Ma’suma Ahmedova. Onore de Balzak ijodining uch qirrasi

Bundan o‘n besh yil muqaddam Frantsiya o‘zining ulug‘ adibi,  nafaqat frantsuz, balki jahon adabiyotiga ham ”Sag‘ri terisi”, “Gobsek”, “Gorio ota” kabi betakror, o‘lmas asarlari bilan salmoqli hissa qo‘sha olgan Onore de Balzak tavalludining 200 yilligini keng   nishonlagan edi (20.05.1799). 1979 yilda Frantsiya matbuoti yozuvchi ijodi va hayotiga taalluqli qiziqarli materiallarni e’lon qildi. Bu yil esa yozuvchi tavalludiga 210 yil to‘ldi. O‘ylaymizki, o‘n yil ilgari matbuot yuzini ko‘rgan ijodkor haqidagi ma’lumotlar hozir kun o‘quvchisi, xususan, bizning o‘zbek adabiyot  muxlislari uchun ham  o‘z qimmatini yo‘qotmaydi.

“Inson  komediya”sining muallifi bir paytlar grafinya Evelina Ganskayaga shunday deb yozgan edi: “Uch inson benihoya, umrboqiy umrga munosibdir: Napoleon, Kyuve, O’Konnel, –  men ularning to‘rtinchisi bo‘lishni istardim. Birinchisi Yevropa hayoti bilan hamnafas yashadi, u harbiy qo‘shinlar bilan birga  o‘sib, ulg‘aydi. Ikkinchisi Yer kurrasini qamrab oldi. Uchinchisi o‘zini xalqi bilan birga ko‘rdi, o‘zini xalqiga baxshida etdi (Irlandiya mustaqilligi uchun fidoyi bo‘ldi-tarj.). Men butun jamiyatni boshim uzra namoyon etmoqdaman!”

Parijda nashr etiladigan mashhur “Figaro” gazetasi adib tavalludining 200 yilligi munosabati bilan taniqli mualliflarning ajoyib maqolalarini chop etdi, ular uchun gazetaning sakkiz sahifasini bag‘ishladi. Hozir e’tiboringizga havola etiladigan  maqolalar “Figaro” gazetasidan qisqartirib olindi (mualliflar Jan Montaldo, Moris Dryuon, Filipp Tesson, Alen Shevale).

Hamisha zamonaviy va dolzarb

Onore de Balzak o‘z davrining buyuk yozuvchisi bo‘lib yetishguniga qadar kimlar bo‘lib ko‘rmadi. Notarius xodimi, gazeta noshiri, bosmaxona egasi (tez orada singan), jurnalist. O‘z davri ma’naviy qarashlarining tarixchisi  bo‘lgan Balzakni Frantsiya uchun Misr ehromlaridan piramidaga mengzash mumkin:  uning  “Inson komediyasi”– asl daho adib tomonidan yaratilgan durdonadir.

Bizlardan qanchamiz “Balzak bo‘lib ko‘rdik”, hayotni o‘rganmoqchi, insoniy munosabatlar san’atini egallamoqchi bo‘lib, 18-20 yoshimizda harbiy xizmatga jo‘nadik. Balzak zamonaviy jurnalistikada amal qilinadigan qoidalarni muomalaga kiritdi. Yozuvchi ta’kidlaganiday, odamlar xulq-atvorini anglab yetmoqchi bo‘lsak, avvalo to‘rtta: kim, qachon, qayerda va nima uchun degan savollarga javob bermog‘imiz kerak bo‘ladi.

Balzak – tahlil va kuzatuvning misli ko‘rilmagan ustasi edi. Biz aynan Balzakdan haqiqatning tagiga yetishni, “tilla bolakaylar”imizning moliyaviy nayranglarini fosh etish uchun agarda zarur bo‘lsa, hatto ularning chiqindi qutilarini ham titkilashni o‘rganamiz. Agarda  yangi olamning yorqin yulduzi kabi qonun-qoidasiz o‘ynaydigan ana shu ustasi farang muttahamu olg‘irlarni olqishlab, ko‘klarga ko‘taradigan bo‘lsak,  bu hol bizning jamiyatimiz uchun qanchalik tubanlik bo‘lardi. Bunday odamlar – Balzak  asaridagi bankchi Nusingen – “uning vekseli hamda nomi butun Yevropada ma’lumu mashhur” – muttahamning  chin avlodlaridandir. Nusingenni haqli ravishda hozirgi  “daxl qilib bo‘lmaydiganlar klubi”ning otasi, asoschisi  deyish mumkin.

