ADABIY-MADANIY HAYoTGA BIR NAZAR
Mazkur davr xronologiyaga ko‘ra ikki qismni o‘z ichiga oladi: 1.1905—1917 yillar. 2. Undan 20-yillar oxirigacha.
1905—1917 yillarda Rusiya va jahon tarixida yuz bergan bir qator muhim siyosiy voqealar Turkiston ijtimoiy-madaniy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, 1904 yilda boshlangan rus-yapon urushi va Rusiyaning yengilishi, 1905 yilda mamlakatda yuz bergan hukumatga qarshi g‘alayonlar va bularning natijasi o‘laroq podsho Nikolay II ning barcha fuqarolarga, shu jumladan, tobe millatlarga so‘z, matbuot, vijdon erkinligini va’da etuvchi 17 Oktyabr Manifestini e’lon qilishga majbur bo‘lishi, Birinchi Jahon urushi va Turkistondagi mardikorlik voqealari, 1917 yil fevral, oktyabr o‘zgarishlari, nihoyat shu yili 27 noyabrda Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi va xoinona qonga botirilishi kabi olamshumul hodisalar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. XX asr boshi o‘zbek adabiyotida bu voqealarning aks-sadosini sezmaslik mumkin emas. Mashhur tatar shoiri Abdulla To‘qay shuni ko‘zda tutib:
Biz Beshinchi yilda bir kun ko‘zni ochdik tong bilan,
Ishga da’vat etdi bizni kimdir ezgu nom bilan, –
deb yozgan edi. 1905 yil voqealari Turkistonda ham aks-sado topgan. Shoira Nozimaxonim (1870—1924)ning:
Bayon et, ey ko‘ngul, rozingni har dam,
Eshitsun ahli dillar, bo‘lsa hamdam, –
satrlari bilan boshlanadigan bir she’ri bor. Shoira bo‘lib o‘tgan «turfa taloto‘f»lar, «eyarga noni yo‘q bechora mardum»ning «o‘z ahvolin» aytib «mulzam» bo‘lib qolgani, «hurriyatu erklik taloshin» qilgan «yurt erlari»ning «badnom» qilinib, «boshlari kesil»gani yoxud «badarg‘a» etilgani haqida yozgan edi. Qolaversa, XX asr boshida Rusiyaning bir-biridan uzoq uch nuqtasida — Turkiston, Kavkaz, Volgabo‘yida istiqomat qilayotgan turkiy xalqlar o‘rtasida qardoshlik va hamkorlikka tayanuvchi o‘zaro xabardorlik paydo bo‘ldi. Va bu Turkiston sha’ni ustida ketgan katta-kichik barcha hodisalarda, ayniqsa, 1916 yil mardikorlik voqealariga munosabatda yorqin namoyon bo‘lgan edi.
XX asrning 20-yillari esa eski mustamlaka tuzumidan yangisiga, sotsialistik diktaturaga o‘tish davri bo‘ldi. O‘tish davrida hamisha muayyan erkinliklarga imkon qoladi. 20-yillarning birinchi yarmidagi qizg‘in adabiy-madaniy harakatchilik va Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon ijodi misolida yangi adabiyotning eng sara namunalarining xuddi shu davrda maydonga kelishi bejiz emas. Binobarin, yangi adabiyotning shakllanish va taraqqiyot bosqichlarini to‘g‘ri anglamoq uchun davrning eng muhim hodisalari va uning zaminida yuzaga chiqqan ijtimoiy-madaniy manzarasiga bir ko‘z tashlash lozim bo‘ladi.
XX asr Turkistonda ham Rusiyada bo‘lgani kabi yirik siyosiy hodisalar bilan boshlandi. 1900 yillardan iqtisodiy bo‘hronga kirgan Rusiyada Yaponiya bilan urushdagi muvaffa-qiyatsizlikdan so‘ng tanazzul yanada chuqurlashdi. Tabiiyki, bunday sharoitda mustamlaka xalqlarining, birinchi navbatda, Turkistonning ahvoli og‘irlashdi. Yangi qurilib bitkazilgan Krasnovodsk (1898) va Orenburg (1905) temir yo‘li o‘lkani har ikki tomonidan mahkam siqib olib, o‘ngu so‘lga qayrilishga imkon bermas, Turkistonning adadsiz tabiiy boyliklari keti uzilmas vagonlarda Rusiya markaziga oqardi. Xususan, paxtaga zo‘r berildi. Qorako‘l, ipak, quruq meva ham chetda qolmadi. Rusiya Turkistonni asosiy xomashyo manbaiga aylantirdi.
Rusiyadan millionlab mujiklarni ko‘chirib keltirib, mahalliy xalqdan tortib olingan serhosil va unumdor yerlarga joylashtirish avj oldi. O‘lka mustamlakachilikning shafqatsiz tartiblari bilan idora etila boshlandi. Maorif va ijtimoiy sohalarda esa islomni buzish, yerli xalqni ruslashtirish davlat siyosati qilib belgilandi. Ushbu maqsadni ko‘zda tutuvchi davlat qaramog‘idagi rus-tuzem maktablari ko‘payib bordi. Bu maktablar tubjoy bolalarga dastlabki ta’limni berishni, go‘dakligidanoq aqlu fikrini jilovlab olishni ko‘zda tutardi. O‘rta maktablarga ular o‘qishga qo‘yilmas edilar. Rus-tuzem maktablariga munosabat yerli ziyolilarda ikki xil edi:
- Hamkorlik qiluvchilar (Saidg‘ani Saidazimboy o‘g‘li, Sattorxon Abdug‘afforov, Saidrasul Saidazizov).
