/“O‘n ikki stul” 1920-30 yillardagi sovet tanqidchiligida/
I.A.Ilf va Ye.P.Petrovning “O‘n ikki stul” romani vatan adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. Ilk marotaba 1928 yilda bosilib chiqqan, qayta-qayta nashr etilgan, o‘nlab chet tillarga tarjima qilingan mazkur roman 50-yillarning ikkinchi yarmiga kelib sovet adabiyotining eng yaxshi asarlaridan biri sifatida rasman tan olindi. Lekin taxminan xuddi shu davrlardan e’tiboran bu roman sovet propagandasi, marksizm-leninizm asoschilari fikrlarini masxaralashdir deguvchi muxoliflar doimo iqtibos keltiradigan asarga aylangan edi.
Sovet tadqiqotchilari va tanqidchilari roman SSSR siyosiy tuzumiga qarshi emas, degan fikrni bir necha bor isbotlashlariga to‘g‘ri keldi. Masalan, 1955 yilda “O‘n ikki stul” va “Oltin buzoqcha” romanlariga so‘zboshi yozgan K.M.Simonov ikkinchi abzatsdayoq har ikkala roman sotsializm dunyosining kapitalizmning chirigan va iflos dunyosi ustidan porloq va uzil-kesil g‘alabasiga chin dildan ishongan adiblar tomonidan yozilgan degan fikrni maxsus ravishda ta’kidlagan. Mazkur fikr bir necha o‘rinda keltirib o‘tiladi. Xuddi shuningdek, 1963 yilda “Nega siz kulgili yozasiz?” monografiyasini nashr etgan L.M.Yanovskaya “chet ellarda sovet satirik romaniga qiziqishning balandligi bilan sovet Rossiyasidagi kamchilik va nuqsonlarga adovatkorona qiziqish o‘rtasida hech qanday aloqadorlik yo‘q, Ilf va Petrov satirasi dushmanlarimiz tomonidan biror marotaba o‘zimizga qarshi qurol sifatida foydalanilmagan” degan fikrni tasdiqlaydi. Har ikkala tezis ham yumshoqroq qilib aytiladigan bo‘lsa bahsliroq, lekin bari bir Yanovskaya o‘z fikrida qat’iy. Oradan yigirma yil o‘tgach, Ilf va Petrovni himoya qilish an’anasini Ya.S.Lure davom ettirib, ularning asari sovetlarga qarshi ruhda yozilgan degan aybni inkor etadi. U.A.Kurdyumov taxallusi bilan Parijda “Cho‘chimaydigan ovsarlar o‘lkasida” degan kitob e’lon qiladi. Kitobni bunday himoya qilish g‘oyasiga u kinoyaomuz qarasa-da, baribir u an’anani davom ettiradi.
Shu narsa muhimki, ko‘pgina tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, roman zamondosh tanqidchilarning favquloddagi reaktsiyasiga sababchi bo‘lgan. Ilf va Petrov ijodi to‘g‘risidagi ko‘plab kitoblar muallifi B.E.Galanov yozuvchilarning saylanma asarlarining 1961 yilda nashr etilgan birinchi jildiga kirgan so‘zboshisida shunday deb yozadi: “Ilf va Petrovning birinchi romani zamondoshlarining e’tirof etishlaricha, juda tezda kitobxonlarning e’tiborini qozongan. Lekin tan-qidchilik ancha paytgacha sukut saqladi”. Galanovning so‘zlariga qaraganda, bu sukut 1929 yil 17 iyunda, roman e’lon qilinganidan bir yildan keyin barham topdi”. O‘sha kuni “Literaturnaya gazeta” birinchi marotaba hammuallif-satiriklarning tarafini olgan tanqidchi A.N.Tarasenkovning “O‘n ikki stul” romani to‘g‘risidagi kichikroq maqolasini bosib chiqardi. Nega tanqidchilar shuncha vaqtgacha sukut saqlab, birdaniga bu sukutni buzganliklari aniqlanmaydi. Shuningdek, Yanovskaya yuqorida eslatilgan monografiyada “O‘n ikki stul” tanqidchilarning ehtiyotkorona sukut saqlashlariga qaramay kitobxonlar tomonidan qizg‘in va bajonidil kutib olindi”. Demak, kitobxonlar asarni samimiy qarshi olishgan, tanqidchilar esa ehtiyotkorona munosabatlarini qariyb bir yillik sukut orqali ifodalashgan. Nega ular ehtiyotkorlik qilishga qaror qilishganu, bir yildan keyin boshqacha fikrga kelishgan — bu masalalar ham aniqlanmagan.
Shu narsa ravshanki, kaltabin va qo‘rqoq tanqidchi noyob hodisa hisoblanmaydi. Lekin 1928 yilda chiqqan satirik roman haqida gap ketar ekan, “Ehtiyotkorlik” yorlig‘i deb nomlanadigan atama u qadar joiz emas. “Afsonaviy yigirmanchilar” sovet adabiyotidagi tanqidiy janglarda o‘zlarining ashaddiyliklari bilan nom qozonishgan, ayniqsa, satirik yozuvchilarga nisbatan o‘z ehtiyotkorliklarini yig‘ishtirib qo‘yishgandi. Buning yorqin misoli M.A.Bulgakovdek mashhur yozuvchining ta’qib ostiga olinishi. “O‘n ikki stul” ijodkorlari esa hali u vaqtda unchalik mashhur emasdilar: vaqtli matbuotda chiqib turgan yakkam-dukkam asarlar, Petrovning nashr etilgan ikki kichkina feleton va hikoyalar to‘plamlari — chamasi ularning bor-yo‘q asarlari shular edi, xolos. Tanqidchilar kutilmagan bu asardan dovdirab, jim bo‘lib qolishdi. Faraz qilaylik, bu tasodifan ro‘y berdi. Lekin xuddi shunday kutilmaganda birdaniga jonlanishdi. Buni tasodifiy ravishda ro‘y berdi deb bo‘lmaydi.
Shu munosabat bilan kamida uchta masalani o‘rtaga tashlash o‘rinlidir. Birinchidan, qanday qilib Ilf va Petrovdek mavjud tuzumga sodiq ikki jurnalist (aks holda ular professional sovet jurnalisti bo‘lmas edilar) hamkorlikda oltmish yildan ortiqroq vaqt mobaynida ularning sadoqatlariga rahna soladigan asar deb baholanib kelingan romanni yaratdilar. Ikkinchidan, ko‘plab qisqartish va tuzatishlardan keyin 50-60 yillarda ham “sovetlarga qarshi ruhdagi asar” deb baholangan “O‘n ikki stul” romani ne sababdan hushyor muharrirlar, ulardan ham sergakroq tsenzorlar boshida isyonkorlik ruhidagi bunday asarning dunyo yuzini ko‘rishiga to‘sqinlik qilmadilar? Nihoyat, bunisi eng muhimi, ne sababdan zamondosh tanqidchilar bir yil mobaynida ehtiyotkorlik ko‘rsatishdi. Axir ular o‘sha vaqtlarda yoppasiga tajovuzkor edilar-ku?
Bu savollarga Ilf va Petrov ijodi tadqiqotchilarining asarlaridan javob topib bo‘lmaydi. Yuqorida eslatilgan Lure kitobi singari istisno holatlarni hisobga olmaganda zamondoshlar tomonidan “O‘n ikki stul”ning qabul qilinishi va mualliflarning tutgan yo‘llari tadqiqotchilarning manfaatlariga mos kelmagan. Hatto hammualliflar ijodiy biografiyasini o‘rganish darajasida ham asosiy e’tibor 20-30-yillardagi siyosiy holatni his etmagan memuarchilarning ko‘rsatmalariga qaratiladi. Lekin memuarchilar, ayniqsa, sovet memuarchilari jim turishga asoslari ko‘p edi. Bu fikr tadqiqotchilarga ham taalluqli. Adabiyot tarixining sovetlarda udum bo‘lgan qoidalariga ko‘ra u qandaydir afsonaviy kenglikda qaralgan, bunda yozuvchilarning tsenzorga, siyosiy idoralarga chap berishlari nisbatan oson kechgan. Shu boisdan ham “O‘n ikki stul” asari haqidagi tarixni ayni davrning siyosiy voqealari foniga o‘rgangan ma’qulroq.
Gapni hammualliflik masalasidan boshlasak.
Bu masalani aniqlashda memuarchilar va adabiyotshunoslar foydalanadigan asosiy manba Petrovning esdaliklaridir. Mazkur esdaliklardan parcha ilk marotaba 1937 yilda vafot etgan Ilfning 1939 yilda chiqqan “Yon daftar” kitobiga so‘zboshi tarzida e’lon qilingan edi. “Adabiyot va san’at” haftanomasi 1942 yilning 12 aprelida esdaliklardan yana bir parchani e’lon qiladi, 1967 yilda esa “Jurnalist” oynomasi “Do‘stim Ilf” kitobining rejalari va qoralamalarini bosadi. Hammualliflar qachon va qay sharoitda tanishgani va o‘zlarining birinchi romanlari ustida qanday ishlaganliklari yuqorida eslatilgan esdaliklarda batafsilroq to‘xtalgan. Bu esdaliklarni boshqa memuarchilarning materiallari va adabiyotshunoslar tadqiqotlari natijalari bilan solishtirib ko‘ramiz.
Agar memuarchilarning gaplariga ishongudek bo‘lsak, romanni yozish fikri 1927 yilda paydo bo‘lgan. Bo‘lajak hammualliflar, odessalik hamshaharlar o‘sha paytda Moskvada chiqadigan “Gudok” gazetasida ishlashar, turli taxalluslar bilan asarlar e’lon qilishardi. Odessalik shoir va jurnalist Ilya Arnoldovich Fayzilberg ham poytaxtga kelmasidan oldinroq Ilf taxallusi bilan ijod etardi. Odessa jinoyat qidiruv bo‘limining sobiq xodimi Yevgeniy Petrovich Katayev esa chamasi o‘z kasbini o‘zgartirgandan keyin Petrov taxallusini tanlaydi. Fayzilbergga yangi taxallus nima uchun kerak bo‘lganini hech kim izohlamagan. Lekin Katayev taxallusini o‘zgartirganining muayyan asosi bor. “Gudok” gazetasida anchadan beri akasi Valentin ishlardi. Ayni mana shu Katayev Ilf va Petrovga satirik roman syujetini taklif etadi. Dastlabki rejaga ko‘ra roman ustida uch kishi ishlashi mo‘ljallangandi: Ilf va Petrov romanning qoralamasini yozishadi, Katayev esa unga sayqal beradi, muqovada uchta yozuvchining familiyasi bo‘ladi. Bundan har uchchala yozuvchi ham yutsa yutadiki, yutqazmaydi. Katayevning nomi mashhur, uning pesasi Moskva badiiy teatrida qo‘yilyapti, asarlari qo‘lma-qo‘l. Shu boisdan vaqti yetishmaydi. Hammualliflar yordamida oz mehnat sarflab, qisqa vaqt ichida qiziqarli syujetni amalga oshirish, qo‘shimcha qalam haqi ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Ilf va Petrovlar esa Katayev yordamida romannavis maqomiga ega bo‘ladilar, daromadlari ham ancha ortadi. “Sovet romani ustaxonasi ochish” taklifini ular bajonidil qabul qiladilar. Garchi tez orada Katayev o‘z g‘oyasidan voz kechgan bo‘lsa-da, ikki muallif “O‘n ikki stul” ustida kechayu kunduz tinimsiz ishlashardi. Keyinroq romanni “30 kun” illyustratsiyali jurnal 1928 yilning birinchi (yanvar) sonidan boshlab, yettinchi (iyul) sonida tugalladi. Shundan keyin tez orada asar alohida kitob holida bosilib chiqdi va o‘quvchilar muhabbatini qozondi.
Ana shunday shart-sharoitlarning bir-biriga mos kelishi natijasida ikki mehnatkash hammuallif paydo bo‘lgan imkoniyatdan foydalanib qolishadi va natijada munosib taqdirlanishdi. Lekin Petrovning Ilf bilan ijodiy aloqalarining tarixi to‘g‘risidagi qaydlarida bir-birini inkor etuvchi yoki bir-biriga zid keluvchi qarama-qarshiliklar ko‘p uchraydi. Bu qarama-qarshiliklar memuarchi zo‘r berib yashirishga harakat qilgan holatlarga ishora qiladi.
O‘sha ziddiyatlarga murojaat etib ko‘raylik.
Birinchi manzara bo‘lajak hammualliflarning tanishishi bilan bog‘liq. “Biz ikkalamiz Odessada tug‘ilib o‘sganmiz, tanishishimiz esa Moskvada ro‘y bergan” — deb ma’lumot beradi Petrov. Uning so‘zlariga qaraganda bu voqea 1923 yilda sodir bo‘ladi, lekin aynan qaysi vaqtdaligi Petrovning yodidan chiqqan: “Biz qachon va qanday qilib Ilf bilan tanishganimizni eslay olmayman. Ayni tanishish daqiqalari butunlay xotiramdan ko‘tarilgan”.
