Sharqning mashhur faylasuf-shoiri Muhammad Iqbol faqat Hindiston yarim orolidagina emas, balki butun xorijiy sharqning adabiy, siyosiy va g‘oyaviy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan faylasuf shaxsdir.
Mashhur hind adibi Mulk Raj Anand faylasuf-shoir Muhammad Iqbolning sharq adabiyotida, qolaversa jahon adabiyotida tutgan o‘rniga shunday baho beradi:
«Ulug‘ shoir, teran faylasuf Muhammad Iqbol faqatgina Hindiston adabiyotini mustahkamlash va uning milliy qayta tiklanishi bilan chegaralanib qolmay, balki Turkiya, Eron, Misr, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda poetik va falsafiy fikrlarning taraqqiy etishida ilhom manbai bo‘lib kelgan».
Muhammad Iqbol bu borada buyuk Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz, Rumiy, Bedil, G‘oliblarning insonparvarlik g‘oyalarini davom ettiradi, insonning yaratuvchilik qudratini madh etadi.
Muhammad Iqbol 1877 yili 9 noyabrda hozirgi Pokiston Islom Respublikasi Panjob viloyatiga qarashli Sialkot shahrida mayda tijoratchi oilasida tavallud topdi. Alloma Iqbolning yozishicha, uning ajdodlari asli kashmirlik brahmanlardan bo‘lib, deyarli 300 yil avval islom dinini qabul qiladi. Islomni qabul qilgan bu xonadon boshqa ko‘p xonadonlar singari rojalarning zulmidan tang ahvolga tushgach, Kashmirni tashlab, Sialkotda istiqomat qila boshlaydi. Bo‘lajak shoirning otasi Shayx Nurmuhammad va volidasi Imom bibilar taqvodor kishilar bo‘lganliklari uchun o‘z farzandlarini ham islom dini ruhida tarbiyalashga katta e’tibor berishgan. Oilada hukm surgan diniy ruh hamda bu xonadonga ziyorat qilib keladigan kishilarning din haqidagi suhbatlarini eshitgan iqtidorli, o‘tkir zehnli Muhammad Iqbol ularni qalbiga jo qilardi. U boshlang‘ich ma’lumotni ona shahri Sialkotda olib, keyinchalik ilmiy va madaniy markazlardan biri, Lohur shahriga kelib, o‘z bilimini oshirish maqsadida kollejga kirib o‘qiydi. Sialkotdagi mubashshirlik maktabida tahsil olayotgan chog‘ida Iqbol arab-fors adabiyoti va tilini mukammal bilgan mashhur olim Sayyid Mir Hasan bilan yaqindan tanishadi. Olim bo‘lajak shoir qalbida Sharq she’riyatiga, ayniqsa, fors nazmiga chuqur muhabbat uyg‘otadi. Chunki bunga asos bor edi. Ustozning shogirdlari orasida Muhammad Iqbol o‘tkir zehni, ilmga chanqoqligi bilan ajralib turardi. Bo‘lajak shoirning arab-fors adabiyotiga, tiliga bo‘lgan havasi juda baland bo‘lib, uning uchun ham ustoz Sayyid Mir Hasan shogirdi Muhammad Iqbol haqida gap ketganda: «Bu yigit kelajakda katta obro‘ga ega bo‘ladi, shu boisdan unga arab-fors tili va adabiyotini miridan-sirigacha o‘rgatish menga huzur baxsh etadi»,– der edi.
Darhaqiqat, Muhammad Iqbol ilm o‘rganish yo‘lidagi har qanday qiyinchiliklardan chekinmay, bilmaganini Sharq va G‘arb olimlaridan so‘rab o‘rgandi. Shogirdning ustoziga hurmati baland bo‘lgan. Chunonchi, hukumat kelajagi porloq yosh shoirni «ser», ya’ni «janob» deb murojaat etishlarini so‘rashganda, u «Siz avval ustozimga «Shams ul-ulamo» (ulamolarning quyoshi) degan unvon bersangiz, men shunda rozi bo‘laman», – deydi. Shunda viloyat gubernatori: «Men uning nomini bugun birinchi marotaba eshityapman. Nima, u kitoblar yozganmi?»,– deb so‘raydi. Shunda Muhammad Iqbol: «Garchand ustozim kitob yozmagan bo‘lsa-da, men uning jonli kitobiman. Bu shaxs mening eng aziz, mo‘tabar ustozimdir»,– deb javob beradi. Shunda ingliz hukumati Muhammad Iqbolni «ser» deb atadi, uning ustoziga «Shams ul-ulamo» degan unvon berdi.
Muhammad Iqbol Hofiz, Sa’diy Sheroziy, Bedil, Rumiy g‘azallarini juda erta mutolaa qilishga kirishdi. Maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq urdu tilida she’rlar bitar edi.
Bo‘lajak olim Lohurda falsafadan tahsil oladi. Bu yerda u Sharq falsafasi va adabiyotining bilimdoni Tomas Arnold bilan tanishadi. U orqali ingliz tilini puxta o‘rganishga kirishadi. Tomas Arnold talabalarga mehribonligi tufayli Muhammad Iqbolning unga mehri tushadi. Tomas Arnold yosh olimni falsafa bilan birga, tabiatni sevishga, undan bahra olishga o‘rgatdi. Tomas Arnold xizmat muddati tugab, ona yurti Angliyaga jo‘nayotganda, Muhammad Iqbol xafa bo‘lib, «Nola-e-firoq» she’rini bitadi.
Shoirning dastlabki nazmlari ustozi Sayyid Mir Hasanga juda ma’qul bo‘ladi va u shogirdiga bu nazmlarni o‘z davrining she’riyat yulduzi va talabchan tanqidchi Dog‘ Dehlaviyga yuborib, uning fikrini bilishni maslahat beradi. U shunday qiladi ham va Dog‘ Dehlaviydan tez orada yuqori baho oladi. Shundan keyin shoir Dog‘ Dehlaviy bilan yozishmalar olib boradi. Dog‘ Dehlaviy endilikda uning she’rlari tahrirga muhtoj emasligini bildiradi.
