Obid Shofiyev. Olti asrlik mustahkam rishta

Ozarboyjon – O‘zbekiston adabiy aloqalari xususida

Tili, madaniyati, urf-odat va an’analari bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘zbek va ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi adabiy aloqalar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Bu adabiy aloqalar davr va boshqa omillar nuqtai nazardan katta bir sahifani tashkil etishini inobatga olgan holda ba’zi muhim faktlarga tayanish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.

Mumtoz adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Ozarboyjon adabiyotining buyuk siymolaridan biri shoir Nizomiy Ganjaviy ijodining o‘zbek adabiyotiga katta ta’sir ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Qutb Xorazmiy Nizomiy ta’sirida “Xusrav va Shirin” dostonini yozgani ma’lum. Shuningdek, o‘zbek adabiyotining mumtoz namoyandalari bo‘lmish Lutfiy, Xorazmiy, Durbek, Gadoyi, Atoyi, Sakkokiy kabilar ijodida  Ozarboyjon adabiyotining ta’siri seziladi. Haydar Xorazmiy ilk bor Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror” (“Sirlar xazinasi”) asari ta’sirida  o‘zining “Maxzan ul-asror” asarini yozgan.

Nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy xalqlar adabiyotining buyuk namoyandasi, mutafakkir shoir, olim, davlat va jamoat arbobi, ilm va adabiyot homiysi bo‘lmish Alisher Navoiy  Nizomiy Ganjaviy an’analarini davom ettirib, ilk bor turkiy tilda “Xamsa” dostonini yaratdi. Navoiy Nizomiydan farqli ravishda “Xamsa”ni turkiy tilda bitib, bu tilning qudratini namoyish etdi. Albatta, Navoiy “Xamsa” dostonlarini yaratar ekan  Nizomiy dahosi qarshisida – ulkan bir sinov oldida turganini his etdi. Dostonlarning har muqaddimasida Nizomiyni faxr bilan tilga oldi, unga bo‘lgan cheksiz hurmatini, ixlosini bayon etdi. U Nizomiyni o‘ziga ustoz deb bildi.  Navoiy  bitgan

Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq   

satrlarini bugun har bir ozarboyjon va o‘zbek kishisi yoddan biladi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Keyinchalik ham adabiy ta’sir, aloqalar to‘xtab qolmadi. Ozarboyjon adabiyotining atoqli vakillaridan biri Muhammad Fuzuliy  Navoiyni o‘ziga ustoz bilib, unga ergashib g‘azallariga naziralar bitdi. Shuning barobarida o‘zbek  adabiyoti namoyandalari ham Fuzuliyni o‘ziga ustoz deb bildi. Muhammad Rizo Ogahiy, Amiriy, Andalib, Muqimiy, Uvaysiy, Roqim, Sulton Sayyid Nosirxon, Tabib Xorazmiy, Sadir Erkin kabi mumtoz o‘zbek shoirlarining Fuzuliy g‘azallariga naziralar bitgani ma’lumdir.  Fuzuliy nomi butun turkiy xalqlar adabiyotining  buyuk siymosi sifatida e’tirof etiladi. XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri Erkin Vohidov ham Fuzuliy ijodiga ayricha mehr bilan qaraganini bilamiz. Mana bu satrlar   shoirning hayrati va muhabbat natijasida dunyoga kelgan desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ellar, bir daqiqa to‘xtang esishdan,
Sernavo bulbullar, sayramang bir oz.
Karbalo dashtida yayov kezishdan
Charchab tin olmoqda Fuzuliy ustoz.

Dengiz, to‘lqinlaring urma qirg‘oqqa,
Shoir o‘ylariga bermagil xalal.
Ustoz yuragida she’r tug‘ilmoqda,
Dunyoga kelmoqda bir munis g‘azal…

…G‘azal ham bo‘lurmi muncha dilrabo,
Bunchalar serishva, bunchalar sernoz.
Mening shoirligim yolg‘ondir,  ammo
Fuzuliy she’riga oshiqligim rost…

…Majnundek beorom bo‘lib qolganim
Sarsari yugurgan to‘lqinlar aytsin,
Kechalar uyqusiz she’r yod olganim
Tonggi ufqdagi yolqinlar aytsin.

