Taniqli adib Murod Muhammad Do‘st ijodi o‘tgan asrning 70-yillari avvalida hikoyalar yozish bilan boshlangandi. Dastlabki hikoyalar to‘plami 1976 yili “Qaydasan, quvonch sadosi” nomi ostida chop etildi. Shundan so‘ng uning “Mustafo”, “Iste’fo”, “Dashtu dalalarda”, “Bir toychoqning xuni” kabi qissalari dunyoga keldi. 1983 yili Murod Muhammad Do‘st ijodidagina emas, balki zamonaviy o‘zbek prozasida ham jiddiy voqea bo‘lgan “Galatepaga qaytish” qissasi yaratildi. (Ba’zilar o‘sha paytda uni roman sifatida tushunishni ham taklif etishgandi.)
O‘zbek badiiy dunyosiga Samarqandning chekka Jom qishlog‘i, uning nafasi, odamlarining turfa, biroq nimalaridir umumiy olami kirib kela boshladi. Ayniqsa, “Mustafo”, “Sovchilik hangomasi” kabi asarlarda o‘zbekning o‘ta rangli, beqiyos va ziddiyatli turmushining yana bir bo‘lagi kashf etildi. Bu asarlarda hali yozuvchining inson va hayotga istehzosi yengil, shu tufayli beozor edi.
Sekin-asta Muhammad Do‘st qahramonlari, ularga qo‘shilib muallifning o‘zi va asarlari ham o‘zgarib, o‘sa boshladi, talqindagi istehzo avval jiddiylashdi, keyin esa tobora achchiqlasha bordi. Negaki, muallifning hayot ertagidan og‘zi kuygan, u insoniy munosabatlardagi vaziyat va manfaat degan ko‘rinmas muallif tomonidan yozilgan stsenariy unchalik yangi emasligini sezib qolgan, eng asosiysi — hayotda o‘zining chekiga qaysi rol, qancha muddatga va nega tushganligi bilan astoydil qiziqib qolgan edi. Endi yozuvchi asarlarida jo‘n va sayoz sotsrealizm o‘rnida shafqatsiz, murakkab tasvir va talqinlar, “yaxshi”, “ijobiy” degan umumiy nom ostida jamlanuvchi qiyofasiz personajlar o‘rnida o‘zi va o‘zgalarni taftish etish va tushunishga urinib umr o‘tkazuvchi qahramonlar paydo bo‘ldi. Shulardan biri — “Galatepaga qaytish” qissasidagi Toshpo‘lat G‘aybarov edi.
Hayotdan, demakki, haqiqatdan uzilgan biqiq davralarda uzoq vaqt sanqib, yasama munosabat va muomalaga sal bo‘lmasa ko‘nika boshlagan, lekin bu lazzatli ko‘nikish nimalarnidir sekin-asta, biroq abadiy yo‘qotish hisobiga bo‘layotganini anglay boshlagan G‘aybarov uchun “betus, besanoq kunlar birdan ortga chekinadi, hayot kutilmaganda ma’no kasb etadi — endi u azador”.
Xalqimizning sho‘rolar inqilobidan keyingi hayotini “ushalmas orzular davri”, “va’dalar besh yilliklari”, deb nomlasak bo‘lar. Tabiiy orzular o‘rnini deyarli to‘la egallagan, nuqul ularga qarama-qarshi qo‘yilgan ijtimoiy orzular, sal bo‘lmasa, odamlarning hayot kechirish yoqilg‘isiga aylanib qolgandi. Ahvol shu darajaga yetgandiki, faqat ijtimoiy orzulargagina ayb yo‘q edi va bu orzular ro‘yxati, chegarasi bor faoliyati orzu ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan mafkuraviy idoralar tomonidan tasdiqlab berilardi…
Teran idrok, zamona tamoyillariga sezgir nazar, xotimasi naqd bo‘lgan umr sarfiga xasislarcha munosabat, o‘zligini, shuning barobarida, xalq dardu o‘ylarini anglash bir nuqtadan — soxta orzulardan charchagan kundan muqaddima oladi. Hayotning suvratiy tomoshalari — bayramlar, tug‘ilgan kunlar, oila va bolalar mashmashasi, g‘iybat va ilmiliq janglardan ayro tushib, o‘zi uchun ajratilgan davr falsafasini, o‘z ustidan hukmronlik qilayotgan kuchlar, ularni real kuchga aylantirayotgan uskunaning ichki sirlarini va bu “abadiy dvigetel”ni to‘xtata olmaslikni ich-ichdan his qilish va alam tuyish, o‘sha alam darchasidan endi o‘ta omonat va shirin ko‘rinib ketgan hayotga horg‘in nazar tashlash — faqat orzulardan charchagan lahzada, faqat orzulardan charchagan kishigagina nasib etadi.
