O‘tgan asr o‘zbek adabiy va teatr tanqidchiligida sezilarli iz qoldirgan siymolardan biri samarqandlik shoir va munaqqid, tojik tili grammatikasi muallifi Vadud Mahmuddir(1898-1976). U o‘z davrida sho‘ro mafkurachilari va komfirqa tomonidan keskin ta’qib qilindi, madaniyatchilar qurultoyida Cho‘lpon, Fitrat, Elbek va boshqalar qatori ma’naviy kaltaklandi, quvildi.
Vadud Mahmud o‘zbek adabiyotiga ko‘pgina zamondosh va tengdoshlari qatori madrasa ilmi bilan kirib keldi. Uning badiiy-estetik qarashlari xususiy mutolaasining kuchliligi tufayli o‘ziga xos tarzda shakllangan edi. Keyinchalik turk hamda rus adabiyoti va adabiyotshunosligi bilan kengroq tanishuvi natijasida dunyoqarashi yanada kengaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul Shomuhamedov yangi ijtimoiy hayot bilan tanishtirgan bo‘lsalar, Fitrat uni ma’rifat, madaniyat va adabiyotning mutlaqo yangi olamiga olib kirdi…
Vadud Mahmud Samarqand viloyati Yuqori Darg‘om tumanining Toyloq qishlog‘ida Mahmud Pirmuhamedov va Anvara Pirmuhamedova oilasida tug‘ilgan. Yetti yoshida otadan yetim qolgach, onasining Rajabamin qishlog‘idagi hovlisiga ko‘chib boradilar. O‘z so‘ziga qaraganda, ularning 12 tanob yeri, bir sigir va ikki bosh qo‘yi hamda bog‘i bo‘lib, singlisi Sabohat, jiyani Munira va Hamid uning qaramog‘ida yashaganlar. U Rajabamindagi muallim Abduqodir Shakuriyning maktabida, uning rafiqasi Roziya otin va shaxsan Shakuriyning o‘zidan ta’lim oladi. 1912-1913 yillari ustozi Shakuriy Istanbulga borib, maktab ishlari bilan tanishib qaytadi. Ustozi Turkiyadan keltirgan adabiyotlarni o‘qib, turk nasr va nazmidagi yangiliklar bilan oshno bo‘ladi. «Shakuriy turk-tatar mafkurasini juda hurmat qilib, ularning mafkurasi ta’sirida edi. Ularning fanini ilg‘or hisoblar edi», deydi V.Mahmud. U qozi Haydarbek Abusaidovdan ham saboq oladi. Chamasi, 1915-1916 yillari Shahrisabzda o‘qituvchilik qilayotgan Fitrat Shakuriy bilan fikrlashgan
i keladi va yosh Vadud bilan tanishadi. Buxoro va Samarqand yoshlari orasida ancha mashhur bo‘lgan Abdurauf Fitrat va muallim Ismoil Sadriy bilan birodar tutinishi natijasida ulardan shoir Muhammadaminbek Yurdaqul she’rlari va ismi noma’lum adibning «Buyuk Turon» romanini olib o‘qib chiqadi. «Biz Muhammadaminbek she’rlarini qo‘shiq qilib aytar edik», deydi Vadud Mahmud ko‘rsatmalaridan birida. Shu davrda Abduqodir Karimov, Akobir Shomansurov kabi ma’rifat fidoyilari bilan do‘stlashadi. Bu ijtimoiy-adabiy muhit Vadud Mahmudning tafakkuriga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. 1917 yil kuz faslida Fitrat bir necha Samarqand va Buxoro yoshlari qatori uni Ufaga olib borib, Madrasai Oliyaga joylashtiradi. O‘zi ham o‘sha yerda 20-30 kun turib, ishni pishitib qaytadi. Mahmudiy 1918 yil bahor faslida tahsilni tugatib, maxsus hujjat bilan Toshkentga keladi, so‘ng Samarqandga qaytadi. Yoz oyigacha pedagogika kursida o‘qiydi. 1919-1925 yillari o‘qituvchilik qiladi. Ammo bu orada Buxnerning «Modda va quvvat» asari bilan tanisha
di hamda ashaddiy materialistga aylanadi. 1919-1921 yillari komfirqaga kiradi va Samarqand shahar maorif bo‘limiga mudir etib tayinlanadi. Taxminan, 1922 yili Jizzax shahar maorif bo‘limi mudiri vazifasiga o‘tkaziladi. 1923 yili Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo davlat universitetining iqtisod fakultetida o‘qiydi. Oradan ko‘p o‘tmay Samarqand pedagogika institutiga mudir bo‘ladi, ammo kimlargadir fe’li yoqmay qolgani uchun yana Samarqand maorif boshqarmasiga mudir etib o‘tkaziladi.
