Sherkon Qodiriy. “Obid Ketmon”ga qaytib…

Adabiyot tarixidan ma’lumki, Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”ni tamomlagach, “Amir Umarxonning kanizi” nomli tarixiy roman yozmoqchi bo‘lgan. Ammo 1932 yili 23 aprelda VKP (b) Markaziy Qo‘mitasi “Adabiy-badiiy tashkilotlarni qayta tuzish haqida” qaror qabul qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘jayev (1896–1938 yillar) adibni huzuriga chorlab, qishloq hayoti haqida biror asar yozishni taklif etadi. Bobomiz qishloq hayotini o‘rganish maqsadida Toshkent shahri yaqinidagi Ko‘kterak qishlog‘iga yo‘l oladi… Goh otda, gohda piyoda yurib, dalalarni kezadi, paxta chopiqlarida qatnashib, bobodehqonlar bilan suhbatlashadi. Shu tariqa “Amir Umarxonning kanizi” romani ortga surilib, “Obid ketmon” qissasi yoziladi va asar 1935 yilning boshlarida nashrdan chiqadi.

Qissa dunyo yuzini ko‘rgach, qattiq tanqid­ga uchradi. ”Qizil O‘zbekiston“ gazetasining 1937 yil 3 iyun sonida J.Sharifiy va O.Sharafiddinovning “Obid ketmon haqida” maqolasi chop etiladi. Bu haqda otamiz shunday xotirlagandi: “Dadam qo‘llaridan tarixiy romanlar o‘qishga o‘rgangan xalq “Obid ketmon”ni o‘qib, turlicha talqin qila bosh­ladi. Dadamning o‘zlariga bir nima deya olmasa ham ba’zilar menga: “Otangizning bu kitoblari anavilardek emas”, deb e’tiroz bildira boshladi. Bu e’tirozlarga men ba’zan qo‘shilar, ba’zan achchig‘lanardim”.

Bu atroflicha fikr-mulohazalar, albatta. Qolaversa, bu mamlakatning birinchi besh (1928 – 1933) yillikdagi qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga bag‘ishlangan asar. O‘sha vaqtlar Sovet hukumati oldida bosmachilik (aslida milliy ozodlik – Sh.Q.) harakatini tugatish, qishloqlarda yakka dehqon xo‘jaliklarini birlashtirib, kolxozlar tuzish vazifasi turardi. Buning uchun birinchi navbatda quloqlarni sinf sifatida tugatishga qaror qilinadi. Adib o‘z asarida shunga ishora qilib, kolxoz idorasining joylashgan o‘rnini “Bulturgi yil quloqqa chiqarilib, Ukrainaga jo‘natilgan Abdujalil tegirmonchining kichkina mehmonxonasi“ deydi. “Quloqqa chiqarilib” ta’rifidagi “quloq” so‘zi ruscha “kulak“ so‘zining buzilgan shaklidir. “Quloq”, ya’ni “Mushtumzo‘r” – katta yer egasi, boshqalar kuchidan foydalangan qishloq boyi, demakdir. Bunday boylar o‘z ishbilarmonligi va uddaburonligi bilan mol-mulkini ko‘paytirgan. Aksariyatining mol-mulki aslida ota-bobosidan meros bo‘lsa-da, qonun chiqqach, o‘z yerlarini ixtiyoriy ravishda hukumatga topshirgan. Shunga qaramay, Stalin siyosatiga binoan “Kishi kuchidan foydalanish – jinoyat” hisoblanib, ularning yer-suvi va mol-mulki tortib olindi. O‘zlari xotin, bola-chaqasi bilan sovuq o‘lkalarga badarg‘a qilindi. O‘sha yillari qirg‘inga uchraganlar soni 37-yildagiga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan.

