Shar’iy Juzjoniy. Gaboning boqiy xayollari

http://n.ziyouz.com/images/adabiyot/markes2.jpg

Xuddi zanjilarnikidek jingalak sochlari, samimiyat, ishonch va ulug‘vorlik balqib turgan ko‘zlari, tropik naqshlar bilan bezatilgan ko‘ylaklari Gaboga odamlarni darrov o‘ziga mahliyo etuvchi ajoyib joziba baxsh etardi. XX asrning eng buyuk yozuvchisi deya e’tirof etilgan kolumbiyalik Nobel mukofoti sovrindori Gabriel Garsia Markesni ana shu nom bilan alqab tilga olardilar.

U 1967 yili, 40 yoshida ”Yolg‘izlikning yuz yili” degan romanini chop ettirdi. Bu asar yangi adabiy uslub yuzaga kelgani va yangi adabiy davr boshlanganidan darak edi. Bu uslubga mansub yozuvchilar keyinroq yangi hayot va xayol dunyosi chegarasini belgilovchilar o‘laroq ”Jahon adabiyotida portlash qilgan lotin amerikaliklar” deb ataldilar.

Markesning bolalik yillari Kolumbiya shimolidagi Arakataka shaharchasida – xayol va ro‘yolar dunyosida hasratu armon bilan yashayotgan to‘pori, qashshoq kishilar orasida kechdi. Buvisi Gaboni ajoyib va g‘aroyib ertagu afsonalar olamida tarbiyaladi. Markes qissaxonlik san’atini ana shu dono ayoldan o‘rgandi.  Uning o‘zi ham buni shunday e’tirof etgan edi: ”Yolg‘izlikning yuz yili” romanining bayon uslubini uzoq yillar izlasam-da, lekin, afsuski, hech topa olmasdim. Oxiri shunday xulosaga keldimki, eng maqbul yechim buvimning o‘sha uslubi ekan. U yurakni hapqirtirib yuboruvchi g‘aroyib voqealarni shunday tabiiy hikoya qilardiki, siz bu voqealarga hech shak-shubhasiz  ishonar edingiz.

AQShlik buyuk adib Uilyam Folkner asarlari mutolaa qilish orqali modernistik roman yaratish yo‘lini egallagan Markes buvisining rivoya uslubidan ilhomlanib, hayotning haqqoniy manzaralariga ko‘hna asotirlarni payvandlagan holda go‘zal badiy asar yaratdi. Tadqiqotchilar fikricha, hayot va xayolni Markesdek zo‘r mahorat bilan o‘zaro chatishtiruvchi va o‘tmishu hozir orasiga ko‘prik tashlovchi qalam sohibi kamdan-kam topiladi.

“Yolg‘izlikning yuz yili” asari manbalari Gaboga buvisi so‘zlab bergan rivoyatlaru Folknerning adabiy ta’siri bilangina cheklanmaydi, albatta. Aniqrog‘i, bu manbalarni sanab adog‘iga yetishning o‘zi dushvor. Bu ikki manba bilan birga Karib dengizi bo‘yida yashovchi xalqlar folklori, Kolumbgacha bo‘lgan davr Amerika eposi ham bu roman “tomir”larini hayot suvi bilan ta’minladi. Markes musiqa tinglashni-da benihoya sevar, bunga kitob o‘qishdan ham ko‘proq vaqt sarflar edi. Shunga ko‘ra, u o‘z rivoyasini Kolumbiya an’anaviy musiqalari tempi va ritmi asosiga qurdi. Nihoyat, Kolumbiyaning XVIII–XX asrlardagi qonli tarixi ham bu manbalar orasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlash zarur.

“Yolg‘izlikning yuz yili” romaning qog‘ozga tushishi juda og‘ir kechdi. Uni Markes 20 yil mobaynida bir sanchiq misol ko‘ksida olib yurdi. Oxiri esa ijodxonasiga qamalib oldi-da, bir yarim yil qalam va qog‘oz bilan yolg‘iz qoldi. Bu vaqtda u xotini Mersedes va o‘g‘illari Rodrigo hamda Gonsalo bilan Meksika poytaxti Mexikoda yashardi. U  Kolumbiyada davlat tepasiga kelgan o‘ta o‘ng hukumat ta’qibidan qochib, shu yerda qo‘nim topishga majbur bo‘lgandi. Romanni yozish jarayonida Markes baqqoldan tortib to uy egasigacha 120 ming peso qarz bo‘lib qoladi. Asarni noshirga jo‘natish uchun esa Mersedesning mikser va feni garovga qo‘yiladi. “Mabodo roman yomon chiqqudek bo‘lsa, biz aniq kasodga uchrardik”, deb tan olgan edi keyinroq Mersedes.