- Rad etuvchilar (I.Gasprinskiy, Z.Validiy, M.Cho‘qayev). Mahalliy maktablar esa, xususiy bo‘lib, ularga ko‘plab to‘siqlar qo‘yilardi. Ayniqsa, Ismoilbek Gasprinskiy boshlab bergan zamonaviy usuli jadid maktablariga mustamlaka hukumati qattiq turdi. Shularga qaramay, mahalliy ziyolilarning jasoratlari tufayli yangi maktablar ochilaverdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1903 yilda Turkistonda 102 ta boshlang‘ich, ikkita o‘rta «usuli jadid» maktabi bo‘lgan.
Chor hukumati til siyosatiga, rus tili va madaniyatining nufuzi tobora ortib, mustahkamlanib borishiga, mahalliy xalqning tildan foydalanish doirasi uzluksiz va rejali qisqartirilib borishiga e’tibor berdi. Mustamlakachilar Turkistonning boyliklarini o‘zlashtirish, xalqini qul qilish bilan cheklanmadilar, tarixchi Zaki Validiy qayd etganidek, uning kundalik turmushiga, madaniy-maishiy hayotiga ham aralashdilar. Bir so‘z bilan aytganda, uni har jihatdan buzish, ezish, so‘ng esa o‘z tarkibiga singdirib yuborishdek mudhishona bir maqsad bilan ishga kirishdilar.
O‘z navbatida zo‘rlik zo‘rlikni tug‘dirdi. Tabiatan qullik bilan ko‘nikib keta olmagan Turkiston xalki o‘z noroziligini dastlab sekin-asta, so‘ng esa baralla bildira boshladi. Ayrim yerliklar ruslarning inqilobiy uyushmalarida ishtirok etdilar. Ayni paytda, 1904—1907 yillarda Samarqand viloyati qishloqlarini umuman mustabidlikka qarshi kurash boshlagan Namoz Pirimqul o‘g‘li bosh bo‘lgan ozodlik harakatlari qamrab oldi. Siyosiy tashkilotlar yuzaga kela boshladi. Abdulla Avloniy (1878—1934) o‘z «Tarjimai holi»da 1904 yildan Toshkentda yashirin «jadidlar to‘dasi» ish boshlaganini ma’lum qiladi. 1909 yilning 12 mayida Toshhoji Tuyoqboyev, Nizomqori Mulla Husanov, Mulla Abdulla Avlonov, Munavvarqori Abdurashidxonov, Bashirulla Asatillaxo‘jayev muassisligida 41 moddalik nizomga ega bo‘lgan «Jamiyati xayriya» tashkil topadi. 1910 yilning 2 dekabrida Buxoroda mu-darris Hoji Rafi’, Mirzo Abduvohid, Hamidxo‘ja Mehriy, Ahmadjon Maxdum, Usmon Xo‘ja kabilar «Tarbiyai atfol» jamiyatini tuzdilar. Toshkentdagi «Jamiyati xayriya», ayniqsa Buxorodagi «Tarbiyai atfol» yoshlarni rivojlangan chet mamlakatlarga o‘qishga yuborishda katta tashabbus ko‘rsatdi. 1913 yilda «Turon» (Toshkent, muassislari: Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Munavvarqori Abdurashidxonov, Komilbek Norbekov, Mulla Abdulla Avlonov, Muhammadxon Podshoxo‘jayev, Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev, Bashirullaxon Asatillaxo‘jayev, Nizomiddin Asomiddinxo‘jayev, Karimbek Norbekov) jamiyati, 1914 yilda «Nashri-yot» (Toshkent, muassislari: Abdulrahmonov, Sarimsoqov, Abdurashidxonov, Avlonov, Azizxo‘jayev, Podshoxo‘jayev, Umarxo‘jayev, Xo‘jamyorov, Saidkarimboyev) shirkati qaror topib, ishga kirishdi. Shuningdek «Umid» (Toshkent), «Zarafshon» (Samarqand), «G‘ayrat» (Qo‘qon) shirkatlari, «Behbudiya» (Samarqand) kutubxonasi, «Ishoqiya» (Namangan) matbaasi ish boshladi. Turkistonlilar Kavkaz, Volgabo‘yi, Usmonli turklar hayotidagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib bordilar. Rusiyadagi musulmonlarning yuqoridagi kabi tashkilotlarini bir-biri bilan bog‘lash, o‘zaro muvofiqlashtirish, kuchlarni birlashtirish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu maqsadda 1905 yilning avgustida Nijniy Novgorodda, 1906 yilning yanvarida Peterburgda Rusiya musulmonlarining 1- va 2-qurultoylari bo‘lib o‘tdi. Xususan, 2-qurultoy «Rusiya musulmonlari ittifoqi» tuzilganini rasman e’lon qildi. «Itgifoq» siyosiy pozidiyasi nuqtai nazaridan Rusiyadagi konstitudion demokratik partiya — kadetlar yo‘lini tutdi.
