Naim Karimov. Jadid adabiyoti manbalari

http://n.ziyouz.com/images/jadid.jpg

Har bir mamlakat va xalq hayotiga yangi ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy g‘oyalarning kirib kelishi, shu g‘oyalarning maktab va maorif, matbuot, adabiyot va san’at sohalarida inqilobiy o‘zgarish­larni yuzaga keltirishi tarixiy sharoit taqozosi bilan ro‘y beradi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda jadidchilik harakatining boshlanishi feodalizm davrining qonun va qoidalari hukmronlik qilgan o‘lkaga kapitalistik munosabatlarning kirib kela boshlashi bilan mahalliy xalq uchun yangi hayot chechaklari – jadid maktabi, matbuoti, teatr va adabiyoti kurtak yoza boshladi. Ammo bu madaniy-ma’rifiy voqealar Sahroi Kabirda emas, balki Ibrat, Furqat, Muqimiy, Ahmad Donish singari mashhur shoirlar asos solgan o‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti daraxti gullagan zaminda maydonga keldi. Biroq bu hol Turkistondagi jadid adabiyotining vujudga kelishi va shakllanish manbalari faqat o‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti an’analari bilangina cheklanadi, degan ma’noni mutlaqo anglatmaydi.

To‘g‘ri, o‘zbek jadid adabiyotining peshqadam vakillari Behbudiy, Hamza, Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy ijodida garchand Ibrat, Furqat, Muqimiy, Ahmad Donish singari ustozlarning ma’rifatparvarlik g‘oya­lari  yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, bu g‘oyalarning ular ijodida xalq va mamlakat taqdiri ila uzviy bog‘lanib ketgani bilan farqlanadi. Jadid shoir va yozuvchilarning asarlarida ifodalangan ma’rifatparvarlik g‘oyalari erk va hurriyat g‘oyalari bilan, mustaqillik uchun kurash g‘oyalari bilan tutashib ketgan. Jadid yozuvchilari ijodidagi ma’rifatparvarlik g‘oyasining sig‘imi benihoya kengdir.

Shu hol ayrim o‘zbek adabiyotshunoslarining Turkistondagi jadidchilik harakati Frantsiyadagi ma’rifatparvarlik harakati ta’sirida maydonga kelgan, deb chiqishlariga sabab bo‘lgan. Shunday adabiyotshunoslardan biri akademik B.Nazarov “Turkiston jadidlarining frantsuz ma’rifatparvarlari bilan intellektual aloqalari” maqolasida bunday yozgan edi: “Jadidlar, umuman, frantsuzlar hayotiga, ilmiy-ijti­moiy merosiga katta qiziqish va hurmat bilan qaraganini ko‘rsatuvchi ko‘p­lab faktlar(ni) keltirish mumkin. Masalan, Fitrat “Sayyohi hindi” (1912) kitobida aytadiki, “Qarshi yo Kitobning biror-bir olacha to‘quvchisi Farangistonda yashasa” edi, millioner bo‘lib ketar edi. Behbudiy esa o‘zining “Ikki emas, to‘rt til kerak” (1913) maqolasida butun olam bir-biri bilan gaplashadigan tillardan biri frantsuz tilidir, bu tilni o‘rganish zarur, degan fikrni ilgari suradi. Jadidchilik rahnamolari nainki ilmiy yoki publitsistik chiqishlari, balki badiiy asarlarida ham Farangistonga hurmat bilan qaraganini ko‘rsatadilar, asar qahramonlari bu yurt haqida mehr bilan fikr yuritadilar…”.

Tan olish kerakki, kamina ham o‘zbek jadidchilik harakatining ildizlari to‘g‘risida bahs yuritganimda frantsuz  razvedkachisi Lyakostaning Turkistonda bo‘lishiga doir materiallar bilan tanishib, taxminan shunday xulosaga kelgan edim. Lekin jadidlar qulog‘iga frantsuz ma’rifatparvarlik harakati va uning Didro, Volter, Sen-Simon singari namoyandalarining nomlari chalingan bo‘lsa-da, ularning bu harakat va bu namoyandalar merosi bilan tanishganlarini tasdiqlovchi na biror hujjat, na biror xotira uchramaydi. Fan esa bizdan har bir so‘zimizni aniq dalil bilan asoslashni qat’iy talab qiladi.