                                “Fuzuliy haykali qoshida” she’ridan

XX asrning boshlarida  o‘zaro adabiy aloqalar yanada jonlandi. Jadid adabiyoti namoyandalari Ozarbayjonda bo‘layotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va adabiy o‘zgarishlardan u yerda chiqadigan gazeta va jurnallar orqali xabardor bo‘lib borganini faktlar tasdiqlaydi. O‘zbek va ozarboyjon xalqlarining farzandlari chor Rusiyasi hukmronligiga qarshi kurash olib bordilar. Ammo Qo‘qonda tashkil etilgan Turkiston muxtoriyati (1917–1918) va Ozarboyjon demokratik jumhuriyati (1918-1920) chor imperiyasi tomonidan qonli tarzda bostirildi, millatning buyuk farzandlari esa qatag‘on qilindi. Keyinchalik Stalinning qatag‘on siyosati tufayli ham ikki millatning vatanparvar, ziyoli, mard farzandlari  qatl etildi, sovuq o‘lkalarga surgun qilindi. Ular orasida ulug‘ shoir va yozuvchilar, olimlar bor edi.

Sovet Ittifoqi davrida ham o‘zbek-ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi aloqalar to‘xtab qolmadi. Ikki o‘lkada muntazam ravishda o‘tkazilib turgan “Adabiyot va san’at ” o‘nkunliklari doirasidagi adabiy uchrashuvlar, kitoblar taqdimoti va tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbek va ozar yozuvchilari, olimlari bir-birlari bilan doimo do‘stona munosabatlarini olib borishdi. Har ikki millat uchun og‘ir, qiyin, tahlikali davrda ular bir-biriga darddosh, yelkadosh bo‘ldi.

Bu yillarda ijod qilgan ijodkorlar orasida bir siymo borki, u ikki millat do‘stligining ramziy timsoli bo‘lib tarix sahifalarida qoldi. Bu siymo buyuk shoir, olim va tarjimon Maqsud Shayxzodadir. Garchi u Ozarboyjonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da, taqdir taqozosi bilan  O‘zbekistonga kelib, shu yerda muqim yashadi.

Maqsud Shayxzoda XX  asrning eng  tahlikali davrida yashab ijod etdi. Boya ta’kidlaganimizdek, bu davr tarixda mustabid tuzumning qattol siyosati bilan qoldi. Stalinning  “qatag‘on mashinasi”  ko‘plab  insonlar boshiga kulfat soldi.

Qatag‘on shamoli  Maqsud Shayxzodani ham chetlab o‘tmadi. 1928 yilda shoir va uning maslakdosh do‘stlari “ijtimoiy xavfli unsurlar” deb topildi va ularga nisbatan jazo hukmi o‘qildi (Naim Karimov. Maqsud Shayxzoda. Ma’naviy-biografik roman.Toshkent, “Sharq”, 2010, 34-bet). Hukmga ko‘ra, Shayxzoda Moskva, Tbilisi va Bokudan boshqa shaharlarda surgun muddatini o‘tashi lozim edi. Shu tariqa shoir surgun o‘tash uchun Toshkentni tanlaydi va 1928 yil fevral oyining so‘nggi kunlarida 3 yillik surgun muddatini o‘tash uchun Toshkentga keladi. Darvoqe, Shayxzoda bu diyorda 3 yil emas, balki bir umrga qolib ketdi. U o‘zbek shoiri sifatida tanildi. Maqsud Shayxzoda  Oybek, Hamid Olimjon, Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Usmon Nosir singari davrning mashhur ijodkorlari bilan yelkama-elka turib ijod qildi. Ularni o‘ziga ustoz, yaqin do‘st deb bildi. Birin-ketin chop etilgan  go‘zal va latif she’rlari matbuotimiz sahifalarini bezadi. Qator she’riy kitoblari chop etildi. Shu tariqa adabiyotimizda yana bir yorqin siymo paydo bo‘ldi.