Shu kuni masxarabozlik tugaydi, yuzdan niqoblar olinadi, har qancha sovuq yoxud kuydirguvchi bo‘lmasin, haqiqat shabadasiga niqobsiz yuz ro‘baro‘ keladi, og‘riqqa chidaydi, chidab saodatga erishadi.
Islomshunos olim G‘aybarovning orzulardan charchay boshlaganiga ancha bo‘lgan. Lekin u o‘zining bu holatini tan olishdan qochib, ko‘rib yurgan kunidan tonsa hayoti bo‘shliqqa aylanib qolishidan qo‘rqib chidab kelayotgan, kecha bor-yo‘q mohiyatini anglab bo‘lgani odamlarga bugun yana o‘zini ishontirib yurgan edi.
Yozuvchi qahramoniga qo‘shilib bu holatni Samad va Mazluma qilmishiga qadar “zerikish” deb keladi. Biz muallifni bu o‘rinda qahramon qatoriga atay qo‘shyapmiz. Chunki Siz qissani ikki marta o‘qishga, xohlaysizmi-yo‘qmi, majbur bo‘lasiz. (Bu holni “Men bu kitobni qayta-qayta o‘qishdan zerikmayman” qabilidagi yolg‘on gaplardan farqlashingizni xohlardik.) Sizni bunga shavq bilan undaydigan narsa aynan Samad va Mazluma qilmishi aks etgan epizoddir. Bu epizodni asardagi davriy chegara, deb atash mumkin. Zero, ayni epizod vaqtga — umr oqimiga e’lon qilinajak tanaffusning qo‘ng‘irog‘idir…
O‘quvchi ham shu tasvirga qadar bir tuyg‘u bilan, shundan keyin boshqa bir tuyg‘u bilan yashaydi. Hodisalarni shu epizodga qadar bir nigoh bilan, shundan keyin boshqa bir ko‘z bilan ko‘radi, baholaydi…
Avvalo, G‘aybarovning tanaffusgacha bo‘lgan eski umriga, nega zerikkaniyu qachon zerika boshlaganiga qiziqaylik.
Uning otasi — Raim oqsoqolning o‘limi aslida G‘aybarov uchun Galatepa deb nomlangan muqaddas insoniy-ruhiy dunyodan yangragan so‘nggi da’vat edi. Xayriyatki, bu da’vat o‘zi izlagan manzil eshigini — G‘aybarov ko‘nglini topib boradi va zanglay boshlagan qulfni, nihoyat, ochadi. Qissa mana shu qalb uyining bolalik — beg‘uborlikdagi saodatli kunlari, vaqti yetib unga hayotning goh iliq, goh izg‘irin shamollarining esib kirishi, unda mehmon bo‘lgan ming turli, ming qiyofali insonlar, xona devorlarida ular qoldirgan iz va dog‘lar, qarovsizlik va e’tiborsizlik ortidan bu uyning asta-sekin ohori keta borishi, oxir-pirovardida o‘zidan beza boshlagan uy egasining uni tambalab tashlashi tarixidan hikoya qiladi.
G‘aybarovning bolaligi ayni qatli om davrlariga, tarixning qayta-qayta kirib kelavergan qo‘y muchali yillariga to‘g‘ri keladi. Uning otasi — Galatepa ahli avvaliga “oltinchi barmoqqa yoki lo‘lining ayig‘iga qaraganday ermaklab qaragan”, keyinchalik el nazariga tushgani uchun davlatning nazaridan qolgan Raim oqsoqol — qamoqda.
Begona shaharga, qamoqdagi otani ko‘rgani borishganda go‘dagi mehmonxonaning kursisini bulg‘ab qo‘ygani uchun xo‘rlangan, ezilib-qarg‘anib yig‘lagancha yangi shol ro‘moli bilan kursini tozalayotgan ona siymosi G‘aybarov xotirasida o‘talmay qolgan burch bo‘lib, armon bo‘lib parchinlanadi.
Afsuski, bo‘y yetib Galatepadan jisman ketgan G‘aybarov, o‘zi istab-istamay, undan ruhan ham uzoqlasha boradi. Endi u “ozmi-ko‘pmi sarmoyasini yeb bitirgach, pul istab Galatepaga” borar, Raim oqsoqol ham o‘g‘li “aslida yuz so‘mning dardida kelganini” sezar edi.