Demak, “xotira pand bergan”. Tajribali jurnalist to‘satdan o‘zining eng yaqin do‘sti va hammuallifi bilan qachon va qayerda tanishganini unutib qo‘yadi. Bu narsa shuning uchun ham g‘alati tuyuladiki, zamondoshlarining fikrlariga qaraganda Petrov g‘oyat noyob xotiraga ega bo‘lgan. Ilf va Petrovlarning bir-birlari bilan Moskvada tanishishgani ham g‘oyat ajablanarli. Ular hamshahar edilar-ku, axir? Ustiga-ustak, Ilf Odessada ekanligidayoq Valentin Katayevning do‘sti, hech bo‘lmaganda yaqin tanishi edi-ku. Akasining o‘sha davrdagi yaqin do‘stlari, masalan Yu.K.Olena va L.I.Slavinlar Petrov bilan tanish bo‘lishgan. Ular Ilf va Katayevlar bilan Odessadagi “Shoirlar jamoasi”da ishtirok etishardi. Petrov hatto ularning she’riy mushoiralarida ham qatnashgan. Bundan tashqari 1920 yildan boshlab Valentin Katayev, Ilf, Olesha va Slavin Ukrain-Rossiya telegraf agentligining Odessa bo‘limida ishlashgan. Petrov bu yerda bir necha oy mobaynida “sayyor muxbir” bo‘lib ishlagan. U jinoyat qidiruv bo‘limiga 1921 yilning yozidagina ishga o‘tgan. Bundan Petrov akasining do‘stlari va hamkasblari, Odessa telegraf agentligida birga ishlagan og‘aynilari, shular qatori ayni Ilf bilan tanish bo‘lmaganliklari ehtimoldan holi. Bunga ishonish qiyin.
Ahamiyati jihatidan bundan kam bo‘lmagan ikkinchi muhim holat romanning qachon tugallanganligi masalasidir.
“28 yilning yanvar oyida biz orzu qilgan daqiqa yetib keldi, — deydi Petrov. — Bizning oldimizda shunday qalin qo‘lyozma yotardiki, uning hajmi bosma tabog‘ini hisoblab chiqishning o‘ziga ikki soat vaqt ketdi. Lekin bu yumush g‘oyat maroqli edi! Roman haqiqatan katta hajmli bo‘lib, har biri taxminan 7 bosma taboqni o‘z ichiga olgan 3 qismdan iborat edi. Petrovning so‘zlariga qaraganda, romanning ikkinchi nusxasi yo‘q. Ular qo‘lyozmani yo‘qotib qo‘yishdan xavfsirashardi. Shu boisdan Ilf bir varaq qog‘oz olib yarim hazil, yarim chin qilib: “Ushbuni topib olguvchi odam uni mana bu adresga qaytarishlari so‘raladi” deb yozib qo‘ygandi. Va u bu qog‘ozni muqovaning orqa tomoniga hafsala bilan yopishtirdi. Shundan keyin hammualliflar “Gudok” jurnali tahririyatini tark etishdi. “Qor yog‘ib turgandi, chinalarga batartib o‘tirib, qo‘lyozmani uyga olib ketdik, — eslaydi Petrov. — Lekin ular hali o‘zlarini erkin va yengil sezisha olmayotgandi. — Aksincha, biz tashvish va xavotir tuyg‘ularini boshimizdan kechirardik. Romanimizni bosishadimi yo‘qmi o‘zi?”
Juda g‘alati tarix. 1928 yilning yanvarida hammualliflar romanning yagona nusxasi ustidagi ishni tugatib, jurnal asarni bosadimi, yo‘qmi, bilishmasdi. Lekin shu yanvar oyining o‘zida jurnal asarni e’lon qilishni boshlab yuboradi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Qo‘lyozma nashrga o‘z-o‘zidan tayyor bo‘lib qolmaydi. Asarni nashrga tayyorlash katta mehnat va vaqt talab etadi. Jurnal bosh muharriri asarni bosish haqidagi fikrga kelgunicha jurnal xodimlaridan birorta odam asar bilan tanishishi, unga bir kun emas, anchagina vaqt sarf qilishi tabiiy. Bundan tashqari, tsenzor chiyriqlaridan o‘tish kerak. Bu ishga aksariyat holatlarda bir hafta ham ozlik qiladi. Bundan tashqari asarni qo‘lyozma holida emas, o‘qish, zarur o‘zgartishlar kiritish oson bo‘lishi uchun mashinkalangan nusxa berilishi ham hammaga ayon. So‘ngra bu nusxani jurnal muharriri ko‘rishi, zarur holatlarda o‘zgartirishlar kiritishi ham mumkin. Muharrir o‘z o‘zgartishlarini asar mualliflari bilan kelishib olishi, bundan keyin esa tuzatilgan nusxani tahririyat mashinkachisi qayta bosishi ehtimoldan holi emas. Shundan keyingina qo‘lyozmani korrektor o‘qiydi. Odatdagi sur’at bilan bu ishlarni bir haftada bajarib bo‘lmaydi. Nihoyat, jurnalning o‘z rejasi bor: har bir sonning mundarijasi, har bir bo‘limdagi asarlar hajmi, jurnal sonini maket qilish bir-bir yarim oy oldin belgilanadi. Ba’zan jurnalga o‘zgartishlar kiritilishi ham mumkin. O‘rtaga shoshilinch materiallarning suqilib kirishi ham ehtimoldan holi deb bo‘lmaydi. Lekin bir necha boblik roman materialini, buning ustiga illyustratsiyali asarni jurnal soniga birdaniga tiqishtirishning sira iloji yo‘q. Rassom asarni o‘qib chiqishi va unga illyustratsiya tayyorlashi uchun bir necha kun emas, haftalar kerak. Buning ustiga bosmaxona ishlari: harf terish, uni o‘qish, verstka qilish, uni tekshirish deganday. Bular ham eng kamida bir haftani egallaydi.
Bundan chiqadigan xulosa aniq: Petrov tomonidan yozilgan tarix 1 yanvarda ro‘y berib (bu narsa haqiqatdan juda uzoq), qo‘lyozma redaktsiyaga ertasiga topshirilganda ham romanni jurnalning yanvar sonida chop etish mumkin emasdi. O‘rtadagi to‘siqlar haddan tashqari ko‘p.
Biz hozircha qo‘lyozmaga qaramasdan turib, boshqa holatlarga bir oz to‘xtaldik, xolos. Agar qo‘lyozmani kuzatguday bo‘lsak, bildirayotgan fikrlarimizga shubha qolmaydi. Roman qo‘lyozmasini hammualliflar mashinkada ko‘chirish uchun topshirganlar. Romanning hajmini e’tiborga olguday bo‘lsak, uni ko‘chirishga bir yarim hafta balki undan ham ko‘proq vaqt ketgan. Shundan keyin Ilf va Petrov asarning mashinkalangan nusxasini o‘qib, ma’lum tuzatishlar kiritishgan. Asar yozib tugatilganidan keyin oradan kamida yarim oylar chamasi vaqt o‘tgandan keyingina romanning uzil-kesil nusxasi jurnal muharriri qo‘liga yetib borgan. Birinchi nashr matniga qaraganda muharrir ham asar ustida yaxshigina ter to‘kkan. Agar hamma narsa Petrov aytganidek ro‘y berganda edi, roman eng tezi bilan jurnalning mart oyidangina chiqa boshlardi.
Shunga qaramay “O‘n ikki stul” yanvar oyidan e’tiboran e’lon qilindi. Bundan qanday xulosa chiqadi?
Birinchi variant: roman 1928 yilning yanvarida emas, kamida bundan oldingi yilning oktyabr oyida yozib tugallangan.
Ikkinchi variant: roman haqiqatan ham yanvar oyida tugallangan, lekin jurnal tahririyati hali yozib tugallanmagan romanni 1927 yilning oktyabridan kechikmay bosishni o‘z bo‘yniga olgan. Romanning dastlabki boblarini nashrga tayyorlashni boshlab yuborib, natijada yanvar sonida asarning boshlanish qismini e’lon qilishga ulgurgan. Keyingi boblar hammualliflardan peshma-pesh olinib, nashrga tayyorlanavergan.
Birinchi variantni ko‘rib chiqaylik: roman 1927 yilning oktyabrida tugallangan. Bundan noyabr oyida asarning mashinkalangan nusxasi tayyor bo‘lib, redaktor ishga kirishgani kelib chiqadi. Lekin oktyabr, hatto noyabr oylari haqiqatdan ancha uzoq. Chunki hammualliflar asar qo‘lyozmasining so‘nggi sahifasida roman yozilgan sanani 1927-28 yillar deb ko‘rsatganlar. “O‘n ikki stul” voqealari 1927 yilning aprelidan noyabrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Buning ustiga asarda o‘sha davr vaqtli matbuotida keltirilgan voqealar haqida ham gap ketadi: aprel oyida boshlangan Dneprostroy qurilishidan to sentyabrda Qrimda ro‘y bergan zilzilagacha, undan to noyabr oyidagi sovet hokimiyati o‘rnatilganligining o‘n yilligigacha bo‘lgan voqealar tasvirlanadi. Shu narsa ma’lumki, hammualliflar iyun oyidagi ta’tillarini Kavkazda o‘tkazishgan. Qaytib kelganlaridan keyin esa faqat “O‘n ikki stul”ni yozish bilangina shug‘ullanishmagan, har kuni gazetadagi ishlariga borishgan, gazetada faol qatnashib turishgan. Mayli, romanni yozishga iyunda kirishishgan ham deylik, lekin shunday bo‘lsa-da, bari bir qo‘lyozma oktyabr oyida ham, noyabr oyida ham nashrga tayyor bo‘lmagan.
Bundan ikkinchi variant haqiqatga yaqinligi kelib chiqadi: hammualliflar romanni 1928 yilning yanvarida yozib tugallashgan, lekin 1927 yilning oktyabr (yoxud noyabrida) jurnal tahririyati hali tugallanmagan kitobni boshlashga rozi bo‘lib, tayyor qo‘lyozmalarni peshma-pesh olib turgan. Mashinkachiga ham roman boblarini peshma-pesh berib turishgan. Bu qo‘lyozmadan ham ko‘rinib turibdi.
Ilf va Petrov tahririyat a’zolariga anchagina tashvish keltirishgani aniq. Axir redaktsiya mudiri mualliflar, mashinkachi, rassom va boshqalarning ishlarini muvofiqlashtirishiga to‘g‘ri kelgan. Lekin o‘sha paytlarda “30 kun” jurnalida Ilf va Katayevlarning eski tanishlari V.I.Reginin muharrirlik qilardi. Inqilob arafasidayoq mashhur jurnalist sifatida nom chiqargan Reginin grajdanlar urushidan keyin Odessada sovet matbuoti ishini yo‘lga qo‘yadi, barcha mahalliy adiblar bilan do‘stona munosabatda bo‘ladi. Hammualliflar uning yordamiga umid qilishlari mumkin edi. To‘g‘ri, bunday yordamni jurnal bosh muharriri asarni bosishga uzil-kesil qaror qilgandan keyingina olishi mumkin bo‘lardi.
1927 yilda jurnal bosh (o‘sha davr termini bilan aytilsa) mas’ul muharriri V.I.Narbut edi. Hammualliflar u bilan Odessadayoq tanish edilar. Bir vaqtlar akmeistlarga moyil bo‘lgan mashhur shoir grajdanlar urushi yillarida mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tarildi. Odessaga kelgach, Ukraina telegraf agentligi Odessa bo‘limining xo‘jayiniga aylanadi va u yerga Katayev, Ilf va Olesha va boshqa Odessa shoirlarini taklif etadi. Katayevning kichik ukasi uchun ham ish topildi. 1921 yilning bahorida Narbut mansabda ko‘tarilib Ukrainaning o‘sha paytdagi poytaxti Xarkovga o‘tkazilib, mamlakat telegraf agentligiga rahbarlik qila boshlaydi. Uning orqasidan Katayevlarning kattasi va Olesha ham jo‘nab ketishadi. Petrov esa jinoyat qidiruv bo‘limiga ishga kiradi. 1922 yilda Narbutni Moskvaga ishga olishadi, uning ketidan Katayev, Olesha, yana tez orada Ilf va Petrovlar ham Moskvaga kelishadi. Narbut Moskvaga kelgach, bir qancha jurnallarni qayta qurdi, ”Er va fabrika” (“Z i F”) nashriyotiga asos soldi, aytish mumkinki, VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining shu nashriyotdagi vakili vazifasini bajardi. Narbut ilgari o‘z qo‘li ostida ishlagan birodarlariga homiylik qilib turdi: N.Ya.Mandelshtam iborasi bilan aytiladigan bo‘lsa “Odessa yozuvchilari uning qo‘lidan non yeyishardi”. “O‘n ikki stul”ning birinchi alohida nashri ham “Er va fabrika” nashriyotida bosilib chiqqani bejiz emas. Kitob 1928 yilning iyulida, asar jurnalda e’lon qilinishi tugashi bilanoq chop etildi. Bundan nashriyot va hammuallif o‘rtasida shartnoma ancha ilgari tuzilganligi kelib chiqadi. Bu Narbut ko‘rsatmasi bilan ro‘y berganligini fahmlash qiyin emas. Undan boshqa hech kim bunday hokimiyatga ega bo‘lmagan.
Fikrimizdan sal chekinib bo‘lsa-da, qo‘shib qo‘yaylikki, Petrov Narbutdan faqat adabiyot sohasidagi muvaffaqiyatlari uchungina minnatdor emasdi. 1920 yilda Katayevlarning kattasi Odessa Favqulodda Komissiyasi tomonidan qamoqqa olinadi: antisovet fitnasida aloqadorlikda shubha qilinadi. O‘sha davr tartib-qoidalariga muvofiq bunga yetarli ravishda dalil-isbotlar ham topila qoladi: onasi tomonidan buvasi sobiq ofitser, ota tomonidan buvasi esa ruhoniy, otasi chinovnik, diniy bilim yurtida o‘qituvchi. Katayev bir necha oy mobaynida otib yuborishlarini kutib yotadi, keyin ozod etishadi. Adabiy doiralardagi yaqinlik asqotadi. Katayevlarning eng kichigi, hali gimnaziyani tugatmagan o‘spirin ham hibsga olinadi. U hali yosh bo‘lganligi tufayli ofitser emasdi, lekin yaqin odamlari shubhali odamlar, buning ustiga akasi ham hibsda bo‘lganligi tufayli qamoqqa olinadi. Narbutning bu yerga kelishi, telegraf agentligida ishlashi bularga juda qo‘l keldi.