1937 yil  rus shoiri A.S.Pushkin vafotiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan uning asarlarini tarjima qilish borasida hukumat qarori chiqadi. Bir guruh ijodkorlar Chimyon tog‘ bag‘rida tarjima bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Oybek, Hamid Olimjon, Elbek, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir singari  shoir va yozuvchilar orasida Maqsud Shayxzoda ham bor edi. Unga Pushkinning “Mis chavandoz” va “Motsart va Saleri” she’riy asarlarini  tarjima qilish yuklangan edi. Shayxzoda bu asarlarni o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi. Shoir bu bilan yana bir qirrasini namoyon etdi. Keyinchalik  Shayxzoda  tarjimachilik ishini davom ettirib, o‘zbek  kitobxonlarini jahon adabiyoti durdonalari bilan bahramand etishga munosib hissasini qo‘shdi. Uning, ayniqsa, Shekspirdan qilgan tarjimalari o‘zbek tarjimashunosligining alohida bir sahifasini tashkil qiladi. Uning tarjimasidagi “Hamlet”, “Romeo va Juletta” dramalari hanuz millionlab kishilar qalbini larzaga solib kelmoqda. Umuman, Shayxzodaning  tarjimashunoslik faoliyatini, uning mahoratini o‘rganish bugungi yosh tarjimonlar uchun katta mahorat maktabi bo‘ladi desak ayni haqiqatdir.

Ikkinchi jahon urushi yillari  shoirning   “Kurash nechun?”,  “Berlinda sud bo‘lg‘usi” kabi urushni qoralovchi, yurt o‘g‘lonlarini kurashga chorlovchi, vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi she’rlari chop etildi. Ammo  bu davrdagi Shayxzoda ijodining eng yorqin sahifasini tashkil qiladigan asar “Jaloliddin Manguberdi” dramasidir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mo‘g‘ul istilochilariga qarshi mardonavor kurashgan Jaloliddin Manguberdi haqida bunga qadar hali biron badiiy asar yaratilmagan edi. Shayxzoda bu asarni yaratish uchun tarixiy manbalarni, o‘sha davr muarrixlari asarlarini sinchiklab o‘rgandi. Va nihoyat,  1944 yil “Jaloliddin Manguberdi” dramasi dunyo yuzini ko‘rdi. Bu drama tez orada sahnalashtirilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayni urush paytida, xalqning mard, jasur qahramonlari haqida bunday asarning yaratilishi qonli janggohlarda jon olib, jon berayotgan o‘g‘lonlar uchun katta ruhiy madad, g‘alaba uchun katta da’vat bo‘ldi.

1950-yillarda Stalinning “qatag‘on mashinasi” yana ishga tushdi. Maqsud Shayxzoda boshi uzra yana qora bulutlar aylana boshladi. 1952 yil 20 sentyabrda Maqsud Shayxzodani hibsga olish to‘g‘risidagi  qarorga imzo chekildi.  Asossiz ayblar bilan qamoqqa olingan shoir Irkutskdagi lagerga  jazo muddatini o‘tash uchun  yuborildi. Stalin vafot etgach, shoir  oqlandi va  1954 yil iyun’ oyida o‘z yurtiga qaytarildi. Lekin mana shu yillarda Shayxzoda ruhiy azob, jismoniy og‘riqlar iskanjasida qoldi. Lekin  shoir hech qachon  tushkunlikka tushmadi. Yana qizg‘in ijodga kirishdi. U dardlariga qalamidan malham topdi. Uning ijodiy rejalari hali bisyor edi. Shayxzoda xalqimizning yana bir ulug‘ farzandi Mirzo Ulug‘bek haqidagi fojeasini yozishga kirishdi. Dastlab  buyuk olim va sarkarda, davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek haqidagi tarixiy manbalarni sinchiklab o‘rgandi. 1960 yil  tarixiy drama yozib tugallandi va 1961 yil  sahna yuzini ko‘rdi. Tragediyadagi rollarni davrning eng mashhur aktyorlari o‘ynagan edi. Bu asar Shayxzodaga misli ko‘rilmagan shuhrat keltirgan edi.