Xo‘sh, u Galatepasini nimalarga almashgandi?
Samadga o‘xshaganlarnikiga solishtirganda durustroq, aslida o‘tkinchi safsata bo‘lmish dahriylik ilmi, yuzadan qaraganda, juda ham qiziq va muhim, mohiyatan samimiyat va ma’naviy ildizdan mahrum turli tortishuv hamda suhbatlar davrasi, nihoyat, G‘aybarov paydo bo‘ladigan joylarda “do‘st” rolini o‘ynashni bo‘yniga olgan besh-olti kimsa. Birgina Qobil Murodovni — ko‘zi ko‘r alpinist, nurotalik ko‘rkam bir yigitni, “ularning sal zerikkan va dimiqqan davrasiga toza bir epkin bo‘lib kirgan”, biroq juda tez toptab tashlangan qalbni hisobga olmasa, G‘aybarov o‘lik jonlar orasida hozircha yagona tirigi edi.
G‘aybarovning Galatepasidan ketib kirib qolgani muhitda jismi nedir aldoqchi rohatlar topsa-da, ko‘ngli dardisar yurganini uning butun qissa davomida o‘z uyida deyarli ko‘rsatilmasligidan ham anglasa bo‘ladi.
Samadning qishlog‘i va u yerda bolasini sodda umidlar-la kutguvchi onasi timsolidagi Galatepasi bor edi. Biroq Samad Galatepasiga xiyonat qiladi, undan hazarlanadi:
“G‘aybarov… onasini yerga berib qaytgan Samaddan ko‘ngil so‘rashga borib, uni xushro‘ygina bir juvon bilan mast bo‘lib o‘tirganini ko‘rdi. Ta’ziya bildirgani tili aylanmadi. Samad uni ichkariga qo‘ymadi hisob, dahlizda turib uzoq yig‘ladi, enamni yo‘qotib qo‘ydik, do‘stim, dedi, yaxshi ayol edi, meni oyoqqa turg‘azdi, odam qildi, o‘zining nasibasidan qiyib, menikiga qo‘shdi, endi do‘stim, o‘lib qoldi, endi men yolg‘izman, hech kimim yo‘q, yolg‘izlik yomon, do‘stim, yolg‘izlikni unutay deb ichdim, meni kechir, jon do‘stim, o‘zing ayt, xudolig‘ yuzasidan ayt, bechora yana o‘n yilcha yashasa nima qilardi, axir boshqalar yashayapti-ku, nega mening bechora enam yashamaydi? Yomon, yomon, do‘stim, odamning dunyoda biror huzur ko‘rmay qarigani yomon, bechora shu yil saksonga kiruvdi…
G‘aybarov Samadga achindi. Uni o‘zicha tushungan ham bo‘ldi. Ammo yo‘lda, ko‘ngilda qandaydir tugun, shalvirab ketayotgan mahali bechora kampirning hali yetmishga ham kirmaganini esladi… ”
Qissada G‘aybarovdek kuchli badiiy xarakterga munosib manfiy qutbni tashkil eta oladigan obraz ham, darhaqiqat, aynan Samaddir. Hayotning, insonning badiiy tadqiqiga yondashuvda Murod Muhammad Do‘st uslubiga juda yaqin yo‘nalishda ijod qiluvchi iste’dodli rus prozaigi Sergey Yesinning “Imitator”, “Gladiator” singari asarlarida ham Samad tipidagi qahramonlar keng tahlil etilgan. Samad Mansurov qay bir jihatlari bilan F.Dostoyevskiy “jinlar” deb atagan Stavroginlar (“Besы” romani) tipini ham yodga tushiradi. Albatta, rus adiblari asarlaridan farqli o‘laroq, “Galatepa…”da asosiy e’tibor ayni tiplarning keng ko‘lamli talqiniga yo‘naltirilgan emas. Biroq Samad xarakterida jamlangan insoniy tubanliklar kuchi va ko‘lamini qissada bu qahramonga ajratilgan epizodlardan ham yaqqol his qilish mumkin.
