Sarvinoz Sotiboldiyeva. Arabshunos tadqiqotchi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Sharq tillari” kafedrasining arab tili o‘qituvchisi Murtazo Saydumarov 2019 yil 7–8 dekabr kunlari o‘tkazilgan Qatar poytaxti Doha shahrida “Tarjima va madaniyatlararo munosabatlar muammolari” VI Xalqaro konferentsiyasida ishtirok etdi va Shayx Hamad nomidagi tarjima va o‘zaro bir-birini tushunish xalqaro mukofotining o‘zbek-arab, arab-o‘zbek tarjima nominatsiyasi bo‘yicha g‘olibi deb e’lon qilindi. Hamyurtimiz ushbu xalqaro mukofot g‘olibi shahodatnomasi va oltin medal bilan taqdirlandi.

Shayx Hamad nomidagi tarjima va o‘zaro bir-birini tushunish xalqaro mukofoti 2015 yili Qatar poytaxti Dohada ta’sis etilgan. Ushbu xalqaro mukofotga kotibiyat kengashi rahbarlik qiladi hamda uning tizimida tashkiliy qo‘mita va mustaqil retsenzentlar komissiyasi faoliyat olib boradi.

O‘zbek tilidan arab tiliga va arab tilidan o‘zbek tiliga qilingan tarjimalar majmuasi nominatsiyasi nomzodi mustaqil ravishda ikki universitet – AQShning Indiana (Blumington) universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan tavsiya etilgan.

Shu o‘rinda Murtazo Saydumarovning arabshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tsak. Olim, asosan, arab adabiyotidagi maqomotlar borasida izlanishlar olib bordi. Maqoma janri o‘rta asr arab adabiyotining “shahar” bosqichiga xos eng xarakterli janrlardan biriga[1] aylandi. Bu janr arab adabiyotidan boshqa bir qator xalqlar, xususan, eron va yahudiy adabiyotiga ham kirdi[2]. Mazkur janr XV–XVII asrlar Yevropa pikareska nasrining kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatdi[3], degan fikrlar ham mavjud.

Maqomalar – o‘rta asr arab nasri haqida ma’lum va ma’ruf bo‘lganidan birmuncha farq qiluvchi o‘ziga xos janr. U nasr va nazmning, nafis beza­tilgan badiiy va jonli nutqning xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Nasr va nazmning yagona hikoya etish tizimida almashib kelishi islomgacha bo‘lgan davrga borib taqaladi. Maqoma janrining asoschi deb Badi-uz-Zamon al-Hamadoniy hisoblansa-da, mazkur janr Abu Muhammad al-Qosim al-Haririy ijodida o‘z cho‘qqisiga yetishdi.

Haririy qalamiga “Durrat al-G‘avvas fi avham al-xass”, “Malhamat al-i’rab fi-n-nahv” va boshqa filologik traktatlar ham mansubdir. Eng mashhur risolalari: “Siniya” – bir amir nomidan uning do‘stiga yozilgan, “Shiniya” – risola-madhiya bo‘lib, ularda “sin” va “shin” harflari bo‘lgan so‘zlar mohirona qo‘llangan. Haririy o‘z maqomalari tufayli katta shuhrat qozondi.

Murtazo Saydumarov ilmiy tadqiqotlari va badiiy tarjimalari bilan o‘zbek-arab adabiy aloqalarini rivojlantirishga faol xizmat qildi. U yuqorida aytib o‘tganimizdek, XI asr arab adibi, Basrada yashagan Abu Muhammad al-Qosim al-Haririy maqomalarining badiiy xususiyatlarini, til mahorati, Yevropa tillariga tarjimalarini atroflicha o‘rgandi, maqoma janrining o‘ziga xos xususiyatlari haqida qator ilmiy tadqiqotlar yaratdi.

1997 yili O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni adabiy hayotida muhim voqea yuz berdi. Toshkentda Yozuvchilar uyushmasining “Jahon adabiyoti” jurnali, Jiddada esa adabiyot klubining “Navofiz” (“Derazalar”) jurnali ta’sis etildi. Har ikkala jurnal oldiga qo‘yilgan maqsad bir xil bo‘lib, jahon adabiyotidagi noyob badiiy va ilmiy asarlarni o‘zbek va arab tillariga tarjima qilish edi.

M.Saydumarov rus adabiyotidan M.Zoщenko, K.Paustovskiy, I.Bunin va F.Iskandar kabi yetuk adiblarning hikoyalarini arab tiliga tarjima qilib, “Navofiz”, “Faysal al-adabiyya” va “al-Faysal as-saqafiyya” jurnallarida nashr etdi.