Shoir ijodiy biografiyasida “Toshkentnoma” dostoni alohida o‘rin tutadi. Bu asarni u eng og‘ir kunlarida boshpana va panoh bo‘lgan  shahri azimga bo‘lgan muhabbati o‘laroq yaratgan.

Maqsud Shayxzodadan bizga ulkan meros qoldi. Uning  she’riyati ko‘ngillarni xushnud etishda davom etmoqda, dramalari sahnalarda qo‘yilmoqda.

Maqsud Shayxzoda  o‘zbek va ozarboyjon xalqlarining mustahkam do‘stligi ramzi, ikki xalq farzandi sifatida mangulikka daxldordir.

XX asrning adog‘ida ulkan imperiya barham topdi. Har ikki davlat birin-ketin mustaqillikka erishdi. Asriy orzular ushaldi. Buni, ayniqsa, millat ziyolilari quvonch bilan kutib olishdi. Istiqlol  qatag‘on qilingan shoir va yozuvchilarning, olimlarning badiiy va ilmiy merosini tiklash, ularni keng targ‘ib qilish imkoniyatini berdi. Ko‘plab noyob durdonalar qayta tiklandi, xalqqa qaytarildi.

Nabi Xazri, Xalil Rza Uluturk, Mammad Oraz, Baxtiyor Vahobzoda, Qobil, Kabir Navro‘z, Yusuf Samado‘g‘li, Ag‘amali Sodiq, Anor, Elchin, Fikrat Xoja, Zalimxon Yoqub, Hidoyat, Huseyn Kurdo‘g‘li, Mamad Aslan, Ramiz Ravshan, Rustam Berudi va boshqa ozarboyjon shoir va yozuvchilarining; Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi O‘zturk, Odil Yoqubov, Pirimqul  Qodirov, Shukur Xolmirzayev, Shukrullo, O‘tkir Hoshimov, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Yo‘ldosh Eshbek, Tohir Qahhor, Usmon Qo‘chqor, Akif Azalp, Yashar Qosim, Rustam Musurmon va boshqa o‘zbek shoir va yozuvchilari  istiqlol yillarida yaratilgan asarlarida o‘tgan asarning fojiali  jihatlarini badiiy aks ettirdi.

Bu yillarda bir qator ozarboyjon ijodkorlarining asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, kitobxonlar hukmiga havola etildi. Jumladan, Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rza Uluturk, Mammad Araz, Fikrat Xoja, Voqif Samado‘g‘li, Ramiz Ravshan, Voqif Bayatli she’rlarining, Yusuf Samado‘g‘lining “Qatl kuni”, Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani, “Dantening yubileyi” qissasi, “Gurji familiyasi” va boshqa hikoyalarini, Akram Aylislining “Qura qirg‘og‘idagi gulxanlar” asari, Elchinning “Baladadashning ilk muhabbati”, “Baladadashning to‘y hammomi”, “Chelak”, “O‘lim hukmi” asarlari, Ag‘aali Sodiqning “Boshsiz” nomli  asarlarini o‘zbek o‘quvchilari iliq kutib oldi. Shuningdek,  Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Usmon Azim, Usmon Qo‘chqor, Tohir Qahhor, Shavkat Rahmon, Tilak Jo‘ra she’rlari, Xayriddin Sultonning “Yo Jamshid!”, Abdulhamid Ismoilning “Ikki chol qissasi” kabi asarlarining ozarboyjon tiliga tarjimalarini alohida  ta’kidlash lozim.

