Marhabo Qo‘chqorova. Xurshid Do‘stmuhammad qissachiligida metafora va timsolli ishoralar

Hozirgi o‘zbek nasrining faol yozuvchilaridan biri Xurshid Do‘stmuhammad hisoblanadi. Muallif shu kunga qadar prozaning roman, qissa, hikoya, esse, badia’ janrlarida barakali ijod qildi. Qissa nasrning o‘rta janri bo‘lib, roman, hikoya, esse kabi boshqa janrlar orasida uning alohida o‘rni bor. O‘zbek adabiyotida qissa janri juda uzoq tarixiy jarayonni boshidan o‘tkazdi. Xalq ijodining og‘zaki qissaxonlik an’analari, payg‘ambarlar haqidagi diniy qissalar, muhabbat qissalari, mumtoz adabiyotdagi qissachilik (dostonlar tarkibida va Rabg‘uziyning “Qur’oni karim” ta’sirida yaratilgan payg‘ambarlar qissasi “Qisasi Rabg‘uziy”), sho‘ro davri povest janri, modern qissalar ta’siridagi qator omillar bugungi o‘zbek qissachiligi uchun asos va poydevor bo‘lib xizmat qildi. Zamonaviy o‘zbek qissachiligi tarixida realistik an’anaviy qissachilik, vulgar sotsialogik qissachilik, kinoyaviy qissachilik va modernistik qissachilik ijodiy an’analari va tajriba-ko‘rinishlari vujudga keldi. Xurshid Do‘stmuhammad 80-yillar adabiy avlodiga mansub bo‘lib, muallifning jami o‘nta qissasi uning bu janrdagi o‘ziga xos ijodiy izlanishlarini namoyon etib turibdi. Qissa janriga xos muhim nazariy belgilardan biri unda bitta qahramonning to‘laqonli sarguzashti hikoya etilishidir. Qissa roman bilan hikoya o‘rtasidagi janrdir. Shunga ko‘ra qissada ba’zan roman janriga xos unsurlar, ba’zan esa hikoya, novvellaga xos unsurlar ko‘rinish berib qoladi. Keyingi paytdagi nazariyotchi olimlar va o‘zimizning bu janr borasidagi kuzatishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qissa dominant bo‘lgan asarda albatta, unga xos muhim belgilar bilan bir qatorda ba’zan boshqa janrlar (roman, novella, hikoya, esse, xotira)ning ham unsurlari ishtirok etaveradi. Lekin baribir, qissa janrining dominantligi hisobiga qissa bo‘lib qolaveradi.

Qissa yozuvchilarimiz tomonidan zamonaviy milliy adabiyotimizda ko‘p bora sinovdan o‘tkazilgan va yanada tajribadan o‘tkazilayotgan, natijada uning turli xil qirralari kashf etila borayotgan janrlardan biri. Shu ma’noda, serqirra ijodkor Xurshid Do‘stmuhammadning bu janrda yaratgan badiiy yaratiqlari o‘ziga xosligi, an’anaviy qissachilikdan farq etadigan qator badiiy-g‘oyaviy xususiyatlari bilan ahamiyatga molik. Nazarimizda, Xurshid Do‘stmuhammad qissalarida muallifgacha yaratilgan 70 yillik zamonaviy qissachilikning sotsial (maishiy) tomoni, mafkuraviy g‘oyabozlikdan (sotsialistik, kommunistik siyosiy ideologiya) voz kechilgani bilan originallik, o‘zgachalik kasb qiladi. Hozirgi o‘zbek adabiyotining iste’dodli vakili bo‘lgan ijodkor “Qissanavis” sifatida olam va odam muammolarini yangicha rakursda turib badiiy taftish etadi. Bu yangilik, avvalo, qahramon botini, uning o‘y-xayollari, ruhiyatida sodir bo‘lgan ikkilanishlar, azoblar, zo‘riqishlar, o‘zini o‘zi taftish, muhokama etish, fikrlayotgan insonning kechinmalari tasvirining bo‘rtiqligi bilan shu kungacha yaratilgan qissanavislardan farq etadi. Muallif qissalarida Sharq va G‘arb ijodiy an’analarining sintezini kuzatish mumkin.