Yosh shoir turli anjumanlarda, mushoiralarda she’rlari bilan asta-sekin tanila boshlaydi va she’riyat muxlislari nazariga tushadi.
Dog‘ Dehlaviy vafot etganda Iqbol qattiq qayg‘urib, ustozi xotirasiga alam-iztirobga to‘la marsiyasini bitadi.
Muhammad Iqbolning volid va volidasi o‘z farzandlarining roziligini olmasdan 15 yoshligidayoq uni gujarotlik doktor Ato Muhammadning qiziga (Oriy Xotunga) uylantirib qo‘ygan edilar. Oriy Xotun juda yumshoqfe’l, ochiqko‘ngil, lekin savodsiz, oddiygina bir qiz edi. Muhammad Iqbol unga nisbatan muhabbat, ya’ni ma’naviy yaqinlik sezmadi. Muhammad Iqbol ushbu xotinidan Oftob Iqbol ismli o‘g‘il va Me’roj Begim ismli qiz ko‘rdi. Lekin qizi Me’roj Begim 18 yoshga to‘lar-to‘lmas olamdan ko‘z yumadi. Muhammad Iqbol 1899 yili Lohurda «Anjumani himoyat-e islom» jamoasining 15 yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlisda o‘zining «Nola-e-yatim» she’rini o‘qib, she’riyat muxlislarining tahsiniga sazovor bo‘lgan edi. O‘sha kundan e’tiboran Lohurda urdu tilida chop etiladigan «Maxzan» jurnalining har bir sonida Muhammad Iqbolning she’rlari chop etiladigan bo‘ldi. Muhammad Iqbol mazkur jurnalning bosh muharriri, urdu adabiyotining ko‘zga ko‘ringan taniqli shaxs Shayx Abdul Qodir bilan yaqindan tanishib, u bilan qiyomatlik do‘st bo‘lib qoldi.
Abdul Qodir o‘zining yaqin do‘sti va vatandoshi haqida mamnuniyat bilan shunday dil so‘zlarini bitgan:
«Agarda men tanosux nazariyasiga ishonganimda edi, unda men shunday degan bo‘lardim: she’riyatga o‘zini bag‘ishlagan Mirzo G‘olib o‘zi bilan she’riyatini ham lomakonga olib ketgan bo‘lsa-da, bu she’riyat uni yana yerga qaytib tushishga majbur qilardi va yana qaytadan o‘zining shu’lasi bilan biror-bir foniy inson qalbini yoritib, gullab turgan she’riyat bo‘stonini sug‘organ bo‘lardi. Buyuk shoirning qalbi ikkinchi marotaba uzoq Panjobda qayta tug‘ilgan bo‘lib, she’riyat san’atining barcha tilsimotlarini Muhammad Iqbol ismli insonga bag‘ishlagan bo‘lardi». Darhaqiqat, Muhammad Iqbolning she’rlari Hindiston va Pokistonda Mirzo G‘olib she’rlari singari mashhurdir.
1899 yili Muhammad Iqbol kollejni ikki oltin medal bilan tugatib, magistrlik darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha yiliyoq uni falsafa va fiqhdan ma’ruza o‘qishga olib qoldilar. Mazkur kollejda u 1905 yilgacha mudarrislik qildi.
1903 yili iste’dodli yosh olim iqtisodiy muammolarga bag‘ishlangan «Ilm ul-iqtisod» nomli asarini chop etadi. Bu asar uning iqtisod fani bo‘yicha chop etilgan birinchi asari edi.
1905 yili Muhammad Iqbol kollejdagi mehribon ustozi Tomas Arnoldning maslahati va akasining moddiy yordami bilan ilmini oshirish maqsadida Angliyaga jo‘naydi. Muhammad Iqbol Londonga jo‘nashdan oldin Dehliga kelib, shoir Mirzo G‘olib qabrini ziyorat qildi va shu yerda bunday she’r bitdi:
She’riyat maydonida fikru xayol chambarchas
Lutfu go‘yolik ichra kim tengdir senga, G‘olib?
Hindiston sarzaminini nega ters aylading, ayt.
Kelgaymi yana unday aqlu san’atga g‘olib?
G‘olibday bir insonga muhtojmiz juda-juda,
Mehru e’tiqodini ko‘p yillar ichra solib.
Jahonobod ey Dehli, ilmu hunar beshigi,
Bu kun yig‘laydi qasring, kulbalaring, devoring.
Xoki zamining ichra uxlar qamaru quyosh,
Ularning siymosida ulug‘lik, iqtidoring.
G‘olibday javohir orom olar qa’ringda,
G‘olibki, kecha, bugun, ertalik iftixoring.
J.Jabborov tarjimasi
1908 yili Muhammad Iqbol Londondan qaytib kelib, huquq fanini chuqur o‘rganishga kirishdi, bu soha bo‘yicha ham doktorlik diplomini olishga sazovor bo‘lib, to‘g‘ri baho beradigan haqiqiy ziyoli bo‘lib qaytgan edi.
Evropada ilm olib yurgan chog‘larida Muhammad Iqbol zodagon oiladan chiqqan Atiya begum Fayziy bilan tanishgan edi. Atiya ham o‘sha yillarda Londonda G‘arb falsafasidan tahsil ko‘rayotgan edi. Ular bir-birlari bilan tez-tez uchrashib, falsafa, adabiyot, Vatan taqdiri haqida suhbatlashib turishardi. Ularning bunday do‘stona uchrashuvlari ona-Vatanlarida ham davom etib keldi.
Shundan so‘ng Muhammad Iqbol musulmonlarni siyosiy faollikka chaqirishni, ingliz hukmronligi ostida yotgan vatandoshlarining og‘ir ahvolini yaxshilashni o‘zining asosiy burchi va vazifasi deb bildi.