Emil Blonde, Eten Lustolar – aslida bunday kishilarning professional vazifasi o‘z gazetalarida Nusingen qabilidagi nusxalarning nayranglarini  fosh etishdan iborat bo‘lishi kerak. Balzak  ularning  halollik bilan to‘g‘ri ma’lumot bermasliklari hamda pulning ustunligini o‘z gazetalarida ko‘rsatib, oshkor etmasliklari ustiga-ustak, o‘zlari ham sotilishlarini mohirona tasvirlaydi (ba’zan to‘rt suga  ham sotiladilar!). Ular pastkash kishilar,  bundaylar imon, diyonat nima, bilmaydilar, pokizalik, insof, halollik degan tushunchalarga tupuradilar.

Shaxs, oila, jamiyat

Yozuvchilar har xil bo‘ladilar. Qanday voqealar, nimalar haqida hikoya qilishlariga qarab, ularni bir guruhga qo‘shish mumkin. Ba’zi yozuvchilar – faqat bir narsani, o‘z hayotini badiiy to‘qimaning biror nafis libosiga o‘ragan holda tasvirlaydilar. Oliy toifaga kiruvchi, dunyoni boshqacha, murakkabligicha idrok etadigan yozuvchilar – ijodkorlar (bunday maqomga ulardan kamdan-kami erisha oladi), – birdaniga uch jabha: shaxs, oila, jamiyatga  xizmat  qiladilar. So‘nggisining ham o‘z kechmishi bo‘ladi.

Agarda  yozuvchi  romanida o‘z personajini ana shu uch jabhada harakat qildira olmasa, bu obrazni muvaffaqiyatli chiqadi, deb bo‘lmaydi. Romanda tasvirlanayotgan ziddiyatlar ana shu uchala qirra bilan bog‘liq  holda rivojlanib borishi kerak.

Birinchi jabha – shaxs masalasi, – odatda muallif  o‘z qahramon va  ikkinchi darajali personajlarini atrofidagi kishilar va ularning fe’l-atvorlarini kuzatishlari asosida yaratadi. Lekin bu borada ko‘p narsalar yozuvchining o‘zidan, o‘z qarashlaridan dunyoga keladi, masalan,  yozuvchi in’ikosini insoniyat urug‘lari jam bo‘lgan bir idish deyish mumkin, ijodkor ana shu urug‘larning nish otib, kurtak yozishiga zamin yaratadi.

Yozuvchi o‘zini rashkchi, xasis,  botir, qo‘rqoq, kalondimog‘ yoki xo‘rlangan,bechora kambag‘al qilib tasvirlashi unchalik ham qiyin emas. Undan ham, yozuvchi o‘zini bankchi, surgunga badarg‘a qilingan mahbus, rohib, harbiy, rassom, qozi, vazir qiyofasida ko‘rishi qiyinroqdir. Ular (bunday kishilar) o‘zlarini qanday tutishlari mumkinligini tasavvur etish mashaqqati, – mana,  katta iste’dod egasi bo‘lgan daho o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hudud. Bu aynan shunday hududki, bunda Balzakka teng keladigani bo‘lmaydi. Balzakdan boshqa hech bir yozuvchi qaynab turgan miyasidan shu qadar ko‘p sonli personajlarni chiqarib, bu obrazlarni mahorat bilan yarata olmagan.