1908 yilda podsho farmoyishi bilan senator graf K.K.Pa-len boshchiligidagi hay’at Turkiston general gubernatorligini o‘lkada mustamlakachilik siyosatini yanada kuchaytirish, moddiy boyliklarni jadalroq o‘zlashtirish nuqtai nazaridan taftish qiladi. «Ruslar egalik qiluvchi yer» maydonini «tinch iqtisodiy kurash yo‘li bilan» kengaytirishning puxta rejasi tuziladi. Ayni paytda, 1910 yildan bir qator tumanlarda dehqonchilikdan bexabar «ko‘chmanchi» niqobi ostida mahalliy tub-joy xalqning serhosil yerlarini ko‘chirib keltirilayotgan ruslarga tortib olib berish qonuniylashtirildi va bu bilan «Turkistonda rus xalqining siyosiy ustunligi uning xo‘jalik sohasidagi quvvati bilan ham mustahkamlanadi»gan bo‘ldi.
Yangi qarashdagi mahalliy ziyolilar — jadidlar mana shunday sharoitda ish ko‘rdilar va siyosiy mustaqillikni qo‘lga olishni o‘zlari uchun bosh maqsad bildilar. 1913 yildagi «Turon», 1917 yilda tuzilgan «Sho‘royi islom», «Ulamo» jamiyatlari partiya darajasiga o‘sib chiqmagan bo‘lsa-da, siyosiy faol edi.
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati arxivining 554335 (Munavvarqori) va 4269 (Fitrat) raqamlik «ish»laridagi tergov materiallarida 10-yillardan Toshkent va Buxoroda «Yosh turklar inqilobi» ta’sirida paydo bo‘lgan «Ittihod va taraqqiy», inqilobdan keyin esa «Milliy ittihod», «Milliy istiqlol» kabi yashirin tashkilotlar haqida ma’lumotlar keltiriladi. 1917 yil noyabrdagi Turkiston muxtoriyati, 1920 yildagi Buxoro va Xorazm xalq jumhuriyatlari jadidlarning faoliyati samarasi sifatida maydonga kelgan edi.
Ular, birinchi navbatda, ochiq fikrli yangi avlodni tarbiyalashga diqqatni qaratdilar. Buning uchun «usuli jadid» maktablariga zo‘r berdilar. Ikkinchidan, mahalliy-milliy matbuotni maydonga keltirdilar. To‘g‘ri, Toshkentda 1870 yildan chiqa boshlagan «Turkiston viloyatining gazeti» Turkistonda mahalliy tilda chiq-qan birinchi matbuot namunasi edi. Gazetada Sh.Ibrohimov (1872), H.Chanishev (1881) kabi yerli tatarlar, I. Xudoyorxonov (1893) singari o‘zbeklar ma’lum muddat muharrirlik qilgan bo‘lsalar-da, uning asl egasi, yo‘riqchisi N.Ostroumov edi. Shunga ko‘ra, uning milliy gazeta bo‘lishi imkondan tashqarida edi.
1905 yil 17 Oktyabr Manifesti xalqqa matbuot va siyosiy tashkilotlar tuzishga ruxsat bergach, Turkiston jadidlari bir qator uyushma—jamiyatlar bilan birga gazeta-jurnal ishlariga ham kirishdilar. Shulardan biri 1906 yilning 27 iyunida dunyo ko‘rgan «Taraqqiy» gazetasi edi.
«Bu gazeta tez fursatda shunday shuhrat qozondiki,— deb yozadi Abdulla Avloniy,- hatto gazeta muharriri bo‘lgan Ismoil Obidiyga «Taraqqiy» ismi berildi. Hozirgacha xalq Ismoil Obidiyning ismini «Taraqqiy» deb yuritadur».
Gazeta mahalliy yoshlarga o‘z sahifasidan keng o‘rin berdi. Uning yaqin hamkorlaridan biri Munavvarqori edi. 1906 yilning sentyabrida Munavvarqori muharrirligida Toshkent jadidlarining ikkinchi muhim gazetasi «Xurshid» paydo bo‘ldi. 1907 yilning 1 dekabridan Abdulla Avloniy o‘z uyida «Shuhrat» gazetasini chiqara boshladi. Bu uch gazeta shu davr Turkistonining eng e’tiborli nashrlari bo‘lib, ularda mashhur Behbudiydan havaskor shoir Mulla Qo‘shoq Miskingacha bo‘lgan keng ziyolilar qatlami faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, Toshkentda «Tujjor» (1907, muharriri Saidkarim Saidazimboy o‘g‘li), «Osiyo» (1908, muharriri Ahmadjon Bektemirov) kabi gazetalar ham chiqa boshladi. Bu gazetalarning hech biri uzoq yashay olmadi. Ayrimlari iqtisodiy, ba’zilari esa, siyosiy sabablar bilan bekitildi.
Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy «Samarqand» (1913) gazetasini va «Oyna» (1913-1915) jurnalini chiqardi.
Toshkentda 10-yillarda «Sadoyi Turkiston» (1914, muharriri Ubaydulla Xo‘jayev), Farg‘onada «Sadoyi Farg‘ona» (1914, mu-harriri Obidjon Mahmudov), «Tirik so‘z» (1915, muharriri Obidjon Mahmudov), Buxoroda «Turon» (1913) kabi gazetalar, «Al-Isloh» (Toshkent, 1915-1918, muharriri Abdurahmon Sayyoh) jurnali chiqib turdi.
Adabiy kuchlar ko‘proq mana shu gazeta-jurnallar atrofida uyushdilar. Chunonchi, Samarqandda «Oyna» Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875—1919), Saidahmad Vasliy (1869-1925), Siddiqiy Ajziy (1864-1927), Saidrizo Alizoda (1887-1945), Hoji Muin (1883—1942) kabi iste’dodlarni to‘pladi. Buxorodan Fitrat (1886—1938), Toshkentdan Kamiy (1865-1922) faol qatnashib turdilar.