Petrov Regininni esdaliklarning qoralama nusxalaridagina shunchaki esga oladi. Narbut haqida esa lom-mim demaydi. Petrov tahririyatdagi voqea-hodisalar to‘g‘risida yozishni istamagan. Ha, shunday, istamagan: u sanani ko‘rsatishda shunchaki adashgan deb bo‘lmaydi, balki 1928 yilning yanvarida Ilf muqovaning orqasiga g‘alati eslatmani yopishtirib qo‘yganligi, jurnal tahririyati qo‘lyozmani qabul qilib oladimi, yo‘qmi deb xavotirlanganliklari haqidagi ta’sirli tarixni o‘ylab topgan… Aslida bunday bo‘lmagan. Jurnal tahririyati qo‘lyozmani allaqachon qabul qilib olgan, dastlabki qismini bosib chiqarishga ulgurgan edi. Bu yerdagi ta’sirchan tafsilotlar Petrovning unchalik ishonchli bo‘lmagan mulohazalarining ishontirish kuchini oshirish uchun xizmat qilgan. Avtor an’anaga qarama-qarshi o‘laroq real holat haqida lom-mim demagan, xuddi Ilf bilan tanishuvi holatini esidan chiqargandek bu to‘g‘risida ham og‘iz ochmagan.
Buning sababi ma’lum, bu “30 kun” jurnalining bosh muharriri nomi bilan bog‘liq. Sovet terminologiyasi nomi bilan aytganda Narbut 1938 yilda “nomi tilga olinmaydiganlar” qatoriga kirardi. U 1936 yilda hibsga olinib, “xalq dushmani” deb e’lon qilinadi va qamaladi. Qamoqxonada o‘ladi, 1956 yilda esa oqlanadi. Petrov Ilf bilan Moskvada tanishishi holatini to‘qib o‘tirmaydi. Xotiradan ko‘tarilganligini aytish orqali bo‘lg‘usi hammuallifi bilan ilk uchrashuvini eslamay qo‘yaqolgan, “mehnat faoliyati”ni “organ”dagi ishdan boshlaganligini bildirgan, xolos. Petrov xuddi shunday “O‘n ikki stul”ni kashf etish tarixi va bu ishdagi Reginin yordami to‘g‘risida og‘iz ochmagan.
Lekin Petrov “O‘n ikki stul”ning butun tarixini boshidan-oxirigacha to‘qimagan. Chamasi, u o‘z oldiga bunday vazifani qo‘ymagan ham. Shunday ekan, haqiqat u ba’zan hikoya qilayotgan holatlarda emas, atayin indamay o‘tgan holatlarda ko‘ringanday bo‘ladi.
Masalan, Petrov ma’lum qilishicha, Katayev “O‘n ikki stul” syujetini hadya qilgandan keyin 1927 yilning avgust yoki sentyabr oylarida hammualliflar har kuni uylariga kechasi ikki yoki uchlarda qaytishgan. Zero ular roman ustidagi ishlarini “Gudok”dagi ish soatlari tugagandan keyingina davom ettira olganlar. “Yozishga juda qiynaldik, — deb ta’kidlaydi Petrov. — Biz gazetada va hajviy jurnallarda jon koyitib va astoydil ishlardik. Biz bolaligimizdan mehnatga o‘rgangandik va mehnatning qadriga yetardik. Lekin roman yozishning mashaqqatlaridan butunlay bexabar edik. Agar meni siyqasi chiqqan iborani ishlatganlikda ayblashmasa, bu asarni qon bilan yozdik”. Emotsional taranglikni ushlab turishga harakat qilgan Petrov shu yerda bilmasdan og‘zidan gullab qo‘yadi: “Birinchi qismini baribir o‘z vaqtida tugatdik. Yetti bosma taboq bir oyda yozildi”.
Shu o‘ringa diqqat qiling. “O‘z vaqtida” deyilganda qanday ma’no bor, nega endi “O‘n ikki stul”ning birinchi qismini bir oyda tugatishga qanday zarurat bor edi? Bir yarim yoki ikki oyda hovliqmay, aziyat chekmay yozganlarida nima bo‘lardi? Axir bu to‘g‘rida biror majburiyat yoki shartnoma haqida hech qayerda gap yo‘q-ku: Lekin Narbut to‘g‘risida ham hech yerda gap yo‘q. Modomiki, o‘z vaqtida tugatishgan ekan, demak, o‘rtada shartnoma bo‘lgan, shu boisdan hammualliflarning o‘zlarini tutishlari g‘alati ko‘rinmaydi. Ular qiyinchiliklarni yoqtirganliklari uchun emas, jurnal muharriri romanning birinchi qismini 1927 yilning oktyabr-noyabr oyida olishi uchun o‘zlarini qiynashgan. O‘shandagina bosh muharrir buyrug‘iga muvofiq tahririyat mudiri romanni 1928 yil yanvar soniga tayyorlashni tashkil etishi, hatto fevral soniga ham zapas ortib qolishi mumkin edi.
Shu narsa diqqatga sazovorki, Petrov romanning ikkinchi va uchinchi qismlari ustida olib borilayotgan ish to‘g‘risida hech narsa demagan. Faqat “Biz yozishda davom etdik” degan luqmani qo‘shib qo‘ygan, xolos. Butun axborot shundan iborat. Lekin boshqa tomondan yondoshadigan bo‘lsak, bu yerda hikoya qilinadigan voqeaning o‘zi yo‘q: avvalgi qiyinchiliklar va tinkani quritadigan shoshilishlarga o‘rin qolmagandi. Agar Ilf va Petrov romanning birinchi qismini bir oyda yozishgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi qismlarini uch oyda yozishgan. Yanvarga kelib mart va keyingi oylarda chiqadigan materialni topshirishga bemalol ulgurishgan edi. Shunday qilib, asarning dastlabki boblari e’lon qilingan yanvar oyiga kelib, roman yozilib tugallangandi. Jurnal rahbariyati hammualliflar o‘z majburiyatlarini bajarishlari to‘g‘risida tashvish chekmasa ham bo‘lardi.
Chamasi tahririyatdagilar hammualliflarga avvalboshdan ishonishgan. O‘sha yillardayoq kitobxonlar o‘rtasida shuhrat qozongan Katayev o‘ziga xos garov vazifasini ham bajargan. 1928 yilda “Zavod va fabrika” nashriyoti yozuvchining ikki jildlik “Tanlangan asarlari”ni nashr etadi. U hammualliflarga asar syujetini hadya qilganmi, yo‘qmi — hozir aniq aytish qiyin. Hujjat bo‘lmagach, bir narsa deb bo‘lmaydi. Esdaliklar hisobga kirmaydi. Lekin har qanday bo‘lganda ham Katayev o‘z ukasiga va hamshahar do‘stiga o‘z nomi va yozuvchilik obro‘-e’tiborini “berib turgan”. U hammualliflikdan rasman voz kechgandan keyin esa Ilf va Petrov yetarli darajadagi materialni tahririyatga taqdim etib ulgurishgan edi. Oradan deyarli yarim asr o‘tgach, Katayev o‘zining avtobiografik asari “Mening olmos gulchambarim” kitobida avgust-sentyabr oylarida avval uch kishi, keyinroq ikki kishi bilan tuzilgan shartnoma bor edi deb yozadi.
Ilf va Petrov asarni shoshilib yozishgan, chunki Narbut qistab turgan. Narbutning shoshiltirishining sabablari esa noma’lum.
U hali tugallanmagan romanni nashr etishga qaror qiladi, o‘z qarorini tsenzura bilan kelishib oladi. Bu katta mas’uliyat edi. Oshnolarga yordam deganday… Lekin oshnolarga roman tugallangandan keyin ham yordam berish mumkin edi-ku… Bir narsani e’tiborga olishimiz kerak, Narbut 1927 yilda shunchaki adabiyotchi emas, partiya arbobi ham edi. Arbob bo‘lganda ham kattagina arbob hisoblanardi. Muhtojlarga yordam berishning ham me’yorini bilardi. Asarni o‘qigan tanqidchilar unga g‘alati munosabatda bo‘lishdi. Narbut esa boshqa partiya arboblaridan farqli o‘laroq hech narsadan xavfsiramasdi. Hali tugallanmagan romanni e’lon qilishni boshlab yuborishdan tashqari shubhali satirik romanni tezlikda alohida kitob holida chiqarib yubordi. Bularning barchasi unga nima uchun kerak edi?
N.Ya.Mandelshtam fikricha, Narbut hajviyotning ishqivozi bo‘lmagan, “kitobning partiyaviy to‘g‘ri va xaridorbopligidan boshqa narsani tan olmagan”. Mazkur romanning xaridorbopligiga gap yo‘q, “O‘n ikki stul” uch oy keyinroq chiqsa nashriyotning moliyaviy rejasi yonib ketmasdi.
Narbutni bu yerda kitobning partiyaviy tomoni qiziqtirgan.
Roman ustida ish olib borilayotgan vaqt partiya rahbari — I.V.Stalin va N.I.Buxarinlarning “so‘l oppozitsiyachilar L.D.Trotskiy va uning tarafdorlariga qarshi ochiq qaqshatqich kurashi ketayotgan davrga to‘g‘ri keladi. Bahsning bosh predmeti NEP — yangi iqtisodiy siyosat. Trotskiy Stalin va Buxarin shaxsiy hokimiyatlarini mustahkamlash yo‘lida yangi iqtisodiy siyosatdan foydalanib, “jahon inqilobi” g‘oyasiga xiyonat qildilar degan fikrni allaqachon isbotlagan. Bu holat “imperialistik agressiya” natijasida SSSRni muqarrar ravishda halokatga olib keladi, marksizm dastlab uqtirganidek, jahon inqilobi amalga minmay turib “alohida bir mamlakatda sotsializm qurish” mumkin emas. Trotskiy va uning tarafdorlari bahsda zafar quchisha olmadi, ularni hokimiyatdan tobora chetlashtira borishdi. Lekin 1927 yilning bahorida muxolifchilar yana faollasha boshladi. 12 aprelda bir necha yillardan beri fuqarolar urushi ketayotgan Xitoyda “bolsheviklashtirish” siyosatiga darz ketdi. Xalq inqilobiy armiyasining qo‘mondoni general Chan Kayshi kommunistlar bilan aloqadan voz kechdi, bugina emas, Shanxayda sobiq ittifoqchilarni ommaviy qirg‘in qilishni buyurdi. 15 aprelda sovet gazetalari “Shanxaydagi qonli hammomlar” to‘g‘risidagi xabarni yozib chiqarishdi. Trotskiy stalincha-buxarincha rahbariyatning bu mag‘lubiyatidan foydalanib, “xalqaro imperializm kuchlari Xitoyni tinchitgach, o‘z koloniyalarini “inqilobiy yong‘in”dan saqlab qolish choralarini ko‘radilar, so‘ng birlashib muqarrar ravishda SSSRga qarshi urush ochadilar, deydi. SSSRda esa Stalin va Buxarin NEPni cho‘zib yuborishdi, bu esa “kapitalizmni tiklash”ga olib keladi. Trotskiy fikricha, bundan qutulishning yagona yo‘li Stalin va uning tarafdorlarini iloji boricha tezroq hokimiyatdan chetlashtirish.
Stalincha-buxarincha “bosh yo‘l”ning maddohlari qiyin ahvolga tushib qolishdi. Trotskiyni rad etib interventsiyaning real tahdidi ham, SSSR “ichki dushmanlari”ning kuchi bilan kapitalizmni tiklash xavfi tugadi deyishning ma’nosi yo‘q edi. Bunday ishni qilish qiyin emasdi, lekin isbotlanadigan narsa sovetlarning asosiy mafkuraviy ko‘rsatmalariga mos kelmasdi. Stalin va Buxarin boshqa yo‘lni tanlashdi: Trotskiyni badnom qilish boshlandi. Uning muxoliflari partiya rahbariyati pirovard maqsadimiz bo‘lgan “jahon inqilobi”ni inkor etayotganlari yo‘q. Hali unga erishishga uzoq vaqt borligi tufayli marksistik nazariyalarga murojaat etish maqsadga muvofiq emas, balki hosil bo‘lgan real sharoitlardan kelib chiqqan va “jahon” inqilobiy yong‘ini”ning to‘la g‘alabasini kutib turmagan holda SSSR iqtisodiyotini ko‘tarishimiz kerak deb uqtirishadi. “Shanxay to‘ntarishi” albatta yoqimsiz hodisa, lekin u katta urushlarga olib keladigan favqulodda katta voqea emas. SSSRda kapitalizmning qayta tiklanishi xavfi ham yo‘q. Bu to‘g‘risidagi gaplarning hammasi va harbiy xavf-xatar haqidagi barcha safsatalar Trotskiy odatdagi so‘lligining, trotskiychilarning “tinch qurilishi” ishiga tayyor emasliklari, odat bo‘lib qolgan boshqarish metodlariga, “harbiy kommunizm” tarafdori ekanliklari nishonasidir. Rasmiy tashviqot vositalari Trotskiy va “so‘l muxoliflar” fuqarolar urushi, “qizil terror”, vayrongarchilik, ochlikning asosiy sababchilari deb ko‘rsatishga yordam berdi. Stalincha-buxarincha rahbariyat esa mamlakatdagi barqarorlik va yangi iqtisodiy siyosatning garanti sifatida baholandi. Trotskiychilarni tahqirlash, haqoratlash uchun barcha eshiklar ochib qo‘yildi, barcha sohalarda — adabiyot, teatr va boshqalarda so‘llar ustidan kulish hatto rag‘batlantirildi.
