Bu maqolaning yozilishiga tog‘am To‘xtamurod Zufarov sabab bo‘ldi.
Filologiya fanlari nomzodi, xattot, hunarmand-usta, eng muhimi, kitob degan joyda o‘zini “tomdan tashlaydigan” bu bibliofil mo‘ysafid bilan uchrashuv har safar shaxsan men uchun bayramga aylanib ketadi.
Bundan yigirma-o‘ttiz yil muqaddam bo‘lsa kerak, kunlardan bir kuni Dostoyevskiy ijodi, xususan, uning o‘zbek tilidagi tarjima asarlari to‘g‘risida suhbatlashib qoldigu, u kutilmagan taklifni o‘rtaga tashladi.
“Dostoyevskiyni o‘qiganing yaxshi bo‘pti, — dedi u kishi. — Tarjimaning tiliga e’tibor berdingmi? Ko‘rinib turibdi, qalam bilan chizib, diqqat bilan o‘qimagansan. Shunaqa qilganingda, o‘zing uchun ko‘p narsa kashf etgan bo‘larding. Ibrohim G‘afurovning tilini, topgan so‘z, iboralarini qara! Har bir so‘zning, jumlaning rangini ochib yuboradi. Ayrim so‘zlari, iboralari borki, “O‘zbek tili izohli lug‘ati”dan ham topolmaysan. Agar erinmasang, “Jinoyat va jazo”niyam, “Telba”niyam qaytadan o‘qib chiq, tarjimonning tiliga e’tibor ber. O‘zing uchun kutilmagan, notanish, yarq etib ko‘zga tashlanadigan so‘zlarni bir daftarga yozib bor. Ajoyib lug‘atga ega bo‘lasan…”.
Shundan keyin, yana bir necha yil o‘tdi. Fursat topib, Ibrohim aka tarjimasidagi o‘sha asarlarni qaytadan o‘qib chiqdim. Xuddi tog‘am aytganidek, qalin daftarga o‘zim uchun notanish, kutilmagan so‘zlarni, iboralar, sifatlar va birikmalarni qayd etib bordim va…
…va mo‘jiza ro‘y bergandek tuyuldi menga. Ha, ha, buni boshqacha ifoda etib bo‘lmaydi. Bu chinakam mo‘jiza edi!
Kattagina umumiy daftar so‘zlaru iboralar bilan to‘la, o‘ziga xos bir lug‘atga aylanib qolgandi.
Shu daftarni hali-hamon saqlab kelaman. Keyinchalik, uning yoniga boshqa “semiz” daftarlar qo‘shildi. Ulardan esa, Konstantin Paustovskiyning “Yiroq yillar”, Nozim Hikmatning “Surur”, Mopassanning “Azizim”, Chingiz Aytmatovning “Qiyomat”, Dostoyevskiyning “Qimorboz”, hind eposi “Panchatantra” singari asarlarning tarjimalari haqidagi qaydlar, so‘zlar, iboralar, tashbehlar o‘rin oldi.
Haqiqatan ham, tarjima — sehrli san’at. Balzak o‘zbekcha gapirsa, Gogol qahramonlari sening tilingda so‘zlashsa, Tagor asarlari ona tilingda jaranglasa… Shuning o‘zi mo‘jiza emasmi?
Endilikda komil ishonch bilan ayta olamanki, ustoz Ibrohim G‘afurov hozirgi zamon tarjima san’atini puxta egallagan peshqadam mutarjimlardan biri sanaladi.
Men bu yerda u kishi o‘zbek tiliga o‘girgan ma’lum va mashhur asarlar haqida to‘xtalib o‘tirmayman. O‘zim uning tarjimalarini mutolaa qilish jarayonidagi kuzatuvlarimga, kashf etgan topildiqlarimga, o‘zimni hayratga solgan so‘z va iboralarga, uning o‘zbek tilining qudratini ko‘rsata olish salohiyatiga baholi qudrat to‘xtalishga urinaman, xolos.
E’tibor bering. Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanida mana shunday tanish, aksariyat notanish so‘z va iboralar uchraydi: “muosir yoshlar”, “fanniy so‘z”, “g‘ishava qildi”, “varamxayollar”, “muztar”, “orulangan”, “mudabbir”, “shodumon xayollar”, “sirqovlangan”, “pokrav”, “badraftor”, “patorat”, “iftiro”…
Bunaqa topilmalar juda ko‘p edi romanda.
Aytaylik, Ibrohim aka Dostoyevskiy qahramonlaridan birining portretini “o‘zbekchalashtirib” chizarkan, uni “shlyapasining kapasi bir tomonga qiyshaygan” deb tasvirlaydi yoki “uning ko‘zlari tirik boqardi” deydi. Aynan, “tirik!”
Yoki, “u odamga silaganday qilib qarardi” deb o‘giradi. “Zarrai xok kabi yo‘qolib ketdi”, “yuziga kulgi tepchidi”, deydi. “Qushlar garangtob bo‘lib sayrashardi”, “hazin g‘amzada parishonlik bor edi”, “chehrasida behudud bir iztirob ko‘lankasi bor edi”, “ishtiboh bildirdi” deb “so‘ylaydi” Dostoyevskiy va hayron qolasiz. Tilimiz shunchalar boy va go‘zal, deya o‘yga tolasiz…
Yana daftarimni varaqlayman. Bu ko‘chirmalar u kishining tarjimasidagi “Telba”dan, bunisi — mashhur hind eposi “Panchatantra”dan, mana bunisi — “Qiyomat”dan, unisi “Chol va dengiz”dan, “Alvido, qurol”dan, “Qimorboz”dan…
Yo‘q, Ibrohim G‘afurov shunchaki ruschadan o‘zbek tiliga tarjima qilib qo‘ya qolmaydi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha jild-jild kitoblarni o‘zbek tilida “qaytadan” yozadi, tom ma’noda “o‘zbekchalashtiradi”, tarjimaga ijodiy yondashadi.
“Obiyati qochgan bashara” deb tarjima qiladi u. “Atrofga sarasof soldi”, “sas-sabarsiz yurib borardi”, deydi u. “Xunoba yotdi”, “ruhafzo so‘zlar”, “g‘addor qo‘rqinch”, “arjumand sezdi”, “munoqasha qildi”, “tavobga turdi”, “kiynakohlik bilan qaradi”, “vorasta ko‘ngil”, “virdi zamon qildi”, “yukinib keldi”, “qazovu qadarda yozilgan taqdir”, “poku tabar etdi”, “ozurdadil kimsa” deb yozadi u.
Ayni chog‘da, “voqean”, “zotan”, “pirovardida”, “chunonchi”, “alhol”, “zero”, “boqi” singari so‘zlardan, birikmalardan shunday o‘rinli foydalanadiki, havasing keladi kishi.
Bu so‘zlar, iboralar, xatti-harakatlar, portretlar, sifatlar, holatlar va tasvirlar har qanday o‘quvchini hayratga solishiga, uning yuragida ona tilimizga nisbatan bitmas-tuganmas g‘urur va iftixor tuyg‘ulari uyg‘otishiga ishongim keladi.
Shu o‘rinda, bir narsani aytib o‘tmasam bo‘lmas. U ham bo‘lsa, shaxsan o‘zim bir kitobxon va qalamkash sifatida Konstantin Paustovskiyning “Zolotaya roza”, Somerset Moemning “Podvodya itogi”, Ernest Xemingueyning “Prazdnik, kotorыy vsegda s toboy”, Ivan Turgenevning “Stixotvoreniye v proze”, Aleksandr Grinning “Alыe parusa”, Sharl Bodlerning “Gigiyena”, A. Seytlinning “Trud pisatelya” singari mashhur kitoblarini aynan Ibrohim aka tarjimasida o‘qishni istardim. To‘g‘ri, ularning ayrimlari o‘z vaqtida o‘zbek tiliga tarjima qilingan va men muhtaram tarjimonlarimizning mehnatini kamsitmoqchi emasman. Ammo, mening nazarimda, har bir qo‘shiqchi o‘ziga xos va o‘ziga mos, ovozining “tenor” yo “bariton”ligiga qarab qo‘shiq aytgani kabi, har bir asarning ham o‘z tarjimoni bo‘ladi. Boshqalarni bilmadimu, Ibrohim aka ana shunaqa tarjimon. O‘z ovoziga, o‘z so‘ziga, o‘z uslubiga ega ijodkor.
Shu yil yoz oylarining o‘rtalari. Begim kunlarining birida saharlab Ibrohim aka bilan bir ma’raka oshida uchrashib qoldik va suhbatlashib, piyoda Amir Temur xiyoboni oralab ketdik.
Shu yerda men birinchi marta uning tarjimalariga bag‘ishlangan “daftarim” haqida og‘iz ochdim. Ibrohim aka buni eshitib, o‘z tarjimalarida ishlatgani kabi “yuzida taajjub ifodasi zohir bo‘ldi”. Kulimsirab qo‘ydi-da, “Yaxshi ish qilibsiz. Kitobni o‘zi shunaqa qilib o‘qish kerak. Yozuvchi odamga bu juda asqotadi…” dedi.
Keyin men tarjimalardagi ayrim so‘z va iboralarni tushunib yetmaganim, ularning ma’no va mazmuni haqida so‘radim.
— Bu so‘z forsiy, bu so‘z arabiy, bu so‘z turkiy deb qarab o‘tirish kerak emas, — dedi u kishi o‘ychan ohangda. — Har bir so‘zning o‘zimizda variantlari ko‘p. Tillar hamisha bir-birini boyitadi. Buning uchun loaqal Alisher Navoiy hazratlarining asarlariga tuzilgan to‘rt jildlik izohli lug‘atni varaqlab chiqish kifoya. Bu kitobni men har qanday ijodkorning yozuv stolida turishini xohlardim…
— O‘sha… Sizning tarjimalaringizdagi so‘zlar, iboralardan yozganda foydalanish mumkinmi? — yana qo‘rqa-pisa so‘radim men.
Ibrohim aka yelkalari silkinib kulib yubordi.
— O‘g‘irlik qiladigan odam aytib qilmaydi, Erkin, — dedi u. — Qolaversa, muhtaram Qodiriy “Yozuvchi “gap o‘g‘risi” bo‘ladi” deb bejiz aytmaganlar. Til hammamizniki, adabiyot hammamizniki. Agar ulardan unumli, o‘rnida foydalansalar faqat xursand bo‘lardim.
…Qaysi kuni o‘zimcha “Tarjima daftari” deb nomlab olgan daftarimni varaqlab o‘tirib, ustoz Ibrohim G‘afurovning bilimi, didi va mahoratiga yana bir karra qoyil qoldim va shu tobda xayolimga kelgan fikrdan quvonib ketdim.
“Nega endi Vahob Ro‘zimatov, Qodir Mirmuhamedov, Mirkarim Osim, Mirziyod Mirzoidov, Hasan To‘rabekov singari ustoz tarjimonlar o‘zbek tiliga o‘girgan asarlarga ham shunday “daftar-lug‘atlar” tuzish mumkin emas, deya o‘ylanib qoldim va o‘sha kuniyoq bu ishga kirishdim.
Bunga ham ustoz Ibrohim G‘afurov va u kishining go‘zal tarjimalari sabab bo‘ldi…
Erkin Usmonov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 48-sonidan olindi.