Ikki ulug‘ adib G‘afur G‘ulom bilan Sobit Muqonovning chin do‘stligi haqida juda ko‘p gaplar yuradi. O‘zbekiston san’at arbobi, yozuvchi va tarjimon Nosir Fozilov tilidan yozib olingan mazkur qissa o‘zbek va qozoq xalqlari do‘stligining, ildizlari naqadar chuqurligini ko‘rsatadi.
* * *
– Xalqlar do‘stligi, xalqlar do‘stligi deysizlar, – deb hikoya qiladi ustoz adib Nosir Fozilov. – Xo‘-o‘p-p, bu yaxshi gap. Kerak. She’rlarim falon tilga tarjima qilindi, kitobim u tilda chiqdi, bu tilda bosildi – deb maqtanasizlar. Mayli, buyam yaxshi. Lekin bir xalq ikkinchi bir xalq bilan do‘st bo‘lar ekan, mana shu xayrli ishning boshida turgan, ishi, so‘zi, faoliyati bilan o‘rnak bo‘lgan ulug‘ siymolarning ulush-hissalarini ham yodlab turishimiz kerakmi-yo‘qmi?! Ularning ibratli do‘stliklari qay jihatlari bilan namoyon bo‘lganligini avlodlarga aytib qoldirish kerakmi-yo‘qmi?! E-e – shoir! Men qadimgi ota-bobolarimiz zamonidan misol keltirib o‘tirmayman. U paytlar qozoq ham, o‘zbek ham bir xalq edi, sen qozoqsan, sen o‘zbeksan degan gaplar bo‘lmagan. Bo‘lsa, urug‘-qabilalar bo‘lgan, xolos. Undayam, hammalari o‘zlarini turkiy xalqman, turkiyning falon urug‘idanman degan. Bo‘ldi… Ota-bobolarimizdan misol keltirib o‘tirmayman deganim shu ma’noda edi. Men keyingi davrlardan, yaxshisi, o‘zim ko‘rgan-bilgan voqealardan birini aytib berayin… Xo‘-o‘-p… Ha, biz aytadigan misol adib-shoirlar hayotidan olingan bo‘ladi-da! Xalqlar do‘stligi tarixdan, adabiyotdan boshlansa, adabiyotlar do‘stligi ijodkorlarning shaxsiy munosabatlaridan boshlanadi-ku! E-e, shoir, manavi voqeani eshit bo‘lmasam: ming to‘qqiz yuz yetmish uchinchi yilning o‘n yettinchi apreli edi…
Olma-ota shu kun mungli sado qildi,
Mungli sado hammamizni ado qildi:
– Qozoqlaring motam ochdi, o‘zbeklar-ov,
Kel, bovuring Sobit Muqon qazo qildi!
Sovuq xabar yetib bordi hamma yerga,
Toshkent, Nukus, Jizzax, Qo‘qon, Yangiyerga,
Eshitdi-yu, afkor omma nola chekdi,
Yig‘ladilar o‘zbek-qozoq birga-birga.
“Ay-y, o‘lim-ay, ayamaysan insonni sen,
Farqlamaysan yaxshi bilan yomonni sen,
Ay-y, o‘lim-ay, beshafqatsan, ko‘zing so‘qir,
Yiqitdingmi qozoqning alp polvonin sen?..”
Men o‘zimcha shu gaplarni so‘zlar edim,
Biror taskin, yupanch, tayanch izlar edim.
Og‘am o‘ldi! Men bosolmay faryodimni,
Ich-ichimdan bo‘zlar edim, bo‘zlar edim!
Sobit Muqon o‘zbekka ham jondosh edi,
Sadoqatli, oqibatli qardosh edi,
Jahon bo‘ylab dong taratgan og‘alarim –
Oybek, G‘afur, Mirtemirga qondosh edi.
Muxtor, G‘afur, Sobit, Oybek, Mirtemirlar,
Turkiy tilning zargarlari, dono erlar,
Bir-birini ko‘rmasa hech turolmasdi,
Oyda uch bor diydorlashar edi ular.
Hangomalar, aytishuvlar qizir edi,
G‘afur og‘am to‘xtovsiz bayt tizar edi,
Yoshlikdagi sho‘xliklarni tilga olib,
Uzilmagan ichakni ham uzar edi.
Og‘alarim, shunday yashab o‘tdingizlar,
Do‘stlik degan tug‘ni mahkam tutdingizlar.
Har biringiz tatirdingiz yuzga, mingga,
Dod o‘limdan! – birin-ketin ketdingizlar.
Siz edingiz xalqimizning dilbandlari,
Nasr polvoni, she’riyatning jo‘mardlari.
Abbos, Muxtop, Oybek, Berdi, G‘afur, Sobit,
O, turkiynnng dongdor, fozil farzandlari!..
Shu so‘zlarni takror-takror so‘zlar edim,
Toshkent ichra taskin-yupanch izlar edim,
Og‘alarim diydorini, mehrin qo‘msab,
Ich-ichimdan bo‘zlar edim, bo‘zlar edim…
Ay shoir-ay… Daftar-qalamingni ol endi. Yozasan hozir. Men senga shunday voqealarni, she’rlarni, o‘lanlarni, yig‘i-yo‘qlovlarni aytib beray bugun! Yozib olsang – o‘zingga foyda bo‘ladi, avlodlarga xotira qoladi…
Xo‘-p-p… Men aytaveraman, sen turtib yozib boraver.
* * *
Shunday qilib, qazo xabari kelgan kunning o‘zida Yozuvchilar uyushmasida to‘planib, kichik yig‘ilish qilib oldik. Kotibiyatdan Nazir Safarov, Mirtemir va menga Olma-otaga borib, Sobit og‘aning dafn marosimida qatnashib kelish vazifasi topshirildi.