“Yolg‘izlikning yuz yili” romani nafaqat ispanzabon mamlakatlar, balki butun dunyoda shon-shuhrat qozondi. Adabiyot bilimdonlari Markesni Servantes va Shekspir bilan qiyoslay boshladilar. Romanning esa butun insoniyat o‘qishi shart bo‘lgan “Ibtido”dan keyingi ikkinchi kitob”, deya e’tirof etildi. Nafsilamrini aytganda, Markes o‘z mintaqasi – Lotin Amerikasining “Ibtido” kitobini yaratgan edi. Romanda bir shaharcha – Makondo va bir oila – Buendilar tarixi aks topsa-da, lekin ular ramz o‘laroq Lotin Amerikasi va uning jafokash xalqi tarixini mujassamlashtirar edi. Lotin Amerikasi XV–XVI asrlarda dastlab kashf etilgan bo‘lsa, Markes XX asrda uni qayta kashf etdi, degan olqishlar yangrardi.

Romanda Lotin Amerikasi tarixi uchun xos harbiy diktaturalar, agressiv seksizm, shuningdek, isyonlar, iztiroblar, zo‘ravonliklar badiiy gavdalantirildi. Tabiiyki, asarda Lotin Amerikasining o‘tkir ijtimoiy muammolari, fusunkor realizm badiiyatiga muvofiq, yanada mubolag‘ador in’ikos topgandi. Markesning vatandoshi bo‘lmish jurnalist va yozuvchi Felipe Restrepo Pambo iborasi bilan aytganda, “Yolg‘izlikning yuz yili” romanini kattalashtirib ko‘rsatuvchi qabariq oynaga o‘xshatish mumkin edi. Unda Lotin Amerikasi o‘zining barcha fazilatu razolatlari bilan yaqqol namoyon bo‘lgandi.

MARKES  VA KASTRO

Tadqiqotchilar “Yolg‘izlikning yuz yili” romanining 1-qismi Kuba inqilobi ta’sirida yozilgan, deb ta’kidlashadi. Ma’lumki, 1959 yil 1 yanvarda Fidel Kastro boshliq “26 iyul harakati” a’zolari va ularga xayrixoh boshqa kuchlar qurolli qo‘zg‘olon yordamida Fulxensio Batistaning harbiy diktaturasini ag‘darib tashladi.

XX asrning 50-yillarida Lotin Amerikasining bir qator mamlakatini xunta orqali hukumatga kelgan katta-kichik ofitserlar boshqarardi. Ularning aksariyati nafaqat zolim va qonxo‘r, balki ayni chog‘da ayrim qudratli davlatlarning malaylari ham edi. Chunonchi, Kuba  Batista rejimi davrida mutlaqo arzon xomashyo o‘lkasi va aysh-ishrat markaziga aylanib qolgandi. Fidel Kastro darhol Kubada xalq hokimiyatini o‘rnatdi va sotsialistik islohotlarni boshlab yubordi.

Bu inqilob G‘arbiy yarim sharda ijtimoiy tartibotni o‘zgartirish va AQSh tazyiqidan ozod bo‘lish imkoniyatini ochishi bilan barchani lol qoldiradi. Markesda ham shu inqilob ta’sirida Lotin Amerikasining  baxtli kelajagiga umid uyg‘onadi va bu kayfiyat “Yolg‘izlikning yuz yili” romanining 1-qismi ruhini belgilaydi.

O‘sha davrning intellektual elitasi – Mario Vargas Losa, Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu, Simona de Bovuar va boshqalar dastlab Kuba inqilobini himoya qilib chiqadi. Lekin, taassufki, keyinchalik ular jamiyatning Kuba modelidan hafsalasi sovib, bu inqilob bilan orani ochiq qiladi.

