Hamzatov, N.Xazriy kabi o‘z davrining dongli shoirlarini, ularning eng mashhur asarlarini tarjima qilgani ham diqqatga sazovordir. Masalan, Pushkinning “Qo‘l bilan tiklab bo‘lmas haykal qo‘ydim o‘zimga” (matn davomida shartli ravishda “Haykal” deb olindi), Nekrasovning “Temir yo‘l” asarlari yaratilgandan beri ularning nafaqat mualliflar ijodida, balki adabiyot tarixida ham muhim hodisa sifatida talqin qilingani, zamonlar osha maktab darsliklaridan o‘rin olib kelayotgani ma’lum. Bu o‘rinda ana shu ikki asar va tarjimasi xususida alohida to‘xtalmoqchimiz.

“Haykal” shoir lirikasining so‘nggi davriga mansub eng muhim asardir. Muallif unda o‘z umrining, ijodining so‘ng pallasidagi, cho‘qqisidagi hasbiholini tasvirlagan. Bu asar uning avlodlarga, bashariyatga shoirona vasiyatidir. Tadqiqotchilar fikricha, unda shoir shaxsi, ajdodlar xotirasi va mangulik, ya’ni adabiyot va abadiyat mavzusi pushkinona ifodalangan.

1836 yil 21 avgustda bitilgan bu jahonshumul she’r muallif o‘lganidan keyin, 1841 yilda V. Jukovskiy tayyorlagan shoirning “Tanlangan asarlar”ida bosilgan. Bu asarning yozilishiga antik davrning shavkatli shoiri Goratsiy (mil.av. 65-8 y.)ning “Exegi monumentum” odasi turtki bergan. Ruschada uni “Pamyatnik nerukotvornыy”, “Poxvala pistsam” deya atashgan. Rim shoirining bu qasidasidan ilhomlangan M. Lomonosov, G. Derjavin, V. Kapnist, A. Vostokov, S. Tuchkov kabi XVIII asr mualliflari ham haykal mavzusida o‘z qasidalarini yozishgan. Ammo ulardan faqat Pushkinning dohiyona qalamiga mansub “Haykal”gina davrlar osha sevib o‘qilmoqda, davronlar shamolida yiqilmay, hamon zamonlarga, insonlarga xitob etib turibdi. O‘zbek o‘quvchisi yarim asrdan beri o‘qib kelayotgan bu asar R. Bobojonning Pushkindan tarjima qilgani – yigirmadan ortiq she’r orasida alohida ajralib turadi. Asl matndagi falsafiy mazmun, soddalik, samimiylik, ravonlik o‘zbekchada ham saqlangan. Ruschada vazn, to‘rtliklarga ko‘ra, 13 va 8 bo‘g‘inli, o‘zbekchada esa 14 va 11 qilib olingan. Tarjima san’atida bu tajribadan o‘tgan, o‘zini oqlaydigan usul. Satrlardagi kuchli ma’noni o‘z tilida to‘la va ravon ifodalash uchun tarjimon ba’zan vaznni orttirishi ijobiy natija beradi. Asliyat bilan qiyoslab ko‘rilsa, bu fikrimizga balki qo‘shilarsiz:

Qo‘l bilan tiklab bo‘lmas haykal qo‘ydim o‘zimga,
Xalqning kelar yo‘lini o‘t-o‘lanlar qilmas band;
U mag‘rur qad ko‘tardi bosh egmasdan ta’zimga,
Aleksandr qubbasidan ham baland.

Ruschasi:

Ya pamyatnik sebe vozdvig nerukotvornыy,
K nemu ne zarastyot narodnaya tropa,
Voznyossya vыshe on glavoyu nepokornoy
Aleksandriyskogo stolpa.

Bu satrlar orasidagi ma’nolar, majozlar borasida tadqiqotchilar turli fikrlarni bildirishgan. Masalan, “vozdvig”, “nerukotvornыy”, “voznyossya” so‘zlarini Iso alayhissalomning ko‘kka yuksalishi bilan bog‘lab, shoir bu satrlarda o‘ziga she’riyati bilan ilohiy bir obida yaratganiga ishora qilganini ta’kidlashadi. Haqiqiy shoir va payg‘ambar tarozining bir pallasiga qo‘yilib, daholar she’riyati va payg‘ambarlar mo‘jizasi chog‘ishtirilmoqda. Buni ovrupocha mushohada tarzi o‘laroq qabul qilish mumkin, albatta. To‘rtinchi satrdagi Aleksandr qubbasi, ma’lumki, Peterburgdagi podshoh saroyi maydonida Aleksandr I sharafiga o‘rnatilgan obida. Aytishlaricha, bu satrda dunyoning sakkiz mo‘jizasidan biri sanalgan Iskandariya mayog‘iga ham ishora bor, abadiyatga daxldorlik ta’kidlanmoqda. Zotan, keyingi to‘rtlikda o‘lim va o‘limsizlik, o‘tkinchi va mangu hayot to‘g‘risida fikr yuritilmoqda:

Yo‘q, butunlay o‘lmayman – qalbim yashar liramda,
Tuprog‘im-la chirimay yashaydi u to abad,
To biron shoir-poir qolar ekan olamda,
Meni sira tark etmaydi shon-shuhrat.

Ruschasi:

Net, ves ya ne umru – dusha v zavetnoy lire
Moy prax perejivyot i tlenya ubejit –
I slaven budu ya, dokol v podlunnom mire
Jiv budet xot odin piit.

