Ma’lumki, Cho‘lponning estetik qarashlari badiiy adabiyot bilan birga teatr va tasviriy san’at ta’sirida shakllangan. U taniqli dramaturg va teatr arbobi edi. Cho‘lpon ko‘p yillar mobaynida bevosita teatrda faoliyat ko‘rsatgan. Bu holat, tabiiyki, uning keyingi ijodiy kamolotida, jumladan, “Kecha va kunduz” romanining maydonga kelishida ma’lum rol o‘ynagan. Mazkur asarni diqqat bilan ko‘zdan kechirish, Cho‘lpon tamomila yangi janr, teatrlashtirilgan manzaralarni so‘z vositasida ifodalovchi janrni yaratganligini ko‘rsatadi. Bu romanni drama deb ham atasa bo‘ladi. Lev Tolstoy o‘z vaqtida “har bir yirik san’atlar o‘z ifoda shaklini ham yaratishi zarur” degan edi.
Bevosita asarga murojaat etib ko‘raylik. Roman puxta o‘ylangan tugun Zebi va dugonalarining qishloqqa sayohatlari epizodidan boshlanadi. Cho‘lpon romanida xuddi dramalarda bo‘lganidek, asarda ishtirok etuvchi deyarli barcha qahramonlar voqea boshlanmasdan oldin kitobxonga tanishtiriladi. Qahramonlarning aksariyati asardagi asosiy voqea Akbaralining Zebiga uylanishi va u bilan bog‘liq hodisalarda ishtirok etadilar. Bu voqea asar qahramonlaridan ko‘pchiligining manfaatlari va keyingi hayot tarzlariga bevosita aloqador. Romanda xuddi sahna asarlaridagidek personajlarning butun hayoti, ularning boshidan o‘tgan barcha hodisalar emas, balki qiyofalarini ochishga yordam beradigan bir-ikki xarakterli voqea ko‘rsatiladi.
Romanning dramaga yaqinligi favqulodda va kutilmagan hodisalarning sahnaviy talqinida ham ko‘rinadi. Gogol o‘zining dastlabki komediyalaridayoq Yu.Mann “sarobiy fitna” deb atagan ziddiyat qutqu usullaridan foydalangan edi. Bunda asar qahramoni syujetni o‘z orqasidan ergashtirmaydi, balki syujet oqim payrahani surgab ketgandek, qahramonni xohlagan ko‘yiga soladi. Shu atamani Cho‘lpon ijodiga tatbiq etgan holda Zebi va Akbarali oqimga duch kelib qolgan payraha emasmikin, deb o‘ylab qoladi kishi.
Roman voqealari ziddiyat qutquga asoslanadi. Uni esa Akbaralining xotinlari, Miryoqub, eshon, hokimiyat vakillari keltirib chiqaradi. Deyarli har bir epizod biror ziddiyat zaminida quriladi. Romanning qariyb barcha qismlarini mustaqil sahnaviy ko‘rinishlar deb atash mumkin. Asarda sodir bo‘layotgan barcha hodisalar, ularning o‘zgarishi ishtirok etuvchilarning ahvol-ruhiyatlari va o‘zlariga xos xususiyatlari bilan dalillangan. Dugonasi Zebini qishloqqa borib kelishga undagan Salti roman voqealarini harakatga keltirishda dastlabki turtki vazifasini o‘taydi. Lekin Akbaralining kichik xotini Sultonxon asar voqealarining tezlashib ketishiga sababchi bo‘ladi. Sultonxonning Zebini o‘z xonadonlariga mehmonga chaqirishi mingboshining unga uylanishi bilan yakunlanishi mumkinligini darhol tushuntirishadi. Bu qutquda Akbaralining yana ikki katta xotini Poshshaxon va Xadichaxonlar qatnashishadi. Ularning qismati bir-biriga o‘xshab ketadi. Har ikkalasi ham hali hayot lazzatlaridan qonib ulgurmasdan eri tomonidan itqitib tashlangan ayollar. Qismatlaridagi o‘xshash tomonlardan qat’i nazar, ular o‘zlariga xos xususiyatlarga ham egadirlar. Poshshaxon ancha ayyor va chaqqon, shuning uchun ham Miryoqubni o‘ziga o‘ynash qilib olgan. Ana shu katta xotinlarning g‘ayirligi va raqobati Akbaralining Zebiga uylanishida asosiy rol o‘ynadi. Cho‘lponga xos xususiyat shundan iboratki, personajlarning psixologik holatlari voqealarga, harakatga ta’sir etishini ustalik bilan ko‘rsata oladi. Kundoshlar bo‘lmaganda asar voqealari bunday shiddatli tus olmagan, tabiiyki, Poshshaxon Zebining choynagiga zahar solmagan, Akbarali ham o‘lmagan bo‘lardi. Akbaralining o‘limi esa o‘z navbatida keyingi pardaning yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. Bugina emas, roman voqealarida ilgari qatnashmagan yangi personajlar, tartib posbonlari asarga kirib keladi.
Akbarali Zebiga o‘z tashabbusi bilan emas, balki o‘zidan ko‘ra aqlliroq, uddaburroroq Miryoqubning maslahati bilan uylanishini esda tutaylik. Miryoqub bu maslahatni berishdan avval unga obdon tayyorgarlik ko‘radi, Zebining ajoyib ovozini rosa maqtaydi. Agar Akbaralining yonida Miryoqubday odam turmaganida, undan oldinroq esa Salti Zebini qishloqqa borib kelishga taklif etmaganida voqea qanday tarzda davom etardi, degan tabiiy savol tug‘iladi. O‘xud syujet yo‘nalishida muhim o‘rin tutgan Zebining Akbarali xonadoniga chaqirishdan Sultonxonning to‘satdan voz kechishi-chi? Bu vaziyatdan boyning katta xotinlari ustalik bilan foydalanishadi. Syujetning qaysi yo‘nalishini olib ko‘rmaylik, Cho‘lpon uni qahramonlarning ahvoli-ruhiyati va mohiyatidan keltirib chiqaradi. O‘zuvchi qahramonlar hayotini ularning harakatlari bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘rsatadi. Asardagi barcha voqealar xuddi zanjir halqalaridek bir-biri bilan bog‘lanib ketgan. Qahramonlarning harakatlari ham xuddi shu tarzda davom etadi. Agar bu harakatlarning birortasi olib tashlansa, xuddi bitta halqasi olib tashlangan zanjirday barcha voqealar, harakatlar to‘kilib tushadi. Shuning uchun ham bu asarda xuddi dramalarda bo‘lganidan, barcha qahramonlar, xoh bu Akbarali yoxud Miryoqub bo‘lsin, xoh Salti yoxud Razzoq so‘fi bo‘lsin, xoh prokuror yoxud tarjimon bo‘lsin o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Cho‘lpon asaridagi har bir xarakter, hatto roman voqealarida yetakchi o‘rin tutmaydigan personajlar ham murakkab va ziddiyatli insoniy obrazlardir. Bu jihatdan Razzoq so‘fi obrazi qiziqarli. U kamgap, badqovoq, ba’zida esa zolim. So‘fining yonida xotini va qizi qaltirab turishadi. U avvaliga Akbarali va qizining nikohiga butunlay qarshi chiqadi. Lekin voqealar rivojida u fikrini o‘zgartiradi. Akbarali mingboshi esa o‘nlab, yuzlab odamlarga bosh bo‘lishiga qaramay, nodon va g‘oyat cheklangan bo‘lganligi tufayli birorta qarorni mustaqil ravishda qabul qila olmaydi. Lekin kutilmaganda uning xarakterida o‘zgarish, yangilik paydo bo‘ladi. Buni quyidagi so‘zlaridan bilsa bo‘ladi.
“ Bilasanmi, Miryoqub? Men u qizga qiz deb, xotin deb talabgor bo‘lsam ekan…
Miryoqub ko‘zlarini katta ochdi va mingboshining yoniga kelib o‘tirdi.
Nima deysiz, xo‘jayin?..
O‘zim ham hayronman. Ashulasini eshitsam bo‘ldi, deyman o‘z ko‘nglimda. Ashulasiga, ovoziga ishqim bor, unaqa itlik yo‘q…
Obbo! Itlik yo‘q! Sizda-ya? E, tovba…
Non ursin, agar…”
Zebining o‘zi esa sho‘x, shaddod qiz edi. U voqealar davomida tobora so‘nib, kamgap bir kimsaga aylanadi. “Bora-bora Zebining ko‘z yoshlari ham quridi. U xuddi suratday jonsizgina sudralib yura boshladi. Es-hushi o‘zida bo‘lmagan bu jonsiz suratning yog‘ochday qotib qolgan qo‘llari va barmoqlari ila ro‘zg‘or ishlarini yana burungiday puxta bajarilishi onaning qurigan ko‘zlarini ham yana yosh bilan to‘lg‘azib yubordi. Zebining og‘zidan na bir so‘z, na bir bayt qo‘shiq chiqar, na bir oh-voh”.
Bulardan ma’lum bo‘ladiki, Cho‘lpon qahramonlari asar voqealari davomida o‘zlarining yangi-yangi xususiyatlari bilan namoyon bo‘laveradilar. Bir qarashda qahramonlardan ko‘pchiligining xarakterlari rivojlanishda, o‘zgarishda ko‘rsatilmayotganday tuyulishi mumkin. Aslida esa bunday emas. Qahramonlardagi ruhiy o‘zgarishlar, ma’lum hodisalar ta’sirida xarakterlarda ro‘y bergan tovlanishlar ustalik bilan ko‘rsatiladi. Qahramonlardagi bunday tovlanishlarni ko‘rsatish Cho‘lpon poetikasining o‘ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Masalan, romandagi Razzoq so‘fining haqiqiy mohiyati asar oxirida ma’lum bo‘ladi, shundan so‘ng u sahnadan tushib ketadi. Xuddi shunday hodisa Miryoqub bilan ham ro‘y beradi. U o‘z dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Sharofiddin Xo‘jayev bilan uchrashgandan keyin voqealardagi ishtiroki tugaydi. Uning muayyan mashg‘uloti yo‘q, lekin hayot mo‘jizalarining sirini o‘rganadi, Akbarali shaxsiy hayotining barcha tomonlarini besh qo‘lday biladi. “… yer-suv, pul va boshqa boylikka ko‘milgan bu odamning butun borlig‘i Miryoqubning qo‘lida edi. Yerdan chiqqan hosilning qanchasi o‘z yo‘liga kirib, qanchasi Miryoqub omboriga to‘kilishini mingboshi o‘zi hech qachon bilgan emas. Kerak bo‘lganda mingboshi Miryoqubdan pul so‘rab olar…” O‘zuvchi qahramonining butun sir-asroridan o‘quvchini to‘la xabardor qilganday. Lekin kutilmagan bir pallada Miryoqub Mariya bilan birga yurtini tashlab ketib qoladi. Tanqidchilik qahramonning bu harakatini xarakterning yetarli darajada ochilmasligi deb baholadi. Lekin bizningcha, bu holat Cho‘lponga xos qahramonlardagi, ruhiy o‘zgarishlarning o‘ziga xos tasviri deb qaralishi kerak.
Shunday qilib, Cho‘lpon qahramonlari “o‘yindan chiqib”, “qotib qolib”, o‘yinga qo‘shilib turadi, xuddi shaxmat o‘yinidagi donalarday tarix sahnasidan vaqt-soati bilan chiqib ketadi. Avvalgi qahramonlar o‘rniga prokuror, qozi, advokat, tarjimon, imom va boshqalar asarga kirib keladi. Ayni ana shu personajlar asarning yetakchi qahramonlariga aylanadilar. Akbaralining shuhratparastlik orzulari, kundoshlarning o‘zaro g‘ayirligi, har qanday yo‘llar bilan raqibining oyog‘iga bolta urishga urinish, fitna, hiyla-nayranglar asarda birinchi planga chiqadi. Dushmanlik va fitnalar odamning o‘limiga (Akbarali), soddadil juvonning Sibirga surgun qilinishiga (Zebi), keksa ayolning aqldan ozishiga (Qurbon bibi), Razzoq so‘fining bedarak yo‘qolishiga olib keladi.
Cho‘lpon o‘z asarini yaratishda Gogol ijodiga xos bo‘lgan “Sarobiy fitna”dan keng foydalanadi. Cho‘lpon ijodi sinchiklab tekshirilsa, Gogol an’analaridan o‘rganganini, uning merosxo‘ri ekanligini aniqlash qiyin emas. Ma’lumki, Cho‘lpon ijodining ma’lum davrida ko‘proq tarjima bilan shug‘ullangan. Rus adabiyotining ko‘pgina durdona asarlarini, shu jumladan, Gogolning “Revizor” va “Mirgorod” pesalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Tabiiyki, bu holat Cho‘lponday san’atkor ijodiga ta’sir etmasligi mumkin emasdi. Bu holat, ya’ni Gogolning badiiy dunyosi ma’naviy olami, Cho‘lpon ijodiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ayni Gogol o‘z davri ijtimoiy hayoti buzuqliklarini yuksak san’atkorlik bilan ko‘rsatib bergan edi. Gogol tasvirlagan zulm va qullik Cho‘lpon romanining ham yetakchi mavzularidan biriga aylandi. Cho‘lpon va Gogol individual uslublari qanchalik o‘ziga xos bo‘lmasin, ularning ijodiy printsiplari bir-biriga juda yaqindir. Har bir so‘zni ishlatishdagi yuqori san’atkorlik, tasvirning haqqoniyligi ana shu ijodiy printsiplarga kiruvchi xususiyatlardir.
Har ikkala san’atkor uchun xos bo‘lgan tomonlardan biri kinoya, vaziyatlar kinoyasi, ziddiyatlar kinoyasi, so‘nggi sahna kinoyasi. Ba’zida kinoya satiraga aylanadi. Ikkala san’atkorga xos yana bir xususiyat voqealarni bayon qilish emas, tasvirlash. Ana shu narsa qahramonlar psixologizmini keltirib chiqaradi, tasvirning boyligi va to‘laqonliligini keltirib chiqaradi, o‘quvchini sodir bo‘layotgan voqealarning bevosita ishtirokchisiga aylantiradi.
Cho‘lpon asarida ham, Gogol asarida ham xarakterli holat yuzaga keladi o‘limdan keyingi hayot holati. Shu nuqtai nazardan qaraganda Gogolning “Shinel” qissasi xarakterlidir. Garchi Cho‘lpon asari tashqi ko‘rinishdan Gogol qissasidan ancha uzoq tuyulsa-da, lekin yozuvchilarni o‘limning o‘zi emas, balki atrofdagilarning o‘limga munosabati qiziqtiradi. Akakiy Akakiyevich va Akbarali o‘rtasidagi tafovut juda kattaga o‘xshaydi. Akakiy Akakiyevich butun rus adabiyotidagi eng kichik odamlardan biri. Akbarali esa romandagi deyarli eng yirik mansabdor shaxs, badavlat va oq podshoga sidqidildan xizmat qilayotgan ta’sirli odam. O‘limidan keyin xotinlari yig‘lashadi, udum saqlanadi: “Kundoshlari ham birin-ketin uyg‘onib chiqdilar va mingboshining keng ichkarisida azonga yaqin to‘rt xotinning azani bildirgan ovozi ko‘tarildi. Akbaralining o‘limiga yana bir munosabat qotillikning yagona aybdori sifatida Zebining qamoqqa olinishi. Har ikkala asar bir-biridan qanchalik farq qilmasin, ular uchun umumiy bo‘lgan bir holat bor. Bu har ikkala asarda ko‘tarilgan ijtimoiy mavzuda o‘z aksini topadi: ayblanayotgan odamni inson o‘rnida ko‘rmaslik, shaxsini mensimaslik. Qahramonning o‘limidan keyin voqealar barham topmaydi, balki o‘z yo‘lida davom etaveradi.
Ikkala asardagi uyg‘unlik yana mavjud byurokratik mashinaning qo‘l ostidagi odamlarga, u xoh Akakiy singari kichik odam bo‘lsin, xoh Akbarali singari mansabdor bo‘lsin, tamomila befarqligidir. Bu holat Gogol asarida qahramon o‘limiga tamomila befarq qaralishida, Cho‘lpon romanida esa Akbarali ismi sud qarori matnida Qambarali, Umarali, Amir o‘g‘li shaklida qo‘llanilishida yaqqol seziladi.
Ko‘rganimizdek, Cho‘lpon o‘z asarida “sarobiy fitna”dan to‘la istifoda etgan. O‘zuvchi asar voqealari mobaynida Akbarali shaxsining ulug‘ligiga butun tafsilotlari bilan bizni ishontirishga harakat qiladi. Lekin uning o‘limidan keyin kutilmaganda bu gaplarning tamomila sarobligi, bu odamning hech qanday qimmatga ega emasligi ma’lum bo‘lib qoladi. Ayni mana shu holatda byurokratik mashinaning o‘z qo‘l ostidagilarga past nazar bilan qarashi ko‘zga tashlanadi, odamlarning o‘limiga biror murvatchaning tushib qolishiday qaralishi seziladi.
Akbarali obrazini sinchiklabroq kuzataylik. U asarning bosh qahramoniga o‘xshaydi, barcha personajlar unga qandaydir aloqador. Garchi asardagi muhim voqealar u bilan bog‘liq holda ro‘y bersa-da, romanni harakatga keltirayotgan kuch u emas. Akbarali atrofida hasadgo‘ylik, raqobat avj oladi. U vaziyatni tamomila his eta olmaydi, buning ustiga, butunlay savodsiz. Akbarali garchi roman voqealarini harakatga keltiruvchi shaxs bo‘lsa-da, boshqalarning o‘yinchog‘iga aylanadi. Hamonki, shunday odam mingboshilik vazifasida turgan ekan, uni shu lavozimga tayinlagan odamlar qanday ekan degan fikr paydo bo‘ladi. Akbarali ko‘tarilishining sarobiyligi shundaki, u o‘zi munosib bo‘lmagan, eplashtirish qo‘lidan kelmaydigan vazifani egallab turibdi. Akbaralining butun hayoti ham, yeb-ichishi ham, o‘limi ham ahmoqona. Uning obrazi bir necha o‘n yillar mobaynida faqat yeb-ichib, uylanib, keyin hayot sahnasidan tushib ketadiganlarga haqiqiy parodiya. Cho‘lpon xarakter mohiyatini ochishda turli detallardan, jumladan, uning ovqatlanishidan ham foydalanadi. Bu jihatdan ham Gogol va Cho‘lpon ijodlarida muayyan uyg‘unlik mavjud. Gogolda qahramonlarini ovqatlanayotgan vaqtda, ziyofatda tasvirlovchi epizodlar talaygina. Masalan, Gogol qahramonlaridan Taras Bulba, Chichikov, Sabakevich, qator pomeshchiklarning ovqatlanayotgan vaqtlari tasvirlanadi. Lekin ularning har birida ovqatlanish o‘ziga xos ma’noga ega. Shu narsani eslatmoq joizki, Cho‘lpon “Kecha va kunduz” romani ustida ish olib borayotgan vaqtlarda Gogol asarlarining tarjimasi bilan ham shug‘ullanayotgan edi.
Akbarali obrazini yaratishda yozuvchi ovqat detalidan keng foydalanadi: “Miryoqub esa mingboshining xursandlik va kayf bilan mast bo‘lgan yuzlariga tikilgan bir paytda ichkaridan bir tovoq to‘la manti chiqib dasturxonning o‘rtasidan joy oldi. Miryoqub bu dargohda tez-tez tortilib turadigan serqatiq, semiz va yog‘liq mantilarga qadrdon do‘stini ko‘rganday shirin bir kayf bilan tikildi, so‘ngra ko‘zlarini tovoqdan ko‘tarib, mingboshining yuzlariga qaragach, shu topda tovoqdagi manti bilan tovoqqa tomon egilgan yuz o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmadi: ikkalasi ham shu qadar yog‘liq edi”. Akbaralining mechkayligi va ichkilikka ruju qo‘yishi obrazning asosiy xususiyatlaridan biriga aylanadi. “To‘yni nima qildik, xo‘jayin? dedi Miryoqub, qo‘lini chayqab turib, Mingboshi boshini tovoqdan ko‘tarmay, og‘zida bir manti, qo‘lida ikkinchi manti bilan shoshilmay javob qildi:
O‘zing bilasan! Men qaydan bilay”.
Ko‘rganimizdek, ovqat mahalida Akbaralini hech narsa qiziqtirmaydi. Ovqat obrazi yozuvchi tomonidan atayin oldingi planga olib chiqiladi. Cho‘lpon Akbaralining ochofatligini tasvirlash orqali faqat uning tashqi qiyofasini emas, shuningdek, ichki holatini ham ko‘rsatadi. Nafsini qondirgach, qahramonning holati butunlay o‘zgaradi, endi u Zebi to‘g‘risida yonib, zavq-shavq bilan gapira boshlaydi. Uning bunday holatini hatto Miryoqub hech qachon ko‘rmagan edi. Qahramon qiyofasini yaratishdagi bunday turli-tumanlik uning ichki dunyosini to‘laroq ochishga yordam beradi.
Shunday qilib, zamonasining ziyrak farzandi Cho‘lpon o‘z davrining alg‘ov-dalg‘ovlarini, hayotning “sarobiyligi”ni yaxshi anglagan va buni qahramonlari qiyofasida mahorat bilan aks ettirgan edi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 3-son