Avvalo shuni aytish kerakki, jadidizm g‘oyasi paydo bo‘lgan paytda Turkiston Sharq va G‘arbdagi ayrim davlatlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan ham, ijtimoy jihatdan ham, madaniy-ma’rifiy jihatdan ham ayanchli darajada orqada qolgan edi. Bu masala jadidlarni tashvish­lantirmasligi mumkin emas edi. O‘zini Amir Temur, Ulug‘bek va Boburning avlodlari deb his qilgan jadidlar vatandoshlarining og‘ir ahvolda yashayotganlaridan, ayniqsa, vatanlarini urushsiz-janjalsiz rus armiyasiga ikki qo‘llab topshirganlaridan kechikib bo‘lsa-da, vaziyatdan chiqish yo‘llarini axtara boshladilar. 1905 yildagi rus-yapon urushida Yaponiyadan, Birinchi jahon urushida esa Antanta davlatlaridan mag‘lubiyatga uchragan Rossiyaning chekka mus­tamlakasida, o‘zbekni inson o‘rnida ko‘rmaydigan Mochalovlar qamchisi  ostida yashash o‘zbek xalqining ilg‘or farzandlari – jadidlar uchun haqorat va sharmandalik edi. Ular vaziyatni keskin o‘zgartirish uchun qo‘l va oyoqlaridagi kishanlarni parchalab, Rossiya hududlaridagi va xorijdagi turkiy tilli xalqlar bilan aloqa o‘rnatishi, ularning qanday yashayotganlari haqida aniq tasavvur hosil qilishi zarur edi. Taxminan shunday holatda bo‘lgan Qrim tatarlarining dohiysi Ismoil Gasprinskiy Rossiyadagi va xorijdagi musulmon xalqlarning maktab va maorif tizimini isloh qilish uchun G‘arb bilan aloqa o‘rnatish dasturini ishlab chiqib, bu dasturning asosiy mohiyatini “Tarjimon” jurnalida e’lon qilgan va jurnalning shu sonlarini Turkis­ton­ga yetkazish choralarini axtargan. Ko‘p o‘tmay, nafaqat “Tarjimon” jurnali, balki uning muharriri ham Turkistonga kelib, o‘zbek jadid­lari bilan aloqa o‘rnatgan.

“Gasprinskiy, shuningdek, Orenburgdagi Rizoiddin Faxriddin va Musa Jorulloh  (“Vaqt” va “Sho‘ro” jurnallari) taklif qilishgan modeldan ruhlangan jadidlar, – deb yozadi Frantsiyadagi sotsial tadqiqotlar oliy maktabi o‘qituvchisi Shantal Lemerse Kelkeje, – nafaqat liberal adabiyotni, balki Turkistonda va  boshqa mamlakatlarda, chunonchi, Buxoroda, shuningdek, ulardan chetda, butun O‘rta Osiyo bo‘ylab gazetalar chiqarib, tarqata boshladilar.

O‘zining jug‘rofiy joylashishi tufayli va Rossiya, Turkiya hamda boshqa mamlakatlardagi siyosiy harakatlar ta’sirida O‘rta Osiyodagi jadidlarning milliy harakatlari o‘zini-o‘zi anglash darajasiga ko‘tarildi; ular tashqi olamga ochiq bo‘lishlari lozimligini tushundilar. Ammo o‘z talablarini chetdan olingan so‘zlar yordamida ifodalash ular uchun bu yetarli emas edi. Bunga imkon bo‘lishi bilan ular uzoq yashamagan bo‘lsa-da, o‘zlarining favqulodda ta’sir ko‘rsatuvchi matbuotlarini yaratdilar”.

Frantsuz olimining bu so‘zlariga qaraganda, Turkistonda jadidchilik harakatining tug‘ilishida milliy matbuotning ahamiyati katta bo‘lgan. Holbuki, Turkiston matbuoti, Shantal Kelkeje yozganidek, o‘zini-o‘zi anglash darajasiga ko‘tarilishi uchun o‘zbek xalqining vakillari, jumladan, jadidlarning o‘zlari xorijiy mamlakatlarga borib, boshqa xalqlar hayoti bilan tanishishlari va Turkis­tondagi hayot bilan xorijdagi hayot o‘rtasidagi katta farqni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari va bundan jiddiy  xulosalar chiqarishlari lozim edi. Yana masalaning nozik tomoni shunda ediki, matbuotning xalq ko‘zini ochuvchi qurol ekanini yaxshi bilgan mustamlakachi Rossiya Turkistonda na matbuotning, na teatr san’atining vujudga kelishiga aslo ruxsat bermagan.