O‘zbek adabiyoti namunalari bilan arab o‘quvchilarini tanishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan M.Saydumarovning tashabbusi “Navofiz” jurnali tahrir hay’ati raisi Abdulaziz as-Subayyil tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jurnalning 2004 yil iyun  ikkinchi soni to‘laligicha o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlandi.

Tarjimon ushbu asarlarni tanlashda xalqimizning madaniyati, tarixi, urf-odatlari, mentaliteti va o‘zligini aks ettiruvchi asarlarga alohida e’tibor qaratdi.

Xayriddin Sultonovning tarixiy mavzudagi “Nuqta” va “Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!”, Sa’dulla Siyoyevning o‘zbek urf-odatlariga bag‘ishlangan “Bir oy “mister” bo‘lganim” hikoyalari  “Al-Faysal al-Adabiyya” jurnalida nashr etildi.

M.Saydumarov tomonidan arab tiliga tarjima qilingan 222 sahi­fadan iborat “Tanlangan o‘zbek hikoyalari” (“Muxtarat min al-qisas al-qasira al-uzbekiyya”) kitobining Quvayt mamlakati Madaniyat, adabiyot va san’at milliy kengashi tomonidan 2009 yil al-Quvaytda nashr qilinishini ham o‘zbek va arab xalqlari aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi jiddiy qadam, deb qarash mumkin.

Bu to‘plamga Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Tohir Malik, O‘tkir Hoshimov kabi adabiyotimizning yirik namoyandalari bilan bir qatorda Ulug‘bek Hamdam va Nargiza G‘ulomova kabi yozuvchilarning ham hikoyalari kiritilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Quvaytda nashr etiladigan “Jahon badiiy ijodi” turkumidagi kitoblar barcha arab  davlatlarida keng tarqatiladi. Shuning uchun ham biz quyida internet sahifalarida ­e’lon qilingan turli arab mamlakatlari vakillarining qalamiga mansub ba’zi taqrizlarning qisqacha mazmuni bilan muhtaram jurnalxonlarni tanishtirmoqchimiz.

Misrlik yozuvchi Bilol Ramazon[4] “al-Yavm as-Sabe’” ro‘znomasidagi “Jahon badiiy ijodiyoti” turkumi o‘zbek hikoyalarini taqdim etadi” nomli maqolasida Quvaytda chop etilgan “Tanlangan o‘zbek hikoyalari” haqida o‘quvchilarga xabar berib, tarjimon so‘zboshisidan ba’zi ko‘chirmalarni keltiradi va arab o‘quvchilarini bu kitobni o‘qib chiqishga da’vat etadi.

Suriyalik adiba Rim Badriddin “Arab adiblari forumi”ga qarashli “Adabiyot ravoqlaridagi uchrashuvlar” ruknida shunday yozadi:

“O‘zining go‘zalligi, soddaligi va mukammalligi bilan o‘quvchini asir etuvchi bu asarlardan qilingan tarjimalarning kamligi yoki ­deyarli yo‘qligi sabab ushbu adabiyot ko‘pchiligimiz uchun notanish bo‘lib qol­moqda edi. Endi esa uning yirik namoyandalari qalamiga mansub asarlar barchamizni yangi muhitga olib kirmoqda. Bu to‘plam sobiq sovet hukmi ostida bo‘lishiga qaramay, o‘z madaniyati, milliy tili va islom dinini saqlab qola olgan xalq haqida hikoya qiladi. Bu insoniy sahnalarni ifoda etgan asarlar to‘plami arab tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilingan. O‘quvchilarga bu to‘plamni maroq bilan o‘qishlarini va undan foyda olishlarini tilayman”.

Suriyaning “al-Baas” gazetasida e’lon qilingan “2009 yili men o‘qigan va menga yoqqan eng go‘zal kitob” turkumida adib va dramaturgiya tanqidchisi Muhammad Bariy al-Avaniy[5]:

“Yigirma hikoyadan iborat bu kitob  ajoyib va ulug‘vor olamni o‘z ichiga oladi. Bu olam ko‘z o‘ngimizda jilvalanadi. Bundan-da go‘zalroq, bundan  ajoyibrog‘i yo‘qdir. Bu bizga ko‘pincha o‘ylamay, qayta-qayta aytadigan gapimizni esga soladi, ya’ni, ijodkor asarning natijasi, xulosasi, xotimadagi umumlashtirmalarni o‘ylamay, badiiy matn yaratishi mumkin. “Tanlangan o‘zbek hikoyalari” qalblarni asir etuvchi darajada oson bayon etishning nodir namunasidir.

Bular turli xitob va shiorlar va sun’iy mafkura bilan sug‘orilgan sovet adabiyoti namunalaridan mutlaqo farq qiluvchi insoniy ruhiy kechinmalar bayon etilgan go‘zal asarlardir. Ko‘z oldimizda yangi O‘zbekiston yaqqol namoyon bo‘lmoqda”.