Agar konkret olingan davr ko‘rsatilmasa, o‘sha zamon nafasi ufurib turmasa,  hech bir personaj va hech bir konflikt, ziddiyat bu qadar haqqoniy yoki  to‘g‘ri chiqmaydi. Muallif  bu davr haqidagi ma’lumotlarni biror-bir kitob yoki o‘z kuzatuvlaridan oladi. Balzakda esa Restavratsiya (tiklanish) yillari  va Iyul imperiyasi  davri tarixiy fon bo‘lib xizmat qiladi. Zero “Inson komediyasi”ni haqli ravishda Napoleon haqidagi komediya deyish mumkin. Biz Napoleonni “Vendetta”da ham, “Qora ishlar”da ham, “O‘ttiz yoshli ayol”da ham va yozuvchining boshqa  ko‘pgina romanlarida ham uchratamiz. Napoleon timsoli, shubhasiz, Balzak yaratgan XIX asr boshlaridagi inson komediyasining markazida turadi. U, bir necha Napoleonlar, Napoleonlar qo‘shinlari bo‘lganligini tasvirlaydi. Bu – xalqi bilan yaqinlashgan inson timsoli edi. “Jon  talvasasidagi kishilar  o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, “Yashasin Napoleon!” deb qichqirishga o‘zlarida kuch topdilar”. Boshqa bir, ikkinchi Napoleon esa  – frantsuz ma’muriyatini tashkil etgan, xizmat borasida, mavqeda ko‘tarilish qoidasini joriy etgan, yoshlarni martaba sari da’vat etgan mahkama odami edi. “Kishi 25 yoshida yuksak martabaga ko‘tirilishi mumkin edi”, deya eslab o‘tadi Balzak.   Bari ishlar tezda amalga oshirilardi. Ishlar qaynab yotardi. Napoleon nomining o‘zi  Balzak uchun – mukammallik va muvaffaqiyat ramzi edi.

Yozuvchi ikkinchi – oila  jabhasi uchun qaysi manbalardan material to‘playdi? Albatta,  yozuvchi bu borada birinchi navbatda o‘z xotiralari, bobo va momolari, amakilari, qarindoshlari aytib bergan hikoyalardan foydalanadi.

Aga oilaning adabiy asarga ta’siri haqida bahs yuritadigan bo‘lsak,  shubhasiz, Tolstoy birinchi o‘rinni egallagan bo‘lardi. Asli u kibor rus nasabidan kelib chiqqan bo‘lib,  mazkur asilzodalar nasli katta oilalari bilan mashhur edi. Tolstoy bir-biriga ko‘pdan-ko‘p rishtalar bilan bog‘langan  ikki–uchta oila misolida ularning bari hayajonlaru, hissiyotlari, quvonch va qayg‘ularini tasvir etgan holda butun bir olam yarata oldi. Tug‘ilish va o‘lim, ilk, ko‘tarinki muhabbat, sirli  munosabatlar, ballar, ovlar, qarta o‘yinlari, inqirozga yuz tutish va muvaffaqiyatlar uning asarlarida to‘laqonli o‘z aksini topdi. Bularni bari, bunday tasvirlar Tolstoyda mo‘l bo‘ldi.

Balzak romanlarida esa  oila xuddi yozuvchining o‘ziniki singari  uncha katta bo‘lmaydi – otasi, onasi, u va singlisidan tashkil topadi. Otasi –  ismi sharifi Bals bo‘lgan dehqon o‘g‘li edi (yozuvchi buni keyinchalik uncha xalqona bo‘lmagan Balzak degan ismi sharifga o‘zgartiradi), hukumat idoralarida xizmat qiladi. Jumladan, 22-diviziyada,  harbiylarga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘limi mudiri, keyinchalik Tur shahri Meri yordamchisi lavozimida  ishlaydi. Yozuvchining onasi – gazlama-mato bilan savdo qiladigan parijlik savdogarning qizi edi.

Balzakning bolalik va o‘smirlik yillari viloyatda kechadi. Uning romanlarida viloyatdagi  mansabdorlar, kyure, notariuslar, baqqollar obrazlari ko‘p. U yirik burjuaziya davralarida ko‘p bo‘lmas edi. Bankchi Nusingenning uyi uning ijodida istisno bo‘ladi. Bunda Balzak faqat bankchilik  kasbini qalamga oladi.

Balzak yuqori doiradagi  asilzodalar davralarida faqatgina bir necha kiborlar xonadonlarigagina kira oladi, u bular orqali olinasab sohibjamol xonimlar: gertsoginya d’Arbante, markiza de Kastrinelar – oldi frantsuz zodagonlari nazariga tushishga umid qiladi. Biroq ular uni o‘yin qilardilar, xolos. O‘limi arafasida Balzakning miyasida yana 58 ta asar uchun xom ashyo tayyor edi.

Matbuotning  qudrati va munofiqligi

Jurnalistlarni hamma davrlarda koyib kelishgan va hozir ham ularni urishadilar. XIX asrda esa bu koyish ma’lum san’at bilan, mizansahna qurgan holda, tanqid jarayoni teatrlashtirib, amalga oshirilardi. Hech kim ana shu matbuotchilar qabilasining taomilu odatlarini Balzakdek, uning “Puchga chiqqan xom xayollar” asarining “Parijdagi qishloqi dongdor” deb atalmish qismidagichalik haqqoniy va ro‘y-rost ko‘rsatib berolmagan edi. Xuddi Mopassanning “Azizim” romani qahramoni Jorj Dyurua singari Lyusen de Ryubampre, Lusto Fino va ularning do‘stlari ham  jurnalistika haqida  turli afsonalar yaratilishiga sabab bo‘ladi, Balzak ta’riflaganiday, ular “hozirgi asrimizning yarasi” bo‘lib, tarixiy tipaj- namuna sifatida xizmat qiladi.