XVIII asr oxiri – XIX asrlarda Turkistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘plab sayohatchilar kela boshlagan. Shu davrda ajdodlarimiz nafaqat Sharq, balki G‘arb mamlakatlariga ham turli maqsadda tashrif buyurishgan. Ahmad Donishning 1857, 1868 va 1873 yillarda Buxoro amiri va uning ayonlari bilan birga Peterburgga qilgan sayohati va shu sayohat chog‘ida ilg‘or rus madaniyati bilan tanishishi uning dunyoqarashini keskin o‘zgartirib yubordi. Taxminan shu yillarda Xudoybergan Devonovning Xiva xoni va uning a’yonlari bilan birga fotograf sifatida Rossiyaning Peterburg, Moskva va boshqa shaharlariga borishi uning hayotida katta voqea bo‘ldi. Birining Peterburg taassurotlari asosida yozgan “Navodir ul-vaqoye” asari, ikkinchisining mashhur rus shaharlaridagi saroylar, istirohat bog‘lari, fontanlarning fotosuratlari zamondoshlarining dunyo haqidagi tasavvurlarini keskin o‘zgartirib yubordi. Ahmad Donishdan keyin samarqandlik savdogar Mirza Buxarin 1888 yilda Boku, Xarkov, Moskva va Peterburg shaharlariga, toshkentlik savdogar Tojimuhammad Isamuhamedov 1900 yilda Boku va Istanbul orqali Parijga, Said­ra­sul Aziziy esa 1910 yilda Moskva va Peterburgga borib, bu shaharlardagi san’at obidalarini ko‘rib, hayratga tushdilar. O‘zbek sayyohlarining “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilingan bosh­qa xotiralari mushtariylarning dunyo, madaniyat va inson to‘g‘risidagi tasavvurlarini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan bo‘lsa ajab emas. Asosan Sharq mamlakatlariga borgan Ishoqxon Ibrat, So‘fizoda, Behbudiy singari qalam ahlining safar taassurotlari bilan tanishgan kishi bu taassurotlarning ular dunyoqarashiga, hatto hayot tarziga katta ta’sir o‘tkazgani, o‘z vatanlarida kechayotgan hayotga, tobelik bilan mustaqillik tushunchalariga bo‘lgan munosabatlarini keskin o‘zgartirib yuborgani shak-shubhasizdir.

Agar bu ustozlar xorijiy dunyodagi havas qilishga arzirli manzarani ko‘rib, o‘ksingan bo‘lsalar, Fitrat singari Turkiyaga, Sh.Muxtoriy, Sh.Sulaymon, A.Bektemirov singari Qozon yoki Ufaga borgan yoshlar nafaqat shu yerdagi maktablarning o‘quv dasturlaridan jadid maktablari faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida foydalandilar, balki shu shahar va mamlakatlarda nashr etilgan gazeta va jurnallarning mazmun-mohiyati bilan tanishib, Turkistonda ham shunday nashrlarni amalga oshirish orzusi bilan yashadilar.

Fitrat 1909 yilda Turkiyaga borishidan avval otasi bilan birga 1904 – 1907 yillarda hajga borib, Eron, Hindiston va Arabiston mamlakatlarida bo‘lgan, hatto Moskva va Peterburgga ham borgan. Ammo u Turkiyadagi talabalik yillarida Istanbul dorilfununida tahsil olish bilan birga, shu yerdagi adabiy-madaniy hayot bilan tanishib (ayniqsa, “Sirot-i mustaqim” gazetasida bosilgan jiddiy maqolalarni o‘qib) va unda ishtirok etib, Turkiston jadid­lari uchun dastur vazifasini o‘tagan “Munozara” asarini yaratdi. 1908 yilda chiqa boshlagan va muharriri Mehmed Oqif Erso‘y bo‘lgan “Sirot-i mus­taqim” gazetasida Farid Vajday, Muhammad Anduh, Azimzoda Rafiq va boshqa turk yozuvchilarining asarlari bosilar ediki, Turkiyaga tahsil olish uchun borgan o‘zbek yoshlari o‘sha yillarda katta dovrug‘ qozongan bu asarlarni o‘qimagan bo‘lishi mumkin emas.