Birlashgan Arab Amirliklarining “al-Ittihod” gazetasida e’lon qilingan Saad Jum’aning “Mahalliy adabiyotni muhofaza qilish” nomli maqolasida[6] bu voqea arab amirliklari adabiyotida hikoya janri va adabiyotning qasida, roman kabi boshqa janrlarini dunyoga tanishtirish uchun o‘rnak bo‘ladi, degan fikrni bildiradi.

Arab yozuvchisi Hamza Buqariyning “Saqifat as-Safa” (“Safo ayvoni”) romani  2006 yili rus tilida “Pod senyu svyatыn” nomi bilan chop etildi. Ushbu kitob 2014 yili ar-Riyodda qayta nashr etildi. Tarjimon, shuningdek, “Za dyunami. Antologiya sovremennoy saudovskoy literaturы” (Moskva, “Vostochnaya literatura” nashriyoti, 2009, 520 s.), “Rasskazы saudovskix pisateley” (Moskva, 2016, 246 s.) hamda “Osobennosti sovremennoy saudovskoy literaturы”. (Ar-Riyod. Saudiya Arabistoni, “Desert Publisher” nashriyoti,  2018, 276 s.) kitoblarining muallifidir.

Saudiya arab adabiyotidan o‘zbek tiliga o‘girilgan birinchi yirik asar Hamza Muhammad Buqariyning “Safo ayvoni” (“Saqifat as-Safa”) romani bo‘lib, u “Jahon adabiyoti” jurnalining 2004 yilning avgust va sentyabr sonlarida bosilib chiqdi.

Tilimizga tarjima qilingan yana bir roman Maha Muhammad al-Faysalning “Tavba va Sulayyo” asari bo‘lib (Toshkent, G‘afur G‘ulom nash­riyoti, 2011 yil, 116 s.), bu asar “1001 kecha” hikoyalarini eslatuvchi bugungi saudiya adabiyotidagi yangi yo‘nalishda yozilgan.

Murtazo Saydumarov saudiyaning zamonaviy adiblaridan Hakima al-Harbiy, Vafo Umayr, Hiyam al-Muflih, Aziz Ziyo va boshqalarning bir qator hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girib, “Jahon adabiyoti” va “Sharq yulduzi” jurnallarida nashr ettirdi.

2019 yili Hamza Muhammad Buqariyning “Safo ayvoni” romani hamda Homid Damanhuriyning “Qurbonlik qiymati yoxud muhabbat va burch” romanlari “O‘qituvchi” nashriyotida chop etildi. Ushbu romanlar kitobxonni o‘tgan asrning 30-60-yillaridagi muqaddas Makkai Mukarrama muhitiga olib kiradi, uni oddiy makkalik oilaning urf-odatlari, e’tiqodi, shahar maktabidagi ta’lim tizimi bilan tanishtiradi. Muallif o‘quvchiga asar qahramonining ulg‘ayish bosqichlari – bolaligi, o‘smirligi va yoshligini birgalikda boshdan kechirishga imkon yaratadi.

Murtazo Saydumarov  2015 – 2019 yillarda  Saudiya Arabistonidagi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazida ilmiy-pedagogik faoliyatini boshladi.  Hozirda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlarga arab tilidan saboq beryapti.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 5-son

_________________

[1] “Maqoma” istilohi haqida qarang: Krыmskiy A.E. Istoriya arabskoy literaturы. M., Nauka. Glavnaya redaktsiya vostochnoy literaturы. 1971, str. 432.
[2] Mavzuga oid to‘liq bibliografiyani ko‘ring: Krыmskiy A.E. Istoriya arabskoy literaturы.
[3] Al-Xariri. Makamы. Per. s arab. Borisova V.M. Dolininoy A.A. i Kirpichenko V.N. s predisl. Borisova V.M. Dolininoy A.A. M., Nauka. 1987 g. 267 s.
[4] “Jahon badiiy ijodiyoti” turkumi o‘zbek hikoyalarini taqdim etadi”. Bilol Ramazon. “Al-Yavm as-Sabe’” gazetasi. Qohira. 2010 yil. 21 fevral.
[5] “2009 yili men o‘qigan va menga yoqqan eng go‘zal kitob”. Muhammad Bariy al-Avaniy. “Al-Baas” gazetasi. 2010 yil 11 fevral. № 13871.
[6] “Mahalliy adabiyotni muhofaza qilish”. Saad Jum’a. Birlashgan Arab Amirliklarining “al-Ittihod” gazetasi. 2010 yil 21 fevral.