Usmon Qo‘chqorning Ozarboyjon adabiyotidan tarjimalari  ham g‘oyat salmoqlidir. Uning Mirza Jalil, M.Sobir, Muhamad Hodi, Husayn Jovid, Ja’far Jabborli va boshqa klassiklardan tarjimalari e’tirofga loyiq. Xususan, Husayn Jovidning “Iblis”, “Amir Temur”, “Shayx San’on” asarlari tarjimasi O‘zbekiston adabiy muhitida iliq qarshi olindi. Usmon Qo‘chqorning zamonaviy ozarboyjon adabiyotining taniqli vakillari Anor, Husayn Jovid kabilarning ijodidan qilgan tarjimalari ham  adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Ozarboyjon Yozuvchilar  Birligining tashabbusi bilan  “Dunyo adabiyoti” jurnali, “525-gazeta”si, Otaturk markazi va boshqa tashkilotlar ko‘magi bilan 2005 yilda Bokuda “Tarjima masalalari va globallashuv” mavzusidagi  xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

O‘GORT aloqalariga (O‘zbekiston, Gurjiston, Ozarboyjon badiiy tarjima masalalari) bag‘ishlangan bu konferentsiya natijasida Ozarboyjon va o‘zbek tillarida “O‘GORT – chog‘dosh o‘zbek va gurji adabiyotidan sochmalar” (Boku, 2005) to‘plami nashr etildi. O‘zbekistondagi “Jahon adabiyoti” jurnalining 2005 yil 5-sonida “Adabiy aloqalar” ruknida “Umrlardan uzun sevgimiz” sarlavhasi ostida Ozarboyjon adabiyotidan ayrim namunalar berildi. Mazkur rukn tanqidchi Asad Jahongirning “Yangi she’riyat ufqlari” nomli maqolasi bilan boshlanadi. Kirish maqolasidan  so‘ng o‘zbek o‘quvchilariga Alisamad Kur, Odil Mirsayid, Adolat Asqaro‘g‘li, Rasim Qaracha, Quli Oqsos, Zohir Azamat, Oqsin, Najot Mamadov, Esmira Serova kabi shoirlarning, Tehron Ahsano‘g‘li, Rafiq Hoshimov, Elchin Husaynbeyli, Maqsad Nur kabi tanqidchi va yozuvchilarning asarlaridan namunalar taqdim etilgan. She’r, hikoya va maqolalarni o‘zbek tiliga Fayzi Shohismoil, Xosiyat Rustamova, Usmon Qo‘chqor, Mirpo‘lat Mirzo, Iqbol Mirzo, Eshqobil Shukur, A’zam Obidov, Usmon Azim, Dildora Aliyeva, Hulkar kabi o‘zbek shoir va yozuvchilari tarjima etganlar.

Toshkentda nashr etilgan “XX asr Ozarboyjon she’riyati antologiyasi” (2013) va va “Umrdan uzun kecha” (Ozarboyjon yozuvchilarining hikoyalari, 2014) to‘plamlarida ham qardosh o‘lka shoir va yozuvchilarining asarlaridan namunalar o‘rin oldi.

Endi o‘zbek va ozarboyjon adabiyoti namunalarining o‘rganilishiga ham to‘xtalib o‘tsak. Adabiy aloqalar borasida har ikki o‘lkada ham bir qator maqola, risola, monografiya, to‘plam, antologiya va dissertatsiyalar yaratildi. Bunda, albatta, zahmatkash olimlarning xizmati beqiyos.

“O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobining muallifi, atoqli  o‘zbek olimi Natan Mallayev Nizomiy Ganjaviyning ijodiy merosi, uning o‘zbek adabiyotiga ta’siri masalalariga oid bir qator tadqiqotlarni yaratdi. Uning “Nizomiy Ganjaviyning adabiy merosi va uning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati”  nomli monografiyasida ikki xalqning adabiy aloqalari keng  yoritilgan. Umuman, O‘zbekistonda N.Ganjaviyning “Etti go‘zal”, “Layli va Majnun”, “Sirlar xazinasi”, “Iskandarnoma” dostonlaridan parchalar “Guldasta” kitobida (1947) berilgan. Qolaversa, ulug‘ shoirning “Tanlangan she’rlar”i (1983), “Injular ummoni” (1989), “Layli va Majnun” (2005), “Xusrav va Shirin” (2005) dostonlari va boshqa asarlari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib chop etilgan.

Quyidagi ma’lumotlar ham bu borada qilingan ishlar haqida muayyan tasavvur beradi.