Turkistondagi jadidchilik harakati Frantsiyadagi  ma’rifatparvarlik harakati (XVII asr) ta’sirida boshlangan, degan fikr tarafdorlaridan yana biri  atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinovdir. U Fitrat haqidagi maqolasida adib dialogga asoslangan “Hind sayyohi” asarini yozishda buyuk frantsuzlarning asarlaridan oziqlangan, degan fikrni olg‘a surgan. “Sirot-i mustaqim” gazetasi materiallarini yaxshi o‘rgangan shoir va publitsist Miraziz A’zamning yozishicha, “Shunday bo‘lishi ham mumkin, ammo Fitratning bu (“Munozara” va “Hind sayyohi”) asarlarini  yaratishiga ko‘proq ta’sir qilganlar qatorida Ismoil G‘aspralining “Dor-ur-rohat” (“G‘animat diyor”) romanini, Mirza Fatali  Oxundovning “Hind shahzodasi Kamol-ul-davlaning Eron shahzodasi Jalol-ul-davlaga uch maktubi va uning hind shahzodasiga javoblari” nomli badiiy-publitsistik asari, hammadan ko‘proq Muhammad Abduhning “Farangi notig‘i Hanoto ila munoqasha” asarini sanash to‘g‘riroq va asosliroq ko‘rinadi. Chunki bular shundoq yonboshidagi manbalar edi”.

Bizningcha, “Munozara” va “Hind sayyohi” asarlarining va, umuman, Turkiston jadidchilik harakati va adabiyotining shakllanishida turk matbuoti va adabiyotining manba sifatidagi roli birlamchi ahamiyatga ega. Fitrat Turkiyada tahsil olgan yillarda I.Gasprinskiyning “Tarjimon” gazetasi, ma’rifatparvarlik va islohotchilik g‘oyalari turkiy olamning peshqadam vakillari tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingani, binobarin, ular ijodiga ta’sir ko‘rsatgani ham sir emas.

Miraziz A’zam davom etib yozadi: “G‘aspiralining “Dor-ur-rohat” romani turkiy tilda birinchi roman bo‘lib, oldin “Tarjimon” gazetida bosilgan… edi. Uning bir qismini toshkentlik Mulla Abbosning go‘yo Frantsiyaga qilgan sayohati asosida “Farangiston maktablari” tashkil qilardi. Mulla Abbos Andaluziyani sayr etar ekan, bir mahkamaga kirib, xizmat qilayotgan qozi bilan tanishadi. Qozi mullaning arab, fors tillari grammatikasidan boshqasini o‘qimaganligidan hayratga tushadi:

“– Voajab! O‘n ikki yil tahsilda bo‘lib, hisob, handasa, hukumoti ta’biya, tarix kabi fanlar(ni) ko‘rmadingizmi?

– Shunday, afandim, ko‘rmadim.

– Balki ilmi sanoidan, tibbiyot, muhandislik, kimyo va me’morlik tahsilida bo‘lgandirsiz?

– Bo‘lmadim. Lekin Fransa o‘lkasida, aksincha, bir necha fanlardan dars oldim.

– Franklardan qanday saboq oldingiz?

– Muxtasar tarixi umumiy, fanni jahonnoma, ilmi hayvonot hukumot va bir oz hisob va ilmi sihhat saboqlari oldim” (N.Karimov, “Cho‘lpon”, 55-56-betlar).

Naim Karimov bu parchani keltirib, Cho‘lpon “Do‘xtur Muhammadyor”ni “Dor-ur-rohat” romanidan ta’sirlanib yozganini ko‘rsatadi. Ko‘rinib turibdiki, Fitrat ham “Munozara”ni yozishda shu romandan ta’sirlangan. Lekin Fitrat Muhammad Abduhning “Munoqasha”sidan ko‘proq ta’sir  olgan”.

M.A’zamning davom etib yozishicha, bu fikrni yapon olimi Kumatsu ham tasdiqlagan.

Fitrat asarlari bilan I. Gasprinskiy va Muhammad Abduh asarlari o‘rtasidagi yaqinlik qanday darajada ekanligini bilish uchun shu va shunga o‘xshash masalalarni chuqurroq o‘rganish jadidshunoslar oldida turgan muhim va dolzarb vazifalardan biridir.