Tabiiyki, Muhammad Iqbolning milliy-ozodlik harakatidagi faoliyati uning siyosiy ongi o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
1915 yili Muhammad Iqbol o‘zining forsiy tilida yozgan «Asror-e-xudiy» «Shaxs sirlari» masnaviysini chop ettirdi. Mazkur asarida shoir shaxsning ma’naviy kamolotga erishish yo‘lidagi faoliyatini mohirona tasvirlab, bu borada faol harakat qilishga da’vat etadi. Bu asar ingliz sharqshunosi, yirik adabiyotshunos, professor Nikolsonda katta qiziqish uyg‘otadi va bu asarga so‘zboshi yozib, uni ingliz tiliga tarjima qilib chop ettiradi. 1918 yili shoirning ikkinchi masnaviysi «Rumuz-e-bexudiy», («Shaxs sirlarining ochilishi») asari fors tilida chop etildi. Bu asarda shaxsning kamolotga erishuvida jamiyat muhim rol o‘ynashini, jamiyat shaxslarsiz hech narsa bo‘lmagani kabi shaxs ham jamiyatsiz hech narsa emasligini ta’kidlaydi.
1923 yili shoirning fors tilidagi lirik she’rlari to‘plami «Payomi Mashriq» («Sharq xabari») chop etildi. To‘plamda shoirning falsafiy fikrlari o‘z ifodasini topgan. Bu asar buyuk olmon shoiri Gyotening «G‘arbu Sharq devon»iga nazira tarzida yozilgan bo‘lib, shoir uni besh qismga bo‘ladi. Birinchi qismi «Lolaye-e-Tur» («Tur tog‘ining lolalari») ikkinchi qismi «Afkor», («Fikrlar»), uchinchi qismi «May-e-boqiy» («Boqiy may»), to‘rtinchi qismi «Naqsh-e-Farang» («Evropa qiyofasi») deb nomlangan. Beshinchi qismining nomi «Xurda» «Qatralar» .
1924 yili shoir urdu tilida 1901-1924 yillar davomida yozilgan she’rlarini «Karvon qo‘ng‘irog‘ining ovozi» («Bong Daro») nomi bilan chop ettiradi. Muallif bu to‘plamida o‘z ijodini to‘rt davrga bo‘ladi. Birinchi davrga Yevropa safariga chiqqunga qadar yozilgan she’rlari kirsa, ikkinchi davr 1905–1908 yillarda yozilgan she’rlarni o‘z ichiga olgan. Uchinchi davr esa Yevropadan qaytgach, 1924 yilga qadar yozgan she’rlaridan iborat. To‘rtinchi davr 1924–1938 yillardagi ijodini o‘zida aks ettirgan.
Muhammad Iqbolning falsafiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlari o‘zi yashagan va o‘zidan keyingi davrlardagi Hindiston musulmonlarining ijtimoiy tafakkuri asosiy mazmunini belgilab bergan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu haqda mashhur sharqshunos olim X.A.Gibb: «Iqbolni tushunish Hindistonda islom mohiyatini tushunish demakdir», degan edi.
Muhammad Iqbol ijodini o‘rgangan tadqiqotchilarning fikrlari har doim ham bir xil bo‘lgan emas. Jumladan, rus faylasuf olimi N.P.Anikeev: «Umuman, Muhammad Iqbol to‘la va uzviy falsafiy qarashlar tizimini yaratgan deb aytib bo‘lmaydi»,1 – degan edi. Shubhasiz, Yevropa tafakkurining faylasuf-shoirga ta’siri beqiyos, chunki u Yevropa falsafasining o‘sha davrdagi taraqqiyoti bilan yaxshi tanish edi. Masalan, u bir qator G‘arb faylasuflariga, ya’ni Kant, Gegel, Fixte, Shopengauer bilan bir qatorda Leybnits, Nitshe, Bergson, Jeyms va boshqalarga murojaat etib, ulardan shaxs, mutloq aql, ichki mushohada (intuitsiya), iroda, ozodlik kabi falsafiy kategoriyalarni ishlab chiqishda foydalangan. Muhammad Iqbol, shuningdek, ushbu masalalarni hal etishda bir qator Sharq mutafakkirlaridan: Rumiy, Ibn al-Arabiy, G‘azzoliy, Al-Jiliy, Sarhindiy, Shoh Valiulloh, Sayid Ahmadxon, Mirzo Bedil, Mirzo G‘olib va boshqalarning boy merosiga qayta-qayta murojaat qilib kelgan.
Rumiyning adabiy ilhomchisi va ruhiy ustozi Shams Tabriziy bo‘lgan bo‘lsa, Muhammad Iqbolning ruhiy ustozi Jaloliddin Rumiy bo‘lgan. U faylasuf-shoir uchun ichki ovoz, Haqiqat mezoni bo‘lib, Muhammad Iqbol unga qarab o‘z sozi torlarini sozlagan.
Shoirning qidirayotgan yo‘lchi yulduzi – bu ishq. Muhammad Iqbol o‘z masnaviysining kirish qismida, Rumiy tilidan, o‘zining dasturilamali Muhabbat va Aql ekanligini aytadi. Shoir qalb qo‘rini o‘zgalarga ham o‘tkazib, ma’naviylik va jo‘shqinlik uyg‘otishi lozim.
Bu haqda Muhammad Iqbol yozadi:
«Meni ishq sayqalladi, inson bo‘ldim. Dunyoning ulug‘vorligi va ojizligini bildim». Muhammad Iqbol Jaloliddin Rumiy timsolida o‘zining falsafasi va diniy ustozini ko‘rdi.
Ilohiy nur ila nurlangan qalb o‘zi ham nurga aylanadi. Joziba markazi kabi Shams Tabriziy qalbi Rumiyni alangalatgani singari Rumiy ruhi ham Iqbolning qalbiga otash soldi.
Muhammad Iqbolning buyukligi yana shundaki, u millat mustaqilligi uchun kurashda she’riyatning hayotiy zarurligini anglab yeta oldi. Shoir bu kurashning nazariy asosini islomda ko‘rdi va mavjud ijtimoiy tuzumni o‘zgartirishni diniy mafkurada deb bildi va shunga ishondi. Muhammad Iqbol olamni bilishda fan va falsafaning rolini kamsitmagan holda din insoniyatni baxtsizlikdan, falokatlardan qutqarishga qodir» deb bildi. Garchi Muhammad Iqbol tasavvuf ta’limotini to‘laligicha qabul qilmagan bo‘lsa-da, ustozi Jaloliddin Rumiyning unga ta’siri katta bo‘lgan.