Alisher Navoiyning “Tanlangan she’rlar”ining 2004 yili Bokuda 25000 nusxada chop etilishini (sharhlar, kirish so‘z va  lug‘atlar muallifi Hamid Arasli) shoirga buyuk ehtirom namunasi deyish mumkin.

“Uch qardosh” (O‘zbek ertaklari. Tarjimon Panoh Xalilov. Boku, 1942 va 1972), “O‘zbek adabiyoti antologiyasi” (Boku, 1958), “O‘zbek ertaklari” (Boku, 1959), “O‘zbek she’rlari” (Boku, 1959), “Nurli diyor: o‘zbek nasri almanaxi” (Boku, 1979), “O‘zbek xalq ertaklari” (tarjimon A.Rzayev, Boku, 1987), “Sehrli O‘zbekiston: she’r almanaxi” (Boku, 1979) va boshqa kitoblarda o‘zbek adabiyotidan namunalar ozarboyjon tiliga tarjima qilinib nashr etildi.

Ozarboyjon folklorining O‘zbekistonda, o‘zbek folklorining Ozarboyjonda o‘rganilishi, qiyosiy-tipologik tahlillar va tadqiqotlar adabiy aloqalarda alohida sahifani tashkil etadi. A.Nabiyev “Ozarboyjon-o‘zbek folklor aloqalari (“Ko‘ro‘g‘li” va “Go‘ro‘g‘li” dostonlari misolida)” va “Ozarbayjon-o‘zbek folklorining tipologiyasi va o‘zaro aloqalari”  kitoblarini  istiqlol yillarida qayta ishladi. Shuningdek, olim mustaqillik yillarida “Ozarboyjon xalq adabiyoti” (Boku, 2006) nomli yangi kitobini nashr ettirdi.

Mustaqillik yillarida P.Xalilovning  darslik sifatida nashr etilgan  “SSSR xalqlari adabiyoti” kitobi, jumladan uning “O‘zbek adabiyoti” bo‘limi  qayta ishlandi. Darslik mustaqillik mafkurasi asosida qayta takomillashtirilib “Turkiy xalqlar va Sharqiy slavyanlar adabiyoti” (Boku, 1994) nomi bilan nashr etildi.

Ma’lumki, Alisher Navoiy ijodi  dunyoning ko‘plab tadqiqotchilarining diqqat markazida bo‘lib kelgan.  G‘arb va Sharqning atoqli olimlari Navoiy ijodiy merosini  o‘rganib ko‘plab  kitoblar, maqolalar chop ettirgan. Ayniqsa, Ozarboyjon adabiyotshunosligida navoiyshunoslik sohasi alohida o‘rin tutadi. Jumladan, Faridunbey Ko‘charli, Hamid Arasli,  Panoh Xalilov, Jannat Nag‘iyeva, Xalil  Rza Uluturk, Komil Vali Narimono‘g‘li, Ramiz Asqar, Tarlon Quliyev, Olmos Ulvi (Binnatova) singari  taniqli olimlarning  Navoiy ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlari nafaqat ozarboyjon adabiyotshunosligi, balki o‘zbek adabiyotshunosligi uchun ham juda muhimdir. Nizomiyning Navoiyga adabiy ta’siri qancha bo‘lsa, Fuzuliyga Navoiyning ta’sirini ham shu mezon bilan baholash lozim. Bu adabiy hamkorlik  asrlar va yillar davomida  rivojlanib, sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida ham to‘xtab qolgani yo‘q. Tahlikali damlarda ham Navoiy ijodi ikki xalqni  doimo birlashtirib, o‘zaro do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlab bordi.

1926 yil Bokuda bo‘lib o‘tgan  I Turkologlar qurultoyida  Alisher Navoiy  tavalludining 500 yilligini keng nishonlash uchun 10 kishilik komissiya tashkil etiladi. 1926 yil 26 fevral, ya’ni kongressning  birinchi kunida  birinchi muzokaradan so‘ng  qurultoy ishtirokchilari “Alisher Navoiy – 500” yubiley kechasida ishtirok etadilar. Bu tadbirga tashkilotchilar puxta tayyorlandi.