Markes esa Ozodlik oroli bilan aloqani uzmadi va uning rahbari bilan bir umr do‘st bo‘lib qoldi. Zero, Markes XX asrning 50-yillarida  Sharqiy Olmoniya va Sovet Ittifoqida bo‘lgan, uning siyosiy qarashlari,  sotsializm lageri va so‘lchi g‘oyalarga xayrixohlikda shakllangan edi.

Lotin Amerikasining Karlos Fuentes va  Mario  Vargas Losa kabi  mashhur yozuvchilari Fidel bilan do‘stligicha qolgani uchun Markesni  tanqid ostiga oldi. Hatto Losa azbaroyi jahli chiqqanidan o‘z xalafini  ”Kastroning polvonchasi” deya kamsitdi. Lotin Amerikasining ikki Nobel mukofoti sovrindori (1982 va 2010) ko‘p yillar bir-biri bilan gaplashmay yurdi.

Kastro bilan do‘st bo‘lib qolishi uchun Markesda yetarlicha asoslar  bor edi. U 1982 yili bergan bir intervyusida o‘zi bilan Fidel o‘rtasidagi do‘stlik mohiyati haqida bunday degan edi: ”Ikkimizning oramizdagi munosabat fikr almashish do‘stligidan boshqa narsa emas. Kastroning yuksak madaniyat sohibi ekanini ehtimol ko‘pchilik bilmas. Lekin biz har gal uchrashganda faqat adabiyot mavzuida suhbat quramiz”.

Markes o‘z asarlarini chop ettirishdan avval Kastro nazaridan o‘tkazib olardi, degan gap-so‘zlar bor. Hatto shunday bo‘lgan taqdirpda ham bir faktni nazardan soqit etmaslik kerak. Fidelning Markes asarlariga kiritgan o‘zgartirishlari aslo g‘oyaviy (mafkuraviy) tabiatga ega bo‘lmagan. Buni hafsala bilan hijjalab mutolaa qilish va tahrir etish, deyilsa ko‘proq to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Kastro bir hikoyada qayiqning suzish tezligiga doir xatoga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi. Boshqa asarda esa qaysidir to‘pponchaga qancha o‘q ketishi noto‘g‘ri yozilganini uqtiradi. Yana bir o‘rinda esa ov miltig‘i yanglish tasvirlanganiga e’tiborni qaratadi.

Markesning o‘zi qayd etishicha, u Kastro rejimining ayrim jihatlarini tanqid qilishga ham jur’at etgan.  To‘g‘ri, shu yuzasidan matbuotda alohida chiqishlar qilmagan, ammo yuzma-yuz muloqotlarda ularni dadil ayta olgan. Markes Fidel siyosatidagi ba’zi keskinlik-larni yumshatishga erishgani, uning aralashuvi bilan ayrim dissidentlar ozodlikka chiqqani haqida birmuncha ma’lumotlar bor.

MARKES  VA  AYTMATOV

Markes turkiy dunyoning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan ham do‘stlik rishtalarini bog‘lagan edi. Olamshumul shon-shuhrat qozongan  bu so‘z san’atkorlari dunyoning turli mintaqalaridagi adabiy anjumanlarda ko‘p bor hamsuhbat bo‘lgani tabiiy, albatta. Qolaversa, Chingiz Aytmatov xonadonidan turli qit’alardan tashrif buyurgan so‘z san’atkorlari qadami arimasdi.

Chingiz Aytmatovning o‘g‘li Eldor o‘z intervyularidan birida “Bizning xonadonimizga afsonaviy Gabriel Garsia Markes mehmon bo‘lib kelgan edi… Otam bilan stol atrofida suhbat qurib o‘tirishgan paytda men ularning tegrasida aylanib, o‘ynab yurganimni eslayman, xolos. Darvoqe, o‘sha muloqotlar aks ettirilgan oilaviy video ham saqlanib qolgan. Hozir ularni tomosha qilish o‘zimga ham zavq-shavq bag‘ishlaydi, – degan edi.