“O‘n ikki stul” romanining syujeti esa rasmiy propagandaning yo‘liga nihoyatda mos kelardi. Shu narsa qiziqki, roman voqealarining boshlanishi sifatida ayni 1927 yilning 15 apreli olingan. Gazetaning eng muhim yangiligi “Shanxay to‘ntarishi” hatto “kichik shaharcha”ning aholisi tomonidan muhokama qilinadi. Lekin u shunchaki voqea sifatida muhokama qilinadi. Haqiqatan ham biror jiddiyroq hodisa ro‘y bermaydi. Qahramonlar mamlakat bo‘ylab kezib, xazinalar qidirishadi, kitobxon hamma yerda sovet tuzumining barqarorligini, ishlashni istaganlarning hammasi o‘zlariga ish topganliklarini, iqtisodiyot har jabhada rivoj topayotganini, tuzum dushmanlarining “bolsheviklarning tez orada qulashi”, chet ellardan yordamga ko‘z tikishning asossizligini ko‘rib turibdi. Ha, SSSRda istiqomat qiluvchilarning birortasi mavjud tuzum bilan kurashishga qodir emas, zero “xalqaro imperializm” kuchlariga esa hech kim umid qila olmaydi. Sobiq dvoryanlar turli xizmatlarga o‘tib ketishdi, ularning aksariyati biror narsaga yaroqli emas, sobiq savdogarlar esa hozir nepmanlarga aylanishgan, hamyonlarining qappayishini o‘ylashadi, boshqa xil fitnachi-monarxistlar esa azaldan qo‘rqoq, hech qanday xavf-xatar tug‘dirmaydi. Eng muhimi, SSSRda “yangicha sotsialistik turmush” qaror topdi. Shu boisdan, kapitalizmning yangidan tiklanishi mumkin emas. Shundan kelib chiqqan holda roman qahramonlarining o‘tmishga qaytish to‘g‘risidagi orzulari ham sarobdir. Real voqealikni inkor etish yuzasidan qilinadigan har qanday urinish o‘limga mahkum. Xuddi shuningdek trotskiychilarning xalqaro ahvol to‘g‘risidagi mulohazalari, umuman barcha sohalarda ultrarevolyutsionlikka intilishlari asossiz, bema’ni, nihoyatda kulgilidir.
Bunday hajviy roman “so‘l muxoliflar” bilan kurashda g‘oyat asqotishi mumkin edi. Shu sababdan ulug‘ martabali Narbut hammualliflarni romanni tezroq tugatishga qistagan. Shu yo‘l bilan bahslar qizib turgan bir vaqtda yozuvchi va boshqa san’atkorlarni (Andrey Belыy, P.S.Romanov, V.Mayakovskiy, V.E.Meyerxold va boshqalar) “so‘l muxolifchilar”ni mazax qilishga, “so‘l san’at muvaffaqiyatlari” ni, ularning o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa o‘qiladigan “xalqaro ahvol”, “imperialistik xavf-xatar” to‘g‘risidagi ma’ruzalari ustidan kulishga da’vat etdilar. Roman juda katta edi, hatto uning qisqartirilgan nusxasi jurnalning yetti soniga arang sig‘di. Bunday hodisa bezakli jurnallar tarixida juda kamyob uchraydi. Lekin Narbut shunga ham rozi bo‘ldi, “Zavod va fabrika”ning iyul oyi nashriyot rejasiga kiritdi. Shunday katta “O‘n ikki stul” romanining kitob nusxasi deyarli qisqartirishlarsiz chop etildi. Buyurtma siyosiy xarakterga ega, axir ular Trotskiyni yakson qilishayotgandi-da!
“So‘lchilar” bilan kurashdagi erkinlik uzoq davom etmadi. 1927 yilning oxiriga kelib “so‘lchilar” batamom mag‘lub bo‘ldi. Oktyabr oyida obro‘sizlantirilgan Trotskiy Markaziy Qo‘mita tarkibidan, noyabr oyida esa partiyadan chiqarildi. Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan VKP (b)ning XV qurultoyida “so‘l muxoliflar” o‘z shiorlaridan voz kechishdi, qurultoy NEPni davom ettirish haqida qaror qabul qildi. 1928 yilning boshlariga kelib, Trotskiyni surgun qilish masalasi hal bo‘ldi, uning tarafdorlari yoppasiga partiyadan o‘chirildi. “So‘l muxoliflar” bilan bahs avvalgi zaruriyatini yo‘qotdi. Ilgari o‘rinli hisoblangan hazillar endi xavfliga o‘xshab qoldi. Roman yaxshigina qisqartirilib, qo‘lyozma “tozalandi”.
Xarakterli misol keltiramiz. “Slesar, to‘ti va folbin” bobida hammualliflar qo‘lga qarab fol ochish holatini tasvirlayotganda Gritsatsuyeva bevasining kaftini shunday ta’riflashgan edi: “Hayot chizig‘i shunchalik uzoq cho‘zilgan ediki, uning bir uchi tomirlariga borib taqalgandi. Agar hayot tomiri rost gapirguday bo‘lsa, beva jahon inqilobigacha yashashi kerak edi”. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin ediki, garchi “jahon urushining” g‘alabasi real va aniq bo‘lsa-da, uzoq kelajakda ro‘y beradigan narsa deb qaralardi. 1928 yilning oxirlarida esa hammualliflar bu o‘rinni avvalgisiga mos kelmaydigan fikr bilan almashtiradilar: endi beva qiyomatgacha yashashi kerak edi. Bundagi hazil avvalgi kuchi va ma’nosini yo‘qotgan. Lekin o‘n yil oldin, 1927 yilning yozida Trotskiyga qarshi bu hazil o‘zini juda oqlagandi. Keyinchalik asardagi bunday hazillar boshqa o‘rinlar bilan birga olib tashlandi. Natijada asarning uchdan bir bo‘lagi qisqardi. Roman hatto Stalin vafotidan keyingi yillarda ham shu holda nashr etildi.
“O‘n ikki stul” romanining biz tomonimizdan so‘zboshi yozilgan va Vagrius nashriyoti tomonidan 1997 yilda bosib chiqarilgan matniga qaytib o‘tirmaymiz. Romanning so‘llikka qaratilgan umumiy yo‘nalishi (keyinchalik bu holat mualliflarning so‘llarga qarshi oppozitsiyada bo‘lishi sifatida baholandi) hammavaqt ham o‘zgarmay qolaverdi. Bunda tsenzorlar ham, muharrirlar ham hech narsa qilisha olmasdi. Lekin romanni nashr qilishda davom etishdi. Chunki undagi bosh mafkuraviy g‘oya — SSSRning barqarorligi, o‘tmishga qaytishning mumkin emasligi asarning dolzarbligi, ayniqsa, Sovet davlatining o‘n yilligi davrida muhim edi.
Endi tanqidchilarning o‘sha davr uchun xos bo‘lmagan o‘zlarini tutishlari to‘g‘risida.
1927 yilning oxirida, hammualliflar romanning oxirgi boblarini yozishayotgan kezlarda Trotskiyni batamom yenggan Stalin Buxarinni o‘zining ittifoqdoshlaridan sanamay qo‘ydi. Partiya rahbariyati ichidagi navbatdagi guruhni badnom qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Ehtimol, Buxarin ayni o‘zini navbatdagi muxoliflar guruhining rahbari sifatida ayblarini o‘sha paytlarda balki bilishga ulgurmagandir.
1928 yilning 13 martida “Izvestiya” gazetasida Donbassda “Kontrrevolyutsion tashkilot fosh etilganligi to‘g‘risidagi axborot”ni e’lon qiladi. O‘sha yilning 18 mayidan 15 iyuligacha Moskvada mash’um va mashhur Shaxti sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Markaziy matbuot sudning shov-shuvlarga sabab bo‘lgan materiallarini muntazam yoritib boradi: ellikdan ortiq tajribali injener va texniklar, Shaxti va Donbassdagi boshqa tumanlardagi ko‘mir sanoati rahbarlari “Zararkunandalikda” ayblanadilar. NEP davrida yuqori mansablarga chiqib olgan bu rahbarlar “burjuaziya mutaxassislari” sifatida “xalqaro kapital”ning manfaatini himoya qilgan, SSSR xo‘jaligini izdan chiqarishga uringan emishlar. Ayblanuvchilarning aksariyati “zararkunandalik bilan shug‘ullanganliklari”ni tan oldilar, ko‘pchilik oldida tavba-tazarru aytishdi. Shaxtiliklarning o‘z ayblarini bo‘yinlariga olishlari, tavba-tazarrulari, sud jarayoni partiya rahbariyatiga sanoatdagi barcha kamchiliklarni qo‘lga olingan va yana qidirilayotgan “zararkunandalar”ning bo‘yniga ag‘darish imkonini berdi. “Zararkunandalar”ga qo‘l kelgan NEP ham yo‘l-yo‘lakay qoralandi.
Shaxti sud jarayoni Buxaringa qarshi kampaniyaning, boshqacharoq aytilsa, “o‘nglar”ga qarshi kurashning ibtidosi bo‘ldi. “Zararkunandalar” va “o‘nglar”ni qidirish faqat ko‘mir sanoati emas, hamma joyda avj oldi. Tabiiyki, adabiyot ham bundan chetda qolmadi.
Avvaliga qidirishlar zimdan boshlandi: adabiy “o‘nglik” nimalarda namoyon bo‘lishi avvaliga rasman tushuntirilmadi. Masalan, 1928 yilning 19 mayida (Shaxti sud jarayoni boshlanishida) “Kitobxon va yozuvchi” adabiy haftanomasining 20-sonida “Adabiyotimizga “o‘ng og‘machilar xavf tug‘dira oladimi?” — mavzusida bahs avj oladi. A.V.Lunacharskiy haftanoma vakili bilan suhbatda “o‘nglik hozircha xavf solayotganini sezmayapman, deydi. Lekin xalq komissarining fikri hammaga ham chamasi ma’qul kelmagan. Masalan, tanqidchi S.B.Ingulov “Xavf belgilari” maqolasida “ba’zi yozuvchilar yangi shakldagi inqilobni, bu inqilob taraqqiyotining yangi bosqichini ko‘rmay qo‘yishdi”, deb ta’kidlaydi. “Bunday yozuvchilarning ko‘zlari inqilobning uvadasinigina ko‘ra oladi, uning ichini, qalbini ko‘ra olmaydi”. Shu boisdan ularning asarlaridagi “zamonamiz qahramonlari” haqiqiy hayotga moslashmagan, hech narsaga arzimaydigan “ortiqcha” va “sobiq” odamlar. “Zamonamiz qahramoni” ularning tasvirida yangi hayot quruvchisi emas, balki rastratchi.
Gazeta shu rubrika ostida bir haftadan keyin F.V.Gladkovning “Xavf nimada?” degan maqolasini bosib chiqardi. Muallif xuddi Ingulovga o‘xshab xavfni “ba’zi adabiyotchilar zamonamizdagi ortiqcha kishilarni tasvirlashga moyillikda” ko‘rdi. Gladkov fikricha, “yozish hammadan oson ish, axlat qutisini titkilab o‘tirish xatarli: biror kasallik yuqib, yotib qolish mumkin”. Tabiiyki, Ingulov ham, Gladkov ham “o‘nglar” bilan kurashga kirishgan boshqalar ham ayni “O‘n ikki stul” mualliflarini (garchi bu gaplar ularga ham aloqadorligi sezilib tursa-da) bevosita ayblashgani yo‘q. Yozga kelib bahs jim bo‘lib qoldi. Bu jang oldidan bir sinov edi, xolos.
1928 yilning iyulida “O‘n ikki stul”ning jurnal nusxada e’lon qilinib, asarning bosilib chiqqan nashri endigina kitob do‘konlariga tarqalgan vaqtda Buxarin va uning tarafdorlariga qarshi birinchi jiddiy hujum boshlandi. Hozircha ismi shariflar sanalmayotgandi, lekin tanqidiy materiallar matnidan buni sezib olish qiyin emasdi. Stalin partiyaning iyul plenumida NEP iqtisodiy qiyinchiliklarimizning asosiy sababchisi deb baholadi. Sotsializm qurilishi avj olgan sari sinfiy kurash susaymaydi, balki kuchayadi, burjuaziyaning qarshiligi oshadi. Shu boisdan NEPga zarba berish, burjuaziyaga zarba berish degan so‘z, “o‘nglar”ning namoyandalari NEPni cho‘zishga intilishlari zararlidir” deb uqtiradi.
1928 yilning kuzi Ilf va Petrovlar uchun omadli bo‘lmadi.
Ularga homiylik qilib turgan Narbutni sentyabr oyida barcha mansablardan mosuvo qilishdi, partiyadan o‘chirishdi. Buning sababi “O‘n ikki stul” emasdi. Goh “so‘l muxoliflar”, goh “o‘nglar” bilan kurash mobaynida VKP (b) Markaziy Qo‘mitasidagi fitnalar kuchaydi. Narbut Trotskiy tarafdorlari bilan munozaraga haddan ziyod berilib ketganligidan bu kurashning qurboniga aylandi. Uni grajdanlar urushi davrida kutilmaganda paydo bo‘lgan siyosiy aybdorlar uchun jazolashdi. Bu narsa Ilf va Petrovlar uchun har qanday holatda ham o‘z tayanchlarini yo‘qotishganini anglatardi. Matbuotda “kadrlarni almashtirish” masalasi qo‘zg‘ab qoldi, “Gudok”ning rahbariyati o‘zgardi, ko‘pgina xodimlar ishdan ketdi. Oktyabr oyida Ilf ishdan bo‘shatildi. Buning sababi “shtatlarning qisqarishi” deb rasman e’lon qilindi. Tez orada Petrov ham tahririyatdan ketdi.
Kuz paytida — sentyabr-oktyabr oylarida, “O‘n ikki stul”ning alohida nashri bosilganidan keyin bir yarim-ikki oy o‘tgach, hammualliflar o‘z asarlariga ketma-ket taqrizlar chiqishini kutishgan bo‘lsa ajabmas. Aslida boshqacha bo‘lib chiqdi. Petrov Ilf haqidagi esdaliklarining xomaki nusxasida shunday yozadi: “Oqshom”da birinchi taqriz e’lon qilindi. Keyin hech qanday taqriz chiqmadi”. Petrovning bu luqmasiga odatda tadqiqotchilar va memuarchilar murojaat qilishadi va bir yil mobaynida roman haqida hech narsa chiqmaganligini aytishadi. Ammo romanning adabiy-siyosiy mohiyatini tushunishda muhim rol o‘ynaydigan shu taqriz negadir tahrir etilmaydi.
Taqriz “Vechernaya Moskva”ning 1928 yil 2 sentyabr sonida “L.K.” imzosi ostida bosiladi. Uni to‘laligicha keltiramiz.
“Ilya Ilf va Yevg. Petrov. “O‘n ikki stul”. Roman. “Zavod va fabrika”. 1928 yil, Bahosi 2 so‘m 50 tiyin.
Roman garchi oxiriga kelib, qahramonlarning sarguzashtlari kino lentasiday o‘zgaravergani, o‘taketgan avantyurachi Ostap Bender va dvoryanlarning sobiq yo‘lboshchisi, ammasi rahbarligida brilliantlarni yashirib yuborishgan stulni qidirishayotgan Ippolit Matveevichning harakatlari odamni ancha toliqtiradi. Xazina qaysi stulga yashiringani noma’lumligi tufayli o‘n ikki stulni qidirishga to‘g‘ri keladi. Barcha stullar SSSRning turli burchaklariga tarqalib ketgan. Roman qahramonlari navbatma-navbat boylikni qidirishib, pastqam va biqiq shaharchadan Moskvaday ulkan shaharning hayot tarziga, undan kurortga va boshqa joylarga sayohat qilishadi. Asardagi juda ko‘p manzara — hazillar juda ayovsiz, nishonga uradigan. Asarda shoirlar muhiti yaxshi ko‘rsatilgan. Romanda voqealarning kutilmagan tarzda o‘zgarib ketishidan unumli foydalaniladi. Asarning xotimasi ham kuchli taassurot qoldiradi. Klubdan oxirgi, o‘n ikkinchi stulni o‘g‘irlash oldidan ochko‘zlik tufayli o‘z sherigini o‘ldirgan Ippolit Matveevich pirovardida ana shu klubning o‘zi mash’um stuldan topilgan boylik evaziga qurilganini bilib qoladi. G‘oyat mohirona topilgan detal.
Lekin kitobxon qandaydir bo‘shliqni tuyadi. Mualliflar haqiqiy voqelikni chetlab o‘tishadi — voqelik ularning kuzatishlarida o‘z aksini topmagan. Ular hayot sahnasidan tushib ketayotgan, yo‘qlikka mahkum bo‘layotgan ortiqcha kishilarni tasvir ob’ektiga oladilar. Hammualliflar talabalar turmushini tasvirlashga harakat qilganlarida ham durustroq natijaga erisha olmaganlar. Ularning qiyofalari juda nursiz, yarimsoya holatida chiqqan. Mualliflar chamasi kuzatuvchanlik qobiliyati va bu kuzatishlarini mohirona tasvirlay olish iqtidoridan mahrum bo‘lishmagan. Ular shu iqtidorlari bilan ko‘psahifalik feletondan nari o‘tisha olmasa g‘oyatda achinarli holat yuz berardi. Aslida “O‘n ikki stul” ana shunday romandir”.
“L.K.” mulohazalarida e’tiborga sazovor biror narsa yo‘qday tuyuladi. Garchi asar butunlay yerga urilmagan bo‘lsa-da, uni ijobiy taqriz deb ham bo‘lmaydi. Lekin bu yerdagi siyosiy kontekst muhim. Taqrizchining ta’nalari may oyida “o‘nglar” bilan bo‘lgan kurashni yodga tushiradi: o‘quvchilarga “sobiq odamlar” to‘g‘risida gapirish shart emas. Buning sababi ma’lum — kuz kelishi bilanoq, Buxaringa qarshi navbatdagi kurash boshqacha aytganda, — adabiyotda “o‘nglarni” fosh etish kompaniyasi yana kuchayadi. Taqriz ana shu umumiy yo‘nalishga mos kelardi.
Petrov yozganidek, “Moskva oqshomi”da sentyabr oyida bosilgan taqriz bu asar to‘g‘risidagi dastlabki fikr bo‘lsa ajab emas. Lekin yagona taqriz emasligi aniq. Masalan, “Kitob va kasaba uyushmalari” jurnali sentyabr sonida A.Blokning yuqorigidan ko‘ra keskinroq taqrizini e’lon qiladi. Biz bu taqrizni ham to‘la keltiramiz.
“Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov. “O‘n ikki stul”. Roman. “Zavod va fabrika”. 1928 yil. Tiraji 7000. 422 bet. Bahosi 2 so‘m 50 tiyin.
“O‘n ikki stul” — ikki muallifning kollektiv ijodi, o‘z mavzuiga ko‘ra adabiyotimizda tobora rivoj topib borayotgan yangi oqim uchun xarakterlidir. Tabiatan iste’dodli hikoyachi bo‘lgan Ilf va Petrovlar yoqimli va yengil o‘qiladigan qo‘g‘irchoq yaratishdi. Unda uzib oladigan qochiriqlar latifalar bilan, chinakam satirik epizodlar yengil kulgili holatlar bilan qorishib ketadi.
Kitobda jonli odamlar ko‘rinmaydi, unda bir-birlari bilan ba’zan urishib, ba’zan yarashib, haqiqiy odamlarga o‘xshashga harakat qiladigan shartli qahramonlar bor, xolos. Xlestakovning o‘ziga xos avlodi bo‘lgan ulug‘ Bender brilliant izlovchilarning yuragi, mol-dunyo deb jubbani tashlagan Fedor ota va har xil toifa va unvondagi odamlarning barchasi kitobxonni kuldirishga xizmat qiladi.
Kuldirish maqsadga aylanib qolgan. Hayotning yaramas tomonlari, bizning kamchilik va adolatsizliklarimiz turli kulgili holatlar, latifalar va qiliqlar orqali ko‘rsatiladi. Romanning ijtimoiy qimmati unchalik ahamiyatli, badiiy qimmati aytarli baland emas. Asar qiziqarli yengilroq adabiyotlarni o‘qishga odatlangan kitobxonlar orasidangina o‘z xaridorlarini topishi mumkin. Kitobning bahosi “30 kun” jurnalining birinchi yarim yilida bosilganiga qaramay haddan tashqari qimmat.
Ilf va Petrov bunday zaharli, jo‘shqin va unchalik sezgir bo‘lmagan taqrizchini payqamagan bo‘lishlari ehtimoldan uzoq. Ular professional jurnalist bo‘lishgani uchun vaqtli matbuotni, ayniqsa, Moskva nashrlarini sinchiklab kuzatishgan.
Roman haqida yana ikki haftada bir marta chiqadigan “Kitob va inqilob” jurnalining 1929 yil 20 aprelida bosilgan taqrizni keltirish mumkin. Bu “30 kun” jurnalining 1928 yilgi sonlari obzor qilingan “Sovet magazini” maqolasidir. (“Magazin” inglizcha illyustrativ jurnal ma’nosida kelayapti bu yerda.) Obzorchi nashr muvaffaqiyatsiz chiqqan, g‘arb jurnallari namuna qilib olingan, u hatto magazinga o‘xshamaydi, balki sifatsiz mayda-chuyda mollar uyulib yotgan do‘konchaga o‘xshaydi. Mollar tartibli emas — degan fikrni isbotlashga urinadi. Jurnalning adabiyot bo‘limi to‘g‘risida gap ketguday bo‘lsa, — deb yozadi taqrizchi, — unda bosilgan materiallarning eng xarakterli namunasi Ilf va Petrovning “O‘n ikki stul” roman-xronikasidir. Bu jurnalning asosiy materiali, uni nashr etish yarim yil mobaynida amalga oshirilgan. Tahririyat asarni “klassik satirik romanchilikning eng yaxshi namunalariga taqlid” deb ataydi. Bunga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, taqlid muvaffaqiyatli chiqmagan. Bir necha sahifalargina bu fikrdan mustasno. Ana shu bir necha sahifalardagina yozuvchi haqiqiy hajviyot namunalarini yaratadi (masalan, “Gavrila”ning ijrochisi Lyapis obrazi). Qolgan o‘rinlar o‘rtachagina, nursiz. Kulgining ijtimoiy ob’ekti — manfaatparast avantyurachi bizning kunlarimiz uchun xarakterli emas. Uni hajv asosi qilib bo‘lmaydi. Mualliflar hajv o‘rniga arzon ko‘ngil ochish va masxaralashga o‘tib ketishgan. Tahqirlash hazil bilan almashgan, sinfiy dushmanga kuchli nafrat hissi sezilmaydi, otilgan o‘q bekor ketgan.
Oradan o‘n yil o‘tgach, Petrov bu obzor haqida lom-mim demaydi. Holbuki, 1929 yilda olti yillik tanaffusdan keyin “siyosiy, madaniy, tanqidiy va bibliografiya jurnali” qaytadan chiqa boshlagandi. Mazkur jurnal ko‘zga ko‘ringan va obro‘li nashrlardan edi. Biror asar haqida bu jurnalda fikr bildirish voqea hisoblanardi.
Ilf va Petrovning bu maqolani o‘z vaqtida, jillaqursa keyinroq bo‘lsa-da, payqamasliklari ehtimoldan uzoqroq. Buni eslatadigan odamlar ham bor edi. Masalan, hammualliflarning eski oshnasi, o‘zi ham avval “Gudok”da ishlagan Yu.Olesha “O‘n ikki stul” to‘g‘risidagi taqrizlar bilan qiziqib yurgan, keyinchalik bu asar to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Petrov doimo kuzatib boradigan “Moskva oqshomi” gazetasida 1929 yilning 27 aprelida “Kitob va inqilob”da obzor qilingan “Sovet adabiyotining yili” anketasini chop etadi. Bu anketada taniqli yozuvchilarning 1928 yilda e’lon qilingan eng yaxshi asarlar to‘g‘risidagi fikrlari berilgan. Olesha yilning eng yaxshi romani sifatida “O‘n ikki stul”ni sanaydi va mazkur asar “tanqidchilik tomonidan yerga urilgani” eslatiladi. Petrov va Oleshaning fikrini eslamaydi.
Shunday qilib, “O‘n ikki stul” e’lon qilingandan keyin bir yil ichidagi tamomila bir-biriga qarama-qarshi ikki xil kurashni eslatish mumkin.
“Tanqidchilik tomonidan yerga urilgan kitob va tanqidchilar sukut saqlagan kitob”.
Birinchi nuqtai nazar tamomila asoslangan: salbiy taqrizlar haqiqatan ham chop etilgandi. Ikkinchi tomondan tadqiqotchilar kelgan bunday xulosaga ma’lum asoslar bor. Markazda chiqadigan oylik jurnalda e’lon qilingan va poytaxtdagi yirik nashriyotda chop etilgan roman to‘g‘risida, buning ustiga mavsumning eng ommabop kitobi to‘g‘risida poytaxtdagi “Oktyabr”, “Novыy mir” singari yirik va obro‘li jurnallarda bir yil mobaynida hech qanday taqriz chiqmasligi normal hol emas. Bundan zamondoshlarda “O‘n ikki stul” yashirin ravishda ta’qiqlangan ekan-da, degan fikr qolishi hech gap emasdi.
“Kiyev oqshomi” gazetasi 1929 yilning 29 yanvarida O.E.Mandelshtamning “Gertsoginya yelpig‘ichi” obzor maqolasida “tanqidchilar tomonidan salmoqli asarga bunday munosabat uyatli va kulgili holatdir”, — deb baho beradi. Keng o‘quvchilar ommasi hozir yosh avtorlarning “O‘n ikki stul” deb atalgan romanni yalab-yulqab o‘qishyapti, — deb hayron bo‘ladi Mandelshtam. Quvnoq va zaharxanda va yoshlik ruhi anqib turgan bu asar to‘g‘risida faqat Buxaringina kasaba uyushmalarining qurultoyida bir necha so‘z aytdi, xolos. Ilf va Petrovlarning kitobi Buxaringa negadir kerak bo‘libdi-yu, taqrizchilar bu asarga o‘zlarida zarurat tuyushmabdi. Albatta unga ham qo‘llari yetib soch-soqolini olib tashlashadi”.
Ehtimol, Mandelshtam bu asarni allaqachon tanqidchilar ko‘rib, soch-soqolini olib tashlashganini payqamay qolgandir. Gap bunda emas. Muhimi shundaki, shoir “ehtiyotkor jimlikni” bilsa ham yoxud fahmlab turgan bo‘lsa ham tanqidchi va muharrirlar bilan ularga muvofiqroq tilda gapirishga harakat qilyapti: “O‘n ikki stul”ga taqriz yozish va e’lon qilish mumkin va zarur. Bu shunchaki kulgu, hazil asar emas, balki sovet mamlakatiga talabchan muhabbat ruhi anqib turgan pamflet, uni Buxarinning o‘zi tasdiqlagan demoqchi bo‘ladi.
Buxarin esa darhaqiqat, bu asarni ma’qullagan. Mandelshtam aytganidek, kasaba uyushmalarining qurultoyida emas, ishchi va qishloq muxbirlarining kengashida bu haqda gapirgan. Romandan anchagina iqtiboslar keltirilgan. Buxarin nutqi “Pravda”ning 2 dekabr sonida bosilgan.
Yuqorida eslatilgan Lurening Ilf va Petrov haqidagi kitobida ta’kidlanganidek, Buxarinning bu roman to‘g‘risidagi yaxshi gaplaridan keyin “taqrizlar to‘lqini” avj oldi. “Uning e’tiboriga tushgan asarni maqtash majburiy emasdi (1929 yilning oxiriga kelib esa, butunlay majburiy emasdi) lekin uni inkor etish ham noqulay edi”.
Mana shu yerda mo‘tabar tadqiqotchining fikriga qo‘shilish qiyin. Buxarin fikri bilan “Kitob va inqilob” jurnalida aprel oyida bosilgan taqriz orasida deyarli yarim yil, “taqrizlar to‘lqini”gacha yarim yildan ziyodroq vaqt o‘tdi. Garchi professional tanqidchilar Mandelshtamdan farqli o‘laroq “Pravda” gazetasini ora-chora emas, muntazam o‘qib borishsa-da, Buxarinning maqtov gaplari ularga ilhom bag‘ishlagani yo‘q. Bo‘lmasa bunchalik uzoq muddat jim turishmagan bo‘lardi. “Kiyev oqshomi” gazetasining rahbariyati ham maxsus izohnomada: “Tahririyat Mandelshtamning qiziqarli maqolasini bosish bilan birga, uning barcha fikrlariga ham qo‘shilavermaydi” degan alohida pisandani ham e’lon qildi”. Bu tushunarli edi: Zero, Buxarin bu paytda ilgarigi mavqeidan ancha tushgandi. U rasman siyosiy byuro a’zosi, partiya nazariyotchisi, “Pravda”ning bosh muharriri edi. Lekin sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar “rahbar xodimlar” gazeta va jurnal muharrirlariga shundoqqina ko‘rinib turardi. Buxarinning deyarli barcha fikrlarini inkor etishga kirishishib, Markaziy Qo‘mitada uni ochiqdan-ochiq ezishardi. 1928 yilning noyabrida u o‘zining avvalgi qarashlaridan voz kechishga majbur bo‘ldi, Markaziy Qo‘mita plenumi ham “o‘nglar”ni bir ovozdan qoraladi. Buxarin shu oyning o‘zida namoyishkorona iste’foga chiqdi. To‘g‘risi, uni ishdan chetlatishdi. Mandelshtam eslatgan nutq faqat ishchi va kolxozchi muxbirlargagina emas, partiya rahbarlariga ham eslatma edi. Bo‘layotgan voqealardan yaxshi xabardor odamlar uchun Mandelshtamning chiqishi Stalinga qarshi qaratilgandi. Shunday ekan, Buxarinning maqtov so‘zlari hosil bo‘lgan vaziyatni unchalik o‘zgartira olmasdi.
Adabiy jurnallarning tahririyati uchun qiyin davrlar edi. “O‘n ikki stul” “so‘l og‘machilar”ga qaratilgan asar bo‘lib, o‘sha davrlarda nashr etilishining o‘ziga xos sabablarini ilg‘ash qiyin emasdi. Endilikda “so‘l og‘machilar”ga qarshi kurash tugagan, “o‘nglar”ga qarshi kurash esa avjiga chiqqandi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, bu asar haqidagi maqtov gaplar tamomila o‘rinsiz, aks holda beixtiyor “o‘nglar” tomoniga o‘tib qolasan. Nashriyot va jurnalni boshqargan Narbut mansablaridan olib tashlangan. Garchi bu “O‘n ikki stul” uchun bo‘lmasa-da, harholda mansablaridan ajralgan. Asarni inkor etuvchi taqrizlar ham o‘rinli emas, aks holda “so‘l og‘machilar”ning tarafdoriga aylanib qolish hech gapmas. Shu boisdan e’lon qilingan bir necha taqrizni umumiy qoidalardan chekinish, muharrirlarning e’tiborsizligi tufayli e’lon qilingan. Muharrirlar bu o‘rinda shoshilmasligi lozim edi, asarga rasmiy baho berilmaguncha sukut saqlashlari talab etilardi.
Kutish cho‘zilib ketdi, taqriz qilinadigan vaqt o‘tdi. Ma’lumki, taqriz operativ janr, o‘ziga xos reportaj — qayerda, kim tomonidan, nima bosilib chiqqanligi haqidagi xabar. Taqriz asar paydo bo‘lgandan keyin taxminan yarim yillar ichida bosilishi lozim. Bundan keyin yangi asarlar to‘g‘risidagi salmoqli tanqidiy ocherklar, analitik maqolalarning navbati keladi. Tahririyatlarda umuman Ilf va Petrov kitobini tilga olishdan qochishardi.
Lekin 1929 yilning qishiga kelib, hammualliflarning ahvoli ancha o‘nglanib qoldi.
Avvalo ularga yangi homiy topildi, bu ilgarigi tanishlari Mixail Koltsov edi. U xuddi Narbutga o‘xshab, mansab zinapoyalaridan juda tez ko‘tarila boshladi. 20-yillarning oxiriga kelib, Koltsov “Pravda”ning mashhur ocherkchisi va feletonchisigina emas, balki siyosiy razvedka bilan chambarchas bog‘liq xalqaro ahvol to‘g‘risida yozuvchi taniqli shaxsga aylanadi. Uning bunday shuhrati jahon ijtimoiy fikrini shakllantirish yuzasidan Stalinning nozik topshiriqlarini bajaruvchisi bo‘lib qolgan 30-yillarda yanada ortadi. 1928 yilning noyabrida esa Koltsov “Chudak” nomli haftanomaning ilk sonini nashrga tayyorlar ekan, Ilf va Petrovni tahririyatga ishga oladi. “Yangi nashr, — deb yozgan edi Koltsov jurnal hammuharriri A.M.Gorkiyga yozgan xatida, — sovet matbuoti siyqasi chiqqan matbuotdan iborat degan fikrlarga qarama-qarshi o‘laroq, SSSRda yaxshi hajviy jurnal chiqishi mumkinligini, u byurokratizm, laganbardorlik, meshchanlik, ikkiyuzlamachilik, faol va passiv zararkunandachilikka qarshi o‘t ochuvchi nashr bo‘lishi mumkinligini isbotlaydi”.
Jurnal g‘oyasi o‘sha paytdagi siyosiy atamalar bilan aniq ifodalangan. “Byurokratizm, laganbardorlik” davlat apparatidagi siyosiy qusurlar edi. Ularni matbuotda yoritish, tanqid qilish SSSRda matbuot erkinligining isboti. “Voqelikka nisbatan ikkiyuzlamachilik” deyilganda sovet tuzumi, “faol va passiv zararkunandalik” deyilganda esa turli xildagi og‘machilar ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘rinda gap partiyaning “stalincha bosh yo‘li”ga qarshi chiqqanlarni hajviyot yo‘li bilan fosh etish imkoniyatlari to‘g‘risida ketadi. Bunday tashabbuslar eng yuqori doiralarning qo‘llab-quvvatlashi tufayligina amalga oshishi mumkin edi. O‘sha vaqtda bunday qo‘llab-quvvatlash bor edi. 1928 yilning 19 dekabrida M.Koltsov Stalin qabulida bo‘ladi.Ularning o‘zaro ayni qanday masalalarni muhokama qilishgani noma’lum. Lekin “VKP(b) bosh kotibi tomonidan qabul qilingan kishilarning ro‘yxatini qayd etuvchi jurnal”da: “M.E.Koltsov, feletonchi, “Pravda” gazetasi, adabiy masalalar bo‘yicha” deb qayd qilingan.
Koltsov jurnalida faqat u shaxsan ishongan va kafolat bera oladigan odamlargina ishlagan. “So‘llarga qarshi ruhda yozilgan roman avtorlari, buning ustiga quvg‘indagi Narbutning og‘aynilari uchun bu katta muvaffaqiyat edi. Siyosiy qarashlari bo‘yicha ham, Ilf va Petrovlarda yaxshi tomonga o‘zgarishlar paydo bo‘ldi. Xuddi o‘sha davrda — 1928 yilning qishiga kelib, Stalin Buxarinni fosh etish bosqichini poyoniga yetkazgach, adabiyotdagi “o‘ng og‘machilar”ga qarshi kurashni susaytirishni lozim topdi. Muxolifini xotirjam qilish, o‘z ko‘rsatmalarini bajaradiganlarni zada qilib qo‘ymaslik uchun ham shunday yo‘l tutilgandi. “Pravda” gazetasining 1929 yil 22 fevralida yo‘l-yo‘riq xarakteridagi “Bir chalkashlik haqida (san’at haqidagi bahsga doir)” degan maqola e’lon qilinadi. Maqola muallifi P.M.Kerjentsev adabiyotdagi “o‘ng og‘machilik” haqidagi mulohazalar bema’nilik, gap faqat san’at sovet va antisovet xarakteridagi asarlar ustida ketishi mumkin. Lekin adabiyot to‘g‘risidagi o‘tkazilayotgan bahsda partiyaviy atamalardan foydalanish aslo mumkin emas. Bu Stalinga xos kinoya edi: ayni mana shu Kerjentsevning “Kitobxon va yozuvchi” 1928 yilning 2 dekabr sonida “Badiiy adabiyot va sinfiy kurash” maqolasi e’lon qilingan bo‘lib, unda “o‘ng og‘machilar” deyish mumkin bo‘lgan barchaga, adabiyotdagi murosasozlikka qarshi kurashga da’vat etgan, adabiyotdagi “o‘ng og‘machilar”ning tan olingan fosh etuvchisi sifatida o‘zini ko‘rsatgan edi. Bu uncha-muncha joyda emas, partiyaning bosh gazetasida ro‘y bergan, o‘zini turli odamlarga qarshi o‘t ochuvchi mutaxassis, bilimdon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandi.
1929 yilning bahoriga kelib, Ilf va Petrov yana otda edilar. Ular mo‘tabar jurnalda ishlashadi va asarlari doimo shu jurnalda bosilib turadi. Sovet tsenzurasini ijozati va qo‘llab-quvvatlashi bilan Frantsiyada “O‘n ikki stul”ning tarjimasi nashrga tayyorlanayotgandi. “Kitob va inqilob”da romanining jurnal varianti to‘g‘risida taqriz chiqqungacha berilayotgan zarba asar mualliflariga emas, balki, hamon jurnal muharriri bo‘lib ishlayotgan Narbutga qarshi qaratilgandi. Narbut bilan hisobni keyinroq qilishdi, bu sovet jurnal faoliyatida tez-tez uchraydigan odatdagi usul edi. O‘sha davrda “Kitob va inqilob”ga ayni Korjentsov rahbarlik qilardi. Albatta, “O‘n ikki stul”ni esga olib, obzorchi har yerda oshkor qilinmagan taqiqni buzdi, lekin jurnalning yetti sonida bosilayotgan romanni inkor etishi mumkin emasdi. Shu boisdan ham ungacha bo‘lib o‘tgan — “o‘ng og‘machilar” bilan kurashning boshlanishida asar sha’niga aytilgan salbiy fikrlarni eslatdi, xolos.
Mana shu vaqtga kelganda vaziyat yana o‘zgardi: Stalin buxarinchilarga qarshi kurashni yanada kuchaytirdi, natijada Buxarin “Pravda”ning muharrirligi va boshqa rahbariy lavozimlardan olib tashlandi. 1929 yilning 22 aprelida Stalin partiya Markaziy Qo‘mitasi plenumida “VKP(b)dagi o‘ng og‘machilik to‘g‘risida” nutq so‘zladi. Buxarin “marksizmdan chekinish”da, sinfiy kurash kuchaygan bir vaqtda undan voz kechishda ayblandi. Sinfiy kurashning kuchayishi esa, Stalin so‘zlari bilan aytiladigan bo‘lsa, avvalo, sovet hokimiyati yashirin dushmanlarining doimiy “zararkunandaligi”da ko‘rinadi. Endi bularning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Buxarinning nojo‘ya harakatlari bilan izohlana boshladi: “Shaxti ishini tasodifiy ro‘y bergan deb bo‘lmaydi. “Shaxtichilar” hozir sanoatimizning hamma jabhalarida o‘tirishibdi. Ularning anchagina qismi aniqlangan, lekin bular hali hammasi emas. Burjua ziyolilarining zararkunandaligi rivojlanib borayotgan sotsialistik tuzumga qarshilik ko‘rsatishning eng ko‘p tarqalgan shaklidir. Bu gap matbuotga bevosita aloqador. Tuzumga qaratilgan har qanday tanqid, ayniqsa, hajviy yo‘sindagi asar buxarinchilar nojo‘ya ishlari tufayli maydonga kelgan burjua ziyolilarining qarshiligi sifatida qabul qilinardi. Lekin Stalin shu joyning o‘zida yana bir shiorni maydonga tashladi. “Har bir sohada tanqid va o‘z-o‘zini tanqidni kuchaytirmay turib, xo‘jalik, kasaba uyushmalari, partiya tashkilotlarining ishini yaxshilash ham, sotsializm ishini rivojlantirish ham, burjua zararkunandaligini jilovlab ham bo‘lmaydi”. Shunday ekan, hajviy chiqishlar zaruriy holat deb hisoblanishi yoxud aksilinqilobiy deb qaralishi mumkin.
Sovet adabiyoti va teatrida hajviyot mavzuida shu davrda bahs avj olib ketdi. Jumladan, “Literaturnaya gazeta” sahifalarida ana shu munozara davom etardi. 1929 yilning aprelida “Kitobxon va yozuvchi” haftanomasining o‘rniga nashr etila boshlagan mazkur gazeta avvaliga SSSR Yozuvchilari uyushmasi tashkiloti qoshidagi “partiya siyosatining targ‘ibotchisi” maqomini oldi. Shunday ekan, munozara materiallari va yakuniga faqat adabiyotgagina emas, siyosatga ham aloqador deb qaraldi. Hammasi risoladagidek tamom bo‘ldi: “Literaturnaya gazeta” shuningdek, boshqa davriy nashrlar byurokratlar, meshchanlar va boshqa toifadagi odamlarni hajv ostiga olar ekanlar, aksilinqilobchi bo‘lib qolmaydilar.
Ilf va Petrovning o‘zlari munozarada ishtirok etishmadi, lekin ularning tarafdorlari chiqishlar qildilar.“Literaturnaya gazeta” 1929 yilning 17 iyunida Tarasenkovning “Fikr bildirilmayotgan kitob” nomli yuqorida eslatilgan maqolani bosib chiqardi. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning “ehtiyotkorona sukutlari” tamom bo‘ldi. Lekin sovet tadqiqotchilari ne sababdan tanqidchilarning faolligiga Tarasenkovning maqolasi ta’sir etdi va u nima sababdan boshqa nashrda emas, ayni “Literaturnaya gazeta”da paydo bo‘ldi, degan savolni o‘z oldilariga qo‘ymadilar. Albatta, bu holat tasodifiy emasdi. “Literaturnaya gazeta” tahririyati “O‘n ikki stul”ni hajviyot to‘g‘risidagi munozara doirasiga kiritar ekan, Ilf va Petrov qo‘liga sovet tuzumiga sadoqati to‘g‘risida ma’lumotnoma berganday bo‘ldi.
Gap shundaki, “Literaturnaya gazeta” Tarasenkov imzosi bilan “Zavod va fabrika” nashriyoti chop etgan “O‘n ikki stul”ga haqiqiy birinchi taqrizni e’lon qildi. Maqola taqrizning barcha qonun-qoidalariga mos keladi. Bu o‘quvchilarni hayron qoldirmasligi mumkin emasdi. O‘sha paytlarda roman e’lon qilingandan keyin bir yil o‘tgach, unga taqriz berish urf bo‘lmagandi. Bu, ayniqsa, haftaliklar singari tezkor nashrlar uchun xos emasdi. Shu sababdan kechikkan taqrizga “Fikr bildirilmayotgan kitob” deb sarlavha qo‘yildi. Buning ustiga gazetada shu nom ostida yangi rukn ochildi. Tahririyat izohida shunday yozilgandi: “Literaturnaya gazeta”da shu rukn ostida tanqidchilar tomonidan adolatsiz ravishda fikr bildirilmagan kitoblarga baho beriladi”. Mohiyat e’tibori bilan mazkur maqola tahririyatning maqolasi edi. “Literaturnaya gazeta” ilgari romanga berilgan barcha baholarni ular umuman mavjud bo‘lmaganday yo‘qqa chiqardi.Taqrizchilarga avvalgi fikrlarni esdan chiqarib yuborishga ishora qilishdi.
“Ishora” faqat maqola sarlavhasidagina emas, balki birinchi jumladayoq aniq ifoda etilgandi. “Ilf va Petrovlarning birgalikda yaratgan romani haqida Yu.Olesha yaqinda “Moskva oqshomi” gazetasi anketasi savollariga bergan javobida to‘g‘ri ta’kidlaganidek, shu vaqtgacha tanqidchilar tomonidan adolatsiz ravishda fikr bildirilmadi”. Tarasenkov “tanqidchilar tomonidan adolatsiz ravishda fikr bildirilmagan” va “o‘rinsiz kamsitilgan” (Olesha aslida anketaga javoblarida aynan shunday degandi) degan iboralarning ma’nosi bir emasligini tushunmagan bo‘lishi mumkin emas. Lekin Oleshaga bahslashib o‘tirishning zarurligi yo‘q edi, axir u kitobni munosib baholashlarini istayapti xolos. Asarni tanqidchilar payqashmayotganini gapirgan Mandelshtam ham haq edi. Bundan tashqari birinchi jumladagi ”birgalikda yozilgan roman” iborasi kitobxondagi asar haqida jurnalda bildirilgan birinchi fikrni ham go‘yo eslaganday bo‘ladi”.
”Literaturnaya gazeta” yangi o‘yin qoidalarini kiritayotgandi. Endi Tarasenkov avvalgi taqrizchilarning nomlarini ham eslatmay, kimga zarur bo‘lsa, o‘zi topib olar, qabilida ularni butunlay inkor etayotgandi.
Zamondoshlar, ayniqsa, qiziqqan zamondoshlarning bularni fahmlab olishlari qiyin emasdi. Masalan muruvvatli taqrizchi ”Moskva oqshomi”da ”Ilf va Petrov haqiqiy voqelikni chetlab o‘tishgan, ”roman hajviyotni yuqori darajaga ko‘tara olmagan, ”Kitob va inqilob” obzorchisi romanni ”nishonga tegmagan” deb ataydi. Tarasenkovda esa hammasi aksincha: ”roman o‘tkir hajviyot bilan yo‘g‘rilgan”, ”hayotimizning salbiy tomonlarini boplab savalaydigan hajviyot”, ”Kitob va kasaba uyushmalari“dagi taqriz muallifi Ilf va Petrovlarni ”bachkana hajviyotchilik va bejamkorlik”da ayblashib, asarga ham ijtimoiy nuqtai nazardan, ham badiiy nuqtai nazardan past baho beradi. Tarasenkov esa: Ilf va Petrov janr qolipini yorib chiqishdi, ”O‘n ikki stul” sovet adabiyotining hajviyotchilik sohasidagi shubhasiz eng muhim yutuqlaridan biridir, deb baho berdi.
Tarasenkov familiyalarini aytmagan holda 1928 yilning mayida romanda ”o‘ng og‘machilik“ning xavfini ko‘rishga shoshilgan yozuvchilarni ham eslatib o‘tdi. Masalan, Ingulov takidlagan “yozuvchilarning ko‘zlari inqilobning uvadasinigina ko‘ra oladi, uning ichini, qalbini ko‘ra olmaydi”, degan so‘zlarni eslatgan holda Ilf va Petrov aslida olamga haqiqiy zamondoshimiz ko‘zi bilan boqadilar, tiyrak ko‘z bilan voqealarga yondashadilar. Bu dushmanlarning nigohi emas, do‘stlarimizning ko‘zidir, — deydi. “Bazi yozuvchilarning ortiqcha zamondoshlarimiz obrazlarini tasvirlashga moyilliklari noxush ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin” degan Gladkov ham o‘ziga yarasha bahosini oldi. Tarasenkov fikricha, “ O‘n ikki stul” mualliflari barcha “ortiqsa” va “sobiq”larni fosh etadi: “moslashuvchi va olg‘ir” Ostap Benderning barcha yasama liboslari yechilib, asli holida ko‘rsatiladi, xalturachi shoirlar ustidan ham kulinadi, oshna-og‘aynigarchilik, mansabparastlik, riyokorlik va boshqa illatlar qoralanadi. Buning ustiga, Tarasenkov fikricha, asar mualliflarining me’yor va madaniyat tuyg‘usi yuksak. Ular qayerda yengil kulgi kerakligi-yu, qayerda kinoya yoki o‘tkir hajv darkorligini yaxshi bilishadi.
Shulardan kelib chiqqan holda “roman har qanday yo‘llar bilan kitobxonlarga tavsiya etilmog‘i darkor. Bir istak shuki, romanning asosiy syujetiga sun’iy yopishtirilgan ruhoniy “Fedor ota”ning tarixi bilan bog‘liq butun epizodlar asarning qayta nashrida olib tashlangani ma’qul”.
Agar maqolaning umumiy ruhi romanni ma’qullashga va himoya qilishga qaratilmaganda edi, bu luqmani kinoya deb tushunish hech gap emasdi. Zero, asardagi qahramonlardan birini va u bilan aloqador syujet yo‘lini olib tashlash, hazilakam tanbeh emasdi. Lekin bu yerda qanday gap aytilgani emas, nima uchun aytilgani muhimdir. “Luqma” ko‘proq “ommaviy kitobxonga” emas, tanqidchilarga qaratilgan. Mandelshtamdan farqli o‘laroq, Tarasenkov /yoxud tahririyat/ga ehtiyotkor hamkasabalarni xotirjam qiladigan holatlar ma’lum edi. Mayli, taklif etilgan tuzatish maqsadga unchalik muvofiqmasdir yoxud butunlay bema’nidir. Muhimi qandaydir kamchiliklar ko‘rsatildi, ular haqida bahslashish mumkin, lekin bu kamchiliklar siyosiy xarakterga ega emas. Siyosiy xatolar esa bu yerda umuman yo‘q, deyilmoqchi. Buning ustiga “Leteraturnaya gazeta” mohiyat e’tibori bilan tahririyat maqolasi deyish mumkin bo‘lgan bu taqrizda asar qayta nashrga tayyorlanayotgani to‘g‘risida o‘quvchilarga ma’lum qilib qo‘yayotgandi. Demak, asar bosmaxonada tez orada jurnal variantini ham hisobga olganda, uchinchi marotaba e’lon qilinadi. Bundan “Zavod va fabrika” nashriyoti va “30 kun” jurnali rahbariyatining o‘zgarishi romanni bosib chiqarish bilan bog‘liq emas: uning mafkuraviy jihatdan to‘g‘riligi bir yil avvalgidek yana tasdiqlandi.
Shu narsani tahlil qilish o‘rinliki, Tarasenkov o‘z maqolasini iyunda emas, may oyida yozgan ko‘rinadi. Chunki u Oleshaning aprel oyida aytgan fikrlarini “yaqinda” deydi. Lekin “Literaturnaya gazeta“ning muharrirlari nashriyot romanning qayta nashri mo‘ljallanayotganini emas, allaqachon tayyorlab qo‘yishganini bilishardi. Buning ustiga roman frantsuz tiliga tarjima qilingan, asarning chet elda bosilib chiqishi SSSR haqiqiy demokratiya mamlakati ekanligini, hajviyot asarlari bu yerda taqiqlanmaganligini isbotlagan edi. Tarasenkovning taqrizi e’lon qilingan vaqtda “O‘n ikki stul”ning yangi — qisqartirilgan variantini chop etishga qo‘l qo‘yilgan edi. Darhaqiqat, tez orada tiraj bosilib chiqdi. 30 iyunda esa “O‘n ikki stul” tarjimasi Frantsiyada bosildi. Roman yana siyosiy hozirjavob asarga aylandi. NEP va Buxarinni obro‘sizlantirish orqali, stalincha tashviqot yangi iqtisodiy siyosat avj olgan davrda Buxarin o‘rtaga tashlagan mashhur shior “Boying!”ni ham obro‘sizlantirdi. U garchi dehqonlarni ko‘zda tutgan bo‘lsa-da, keng qatlamlarni o‘z ichiga olardi. Shu munosabat bilan “O‘n ikki stul“ syujeti Buxarin shiorini tanqid qiluvchi asar sifatida talqin etildi. Trotskiyga qarshi qaratilgan romandan Buxaringa qarshi kurashda ham foydalanildi. Shunday ekan, “Literaturnaya gazeta” harakati aniq maqsadga yo‘naltirilgandi.
Jurnallarning muharrirlari “Literaturnaya gazeta”ning fikrini bir xilda tushunishdi. Tarasenkov taqriziga binoan analitik xarakterdagi maqolalargina emas, “O‘n ikki stul“ haqidagi tanqidiy ocherklar ham tezda yaratilavermaydi. Roman to‘g‘risidagi analitik maqolalar yana siyosiy jihatdan aktual bo‘lmasdi. Albatta bundan bir yil avval jurnalda e’lon qilingan va alohida kitob bo‘lib chiqqan, buning ustiga obdon po‘stagi qoqilgan roman g‘alati ko‘rinardi. Lekin formal jihatdan bahona bor edi. Ilgari bu asar to‘g‘risida fikr bildirishmagan tajribali tanqidchilar bu o‘rinda ishtirok etishmadi. Avvalgidek bu gal ham hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan adabiyotchilar jonbozlik ko‘rsatishdi.
“Oktyabr” jurnalining yettinchi /iyul/ sonidayoq, bir avtor maqola bilan chiqib, garchi familiyani ochiq aytmagan bo‘lsa-da, Tarasenkov bilan munozaraga kirishadi. Lekin uning siyosiy xulosalariga qo‘shiladi, asarni “quvnoq, g‘ayrat bilan yozilgan asar” deb baholaydi. “Umuman olganda esa “O‘n ikki stul” muvaffaqiyatli chiqqan” degan xulosaga keladi. Shuni e’tirof etish kerakki, mazkur taqriz shoshilinch material sifatida e’lon qilingan: zero, 1929 yilning iyuni oxirlarida “Oktyabr”ning iyul soni terilib bo‘lingandi. Bundan “Literaturnaya gazeta”ning istagi “Oktyabr” tahririyati tomonidan tezda bajarilishi zarur bo‘lgan buyruq sifatida qabul qilingan. Jurnal proletar yozuvchilari Rossiya assotsiatsiyasining organi edi, assotsiatsiya rahbariyati esa ko‘rsatmalarni bevosita VKP/b/ Markaziy Qo‘mitasidan olishardi.