Binobarin, Xurshid Do‘stmuhammadning “Nigoh” qissasida tramvay haydovchisi Bekning ruhiy sarguzashtlari, “Panoh”da Ahmadalining zilziladan so‘ng ammasinikidan uyigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish jarayonidagi o‘y-xayollari va ko‘rgan-kechirganlari, “Oromkursi”da Ko‘klamali Tongotarovning oppoq oromkursiga ishqu muhabbati,  “Chayongul…”da Gulgunning jinoyati bilan bog‘liq sarguzashtlar, “So‘roq” qissasida Bozorning sarguzashti, “Hijronim mingdur mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”da ayol va erkak o‘rtasidagi buyuk muhabbat yozishma, “Kuza..”da Umidning Ustoz oldida, oilada, do‘stlari davrasidagi ruhiy kechinmalari, “Katta ko‘cha”da S.Aliyevning ishdan bo‘shab, amalkursisi bilan uyga qaytish sarguzashti hikoya etiladi. Xullas, muallif har bir qissasida biror bir ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan yoki juda tanish bo‘lgan taqdir sohibi (Bek, Ahmadali, Ko‘klamali Tongotarov, Gulshod, Gulgun, Bozor, Umid, S.Aliyev va boshqalar) haqida yoyinki, biror bir kutilmagan voqea haqida (tramvay va volga yo‘lhalokati paytida sodir bo‘lgan voqea (“Nigoh”), zilzila va undan so‘ng sodir bo‘lgan qahramon ruhiyatidagi zo‘riqishlar, xavotirlar (“Panoh”), Oromkursiga, oppoq rangga mubtalo, kasal bo‘lib qolgan qahramon fojiasi (“Oromkursi”), nomusi toptalgan singil fojiasidan so‘ng sodir bo‘lgan qotillik (“Chayongul…”), uchar likopchada uchib kelib, so‘roqqa tutgan o‘zga sayyoraliklar tashrifidan so‘ng sodir bo‘lgan Bozor va zavod ishchilari ruhiyatida, qishloqda yuz bergan voqealar (“So‘roq”), Rassom yigit va qizning bir-biriga yozgan sevgi maktublari (“Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Ro‘yo”), Umidning donishmand Ustozi, ruhiy xasta Opasi, tadbirkor do‘stlari qurshovida kechgan muloqot va o‘y-xayollari xususida kitobxonga o‘zgacha bir uslubda qissa bitib, taqdim etadi. Xurshid Do‘stmuhammadning eng so‘nggi qissasi esa XX asr zamonaviy o‘zbek nasrining ulkan darg‘asi Abdulla Qodiriyning qamoqxonadagi kunlari (“Yolg‘iz”) haqida hikoya etadi. Abdulla Qahhor arxivini o‘rganganimizda, adibning “Abdulla Qodiriy”ga bag‘ishlangan maqola qo‘lyozmalari va kundalik qaydlarida benazir iste’dod sohibi Qodiriyga “Yozuvchilar Amiri” degan yorliqni berganini o‘qidik. Xurshid Do‘stmuhammad “Yolg‘iz” qissasida ilk bor o‘zbek yozuvchilarining Amiri Abdulla Qodiriy badiiy siymosini yaratishga urindi.

Tabiiyki, Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining o‘nlab qissalari bilan hozirgi zamonaviy milliy modern qissa janri tabiatiga bir qator yangilanishlarni olib kirdi. Nazarimizda, bu yangilanish va sifat o‘zgarishlar quyidagilarda yaqqolroq ko‘rinadi.

Xurshid Do‘stmuhammad intellektual nasr namoyondasi sifatida murakkab syujet qurilishi, Sharq va G‘arb adabiyotining ilg‘or, umuminsoniy badiiy g‘oyalarini mujassam etgan qissa janrining go‘zal namunalarini yaratdi. Muallif qissalarida ijtimoiy muammo yetakchi mavqega chiqmaydi, balki, ruhiy muammo, inson botinida sodir bo‘lgan murakkab, kutilmagan bir vaziyat, holat, kayfiyat, kechinma, ongostidagi ruhoniy voqelik (o‘z o‘zini tahlil etish – samonanaliz) birlamchi badiiy talqin hadafiga aylanadi. Muallif qissalari shaklan G‘arb qissachiligi ta’sirida yaratilgandek (“Chayongul…” va “Oshkora Qotillik” (Gabriel Garsia Markes), “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Ro‘yo” va “Kambag‘allar” (M.F.Dostoyevskiy), “Kuza…” va “Jarayon” (Kafka) taassurot paydo qiladi. Ammo bu zohiriy o‘xshashlikni yetakchi tendentsiyaga, ijodkorning individiual ijodiy uslubi sifatida qabul qilmaslik kerak, chunki X.Do‘stmuhammad qissalarida voqealar ham, qahramonlar ham o‘ta milliy yaratiladi. Muallif ko‘pda qissalar to‘nini, ya’ni syujeti va kompozitsiyasini G‘arb qissachiligi, Yevropa nasri andozalari asosida bichsada, aslida Sharq adabiyoti, xususan, musulmon odami uchun xos bo‘lgan islomiy ma’rifat, islomiy dunyoqarash bilan badiiy talqin va taftish etadi. Eng muhimi, Xurshid Do‘stmuhammad qissalarida shunchaki hayotda sodir bo‘lgan istalgan bir voqea hikoya etilmaydi (yo‘lhalokati, zilzila, kursiga muhabbat, uchar likopchadagi o‘zga sayyoralik so‘rog‘i, kuzatuv, ta’qib, amalkursini yetaklab uyiga qaytgan mansabparast qissasi), aksincha, o‘sha oddiy voqeaga ulkan badiiy-falsafiy ma’no yuklanadi. Voqelik ham, qahramon o‘ylari ham metaforalashadi, ijodkorning har bir qissasida yuksak darajada badiiylashgan poetik metaforalashgan obrazni ko‘rish mumkin. “Nigoh”da qo‘rqinch, xavotir, tahlika, olaygan, qoraygan, qiyshaygan, yumilgan nigohlar ramziylashtirilsa; “Oromkursi”da oppoq, savlatli, yungdor Oromkursi – amalparstlik ramzi sifatida, kursiga oshiqlik amalparstlikka chalingan genetik kasallik ramzi sifatida; “Kuza…”da ta’qib, kuzatuv, jamiyat nazorati, Kuzatuvchi va kuzatiluvchi obrazlari ramziylashtiriladi; “Katta ko‘cha”da ishdan, amalidan ayrilgan keksa amalparastning Amal kursiga o‘chligi, katta ko‘chaga haydalashi ramziylashtiriladi; “So‘roq”da Olloh dargohida so‘roq qilinmasdan oldin odam o‘zini o‘zi So‘roq qilib turishi kerakligi ramziylashtiriladi va h.zo.. “Chayongul…”da esa ayollar or-nomusi himoya qilinmagan jamiyatda Chayongul qotillar (Ayollar jinoyati) paydo bo‘lishi ramziylashtiriladi.