Bu do‘stlik zamirida, avvalo, ularning ikkisi ham XX asrda Lotin Amerikasi va Turkiy Dunyo yangi eposini yaratgani tursa, ajab emas. Shunisi qiziqki, bolalik yillarida buvisidan eshitgan ertak va afsonalar Markes singari Aytmatovning adabiy taqdirini ham belgilab bergan. “Mening butun ijodim va qariyb har bir asarimda mifologik mavzuga murojaat uchraydi, – deydi Chingiz Aytmatov o‘z intervyularidan birida. – Bu mavzu badiiy asar uchun bitmas-tuganmas manba hisoblanadi. Buvim sabab hali murg‘aklik chog‘larimdan menga afsonalar, ertaklar, rivoyatlar katta ta’sir ko‘rsatdi. U juda noyob inson, buyuk ertakchi edi. O‘sha kezlar hali nafaqat televizor, hatto radio ham yo‘q edi. Buvim – mening televizorim edi, desam xato qilmagan bo‘laman.”

Aytmatovning folklor, mifologiya, eposga bo‘lgan sevgisi, avvalo, mashhur qirg‘iz dostoni “Manas”ga bo‘lgan sevgisi bilan o‘lchanadi. Chingiz og‘a dunyo xalqlari lug‘atiga olib kirgan “manqurt” so‘zi, tushunchasi manbai ham ayni shu epos edi. Manas lashkari sahroyi bir qavmning jungjanglardan ozod bo‘lishiga qanday yordam bergani haqidagi lavha “Asrni qaritgan kun” romanidagi Manqurt afsonasiga xamirturush bo‘ldi. Aytmatov qirg‘iz folkloridagi shu mavzuga doir barcha motiv va versiyalarni erinmay, sinchiklab o‘rgandi. Ularni o‘z badiiy xayoloti “olov”ida jilolantirdi va oxir-oqibat jumla olamni lol qoldirgan badiiy go‘zallikni yaratdi.

Chingiz og‘a ijodiga mifologiyaning kirib kelishi dastlab “Oq kema” qissasida yaqqolroq ko‘zga tashlangan edi. Bu asarda yozuvchi XX asr 70-yillaridagi qirg‘iz hayotini asar bosh qahramoni – murg‘ak bola ongi orqali badiiy gavdalantiradi. Bola bu hayotga bobosi so‘zlab bergan Shoxdor Ona Bug‘u haqidagi afsona ko‘zi bilan, shu afsonaga asosiga qurilgan sof mifologik ongi orqali qaraydi va shunisi hayratlanarliki, undagi illatlarni kattalardan ko‘ra aniqroq ko‘radi va bularga kattalardan ko‘ra hassosroq munosabat bildiradi. Garchi pokiza xilqat razil jamiyat bilan kurashda jisman mag‘lubiyatga uchrasa – suvga cho‘kib, halok bo‘lsa-da, lekin, ayni chog‘da ma’nan g‘alaba qozonadi – qalb sofligini asrab qoladi.

Aytmatovning “Oq kema”dan keyingi asarlarida mifologik mavzu qamrovi ortib bordi va uning badiiy-estetik vazifasi tobora o‘zgardi. “Oq kema”da hayot bola mifologiyasi orqali badiiy tahlil etilgan bo‘lsa,  “Kassandra tamg‘asi” romanida esa u endi muallif mifologiyasi orqali badiiy tahlilga tortildi. Dastlabki asarda birgina qirg‘iz jamiyati taqdiri haqida achchiq bashoratlar qilingan bo‘lsa, keyingi asarda esa Yer sayyorasi qismati haqida aynan shunday bashoratlar qilindi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov “Kassandra tamg‘asi”ning janr xususiyatlari haqida fikr yuritib, roman fantaziyaga har qancha boy bo‘lsa-da, ammo, asosan, realistik asar sifatida qabul qilindi, deya e’tirof etgandi. Ammo shuni ham unutmaslik joizki, asar janrini fantastika yoki antiutopiya deb belgilovchilar ham, aslida, nohaq emas. Chunki “Kassandra tamg‘asi” serqatlam asar sifatida bir necha janr xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan.