Bevafo dunyo! Berahm dunyo! Og‘am bilan vidolashish… So‘nggi manzilga kuzatish… Cobit Muqonday azamat insonni, xalq ardog‘idagi adibni o‘ladi… deb hech o‘ylamagan ekanman! Qancha non-namak bo‘lganmiz, tongotar bahslar qilganmiz, nechta kitobini, romanlarini, qissalarini o‘zbekchaga tarjima qilib chiqarganman…
Aytganday, sen, shoir, qozoqlarning dafn marosimida qatnashganmisan hech? O‘-o‘!.. Ko‘rishing kerak. Insonni e’zozlashni o‘rganasanlar-da! Shoirman deb yuribsan-ku hammang, shuning uchun aytyapman. Qozoqlarda ta’ziya bildirish ham, ko‘ngil aytish, yo‘qlov, azadorlarni yupatish – bularning hammasi she’r qilib aytiladi. Ha! Eshitib o‘tirsang, voy-bo‘y!.. Qadimda o‘zimizda ham bo‘lgan-ku o‘limni she’riy yo‘l bilan bildirish. Husayn Boyqaroning bir xotinimi, kanizagimi o‘lganda, Navoiy hazratimizning borib aytganlari-chi: “Sarvtolning soyasinda so‘ldi gul…” – Esingga tushdimi? Aytyapman-ku, ota-bobolarimiz bir bo‘lgan, odatlarimiz bir bo‘lgan deb! Haqiqiy xalqona poeziya mana shu yig‘i-yo‘qlovlarda, iztiroblarda namoyon bo‘ladi. Qozoqlarda yo‘qlovning turi ko‘p: xotin o‘lganda erning yo‘qlovi, er o‘lganda xotinning yo‘qlovi, farzand nobud bo‘lganida ota-onaning yo‘qlovi, do‘stdan ayrilganda… e-e, bu o‘lim deganning ham turi ko‘p-da! Endi yupatishlar, janozaga kelganlarning azadorlarga ko‘ngil aytishlari, yoki qari o‘lsa, yosh o‘lsa, marhumning erkak, ayol ekanligiga qarab… bunaqa aytiladigan xillari ham bor.
Men ko‘p qatnashganman qozoqlarning janozalarida. Endi, hayot-da bu. Umrim Qozog‘iston bilan bog‘liq bo‘lgach, tarjimalarimning bari shu xalq adabiyotidan bo‘lgach, to‘y-ma’rakalarga ko‘p chaqirishadi. To‘ylariga borib, azalariga bormaysanmi? Boramiz!.. O‘lim degani hamma xalqda ham musibatli, qayg‘uli. Iloj qancha? Shuning uchun ham qozoqlarning O‘rinboy oqini aytadi:
O‘limdan ulkan yov borma?
Bag‘ri butun sov borma?
Pulsiz berar, xunsiz olar, –
Bunga qarshi dov borma?!..
Olmaotaga uchta chipta oldimu xayolimga bir fikr keldi: uchib ketish oldidan G‘afur akaning qabrini ziyorat qilib, Sobit Muqonning vafotini aytib ketsam-chi? Rost, hozir boraman, yig‘lab-yig‘lab aytaman barini! Bugun aytmasam, unda qachon, borib kelganimdan keyinmi? Yo‘q, hammasi o‘z vaqtida, o‘z kunida aytilgani yaxshi. Axir qozoqning mashhur Shol oqinidan qolgan gap bor-ku:
Bu o‘lim qayda yo‘q?
Yarqiragan oyda yo‘q!
Gurkiragan kunda yo‘q!
O‘tari o‘tib ketgan so‘ng,
Ming tangalik qayg‘idan
Bir tangalik foyda yo‘q!..
* * *
Yozib boryapsanmi, shoir? Yoz, yoz! Endi senga Sobit og‘a bilan G‘afur akaning do‘stligi haqida ham gapirib beraman. Sobit og‘aning, Muxtor og‘aning, o‘sha paytlardagi juda ko‘plab qozoq yoshlarining talabalik yillari Toshkentda, Samarqandda o‘tgan. Hammalari birga o‘qigan-da ular. Tanishgan, birga yurgan, do‘stlashgan, hamma sir-asrorlari o‘rtada bo‘lgan. Do‘stliklari shundan beri sira-sira uzilmagan ham, buzilmagan ham! Ular o‘rtasidagi latifaga aylanib ketgan hangomalarni ham eshitgansan-a? Bilasan! Bo‘lgan, bo‘lgan shularning hammasi!.. O‘-o‘, G‘afur G‘ulomning dafn kunida Sobit Muqonning yig‘lab-yo‘qlaganlari! Ha, ha, keldi Olmaotadan, xabar borgan zahoti uchib yetib keldi! Aytyapman-ku qiyomatlik do‘stlar edi deb. Hozir, hozir… eslab olay, aytaman hammasini, shoshiltirmay o‘tir. Xo‘sh-sh… Keldi, hamma bilan yig‘lab ko‘rishdi, yo‘qlovlar aytdi, hatto G‘afur akaning jasadini qabrning ichiga joylab chiqqan odam ham shu Sobit Muqon! Dafn qilishga kelgan odamlarmi? O‘h-ho‘! Juda ko‘p edi! Xalq ham sevardi-da G‘afur G‘ulomni, boshiga ko‘tarardi! Endi, haqiqiy xalq shoiri edi-da o‘ziyam, Sobit og‘a ko‘chaning boshidan yo‘qlov aytib kirdi, o‘zining chiqarganlarimi, xalqdan eshitganlarimi… bir chekkadan aytaversak, shuning o‘zi bir doston! Men esimda qolganlarini aytaman, sen yozib olaver-chi, qani Sobit og‘a G‘afur do‘stini shunday yo‘qlagan edi:
Kelbating, do‘stim, bor edi
Tog‘dagi cho‘qqi – asqarday!
Haybating, do‘stim, bor edi
Davraga chiqqan qo‘chqorday!
G‘ayrating, do‘stim, bor edi
Alpomish, Rustami dostonday!
Suvrating, do‘stim, bor edi
Misrda Yusufi Kan’onday!
Ovozing, do‘stim, bor edi
Hayqirgan yo‘lbars, arslonday!
Ulgili qilib she’r aytding
Tafsirdan chiqqan dostonday!
Saxiyliging bor edi,
Taxtda o‘tirgan sultonday!
Qoziliging bor edi
Hazrati Umar, Usmonday!
G‘aribga, yetimga non tutding
Buloqning ko‘zini ochganday!
Ma’nili hikmatlar aytarding
Ummondan marvarid sochganday!
Qozoqni o‘zbekday sevarding,
Olmaotani – Toshkanday!
Qora suvlarni qaynatib
Qaymog‘in olgan bormakan?
Qora norlarni zorlatib
Toylog‘in olgan bormakan?
Karvonda yurgan nor edik,
Ikkimiz do‘st edik, yor edik,
Mudom bir-birovga zor edik,
Qatorda do‘stlarni qoldirib
O‘rtog‘in olgan bormakan?!
Ketding-a, G‘afurim, bu dunyo
Sen uchun shunchalar tormakan?!..
Sobit og‘aning o‘zi O‘zbekistonni juda sevardi! Bu yerda uning qadrdon do‘stlaridan boshqa muxlislari, o‘quvchilari, tanish-bilishlari ko‘p edi. Og‘am o‘zbek adiblarini juda-juda sevar, ardoqlardi! G‘afur akani aytdik, Oybek domlani aytdik, umuman, Sobit og‘a bizning hamma adiblarimiz bilan qalin do‘st edi. Uyg‘un aka, Shayx domla, Zulfiya opa, Yashin aka, ustoz Mirtemir, Sharof aka, Nazir ota… Eh-he!.. Bizlar hatto hazillashardik: “Sobit og‘a Maskovga uchib ketayotgan bo‘lsa, Toshkentning ustiga kelganda albatta, samolyotni qo‘ndiradi! Poyezdda ketayotgan bo‘lsa, poyezdini Toshkentning yonidan haydatadi! Avvalo G‘afur do‘sti bilan Oybek do‘stini ko‘rib, hol-ahvol so‘rashib, shundan so‘ng u yurtga o‘tib ketadi. Kelayotganida ham shunday…” – deb. Shunaqa bir samimiy do‘stligi bor edi-da ularning… Sobit og‘ani bipop oy ko‘rmay qolsa, G‘afur akaning o‘zi Olmaotaga izlab ketardi. To‘g‘risini aytganda, o‘sha avlod vakillariga, ularning do‘stliklariga sizlar – bugungi avlod qoyil qolishlaring kerak! Bordi-keldilar, dekadalar, yubileylar bo‘lardi. Mehr-oqibat, diydor, sadoqat, hurmatu siylashuv – bari-bari ana shularda edi! Olmaotadan Muxtor Avezov, Abdulla Tojiboyev, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin kelardi… Bishkekdan Ali To‘qo‘mboyev, Tugelboy Sidiqbekov, Chingiz… Ashhabodan Berdi og‘a, Xidir Daryo, Qora Seytli, Beki Seytoqov, Karim Qurbonnafas degan zo‘r shoiri bor edi… Nukusdan Abbos Dobilov, Sodiq ota, Jo‘lmirza aka, Najim og‘a, Xo‘jabek, To‘lepbergen, Ibroyim… Dushanbedan ustoz Tursunzoda, Jalol Ikromiy, Sotim Ulug‘zoda, Boqi Rahimzoda, Mirsaid Mirshakar… Bokudan Samad og‘a, Sulaymon Rustam, Rasul Rizo, Marvarid Dilboziy… Ufadan, Qozondan, boshqa shaharlardan mehmonlar kelardi – bayram bo‘lib ketardi! Qani hozir shunday davralar?.. Qani mushoiralar?.. E-e, shoir-ey! Shunday baynalmilal davralarda shakllanganda adabiyotlarning do‘stligi, xalqlarning do‘stligi!
Bir kuni, shunday davralarning birida G‘afur aka qozoqning xalq oqinlaridan gap ochib, ularni rosa maqtadi, Shol oqinning manov o‘lanlarini qozoqcha kuyga solib ayta ketdi:
Yigitlar, yomon so‘zni kasb etmanglar,
Katta-kichik, tengu to‘shni bosib o‘tmanglar!
Boshingga bir ish tushib bo‘lsang nochor,
Dushman tugul, do‘sting ham tashlab qochar!
Yigitlar, mol-dunyomiz ko‘p demanglar,
Kiyimim but, tomog‘im to‘q demanglar.
Bir kunda o‘ldi Dovudning o‘ttiz o‘g‘li,
Bizlarga o‘lim-qazo yo‘q demanglar!
Yigitlar, ajal bir kun joning olar,
Hammangni bir-bir ushlab yerga solar,
Jon chiqar, dunyo sendan ketar o‘zib,
Mol-mulking, xotin-bolang bari qolar.
O‘limdan qutulmassan qochganda ham,
Arslonday kuching to‘lib-toshganda ham,
Ollohdan chini bilan yorliq kelsa,
Yulduzlar yerga tushar osmondan ham!
Qari o‘lsa – so‘qqon dovul tingandayin,
Yosh o‘lsa – bir boyterak singandayin.
Yigitlar, yosh kezingda tavbaga kel,
Ajal degan ko‘z ochib yumgandayin…
Shunday keng, baynalmilal davrada o‘zbekning zo‘r shoiri qozoq oqinlaridan o‘lan aytib o‘tirgani uchunmi, Sobit og‘a jo‘shib:
– Hoy, G‘afur deyman, Shol oqinning o‘zbeklarni qanday maqtaganini bilasanmi? Kel, o‘zimdan ham ozgina qo‘shib, shuni aytib berayin… – dedi-da, gumbir-gumbir o‘lan boshladi:
Aytayin to‘qson bovli to‘r o‘zbekni,
Zamoninda boyigan zo‘r o‘zbekni!
Payg‘ambarning duosi tekkan deydi,
Shuning uchun mol bitgan mo‘l o‘zbekni!
O‘zbeksiz el bormikan tamom elda?
O‘zbekning unib-o‘sgan yeri – gul-da!
O‘zbekdan o‘tadigan el bormakan
Do‘stlik, mehr, sadoqat, shirin tilda!
To‘qson bovli o‘zbegim ayrilibdi
“Tangbalining mo‘lasi” degan yerda.
Tilasa, berar tilak bir xudoydan,
O‘rta yuzda xon o‘tmas Abilaydan…
G‘afur akaning-ku ichi to‘la she’r-qo‘shiq! Forsiy, arabiy, ozariy, tatarcha, turkmancha, boshqa o‘nlab tillarda sharillatib she’r o‘qib ketaverardi, qo‘shiqlar aytardi! Qozoqcha o‘laningni har qanday qozoqdan ko‘proq bilardi. O‘ziyam bir she’rida: “Aytishuvda Sobit bilan bellashuvga yarayman!” – degan-ku, rost shu gapi. Sobit og‘aning hozirgi maqtovidan G‘afur aka yanada kerilib ketdi-da:
– Hoy, Sobit, sen qozoqning bir yuz o‘n uch yil yashagan, shundayam armon bilan ketgan Buqor jirovining manavunday qo‘shig‘ini bilasanmi? – deb, qozoqcha kuyi bilan oldi:
Olamni tugal ko‘rsa-da,
Oltin uylarga kirsa-da,
Ko‘kda yulduzni oralab
Oy nurin ushlab minsa-da –
Qiziqqa to‘ymas odamzod!..
Ilmni tugal bilsa-da,
Mag‘zini qo‘l bilan bo‘lsa-da,
Qiziqli kunlarda yasharib,
Qiyinsiz ko‘ylarda yursa-da, –
Umrga to‘ymas odamzod!
Yaqinlab ajal kelsa-da,
Jonina qilich ursa-da,
Mo‘ltirab, ko‘ngli qorayib,
Ko‘zlari so‘nib tursa-da, –
Umidin qo‘ymas odamzod!..
* * *
Ziyofat qizib turibdi, xullas. Ho‘, yuqorida sanadik-ku ismlarini, o‘sha adiblarning juda ko‘pchiligi ishtirok qilayotgan bir davra edi. Boshqa mehmonlar ham ko‘p, dunyo miqyosida! Goh suhbat, goh mushoira, goh soz, goh bahs… Bir-birovga hurmat-ehtiromlarni, izzat-ikromlarni aytmaysanmi, isboti bilan bo‘lib turibdi. G‘afur akaning sho‘xliklarini eshitgansan-a? Juda hozirjavob, davralarning guli bo‘lib ketadigan odam edi! Bir gap bilan davrani o‘n kuldirardi! Shunaqa chechan! Yo‘q, men G‘afur akachalik bilimdon, xushchaqchaq, gapga usta odamni ko‘rgan emasman! Unday desak, Sobit og‘a ham bu bobda G‘afur akadan qolishmasdi. Qiziq-a… Oybek aka bilan Muxtor Avezov juda qalin do‘st edilar. Ikkaloviyam kamgap, kamtar. Bolalarcha sodda, sof! E-e shoir, bularning to‘rtaloviyam zamonasining manaman degan dongdor kishilari, deputatlari, akademiklari edi. Yoniga kelganlar dovdirab, hayajonga ko‘milib turardi. O‘zlarimizam ular bilan suhbatlashganda goh qisinib-qimtinib, goh g‘ururlanib, girdikapalak bo‘lardik-da! Sizlar u, o‘zlaringni geniyman deb, salomga ham yaramay o‘tib ketaveradigan… E-e, qo‘y! Hikoyaning qayeriga keldik? Ha, ha, davra qizib, juda avjiga chiqqan lahzalar… Endi quloq sol:
Shoir, adib jamlangan keng davra edi,
Suhbat qizib, hamma mehmon ichdi, yedi.
Bir mahali G‘afur aka tiklandi-da:
– Hoy qozoq, sen tur o‘rningdan, qani! – dedi.
Sobit og‘a menmi deya bo‘ldi hayron,
Alanglab ham qarab qo‘ydi uyon-buyon.
G‘afur aka bir hayqirdi:
– Aziz do‘stim!
Jon qozog‘im, o‘rningdan tur, Sobit Muqon!
G‘afur aka quchoq ochib unga yurdi:
Sobit Muqon tog‘day bo‘lib tikka turdi,
– Birodarlar, men vasiyat aytmoqchiman,
Jim o‘tirib eshitinglar!– deb buyurdi.
– Tingla, Sobit, sen shu ikki quloq bilan,
O‘zbek degan bitta xalqdir qozoq bilan.
Agar o‘zbek yig‘in qilsa – qozoq kelar
Turkman, tojik, qirg‘iz, qoraqalpoq bilan!
Men ne deyman? Suyanmoqqa sen tog‘imsan,
Sen – bovrimsan, qoshu ko‘zim, qarog‘imsan.
Tarixlarning tor, qorong‘u so‘qmog‘inda
Etaklashgan million yillik qozog‘imsan!
Jon qozog‘im, tingla endi ushbu so‘zim,
Guvoh bo‘lsin shunga barcha qora ko‘zim,
Vasiyatim shuldir mening: agar o‘lsam,
Jasadimni lahad ichra joyla o‘zing!..
Sen qozoqdan tilagim shu, bilib qo‘ygin,
Suyagimga botar toshni surib qo‘ygin.
Do‘stning qo‘li yumshoq tegar, degan gap bor,
Oq yuzimni qibla tomon burib qo‘ygin! –
G‘afur aka so‘zin tamom qilgani on,
Terak kabi qotib turgan Sobit Muqon
Mo‘ltir-mo‘ltir qarab chiqdi mehmonlarga,
Va… do‘stini quchoqladi o‘shal zamon!
Ikkita alp qattiq quchib ko‘rishdilar,
Yuzlarini yuzlariga qo‘yishdilar.
“Voh, bovrim-ov, qarog‘im!” – deb birin biri,
Egiz qo‘yday yalab-yalab suyushdilar.
– O‘zbek, seni o‘z og‘am deb aytgan menman,
Og‘amsan deb izzat-ikrom etgan menman,
O‘tov to‘la mehmon bo‘lsa, qo‘y kallasin
Eng avvalo o‘z og‘amga tutgan menman.
O‘zbegim-ov, yuragimga qo‘ling yetkar,
Kitoblaring varaqlab ko‘r, rostin aytar,
“Bobom! Momom!” deb yosh to‘ksang qay mozorda,
Shul mozorda mening bobom, momom yotar!
Anov – Amir Temur, Shaybaq, Boburlarim!
Manov – Uyg‘un, Turob, Odil, Nosirlarim!
Do‘stlar, sizni ko‘rsam chindan suyunaman,
Jonim yayrab, toshib ketar tomirlarim!
Biroq, o‘zbek, manov gaping oshib ketdi,
Eshitdimu, tizdan quvvat qochib ketdi.
Menga aziz suyagingni ishonganda,
Ko‘nglim erib, jonim-qonim toshib ketdi…
– G‘afur, – dedi ko‘zi yoshli Sobit og‘a, –
Shu vasiyat, shu so‘zingga jon sadog‘a,
Jasadimni lahad ichra joyla o‘zing,
Sendan oldin ketar bo‘lsam men uyoqqa!..
Ikkita alp yana quchib-ko‘rishdilar,
Yuzlarini yuzlariga qo‘yishdilar.
“Aylanayin! Azizim!” deb birin biri,
Egiz qo‘yday yalab-yalab suyushdilar.
Ikki ummon, ikki qoya, egiz qo‘zi,
Bir-biriga yorliq bo‘ldi so‘nggi so‘zi.
Suyaklarin ishonishgan ikki do‘stga
Qarab sira to‘ymas edi inson ko‘zi!..
* * *
Shu voqealarni qayta-qayta eslab, Chig‘atoy qabristoniga piyodalab yo‘l oldim. G‘afur akaning qabri yonida turibman.
– G‘afur aka, – dedim bo‘zlab, – siz bizlarni tashlab ketganingizdan keyin, boshqa qalamkash do‘stlaringiz ham birin-ketin dunyoni tark eta boshladi. O‘sha ulug‘ davralardagi safdoshlaringiz – Oybek domla, ustoz Qahhor, Shayx domla, Sobir Abdullalar endi oramizda yo‘q… Bugun Olmaotadan xabar keldi, G‘afur aka! Qiyomatlik do‘stingiz Sobit og‘a ham… Bizlar Olmaotaga ketyapmiz hozir… qabringizdan tuproq… qabringizdan tuproq…
Go‘rkovlarning biri mening hiqillab turganimni huv narida kuzatayotgan ekan. Atrofda hech kim yo‘q. Bitta o‘zim. Pichirlab turishim juda qiziq tuyulgan bo‘lsa kerak-da. Imlab chaqirgan edim, keldi.
– Nechchi yildan beri shu yerda ishlaysiz? Aytdi.
– G‘afur aka dafn qilingan kunni eslay olasizmi?
Esida ekan!
– O‘sha kuni, G‘afur akani qabr ichiga joylab chiqqan odam-chi, uyam esingizdami?
– Alpomishday gavdali qozoq kishimi? Esimda…
– Qozoqlarning Sobit Muqon degan eng zo‘r yozuvchisi edi u! G‘afur aka bilan qiyomatlik do‘st edilar. Shunday do‘st edilarki, o‘lsam suyagimni qabr ichiga sen joylaysan deb, biri biriga vasiyat qilgan edilar! Men bugun Olmaotaga ketyapman… O‘sha og‘a… qazo qilibdi…
Go‘rkov cho‘kka tushib qur’on tilovat qila boshladi.
– Endi qabrning manovi bir chekkasidan ozroqqina tuproq ushatasiz.
– Nima qilmoqchisiz? – hayron bo‘ldi go‘rkov.
– Opketaman. Sobit og‘aning qabri ichiga sochaman. Ular qiyomatlik do‘st edilar, tuproqlari ham qo‘shilib ketsin…
* * *
Olmaotaga uchib ketayotganimda mening kissamda oq surupdan maxsus tikilgan, ustidan tsellofan kiygizilgan xaltacha ham bor edi. Lekin manzilga yetib borgunimizcha ushbu xaltachadagi tuproq haqida na Nazir otaga, na Mirtemir og‘aga miq etib og‘iz ochmadim. “Borganimda aytarman-da…”
To borguncha men ajalni so‘kib bordim,
Ko‘hna-yangi yo‘qlovlarni to‘qib bordim.
Qozoqlarning mashhur Bozor jirovi bor,
Uning she’rin o‘z-o‘zimga o‘qib bordim:
“Botir o‘tgan, boy ham o‘tgan, xon ham o‘tgan,
Bul dunyoning tubiga bir o‘lim yetgan!
Biz hech qachon o‘lmaymiz deb kekkaymanglar,
O‘lmas ekan – ota-bobong qayga ketgan?
Bul dunyoga kimlar kelib, kim ketmagan,
Bul janonning qo‘llarini kim tutmagan?!
Vafosi yo‘q bul dunyoga hech aldanmay,
Odam bormi ko‘nglin aslo kirlatmagan?
Aql-idrokning og‘irligi qo‘rg‘oshinday,
Ko‘ngillarni buzuq ishga o‘rlatmagan!
Dami bitib, chin taqdiri kelgan kuni
Bandasining qo‘l-oyog‘in sermatmagan!
Luqmon kabi ming yil umr sursang hamki,
Kimni o‘lim bir kun oxir ho‘ngratmagan?!..”
* * *
Qozoq degani bir mehribon-bovurman xalq-ku, boshimizdagi do‘ppimizdan, qozoqcha o‘lanlarni o‘zbekchalab aytayotganimizdanoq, qayerdan –Toshkentdan kelganimizni sezishib, yugurishib chiqishdi. Sobit og‘aning o‘g‘il-qizlari, qarindosh-urug‘lari, qalamkash do‘stlari – shogirdlari – bari atrofimizni o‘rab-uymalashib, bizni yupatishga kirishdilar. Ha, boya aytganimday, qozoqlarda o‘lan-yo‘qlov aytgan azachini yupatish degan odat bor: sen marhumni yo‘qlab bo‘lganingdan keyin, ular birma-bir kelib, seni yupatishadi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, yupatish uchun gapga chechan, so‘ztopqir odamlarni maxsus chaqirib opkeladilar. Qayerdan kelganing, marhumga kim bo‘lishingni bilsa, bas – yurtingni, zotingni, tarix-ta’rifingni, shajarangni, yaxshi-yomon qiliqlaringni barini she’rga qo‘shib maqtab, ko‘nglingga yupanch beradi. Bu juda ajoyib dastur… Aytdim-ku, bizning Toshkentdan kelganimiz darrov ma’lum bo‘lgach, “shuncha uzoqdan kelib, og‘asini yo‘qlagan bovurlarim-ov” deb, bizni yupatuvchilar juda ko‘paydi. Endi, shoir, yo‘qlovni bilgan qozoq yupatishni ham qiyib yuboradi-da! Bitta yupatuvchining manov aytganlari yodimda qolgan:
Boy ko‘rkam, botir chechan – kelsa davlat,
Odamga baxt-martaba qo‘nsa – savlat.
Azroyilga ochilmas eshik bormi? –
Dam bitib, boshga kelsa kezak-navbat!
Qozoq bilan o‘zbekning tubi birdir, –
Tomirin tortsang – bitta ota-ajdod.
Og‘a deb siz keldingiz – biz ko‘paydik,
Unutmasin shularni hech bir avlod.
Dunyoni urib, ichib, chayqab, to‘kib,
Alpomishlar o‘tdi xalqqa qilib xizmat!
Dunyoda so‘z marjonin tergan zotlar,
Go‘rina ketdi minib yog‘ochdan ot!
Dunyoda Turkistonni nurga ko‘mdi
Payg‘ambarday nasabli bobom Ahmad!
Jahonni zir titratgan Amir Temur
Qurdi-ku turkiyona ulug‘ davlat!
Oqinu shoirlardan so‘z boshlasam –
Alisherniig bitta o‘zi qancha qudrat!
Ubaydiy, Bobur, Feruz, Amiriylar,
Shoh va shoir bo‘lib yurtga berdi shavkat.
O‘zbekni men aytmasam kim aytadi?–
O‘zbek – bu turkiyda bosh bo‘g‘in, quvvat!
Siz qozoqni maqtasangiz, men o‘zbekni
Aytayin, u – Xudo suygan oliyhimmat!
Yod qilsam Sobit og‘am do‘stlarini,
Ko‘zlarimdan to‘kiladi sog‘inch, hasrat.
G‘afurni qozoq qancha suyar edi,
She’rlari yaraqlagan inju-zumrad!
Oybegim – so‘z cho‘qqisi, tog‘ edi-ku,
Qozoqning tosh-tuprog‘in qilgan hurmat!
Toshkentda Uyg‘un, Odil, Turoblarning
Yozgani qozoqda ham o‘ta qimmat.
Zulfiya, Erkin, O‘tkir, Abdullalar
Qozongan bizlarda ham ulug‘ shuhrat.
O‘zbegim, sen o‘zimning og‘amsan-ku,
Qozoqning baxtiga bo‘l sog‘-salomat!..
* * *
Shunaqa dilovar gaplardan keyin, odam degan battar sel-selob bo‘lib yig‘laysan-da! Ko‘p yig‘lashdik, ko‘p yupatishdi. Ma’rakaning kadxudo, biylari:
– O‘zbek bovurlarimizni ichkariga olib kiringlar, marhum bilan vidolashib chiqsinlar, – deyishdi.
Ikki uch odam bizni ichkariga boshladi. Sobit og‘aning jufti haloli, menga onaday mehribon bo‘lib qolgan Maryam opamiz bizlarni ko‘rdi-yu, o‘rnidan turdi, quchoqlarini yozdi-da, arslonidan ayrilgan ona sher yanglig‘ faryod tortib yubordi… Ko‘ngil aytdik, yupatdik. He ilojki, qazoyi muallaq oldida inson bolasi hamisha ojiz! Mana, manov xonada qozoq xalqining iftixoriga aylangan ulug‘ bir inson ko‘zlarini manguga yumib yotibdi. Bejon, beharakat… Bechora og‘am!.. Tog‘day kelbatlari yiqilgan terakday qotgan… Jild-jild kitoblar yozgan qo‘llari muzday sovuq… O‘z xalqining ishonch-e’tiqodiga aylangan ulug‘ adib, g‘ayratli jamoat arbobi – mangu uyquda… Berdi og‘a, Oybek domla, Samad Vurg‘un, G‘afur aka, Tursunzodalar davrasi yodimga tushdi… Sobit og‘amning meni “Sari bola” deb erkalashlari esimga keldi… O‘qigan-bilgan yo‘qlovlarim qozoqcha-o‘zbekcha aralashib, bo‘g‘zimdan otildi:
Vo, Sobit og‘ajonim, ko‘tar boshni!
Faryodim eritdi-ku tog‘u toshni!
Toshkentlardan sen og‘amni yo‘qlab keldim,
Gungranib bo‘sag‘angga to‘kib yoshni!..
Tarixda talay kunlar ko‘rgan edik,
Qiziqli talay davron surgan edik,
Olmaota aza ochsa – Toshkent unga
Nag‘ashiday yaqinligin bilmab edik…
Og‘alar ketsa, qalay oh chekmaysan?
Buyursa, taqdir, qalay bosh egmaysan?
Ikki xalqni mehribon qilgan odam
O‘rtada yotsa, qalay yosh to‘kmaysan?
Dunyodan gado o‘tar, shoh ham o‘tar,
Sharbatin bul o‘limning har kim totar,
He qilsang ham qo‘ymaydi ajal qurg‘ur,
Kun bitsa, kelgan odam bir kun ketar…
O‘lgandan so‘ng boy, gado mol demaydi,
Manovni ber, yo manovni ol demaydi,
Bosh ostimga yumshoqroq yostiqni qo‘y,
Qalinroq ko‘rpa-to‘shak sol demaydi.
G‘aribning bormi boydan kam ko‘rgani?
Betingga qarab oz yo ko‘p bergani?
Kiydirib to‘rt qarich bo‘z, tuproq tashlar, –
Xudoniig shul emasmi teng ko‘rgani?!…
Tulpor bormi tuyog‘i tayrilmagan?
Shunqor bormi qanoti qayrilmagan?
Sayyod – ajal o‘ljasini topib kelsa,
Kimlardan kimlar yig‘lab ayrilmagan?..
* * *
Mehmonxonada dam olib o‘tirgan edik. – Oqsoqollar! – dedim qat’iy ovozda. – Endi sizlar bilan maslahat qilib oladigan yana bir jiddiy ish bor! Boya, Sobit og‘aning uyida dafn marosimini o‘tkazuvchi komissiyaning bir a’zosi: “Ertaga bo‘ladigan dafn marosimida O‘zbekistondan ham bir odam so‘zga chiqishi kerak, biroving tayyorlaning…” deb tayinlagan, biz esa: “Oqsoqolimiz, yoshi ulug‘imiz sizsiz”, deb vido so‘zi aytishini Nazir otaga havola qilgan edik. Mana, mehmonxonada uchovimiz bir odam bo‘lib o‘ylashib, uch-to‘rt sahifa qoraladik, so‘ng qoralamalarni men chiroyli dastxatda ko‘chirib chiqdim, endi bu vidolashuv so‘zini Nazir ota ertaga mitingda chiqib o‘qiydilar…
Mening “jiddiy ish bor” degan so‘zimdan keyin, ikki oqsoqol ham darrov sergak tortdi: Nazir ota qog‘ozlarni chetga qo‘ydi, Mirtemir og‘a esa o‘ng qo‘lini qulog‘iga olib bordi.
– Yana nima, Nosirjon?!
– Gapir, bo‘tam!
Men G‘afur G‘ulom bilan Sobit Muqonov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan vasiyatlar tarixini, qasamyodni, shunga binoan, G‘afur aka vafot qilganlarida Sobit og‘a qiyomatli do‘stini qabr ichiga o‘z qo‘llari bilan joylab chiqqanini aytib berdim.
– Mana bu bir hovuch tuproq G‘afur akaning qabri yonidan olingan,–dedim xaltachani chiqarib – G‘afur aka oldinroq vafot qildi, Sobit og‘a Olmaotadan uchib kelib, o‘rtadagi vasiyat shartlarini to‘la ado qildi… Endi men G‘afur akaning qabridan olingan bu tuproqni Sobit og‘a yotadigan qabr ichiga sochmoqchiman. Nima deysizlar?
Oqsoqollar og‘ir o‘yga tolib, anchagacha jim qolishdi.
– Shunday odat bormi o‘zi? – gap boshladi nihoyat Nazir ota. – Qozoq do‘stlarimiz nima deyisharkan? Ular bilan bir kengashib olishimiz kerak, shekilli… G‘oya, lekin ajoyib! Ulug‘ ishni o‘ylabsiz, Nosirjon! Harholda… Mirtemir, sen nima deysan?
Mirtemir og‘aga ham shu kengash ma’qul ko‘rindi.
Xuddi shu payt eshik taqillab, xonamizga Quvondiq Shang‘itboyev kirib keldi. Taniqli oqin, dramaturg, mudarris bo‘lgan bu do‘stimiz bizni kunduzi aeroportda ham kutib olgan, kelganimizdan beri hamrohlik qilib yuribdi, endi bir og‘iz xayrli tun tilab ketish uchun kelgan ekan.
– Qani, to‘rga o‘ting! Maslahatingiz kerak bo‘lib qoldi…
Quvondiq men ko‘rsatgan kursiga cho‘kdi.
Yana, ikki egiz xalqning ikki ulug‘ farzandi, ularning qiyomatlik do‘stligi, o‘rtadagi vasiyat hamda shundan keyingi voqealarni gapirib berdim.
– Mana bu xaltachada G‘afur akaning qabridan olingan Toshkent tuprog‘i bor. Ular ikkovi do‘st edilar, ularniig do‘stligi, mehribonligi ikki xalqning do‘stligiga, mehribonligiga, bovurmonligiga aylanib, muqaddas ramzga evrildi. Endi, tuproqlari ham qo‘shilib ketsin deb, Sobit og‘aning qabriga sochsam, qozoqlar qalay ko‘rar ekanlar?..
Quvondiq qo‘zg‘aldi… o‘rnidan turdi…. cho‘ntaklarini kovlab, dastro‘molini oldi… Nima qilmoqchi ekan? Uchovimiz hayron bo‘lib, bir-birimizga baqrayib o‘tiribmiz. Quvondiq esa ustal yonida tik turib g‘iss-g‘iss yig‘lar, hiq-hiqlab aytgan gaplari zo‘rg‘a eshitilardi: – Aynalayin, o‘zbekterim, ayna… bul isti o‘ylap tapqan aqllaringdan ayna…
* * *
Kechasi ancha vaqtgacha uxlolmadim. Mehmonxonaning balkoniga chiqib, tungi Olmaotani kuzatib turdim… Savrning yoqimli salqin shamoli esib turibdi. Osmonda gavharday-gavharday yulduzlar charaqlaydi… hu, ana, osmonning g‘arb tomonida, Toshkent bilan Olmaotaning o‘rtasida cho‘qmorday ikki yulduz sho‘x charaqlaydi. Eskilar aytib ketgan-ku, har bir odamning o‘z yulduzi bo‘ladi deb. Endi esa fan, falakdagi yulduzlar hamisha o‘zaro aloqada bo‘lishi haqida yozayotir… Ehtimol, manov ikki yulduz ham bir-biriga mehr izhor qilib, mangulik borasida suhbatlashayotgandir… Ee, shoir-ey, bu shunaqa bir latif oqshom ediki, odam she’r o‘qib yuborgisi kelardi. Beixtiyor Sobit og‘aning qalamiga mansub manovi misralar xayolimda chaqnadi:
May tug‘sa, gullar chechak ochar yozda,
Bog‘larda bulbul, ko‘lda o‘rdak, g‘oz-da
Sayrashar…
Biz yoshlar ham xuddi shunday
Baxtlarga belanamiz ipak nozda…
Xayolimda endi “g‘afurovskiy” misralar porlaydi:
Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘taday
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh,
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O‘zing murabbiysan, xabar ber, quyosh!..
Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas,
Shunchalar mustahkam xonayi xurshid…
Xo‘sh, ushbu satrlarning falakka, ilohiyotga, mangulikka daxli yo‘q deb kim ayta oladi? Hech kim! G‘afur aka bitgan umriboqiy satrlarga Sobit og‘a jo‘r bo‘ladi:
Biroq men odam emasman izi taqir,
Mayli, yurt “oltin” desin, mayli “paqir”,
Men ergashgan ulug‘ karvon yo‘llarinda
Mendan qolgan talay mulk – davlat yotir…
* * *
Sobit og‘aning dafn marosimiga butun Olmaota, yo‘q, butun Qozog‘iston qatnashdi desam, ishonaver!!! Hamma tobutga intiladi, qo‘l tekkizib, yelka tutib qolsam deydi. Ko‘chalar – odam, qabriston – odam, yo‘l-yo‘laklar odam, odam, odam… G‘afur akaning tobutiyam mana shunaqa qo‘lma-qo‘l bo‘lib borgan edi qabristongacha…
Miting boshlandi. Hukumat rahbarlari, akademiklar, yozuvchilar, muxlislar, yana bir necha odam vidolashuv so‘zi gapirdi. Jumladan, o‘zbekistonliklar nomidan gapirgan Nazir ota Safarov shunday dedi:
– Qozoq xalqi og‘ir qayg‘uga botdi: sevimli adibi, ulug‘ farzandi, chin inson Sobit Muqonovdan ayrilib qoldi. Bu achchiq hijron nafaqat qozoq xalqining, balki butun O‘rta Osiyo xalqlari – o‘zbek, tojik, turkman, qoraqalpoq, qirg‘iz xalqlari uchun ham, balki butun Sharq xalqlari uchun ham og‘ir musibatdir.
Sobit og‘a biz o‘zbeklar uchun ham ulkan olim, iste’dodli adib, shoir va dramaturg, o‘tkir publitsist va tanqidchi, davlat arbobi va jamoat oqsoqoli sifatida yuragimizga yaqin inson edi. Sobit og‘amiz chinakam xalq yozuvchisi edi. U o‘zining ajoyib asarlari bilan qardosh xalqlar kitobxonlarining ham mehrini qozongan, ko‘ngilga yaqin do‘stga aylangan edi. Sobit Muqonovning qozoq diyoridan tashqarida ham juda ko‘plab do‘stlari bor edi, misol tariqasida Sadriddin Ayniy, Berdi Kerboboyev, Aali To‘qo‘mboyev, Sodiq Nurimbetovlarning nomini keltirish kifoya. Ayniqsa, Sobit og‘a bilan bizning G‘afur G‘ulomimiz bir olmaning ikki pallasiday do‘st edilar. Ular o‘rtasidagi chin do‘stona mehr-oqibat urpoqlarimiz, nabiralarimiz uchun o‘rnak bo‘lishga, kitoblar yozilishiga arziydigan fazilatdir.
Do‘stlar! Shafqatsiz o‘lim suyukli Sobitimizdan ayirdi! Bu xabar o‘zbek diyorini chuqur qayg‘uga soldi. Xalqimiz chin dildan ayriliq hasratini chekmoqda. Kuni kecha biz – bir guruh o‘zbek adiblari, Sobit og‘amizning ayrilmas do‘sti G‘afur G‘ulomning qabrini ham ziyorat qildik. Buning sababi shuki, ustozimiz Sobit og‘a G‘afur G‘ulomni o‘z qo‘llari ila qabrga qo‘yib chiqqan edi. Biz G‘afur akaning qabri yonida turib, u kishiga eng qayg‘uli xabarni bildirdik va bir hovuch tuproq olish uchun ruxsat tiladik. Qo‘limdagi manovi xaltachada Toshkentdan keltirilgan o‘sha tuproq bor! Ruxsat bersangiz, ushbu bir hovuch tabarruk tuproqni Sobit og‘aning qabriga qo‘shib yubormoqchimiz! Qabringiz nurga to‘lsin, ustoz Sobit og‘a! Alvido! Alvido!!!
Nazir ota tuproq solingan xaltachani Cobit og‘aning katta o‘g‘li Arslonga topshirib, chetga chiqdi. Odamlarning yurak-bovurlari erib, ko‘zlaridan shashqator yosh oqmoqda. Men ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmay turibman, quloqlarim ostida boya tobut yerdan ko‘tarilgan chog‘da aytilgan yig‘i-yo‘qlovlar to‘xtovsiz jaranglaydi:
– Tog‘ kuyunib, tosh yonar,
Kelsa taqdirning farmoni.
Sobit ham tashlab otlandi
Shunday keng dunyo-o‘rdani.
– So‘nmas deysizmi, yoronlar,
Qora uylarning chirog‘i?!
Sinmas deysizmi, yoronlar,
Uning chinorday shangrog‘i?!
Bovri sovuq qora yer
Jon bitgan odamni yamladi.
– Kunlari bitgan chog‘inda
Gullari so‘lgan chog‘inda,
Kimlarning ota-onasi,
Kimlarning xotin-bolasi
Ortinda chirqirab qolmadi?!..
Dafn marosimi vaqtida o‘zbekistonlik yurtdoshlar ancha ko‘payib qolgan edik: Nukusdan bir necha adib-shoirlar yetib kelishdi, Toshkent universitetining domla-talabalari Qozog‘istonda tajriba maktabida xizmat o‘tab yurgan ekan, ular kelishdi, xullas, Sobit og‘aning vafoti hech kimni befarq qoldirmagan edi, shuning o‘ziyam bir namunali ibrat emasmi?..
Miting tugagach, marhumning ruhi-xotirasiga Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng bizlar qabriston oralab ketdik, ustozlarning, do‘stlarimizning qabrlarini ziyorat qildik.
Ay-y, shoir-ay… Aslida o‘lim nima? O‘lim – men senga aytsam: bu ham yashashning bir turi. Nega tushunmadim, deysan? Mana, bizlar qabriston oralab yuribmiz. Atrofda son-sanoqsiz qabrlar… Tirikligida biri boy bo‘lgandir, biri kambag‘al bo‘lgandir. Lekin, mana, hammasi teng bo‘lib yotibdi. Xalq esa kimningdir qabri yonida turib, yaxshi gaplar, yorug‘ xotiralar bilan yodga olayotir, hamdam-hamsuhbat bo‘lgan vaqtlarini eslab faxrlanmoqda, minnatdor bo‘lmoqda, shunday oliyjanob insonlar bilan zamondosh bo‘lgani uchun shukronalar bildirmoqda… Xo‘sh-sh, marhum uchun bu ham yashashning bir turi emasmi? Ikkinchi bir qabr yonidan esa xalq beparvo o‘tib borayotir… Nega? Chunki, bu qabrda yotgan odam faqatgina o‘zi uchun yashagan, hech kimga yaxshilik qilmagan, xayru savobga intilmagan, xalqqa qayishmagan. Shuning uchun xalq uning qabri yonida to‘xtamaydi, to‘xtab eslaguday ish qilmagan-da! Bu ham marhumning kimligini belgilovchi bir baho emasmi?! Shunaqa, shoir! Xalqda “boshida berguncha, oxirida bersin” degan gap ham bor… Oybek, G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Muxtor Avezov, Berdi Kerboboyev, Abbos Dobilov, Mirzo Tursunzoda… bular xalqning mehriga moyil bo‘lgan odamlar, endi bular mangulikka daxldor iisonlar… Axir har besh-o‘n yilda ularning tavallud sanalarini nishonlashlar bekorgami? E-e shoir, qabristonni kezsang, mana shunday xayollarga ham borasan-da. Og‘alarimizning sharafli hayoti, faoliyati, do‘stliklari necha-necha avlodlarga o‘rnak-namuna bo‘lib xizmat qilajak hali…
Oy botganday bo‘zarib,
Kun botganday qizarib,
Og‘alar kelmasga jo‘nadi!
Aqlli, dono, donishning
Ko‘plarga tegar ko‘magi!
Dubur-dubur ot qanday,
Uy sirtinda chopganday,
Oydalaga qarayman:
Og‘alar kelayotganday!
Fe’llari qandoq keng edi –
Osmon osmonni topganday!
Ularga boladay ergashdik,
So‘zlari ko‘ngilga yoqqanday!
Shogirdlar oh chekib qoldilar,
Kemasi qumlarga botganday!
Odam shularni o‘ylasa,
O‘limdan bo‘lar qo‘rqqanday!..
Ertasiga, Toshkentga jo‘nab ketish oldidan xayrlashish uchun Sobit og‘aning uyiga kirib o‘tdik. Eshikning o‘ng tomonida Maryam opamiz, chap tomonda Arslon turibdi, ko‘ngil so‘rab kelganlarga qulluq qilmoqdalar. Gap orasida sekin Arslondan:
– Kechagi… xaltachadagi tuproqni nima qildinglar, qabr ichiga sepdinglarmi? – deb so‘radim.
– Yo‘q.
– Ie?!.. – uchovimiz bir-birimizga angrayib, ajablanib qoldik. Axir shuncha ulug‘ niyatlar bilan Toshkentdan olib kelsagu, bular…
– Nima qildinglar xaltachani?
– Sochmadik, oqsoqollar bilan kengashib…
– Nima kengash?
– Ag‘amning qiyomatlik do‘sti ekan-ku, do‘stining tuprog‘iga bosh qo‘yib yotaqolsin deb… xaltachani boshlariga yostiq qilib qo‘ydik…
Hayratdan qotib qoldik!
Mana sizga topqirlik! Mana donolik! Bunday fikr faqatgina qozoqning tabarruk xayolida tug‘iladi desam, ishonaver! Men, hech kimning aqliga kelmaydigan zo‘r bir ish qilay deb Toshkentdan tuproq keltirsam, sochishni o‘ylagan bo‘lsam… bular esa shu tuproqni marhumning aziz boshiga e’zozli yostiq qilib qo‘yishibdi…
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son