Fitratning Turkiyada tahsil olishi, Istanbuldagi dorilmuallim va universitet kutubxonalaridagi o‘zga mamlakatlardan kelgan kitoblar, gazeta va jurnallar bilan tanishishi uning ijtimoiy va adabiy-ma’rifiy qarashlarining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Fitratning singlisi shoira Mahbuba Rahimovaning eslashicha, Turkiyaga mo‘min musulmon bo‘lib ketgan akasining boshiga turk fatasini kiygan qip-qizil jadid bo‘lib qaytishi Buxoro ahlini hayratga solgan. Lekin 1919 yili “Chig‘atoy gurungi” tashkilotini tuzgan Fitrat shu tashkilotning yig‘ilishlaridan birida O‘zbekiston “turk modeli” asosida rivojlanishi kerak, degan g‘oya tarafdorlariga qarshi chiqib, O‘zbekiston “o‘z modeli”ni ishlab chiqib, shu “model” asosida rivojlanishi lozim, degan g‘oyani ko‘targan va shu g‘oyaning “harakat dasturi”ga aylanishi uchun kurashganki, bu turk fani va madaniyatini e’zozlagan Fitratning milliy taraqqiyotning o‘sha davrdagi “turk modeli”dan butunlay boshqa sharoit­da yashayotgan Turkistonda foydalanish to‘g‘ri bo‘lmaydi, har bir mamlakat o‘zining tarixiy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitidan kelib chiqqan holda o‘z taraqqiyot “model”i yoki das­turini ishlab chiqishi lozim, degan to‘g‘ri xulosaga kelganini anglatadi.

1899 – 1900 va 1914 yillarda haj safariga chiqqan Behbudiyning safarnomalari bilan tanishgan kishi uning XX asr boshlaridagi dunyo  faqat musulmonlar va xristianlardan emas, boylar va kambag‘allardan ham iborat ekaniga, bu dunyoni urush maydoniga aylantirayotgan narsa xalqlar va dinlar o‘rtasidagi nizo emas, balki moddiy boylik va moddiy boylik manbai – oltin, kumush, neft konlarini egallash uchun kurash ekaniga amin bo‘lganini sezadi. 1903 – 1904 yillarda Moskva va Peterburgga, 1906 yilda esa Qozon, Ufa, Nijniy Novgorod shaharlariga borgan Behbudiy safarnomalarini o‘qigan kishi uning shu shaharlardan “Behbudiya” kutubxonasi uchun nodir kitoblar va xaritalarni olib kelganidan xabar topadi. U safarlari chog‘ida bir maktabning bir sinfida musulmon bolalarning xristian bolalari bilan birga tahsil olayotganida shu xalqlarning osuda va munavvar kelajagini ko‘radi. U biror xorijiy mamlakat yoki shaharga borganida shu mamlakatda qancha aholiga nechta gazeta nashr etilayotgani, qancha aholiga nechta teatr xizmat ko‘rsatayotgani masalasi  bilan ham qiziqqan. Aytish mumkinki, har bir xorijiy safar Behbudiy uchun Turkistondagi turmush darajasini ko‘tarishga, xalqning ijtimoiy ongi va madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishga yordam bera oladigan vosita edi.

Sir emas, o‘sha yillarda Turkiyada g‘oyaviy kurash avj olgan, turk ziyolilari turli guruh va tashkilotlarga ajralib chiqishgan edi. Shunday tashkilotlardan biri “Ittihod va taraqqiy” bo‘lib, u Turkiyaga o‘qishga borgan vatandoshlarimizni o‘z ta’sir doirasiga olishga harakat qilgan. Ko‘p o‘tmay, bu tashkilot vakillari Turkiston shaharlariga kelib, panturkizm g‘oyalarini tarqatishga, sovet davlatini ag‘darishga qaratilgan “Ittihod va taraqqiy” tashkilotining shahar va viloyat bo‘limlarini tashkil etishga harakat qilgan.