Tasavvufdagi passivlik va tobelik Muhammad Iqbolning komil inson ta’limotiga qarshi edi. Chunki Muhammad Iqbol ozodlikni va mustaqillikni tinimsiz kurashda, jo‘shqinlikda ko‘radi. U inson hayotining ma’nosini faol kurashda deb biladi; «Ego»ning pirovard maqsadi kuzatuvchilik, passivlik emas, balki ijtimoiy o‘zgarishga da’vat etadigan ulug‘ kuchdir, bu kurash va faollikdir.
Faylasuf fikricha, ijodiy faollik va kurash inson mohiyatining haqiqiy mazmuni.
Muhammad Iqbol Sharqning ijtimoiy-siyosiy va falsafiy tafakkuri tarixida taniqli faylasuf, islom ta’limotining jonkuyar targ‘ibotchisi Shoh Valiulloh, buyuk hind ma’rifatparvari, adibi, «Aligarh harakati» nomli ma’rifatparvarlik harakatining asoschisi Sayid Ahmadxon kabi mashhur mutafakkirlar orasida munosib o‘rin egallaydi. Ularning falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy va diniy qarashlari, o‘zlari yashagan va undan keyingi davrlardagi Hindiston yarim orolida yashovchi musulmonlarning ijtimoiy tafakkuri asosini belgilab bergan, desak yanglishmaymiz. Bu fikrimizni ko‘pgina Sharq va G‘arb olimlari fikri bilan ham dalillash mumkin.
Shoh Valiulloh, Sayid Ahmadxon, Muhammad Iqbollar turli davrda yashab ijod qilishlariga qaramay, ularning dunyoqarashlari va faoliyatlarining mushtarak tomonlari ham yo‘q emas. Bulardan eng birinchisi jamiyatni ijtimoiy taraqqiyot yo‘liga boshlash, davr sharoitiga qarab, diniy islohotni amalga oshirish, inson muammosi va boshqalar. Faylasuf-shoir Muhammad Iqbol «Hindistonda dinni qaytadan isloh qilish kerakligini birinchi bo‘lib Shoh Valiulloh Dehlaviy sezgan edi», deb yozgan.
Dinni isloh qilish, bid’at va xurofotlardan tozalash Shoh Valiulloh ijodida qanchalik muhim bo‘lsa, Sayid Ahmadxon va Muhammad Iqbol faoliyatlarida ham shunchalik muhim o‘rin tutgan. Shak-shubhasiz, bu mutafakkirlar ta’limotlaridagi umumiy tomonlar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Masalan, Muhammad Iqbol shaxs masalalarida faollik va bunyodkorlik g‘oyalariga katta e’tibor bergan, uning bu g‘oyalari Sayid Ahmadxon ta’limotidagi «apni madad ap» («o‘z-o‘ziga yordam») g‘oyasi bilan uyg‘unlashib ketganligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Shunday qilib, Muhammad Iqbolning falsafiy qarashlari bir tomondan musulmon diniy falsafasi va Sharq xalqlari mashhur mutafakkirlarining ilg‘or falsafiy g‘oyalari, ikkinchi tomondan g‘arb falsafasini chuqur o‘rganish asosida kamol topgan.
Muhammad Iqbol, shuningdek, qadimiy Yunon mutafakkirlari Aflotun, Arastu, Geraklit, Demokrit va boshqalarning ta’limotlarini o‘rgangan va chuqur tahlil qilgan. Faylasuf-shoir o‘zining nazmiy asarlarida Aflotun g‘oyalarini tanqid qiladi. Muhammad Iqbol uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa Aflotun va Arastu fikrlari islom falsafasiga qay darajada ta’sir ko‘rsatganligini aniqlashdir. Muhammad Iqbol Ash’ariylar, mo‘taziliylar va boshqa oqimlarning qarashlarini tahlil etar ekan, vaqt, zamon va makon, mayda zarrachalar to‘g‘risida ularning qarashlari yunon faylasuflarinikidan nimasi bilan farq qilishini aniqlashga intiladi.
Muhammad Iqbolning falsafiy qarashlari markazida tabiat va inson masalasi turadi. Bu masala shoirdan oldin o‘tgan Sharq va G‘arb mutafakkirlarining ham diqqat markazida edi.
Muhammad Iqbol falsafaning asosiy masalasini hal etishda ob’ektiv idealizm pozitsiyasida turgan. Uning borliq va bilish nazariyasi to‘g‘risidagi kontseptsiyasi ma’lum darajada Gegel dialektikasi ta’sirida shakllangan, Tabiat, jamiyat va insonga u doimiy harakatda, rivojlanishda va shakllanishda deb qarardi. Inson qudratining tabiatdan ustunligini, inson o‘zini o‘rab turgan kuchlardan qudratli ekanligini anglash unga yangi ishonch bag‘ishladi.
Muhammad Iqbol yangi nuqtai nazarni ishlab chiqishga kirishib, eski muammolarni yangi tajriba asosida qayta ko‘rib chiqdi va o‘z navbatida yangi muammolarga duch keldi. U inson ongi, zamon, makon va sababiyat haqidagi asosiy tushunchalarga yangicha yondashishga intildi. Mutafakkir shoirning fikricha, ilmiy qarashlarning rivoji asosida bilish tushunchasining o‘zi ham o‘zgardi. Eynshteyn nazariyasi bizning koinot haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirib yuborib, din va falsafa muammolarini qayta ko‘rib chiqishga da’vat etdi. Shuning uchun ham Osiyo va Afrika mamlakatlarining yosh avlod musulmonlari o‘z dinlariga yangicha yondashishni boshladilar.
Muhammad Iqbol ash’ariylarning falsafiy ta’limotlaridan atomistik nazariyasidagi olam mayda javohirlardan iborat, degan fikrlariga qo‘shimcha qilib, Olloh real narsalarni emas, balki real narsalarning asosini tashkil etuvchi javohirlarni yaratgan, degan xulosaga keladi.