“Obid ketmon”dan o‘qiymiz: “–Bizning g‘o‘za ”Paxtachi”(kolxoz nomi – Sh.Q.)ning yerga qanot yozib tullash uchun bag‘rini issiq kesakka berib yotgan musichaga o‘xshash umirvoqi g‘o‘zasidan emaski, terimchilar Mirzaning cho‘lida yurgandek g‘o‘zani oralasalar, – deydi Mulla Obid”. Bizningcha, bu o‘rindagi “umirvoqi” so‘zi bilan adib o‘sha paytdagi dehqonchilik ishlari hukumat tomonidan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini urg‘ulaydi. Sho‘ro hukumatining ”Tabiatni bo‘ysundiramiz!” degan noto‘g‘ri falsafasi natijasida cho‘llar tabiat qonuniyatlariga zid ravishda o‘zlashtirilib, to‘qaylar yo‘q qilingani, tuzatib bo‘lmas ekologik fojialar yuzaga kelgani esa sir emas. Paxta deb qanchadan-qancha odamlar azob chekmadi, deysiz. Bu haqda otamiz shunday hikoya qilgandi: “Dadam “O‘tkan kunlar” romaniga material to‘plash uchun Farg‘onaga borganlarida, Marg‘ilondan sakkiz tepkilik qora xonatlas keltirgan edilar. Ikki kiyimligidan oyim bilan Josiyat bibim ko‘ylak tikib kiyishgan, qolganini esa besh-oltita katta-katta ko‘rpa qilishgan edi. Shu ko‘rpalardan ikkitasini so‘kib, paxtasini dadam o‘z qo‘llari bilan mahallaqo‘mga chiqarib topshirdilar. (Keyinchalik bu ko‘rpalarning avrasidan Oykumush va Nazifa opamga kuylak tikib berishdi. O‘sha ko‘rpalardan birini hozirgacha saqlab kelamiz). Shunda oyim bir narsa demasalar ham, Josiyat bibim e’tiroz bildirdilar:

– Nima balo, hukumat shu ko‘rpalarning paxtasiga zor bo‘lib qoliptimi, Abdulla?

– Zor bo‘lganmi-yo‘qmi, bu siyosatchilik oyi. Bunga qarshi: ”Yo‘q, bermayman“, deb bo‘lmaydi. Zarur bo‘lganki, soliq solganlar.

– Juda bo‘lmasa, sendan olmasalar bo‘lardi.

– Bo‘lmaydi, oyi. Endi boy ashraflardan soliq olinmaydigan yo kamaytirib olinadigan zamonlar o‘tib ketgan“.

Yana qissadan o‘qiymiz: “Tiktepa qish­log‘ining guzarida Mulla Obidning qo‘lidagi favqulodda ketmonni ko‘rgan har kim kuladi:

– Afrosiyobdan qolgan desak, yangi…”

Mazkur jumladagi “Afrosiyob” so‘zi Samarqanddagi tarixiy yodgorlikka ochiqdan-ochiq ishoradir. Ma’lumki, tarixiy manbalarda asli ismi Alp Er To‘nga bo‘lgan Afrosiyobni sharq olamining, xususan, Eron va Turonning deyarli hamma allomalari birdek “Turonning ulug‘ tayanchi, dunyoning mashhur hukmdorlaridan biri” sifatida tasvirlaydi. Millat tarixi, turkiy xalqlarning buyuk shaxslari bilan faxrlanish hissi esa o‘sha vaqtlarda kimlargadir yoqmasligi tabiiy edi.

Yozuvchi Mulla Obidning erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmay qilgan mehnati mevasini shunday qayd etadi: “Bir tanob yerdan oltmish pud paxta, yarim tanobdan ikki yuz pud kartoshka, yigirma pud jo‘xori, o‘n besh pud mosh, olti yuz bog‘ beda, to‘rt yuz pud sholg‘om va turup, ikki yuzta adog‘i o‘ttuz-qiriq, hatto elli qadoqli qovoq, ikki yuzta tarvuz, allaqancha piyoz, lavlagi, savzi va ko‘p narsalarga ega bo‘ldi”. Bizningcha, bu parcha orqali o‘sha vaqtda yurtimizda yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari haqida real ma’lumot berilmoqda.

Endi qissa bosh qahramoni ismiga taqalgan “Mulla” so‘ziga to‘xtalsak. O‘zbek tili lug‘atida “mulla” so‘zi o‘qimishli, Allohdan qo‘rquvchi, taqvodor odam deyilgan. Asardagi Mulla Obid ham ”Eski adabiyotni yaxshi o‘quydi, ayniqsa “Shohnoma”, Ahmadzamchi, Abomuslim dostonlarini, Jamshid afsona va asotir(rivoyat)larini o‘qig‘anda juda ham jonli chiqaradi”, deb ta’riflanadi.