Vadud Mahmud 1930 yil 18 avgustda bergan ko‘rsatmasida shunday deydi: «Ta’kidlashim kerakki, inqilob vaqtida mening mafkuram bir necha marta o‘zgardi. Bolalik va o‘smirlik paytimda diniy ruhda tarbiyalandim. 1917 yili «Modda va quvvat» bilan tanishib, din bilan aloqamni uzdim… Asta-sekin o‘zim sezmagan holda Qur’on o‘qish bilan shug‘ullanib, ayrim sura-oyatlarning qiroati vaqtida yig‘laydigan bo‘ldim, shunday qilib, boshimda sallayu, yana dindor odam bo‘lib qoldim».
Abdurauf Fitrat 1919-1920 yillari Toshkentda yashagani, «Chig‘atoy gurungi» uyushmasini rasmiy tashkil etib, «Tong» jurnalini nashr ettirgani ko‘pchilikka ma’lum. Ana shu paytda u Vadud Mahmudni Cho‘lpon, Elbek, Botu bilan tanishtiradi. Ular chin do‘st, ayniqsa, Cho‘lpon bilan ijodiy masalada o‘zaro maslahatlashadigan maslakdoshlarga aylanadilar. (U Samarqandga qaytgach, «Chig‘atoy gurungi»ning bo‘lagini tashkil etadi.) Vadud Mahmud Toshkentdalik kezlari Fitrat va Cho‘lpon yordamida Munavvar qori Abdurashidxonov, Obidjon Mahmudov, Nabi Rasulov, Tolibjon Musaboyev, Salimxon Tillaxonov, Laziz Azizzoda, Husaynxon Niyoziy, Saidalixo‘ja Usmonxo‘jayev, Eshonxo‘ja Xoniy, Shohid Eson, Tangriqul Maqsudiy kabi vatanparvar ziyolilar bilan tanishadi. Buxoro inqilobidan so‘ng Fitrat taklifi bilan Buxoroga borib, maorif sohasida faoliyat olib boradi. Buxorodan yana Samarqandga qaytib, maorif boshqarmasida ishlashni davom ettiradi. Ammo allakimlarningdir ta’siri bilan 1923 yili vazifasidan nohaq chetlashtiriladi. Bu haqda
Abdulhamid Sulaymon-Cho‘lpon «Turkiston» gazetasida norozilik bildiradi. U shu yili firqadan o‘z ixtiyori bilan chiqadi. 1925 yili Moskvaga borib, Adabiyot va san’at institutiga o‘qishga kiradi. 1930 yil 22 avgust ko‘rsatmalarida xotirlashicha, Moskvadalik paytida Muhiddinqori Yoqubov, Abdulhay Tojiyev, Shokir Sulaymon, Botu, Vosil Muhammadiyev, Ishoq qori Karimov bilan uchrashib turadi.
Xullas, Vadud Mahmudning Moskvadagi hayoti ajib tarzda kechdi: ilmga chanqoq bo‘lgani uchun Turkiya elchixonasi bilan aloqa o‘rnatib, elchixonadan 12ta turk adabiyotiga oid kitob oladi, «Hokimi milliya» gazetasi bilan kutubxonalar orqali tanishib boradi, Sharq xalqlari nashriyotida direktor bo‘lib ishlayotgan Nazir To‘raqulov yordamida turkcha kitoblarni mutolaa qiladi, Umar Xayyom bilan tanishadi.
U yerdan 1926 yili Samarqandga keladi. Bu yerdagi ishlarini bitirib yana o‘qishga qaytmoqchi bo‘lganda, maorif komissari D.Rizayevning topshirig‘i bilan «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalida mas’ul kotib lavozimida faoliyat olib boradi. Ammo oradan bir yarim yil o‘tgach, mafkuraga to‘g‘ri kelmaydigan maqolalar e’lon qilding, degan bahona bilan ishdan chetlashtiriladi.
