Otauli. Zargarona zarofat, teran tagma’no

Ona tilimizda har bir so‘zning o‘z o‘rni va aytilish ohangi bor. Xuddi shunday, so‘z san’atidagi har bir janrning ham o‘z ohangi, o‘ziga xos fayzi-tarovati, sifat-xususiyatlari bor. So‘z san’atimizning eng mo‘jaz nuqralari — maqol, shohbayt, latifa va askiya, odatda, kulib aytiluvchi va kulgi uyg‘otuvchi, til bilan adabiyotni o‘ziga xos tarzda birlashtiruvchi muxtasar badiiy so‘zdir. Unda chinakam zargarona zarofat, nozik lutf-latofat, teran tagma’no bo‘ladi.

Masalan, “So‘z ko‘rki — maqol, echki ko‘rki — soqol”, degan hikmatli gapning ikkinchi pallasidagi istehzoli kulgu, ya’ni piching, maxsus ilmiy atama bilan aytganda, “antiteza”, xuddi lakmus qog‘oziga o‘xshab, birinchi palla — “teza”dagi tagma’noni yarqiratib ochib, uning asl rang-tusini aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi. Yoxud “Zar qadrini zargar bilar, Chilangar neni bilar?” maqolini olib qarang! Bunda ham o‘zaro yondosh ikki muxtasar gap baayni “ikki yorti — bir butun” bo‘lib, so‘zlarda zargarona nozik aks ettirilgan badiiy fikr, asl tagma’no bilan yuzaki ma’no yaxlit bir butunlikni tashkil etadi. Chilangar ham bosqon, bolg‘a va boshqa ish qurollarining sifati, umuman, ishning ko‘zini biladigan usta, albatta. Lekin u zar qadrini, sof tillaning sifatini, rostdan ham, qayoqdan bilsin!

Agar og‘zaki adabiyotning eng mo‘jaz nuqrasi maqol bo‘lsa, yozma adabiyotning eng mo‘jaz nuqrasi shohbayt, jumladan, farddir. Maqolda, aksariyat hollarda, teza bilan antitezani yonma-yon keltirish va ularni qarshilantirish asosida hikmatli gap yaratiladi. Shohbaytda esa, bunday qarshilantirish qariyb uchramaydi. Unda birinchi satrda ifodalangan badiiy fikr ikkinchi satrda yana-da to‘ldirib-kengaytiriladi, kuchaytiriladi, rivojlantiriladi. Masalan, Shayxzoda Otoyining bir shohbaytini olib qarang: “Otoyi she’rining lutfini bilsa, “Latofatnoma”dan kechgay Xo‘jandiy”. Modomiki, zar qadrini zargar bilar ekan, Otoyi she’rining lutfini bilgan odam, agar u chinakam so‘z zargari bo‘lsa, lutf-latofat zamiridagi ma’nolardan zavqlanadi, unga qoyil qoladi, so‘z san’atkoriga tasannolar aytadi. Lekin birgina she’rning lutfi sabab “Latofatnoma”dek butun boshli dostondan o‘z ixtiyori bilan voz kechish… osonmi, ayniqsa, u Kamol Xo‘jandiydek ulkan so‘z san’atkorining ulug‘vor va umriboqiy asari bo‘lsa! Otoyi she’riyatidagi chinakam so‘z san’atkoriga xos nozik ifodalangan shoirona mubolag‘a va boshqa badiiy vositalarga to‘yingan lutf Lutfiy hazratlari ko‘nglida avvalo ayni shu nodir taxallusni tanlash, qolaversa, o‘smir Alisher Navoiyning birgina g‘azaliga o‘zining turkiy va forsiyda bitilgan butun ijodini ayriboshlash istaklarining uyg‘onishiga turtki bergan bo‘lsa ne ajab!

Yozma she’riyatdagi shohbayt va, umuman, har qanday lutf og‘zaki adabiyotimizdagi latifa janrining bevosita ta’sirida dunyoga kelgani shak-shubhasiz, albatta.