Kitobdan Mulla Obidning qulog‘i og‘irligiga oid quyidagi ma’lumotni o‘qiymiz: ”Bu nuqson unga ming to‘qquz o‘n oltinchi yilda Germaniya frontida ilashadi… O‘zining so‘ziga qaraganda… o‘sha yilda… bir boyga yollanib, frontga ketadi…”. Xo‘sh, Germaniya frontida nimalar bo‘lgan? Mulla Obidning Germaniya frontiga qanday bog‘liqligi bor? Tarixdan ayonki, 1914–18 yillari Germaniya, Avstriya, Vengriya va Rossiya, Ang­liya davlatlari o‘rtasida Birinchi jahon urushi bo‘lib o‘tgan. Bu tarixda “Antanta davlatlari urushi” deb ham nomlanadi. Ma’lumki, o‘sha davrda Nikolay II front ortidagi ishlarni bajarish uchun mustamlaka o‘lkalardan 19 dan 49 yoshgacha bo‘lgan, jami 250 ming yigitni majburiy ravishda mardikorlikka olishga buyruq beradi. Bunga qarshi joylar(Jizzax, Andijon)da xalq qo‘zg‘olonlari bo‘ladi. Ko‘p­lab qurbonlar beriladi. Oxir-oqibat Oq poshsho hukumati g‘olib kelib, mahalliy xalq vakillari urushga safarbar etiladi. Frontga ketganlarning qanchasi nobud bo‘lgan, qanchasi nogiron bo‘lib qaytgan. Millatimiz boshidan kechirgan bu ko‘rguliklar “Qarg‘alar uchsa qaraylik”, “Zolim Nikolayning zambaragi” kabi xalq qo‘shiqlarida ham yaqqol ko‘rinadi.

Obid ketmon qismati orqali adib birinchilardan bo‘lib kitobxonni o‘sha davrdagi tarixiy musibat bilan bir qadar tanishtirishga harakat qildi. Aytishlaricha, bobomizning o‘zlari ham mazkur urushdan nasibador bo‘lishiga bir bahya qolgan. Otamizning xotirlashicha, “Qudratilla (Abdula Qodiriyning uchinchi o‘g‘li, 1897 -1956 yillar. – Sh.Q.) amakim hikoya qilardilar: 1916 yili Nikolay podshodan rabochi olish to‘g‘risida buyruq keldi. Har ikki xonadondan bir odam berilishi, bera olmaydiganlar boradiganiga ma’lum miqdorda pul to‘lashi, ya’ni odam yollashi kerak edi. Men hali bo‘ydoq, biror ishning boshini tutmaganman. Abdulla akam yangi uylangan. Rahimberdi akam ikki-uch bolali, o‘zidan ortmas, ro‘zg‘or ishi asosan Abdulla akam zimmasida, odam yollashga qurbimiz yetmas edi. Dadam bilan oyim maslahatlashib, yoshim bir-ikki yil yetmasa ham bizning uydan Abdulla akamning o‘riniga men mardikorga ketadigan bo‘ldim”.

Endi asardan o‘qiymiz: “Er islohoti vaqtida Mulla Obidga… Jalil tegirmonchining yeridan besh tanobini ayirib bermakchi bo‘ladilar. Biroq Mulla Obid… yerni rad qiladi…”. Mulla Obiddagi bunday taqvodorlik xislati kitobda yana uchraydi. Ya’ni Obid ketmon Abdujalil boyning tegirmoniga qopidagi bug‘doyini un qildirish uchun boradi. Boyning iti Mulla Obidning qo‘lini tishlab oladi. Abdujalil boy aybona (jarima) sifatida ortiqcha un bermoqchi bo‘ladi. Lekin Mulla Obid unni olishdan bosh tortadi. Demak, u o‘zganing haqidan hazar qiladigan, taqvodor odam.

“Obid ketmon”da Tiktepa qishlog‘ida joylashgan ikki masjidning imomlari haqida ham ma’lumot beriladi. Katta masjidning imomi Mullo Iso maxdum – xatib (notiq, voiz) domla. Kichik masjidning imomi Mulla Muhsin domlalardir. Xatib domlaning: “Sho‘ro hukumati ham besh-olti kunlik qordek gap, tevarakdagi qironlar sakkiz tomondan tikilganlar, faqat vaqti-soati yetmay turadi-da… ­fikrimcha, bu ko‘klamdan o‘tmas!”, degan kalvakona da’vatlaridan adibning sho‘rolar hukumati kelajagi haqidagi fikrlarini anglash qiyin emas. Afsuski, Xatib domlaning bashorati bir emas, naq yetmish uch ko‘klamdan keyin amalga oshdi. Xatib domla yana bir o‘rinda: ”Dajjoli alayhila’na (bolsheviklar demoqchi – Sh.Q.) frantsuz va italyanlar, nemis va anglichanlar, amriqo va ispaniyonlar, olmoniya va palaklar bu badbaxtni halok qilsalar kerak” deydiki, adibning bunday gaplarni qo‘rqmasdan badiiy asarga kiritishini, bilmadim, qanday baholash mumkin?

