Sa’dulla Siyoyev. «Qalamdosh»

http://n.ziyouz.com/images/mirtemir.jpgMirtemir — she’r zargari. U so‘zning qimmatini misqollab o‘lchar, yozadigan jumlasini yetti emas, yetmish marta o‘ylab, keyin bitardi.

Oddiy so‘zlarga o‘zgacha sehr, joziba bag‘ishlay oladigan nomi yurtga taniqli shoirning ish uslubi, albatta, hamma ijodkorlarni qiziqtirardi. Goho shu o‘ylar tinchlik bermasdi. Mavridi kelsa, uning she’r yozishini, biror asarga sayqal berishini zimdan kuzatsam, deb orzu qilardim.

Nihoyat, shunday kunlar nasib qildi. «Guliston» jurnalida Mirtemir akaga bag‘ishlangan maxsus sahifa beriladigan bo‘ldi. Undan she’r «undirish» menga topshirildi. Xonamdan barvaqtroq chiqib, Ishchilar shaharchasiga yo‘l oldim.

Biz — yoshlar, o‘z uyimizday emin-erkin kirib boradigan shinamgina fayzli hovli. Bahordan kuzakkacha birin-sirin potrab ochiladigan ifori gullari hali uy­quda. Yozda oq, qirmizi, pushti tusda ko‘z qamashtiruvchi bu gullar xuddi xonadon sohibining baytlariga o‘xshardi. Ularga tikilsa, odamning yoshligi, yoshlikdagi totli, hanuz dilni jizillatadigan yoniq tuyg‘ular esiga tushadi, yurak hapqiradi…

Ichkari kirdim. Mirtemir aka ko‘rinmaydi. Gazeta-jurnal varaqlab o‘tiraverdim. Anchadan keyin sokin qadamlar tashlab kirib keldi. Egnida issiq jun ko‘ylak, kulrang beret.

— E, mullo Sa’dullo! — dedi jilmayib, so‘ng odati bo‘yicha qayta-qayta hol-ahvol so‘radi. Xonadagi buyumlarga bir-bir teginib chiqdi: «Minsk» rusumli kattakon eski priyomnigini qo‘ydi, uni o‘chirib, «VEF» tranzistorini buradi, qozoqcha kontsert berilayotgan ekan, birpas quloq solib turdi-da, «Shirinlarg‘o‘y» dedi. Chehrasiga tabassum yugurdi.

Niyatimni aytdim.

— Tayyor she’r bo‘lsa, olib ketmoqchi edim…

— Tayyor she’r… yo‘q edi, — dedi asta. Nazarimda, jinday xijolat chekkanday bo‘ldi. Go‘yo anchadan beri yangi narsa yozolmay yuribdi-yu, buni men eslatib qo‘ygandek edim.

— Unda yozib berasiz.

Mirtemir aka sal engashdi, o‘ng kaftini qulog‘iga tutdi. Iltimosimni qaytardim. U qaddini rostladi, boshini silkib, «xo‘p» ishorasini bildirdi.

— Ko‘p bo‘ldi «Guliston»da chiqmadim. Yozib beraman. Besh-olti kundan keyin bir qayrilasan-da…

«Qayriladigan» kunim kelganda kutilmagan voqea yuz berdi. Mirtemir akaning tobi qochib, kasalxonaga tushib qoldi. Ko‘rgani bordim. U xonada bir o‘zi yotar, deraza yoniga qo‘yilgan baland karavotning bosh tomonida qalam, daftar, jurnal va kitoblar, katta-kichik shishalarda dori-darmonlar saflab qo‘yilgan. Mirtemir aka «bolam»lab, «bo‘tam»lab mehmon qila boshladi. Uning vaqti xush edi, dam-badam kirib turgan hamshiralaru shifokorlarni biror qiziq gap aytib kuldirar, o‘zi ham huzur qilardi. Shunday suyunch­li daqiqalarga soya sol­gim kelmadi, «she’r dardida» turgan bo‘lsam-da, tilimni tiydim. Mirtemir akaning o‘zi gap ochdi:

— Men jurnallaring oldida uyatliman… Shu desang, tuppa-tuzuk yurgandim, birdaniga bundoq bo‘lib qoldi… Hozir xiyla yaxshiman. She’r­ni yozib beraman, qoralab qo‘yganman. Tunda, soat o‘n birdan keyin do‘xtirlar xona-xonasiga kirib ketadi. Shunda yashirincha oz-ozdan ishlayapman. Bir kuni do‘xtirim kirib qolib, rosa urishdi. «Axir, men bu ishdan rohat qilaman, ishlasam yengil tortaman», desam ham qo‘ymaydi… Xuddi ataylab qilgandek, do‘xtirlar navbatchilik qiladigan xonaning ro‘parasida yotgan ekanman. Aldab bo‘lmayapti. Ularning ko‘zidan uzoqroq xonaga ko‘chmoqchi bo‘lib turibman…

Uch-to‘rt kun o‘tib, shifoxonaga yana keldim. Ostona hatlab, hol-ahvol so‘ramasimdanoq Mirtemir aka yozilajak she’rdan gapirdi.

— Mana, uch variantda yozib qo‘ydim, — dedi qalin ko‘kish daftarni qo‘liga olib. — Bir nusxasini yaxshilab ishlab beraman. Hali jindek xomroq… Ol, bo‘tam, anavi olmalardan archib, yeb o‘tir…

O‘sha kuni men Mirtemir akaning bir ijodiy siridan voqif bo‘ldim: u she’rlarini avval poyetik sochma holida qoralab chiqar, so‘zlarning ohori to‘kilmaganlarini qo‘llar, yoqmasa, almashtirar ekan. Sochmalar yetuk san’atkorning «chig‘irig‘i»dan yuz bor, ming bor o‘tib, asl she’r bilan bo‘ylashadigan darajaga yetgach, shoir ularni qofiya­ga, vaznga solar, ular uchun hozirlab qo‘yilgan libosga burkab, oqqa ko‘chirar edi. So‘ng yana mehnat, yana sayqal berish davom etardi: «bachki novdalar» qirqiladi, yarim tomchi ham «suv» qoldirilmaydi, jarang torday chertib ko‘riladi, so‘zlarning bo‘y-bas­ti chamalanadi — har qaysisi o‘z o‘rnidaligi tekshiriladi, shirasi sinaladi — taxir yoki chuchmal emasmi?.. Ana shundan keyingina shoirning o‘zi erkalab, hazillashib aytadigan bu «shig‘ir» el xizmatiga safarbar etiladi. Mirtemir akaning she’rlaridan ajib tarovat ufurib turishining, nafosatining siri shunda bo‘lsa kerak…

Xullas, va’da qilingan she’r unadigan bo‘ldi. Mirtemir aka shifoxonadan chiqqan edi.

— Ertalab uyga kel, birgalashib yozamiz, — dedi u bir kuni.

«Birgalashib yozish»ni eshitib, rosti, biroz cho‘chidim. «Hazil qilyapti, shekilli. Men shoir bo‘lmasam… She’riyat bobidagi ilmim haminqadar. Buyog‘i qandoq bo‘ldi?»

Yigit ishi — tavakkal. Peshinda yetib bordim. Mirtemir aka tashrif buyurajak «qalamdoshi»ni kutib, bezovtalanib turgan ekan. Kattakon stolga yuzma-yuz o‘tirdik. Shoir rango-rang qalamda, turli xil ruchkada chizaverib, bo‘yalib ketgan qog‘ozlarni oldiga yoyib qo‘ydi. Gajakdor arab alifbosidagi Yozuvlarga boqib etim uvishdi: shoir bitta she’rga shuncha ishlov beradimi?!

Mirtemir aka she’rining xomligidan yana shikoyat qildi. «Agar qistamaganingda yana besh-olti kun ustidan ko‘rish kerak edi», dedi. So‘ng diqqatini jamladi-da, bilinar-bilinmas noxushlik bilan dedi:

— Qani, yozdik.

She’rimiz soatning miliday o‘ta sekinlik bilan tug‘ilayapti. Mirtemir aka xatimni lahza sayin ta’qib etadi, nuqta, vergullarigacha kuzatadi, unutib qoldirsam, dar­hol eslatadi, o‘zi esa satrlarga oro beradi.

Shu alfozda she’rning ikki bandini yozib bitirdik. Uchinchi band yetilib turgan ekanmi, hartugul quyilib keldi:

Qo‘shog‘izday talay
otdilar yohu,
Olis Sharqda
kuydim o‘txonalarda…
Yovg‘on oshimga ham
qatdilar og‘u,
Yuz o‘ldim Surxonda,
Farg‘onalarda.