Xullas, Xurshid Do‘stmuhammad qissalariga xos eng muhim badiiy uslubiy xususiyat yozuvchining metaforalar, allyuziya, timsolli ishoralar, ramzlar, istoralar, o‘xshatishlarga boyligi bilan e’tiborni tortadi.

Xurshid Do‘stmuhammad qissalarining yaratilish sanasiga diqqat karatsak, “Nigoh” (1982-1985), “Panoh” (1987-1988), “Oromkursi” (1990), “Chayongul” (1991), “So‘roq” (1991), “Uch izhor: Hijronim mingdur mening, Men – sensiz, sen – mensiz, Go‘yo ro‘yo” (1991-2010), “Kuza” (2008-2010), “Katta ko‘cha” (2011-2012), “Yolg‘iz” (2017-2018) yillarda yaratilgan. Yillar bu –  Umr. Yillar bu – ijodkorning tajriba to‘plab, yanada pofessionallashib, yozuvchilik kasbini mukammal egallashi uchun sinov imtihon maydoni. Xurshid Do‘stmuhammad hademay qirq yildan beri QISSA yozish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu bir inson umrining kattagina qismi. Ayni kamolotga to‘lib, pishib yetilgan fasli. To‘g‘ri, bir janrda tinmay qog‘oz qoralayverish mumkin. Lekin hech qanday ijobiy natijaga erishmaslik fojiasi turadi, yozuvchining oldida. Yozuvchi aqliy mehnat egasi. Sportchi jismoniy mehnat egasi. Har ikkisi solishtirilganda, har ikkisi ham o‘zining boshqalardan ajralib turadigan favqulodda salohiyatini (yo aqlan, yo jisman)  namoyon etadigan kishilardir.

Xurshid Do‘stmuhammad nasri o‘quvchini mudom o‘ylantirib, mushohada-mulohaza yuritishga, kitobxonni faol fikrlashga o‘rgatuvchi intellektual jihatdan baland ijod. Shuning uchun ham Xurshid Do‘stmuhammad nasri oddiy xalq orasida ham ommabop bo‘lib keta olmaydi. Yozuvchi ko‘proq elita nasr namunalarini yaratdi. Bu o‘rinda, nafaqat yozuvchining qissalarini nazarda tutayapmiz. Balki, adibning “Bozor”, “Donishmand Sizif” romanlari, “Ibn Mug‘anniy”, “Nusxakashning merosxo‘ri”, “Ko‘z qorachig‘idagi uy”, “Mehmon”, “Jajman”, “Jimjitxonaga yo‘l”, “Jim o‘tirgan odam”, “Qichqiriq” kabi o‘nlab hikoyalarini ham nazarda tutayapmiz.