Mulla Obidning qo‘rg‘onidagi ziyofatda Xatib domla ushr zakoti (dehqon hosilidan oladigan daromadining o‘ndan bir qismi – Sh.Q) haqida uzundan uzoq ma’ruza qilib: “Uni tolibi ilmlarga berish kerak”, deydi. Shunda Mulla Obid: “Hozirgi vaqtda ko‘p diniy madrasalar yopilgan, tolibi ilmlar yo‘q”, deydi. Asar voqealari davomida Berdi tatar ham Katta masjidni yopib, kolxoz klubiga aylantirish taklifini beradi. Ammo Mulla Obid bunga yo‘l bermaydi. Ha, sho‘ro hukumati chindan ham diniy ilm maskanlarini yo‘q qildi. Qanchadan-qancha madrasalaru masjidlar buzib tashlandi. Adib o‘ttizinchi yillar adabiyotiga mana shunday siyosiy “qaltis” masalalarni olib kirdi.

Yozuvchi “Obid keton”da yana bir qahramon – Berdi tatar haqida keng ma’lumot beradi. U yoshligidan qishloqdagi Shodmon­boyning qo‘lida o‘n besh yil og‘ir mehnat qiladi. Oxirida boy unga nomardlik qiladi. Shundayki, Shodmonboy: “Qizi Xayrini Berdivoyga beraman”, deb aldab bosh­qaga uzatib yuboradi. Aldangan Berdiboy shaharga ketishga majbur bo‘ladi. Adibning ta’biricha: “Qishloq chayonining zahri uni shaharga keltirib tashladi. Ammo shaharning usti silliq ilonlari ham undan o‘z nasibalarini chiqara boshlaydilar. Berdiboy shaharda o‘n-o‘n to‘rt yillab qoladi… har bir qadamda bir aldanadi, turmushi hiyla va tazvir (yolg‘on) asosiga qurilgan jamiyatning tuzog‘idan-tuzog‘iga o‘tib ilinadi, botqog‘idan-botqog‘iga o‘tib yiqiladi. Qo‘liga pul berib qovoqxona va fohishaxonalar vositasida tortib oladilar, ochiqtirib bir burda non badaliga oylab, yillab ishlatadilar, yalang‘ochlab nomusi badaliga kiyintiradilar”.

Shu o‘rinda yana bir gap: bobomiz oqlanganidan keyin qissa qayta nashr etiladi. Ammo undan Berdiboy hayotiga taalluqli shahar muhitida yuz bergan va millatimizning fojiasi hisoblangan bir muhim chizgi tushirib qoldirilgan. Qaysiki, Berdiboy shaharda, Yaponiyaga urushga ketgan bir rus zobitning ikki bolali xotinining uyida mardikorlik qilib yurib… so‘zak(yuqumli tanosil kasalligi)ni yuqtiradi. Asarning 1956 yildan keyingi nashrida nega bunday xatolikka yo‘l qo‘­yildi? Ehtimol, istilochilarning bunday merosi illatlarini atayin yashirishga urinishgandir? Yangi nashrda bu chizgilar qayta tiklandi.

Asarda Obid ketmonga quyidagicha ta’rif beriladi: ”Obid ketmon mahdud tabiatli, faqat ishlab yeyishni yoki tuflab tugushni yaxshi ko‘rgan qorin bandalaridan emas. Xususiy ehtiyojlari o‘talib turg‘anda ortiqcha kuchini nomdorlikka berib, xalq o‘rtasida ot chiqarishni zimdan sevadi”. Jumladagi “mahdud” so‘zi “chegara” ma’nosini beradi. Mulla Obidning nafsi muayyan mezonga ega. To‘g‘ri, unda ham barcha insonlar kabi baqo g‘arizasi mavjud. Ko‘pchilik singari yaxshi yeb, yaxshi yashashni xohlaydi. Boshqalar kabi hayotda yaxshi nom qoldirishni istaydi. Lekin undagi niyat, ya’ni “nomdor bo‘lish hissi, kambag‘allar, ochlar va yalang‘ochlarning saodati yo‘lida qahramonlik”dir. Axir, “Amallar niyatlarga bog‘liq bo‘ladi”, deyishadi-ku. Demak, Obid ketmonning niyati boshqalarnikidek emas. Unda taqvo ustun.