Yozuvchi bizga yolg‘on, do‘q-po‘pisa, mas’uliyatsizlik hukm surgan olamni ko‘rsatib beradi. “Jkrnalist – misoli akrobat, – deydi Lusto Lyusenga. – Uning qalbi, imoni yo‘q, uning komil ishonchi va kuchli tafakkuri yo‘q. Shuning uchun ham haqiqatga to‘g‘ri yondashuvni ko‘rmaysiz. U o‘ziga yuksak “dabdaba”ni ravo ko‘radi – o‘ziga-o‘zi yolg‘on gapiradi. Jurnalist uchun mumkin bo‘lgan hamma narsa – haqiqatdir”. Lyusenning ustozlaridan biri Blonde shogirdiga, jurnalist bir xil mahorat bilan avval bir, so‘ngra mutlaqo birinchisiga zid holda teskarisini yozishni uddalashi darkor, deb uqtiradi. Lyuen ustoz o‘gitlariga quloq tutadi: do‘sti Natanning kitobiga ikki xil taqriz yozadi – biri maqtovga to‘liq bo‘lsa, ikkinchisi  tanqiddan iborat bo‘ladi.

Balzak o‘z asari bilan hech qanday kashfiyot qilmaydi. Chindan ham jurnalistikani axloqiy jihatdan tanqid qilish yozuvchi yashagan davrda urf edi. Bu narsa hozirda ham urfdan chiqqan emas. Lekin Balzak matbuotni ana shu yuzsizligi, axloqsizligiga ko‘nikmagan, kelisha olmagan birinchi yozuvchi edi. Uning tanqidi zamirida jamiyat holati kuzatilar va matbuotni tashkil etish asosida yotgan iqtisodiy mexanizmni fosh etar edi. Yozuvchi tarixni ijtimoiy jihatdan talqin etish ishiga hamisha sodiq qolgan holda, ushbu tizim ildizlarini izlaydi. Yozuvchi ana shu tizimning harakatlantiruvchi vositasi, richagini anglab yetadi: xuddi adabiyot va teatrga o‘xshab, jurnalistika ham  – tovar, uni ishlab chiqarish va tarqatish ishlari bozor va pul imperiyasiga bo‘ysunadi.

Balzak 1839 yilda “Puchga chiqqan xom xayollar” asarining chop etilishi munosabati bilan ilova qilgan so‘zboshisida shunday deb yozadi: “Jamiyat  adabiyotni tijorat korxonasiga aylantirib, unga qanday zarar ko‘rsatayotganligini hali bilmaydi”.  Gazeta korchaloni Fino:  “Oradan 10 yil o‘tgach (o‘shanda 1839 yil edi), jurnalistikaning bari jabhasi reklamaga itoat qiladi”, deya xitob qiladi.

Biroq  Balzak, ushbu tizimda siyosiy hokimiyat xuddi aktyor sifatida o‘rtaga chiqadi,  o‘yinchoq  va  qurbon bo‘ladi, deya fikrini yanada ilgari suradi. Uningcha, pul – siyosatni boshqargani singari, matbuotni ham boshqaradi.

Parij matbuoti Balzakning  “Puchga chiqqan xom xayollar” romani sababli ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketadi. Ayniqsa, “Figaro” gazetasi g‘azab otiga minadi. “Bu kitobning,- deb yozadi “Revyu de Pari” gazetasi, –  na uslubi, na qadr-qimmati bor, unda iste’doddan darak yo‘q”. Bodler aytganiday, “frantsuz tanqidchiligi Balzakni “Parijdagi qishloqi dongdor”i uchun hech qachon kechirmaydi”. O‘z davri, jamiyati haqiqatini  yorita olgan yozuvchi yana qanday mukofot olishi mumkin edi?