Samad ko‘plab hayotiy masalalar yechimida aksariyat hollarda G‘aybarovdan oldinda boradi. (G‘aybarov, xuddi shu Samadning bergan ta’rifiga ko‘ra, “mudom laylak haydab yuradi”!) Yuzaki qaraganda, G‘aybarovning juda uzoq muddat Samadning chin mohiyatidan bexabar qolishi g‘ayritabiiydek tuyulishi mumkin. Rostdan ham Haykal G‘aniyevichdek, Sotvoldiyevdek, Mulla Choridek qari tullaklarning ich-ichini kaftdagidek bemalol ko‘rib, ular ustidan beozorgina kula oladigan, hatto suyuklisi Zamiraga munosabatda ham hislar va tuyg‘ulardan ko‘ra ratsional aql mayliga ko‘proq beriladigan G‘aybarovning Samadga kelganda nuqul adashishi yoxud aldanishi o‘quvchini hayron qoldirishi mumkin. Aslida-chi? Aslida qissaning, muallifning, u yaratgan Samadning (samadlarning!) kuchi va ko‘lami ham ayni shundadir! Qolaversa, insoniyatning aksariyat hollarda mantiqqa mos kelavermaydigan o‘tmishida, shavkatli taqdiri ko‘zlari sovuq yiltillab turadigan oddiy xizmatkor yoxud umrida qadamidan tovush chiqmagan yoqimtoy bakovul qo‘lida fojiali hal bo‘lgan zukko zotlar ozmunchami?..
Abduvali Soqolga kelsak, u Galatepasini juda jo‘n va yuzaki tushunadi. O‘zini yo‘qlab borgan do‘stining oldiga “qop-qora bir qizni sudrab chiqib: mana G‘aybarov, men uylandim, endi hech go‘rga bormayman, bola zovuti ochaman, hammasi toshkesaru misgar bo‘ladi!”, deb har qancha chiranmasin, Soqol baribir Galatepasini anglashdan qo‘rqadi, undan qochadi.
Shoir sal samimiy, hatto achinishga-da loyiq. U tez-tez mavjud muhitni nima bilandir yangilash istagida yelib-yuguradi, o‘ziga madad qidiradi. Biroq uning qaytajak muqim dunyosi aslida bo‘lgan emas, balki hali shakllanib ulgurmagan, uni Jek-Jamol yoxud Tayloqovlar ko‘magida sun’iy yaratishga urinish esa baribir befoyda…
Demak, Ahmad A’zam iborasi bilan aytganda, faqat G‘aybarovgina “davradan tashqaridagi odam”, faqat ugina hali ma’naviy toza tomiridan – Galatepasidan batamom uzilib ketmagan va, mashaqqatlar chekib bo‘lsa-da, ikkilanib bo‘lsa-da, unga qaytadi…
Aslida, qissaning har bir qahramoni xususida alohida suhbatlar o‘tkazmoq, bu insoniy qiyofalarni bafurja tahlilu talqin etmoq lozim. Ayniqsa, Raim oqsoqol, Anzirat kampir, Murod amaki, Mulla Chori kabi timsollar o‘zbek adabiyotiga faqat shu qissa orqaligina kirib kelganini unutib bo‘lmaydi.
Rus yozuvchisi Grigoriy Baklanov o‘tgan asrning 80-yillarida “Drujba narodov” jurnalida chiqqan maqolasida Murod Muhammad Do‘st hikoya uslubining bir muhim jihati to‘g‘risida gapirgandi. U ham bo‘lsa, M.M.Do‘st asarlarida yozilganidan ko‘ra anglashiladigani ko‘proq ekani, bu yozilmagan qism farosatli o‘quvchi ong va tafakkuriga ko‘chib, unda o‘sib borishi haqidagi fikr edi. Darhaqiqat, Murod Muhammad Do‘st iste’dodining muhim jihatlarini o‘zida mujassam etgan “Galatepaga qaytish” qissasining ham fikriy-g‘oyaviy, ham badiiy kurtaklari didi yuksak har bir o‘quvchi ichki dunyosida o‘zining yangi va kutilmagan umrini davom ettirajak. Negaki, ismiki odam bolasi bor, aynan o‘zining Galatepasi bilan, uning ahvol-ruhiyasi bilan qiziqmasligi, bu borada bezovta bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat… faqat bir paytlar “chiroyli va aqlli qizaloqlar, Buxoriyning tazkirasi nomini talaffuz etganda (Al-Jome as-Sahih) lablari kibrli cho‘chchayadigan qizaloqlar” bilan bir partada o‘tirib, ko‘ngli to‘lib-to‘lmay falsafadan dars olgan muallif o‘zining islomshunos qahramoniga qo‘shilib aytmoqchi:
“Dunyo — baytul-ahzan, qayta gullamoq yo‘q. Xazonday sovurilamiz, xazonday, xazonday!
Dunyo — bayt-ul-jafo, g‘amg‘usor yo‘q, dillarimiz gung va besharh qoladi! Gung va besharh!”
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 15-sonidan olindi.