Atoqli adib va shoir Shuhrat (G‘ulom Alimov) asosan nasr va nazmda ijod etib, elga tanilgan bo‘lsa-da, badiiy tarjima sohasida ham ibrat bo‘larlik ko‘pgina ishlar qildi, zamonlar osha eskirmaydigan go‘zal tarjimalari bilan kitobxon qalbidan joy oldi.
Shuhrat dolg‘ali 1918 yilning 19 aprelida tavallud topib, foniy olamda 76 yil umr kechirdi. Sinovlarga, hayot mashaqqatlariga to‘la yillarni boshdan o‘tkazdi. Balki ana shu sitamli kechmishlar sababmi, adib tinimsiz ijod qildi, nasrda, she’riyatda, dramaturgiyada, publitsistika va badiiy tarjimada o‘ziga xos namunalar qoldirdi. Albatta, savol tug‘iladi – nega sitamli kechmishlar sabab deya. Gap shundaki, badiiy ijod dard hosilasi, iztirob, ruhiy qiynoqlar natijasi. Hazrat Navoiydan shunday bayt keladi:
Ey Navoiy, senu Xisravu Jomiy tavri
San’atu rangni qo‘y, kerakdur dard ila so‘z.
G‘azal bobida ustod maqomiga ko‘tarilgan salaflari Xisravu Jomiy kabi hazrat Navoiy ham shaklu shamoyil, rangu jilvalarni emas, dardu armonlarni she’rda – so‘z aytishda eng asosiy maqsad deb biladi. Adabiyotning tirgak – ustuni dard deydi. Ulug‘ bobomizgacha bo‘lgan adabiyot kabi, u zot zamonida ham va albatta, undan keyin ham dardli so‘z, dardning miqyoslari badiiy ijodning ta’sir quvvati va ahamiyatini belgilovchi bosh mezon bo‘lib qoldi. Bunga yuzlab misollar keltirish mumkin. Xuddi shu fikrning isbotini Shuhrat domla she’riyatida ham bot-bot uchratamiz.
She’r nima? Ko‘ngilda yig‘ilgan armon,
Dimog‘ni achitib kelgan ko‘z yoshi.
Yo zulm tig‘ida shahid ketgan jon,
Umidning bulutda qolgan quyoshi!
She’r nima? Intizor ko‘zlar boqishi,
O‘rtangan yurakning yoniq so‘zidir.
Nur bilan to‘lg‘onib,
Dard bilan yonib,
Qalbingni larzaga solib keladi…
Shuhratning hayotida ana shunday yurak o‘rtanishlariga, dard bilan yonib kuylashiga bois bo‘lgan alamli kunlar ko‘p kechdi. Ikkinchi jahon urushi jangohlarida qo‘liga qurol tutib kurashdi, yaralanib, urush asoratlarini ham dilida, ham tanasida tuydi. Dahshatli muxorabaning zaxmi ketmay, otasi Aminjon akani tuproqqa qo‘ydi. Keyin… keyin sotqinlik, xiyonat va turli fitnalarning qurboniga aylanib, aybsiz aybdor bo‘lib, sovuq o‘lkalarda bir necha yillarni o‘tkazdi. Shoir bu hodisalardan o‘n besh sanalar keyin yozgan “Sen kulasan…” she’riga Ozarbayjon xalq qo‘shig‘idan bir iqtibos-epigraf olgandi:
Bu qanaqa zamondir,
Yig‘lagan ko‘p, kulgan oz?
Darhaqiqat, adib yig‘lagan ko‘pu kulganlar oz bo‘lgan zamonda yashadi. Baholi qudrat ijod qildi. “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”, “Jannat qidirganlar” romanlarini yaratdi. “Oqibatli kishilar”, “Bir kecha fojiasi” nomli qissalar, “Besh kunlik kuyov”, “Qo‘sha qaringlar”, “Ona qizim” pesalarini yozdi. Ijodiy tarjimai holni she’r bilan boshlab, she’r bilan poyoniga yetkazdi. 1935 yilda ilk she’rlari matbuotda e’lon qilingandan boshlab hisob qilinsa, hayot sanalarining biror kun-haftasi yo‘qki, she’rga somelik bo‘lmasa. Shu tariqa shoirning “Hayot nafasi”, “Qardoshlar”, “Sening sevging”, “Ishqingda yonib”, “Kechki nurlar”, “Lirika”, “Yoshligimning davomi”, “Qalbim jilosi”, “Shaydo ko‘ngil”, “Hali tun uzoq” kabi o‘nlab lirik to‘plamlari dunyo yuzini ko‘rdi. Aytish o‘rinliki, adib hayotining barcha murakkab, tahlikali yillari yuqorida zikr etilgan qator asarlarning dunyoga kelishiga doyalik qildi. Shu alfozda dardu armonlar goh-gohida yuz ko‘rsatadigan quvonch-shodliklar bilan qo‘shilib, XX asr o‘zbek adabiyotining yana bir atoqli namoyandasini namoyon etdi. Albatta, Shuhrat domlaning barakali ijod xirmonidagi tarjima asarlari ham u zotni ustoz sifatida o‘rganish, bisotidan bahramand bo‘lishga arzigulik hodisa o‘laroq yashab qoldi.
Shuhrat aka turli yillarda zavq bilan jahon adabiyotining buyuk va taniqli vakillari A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A.Nekrasov, A.Fet, Geyne, A.Mitskevich, Lesya Ukrainka, R.Tagor, Ilya Chavchavadze, V.Mayakovskiy, Yakub Kolas, Avetik Isaakyan, Abdulla To‘qay, Xo Shi Min, G.Leonidze, Iogannes Barbarus, Stepan Shchipachev, Shayxi Mannur, Maro Markaryan, Jumag‘ali Sain, Abdulla Tojiboyev, Platon Voronko, Pimen Panchenko, Tanzila Zumaqulova, Ota Otajonov, David Qug‘ultinov, Suan Zeu, Musa G‘ali, Vadim Sikorskiy, Ibroyim Yusupovlar she’rlarini ona tilimizga o‘girgan va ularning aksariyatini o‘zbek o‘quvchisiga ilk bor tanishtirgan. O‘zbek tilida alohida to‘plam holida chop etilgan Nikolaz Baratashvili, Yakub Kolas hamda yapon shoirlarining “Xirosima faryodi” nomli kitoblarining tuzuvchisi va tarjimoni bo‘lgan. Tarjimon Shuhratning aksariyat tarjimalari, baayni she’riy turkumlari kabi, tasodif emas, balki asosan muayyan munosabat, ayniqsa, turli safarlar taassurotida amalga oshirilgan. Yevropa bo‘ylab dengizu daryolar osha qilingan sayohat “Dunay sohillari” turkumi yoki Kavkaz respublikalariga qilingan safar “Kavkaz daftari” turkumiga asos bo‘lganidek, mazkur o‘lkalar shoirlari she’riyati bilan tanishish, zamonaviy shoirlari bilan do‘stlashish natijasida adabiyotimiz xazinasini boyitgan ko‘pgina tarjima asarlari ham paydo bo‘ldiki, bu o‘z navbatida adabiy aloqalarning kuchayishiga, ijodiy hamkorliklarga keng yo‘l ochdi. Xuddi shu fikrni Shuhrat domlaning Yaponiyaga sayohati tufayli dunyoga kelgan “Xirosima faryodi” to‘plami munosabati bilan ham aytish mumkin. Qirqqa yaqin zamonaviy yapon shoirlarining she’rlaridan tartiblangan to‘plamning bosqinchilik urushiga, ofat yog‘diruvchi atom bombasining dahshatlariga qarshi ehtiros bilan yaratilgan yagona mavzudagi she’rlardan iborat kitobning paydo bo‘lishi o‘sha davrlar uchun ham, bugungi kun uchun ham birday ahamiyati bor, albatta. Bu, avvalo, mavzuning dolzarbligi yo‘qolmagani bilan izohlansa, ikkinchidan, shunday maqsadli yo‘naltirilgan to‘plamlarga ma’naviy ehtiyojning kuchayayotgani bilan o‘z isbotini topadi. Ayni chog‘da shoir Shuhratning tarjimonlik mahorati haqida so‘z yuritishga ham to‘la asos beradi. Masalan, Naoki Usamining “G‘amgin ko‘zlar” she’ri ilk satrlari tarjimada shunday yangraydi:
Olcha pushti gullari
Nurga to‘lganda,
Bahor ko‘rki kundan-kun
Yashnab kulganda,
Nega g‘amgin boqasan
Nega bu turish,
Ey, notanish go‘zal qiz,
Ey tamakfurush?
Yoki Kyosuke Simadzuning “Okinava” oroliga bag‘ishlangan she’ri shunday boshlanadi:
Bu orollar go‘yo dengiz
Chamanida guldasta.