Sudxo‘rlar, birjachilar va bankchilar

Balzakning zamondoshlari ko‘ngillaridagi puch inqilobiy xayollardan  xalos bo‘lib, Gizoning: “O‘zingizni boyiting”, degan maslahatiga quloq tutadilar. Davr shiori shuni taqozo etardi. Kishilarning kuch-g‘ayrati yangi-yangi  yo‘nalishlar, konkret, aniq jabhalarga qaratiladi. Balzak ana shu jamiyatni qanday ko‘rsa, shunday tasvirlab beradi.

Biz “Parij hayoti sahnalari” romanida  bir-birlaridan uncha farq qilmaydigan sudxo‘rlar va bankchilarni ko‘ramiz. Balzak mahorat bilan yaratgan  sudxo‘r Gobsek  obrazi cheksiz-chegarasiz imkoniyatlarga ega. U yakka o‘zi harakat qilmaydi.  Gobsek, Balzak yozganiday, “umumiy manfaatlar”ga aloqador bo‘lgan o‘z hamtovoqlari bilan “Femida” qahvaxonasida uchrasharkan,  sirli moliyaviy olamni boshqaradi. Gobsek va uning hamtovoqlarini  juda rang-barang, turli kishilarning kreditlari va qarzlari haqidagi ma’lumotlar yozib qo‘yiladigan maxsus “Qora daftar”lari bo‘ladi. Bu ma’lumotlarga ega kishi, hukumatning mansab pog‘onalarida turgan biror qo‘g‘irchoqning shoxiga tegib ketish mumkin. “Men, – deydi Gobsek, – inson vijdonini sotib olishga qurbim yetadigan, idora mirzalaridan tortib to jazmanlari, ularning arzandalari orqali kuch-qudratli vazirlarni ham  boshqaradigan  darajada boyman”. O‘zining e’tirofiga ko‘ra, “Parijning o‘nta qirollaridan biri”  bo‘lgan Gobsek shunday deydi: “Men kabi odam Parijda o‘ntacha keladi; biz sizlarning taqdirlaringiz egasimiz”. Gobsek – yuvosh, pismiq, deyarli ko‘zga ko‘rinmas qirol.

Bankchilarga kelganda, ular hamisha mashhur bo‘lishni, shuhrat qozonishni yaxshi ko‘radilar. Bundaylarning ishtahalari karnay bo‘ladi. Ular sudxo‘rlardan farqli ravishda, yakka o‘zlari harakat qiladilar. Ular ko‘pincha ishni janjal-mojaro bilan tugatadilar. “Sezar Birotto”dagi Keller boylik orttirib olgach, deputat bo‘lishga harakat qiladi. U shu tariqa siyqa, martabaga intilgan, mansab izidan quvgan odamga aylanadi. Bu  mavzudagi asarlarda eng yorqin obraz – yaqinda olgan baronlik maqomidan kerilgan boyvachcha Nusingen bo‘lib, uni zodagonlar jamiyati qabul qilmaydi. U birjada necha-necha inson taqdirlari ustidan hukmron bo‘lsa-da, kiborlar xonadonlari eshigini ocholmaydi, gertsoginya xonimlar qalbini rom eta olmaydi. Nusingen suyug‘oyoq  ayollarnigina biladi va bu narsa uni qayg‘u-alamga mahkum etadi.

Balzak butun umri mobaynida nusingenlar va kellerlarga qarzini to‘lab, kun kechirib o‘tadi. Yozuvchining ularni ipidan-ignasigacha bilishi, o‘rganishi uchun imkoni ham, vaqti ham mo‘l bo‘lgan.

Moliya olamini tasvirlarkan, Balzak ular orasida Votren obraziga alohida o‘rin ajratadi. U – surgundan qochgan avantyurachi, o‘g‘rilar bankchisi. Votren jazo muddatini o‘tagan va vaqtinchalik  “ishdan uzoqlashgan” jinoyatchilar birlashmalari mablag‘larini boshqaradi, bu pullarni  jamiyatga qarshi shaxsiy urush ochib, uni moliyaviy ta’minlash uchun  sarflaydi. Balzak  bunday iblisona ishlari, firibgarligi uchun qahramonini surgunga badarg‘a qilishga haqli edi, lekin yozuvchi “Kurtizan ayollar jilosi va nochorligi” romanining so‘nggi bobida uni qidiruv politsiya boshlig‘i etib tayinlaydi. Va bu  yozuvchining bari  qolgan  asarlari ko‘lagasida mutlaqo  haqiqatga xilof ko‘rinmaydi.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi.