Muhammadali Qo‘shmoqov. Katta shoir yo‘li (1989)

Katta shoirlarning yo‘li — dostonim,
Baytlarini men o‘zimdan boyladim.
Jumanbulbul o‘g‘li

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li: «Yaxshi shoir elni yig‘ar, tarqatmas», degan e’tiqod bilan ijod qilgan xalq shoiri edi. U «Oysuluv», «Yakka Ahmad», «Kuntug‘mish», «Dalli», «Ravshan», «Xushkeldi», «Qunduz bilan Yulduz», «Xoldorxon», «Alibek bilan Bolibek», «Qiz Jipek» kabi an’anaviy dostonlarni yuksak mahorat bilan aytgan, «O‘rtoq Lenin», «Tarjimai hol» singari individual dostonlarni yaratgan. Uning doston va termalari «Bulbul taronalari» besh jildligida, «Pesni Bulbulya» uch jildligida (rus tilida) nashr etilgan. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Ergash shoir nainki o‘zbek dostonchiligi osmonidagi yuksak va yorug‘ yulduzlardan biridir. Uning ijodiy siymosini qardosh xalqlarning eng iste’dodli xalq dostonchilari bilan qiyosiy o‘rganish folklorshunosligimiz kun tartibidan o‘rin olishi zarur bo‘lgan ilmiy masalalardan biridir, deb o‘ylaymiz.

Muayyan folklor asari taqdirida ma’lum xalq shoiri tutgan mavqeni teran o‘rganish, uning ijodiy iste’dodi, ijodiy qiyofasini ilmiy ko‘rsatib berish juda qiyin: dostonchining badihasi, ijodiy talqini an’anaviy asarga tamomila singib ketadi.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining badiiy mahorati ham o‘zi mansub Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi barqaror an’analari ijodiy talabi ta’sirida, o‘z tabiiy iste’dodining muayyan estetik maqsad asosida taraqqiy topishi natijasida ro‘yobga chiqqan. Bu ijodiy salohiyat sarchashmalari — folklor va klassik she’riyatdir.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li doston qorisi emas, balki asl xalq shoiridir. U an’anaviy dostonlar qahramonlarini hamisha epik g‘oyaviy maqsadga muvofiq tarzda tasvirlaydi: an’anaviy qahramonlarga ongli munosabatda bo‘ladi. Uning dostonchilar, doston aytish san’ati haqidagi fikrlari ham shu ongli  munosabatning zuhuridir.

Qo‘rg‘on maktabi an’analarining mustahkam va barqarorligi dostonchilar iste’dodi, mahorati yorqin mujassam topishiga imkon yaratardi. Shoir an’anani qanchalik yaxshi egallasa, an’anaviy dostonni shunchalik mahorat bilan kuylash va asarni mukammallashtiradigan, ya’ni mantiqiy va tabiiy badiha etish imkoniyatiga ega bo‘lar edi. Dostonchilar og‘zaki asar fabulasini ham an’ana sifatida qabul qilar edilar. Fabula an’anaviyligi xarakterlar mantiqi, voqealar oqimi, qahramonlar xatti-harakatlari yetarli darajada uyg‘unlashib ulgurganining samarasi sifatida yuzaga keladi. Bu holda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li darajasidagi yuksak mahoratga erishish, kuylayotgan dostoni badiiyatini yanada oshirish evaziga ham asar g‘oyasi tinglovchi ongiga o‘ng‘ayroq va teranroq yetib borishini ta’minlaydi, ham o‘ziga xos badiha qobiliyatini namoyon qiladi.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li folklor va klassik she’riyat chegaralarini bir-biriga yaqinlashtiradi, to‘g‘rirog‘i, folklor an’anaviy asarlarini pirovardi badiiy adabiyot namunalariga aylanib ketadigan taraqqiyot yo‘liga soladi. Vaholanki, biz bunday tendentsiyani Qo‘rg‘on maktabining yana bir ulug‘ vakili —Po‘lkan shoir ijodida ko‘rmaymiz. An’anaviy o‘rinlarning yangicha — badihaviy talqinini berish, epik qahramonlarni, jumladan, Ravshan obrazini individuallashtirishga intilish butun o‘zbek dostonchnligi mikyosida Ergash Jumanbulbul o‘g‘ligagina xosdir.

Bejiz emaski, Ergash shoir o‘z umrini dostonchilik yo‘lida tikkan kishi edi. Uning shaxsi ham buni tasdiqlab turar edi. Buyuk dostonchini ko‘rgan-bilgan kishilarning hikoya qilishlaricha, dostonlar va badihalar Ergash shoir umrining fayzi edi: u hamisha she’r bilan so‘ylar, bolalarni ko‘rsa, jummoq quyar (topishmoq to‘qir), hayot hodisalariga hamisha she’riy munosabat bildirar edi. Uning rang-barang mavzulardagi go‘zal termalari va tuyuqlari bu fikrni tasdiqlab turadi. Hofizasidagi an’anaviy dostonlarning ko‘pini va o‘z dostonlari, termalarining aksariyatini o‘z qo‘li bilan yozib topshirgani ham Ergash Jumanbulbul o‘g‘li folklor va badiiy adabiyot xalq taqdirida tutgan mavqeni to‘g‘ri tushunib yetganini bildiradi.

Ergash shoirning yashashdan maqsadi she’riyatga xizmat qilish edi. U umrining so‘nggi daqiqalarida ham Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi taqdiri haqida o‘yladi, boshida o‘tirgan nevarasi Abdug‘aniga qarab: «Sen shoir bo‘lmading. Lekin shoirlik baxt qushiga o‘xshaydi. Munosib odam topilguncha, qo‘nmay uchib yuraveradi. U sening avlodlaringdan birovining boshiga qo‘nsa, ajab emas», — deydi va joni uziladi…

Shoirning ijtimoiy ongliligi, dunyoqarashi, badiiy so‘zning chinakam ahamiyatini tushunishi va butun iste’dodini o‘z goyaviybadiiy e’tiqodini amalga oshirishga safarbao etishi — uning ijodiy o‘ziga xosligi, badiha kuchi ro‘yobini ta’minlaydigan omillar sirasiga kiradi.

Qo‘rg‘on maktabiga mansub shoirlar asrlar davomida an’anaviy dostonlarga zamona ruhini singdirib keldilar. Bu tinglovchilar mehri va husni tavajjuhini qozonishning shartlaridan biri edi. Shu tariqa, — an’anaviy dostonlar fabulasi, xarakterlari mantiqi nisbatan turg‘un bo‘lsa-da, — ularning ruhi yangilanar edi.

Xalq shoirlari badiiy tafakkurining epik voqelikka munosabatida farqlar bor, albatta. Chunonchi, an’anaviy epizodlarni ishlashda Ergash shoir bilan Po‘lkan shoirning badiiy tafakkuri o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Bir maktabga mansub bu ikki ulug‘ xalq shoirining asosiy farqi faqat ularning badihago‘yligi darajasidami? Yo‘q, mazkur badihago‘ylikni yo‘lga solgan omillarni xayoldan soqit etmaslik zarur. Ana shulardan biri shoir tasavvuridir. «Inson fikri, — deb yozgan edi K. Fedin, — xuddi tasavvur voqeliksiz besamar bo‘lgani kabi, tasavvursiz besamardir». Darhaqiqat, boy tasavvurli shoir badihasi muayyan asar, muayyan obrazni teranlashtiradi, unga joziba bag‘ishlaydi. Tabiiyki, badihani ham an’anadan ajratib olgan holda o‘rganib bo‘lmaydi. Chunonchi, farg‘onalik Usmon baxshi Mamat o‘g‘lining «Bo‘tako‘z» dostoni, — qahramonlarining an’anaviy monologlarini istisno etganda, — hikoyaga yaqinlashib keladi. Go‘ro‘g‘li, Avaz obrazlari talqini ham sust parishon; Ergash shoir, Po‘lkan shoir tasviridagi kabi shavkati, jozibasi yo‘q. Buning sababi, baxshi qobiliyatidan tashqari, dostonchilik muhitining kuchli emasligida ham deyish mumkin. Shuning uchun dostonchi badihago‘yligi an’anaviy talqin intizomiga bo‘ysunmaydi. To‘y, uloq manzaralari, Avazxonning bu yerda o‘zini tutishi epik turmushdan ko‘ra dostonchi o‘zi yashab turgan turmushga yaqin. Avazxon bir o‘rinda: «Seni bu qilgan bazmi jamshid, o‘yin-kulging men uchun bo‘lsa ham, ko‘zimga ko‘rinmadi. Men ikki ko‘zimni yumsam, ikki bolamni ko‘rib turibman», deydi Xunxorga. Dostonchi qalin haqidagi gaplarni ham qo‘shadi. Asarga Farg‘onaga xos hazil-mutoyiba, askiya singdirilgan. «Bo‘tako‘z» oxiridagi Xoldonaning qilig‘i va qo‘shig‘i yumorga to‘la, ajoyib. Lekin bular baxshining o‘z epik fokusini yo‘qotgan nazari tushgan manzaralardir, ular doston demokratik rangini quyuqlashtirmaydi. Ergash shoir, Po‘lkan shoirching she’riy qudratining siri — yana shu an’anada, Antey kabi an’ana zaminidan qudrat olib turganlaridadir.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining sovet davri ijodi har qanday san’atkor orzu qiladigan darajada sharaflidir. U xalq dostonchiligining ulug‘ namoyandasi edi, revolyutsiyadan keyin Lenin va Ulug‘ Oktyabrni kuylagan sovet shoirlarining peshtalqinlaridan biriga aylandi. An’anaviy dostonlar poetikasiga xos badiiy vositalar ta’siriga tushib qolmay, o‘z yo‘li, o‘z poetikasini yarata oldi. Xalq dostonchiligi an’analariga suyanganda esa, o‘z ijodiy individualligining butun jozibasini namoyon qila oldi. Uning badiiy tafakkuri zamonaviy fazilatlar kasb etdi.

Binobarin, sotsialistik voqelikning bevosita ijobiy ta’siri bilan xalq ijodkorlari, jumladan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining dunyoqarashida, voqelikka badiiy munosabatida, badiiy obrazlar olamida, iste’dodining mohiyatida mutlaq yangi sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi. Darhaqiqat, an’anaviy doston materiali ustidan xalq shoirining badiiy hukmronligi o‘sa borgan sari badiha — improvizatsiya mohiyatan murakkablashadi va teranlashadi, endi kutilmagan badihaviy hodisadan folklorning badiiy qonuniyatlaridan biriga aylanadi, folklorning ijtimoiy tabiati, uning xalqchilligi problemasi, folklorni xalq madaniyati turi sifatida o‘rganish masalasi, folklorning badiiy metodi, folklorga xos kollektiv ijodiy jarayon, an’anaviy-tipik va ijobiy individuallik kabi masalalarni improvizatsiyadan ayrim holda o‘rganish mumkin emasligini ko‘rsatadi. Improvizatsiya — jonli, boy epik traditsiyalar muhitida — xalq dostonlari uchun folklorning ijtimoiy tabiatini namoyon qiluvchi, unga xos kollektivlik va individual boshlang‘ich dialektik uzviyligini ta’minlovchi badiiy qonuniyatdir.

Improvizatsiya an’anaviy dostonning fabulasi, syujetiga xos badiiy imkoniyatlarning ijrodan-ijroga to‘la ochilishiga, sotsial hayot talablari asosida fabula va syujet tadrijiy tarzda rivojlanishiga xizmat qiladi; ta’kidlash mumkinki, epik an’ana sharoitida genealogik turkumlilik shu tariqa shakllandi va «Go‘ro‘g‘li» turkum dostonlari misolida o‘zining kamolot boskichiga ko‘tarildi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li sirasidagi talantli xalq shoirlari hofizasidagi an’anaviy dostonlarda «Go‘ro‘g‘li»ga xos genealogik turkumlilikning ana shu kamolot bosqichi mujassamlashgan; bejiz emaski, biz ularning tahlillarida improvizatsiyani badiiy va adabiy ahamiyatga molik» (M. K. Azadovskiy) folklor namunalari yaratilishi uchun imkoniyat hosil qilgan badiiy qonuniyatlardan biri sifatida uchratamiz.

Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi folklorning ham g‘oyaviy-badiiy, ijtimoiy ta’sir miqyosini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirib yubordi. Chunonchi, asrlar davomida xalq xayolida, ko‘nglida yashab, tobora boyib kelayotgan dostonlar, ertaklar, kuylar, syujetlar, motivlar o‘zbek milliy madaniyati uchun mutlaq yangi bo‘lgan janrlar vositasida badiiy olamning yuksak bir bosqichiga ko‘tarildi; dastlabki opera va balet, muzikali drama asarlarining adabiy, musiqaviy va raqs asoslari folklor materiallari zaminida yaratilgani ular mazkur milliy madaniyat zaminiga tabiiy ravishda tomir yoyishiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa asrlar merosi va sotsialistik jamiyat ma’naviy-badiiy sintezi hosil bo‘ldi, bu sintez o‘zbek sovet milliy madaniyati Butunittifoq va jahon madaniyati darajasida taraqqiy etishiga xizmat qildi.

Folklor adabiyotni, san’atni oziqlantirishi mumkin, lekin uning o‘rnini bosolmaydi. Adabiyot va san’at folklorga nisbatan tamomila yangi, mustaqil sifat bosqichidirki, buni hamisha yodda tutgan ma’qul.

Shu bilan birga sotsialistik hayot folklor namoyandasi grajdanlik salohiyatini yangicha, aktiv ijtimoiy mazmun bilan boyitdi. Bu hayotiy omil natijasida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Islom Nazar o‘g‘li, Abdulla Nurali o‘g‘li kabi xalq shoirlari individual ijodi barq urib yashnadi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining «O‘rtoq Lenin» dostoni inqilobiy muhit ijtimoiy buyurtmasi samarasi o‘laroq yuzaga keldi va folklor — adabiyot sintezini hosil qilgan g‘oyaviy-badiiy omillarni o‘zida to‘la-to‘kis mujassam etdi. Biz hamisha V. I. Leninning o‘tmishdagi har bir milliy madaniyatdan faqat uning demokratik va sotsialistik elementlarini olish kerakligi haqidagi vasiyatini esda tutamiz. Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining «O‘rtoq Lenin» dostonida yorqin namoyon bo‘lgan novatorligi shundan iboratki, u asrlar mobaynida an’anaviy dostonlar muhitida shakllanib, rivojlanib kelgan demokratik va sotsialistik elementlarni o‘z dostonida kambag‘al, baxshi obrazlari vositasida bir badiiy fokusga yig‘di, ular hayoti, kurashining sinfiy mohiyatini badiiy gavdalantirib bera oldi, sotsialistik jamiyat ijtimoiy-badiiy tafakkuri darajasida turib, inqilob dohiysi Vladimir Ilich Lenin obrazini yaratdi. «O‘rtoq Lenin» dostoni o‘zbek sovet folklori muhitidagina emas, balki o‘zbek sovet adabiyoti muhitida ham muhim g‘oyaviybadiiy yangilik bo‘ldi. «O‘rtoq Lenin» dostoni o‘zining siyosiy yo‘nalishining o‘tkirligi, badiiy jihatdan davr talabi darajasida ekanligi, ya’ni mukammalligi, chinakam san’atga xos mafkuraviy mohiyati, siyosat bilan uzviy bog‘liqligi bilan asl san’at namunasi bo‘lib xizmat qilishi, badiiy madaniyat tajribasi, ijtimoiy ahamiyati haqida so‘z borganda uni to‘g‘ri baholash uchun zarur, yorqin misollardan biri bo‘lishi mumkin.

Respublikamizda murakkab janr va yirik shakldagi asarlarning ko‘proq paydo bo‘layotgani, binobarin, adabiy jarayonning tadrijiy tarzda taraqqiy eta borayotgani zamonaviy badiiy tajribani madaniy merosga xos eng yaxshi fazilatlar hisobiga yanada boyitishni taqozo etadi. Zero, O‘zbekiston shoir va yozuvchilari folklor xazinasidan: murakkab janr, yirik shakl namunalari — «Alpomish» eposi, «Go‘ro‘g‘li» turkum dostonlari badiiy saboqlaridan hali ko‘p yillar ijodiy bahramand bo‘lishlari mumkin. Chunki ular o‘zbek xalqi badiiy dahosini o‘zida namoyon qilgan va har bir yangi avlod ruhida yasharish-yangilanish fazilatiga ega bo‘lgan an’anaviy asarlardir. Har bir milliy madaniyatning eng insoniy murod-maqsadlarni, xalq lar o‘rtasida do‘stlikni, vatanparvarlikni, tinchlikni, adolat va muhabbatni tarannum etgan barkamol namunalaridan zamondoshlarimiz ma’naviy ehtiyojini qondirish maqsadida ijodiy, oqilona foydalanish esa sovet turmush tarziga xos xususiyatdir.

* * *

Tun.

Oydin.

Shabboda.

Yovshanlar hidini taratadi shabboda. Yovshan hidi olamni tutib — dasht bo‘ylab ketib boradi. Zulxumor qizlari bilan o‘tib borayotganda, olam shunday anqigan bo‘lsa, ne ajab!?..

Qunduz Avazxonni ko‘rgani ketayotganda, olam shunday ko‘rkka to‘lgan bo‘lsa, ne ajab!?.

Zulxumor bilan kanizlarini, Qunduz bilan kanizlarini eslatadi yovshanning muattar hidlari, yoshlik hidi, she’r hidi… Xalq ruhida tug‘ilib, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li kabi shoirlar qalbida balqqan she’r nuri ko‘ngilga yoyiladi. Ergash shoir qalbi orqali o‘tgan xalqning she’riy daryosini xayolan bo‘ylab, dasht bo‘ylab ketib boramiz. Osmon shu qadar keng. Ko‘ngildan ham keng. Xayoldan ham keng. Yulduzlar xil-xil pishgan balx tutlari kabi: yo‘q, shoir aytmoqchi, ochilgan paxtadek osmonga sig‘maydi.

Bu yulduzlar Yodgor shoirni, Qassob baxshini, Tilla kampirni, Sulton kampirni, Jumanbulbul, Jossoq shoirni, Ergash shoirni, Po‘lkan shoirni ko‘rgan; bu yulduzlarda shu ulug‘ baxshilar ko‘z nuri qolgan.

«Yorug‘ dunyoni aylanib ko‘rdim, lekin Oltin qoziq tepamga kelmadi», deguvchi edi Ergash shoir. Yerug‘ olam shunday keng.

She’rning yorug‘ olami yorug‘ olamdan ham keng.

Lekin she’riyatda Oltin qoziq yulduzi Ergash shoirning boshiga toj bo‘lib qo‘ngan edi.

Ergash shoirning mashhur surati bor: ulug‘ dostonchi olislarga, balki abadiyatga qarab turibdi. Nigohi shu qadar o‘tkir… Odamning ichidagini yakqol ko‘rayotganga o‘xshaydi. Sizga, siz orkali butun dunyoga olov tashlayotgan qarashlari kishining ko‘z o‘ngidan ketmaydi, tushlariga kiradi.

Bu ko‘zlar — kunday yorug‘ ko‘zlar…

Qo‘rg‘on qishlogiga borganda, kechalari uyqu kelmaydi. Havolarni to‘ldirib, fazolarni to‘ldirib, sharqirab daryo oqib o‘tayotganga o‘xshaydi. Bu daryo qalbingizga Ergash shoir ko‘zlari bilan tikilayotgandek bo‘ladi. Daryo kabi og‘ir, teran xayol bosadi. Daryo shabadasiga uyqu sham kabi o‘chadi. Tashqariga chiqasiz. Ergash shoir poyqadami tekkan tuproq bo‘ylab kezasiz. O‘zingiz sezmagan holda, uzoqlarga ketib qolasiz. Shaharlik ko‘zlaringiz ko‘rmagan va nomini shaharlik quloqlaringiz eshitmagan giyohlarni ilg‘aysiz. Yuragingiz shuv etadi… Chunki ular bargidan anvoyi nurlar taralayotgan bo‘ladi… Keksalarning hikoyalari xayolingizga keladi: Ergash shoir ko‘klam kechalari dashtni kezar, chiqarayotgan nurlariga qarab giyohlarni ajratar va ularga belgi ko‘yib ketar, keyin, pishiqchilikda ularni yigib olar edi. Giyohlar nur tili bilan shoirga o‘zini tanitar edi. Shoir va giyoh. Ona tuproqning ikki farzandi. Dili bir, tili bir ikki tug‘ishgan, ikki emukdosh. Ular bir-birining dilini biladi, giyohlar shoir bilan Abu Ali ibn Sino bilan so‘zlashgandek ko‘nglini ochib so‘zlashadi… Nurlanayotgan giyohlarga qaraysiz, ular nuri Ergash shoir ko‘zlaridan taralayotganga o‘xshaydi. Sergak tortasiz.

Bu yulduzlar, bu tuproq, bu giyohlar Ergash shoir ko‘zlari bilan qaraydi sizga.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ko‘zlari… Ular xalqning she’riy daryosi to‘lib-toshib oqayotgan qalbning, tub-tublarida inqilobiy she’r daryosi tugilayotgan qalbning ko‘rar ko‘zlari edi.

Bu ko‘zlar kelajak ko‘zlariga tik boqadi.

Bu ko‘zlar xalqning yurar yo‘lini yoritib turadi.

Bu ko‘zlar — xalqu haqning ko‘zlari…

Hayotning ko‘zlari…

M. Qo‘shmoqov, filologiya fanlari kandidati

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 1-son