Asar bosh qahramoni – samoviy ruhoniy Filofey ilgari olim o‘laroq mahkuma ayollarda tajriba o‘tkazgan va  ular yordamida sun’iy odamlar yaratishga intilgan edi. G‘aroyib intihoni qarangki, embrionlar yovuzlikka to‘lib-toshgan bu dunyoga kelishni xohlamay, shu haqda insoniyatga signallar yuboradi. Homilador ayollar manglayiga nur yuborish orqali ko‘rish mumkin bo‘lgan ana shu signallar  Kassandra tamg‘asining aynan o‘zidir. Filofey bugungi insoniyatni kelajak avlodlar yo‘llayotgan shu signallardan ogoh etib, uni har qanday adolatsizligu zo‘ravonlikka barham berishga chorlaydi. Ammo Olloh ato etgan aqli tufayli barcha mahluqotdan mumtoz etilgan odamzod bu da’vatga nafaqat quloq osmaydi, balki uni masharalab kuladi. Ezgu da’vati shunday oyoqosti qilinganini ko‘rgan Filofey o‘zini ochiq fazoga otib, halok etadi. Nigilizm botqog‘iga botgan bani bashar esa adolatsizlik va zo‘ravonlikni yana avvalgidek davom ettiraveradi… Chingiz Aytmatov “Oq kema”da qirg‘iz va boshqa barcha sovet xalqlarini ma’naviy ildizidan uzilib qolish qanchalik fojeiy oqibatlarga olib kelishidan ogoh etgan bo‘lsa, “Kassandra tamg‘asi”da esa butun insoniyatni xuddi shu omil sabab odamzod o‘zini o‘zi biologik tur sifatida qirib yuborishi mumkinligidan ogoh etdi.

Agar yodingizda bo‘lsa, Markes romani ham Makondoni vatan tutgan Buendilar oilasi o‘zini o‘zi halok etishi tasvirlangan mungli sahifalar bilan yakunlanardi. Bu o‘xshashlik esa nafaqat “Kassandra tamg‘asi” va “Yolg‘izlikning yuz yili” romanlari, balki Aytmatov va Markes badiiy olami ham, o‘z ruhiga ko‘ra, naqadar yaqinligidan dalolat beradi. Ha, ikki daho so‘z san’atkori XX asrda bani bashar o‘zi ustidan o‘zi dahshatli hukm o‘qiyotganidan achchiq nadomat chekib yashadi.

XOTIRLASh MAROSIMI

Meksika va Kolumbiya davlatlari Mexiko shahrida Markes vafoti munosabati bila xotirlash marosimini o‘tkazdi. Ushbu marosimda har ikki davlat prezidentlari ishtirok etdi. Markes o‘z umrining 30 yildan ko‘prog‘ini shu shaharda o‘tkazgan va shu yerda hayot bilan vidolashgan edi.

Uning jasadi, oila a’zolari istagiga ko‘ra, kuydirilib, hoki guldonga solindi va Mexikodagi Nafis san’atlar saroyiga eltildi. Hok solingan guldon faxriy qorovul qurshovida saroy dahlizidagi tamal toshiga qo‘yildi. O‘sha kuni bu go‘sha Markes sevadigan sariq gullar bilan bezatilgan, musiqachilar u sevgan kuylarni ijro etar edi.

Markesning minglab do‘st va muxlislari uning hoki solingan guldon oldidan o‘tib, motamsaro rafiqasi Mersedes va o‘g‘illari Rodrigo hamda Gonsaloga ta’ziya izhor etdi.

Shu kuni Mexiko osmoniga minglab sariq qog‘oz kapalaklar uchirildi. Bu – “Yolg‘izlikning yuz yili” romani qahramoni ortidan har doim sariq kapalaklar uchib yurganiga ishora edi.

Yana shu kuni Kolumbiyaning Markes bolalik yillarini o‘tkazgan Arakataka shahrida unga ramziy dafn marosimi ham uyushtirildi.

Nobel mukofoti qo‘mitasining doimiy kotibi Peter Englund Markes vafoti munosabati bilan bunday degan edi: “Garchi buyuk yozuvchi oramizdan ketgan bo‘lsa-da, uning asarlari biz bilan yashashda davom etadi. Ko‘pchilik yozuvchilar soyadan boshqa narsa emas, ammo Gabriel Garsia Markes o‘zi soya solib turuvchi yozuvchilardan edi. U bu missiyasini vafotidan keyin ham davom ettiraveradi, albatta”.

Perulik Nobel mukofoti sovrindori Mario Vargas Losa esa uni buyuk yozuvchi deb atadi. Aslida, bu ikki qalamkash ko‘p yillar davomida bir-biriga qarshi bo‘lib kelgandi. Shunga qaramay, Losa Markes haqida ehtirom bilan bunday deb ta’kidladi: “Uning hayotini endi romanlari davom ettiradi va u har bir go‘shada yangi o‘quvchilar topadi”.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son