Toshkentda «Sadoyi Turkiston» gazetasida Munavvarqori (1878-1931), Abdulla Avloniy (1878-1934), Tavallo (1883-1937), Xislat (1880-1945), Mirmulla (1886-1923), Abdulla Qodiriy (1894-1938) faol ishtirok etdilar. Qo‘qondan Ibrohim Davron (1874-1922), Hamza (1889-1929), Andijondan Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon (1897—1938)ning she’r va maqolalari tez-tez bosilib turdi.
10-yillarning boshida, bemalol aytish mumkinki, yangi adabiyot shakllanib ulgurgan edi. Bu borada 1901 yildan chop etila boshlagan Munavvarqorining «Adibi avval», «Adibi soniy», Saidrasul Aziziyning «Ustozi avval» (1902), Aliasqar Kalininning «Muallimi soniy» (1903), so‘ngroq Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», Rustambek Yusufbekov (1880-1950)ning «Ta’limi avval», «Ta’limi soniy» kabi darslik va darslik-majmualari, xususan, ulardagi ixcham didaktik she’r va hikoyalar yangi adabiyotning shakllanishida ilk tajribalar vazifasini o‘tadi.
Abdulla Avloniyning «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» (1909), Saidahmad Vasliyning «Milliy she’rlar» (1912), Sidqiy Xondayliqiyning «Tuhfayi Shavkat» (1913), «Savg‘oti Shavkat» (1914), «Bazmi ishrat» (1914), Hoji Muinning «Guldastai adabiyot» (1914) kitoblari yangi o‘zbek she’riyatining dastlabki namunalari edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1911 yilda yozib, 1913 yilda chop etgan «Padarkush» dramasi bilan o‘zbek dramachiligini boshlab berdi. «Falokatzada» (1911 yil, muallifi: Abdulrauf Shahidiy), «Befarzand Ochildiboy» (1914 yil, muallifi: Mirmuhsin Shermuhamedov), «Do‘xtur Muhammadyor» (1914 yil, muallifi: Cho‘lpon) kabi ilk realistik proza namunalari paydo bo‘ldi.
Matbuotning maydonga kelishi publitsistika taraqqiyotiga yo‘l ochdi. Bu borada Behbudiy, Fitrat, Munavvarqorilarning xizmati katta bo‘ldi.
1914 yilda boshlangan Birinchi Jahon urushi va Rusiyaning unga qo‘shilishi Turkistonning o‘z mustaqilligini qo‘lga olishiga ma’lum umid va imkon tug‘dirdi. Biroqchor hukumati qattiq turdi. O‘lkada «tartib saqlanishi»ga alohida ahamiyat berdi. 1914 yil 24 iyulda Nikolay II ning Farmoni bilan Turkiston o‘lkasida «Favqulodda qo‘riqlanadigan» holat e’lon qilindi. Gubernator va uyezd boshliqlariga aholining o‘y-fikrini kuzatib borish, «ozgina bo‘lsa ham dushmanlik niyatida bosh ko‘tarilgudek bo‘lsa», «g‘oyat shafqatsizlik bilan darhol bostirish» haqida ko‘rsatma berildi.
Nikolay II turkistonliklarni urushga olmadi, ularga ishonmadi. Ikkinchidan, Rusiya hukumati ulardagi nasliy jangovar ruhni so‘ndirish, ming yillar osha kelgan askarlik tarbiyasini izdan chiqarish niyatida edi. Shunga ko‘ra, 1916 yilning 25 iyunida «Imperiyadagi g‘ayrirus aholining erkaklarini harakatdagi armiya turgan rayonlarda mudofaa inshootlarini va harbiy aloqa yo‘llarini qurish ishlariga, xuddi shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga safarbar qilish» to‘g‘risida Farmon berdi. Turkistondan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 250 ming ishchi olinadigan bo‘ldi. Bu mardikorlik edi. Uning ustiga bu ishlarda har xil suiiste’molliklar, poraxo‘rliklar, zo‘ravonliklarga keng yo‘l ochib berildi. Bir tomondan, millatning sha’nini yerga uruvchi Farmonning chiqarilishi, ikkinchi tomondan, uni ijro etishdagi nohaqliklar xalq noroziligiga olib keldi. 1916 yilning iyulida butun Turkistonni «Mardikorlik voqealari» nomi bilan tarixga kirgan milliy-ozodlik harakatlari chulg‘ab oladi. «Mardikorlik ari uyasiga cho‘p suqqandek bo‘ldi. Turkistonda bamisli yer larzaga keldi», – deb yozadi 1916 yilning 9 avgustida Toshkentga kelgan «Vaqt» muxbiri Shahid Muhammadyorov. Lekin bu qo‘zg‘olonlar shafqatsiz bostirildi. Masalan, Jizzax aholisi qatliom qilinib, shaharga o‘t qo‘yildi. O‘nlab qishloqlar xonavayron qilinib, xalqi iyul-avgust jaziramasida Qiyli cho‘liga quvib chiqarildi.
Qo‘zg‘olonlar sentyabrning boshlarida bir oz paysal topdi. 18 sentyabrdan esa, mardikorlarni jo‘natish boshlandi.
1917 yil Fevral inkilobi chor hukumatining qulashi bilan yakun topdi. Mardikorlar yurtlariga qaytdilar. Mahalliy ziyolilar mustaqil Turkiston hukumatini tuzish uchun kurashni kuchaytirdilar. O‘lka musulmonlarining 1917 yil 4(16) aprel 1-qurultoyi federal muxtoriyat shiorini ilgari surdi. Shu yil 18(30) sentyabr O‘lka ishchi va soldat deputatlarining 2-s’ezdi Turkistonni Sovetlar qo‘liga togppirishni talab qilib chiqdi. Sovetlar bolsheviklashib bordi va noyabrda hokimiyat Sovetlar qo‘liga o‘tdi. F.I. Kolesov boshchiligidagi qizil rus hukumati davlat tepasiga keldi.
1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonda ochilgan Musulmonlarning 4-o‘lka qurultoyi esa, Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Muxtoriyat 81 kun yashadi. 1918 yilning 19—22 fevralida uni bolsheviklar xoinona qonga botirdilar. Shahar uch kun to‘pga tutildi. O‘n mingga yaqin kishi halok bo‘ldi.
1920 yilda Buxoro va Xiva ham bolsheviklar nazoratiga o‘tdi. Bir muddat har ikki xonlik o‘rnida «xalq jumhuriyati» nomi bilan qo‘g‘irchoqhukumatlar tuzilib, ish olib bordilar. 1924 yilda bularning hammasi barham topib, Turkiston sovet imperiyasining uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida besh bo‘lakka bo‘lib tashlandi. So‘ng esa uni bolshevik didiga moslab «o‘zlashtirish» boshlandi. Asriy tartib va udumlarni yo‘qqa chiqaruvchi «Er-suv islohoti» amalga oshirildi. «Xotin-qizlar ozodligi» niqobi ostida millatning muqaddas tarbiya o‘chog‘i buzib tashlandi. Nihoyat «kollektivlashtirish» kabi «sotsialistik» tajribalar o‘lka hayotini tamom izdan chiqardi. Bular yetmaganiday, sotsializm rivojlangan sari sinfiy kurash kuchayib boradi, degan soxta, stalincha nazariya to‘qib chiqarilib, dushman izlash avj oldi. Shu bahonada milliy ziyolilarni ta’qib qilish kuchaydi. Xususan, jadidchilikni millatchilik sifatida qoralash yo‘lga qo‘yildi. 1925 yilda yer-suv islohotiga ozgina e’tiroz bildirgan kishilar «18lar guruhi» nomi bilan «fosh» etildi. 1926 yilda O‘zbekiston maorif vaziri R.Inog‘omov va uning bir qator maslakdoshlari eski ziyolilardan foydalanish masalasini ko‘targanlarida qo‘lga olinib, «inog‘omovchilik» deb atalgan kampaniya o‘tkazildi. 1927 yil oktyabrda shoir Cho‘lpon badnom etilib, O‘zbekiston ziyolilarining Samarkanddagi qurultoyidan haydab chiqarildi. 1929 yilda O‘zbekiston Oliy sudi raisi Qosimov bilan bog‘liq «qosimovchilik», «Munavvarqori to‘dasi» «ish»larini ko‘rish boshlandi.
Bular ilk qatag‘onlar edi. Jumladan, «Munavvarqori to‘dasi» «ishi»ga 87 kishi jalb etildi. Tergov materiallari 18 jiddni tashkil qildi. Shulardan 18 kishi otishga, 21 kishi 10 yilga, 13 kishi 5 yilga, 3 kishi 3 yilga qamoq jazosiga, 1 kishi Omskka surgunga hukm qilindi, jami 56 kishi jazolandi.
Shu tariqa 1929 yil, sovet tarix fani qayd etganidek, sovetlar uchun «buyuk burilish yili» bo‘ldi. Har qanday erkin fikr tugatilib, kommunistik diktatura mustahkam qaror topdi.
Turkistonning ko‘zi ochiq ziyolilari oq imperiyani ham, qizil imperiyani ham qabul qilgan emas. Shu sababli, oktyabrning dastlabki kunlaridanoq millatning vatanparvar farzandlari istiqlol yo‘llarini qidirdilar. Arxiv materiallari va tarixiy shaxslarning guvohliklari 1917 yildan o‘lkada shu maqsadni ko‘zda tutuvchi «Ittihod va taraqqiy», «Turk adam markaziyati», «Ittihodi milliy», «Birlik» (1919), «Erk» (1919), «Temur», «Botir gapchilar» kabi yashirin tashkilotlar tuzilganligini, 1921 yilda «Turkiston milliy birligi» tashkil topganligini ko‘rsatadi. Turkiston milliy birligi 20-yillarda tarixga «bosmachilik» nomi bilan kirgan milliy-ozodlik harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirib borishda muhim rol o‘ynadi.
Birinchi Jahon urushi yillarida, so‘ng inqilobiy harakatlar davrida matbuot va adabiyot faollashdi. Toshkentda «Najot» (muharriri: Munavvarqori), «Sho‘royi islom» (A.Battol), «Turon» (Avloniy), «Kengash» (Zaki Validiy), «Ulug‘ Turkiston» (Kabir Bakir), «Turk so‘zi» (T.Xudoyorxonov), «Xalq dorilfununi» (Muxtor Bakir), Samarqandda «Hurriyat» (Mardonqul Shoh-muhammadzoda, Akobir Shohmansur, Abdurauf Fitrat), Qo‘qonda «El bayrog‘i» (Po‘lat Soliyev), Namanganda «Farg‘ona nidosi» (Husayn Makayev) kabi ko‘plab gazetalar, «Kengash» (Qo‘qon, Hamza, Rahimjon Hoji Tursunmuhammad o‘g‘li), «Yurt» (Qo‘qon, Ashurali Zohiriy), «Hurriyat» (Qo‘qon, Mahmudxo‘ja Rizoiy), «Chayon» (Toshkent, H. To‘lakov, I. Tohiriy), «Ishchilar dunyosi» (Toshkent), «Izhorul-haq» (Sadriddinxo‘ja mufti ibn Sharifxo‘ja eshon) kabi o‘nlab nomdagi bir ko‘rinib, yopilgan jurnallar ko‘p bo‘ldi.
1918 yildan sotsialistik matbuot izga tusha boshladi. Uning dastlabki namunasi shu yilning 20 iyunidan chiqa boshlagan «Ishtirokiyun» gazetasi (mas’ul muharrirlari: O. Klebleev, A. Avloniy, N. To‘raqulov, A. Donskoy, H. Burnashev, Mirmuhsin) bo‘ldi. Gazeta 1920 yilning 19 dekabridan «Qizil bayroq», 1922 yilning 13 sentyabridan «Turkiston» nomlarida davom etadi. «Maorif» (1918, Toshkent), «Bolalar yo‘ldoshi» (Samarqand, 1919), «Tayoq» (Samarqand, 1920), «Tong» (Buxoro, 1920), «Qizil tikon» (Namangan, 1920), «Qizil yo‘l» (Toshkent, 1920), «Kasabachilik harakati» (Toshkent, 1920) kabi umri qisqa jurnallar dunyo yuzini ko‘rdi.
1918 yilda Toshkentda Fitrat tashabbusi bilan «Chig‘atoy gurungi» adabiy-madaniy uyushmasi maydonga keldi va Cho‘lpon, Botu, Elbek, G‘ozi Yunus, G‘ulom Zafariy, Mannon Uyg‘ur, Qayum Ramazon kabi fan va madaniyatimizning yorqin iste’dodlarini o‘z atrofiga to‘pladi. Bor-yo‘g‘i bir yarim yilcha faoliyat ko‘rsatgan ushbu uyushma – jamiyat til-imlo qoidalarini ishlab chiqishda, adabiyot tarixini o‘rganish, sistemalashtirishda, teatrchilikni yuksaltirishda katta ishlar qildi. Biroq bunday milliy-madaniy tiklanish yo‘llari tobora yopila bordi va madaniy-adabiy hayot ham sekin-asta siyosat izmiga tushib qoldi.
10-yillarning ikkinchi yarmi «O‘zbek jadid adabiyoti» nomi bilan tarixga kirgan yangi adabiyotning shakllanib, dastlabki dadil qadamlarini tashlagan yillar bo‘ldi. Milliy matbuotning maydonga kelishi bilan yangi adabiyotning mazmun va yo‘nalishi, til va uslubi, janr va mavzulari, badiiyati bilan bog‘liq masalalar keng muhokama qilina bordi.
Davrning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda sotsial-ijtimoiy mavzularga, zamonaviy masalalarga, ma’rifat va ozodlikka katta e’tibor berildi. Abdulla Avloniy «Oyinayi har millat erur til-adabiyot», – deb yozadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov teatrni «ibratxona» deb atadilar. Mirmuhsin Nomiq Kamol izidan borib, «Shoirlarimiz zamonaning bir lisonidur… Zamonag‘a munosib milliy she’rlar maydonga chiqsun!» degan fikrni ilgari suradi, an’anaviy muammochilikni, takallufu suxanpardozlikni rad etadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri gapga, jumladan ijtimoiy satiraga – hajviyaga zo‘r berib, «Ochilsun intiqod (tanqid) manbalari!» shiorini o‘rtaga tashlaydi.
Siddiqiy Ajziy ma’rifatga muhabbat e’lon qiladi. Ma’shuqaning an’anaviy sifatlarini ma’rifatga ko‘chiradi va hokazo.
Biroq 10-yillar she’riyati ma’rifatni maqsad emas, vosita deb bildi. «Kuchlik» millatlar – «jahon Jayhunlari» haqida yozdi. «Kuchsiz»larning ularga luqma («tu’mai tayyor») bo‘layotganliklariga (Avloniy) diqqatni qaratdi. Shoir Bahriddin Aziziy ochiqdan-ochiq siyosiy tashkilot («jam’iyat»)lar tuzish, o‘zaro ittifoq bo‘lish va «jumhuriyat» uchun «bir til» bo‘lib kurashish lozim, deb hisoblaydi. Sildikiy Ajziy esa, bu borada o‘ziga xos iqtisodiy nazariyalarni ilgari suradi.
Bugina emas, she’riyat yangi qurilajak davlat va jamiyatning siyosiy tuzumidan axloqiy turmushigacha, iqtisodidan madaniyatigacha qiziqdi. Xullas, 10-yillardagi yangi o‘zbek she’riyati, bu, birinchi navbatda, ijtimoiy-siyosiy she’riyatdir.
Ayni paytda, unda qator poetik-stilistik o‘zgarishlar yuz berdi. Avloniy va Hamza ko‘pgina she’rlarini qadim she’riy vaznimiz— barmoqda yozdilar. Hamza sarbastda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi («She’ri mansur»). Siddiqiy Ajziy va Tavallo sotsial satiraning an’anaviy aruzdagi eng sara namunalarini yaratdilar.
She’riyat Birinchi Jahon urushi yillarida, xususan mardikorlik voqealari davrida g‘oyat jonlandi. Chunonchi, mardikorlik voqealariga bag‘ishlangan o‘nga yaqin she’riy to‘plam chop etilgani ma’lum. Bular orasida Muhiddin Ibrohimov tuzgan «Loshmon» (Namangan, 1916), Hamzaning «Milliy ashuvlalar uchun milliy she’rlar majmuasi»ning 7-bo‘limi — «Safsar gul» (Qo‘qon, 1917), Akbariy Toshkandiyning «Vatanga xizmat» (T., 1917), Sidqiyning «Rabotchilar namoyishi» (T., 1917), «Rabotchilar kelishi» (T., 1917), shuningdek Bahriddin Aziziyning «Yangi shugufa yoxud milliy adabiyot» (T., 1917), Sidqiyning «Rusiya inqilobi» (T., 1917) kabi asarlarida ham mardikorlik voqealari tasviri uchraydi. Bo‘ asarlar, bir qaraganda, mahalliy xalqni mardikorlikka borib, oq podsho xizmatini qilib ke-lishga targ‘ib-tashviq etayotganday bo‘lsa-da, aslida uning tagsatrlarida xalqning osoyishta hayotini alg‘ov-dalgov qilib yuborgan, urush bahonasida millatning sha’nu shukuhini oyoqosti etgan hukmron millatga istehzo, o‘z ona xalqini g‘aflatdan uyg‘onishga, qullikdan qutulishga da’vat balqib turar edi.
Turkiston ozodlik tarixining bu so‘nmas sahifasiga sovet davri yozuvchilari ham ko‘p bor murojaat qilganlar. Oybekning «Qutlug‘ qon» romanida u markaziy masala qilib qo‘yilgan edi. So‘ngroq adib «Bolalik» avtobiografik qissasida ham unga ma’lum o‘rin berdi. Nazir Safarov 1916 yilgi Jizzax voqeasini «Ko‘rgan-kechirganlarim»da keng ko‘lamda tasvir etdi. Asqad Muxtor «Chinor» romanida bir bobni shunga bag‘ishladi. Bugungi shoirlarimizdan Muhammad Alining «Boqiy dunyo» she’riy romanida ham u keng tasvirlandi. Umuman, bu mavzuda adabiyotimizda qilingan va qilinayotgan ishlar ko‘p. U bizdagina emas, qardoshlarimizda ham o‘ziga xos an’analarga ega bo‘lib qoldi. Masalan, Muxtor Avezovning «Mushkul zamona» qissasi bilan A.Nurpeisovning «Qon va ter» trilogiyasi orasida o‘tgan vaqt salkam 50 yilni tashkil qiladi. B.Kerboboyevning «Dadil qadam», A.To‘qomboyevning «Qonli yillar», «Tong oldida» she’riy romanlari turkman va qirg‘iz adabiyotlarida hodisa bo‘lganligi o‘quvchiga ma’lum. Turkistondan ishchilar olish 1917 yilning Fevraliga qadar davom etdi va 123 mingdan ko‘proq kishi safarbar qilindi. Ular Qora dengizdan Boltiqbo‘yiga qadar cho‘zilgan front orqasidagi og‘ir ishlarda Petrograd, Moskva, Nijniy Novgorod, Qozon, Kiyev, Xarkov kabi shaharlardagi sanoat korxonalarida, Shimoliy Kavkazdagi mis konlarida ishladilar.
Mardikorlarning u yerlardagi og‘ir va mashaqqatli hayoti Sidqiyning «Rabotchilar kelishi» kitobida va Hamzaning «Safsar gul»idagi «Vatan ishchilarining zabun holindan» deb nomlangan turkum she’rlaridan «Sog‘inib», «Salom ayting», «Hoy, pahlavon!»da aks etdi. Shoirlarimiz mardikorlarning qaytib kelishlariga bag‘ishlab ham she’rlar yozdilar (Sidqiy, «Sitamdiyda rabotchilar kelishi», «Sizlarga mujda»).
1917 yil Fevral voqealarini Turkiston xalqi zo‘r xursandchilik bilan kutib oldi. Shoirlarimiz unga yuzlab she’rlar bag‘ishladilar. Shukriy (Xurshid) va Sidqiy qisqa muddat ichida «Hurriyat mevasi» (1917) va «Rusiya inqilobi» nomli dostonlar yozib, chop ettirdilar.
Oktyabr voqeasiga bag‘ishlab o‘sha kezlarda yozilgan badiiy asar o‘zbek adabiyotida uchramaydi. Chunki u keng umumxalq hodisasi sifatida kugib olinmadi. Aksincha, to‘ntarish deb qaraddi. U hakda asar yozish 1918—1919 yillardan izga tushdi. So‘ngroq chinakam ilhom va iste’dod bilan yozilgan turli janrdagi xilma-xil asarlar paydo bo‘ldi. Hamza, Avloniy, So‘fizoda, Abdulla Qodiriy kabilarning asarlari bunga dalildir. Aksincha, 1917 yil 27 noyabrdagi Muxtoriyat e’loni keng xalq ommasidagi kabi adabiyot ahlida ham zavq-shavq uyg‘otdi. Behbudiy va Fitratning qizg‘in, ehtirosli turkum maqolalari, Cho‘lpon («Ozod turk bayrami», «Ollohu akbar») va Hamzaning («Turkiston muxtoriyatina!») yoniq she’rlari dunyoga keldi.