Otamizning xotirlashicha, mahallamizdan: “Julqunboy boyib ketdi, uni ham quloq qilish kerak”, deguvchilar chiqib, yuqori tashkilotlarga chiqishgan ekan. Ular “Julqunboyni quloq qilib bo‘lmaydi”, deb bosh chayqab, kulishgan ekan.

Tiktepa qishlog‘ida kolxoz qanday tashkil topgani asarda bunday tasvirlanadi. Obid ketmon deydi: “Men hozirdan bosh­lab kolxozga kiraman! Olti tanob yer, bir ot, bir hukuz, bir arava, ot asboblari bilan, ikki tishli bir so‘qa (er haydash uchun ishlatiladigan cho‘yan tishli oddiy asbob, omoch), bir mola (haydalgan yerni kesaklarini maydalab tekislashda ishlatiladigan yog‘ochdan yasalgan asbob), uchta ketmon, ikkita o‘roq, yana bir sariq shved sigir buzog‘i bilan, to‘rtta sog‘liq qo‘y, o‘ttuz pud urug‘liq bug‘doy, besh pud mosh”. Demak, kolxozlar xalqning xususiy mulki va ashyolari evaziga tashkil etilgan. Sibirga surgun etilganlarning mol-mulklari tortib olinganini ham unutmaslik kerak, albatta.

Kitobda o‘qiymiz: “Ertasi erta bilanoq idoraga elli chog‘liq dehqonlar yig‘ilib qoladilar… Hozir tuzatishdan chiqqan to‘qquz so‘qa bilan yigirma to‘rtta omoch yer haydashga yuboriladi. Bularning ustidan qarab yurish uchun Obid ketmon, Usmon polvon, Karim ota va Berdi tatarlar nazoratga belgilanmakchi bo‘lsalar ham, bunga ayniqsa Obid ketmon ko‘nmaydi:

– Podachi ko‘paysa, mol harom o‘ladi deganlar, – deydi, – nazorat uchun faqat Karim otaning o‘zi kifoya, bir otga minsin-da, qo‘shlar ustida aylanib yursin. Men, Usmon polvon, Berdi tatar ham omoch olaylik, tezda yerlarning yuzini tirnashga harakat qilaylik.

Ayniqsa, bu fikr ko‘pchilik tomondan olqishlanib qarshi olindi. Chunki kattalarning ham o‘z yonlarida, past ishda ko‘rish taraddudida turgan dehqonlarg‘a dalda bo‘lib tushdi”.

Mulla Obidni raislikka saylash masalasida kolxoz a’zosi Ahmad tog‘a so‘z so‘raydi: “Kolxozga rais bo‘ladigan kishi nomozxon bo‘lsa ham maylimi, bunga hukumatlarimiz nima der ekanlar?”. Ahmad tog‘a tomonidan bunday savol berilishi bejiz emas. O‘sha vaqtda rahbarlikka qo‘yiladigan shaxslar, albatta, partiya a’zosi bo‘lishi shart edi. Partiya rahbarining nomozxon bo‘lishi esa katta ayb sanalardi. Adib bu masalada Rafiqov tilidan: ”Nomoz o‘qush, o‘rtoqlar, kishining xususiy ishi, birov ko‘pchilikning ishiga va hukumatning siyosatiga zarba berish uchun nomoz o‘qur ekan, albatta, hukumat bunga yo‘l qo‘yolmaydi. Ammo har ikki tomonga zararsiz ravishda birov nomoz o‘qir ekan, bunga hukumat hech narsa demaydi” deb, o‘zining oqil fikrini bildirib o‘tadi.

Yana kitobdan o‘qiymiz: “Mana shu foydali musobaqani davom ettirishni tilagan o‘rtoq o‘rnidan turib kelsin-da, mening qo‘limdag‘i ko‘k choyni olsin, bugun emas, ertaga “kallakdor ro‘ynatan” (Firdavsiyning “Shohnoma” dostonidagi o‘q va zarbalar o‘tmaydigan Isfandiyorning laqabi) bilan qo‘l olishsin! (Davraga Nosirboy chiqadi).