Tarjimonning mahorati barcha satrlarda, ayniqsa, “To biron shoir-poir qolar ekan olamda” kabi misralarda bo‘rtib turibdi. Lira so‘zini ayrimlar cholg‘u, soz, deya o‘girishadi. Lirika so‘zini rubobiy she’r deb atashadi. Ammo bu o‘rinda antik adabiyot bilan bog‘liq ayni so‘zni tarjimon “qalbim yashar liramda” tarzida o‘girarkan, undagi antik dunyo va rus ijodkoriga xos ruhni saqlab qolgan. Quyidagi to‘rtlikda esa shoirning Vatanga muhabbati, uning shuhrati yurt bilan birga mangu yashashi to‘g‘risida so‘z boradi:

Ovozim-la chulg‘anar poyoni yo‘q ulug‘ Rus,
Undagi el-elatlar meni yodlaydi har dam,
Mag‘rur slavyan nasli, bugungi avom tungus,
Fin xalqiyu dashtlar do‘sti qalmoq ham.

Ruschasi:

Slux obo mne proydyot po vsey Rusi velikoy,
I nazovyot menya vsyak suщiy v ney yazыk,
I gordыy vnuk slavyan, i finn, i nыne dikiy
Tungus, i drug stepey kalmыk.

Asarning so‘ng qismida shoirning bosh fikri – yovuzlik, zulm hukmron bir zamonda erkni, adolatni kuylagani, xor bo‘lgan avomga achinishga chaqirgani va bu bilan xalqning mehrini qozongani ifodalangan. Muallif bu bilan shoirning tarixiy “missiya”si ana shu fazilatlarda ekaniga urg‘u bergan:

Uzoq zamon xalq mehriga bo‘lajakman musharraf,
Zotan, rubobim bilan ezgu hislar tug‘dirdim,
Shu yovuz zamonamda kuyladim erkni maqtab,
Xor-zorlarga achinmoqqa chaqirdim.

Ruschasi:

I dolgo budu tem lyubezen ya narodu,
Chto chuvstva dobrыe ya liroy probujdal,
Chto v moy jestokiy vek vosslavil ya svobodu,
I milost k padshim prizыval.

Ramz Bobojonning yarim asrdirki suyub o‘qilayotgan tarjimalaridan yana biri xalqparvar rus shoiri N.Nekrasovning mashhur “Temir yo‘l” asaridir. O‘tgan asrning 40-50-yillarida va undan keyinroq tug‘ilganlar ham bu she’r bilan maktabdayoq tanishgan, sevib yod olgan.

Ma’lumki, shoir krepostnoy huquqi bekor qilinmagan, inson haqlari toptalgan bir davrda yashadi va ijodkorlar ichida birinchilardan bo‘lib yovuzlikka qarshi chiqdi, rus xalqining, mujik-dehqonlarning ayanchli taqdiri haqida eng ko‘p kuyunib yozgan ham udir. Afsuski, krepostnoy huquqi bekor qilingandan keyin ham ommaga haqiqiy erkinlik va haq-huquq berilmadi. “Rusiyada kim yaxshi yashaydi” asari kabi 1864 yilda bitilgan “Temir yo‘l” she’rining mavzusi ham, bosh lirik qahramon ham mazlum xalqdir. Bir yondan qaraganda, u – barcha moddiy ne’matlarni yaratayotgan, hurmatga sazovor, ulug‘vor mehnatkash; ikkinchi tomondan boqilsa, u – xor, uvol, boshi bukik, sabrli qul. Shoir qulfe’lli ommaning ana shu sabrli sukunatidan kelajakdagi o‘zgarish qaldiroqlarini, chaqmoqlarini tuyadi va asariga yorqin umidbaxsh ohanglarni olib kiradi. Ya’ni, temir yo‘l qurilishi bitadi, uni ko‘rgan buvalar va nabiralar ham o‘tadi, ammo istiqbolda tabiatday go‘zal bir hayot bor.

Bizningcha, shoirning bu kabi she’rlarining bugungacha o‘qilayotgani, dunyo tillariga tarjima qilinayotgani, o‘rganilinayotgani va ibrat olinayotganining sababi ham uning xalq taqdiri bilan bog‘langanidadir.

She’r yurtning insonga zavq-shavq, surur beruvchi go‘zal tasviri bilan boshlanadi:

Ajoyib kuz keldi! Shifobaxsh, toza,
Horigan tanlarga bag‘ishlar darmon.
Hali daryo muzlab qotmagan rosa,
Turar eriyotgan oppoq qandsimon.

Ruschasi:

Slavnaya osen! Zdorovыy, yadrenыy
Vozdux ustalыe silы bodrit.
Led neokrepshiy na rechke studenoy
Slovno kak tayuщiy saxar lejit.

Asarning birinchi qismida keng va boy, ko‘rkam o‘lka yorqin ranglarda tasvirlanarkan, keyingi bo‘limlarda shundayin go‘zallikka tersu xilof bo‘lgan adolatsiz, zulmu zulmat muhiti, xalqning og‘ir turmushi nekrasovcha jasorat va san’at bilan ochib beriladi. Shuning uchun bu she’rni xalq haqidagi doston ham deyishadi. Tarjimada ana shu yurtsevarlik, xalqparvarlik ruhi sodda va samimiy ifodasini topgan.

Bizningcha, bunday mashhur she’rlar va tarjimalarning umri boqiydir.

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son