1928 yildan matbuot va maorif ishlaridan chetlashib, davlat nashriyoti va turli tashkilotlarda tarjimonlik bilan kun kechiradi. Ammo uning adabiy-badiiy quvvatini sezgan Cho‘lponga o‘xshagan do‘st va zamondoshlari uni ko‘proq badiiy ijod bilan shug‘ullanishga yo‘naltirishga harakat qiladilar.
Vadud Mahmud1919-1930 yillari Turkiston, Buxoro matbuotida faol ishtirok etadi. Cho‘lpon, Fitrat ijodi haqida maqola-taqrizlar yozadi. O‘zbek shoirlari, xususan, Cho‘lpon va Fitrat ijodi haqida Abdurahmon Sa’diy bilan «Turkiston» va «Zarafshon» gazetalari sahifalarida bahs olib boradi. Sevimli adib do‘stlari faoliyati haqida hali kuch olmagan bolshavoycha dunyoqarash nuqtai nazaridan emas, balki insonni kamolotga, go‘zallik manzillariga chorlash nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Chig‘anoq ichiga yashiringan dur tsingari so‘z og‘ushidagi o‘tkir va teran ma’nolar, parvozlantiruvchi, qalblarni porlatuvchi suluv timsollar, ramzlar, tashbehlar xususida fikr yuritadi. 1925-1928 yillari «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnali, «Qizil bayroq», «Turkiston» gazetalarida bosilgan Fitrat, Cho‘lpon, Siddiqiy-Ajziyga bag‘ishlangan maqolalari, xususan, Cho‘lponning «Buloqlar» to‘plami, Fitratning «Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» piyesalariga bag‘ishlangan maqolalari fikrimizga dalil bo‘la oladi. O‘sha davrda unga «Qizil qalam»
uyushmasida Cho‘lpon ijodi haqida ma’ruza qilish topshiriladi. Vadud Mahmud o‘z ma’ruzasida Cho‘lponni tanqid etishga emas, balki uning ijodi badiiy xususiyatlarini kashf etishga intiladi. Shoir Oltoy va qalamkash Nosir Saidning 1930 yil 8-12 avgustda bergan ko‘rsatmalariga qaraganda, Vadud Mahmud 1925 yilgi ma’ruzasini avval mumtoz shoirlar ijodini targ‘ib qilishdan boshlagan. Boshqalarning eslashicha, u Mashrab ijodini Cho‘lpon ijodi bilan chog‘ishtirgan.
Uning o‘zi 1930 yil 23 avgustdagi ko‘rsatmasida: «Menga Cho‘lpon haqida ma’ruza qilishni topshirishdi, men Cho‘lpon she’rlarining Mashrab she’rlariga o‘xshash tomonlarini muqoyasa qilganimda, sho‘ro ziyolilari dinni targ‘ib etmoqdasan, deb ayblashdi. Men buni ataylab qilganim yo‘q edi…», deydi. Shundan keyin uni adabiy jarayonga jalb etishmaydi. 1927 yil oktyabr oyida o‘tgan O‘zbekiston madaniyat xodimlari qurultoyida Cho‘lpon bilan barobar unga ham qattiq hujum uyushtiriladi, javob berishi uchun imkoniyat berilmaydi va sho‘ro xunveybinlari uni qurultoydan haydab chiqaradilar. Ana shu voqeadan keyin hamma narsadan hafsalasi pir bo‘ladi…
V.Mahmudning faoliyatini zimdan kuzatib yurgan siyosiy boshqarma xodimlari 1930 yil 17 avgust kuni uning uyida tintuv o‘tkazib, qamoqqa oladilar. Unga «millatchilik, aksilinqilobiy tashkilot faoliyati haqida davlat tashkilotlariga xabar bermaganlik, bahoizm bilan shug‘ullanganlikda» ayb qo‘yadilar. OGPU hay’ati qoshidagi maxsus kengash 1931 yil 3 oktyabrda uch yil mehnat tuzatish lagerlarida va qo‘shimcha ravishda yana uch yil mobaynida Qozog‘istonda ishlashga majbur qiladi. U uch yil Toshkentda hibsda bo‘lgach, Olmaotaga surgun qilinadi. 1936 yil oxiri – 1937 yil boshlarida surgundan qaytib keladi. Lekin oradan yil o‘tmay, 1937 yil 18 avgustda «Milliy ittihod»ning faol a’zosi, o‘tmishda aksilinqilobiy, millatchilik tashviqoti olib borganlik, mashhur millatchi Ismoil Sadriy bilan aloqadorlikda» ayblanadi va 10 yilga Arxangelsk viloyatidagi Kargopol tutqungohiga surgun qilinadi. 1944 yili mazkur tutqungohda u mahbuslar orasida bahoizmni targ‘ib qildi, degan ayb bilan yana 10 yilga hukm qilinadi va muddatni 19
59 yili tugatib, Samarqandga qaytib keladi.
Chaqimchilar Fitrat, Cho‘lpon Toshkent va Samarqandda yashagan paytlari doim ularning uyida yozuvchilar, san’atkorlar, o‘qituvchilar va talabalar bo‘lganini, bahor, yoz, kuz faslida o‘tkaziladigan bu allaqanday tashkilot yig‘inida Vadud Mahmud ham ishtirok etganini ta’kidlaydilar. Ammo Vadud Mahmud 1930-1931 yillari o‘tkazilgan barcha tergov jarayonlarida o‘zining maxfiy tashkilot a’zosi bo‘lmaganini, bunday tashkilotni bilmasligini aytadi. 1937 yili esa, biron marta tergov o‘tkazilmay, to‘g‘ri Kargopol mehnat tuzatish lageriga jo‘natib yuboriladi. U qo‘yilgan aybni ham, jazo muddatini ham o‘sha yerda eshitadi.
GPU xodimlari u saqlanayotgan xonaga M.Ismoilov degan yosh talaba yigitni «quloq» sifatida biriktiradilar. U 1931 yil 14 fevraldagi chaquvida shunday xabar beradi: «Men bilan bir xonada Vadud Mahmudov va Saidnosirxon to‘ra Kamolxonto‘rayev o‘tirishibdi. Mahmudov men bilan suhbatda shunday dedi: «1923 yil yoki undan avvalroq Samarqand ijroiya qo‘mitasi yoxud Samarqand KPT(b) viloyat firqa qo‘mitasi kotibi Shermuhamedov (yoki Toshmuhamedov) meni tashkilotga a’zo bo‘lish uchun taklif etdi, men rozi bo‘ldim, lekin a’zolikka o‘tmadim, buni tergovda yashirdim… GPU xodimlari mening uyimni tintish vaqtida bir xatni topishni eplay olmadilar. Bu Cho‘lpon qo‘li bilan yozilgan maxfiy xat edi, men uni Qur’on ichiga yashirib qo‘ygan edim».
Tergov ataylab bir yo‘nalishda o‘tkazilgan, ya’ni uni «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi sifatida ayblashga qaratilgan. Shu sababli M.Ismoilovning xabari ularga juda asqotgan. Biroq qaysar mahbus o‘z so‘zida turib oladi.
Vadud Mahmud surgun muddatini o‘tab qaytib kelgach, 1959, 1961, 1963 yillari tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, 1930 va 1937 yillardagi GPU va NKVD hamda Arxangelsk viloyat sudining hukmlarini bekor qildiradi. Shundan so‘ng Samarqanddan Dushanbaga ko‘chib ketadi. Ilmiy-badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. «Farhangi zaboni tojik» lug‘atini tuzishda faol ishtirok etadi. Muallimi Abdulqodir Shakuriy haqida xotira-qissa yozib, e’lon qiladi. Sho‘rolar hukumati Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Turor Risqulov, Nazir To‘raqulov, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon, Bo‘lat Soliyev, Miyonbuzrug Solihov va boshqa ko‘pgina ziyolilar qatori Vadud Mahmudni ham nohaqdan nohaq jabrladi, ammo uning qalbidagi xalqqa, Turkistonga muhabbatini so‘ndira olmadi. U o‘zbek madaniyatida o‘ziga xos ilmiy salohiyatga ega adabiyotshunos, munaqqid sifatida qoldi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.