Xullas, yangi poeziya 20-yillarga g‘oyat murakkab va ziddiyatli tuyg‘ularni o‘zida jo etgan e’tirof va e’tiroz bilan kirib keldi.
Asrimizning dastlabki yigirma yilida shakllangan yangi she’riyat an’anaviy diniy-tasavvufiy she’riyat bilan yonma-yon yashadi. Mirmahmud Qoriy (1834—1904), Yusuf Saryomiy (1845-1912), Usmonxo‘ja Zoriy (1839-1916), Husaynqul Muhsiniy (1860—1917), ayniqsa, Ziyovuddin Haziniy (1861-1921) bu yo‘lda samarali ijod etdilar: «Devoni Qoriy» (T., 1912), «Devoni Yusuf Saryomiy» (T., 1332 h.), «Bayozi Haziniy» (T., 1911), «Devoni Muhsiniy» (qo‘lyozma, O‘zFAShI inv.№ 7392) va h. k.
10-yillarda yaratilgan nasr namunalari u qadar ko‘p emas. Anbar Otinning «Qarolar falsafasi», S.Aziziyning 1910 yildagi «Moskva va Peterburg sayohati xotiralari» kabi ijtimoiy-falsafiy, sarguzasht-avtobiografik asarlarni nazardan soqit qilsak, Behbudiyning «Oq yelpog‘ichli chinli xotun», Abdulrauf Shahidiyning «Falokatzada» (1911) hikoyalarini, Mirmuhsin Shermuhamedovning «Befarzand Ochildiboy» (1914), Hamzaning «Yangi saodat» (1915) singari «milliy roman» deb nomlangan qissalarini, nihoyat 1915—1916 yillarda e’lon qilingan Abdulla Qodiriyning «Juvonboz» va «Uloqda», Cho‘lponning «Do‘xtir Muhammadyor» asarlarinigina qayd etish lozim bo‘ladi.
Dramachilik 10-yillarning ikkinchi yarmidv qizg‘in rivoj topdi. Toshkent, Samarqand, Qo‘qonda teatr havaskorlar truppalari tuzilib, samarali ish olib bordi. Samarqandda Behbudiyga ergashib, Abdulla Badriy («Juvonmarg», «Ahmoq»), Hoji Muin («Eski maktab — yangi maktab», «Ko‘knori», «Mazluma xotin», «Juvonbozlik qurboni», «Boy ila xizmatkor», «Qozi ila muallim»), Nusratilla Qudratulla o‘g‘li («To‘y», «Kengash majlisi»), Toshkentda Abdulla Avloniy («Advokatlik osonmi?!», «Pinak», «Biz va Siz»), Abdulla Qodiriy («Baxtsiz kuyov»), G‘ulom Zafariy («Baxtsiz shogird»), Farg‘ona vodiysida Hamza («Zaharli hayot», «Ilm hidoyati», «Mulla Normuham-mad domlaning kufr xatosi»), Xurshid («Orif ila Ma’ruf», «Qora xotin»), nihoyat Buxoroda Abdurauf Fitrat («Begijon», «Mavludi sharif», «Abo Muslim») kabi adiblarimiz bir qator dramalar yozdilar.
1916 yilgi mardikorlik voqealariga bag‘ishlangan dramalar paydo bo‘ldi (Hamza: «Loshmon fojiasi», «Rabochiy»), muxtoriyat haqida «Avtonomiya yoki muxtoriyat» (Hamza) nomli drama yozildi. Fitratning mashhur «Temur sag‘anasi» dramasi Turkiston muxtoriyatining fojiona qonga botirilishi taassurotlari asosida maydonga kelgan edi.
Adabiyotimiz mazkur yangi janrlarining dunyo yuzini ko‘rish jarayoni g‘oyat og‘ir kechgan. Behbudiy o‘z «Padarkush»ini 2 yil deganda zo‘rg‘a nashr qilishga muvaffaq bo‘ldi. Sahnaga qo‘yilishi uchun yana bir yil ketdi. 1911 yilda yozilgan asar 1914 yildagina sahna yuzini ko‘rdi. Vaqtli matbuot sahifalaridagi Mirmuhsin «E’tiroz»lari «milliy roman» («Befarzand Ochildiboy») mu-nosabati bilan mutaassiblarning qattiq hujumi ostida qolganidan dalolat beradi.
Yangi zamonaviy adabiyotshunoslik va tanqid shakllandi. Zamon va ijod, badiiy adabiyot tili, yangi adabiy janrlar bilan bog‘liq masalalar matbuot sahifalarida keng muhokama qilindi. Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Ibrohim Davron kabilarning bu borada vaqtli matbuot sahifalarida e’lon qilgan maqolalari yangi estetikaning shakllanishida muhim rol o‘ynadi.
Xullas, 10-yillarda Turkiston ma’naviy hayotida keng tomir otgan o‘zbek jadid adabiyoti o‘zining chinakam samaralarini qiyin-qistov 20-yillarda berdi. Cho‘lpon o‘z she’riyati bilan yangi o‘zbek she’riyatining asl poydevorini yaratdi. Qodiriy o‘zbek romanchiligiga asos soldi. Fitrat o‘zbek dramachiligining eng sara namunalari muallifi va yangi o‘zbek adabiyotshunosligining asoschisi bo‘lib tarixga kirdi.