«Yaratuvchanlik faoliyati to‘xtamaydi, doimo yangi atomlar yuzaga keladi va koinot doimo rivojlanadi»,– deydi Muhammad Iqbol. Atomlar qarama-qarshiliklarni, hayot va o‘lim, harakat va turg‘unliklarni birlashtiruvchi kuch sifatida mavjud. Ular na zamonda va na makonda cheklangan.
Shunday qilib, Muhammad Iqbol teologiya orqali harakatni dialektik hodisa deb tushunadi.
Panteistik ta’limot falsafa tarixida o‘zining chuqur ildiziga ega. Panteizm g‘oyalari qadimiy hind yodgorliklaridan Vedalarda, Upanishadlarda, Gitalarda ham uchraydi.
Sharq panteizmi ikki xil ko‘rinishda namoyon bo‘lgan. Birinchi xil ko‘rinishi – vahdat al-vujud (olam – bu xudo), ikkinchi xil ko‘rinishi – vahdat al-mavjud (xudo – bu olam) demakdir.
Muhammad Iqbol Sharq panteistik ta’limotining ikkinchi oqimi «vahdat al-mavjud» tarafdori bo‘lganligi uchun ham olamning azaliyligini, modda va ruhning birligini e’tirof etadi.
Mutafakkir deyarli barcha asarlari («Asror-xudiy», «Jovidnoma»)da Olloh va tabiat, Olloh va inson o‘rtasidagi munosabat haqidagi masalani batafsil tahlil qiladi. Dastlab Muhammad Iqbol Ollohni «Abadiy go‘zallik», u hech narsaga tobe bo‘lmagan quvvatdir va u osmonda va yerda, quyoshda va Oyda, yulduzlarda, quruqlikda va okeanda, alangada va toshu daraxtlarda, parrandayu jonivorlarda ko‘rinadi, deydi. Bunga uning «Go‘zallik tabassumi», «Haqiqat», «Go‘zallik», «Shabnam va yulduzlar», «Yulduz» kabi she’rlari misol bo‘la oladi.
Muhammad Iqbol Hindiston yarim orolidagi ijtimoiy-falsafiy fikrlar taraqqiyotida musulmon oqimining yirik namoyandasi hisoblanadi. Shubhasiz, uning ta’limoti ham qadimgi, ham hozirgi, ham Sharq, ham G‘arb falsafasiga borib taqaladi. Muhammad Iqbol ana shu sarchashmalardan o‘ziga xos ravishda unumli foydalangan.
«Muhammad Iqbol faylasuf-shoir Mirzo G‘olib ijodining voris sifatida uni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga harakat qilgan. G‘olibning Muhammad Iqbolga qanchalik ta’sir ko‘rsatganligi haqida hindistonlik g‘olibshunos olim, adabiyotchi Malik Ram shunday yozadi: «She’riyatimizda XIX asrning oxiriga kelib, uni isloh qilish harakati boshlangan bo‘lsa, uning dastlabki yalovbardorlari Abdul Kalom Ozod va Altof Husayn Xoliylar bo‘lishgan. Har ikkisi ham bevosita Mirzo G‘olib ta’sirida ijod qilishgan».
Xoliy Mirzo G‘olibning shogirdi bo‘lgan. Muhammad Iqbol esa Sharq va G‘arbning ilmiy va adabiy merosidan bahramand bo‘lib, o‘zining o‘tkir tafakkuri va teran fikr-mulorhazalari bilan tilimizni ancha boyitdi. Bu Muhammad Iqbol G‘olibning ma’naviy farzandi degan fikrni tasdiqlaydi. Chunki Mirzo G‘olib urdu she’riyatini yangi katta yo‘lga olib chiqmaganida, Ozod va Xoliylar unga poydevor o‘rnatmaganida, Muhammad Iqbol shoir bo‘lib tanilmagan bo‘lar edi.
Shaxs masalasi barcha davrlarda barcha xalqlar uchun doimo dolzarb va muhim muammo bo‘lib kelgan. Sharqning buyuk allomalari Abu Abdulloh Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy, Navoiy, Bedil, G‘olib va boshqalar ijodida shaxs muammosi yetakchi o‘rinni egallaydi.
Hazrat Ali (r.a.) o‘z falsafiy qarashlarida jamiyat va unda insonning o‘rni haqida fikr bildiradi. U jamiyatda tenglik va adolat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Jamiyatdagi tabaqalanishga qarshi chiqarkan, barcha odamlar tengdir, ya’ni ular Odam farzandlari ekanligi va shu jihatdan ular o‘zaro birodarlardir, degan g‘oyani ilgari suradi.
Shunday ekan, nega odamlar bir-birlarini xo‘ja va xizmatkorlarga ajratadilar degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. U hayot davomida tengsizlik va adolatsizlikka keskin qarshi chiqqan va kurashgan.
Muhammad Iqbol ijodida ham shaxs va jamiyat masalasi markaziy o‘rinni egallaydi. Inson mohiyatini ochishda ma’rifatli shaxsning faol harakati nihoyatda zarur ekanligi to‘g‘risidagi fikri, uning ijtimoiy qarashlarining asosini tashkil etadi.
Uning ta’limotida katta o‘rin tutgan shaxs kontseptsiyasining ikki tomonlamaligini ko‘rishimiz mumkin. «Men» va «Men emas»lik tushunchalarining o‘zaro munosabatlarini tahlil qilmay, faqat «Men» tushunchasiga ta’rif berish to‘g‘ri emas. Muhammad Iqbol shaxs masalasida faollik va bunyodkorlik g‘oyalarini ilgari suradi. Faylasuf-shoir ijodidagi shaxsning faollik g‘oyalari Sayid Ahmadxon ilgari surgan g‘oya – «apni madad ap se» (o‘z-o‘ziga yordam) ta’limoti bilan uyg‘unlashib ketganligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Muhammad Iqbol shaxs masalasini rivojlantirishda shak-shubhasiz bir qator G‘arb faylasuflari Kant, Fixte, Nitshe, Jeyms va boshqalarga murojaat qilganini ko‘rishimiz mumkin.
Muhammad Iqbol Fixte singari «Men» va «Men emas» tushunchasini dunyoning mazmuni va mavjudligi to‘g‘risidagi fikr deb ta’kidladi. Foniy dunyo, ya’ni «Men emas» «Men» ning ijodiy faoliyatining aynan ko‘rinishidir. Narsa va hodisalar dunyosi qandaydir mutloq boshqa narsa bo‘lmay, balki o‘zligimizning bir qismidir. Uning fikricha, shaxs o‘zini real hayotda namoyon etadi. Shaxsning yuksalishi, hayotning yuksalishi, shaxsning tushkunlikka tushishi bu insoniyatning tushunlikka tushishi demakdir. Hayotning siri uning tinimsiz yonishidadir,–deydi Muhammad Iqbol.
Mutafakkir Said Ahmadxon singari shaxs masalasini hal etar ekan, shaxs faqat faol kurashda, betinim harakatda kamol topadi, deydi. Bunga uning «Ko‘mir va olmos» she’ri misol bo‘la oladi.
KO‘MIR VA OLMOS
Ko‘mir bir kun dedi olmosga konda:
«Jilvagar, bezavol – sensan jahonda,
Sen – boylik, xazina, men – qora ko‘mir…
Axir maskanimiz, vujudimiz bir.
Lekin mening joyim o‘choq boshida,
Sen esa yonursan shohlar tojida.
Olmos dedi:
Lekin men kurashdim, serbardosh bo‘ldim,
Chiniqdim, toblandim, pishdim – tosh bo‘ldim,
Siynam jilolardan yonadi ma’mur,
Yorug‘ yulduz bo‘ldim va taratdim nur.
Bilgil – mard yovqurga shon-sharaf yordir,
Kimki bo‘sh, lavangdur – notavon, xordir.
E.Vohidov tarjimasi.
Shoir ko‘mir timsolida qullik hayotiga tan berib, qullik taqdiri azaldan deb, harakatsiz, tobe shaxs timsolida gavdalantirilsa, olmos timsolida esa kurashlarda chiniqqan, zulm va zo‘ravonlikni bartaraf etishga intiluvchi irodali shaxs siymosini gavdalantiradi.
Faylasuf-shoir sertashvish, harakatchan, serg‘ayrat, o‘z-o‘zini takomillashtirish uchun tinimsiz mehnat qiladigan, ertangi baxtli kunga zamin tayyorlaydigan shaxsni ardoqlaydi, tarannum etadi, vatandoshlarining istiqbolini o‘ylab ish qilishga da’vat etadi.
Bugunning zavqi-la yonmagan kishi,
Ertangi shavqidan bo‘ladi mahrum.
Kimning bugun-la gar bo‘lmasa ishi.
U erta anduhga bo‘ladi mahkum.
J. Jabborov tarjimasi.
Tinimsiz jo‘shqinlik, mashaqqatlar bilan kurash – bu hayotdir, u o‘zining bu ko‘rinishida ozodlik sinonimiga aylanadi. «Bir so‘z bilan aytganda, hayot – bu ozodlikka intilishdir» , deb yozadi shoir.
Muhammad Iqbol fikricha, ishq shaxsning eng oliy sifatidir: «Ishqda bitmas-tuganmas ichki quvvat va taraqqiyot bulog‘i bor,– deydi shoir. Agar ishq faol ibtido sifatida shaxsni kuchaytirsa, iltijolik (sual) shaxsni kuchsizlantirib, uni halokatga olib boradi. «Sual», ya’ni iltijo ma’nosida Muhammad Iqbol shaxsiy intilishsiz, harakatsiz, mehnatsiz erishilgan barcha narsani tushunadi.
Alloma Iqbol «gado» yoki «qashshoq» deb iqtisodiy nochorlikda yashovchi kishini emas, balki xalq ommasining qonini kanadek so‘ruvchi, ular hisobiga yashovchi, tekinxo‘r kishilarni tushunadi.
O‘z rizqini boshqalar saxovatidan qidirmoqlik
Kambag‘alni qilar yanada qashshoq.
Mehnat ila gar topsa non,
Baxtiyor bo‘lur unda inson.
S. Yo‘ldoshev tarjimasi.
Mutafakkir fikricha, jamiyatga o‘zini bag‘ishlagan shaxs barhayotlikni kasb etadi. Chunki u o‘zida jamiyatning o‘tmishi va kelajagini mujassamlashtiradi.
«Haqiqiy shaxs,– deb yozadi Muhammad Iqbol,– o‘zining barcha qobiliyatini jamiyatga bag‘ishlashi lozim. Muhammad Iqbolning individi kishilik jamiyatining asosini tashkil etadi. Shaxs o‘zining cheklangan va nihoyasiga ega bo‘lgan ruhiy dunyosini tarixiy taraqqiyot yo‘lida barhayotlikka erishgan hamda o‘z imkoniyatlari bilan cheksiz bo‘lgan jamiyatga bag‘ishlaydi».
Shaxs va jamiyat masalasini hal etishda Muhammad Iqbol nemis faylasufi Nitshega taqlid qilgan, uning g‘oyasini davom ettirgan, degan tadqiqotchilar ham bo‘lgan va shuningdek, Muhammad Iqbol shaxs va jamiyat masalasini hal etishda Nitshega hech qanday aloqasi bo‘lmagan va hatto Nitshe ta’limoti bilan tanish bo‘lmagan, degan fikrni aytgan tadqiqotchilar ham bo‘lgan. Bir shoir haqida ikki xil qarash ilmiy jihatdan ma’qul emas. Shubhasiz, Muhammad Iqbol Nitshe uning shaxs, shaxs va jamiyat to‘g‘risidagi ta’limoti bilan tanish bo‘lgan. Lekin u Nitshega ko‘r-ko‘rona taqlid qilgan, desak xato bo‘lur edi.
Nitshe ham, Muhammad Iqbol ham zabardast, harakatchan, mustaqil fikrga ega bo‘lgan shaxsni ulug‘laydi. Shaxsning bunyodkorlik faoliyatini ikkala mutafakkir ham ulug‘laydi. Lekin bu ulug‘lash ikki xil bo‘lgan. Muhammad Iqbolning Nitshedan asosiy farqi, Inson – yaratuvchi masalasini hal etishda emas, balki Shaxs jamiyatning bir zarrasi ekan, shaxsning jamiyat oldidagi burchi va vazifasi nima degan savolga javob berishdan iboratdir.
Nitshening «Supermen»i Ollohdan ajralgan, xolis bo‘libgina qolmay, balki u jamiyatdan ham ajralgan, alohida Oliy Shaxs bo‘lib, u ommadan ustun turuvchidir. Muhammad Iqbol kuylagan shaxs jamiyatni anglaydigan, xalq manfaatlari yo‘lida o‘z jonini qurbon qilishga tayyor turgan, ularning g‘am-anduhlariga, sevinchlariga sherik bo‘ladigan kimsadir.
Iroda erkinligiga ega bo‘lgan shaxs o‘zining faol harakatlari bilan ijtimoiy ideallarni amalga oshirishga o‘zini bag‘ishlaydi.
Aynan shu masalalar tufayli Iqbol Nitshedan farq qiladi. Iqbolning «Komil insoni Nitshening insonga nafrat bilan qaraydigan, xalqni nazariga olmaydigan «Oliy inson»idan tubdan farq qiladi. A.Uaytxed kabi ba’zi olimlar Muhammad Iqbolni «Sharqning Nitshesi» deb ham aytishgan. Bu fikrning nechog‘lik bema’ni ekanligi haqida Iqbol ijodining tadqiqotchilaridan biri, faylasuf-olim S.A.Vohid mana bunday degan: «Muhammad Iqbol bilan Nitshening asosiy g‘oyalari o‘rtasida hech qanday yaqinlik yo‘q, ularning dunyoqarashlari butunlay qarama-qarshi nuqtai nazarni tashkil etadi».
Bu haqda Muhammad Iqbolning o‘zi Nikolsonga yozgan bir xatida shunday deydi: «Janob Nikolson, «Shaxs sirlari» asarimni tarjima qilganingizdan benihoya xursandman. Lekin ayrim ingliz tadqiqotchilari mening falsafamni yuzaki o‘rganganliklari uchun «komil inson» nazariyamni Nitshening «oliy inson» nazariyasi bilan tenglashtirib, yanglishadilar. Shu jumladan, janob Uaytxed ham «komil inson» nazariyamni Nitshening «oliy inson nazariyasi» bilan tenglashtirgan, bu fikrlarni Uaytxed aytgan vaqtda men Nitshe va uning «oliy inson» nazariyasidan mutloq bexabar edim. Xatimni men 1908 yilda yozgan edim. Mening «komil inson» nazariyamni tushunmoqchi bo‘lgan inglizlar, avvalo, o‘zlarining vatandosh faylasufi Aleksandrni bilishlari lozim. Mening maqsadim Aleksandrning maqsadiga yaqin turadi».
Ko‘rinib turibdiki, Muhammad Iqbolning «komil insoni» Nitshening «oliy inson» nazariyasi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Garchand Muhammad Iqbol yuqoridagi xatida, Nitshe bilan hech qanday aloqam bo‘lmagan, deb aytgan bo‘lsa-da, keyinroq asarlarida unga munosabat bildirgan. Bizga ma’lumki, shoirning «Payomi Mashriq» («Sharq xabari»), «Bole Jabroil» («Jabroil qanotlari») asarlarida Nitshega atab yozilgan she’rlarini o‘qish mumkin. Lekin keyinchalik Nitshening Muhammad Iqbolga bevosita bo‘lmasa ham bilvosita ta’sir etganligini e’tirof etmoq zarur. Muhammad Iqbol o‘zining «komil inson» nazariyasini yaratishda G‘arbda ingliz faylasufi Aleksandr, nemis faylasufi Gyote va Sharqda Al-Jiliy ta’sirida bo‘lgan.
Nitshe ta’limotida xalq bir suruv qo‘y bo‘lsa, Muhammad Iqbol ta’limoticha xalq metin irodali, jasur, mehnatsevar, bunyodkor shaxslardan tashkil topgan jamiyatdir.
Nitshe falsafasi ziddiyatlardan xoli emas. U insonning ruhiy, ma’naviy mohiyatini tushunishni istaydi. Buning uchun u butun aqliy zaxirasini ishga soladi. Nitshe o‘zining ayrim asarlarida payg‘ambarona so‘z yuritadi. Unga ilohiy haqiqat ochiladi. Lekin Nitshening tafakkuri oliy ruhga qarshi isyon bo‘lgani uchun ham unda bir-biriga zid fikrlar uchraydi.
Nitshe fikricha, axloqiylik asrlar osha inson erkini, ruhini so‘ndirib kelgan. Dinda ham Olloh hukmron sifatida namoyon bo‘ladi. U o‘z «qullari, xizmatkorlari», ularning taqdiri, hayotlari ustidan o‘z hukmini o‘tkazadi. Har bir inson diniy nuqtai nazardan xudoning qulidir. Nitshe xalqqa nafrat ko‘zi bilan qaraydi. «Hayot – baxt bulog‘i, lekin xalq suv ichgan quduqlar zaharlangan. Men tozalik tarafdoriman, lekin xalq tumshug‘ini ko‘rarga ko‘zim yo‘q», – deydi Nitshe.
Agar Nitshe ta’limoticha «inson tabiatan qul va yirtqich hayvon bo‘lsa, Muhammad Iqbol ta’limoticha, «Inson – tabiatning oliy mahsuli, u yaratuvchilik jihatdan Ollohga yaqin turadi».
Muhammad Iqbol shaxs va jamiyat o‘rtasidagi aloqaning muhimligini batafsil tahlil qilgach, quyidagi xulosaga keladi:
- Individ o‘z shaxsiyatini jamiyatdan tashqarida taraqqiy ettira olmaydi.
- Jamiyat ham individsiz yashay olmaydi.
- Jamiyatni mensimaydigan shaxs buyuk inson emas, aksincha, o‘z hayotini jamiyat hayoti bilan bog‘lagan shaxs buyuk insondir. Bu borada u professor Megdugla fikriga qo‘shiladi. Ya’ni jamiyatsiz individ o‘zining insoniylik mohiyatini namoyon eta olmaydi.