Bokuda nashr etiladigan “Kommunist” gazetasida taniqli adabiyotshunos olimlar Ismoil Hikmat, Ali Nazim, Mirza Muhsinlarning maqolalari e’lon qilinadi. Mazkur gazetaning 1926 yil 4 mart sonida B.Cho‘bonzodaning “Navoiy – tilshunos” maqolasi e’lon qilinadi. Olimning bu maqolasida Navoiyning turkiy til rivojida qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z boradi. B.Cho‘bonzodaning “shahar tili bo‘lmagan turkiy til adabiy til bo‘la olmaydi degan fikr hukmron bo‘lgan bir davrda Alisher Navoiy tili adabiy til emas, balki xalq tilidir”  degan fikrlari so‘zimizni isbotlaydi.

Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda taniqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Hamid Araslining xizmatlari beqiyosdir. Uning   “Nizomiy va Navoiy”, “Navoiy va Ozarboyjon adabiyoti”, “Alisher Navoiy”, “Alisher Navoiy va uning adabiy merosi”, “Navoiy va Fuzuliy”, “Buyuk shoir” singari  maqolalari Navoiy ijodiy merosini  o‘rganishdagi qimmatli manbalardan  bo‘lib kelmoqda. Hamid Araslini O‘zbekistonda ham yetuk navoiyshunos sifatida bilishadi. Olim Navoiy ijodiga yuksak baho beradi: “Alisher Navoiy asarlari Ozarbayjonda XV  asrdan boshlab mehr va muhabbat bilan o‘qib kelinmokda. Asrlar davomida xalqimiz Navoiyni o‘z shoirlari qatorida ko‘rib keladi. U bilan zamondosh Kishvariy, Xulqiy singari ozar shoirlari Navoiyning ta’siri ostida kamol topganlar. Buyuk Fuzuliy ham “Layli va Majnun” asari muqaddimasida uning nomini Nizomiy va Abu Nuvos singari Sharqning buyuk shoirlari qatorida zikr etadi. Mirzo Fatali Oxundov ham maqolalarida Navoiyni oqil va dono davlat arbobi sifatida e’tirof etadi” (Araslı Həmid.  Nəvai və Füzuli // “Ədəbiyyat və incəsə­nət”, 30 may, 1980).

Xalil Rza  Uluturkni o‘zbek adabiyotining Ozarboyjondagi mohir tarjimoni sifatida bilamiz. Uning buyuk xizmatlaridan biri Navoiy asarlarini ozarboyjon tiliga mahorat bilan o‘girganidir. “She’riyat – eng buyuk milliy boylik” maqolasida uning quyidagi fikrlarini o‘qiymiz: “Ozarboyjonning Fuzuliy, Zakir, Natavan, Fata xonim Kamina, Vidadi, Sayid Azim, Sobir kabi ulug‘ san’atkorlari Navoiyga hamisha buyuk bir san’at ma’budi kabi qaraganlar. Navoiyning ta’siri bugun ham Ozarboyjon adabiyotida davom etmoqdadir” (A.Ülvi. Xəlil Rza Ulutürk və özbək ədəbiyyatı /Azərbaycan-özbək ədəbi əlaqələri (monoqrafiya). – Bakı, “Qartal”, 2008, 191 sah.).

Ozarboyjonda Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganishda taniqli olima Jannat Nag‘iyevaning o‘rnini alohida ta’kidlash lozimdir. U “Navoiy entsiklopediyasi  lug‘ati” (mualliflardan biri, 1989), “Ozarboyjonda Navoiy” (2001), “Navoiyning Boku qo‘lyozmalari” (1986), “Navai i Azerbaydjanskaya litera­tura. XV-XIX veka” (1990) kitoblarini chop ettirdi. Olimaning Alisher Navoiy ijodiga oid ozarboyjon, rus va o‘zbek tillarida 60 dan ziyodroq ilmiy maqolasi  e’lon qilingan. Ayniqsa,  uning Navoiy qo‘lyozmalariga oid tadqiqotlari hamon dolzarbligini  yo‘qotmagan. Jannat Nag‘iyeva nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ham  Navoiy ijodiy merosiga bag‘ishlangan.