— Surxonda deysizmi yoki Xorazmda tuzukmikan? — so‘radi Mirtemir aka.

— Surxon yaxshiroq, shekilli, — dedim ehtiyotkorlik bilan. — Har holda Farg‘onaga ohangdosh ta’kid ham bor…

— To‘g‘ri, — dedi u, — men ham shuni o‘ylagan edim.

Mirtemir aka qo‘lyozmasiga biroz tikilib qoldi. Ke­yin yana qiroat bilan o‘qishda davom etdi:

Bir dunyo yaratdik —
yangi, betimsol,
Mening yelkamdaydi
ne og‘ir toshlar.
Kun sayin armonlar
barhaq, barkamol,
Yo‘lda qolib ketdi
ne ezgu boshlar.

Shu yerda qiziq bo‘ldi. Men she’rning ichki ritmikasiga, musiqiyligiga berilib ketib, «ezgu boshlar»ni «aziz boshlar» deb yozib yuboribman. Mirtemir aka buni sezib qolib, eskartirdi. Men xatoimni tuzata boshladim. Biroq Mirtemir aka nimalarnidir pichirlab turdi-da, «To‘xta-chi, «aziz boshlar» ham yomonga o‘xshamaydi», dedi. Uning iltimosi bilan oxirgi satrni qayta o‘qidim.

— «Yo‘lda qolib ketdi» deymizmi yoki «Yo‘limizda qoldi» yaxshimi? — u menga sinchkov tikildi.

— Menimcha, «Yo‘lda qolib ketdi» ma’qul…

— Bo‘lmasa, o‘quvchiga ma’­quli ketaversin…

She’rning so‘nggi bandiga o‘tdik. Mirtemir aka xomaki nusxalarni shildiratib, varaqlarni ag‘darib, ancha o‘tirdi. Sal ovozini chiqarib, bir-ikki satr o‘qib ko‘rdi.

— Bu hamma biladigan gaplar. Poyetik ifoda kerak, — dedi ranjib.

She’rning xulosasidan ko‘ngli to‘lmayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi. U bir chetida shapaloqday joy qolgan varaqni oldiga suribroq qo‘ydi-da, shitob bilan yoza ketdi. Ancha o‘tirdim. Keyin xuddi ma’shuqasiga sevgi izhor qilayotgan yigit holatini kuzatayotganday xijolat bo‘ldim. Asta turib, tashqariga chiqib ketdim.

Qaytib kirganimda shoir hamon yozardi. Birpasdan keyin boshini ko‘tardi, yengil ruh bilan:

— Mana, endi eshit-chi, — dedi-yu, o‘qiy boshladi.

— Yaxshi chiqibdi, — dedim yozishga hozirlanib.

— Ma’qulmi? Unday bo‘lsa, yozamiz.

Mirtemir aka o‘qidi, men oqqa ko‘chirib chiqdim. So‘ng she’rni boshidan oxirigacha balandroq ovozda, Mirtemir akaning qiroatiga taqlid qilib o‘qiy boshladim. U barkamol san’atkorga xos tiyraklik, ta’bir joiz bo‘lsa, ijodiy rashk bilan quloq soldi she’riga.

She’r bitdi, uni to‘rt buklab cho‘ntakka urdim. Tahririyatning topshirig‘ini bajarganimdan shod edim. Mirtemir aka meni kuzatib ko‘chaga chiqdi. Qorong‘i tushib qolgan. Osmonda qoramtir-binafsha rang bulutlar kezadi. Sal­qinroq shabada esadi. Mirtemir aka ko‘kka tikildi.

— Bahoriy bulutlar… Ko‘klam yaqinlab qoldi.

Bekatda u yana she’rdan shikoyat qildi:

— Qiyomiga yetmayroq qoldi. Asqadga ayt, yaxshilab tuzatsin, albatta, tuzatsin…

Bu gap menga nash’a qildi. Kaminangiz ham ba’zan u-bu narsa mashq qilib yurardim. Yashirishning hojati yo‘q, ko‘pincha qo‘lyozmalarimizning siyohi qurimasdan uni tezroq chop ettirishga, shov-shuv ko‘tarishga urinardik. Balki bizda ham Mirtemir akadagi bardosh va insofning yuzdan biri, boringki, o‘ndan biri bo‘lgan-da, ehtimol, asarlarimizning umri boychechak umri yanglig‘ qisqa bo‘lmasmidi?..

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).