Dala-qirga dasta-dasta
Sochilgan ming havasda.
She’rshunoslikda alliteratsiya – tovushlar uyg‘unligi, ritorik murojaat, to‘q qofiya kabi atamalar bilan yuritiladigan ijodiy hodisalarning yorqin misoli bo‘lgan bu misralar tom ma’nodagi badiiy mahorat belgilaridir. Atoqli tarjimon va olim Ibrohim G‘afurov yozadi: “Biz ko‘pincha tarjimonga individ deb qarashni unutib qo‘yamiz. Holbuki, tarjimon ham ijodkor individ. Demak, uning ham o‘z tasvir manerasi, jumla qurish usullari mavjud. Ayniqsa, shoir tarjimonda va adib tarjimonlarda bu hodisa juda xarakterli va yorqin namoyon bo‘ladi”. (I.G‘afurov. Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish. T., 2008y. 79-bet).
Ozarbayjon tilidan o‘girilgan mana bu mumtoz satrlar tarjimonning individ, teng-to‘shli shoir-tarjimon ekaniga yana bir misoldir.
Har yetuk go‘zalni go‘zal demasman,
Go‘zalda bir g‘ayri alomat bo‘lar.
Sochlari bir yonda, beli bir yonda,
O‘zi bilmas, o‘zida bir odat bo‘lar.
Mulla Panoh Voqifdan olingan bu satrlarni Shuhrat domla alohida ixlos bilan tarjima qilganki, xuddi boshqa bir ozariy ulug‘ shoir Fuzuliy o‘zbek xalqining o‘z shoiriga aylanib ketganidek, mazkur satrlar ham o‘zbek xalqining suyumli qo‘shiqlariga aylanib, allaqachonlar qalbidan joy olgan. Umuman, Shuhrat domlaning Ozarbayjon she’riyatiga muhabbati bo‘lakcha edi. U Voqifdan tashqari Samad Vurg‘un, Mikoil Mushfiq, Sulaymon Rustam, Rasul Rizo, Nabi Xazriy kabi qator shoirlarni alohida mehr bilan o‘z ona tiliga o‘girgan, ayrim o‘ziga zamondoshlari bilan qalin do‘stona rishtalar bilan bog‘langan edi. U Ozarbayjonga bir necha bor safar qilgan, uning she’rlari ozar tilida ham qayta-qayta chop etilgan edi. Binobarin, domla tarjimachilikni haqiqiy ijodning to‘laqonli bir yonalishi sifatida tushunar va juda jiddiy munosabatda bo‘lar edilar.
Kamina o‘tgan asrning 70-yillari Shuhrat domla bilan farzandlari Bobur Alimov tufayli tanishib, bir necha bor suhbatlarida bo‘lganimda, tarjimonlik amaliyotlariga doir ba’zi fikrlarini eshitgan edim. Kunlarning birida, hali Shuhrat domla xastalikka yo‘liqmagan pallalari, uylariga borsam, ishlab o‘tirganlarini aytishdi. Biror soatlardan so‘ng qo‘llarida ko‘zoynak, ishxonalaridan chiqib keldilar. Salomlashgach, qanday ish bilan band ekanliklarini so‘radim. Gruzinlarning XIX asrdagi mumtoz shoiri Nikolaz Baratashvili she’rlarini tarjima qilayotganlarini aytdilar. “Bor-yo‘g‘i o‘ttiz yettita she’ri ma’lum, ammo har biri bir dunyo. Shu kichkinagina to‘plam bo‘ladigan she’rlari bilan jahon adabiyotiga kirgan shoir. Gurjilar ham she’rni, shoirning qadrini biladigan xalq. Umuman, haqiqiy shoir bir satridanoq bilinadi. Faqat bir-ikki misrasi bilangina shuhrat topgan shoirlar ham bor…”.
Vaqti-soati bilan Shuhrat domlaning tarjimonlik faoliyati va mahorati borasida ham tadqiqotlar yaratilar. Qo‘llanma-darsliklardan joy olar. Bunda, albatta, qator misollar keltirilib, muqoyasalar qilinar. Lekin ustozning o‘zlari aytgan o‘sha fikrni biroz o‘zgartirib o‘zlariga nisbat berib aytsak, ayni adolatdan bo‘ladi: haqiqiy tarjimon birinchi satridanoq bilinadi…
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son