Navoiy ijodining Ozarboyjonda o‘rganilishida taniqli olima, filologiya fanlari doktori Olmos Ulvi (Binnatova)ning ilmiy tadqiqotlari muhim o‘rin tutadi.

Olima matbuotda ilm, adabiyot, tarix, publitsistikaga oid maqolalari bilan  muntazam chiqish qilib keladi. Gazeta va jurnallarda, kitob, almanax va ilmiy to‘plamlarda, bir qator xalqaro jurnallarda turk, o‘zbek, turkman, rus, ingliz, gruzin, arab, fors, olmon, qozoq, qirg‘iz, tatar va boshqa tillarda 500 dan ortiq ilmiy maqolasi e’lon qilingan. Olmos Ulvi (Binnatova)O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Turkmaniston, Avstriya va boshqa mamlakatlarda 60dan ortiq ilmiy simpozium va konferentsiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Bu ma’ruzalarning aksariyati Navoiy ijodiga bag‘ishlanganini alohida qayd etish lozim.

Olima ozarboyjon va o‘zbek adabiy aloqalari kontekstida o‘zbek adabiyotiga doir 150 dan ortiq maqola nashr ettirgan. 2009 yil Toshkentda “Ozarboyjon-o‘zbek (chig‘atoy) adabiy aloqalari (davrlar, siymolar, janrlar, tamoyillar)” va “Alisher Navoiy Ozarboyjon adabiyotshunosligida” kitoblarining taqdimoti o‘tkazilgan. Ushbu tadqiqotlarda turkiy xalqlar va o‘zbek adabiy aloqalarining uzoq yillik tarixi qamrab olingani, qolaversa, Alisher Navoiyning Ozarboyjon adabiyotshunosligida o‘rganilishiga oid ma’lumotlar e’tiborga loyiqdir. Uning bu boradagi tadqiqotlari ikki xalq adabiy aloqalari tarixida alohida sahifani tashkil etadi.

Olmos Ulviyning akademik Iso Habibeyli muharrirligida chop etilgan, “Dunyo uchun ahamiyatli ish” nomli kirish so‘zi bilan boshlanuvchi “O‘zbek adabiyoti (adabiy portretga chizgilar, tadqiqotlar, suhbatlar)” (A.Ülvi.Özbək ədəbiyyatı (ədəbi portret cizgiləri, araşdırma­lar, müsahibələr”, Bakı, 2016) kitobida o‘zbek va ozarboyjon adabiyotlariga doir tadqiqotlar, adabiy aloqa va adabiy ta’sir masalalari o‘rin olgan. Kitob so‘nggida muallifning o‘zbek adabiyoti bilan bog‘liq yozgan maqolalarining bibliografiyasi ham joy olgan. O‘zbekistondagi “Kitob dunyosi” va “Surxon yoshlari” gazetalarida akademik Iso Habibeylining yuqorida tilga olingan “Dunyo uchun ahamiyatli ish” maqolasi o‘zbek tilida  Obid Shofiyev   tarjimasida  e’lon qilindi.

Toshkentda olimaning  kitobi  o‘zbek tiliga nashr etildi (O.Ulvi. O‘zbek adabiyoti va Ozarboyjon (tadqiqotlar, adabiy portretlar, suhbatlar). Toshkent, “Kamalak”, 2016). Kitobda muallifning turli yillarda O‘zbekistonda chop etilgan ilmiy maqolalari  va suhbatlari  jamlangan. Olima o‘zbek matbuotida ancha faol. Uning maqola va suhbatlari “Kitob dunyosi” va  “Surxon yoshlari” gazetalarida muntazam  e’lon qilib boriladi.

Mana olti asrki o‘zbek va ozarboyjon adabiy aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Kelgusida ham bu aloqalar davom etishiga va yangi sahifalar ochilishiga ishonamiz.

Obid ShOFIEV, 

adabiyotshunos