Rossiya proletar yozuvchilari assotsiatsiyasining ikki haftada bir marta chiqadigan yana bir organi “Adabiy postda” jurnali garchi kechiktirmagan bo‘lsa-da, “Oktyabr” jurnalidek tezkorlik ko‘rsata olmadi. “O‘n ikki stul” ikkinchi nashriga taqriz bu jurnalning o‘n sakkizinchi (avgust) sonida bosildi. Bu yerdagi muallifning fikri har jihatdan Tarasenkov fikriga mos emas, lekin “Oktyabr” jurnalidagi hamkasbiga o‘xshab kitobni “shubhasiz ijobiy voqea” deb baholadi. “Ilf va Petrov romanining kitobxonlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otib, muvaffaqiyat qozonganligi” alohida ta’kidlanadi. Lekin to‘g‘risini aytish kerakki, bu yerda mantiq bir oz buzilgan. Romanning muvaffaqiyati haqida gapirishga hali erta edi (ikkinchi tiraj endigina chiqib, hali sotib bo‘linmagandi). Taqrizda esa birinchi nashr va asarning jurnal varianti to‘g‘risida ham, unga bildirilgan fikrlar to‘g‘risida ham lom-mim deyilmagandi. Lekin “Literaturnaya gazeta” boshlagan o‘yinning qoidasi shu edi. U 1929 yilning iyunigacha roman haqida hech qanday fikr bildirilmagan deb yozgandi.
Bu o‘yin qoidasini proletar yozuvchilarning organi “Yosh gvardiya” ham buzmadi. Jurnalning o‘n sakkizinchi /sentyabr/ sonida romanni deyarli rosa maqtovchi taqriz elon qilinib, unda “ O‘n ikki stul” faqatgina katta hajmli syujetga ega asargina emas, hajviy roman hamdir”. Shu boisdan “hozirgi hajviyotchilikning kambag‘al va g‘oyat bemazaligi ko‘zda tutilguday bo‘lsa, uning printsipial ahamiyati yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi”. Tarasenkov singari bu muallif ham Ilf va Petrovning kitobi tanqidchiligimiz tomonidan o‘z vaqtida payqalmadi, deb o‘z hamkasblariga ta’na qiladi. Bu yerda ham mantiq buzilgan: tanqidchilarning ikkinchi nashrga nisbatan faolligini baholashga hali erta, uning birinchi nashri va jurnal varianti to‘g‘risida esa hech narsa deyilmaydi.
Ilf va Petrovlar ishlaydigan “Chuday” haftanomasi ham o‘z xodimlarini qo‘llab-quvvatladi. Haftanomaning o‘ttiz oltinchi /sentyabr/ sonida “Ogonyok” kutubxonasi” turkumida bosilib chiqqan “O‘n ikki stul” “Zavod va fabrika”da bosilib chiqqan qisqartirilgan varianti” degan risolani e’lon qiladi. Taqriz madhiya tarzida yozilgandi: “Bu yaqinda chiqqan, g‘oyat katta muvaffaqiyat qozongan, hozirning o‘zidayoq bir necha chet tillarga tarjima qilingan romanning eng yaxshi boblaridir. I.Ilf va Ye.Petrovning romani sovet tanqidchiligida ham, chet mamlakatlarning tanqidchiligida ham SSSRda nashr etilgan eng yaxshi hajviy roman sifatida baholandi. Darhaqiqat, “O‘n ikki stul” g‘oyat o‘tkir holatlarning mo‘lligi, voqealar yorqin chizilganligi, xarakter va tiplar aniq chizilganligi bilan ajralib turadi. Romanning yutug‘i tabiiy va o‘rinli, “Ogonyok” kutubxonasi” turkumida chiqqan kitobcha yosh mualliflarning talantli asari to‘g‘risida kitobxonlarga to‘la tasavvur beradi”.
Taqrizchi roman hamma joyda yaxshi kutib olinayotgani etirof etilayotgani to‘g‘risida yozarkan, yolg‘on-yashiqlarni to‘qishdan ham toymaydi. Lekin u ham o‘yinni buzmaydi, romanning jurnal nusxasini-yu, birinchi nashrini esga olmaydi. Gap faqat “yaqinda bosilgan”, ya’ni kitobning ikkinchi nashri haqida ketadi. Bu asarning tarixidan bexabar odamlar qanday qilib yaqindagina chiqqan asar chet tillarga bunchalik tez tarjima qilinib ulgurildi va nashr etildi deb boshi qotishi tayin. Lekin taqrizchi va tahririyat bilimdon kishilarni ko‘zda tutishgandi.
Sankt-Peterburgda chiqadigan, proletar Youvchilar uyushmasiga qarashli “Zvezda” jurnali ham mualliflarga xayrxohligini ifodaladi. Bu jurnalning o‘ninchi sonida “O‘n ikki stul”da hayotiy hodisalarning giprebolik tasviri” asari hali to‘la ma’nodagi hajviyot emas, lekin sovet hajviyotchilik adabiyoti birinchi bosqichidagi talantli kitobdir”, — deydi taqrizchi. Bu taqrizchi ham an’anaga aylanib qolgan hamkasabalariga ta’na toshini otishni kanda qilmaydi.
“Ilf va Petrovlarning frantsuz tilida bosilib chiqqan, Parij matbuotining maqtovlariga sazovor bo‘lgan roman bizda butunlay payqalmay qoldi”. Tabiiyki, birinchi nashr va jurnal varianti haqida gapirilmaydi.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin yana bir narsani ta’kidlab qo‘ymoqchimiz: vatandosh tadqiqotchilarning tanqidchilar barvariga bu romanni sezmaganlar, so‘ngra bir yildan so‘ng baravariga jur’at topib, baravariga taqriz yoza boshlaganlar degan taxminlarini tekshirib o‘tirishning hojati ham yo‘q. Petrov “Moskva oqshomi”da roman haqida bildirilgan yagona fikrni aytayotganda birinchi nashr haqidagi tanqidiy fikrlarni yodidan chiqarmaganligi aniq. Ilf to‘g‘risidagi esdaliklari rejasini tuzar ekan, “Literaturnaya gazeta” 1929 yilda olg‘a tashlagan o‘yin qoidasini buzmaslikka intilgan.
Bu o‘yinning shartini har ikkala muallif ham qabul qilgan. Bu jihatdan Tarasenkovga hammualliflarning “Chudak”ning 1930 yil to‘rtinchi /yanvar/ sonidagi feletoni yordam bergan:
“Lekin shunday ham bo‘ladiki, tanqidchilar yosh mualliflarning kitobi to‘g‘risida hech narsa yozishmaydi. Allegro jim. Stolpner-Stolpnik jim. Gav miq etmaydi. Hammasi baravariga, xuddi kelishib olishganday. Ular jimlikda bir-birlariga qarab qo‘yishadi. Bu jimlik keyinchalik o‘zlarining jonlariga ham tegadi shekilli.
— Kitobning yaxshi yoki yomonligini kim biladi? Kim oqibatini oldindan ayta oladi. Avval maqtab qo‘ysang-u, keyin u yomon bo‘lib chiqsa-chi? Ana unda ko‘rgulikni ko‘raverasiz. Yoxud tanqid qilsang-u, to‘satdan yaxshi chiqib qolsa? Masxara qilishadi. Yomon ahvolda qolasan!
Tanqidchilar ikki yildan keyingina o‘zlari fikr bildirishga jur’at etisha olmagan kitobning beshinchi nashri chiqqanini va siyosiy maorif bosh boshqarmasi qishloq kutubxonalariga tavsiya etganini sezib qolishadi.
Stolpnik, Allegro, Gav yoqalarini ushlashadi. Baravariga. Tezroq, tezroq qog‘ozni bering! Siyohni uzatib yuboring, tezroq! O‘zim o‘rgangan perom qani? Va sodiq perolar qitirlab yozishga kirishadi”.
Feleton bilan romanning nashr etilishi tarixi bir-biriga hamohangligini zamondoshlar sezib turishardi. Bunga shubha qolmasligi uchun bo‘lsa kerak, yuqoridagi taqrizchilarning hammasi ham negadir roman “tanqidchilarimizning e’tiboridan chetda qoldi” deb afsuslanishdi.
Maqolaga yakun yasaymiz.
Romanning maydonga kelishi, o‘ziga xos xususiyatlari, uning nashr etilishiga doir faktlar, zamondosh tanqidchilarning asarga munosabatlari konkret, voqealarni tashqi bog‘lanishi va izchilligiga qarab baho beruvchi siyosat bilan izohlanadi.
Norbut Katayevlarning kattasiga “so‘l og‘machilarga” qarshi roman yozishni taklif etganligi va Katayev tashabbuskor bo‘lganligi balki ehtimoldir. Lekin harholda esdalik bituvchilar yozishganidek, har qanday tasodifiyat, hech qanday g‘aroyib moslik ro‘y bermagan. “Ijtimoiy buyurtma” bo‘lgan. Bajaruvchilarning nomzodlari ham tasodifiy tanlanmagan: u shunchaki mashhur yozuvchi, dramaturg, feletonchi, ajoyib san’atkor emas, bosh muharrirning eski oshnasi, ko‘p jihatdan Narbutga suyanadigan, uni hech qachon chalmaydigan odam. Valentin Katayevga ishonmasa yana kimga ishonardi? Hamonki, buyurtmani shoshilinch ravishda bajarish zarur ekan, “yozuvchilar brigadasi”ni tuzish ham maqsadga muvofiq keladi. 1920 yillarda bunday” yozuvchilar brigadalari“ tez-tez tuzilib turgan. Katayev bunday ishga ukasi va do‘sti — hamshahri bo‘lgan odamni jalb etmasa, kimni ham jalb etardi? U Ilf va Petrovga bu to‘g‘risida aynan qachon og‘iz ochganligini aniq aytish qiyin. Lekin buning xronologik doirasini aniqlash murakkab emas: bu harholda 1927 yilning mayidan oldin ham, oktyabr oyining boshlaridan kech emas. Mana shu yilning 15 aprelida sovet gazetalari “Shanxay to‘ntarishi” to‘g‘risida xabar tarqatadi, may oyiga kelib, Trotskiy bilan munozara avjiga chiqadi, antitrotskiychilik kampaniyasi kuchayadi. Iyun oyida ehtimol Ilf va Petrovlar hali hammuallif sifatida birlashishmagandir, lekin ular ilk marotaba yozgan ta’tillarini birga o‘tkazadilar, avgust va sentyabr oylarida esa kechayu kunduz asar voqealari ayni 15 aprelda boshlanadigan “so‘l og‘machilik”ka qarshi ruhdagi romanni yozadilar. Ular uyqu va dam olishni qisqartirib bo‘lsa-da, jurnalning birinchi soniga ketadigan boblarini yozib ulgurish niyatida tinim bilmay ishlaydilar, shoshiladilar. Oktyabr-noyabr oylarida romanni birinchi qismini tugallaydilar. Uni shoshilinch ravishda nashrga tayyorlashadi. 1928 yilning yanvarida “O‘n ikki stul”ning qisqartirilgan nusxasi bosila boshlaydi. Shu davrning o‘zidayoq asarni “Zavod va fabrika” nashriyotida chop etish masalasi allaqachon hal bo‘lgandi.
Shunday qilib, Ilf va Petrov siyosiy fitnada ishtirok etishadi. Buni o‘zlari tushunmagan holda amalga oshirdilar, deyishga asosimiz yo‘q. Bunda ular nimalarga tayanishdi, degan savol tug‘iladi. Chamasi, ular ham xuddi boshqa yozuvchilar singari yo‘l tutishgan. Masalan, Bulgakov singari. Zamonaning juda ko‘p oldi kishilari o‘shanda Trotskiy mag‘lub bo‘lishi bilanoq yangi iqtisodiy siyosat uzil-kesil g‘alaba qozonadi, turmush darajasi o‘sib boradi, siyosiy cheklashlar, “surunkali inqilob” davri, “harbiy kommunizm”, “qizil terror” uzlatga chekinadi, — deb ishonishardi. Lekin nima bo‘lganda ham na Ilf, na Petrov bu fikrlarga hech qachon norozilik bildirishmagan. Ular o‘sha davrlarda ruxsat etilgan chegaradan o‘tmaslikka harakat qilishardi.
Petrov 1938 yilda Ilf haqida xotiralar yozishni o‘yladi. Lekin u Narbut haqida ham, shu yili otilgan Koltsov to‘g‘risida ham, romanning yaratilishiga olib kelgan trotskiychilik kampaniyasi xususida kam gapirishi mumkin emasdi. Lekin Petrov tomonidan to‘qilgan Katayevning sovg‘asi, mehnatsevar hammualliflarning tasodifiy muvaffaqiyati to‘g‘risidagi afsona favqulodda qulay edi. 1928 yildagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi esa avvaliga baravar “O‘n ikki stul” to‘g‘risida sukut saqlagan tanqidchilarning keyinchalik baravariga bu asarga yopishib ketishlari haqidagi afsonalarni to‘qishga olib keldi. Stalin vafotidan keyingi yillarda ham har ikkala afsona ham asqotib keldi. Bu narsa avval haydab yuborilib, keyin o‘ldirilgan Trotskiy va tabiiyki, 1938 yilda otilgan Buxarin to‘g‘risida og‘iz ochmaslikka olib kelardi. Axir ular deyarli yarim asr mobaynida “xalq dushmani” sifatida sanalib kelindi. Petrovning taxminini memuarchilar va tadqiqotchilar o‘zlariga asos qilib ola boshladilar. Petrov singari ularning ham boshqa ilojlari yo‘q edi. Kimdir jon-dili bilan navbatdagi “ijtimoiy buyurtma”larni bajarar, kimdir salgina bo‘lsa-da haqiqat pardasini ochishga intilar, lekin bu holat masalaning mohiyatini o‘zgartira olmasdi. Sukut 1960 yillarga kelib o‘z vakolatini gardanidan soqit qildi, 1980 yillarda esa uzil-kesil barham topdi. An’ana kuchiga ko‘ra ziddiyatlar rad etilmadi, balki ular shunchaki payqalmadi. Petrov tomonidan taklif etilgan taxmin esa natijada uzoq vaqtlargacha ilmiy isbotlangan haqiqat maqomiga ega bo‘lib keldi.
Rahmatilla Inog‘omov tarjimasi.
“Drujba narodov” jurnalining 2000 yil 12-sonidan olindi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 10-son