– Men! Nomim Nasir sayyori Samarqandiy (“Abu Muslim” dostonidagi xalq qahramonlaridan birining nomi)”.

O‘quvchida: “Adib nega tarixiy qahramonlar nomini tilga olyapti?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Muallif shu yo‘l bilan balki bizni yana bir bor o‘tmish adabiyotlari bilan oshnolashtirishga harakat qilgandir? Balki o‘z qahramonlarini o‘tmish bahodirlariga tenglab, ularning qad­rini oshirmoqchidir?

Asarda maktab bolalarining ham paxta terimiga jalb qilinishi haqida shunday deyiladi: “Ettinchi kun shahardagi Lunacharskiy nomidagi o‘rta maktab o‘quvchilari yordamga chiqdilar”. Demak, sho‘rolar hukumatining birinchi besh yillik davridan boshlab, avval maktab o‘quvchilari, keyin oliy o‘quv yurti talabalari paxta terimga jalb etilgan. Ular bir necha oylab, yozda kolxoz mollari salqinlaydigan joy(barak)larda, o‘g‘il va qiz aralashiga joylashtirilgan. Dalalarda paxta qolmagan bo‘lsa ham to qor yoqquncha majburiy ushlab turilgan. Bunday bedodlikka 2016 yilga kelibgina barham berildi.

Shu o‘rinda ayrim mulohazalarni ta’kidlagimiz keladi: “O‘tkan kunlar”da ham, “Obid ketmon”da ham Zaynab (Mulla Obidning qizi) obraziga duch kelamiz. Nega? Tahlil asnosida yana bir savol tug‘iladi: Obid ketmon Abdulla Qodiriyning o‘zi emasmikan? Bunday deyishimizga sabab, adib “Obid ketmon”ni yozayotgan paytida 48 yoshda bo‘lgan, Obid ketmonning yoshi 45da. Abdulla Qodiriy 1926 yildan boshlab, bog‘ining yonidagi uch tanobdan mo‘lroq bo‘lgan, asli Mirlar mahallasiga tegishli vaqf yerni olti yuz so‘mga sotib olib, jar-jurg‘alarni ko‘mib, tekislab, bog‘-rog‘ barpo etadi. Bog‘ o‘rtasiga shaharning zo‘r ustalarini chorlab, mashhur shiyponini qurdiradi. Ushbu jarayonni otamiz shunday xotirlagandi: “Dadam bu ishlarning barchasida o‘zi bosh-qosh bo‘ldi; u qop-qorayib ketgan, boshida oq qalpoq, ustida oq kamzul, mahsichan ketmonni urgani-urgan, tepa buzib zambilg‘altakda tuproq tashigani-tashigan edi”. Obid ketmon ham qayinotasi bergan tepani mashhur katta ketmoni bilan buzib, maxsus yasatilgan katta aravasida turpoq tashib, cho‘nqirlarini to‘ldirib, tekislab, yerining o‘rtasiga shiypon bunyod etadi. Abdulla Qodiriy Oq poshsho davrida mardikorlikka olinishi kerak edi. Ammo ukasi Qudratilla uning joniga oro kirib, ushbu balodan qutulib qoladi. Mulla Obid esa mardikorlikka olinadi. Yozuvchini ham, Mulla Obidni ham sal bo‘lmasa quloqqa chiqarishadi. Abdulla Qodiriy arab imlosini lotinga almashtirilishiga qarshi bo‘lgan. Savodsizlik avj oladi, deb hisoblagan. “Obid ketmon”da esa bu haqda Hasan Rahmat shunday deydi: “Raisingiz lotinchaga ham qarshi, uch yildan buyon lotincha savodini chiqarolmaydi”. Adib ham, bosh qahramon ham firqaga a’zo bo‘lmagan. Adib “men munda ayblikman, chunki manim ta’biatimda fard(yolg‘iz)likka yaqin bir xususiyat bor edi“ desa, Mulla Obid “Firqaga kirish… menga to‘g‘ri kelmas… Men… Xudoga ishonaman”, deydi.

Xullas, bunday o‘xshashliklar ko‘p. Masalaga oydinlik kiritish soha mutaxassislariga havola.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 14-son