O‘zbek xalq latifalari qahramoni Xo‘ja Nasriddin afandidek har bir so‘zi nozik lutf-latofatga boy adabiy qahramon bu jahon ayvonida yo‘q deya, komil ishonch bilan aytishimiz mumkin. Zotan, jahon adabiyotida hech bir adabiy qahramon Nasriddin afandimizdek o‘ttizga yaqin xalqlar, hattoki arab, fors, yunondek eng qadimiy xalqlar orasida ham keng tarqalgan emas. Nafaqat yozma adabiyotimizdagi shohbayt, fard bilan tuyuq, balki o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi yana bir benazir janr — askiya ham ayni shu olamshumul latifalarimizga yarashadir… Xullas, bu o‘tkinchi dunyoga hikmatga boy donishmand-mutafakkir ko‘zi bilan kulib qarash va o‘z qarashlarini maqol, shohbayt, latifa va askiyadek so‘z san’atining eng mo‘jaz nuqralarida san’atkorona ifodalash bobida o‘zbek xalqidek zakiy-zukko xalq, o‘zbek tilidek ifoda imkoniyatlari cheksiz til bu jahon ayvonida kamdan-kam!

Agar maqol, shohbayt, latifa va askiya kulib-kulib aytilgan so‘zimiz bo‘lsa, asl o‘zbekona to‘laqonli, mukammal, kiroyi she’r — bu kulib emas, aksincha, kuyinib, yonib-o‘rtanib, bo‘zlab aytilgan so‘z, demakdir. Ahmad Yassaviy hazratlarining she’riy hikmatlari, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy va Furqatning o‘tli-otashin satrlari, yangi davr she’riyatida esa, Abdulhamid Cho‘lpon va Usmon Nosir asarlari buning eng yorqin dalolatlaridir. G‘afur G‘ulomning “Sog‘inish” she’ridagi dastlabki satrlarni yodga oling: “Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh, Eng kichik zarradan Yupitergacha O‘zing murabbiysan, javob ber, quyosh!..”. Momo Oftobga boqib turib baayni bo‘tadek bo‘zlab aytilgan bu so‘zlarni sog‘inish hissi — sog‘inch tuyg‘usining tiniq suvrati, deyish mumkin.

Dil qa’ridan — ko‘ngildagi eng pinhoniy nuqtadan chiqib, dil qa’riga yetib bora oladigan otashin satrlar, kuyib-kuyinib, sidqidildan bo‘zlab aytilgan so‘zlar Abdulla Oripovning, ayniqsa, o‘tgan asrning 60-70-yillarida yozgan o‘lmas she’rlarida ko‘plab uchraydi. Hususan, “O‘ylarim”dan quyidagi satrlarni bugun ham hayajonlanmasdan, sovuqqonlik bilan mutolaa qilish mumkin emas: “O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin, Kim aytadi bu dunyoda bo‘lmas deb bo‘ron?! Yillar ona quchog‘idan oldi-ku yulib, Savdolarga urdi meni murg‘ak yoshimdan. Bir paytlari yurar edim quyundek yelib, Endi bo‘lsa u aylanar mening boshimdan…” . Bo‘zlab aytilgan so‘zning ifoda shiddatini ko‘ring!

Muazzam Sharq adabiyoti kabi, o‘zbek adabiyotida ham bo‘zlab aytilgan so‘zning go‘zal namunalarini, albatta, eng avvalo g‘azal janrida ko‘ramiz. Gyotedek ulug‘ shoirni o‘ziga maftun-mahliyo eta olgan jahon she’riyatining eng go‘zal namunalari g‘azal janriga mansubligi, albatta, bejiz emasdir. G‘azalning nafaqat vazni, bahri, radifi, turog‘i va boshqa unsurlari, hattoki ohangi ham maftunkorlik, ohanrabolikda jahonda tengsiz. Zotan, san’atdagi katta ashula faqat g‘azal asosida aytilishi, albatta, bejiz emasdir. Odatda, katta ashula va u asoslangan g‘azal san’atkordan favqulodda chuqur nafas, kamyob ovoz, noyob quvvai hofizani talab qiladi. Bo‘zlab aytilgan so‘zning bo‘zlab ijro etilishidangina katta ashula paydo bo‘ladiki, ko‘p hollarda ularning bir-biriga mos-muvofiqligi va munosibligi favqulodda nodir hodisa hisoblanadi.

Katta ashulamizning jahon xalqlari musiqa san’atidagi eng katta muqobili, ma’lumki, operadir. Opera musiqa san’atining, aytish mumkinki, umuman, san’atning o‘ziga xos gultojidir. Operadek eng oliy san’at bo‘g‘izdagi betakror ovoz(“gortanniy golos”)ni talab qiladi. Shu boisdan har bir xonanda, hattoki katta ashulani qoyilmaqom ijro eta oladigan hofiz ham bu san’at namunasini maromiga yetkazib ijro etolmaydi. Eng avj pardalarda turib faqat bo‘g‘izda bo‘zlab aytilgan so‘z ijrochidan nainki oddiygina shirali ovoz, chuqur nafas va betakror quvvai hofiza, o‘ziga yarasha jismoniy kuch-qudrat va ruhiy quvvatni ham talab qiladi.

Jahon adabiyoti va san’atida bo‘zlab aytilgan so‘zning nodir namunalarini yana bir janr — badia (esse)da ko‘rishimiz mumkin. Badia janrining o‘ziga xos gultoji esa, badiha (improvizatsiya) xisoblanadi. Har bir yozuvchi va yo hofiz ham badiha quvvatiga ega bo‘lavermaydi. Shu boisdan har qanday badia noyob iste’dodning haqiqiy ijod mahsuli — badiha darajasiga ko‘tarilavermaydi. Chinakam badihanavislik va badihago‘ylik uchun tegishli tayyorgarlik, ma’naviy huquq, ruhiy quvvat va tafakkur kengligi kerak bo‘ladi. O‘zbek adabiyotida badihanavislikning eng mumtoz namunasi, shak-shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Boburning “Vaqoye” asaridir. Bu asar bugungi kunda “Boburnoma” deb atalib, janri goh “noma”, goh “memuar”, goh “solnoma — yilnoma” sifatida turlicha ta’rif-talqin qilinadi. Holbuki, asarning asl nomi ham, janri ham uning o‘zi bilandir. Asar muallifning bevosita o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy voqealar va ularga munosabati badihaviy yo‘sinda ro‘y-rost ifodalangan tom ma’nodagi badia — bo‘zlab aytilgan so‘z bo‘lib, ayni shunisi bilan jahon adabiyotida o‘ziga xos voqea bo‘lgan umriboqiy asar hisoblanadi.

Nihoyat, bo‘zlab aytilgan so‘zning eng ulkani, she’r, g‘azal, katta ashula, opera va badiadan ham yuksakroq bir janr bizning adabiyotimizda qadim-qadimlardan mavjud bo‘lib, bu, shak-shubhasiz, dostondir. O‘zbek xalqining katta ashulasidan kattaroq operasi ham, eposi ham, epopeyasi ham, roman bilan poemasi ham… Zotan, o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi doston baxshi tomonidan baayni joni halqumiga kelib qadalgan holda bo‘zlab aytilgan shunday umriboqiy so‘zdirki, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish”, “Balogardon”, “Malikai ayyor”, “Oysuluv”, “Qo‘rqut ota”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Yozi bilan Zebo” — jami oltmishdan ortiq o‘lmas dostonlarimiz bundan yaqqol dalolat berib turibdi. Yozma adabiyotimizda esa, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq” asarlaridan to buyuk Alisher Navoiyning o‘lmas “Xamsa” asariga kirgan beshta doston bilan “Lison ut-tayr” va “Mahbub ul-qulub” falsafiy dostonlariga qadar eng mumtoz asarlar aynan shu doston janrida yaratilgani, albatta, bejiz emasdir.

Keyingi yillarda “Doston nima?”, “Dostonning qanday turlari bor?”, “Nasriy doston ham bo‘ladimi?” qabilidagi savollar o‘rtaga tashlanmoqda. Bunday savollarga javoban avvalo shuni alohida ta’kidlab aytishimiz kerakki, doston, mening tushunishimcha, xoh og‘zaki adabiyot, xoh yozma adabiyot namunasi bo‘lsin, xoh she’riy, xoh nasriy shaklda bo‘lsin, xalqning o‘lmas ruhini o‘zida yorqin aks ettiruvchi asar, xalqning tarixiy taqdiri xususida bo‘zlab aytilgan eng ulkan So‘zimizdir. Hamma gap asarni badiiy So‘zning shu yuksaklik maqomiga ko‘tarish mahoratida! Demak, ulug‘ adabimiz tilga olgan “xalqimizni shu zamonning “Tohir va Zuhra”lari, “Chor darvish”lari, “Farhod va Shirin” va “Bahromgo‘r”lari bilan tanishtirish” bobidagi ijodiy izlanishlarimiz bundan keyin ham davom etaveradi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 10-sonidan olindi.