Muhammad Iqbol shaxs va jamiyat haqidagi fikrini nozik ta’b bilan ifoda eta oldi. Chindan ham Muhammad Iqbol shaxsning yaratuvchanlik qobiliyatini tarannum etib, uning tabiatni zabt etishdagi cheksiz imkoniyatlarini mohirlik bilan namoyon etdi.
Alloma Iqbol ijodining turli-tuman ildizlari, ichki ziddiyatlari uning qarashlarining qarama-qarshiliklari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu haqda taraqqiyparvar hind shoiri Ali Sardor Ja’fariy o‘zining «Taraqqiy pasand adib» («Taraqqiyparvar adib») asarida bunday yozadi: «Iqbol poeziyasi ipak va ipdan to‘qilgan matoga o‘xshaydi. Uni tahlil qilayotganingizda ipni ipakdan ajrata bilishingiz kerak». Mashhur hind adibi Mulk Raj Anand uning Sharq, qolaversa, jahon adabiyotida tutgan o‘rniga bunday baho beradi:
«Ulug‘ shoir, teran faylasuf Muhammad Iqbol faqat Hindiston adabiyotini mustahkamlash va uning milliy qayta tiklanishi bilan chegaralanib qolmay, balki Turkiya, Eron, Misr, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda poetik va falsafiy fikrlarning taraqqiy etishida ilhom manbai bo‘lib kelgan».
Muhammad Iqbol ijodining markazida tabiat, jamiyat, inson va shaxs masalalari turadi. Ular doimo harakatda, rivojlanishda va yangilanib turadi, deydi shoir. Buyuk shoir – mutafakkirning dunyoqarashi, uning she’riyatidagi, falsafasidagi vatanparvarlik, insonparvarlik va adolatparvarlik g‘oyalari Hindiston va Pokiston xalqlarining ilg‘or falsafasiga va adabiyoti rivojiga samarali ta’sir o‘tkazib kelmoqda.
Sobiq sho‘ro davlatidagi xalqlar chindan ham o‘z Vatanlarida mo‘jiza yaratayotganliklariga ishondilar. Tez orada ozodlikka, tenglikka, demokratiyaga va milliy jihatdan o‘z huquqlarini o‘zlari hal qilishga ishonganlar. Shuning uchun ko‘pgina taraqqiyparvar kishilar Rossiyada sodir bo‘lgan inqilobga xayrixohlik bildirgan edilar. Ana shunday kishilardan biri Muhammad Iqbol bo‘lgan. Totalitar siyosiy tuzum mustaqillik uchun kurash yo‘lida to‘siq edi. Yaxlit Turkiston o‘lkasi parchalanib, mustaqil (nomiga) respublikalarga bo‘linib, bir-birlaridan ajratilib Markazning avvalgidan yanada mahkamroq iskanjasiga tushdi.
XX asrning oxirgi 10 yilida asrlar bo‘yi zulm-sitam, xo‘rlik va qashshoqlikda hayot kechirib kelgan xalqimizning ko‘kragiga shamol tegib, mustaqillikka erishdi. Endilikda xalqimiz mustaqil, demokratik, huquqiy fuqarolik jamiyat qurish yo‘lida faol ishtirok etib kelmoqda. Haqiqiy, adolatli mustaqil jamiyatni barpo etishda jamiyat a’zolari ilgaridan ham faol va yaxshi ishlashlari lozim.
Abu Nasr Forobiy va Muhammad Iqbollar ijtimoiy foydali mehnatsiz ideal jamiyat qurish mumkin emasligi haqida gapirganlar. Shuning uchun Muhammad Iqbol ham dunyodagi barcha xalqlarni jamiyat uchun el-yurt uchun foydali mehnat qilishga chaqirdi. Hukmron sinf vakillari xalq ommasini, aksincha, passivlikka, tobelikka da’vat etib kelgan bir davrda Abu Nasr Forobiy va Muhammad Iqbollarning ijtimoiy hayotni qayta isloh qilish yo‘lidagi orzulari millatlarning tinch-totuv yashashlari yo‘lidagi ideallari bilan bog‘liq edi.
Markaziy Osiyo Qadimgi Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston mamlakatlari singari qadimiy madaniy-ma’naviy qadriyatlarga boy, Sharq va G‘arbni azaldan bir-biriga bog‘lovchi o‘lka bo‘lgan. Bu o‘lka qadimiy Buyuk ipak yo‘lining qalbi hisoblangan.
Buddaviylik davridayoq Hindistondan yo‘l olgan karvonlar Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq qilish maqsadida Markaziy Osiyo orqali o‘tib borgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Markaziy Osiyo jo‘g‘rofiy sharoiti yaxshi, iqlimi mo‘tadil bo‘lganligi uchun savdo karvonlarining keti uzilmagan. G‘oyaviy maydonda buddaviylik ta’limoti hukmronlik qilgan davrlarda chop etilgan «Jataka»»(eramizdan avvalgi III-II asrlar) to‘plamida yozilishicha, savdogarlar karvoni Hindistondan Markaziy Osiyoga chiqishgan. O‘z navbatida Markaziy Osiyo savdogarlari Hindiston bilan savdo-sotiq, ilmiy, madaniy, aloqalar o‘rnatilganligi haqida bir necha tarixiy hujjatlar mavjud.
O‘rta Osiyo ikki asr davomida (VIII-X) arab xalifaligi tarkibida bo‘lishiga qaramay, O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasida ilmiy, madaniy aloqalarning rivojiga Hindiston olimu adiblarining hissalari katta bo‘lgan.
Markaziy Osiyo va Hindiston yarim oroli xalqlari o‘rtasidagi ilmiy, madaniy, iqtisodiy, aloqalar yangi davr shoiru adiblari va olimlari tomonidan rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, Sharqning buyuk faylasuf-shoiri Muhammad Iqbol ijodida ham Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi va o‘rta asr davrlardagi madaniy, ma’naviy merosi muhim o‘rin egallaydi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son