“…(Turkistonda) maorif va madaniyatning jonlanishi, iste’dodli ziyolilar avlodining shakllanishida, – deb yozadi jadidshunos Rustam Sharipov, – turk zobitlarining hissasi bor. Ma’lum bo‘lishicha, ular Turkistonga kichik-kichik guruh bo‘lib, to‘rt marta kelishgan. To‘rtinchi guruh Birinchi jahon urushi yillarida Kavkazortida asir tushgan turk zobitlaridan tashkil topgandi. Shulardan biri Roji Chaqiro‘z edi. Uning esdaliklari… Usmon Xo‘janing o‘g‘li  Temirxo‘ja tomonidan yozib olinib, “Turk dunyosi tarixi” jurnalining 1987 yil 1 – 12-sonlarida e’lon qilingan”. Shu xotiralardan ma’lum bo‘lishicha, turk zobitlari garchand Toshkent maktablariga o‘qituvchi sifatida joylashtirilgan bo‘lsalar-da, “Turk kuchi” singari to‘dalarni tashkil qilib, harbiy-vatanparvarlik mashqlari, sport musobaqalari, musiqa va teatr kechalarini ham uyushtirib, yoshlarni turk madaniyati va milliy qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor berishgan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida xorijiy mamlakatlarga borib, u yerdagi ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda erishilgan yutuqlarni ko‘rib kelgan vatandoshlarimizning xotiralari yoki shu mamlakatlardan Turkistonga olib kelingan ijti­moiy-madaniy g‘oyalar, adabiyot va san’at namunalari o‘zbek jadidchilik harakati va adabiyotining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Turkiston XIX asrning 60-yillaridan boshlab Rossiyaning mustamlakasi bo‘lgani  uchun shu hududda yashagan xalqqa gazeta va jurnallar nashr etish, teatr asarlarini sahnalashtirish imkoniyati berilmadi. Holbuki, 1877 yildan boshlab Turkistonga rus antreprenerlari dramatik truppalari bilan kelib, o‘z spektakllarini namoyish eta boshlashgan. Ko‘p o‘tmay, Toshkent, Samarqand kabi Turkistonning yirik shaharlarida statsionar rus teatrlari barpo etiladi.

Ahmad Donish Rossiyaga qilgan safarlaridan birida Peterburg teatrining qaysidir baletini tomosha qilib, shu spektakldan olgan taassurotlarini “Navodir ul-vaqoye” asarida mufassal bayon qilgan. Furqat 1880 yil  oktyabrida Toshkentdagi rus teatrida mashhur rus sarkardasi Suvorov haqidagi spektaklni ko‘rib, Ahmad Donishdan farqli o‘laroq, shu haqida she’r yozgan. Rus teatri spektakl­la­ri­ni ko‘rgan bu har ikki ma’rifatparvar o‘zbek milliy teatrining ham maydonga kelishini orzu qilganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Afsuski, teatr san’atining katta tarbiyaviy rolini yaxshi bilgan mustamlakachi davlat 1914 yilda Birinchi jahon urushi maydonlarida qilichi sinib, sharmandai sharmisor bo‘lmagunicha Turkistonda milliy teatrning vujudga kelishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatdi.

Ham teatr san’ati, ham milliy matbuoti bo‘lmagan davrda bog‘chasaroylik I.Gasprinskiy muharrir bo‘lgan “Tarjimon” gazetasining Turkistonda tarqalishi mislsiz darajada katta voqea edi. Buxoro va Samarqandga kelgan I.Gasprinskiy bilan uchrashib suhbatlashish, “Tarjimon”da e’lon qilingan tarixiy davrning muhim masalalariga bag‘ish­langan maqolalarni o‘qish Behbudiy boshliq o‘zbek jadidlarining basirat ko‘zlarini ochib yuborgan. Behbudiy boshliq turkistonlik jadidlar Boqchasaroy, Qozon, Ufa, Orenburg, Boku, Istanbul va Kalkutta singari shaharlarda nashr etilgan gazeta va jurnallarga obuna bo‘libgina qolmay, o‘zlari  ham shu nashrlar bilan hamkorlik qilishgan.

Rossiya 1905 yildagi rus-yapon urushida yengilganidan so‘ng Nikolay II “Davlat idorasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi hujjatga imzo chekishga majbur bo‘ladi. Tarixga “17 oktyabr manifesti” degan nom bilan kirgan bu hujjatda faqat rus xalqiga emas, balki Rossiyada istiqomat qilgan barcha o‘lkalar va millatlarga ham Davlat Dumasiga saylash va saylanish huquqi, so‘z, matbuot va vijdon erkinligi berilgan edi. Jadidlar shu imkoniyatdan foydalanib, 1905 yil oxirlarida “O‘rta Osiyoning umrguzaronligi. Taraqqiy” gazetasini chiqarishga muvaffaq bo‘ladilar. Bu gazeta muharriri Turkiston general-gubernatorligi tomonidan belgilangan Ivan Geyer edi. “Bu gazeta, – deb yozgan Ziyo Said “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar” kitobida, – o‘zining ikki oylik umrini gubernator tomonidan taqdim qilingan fikrlarni tashimoq bilan tugatdi. Xizmati durust bir yo‘lga kirmaganini ko‘rgan jadidlar uning atrofidan keta boshladilar. Hadeganda obro‘si ko‘tarilmagandan keyin o‘zidan-o‘zi yotib qolishga majbur bo‘ldi”.

Bu gazetadan keyin “Taraqqiy” (1906 yil, muharriri Ismoil Obidiy), “Xurshid” (1906 yil, muharriri Munavvar qori Abdurashidxonov), “Shuhrat” (1907 yil, muharriri Avloniy), “Osiyo” (1908 yil, muharriri Ahmadjon Bektemirov), “Samarqand” (1913 yil, muharriri Behbudiy), “Sadoi Turkiston” (1914 yil, muharriri Ubaydulla Xo‘jayev), “Sadoi Farg‘ona” (1914 yil, muharriri Obidjon Mahmudov) gazetalari, “Oyna” (1913 yil, muharriri M.Behbudiy) va “Al-isloh” (1915 yil, muharriri Abdurahmon Sodiq o‘g‘li (Sayyoh) jurnallari nashr etila boshladi. Ularning aksari islohotchilik va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini baland pardalarda ifodalay boshlaganlarida Chor oxrankasining tazyiqi yoki moddiy ahvolining yomonlashishi natijasida yotib qoldi. Shunga qaramay, Avloniy, Behbudiy, Munavvar qori, U.Xo‘jayev muharrirligida chiqqan gazetalar aholi ijtimoiy ongining oshishi va jadidchilik g‘oyalarining targ‘ib etilishida muhim rol o‘ynadi.

Turkistonda bu nashrlardan avval, 1870 yildan boshlab general-gubernatorlikning o‘zbek tilida “Turkiston viloyatining gazeti” chiqa boshlagan edi. Turli vaqtda Sh.Ibro­himov, H.Chanishev va N.Ostroumov muharrirlik qilgan gazeta Turkis­ton general-gubernatorligining nashri bo‘lganligi uchun siyosiy-g‘oyaviy yo‘nalishini Rossiya imperiyasi manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilagan edi. Shunga qaramay, gazeta sahifalarida o‘zbek sayyohlarining safarnomalari, milliy ziyolilarning ilmiy-ommabop maqolalari, badiiy asarlari va tarjimalari bosilgan, jahon, shu jumladan, rus adabiyoti namoyandalarining kichik hajmli asarlari mushtariylar e’tiboriga havola qilingan. Milliy matbuotda bosilgan materiallardek, bu gazetadan o‘rin olgan asarlar ham Turkiston jadidlari faoliyatining yangi bosqichga ko‘tarilishida muayyan rol o‘ynagan, desak xato bo‘lmaydi.

Shunday qilib, birinchidan, mus­tam­laka Turkistondagi tarixiy, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy sharoit, ikkinchidan, o‘zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti namoyandalarining taraqqiyparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari, xorijiy mamlakatlarga borib, qardosh xalqlarning iqtisodiy va madaniy hayoti bilan tanishgan sayyoh­larning xotiralari, uchinchidan, Turkiston bilan xorijiy dunyo o‘rtasida ijtimoiy-madaniy aloqalarning o‘rnatilishi, to‘rtinchidan, Turkistonga Qrim, Turkiya va Volga bo‘yidan ma’rifatparvarlik, taraqqiyparvarlik va islohotchilik g‘oyalarining kirib kelishi, beshinchidan, Turkistonda milliy matbuot va teatrning tug‘ilishi XX asr boshlarida biz yashayotgan zaminda jadid adabiyotining maydonga kelishida asosiy manbalar bo‘lib xizmat qildi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 9-son