Eng xarakterlisi, Xurshid Do‘stmuhammad qay janrda asar yaratmasin, ularda ming yillik islomiy milliy an’analar bilan shaklan modernistik badiiy uslubiy izlanishlar mahsuli qorishib ketadi. Umuman olganda, ijodkorning xoh hikoyasimi, hoh qissasimi, hoh romanimi, ularning barchasida yangilikka o‘chlikni ko‘rish mumkin. Ijodda yangilik qilish esa hamma ijodkorning ham qo‘lidan kelavermaydigan ish. Ijodiy o‘sish, yangi-yangi uslubiy izlanishlarni yaratish murakkab jarayon. Binobarin, yozuvchining o‘zi muharrir bilan bo‘lgan bir suhbatida shunday yozadi: “Bir umr o‘zining bir xil uslubidan voz kecholmagan, uning iskanjasidan qutila olmagan va shu ishni to‘g‘ri va ma’qul deb hisoblagan yozuvchi-shoirlar bor. Shaxsan mening qarashlarim sal o‘zgacharoq, ya’ni uslub o‘zgarmasa, dunyoqarash, hayot murakkabliklarini badiiy idrok va ifoda etish yo‘sinlari o‘zgarmasa, shu yo‘lda turfa tajribalarga qo‘l urmasa, bunday yozuvchi nafaqat milliy adabiyotda, loaqal o‘z ijodida ham biror yangilik yaratishi amrimahol. Tasavvur qiling, yozuvchi umri mobaynida mingta hikoya yozsa-da, ularning bari bir xil uslubda bo‘lsa?! Voqea, syujet xilma-xil, maqsad, ifoda tarzi esa bir xil! Axir odamlarning har biri alohida bir olam emasmi?! Har bir ruhiy holatga, ruhiy iztirobga yangicha, jilla qursa, o‘zgacharoq yondashish mumkin-ku”[1].

Xurshid Do‘stmuhammad badiiy ijod tabiatini shunday tushunadi va shunga qat’iy amal qiladi. Shu ma’noda, adib qissalarining har birida yangilik ifori bor, yangicha uslubiy izlanishlar va yangi metaforalar ko‘zga tashlanadi.

Yozuvchining “Oromkursi” qissasi haqida U.Normatov, R.Qo‘chqor kabi ko‘plab olimlar yozishdi, asardagi metaforik obrazlar mohiyatini ochib berishga urinishdi. Ammo yozuvchining o‘zi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida tadqiqotchilar bilan ijodiy uchrashuvda bu qissada ko‘zlagan maqsadi, asarning yaratilish biografiyasi haqida mutlaqo xayolga kelmagan bir gapni aytdi. Yozuvchining aytishicha, u kunlardan bir kun qayerdadir rangparastlik kasalligi haqida o‘qib qoladi. “Oyparast odam” haqida eshitganmiz. “Rangparast odam” haqida eshitmaganmiz. Mana shu kutilmagan  ruhiy kasallik bilan bog‘liq holat yozuvchini o‘ziga tortadi. Adib rangparast odam obrazini Ko‘klamali Tongotarov qiyofasida tasavvur etadi. Bu “Oromkursi” qissasining yaratilishi uchun ilk xamirturush edi. Ikkinchisi esa kunlardan bir kun Xurshid Do‘stmuhammad Aspirantlar yotoqxonasiga boradi. Yozuvchi devorda ilig‘liq turgan aspirantlar ro‘yxatiga ko‘zi tushib, ism va familiyalarni ko‘zdan kechiradi. Bexosdan Ko‘klamali ismiga ko‘zi tushadiyu, yozuvchining yuragiga lag‘cha cho‘g‘ tushadi. Shunday qilib, yozuvchi “Oromkursi” qissasi qahramoniga ism ham topadi. Bu “Oromkursi” qissasining yaratilishi va qahramon ismi va ruhiy holatining yaratilish tarixi bilan bog‘liq ijodkorning o‘z og‘zidan eshitilgan gaplar. Nazarimizda, badiiy asar tahlilida ijodkor laboratoriyasini ochishda bunday detallar, faktlar juda muhim rol o‘ynaydi.

Qarangki, olimlar shu paytgacha “Oromkursi” va “Ko‘klamali Tongotarov” obrazlariga ijtimoiy ramziy ma’no yuklab kelishdi. Ammo yozuvchining o‘zi bu qissa va obrazda ruhiy muammoni ochib bermoqchi bo‘lganini e’tirof qildi. Qissa qahramoni Ko‘klamali Tongotarov amaldor shaxs Janobali Tongotarovning o‘g‘li. Bu qissada ijtimoiy va ruhiy muammo sifatida ilgari surilgan “mansabu martabaga mute’lik”, “oromkursini sevish kasalligi” kabi g‘oyalar “Katta ko‘cha” qissasida badiiy tadrij etdi. Hatto “Katta ko‘cha”da “Oromkursi” qissasi va uning qahramoniga ochiq badiiy ishoralar (allyuziya) beriladi. Masalan: “S.Aliyevich oliy o‘quv yillarida guvohi bo‘lgan g‘alati bir voqeani eslab ketdi. Qaysidir bir viloyatdan kelgan tolibi ilm yigit boridi. Chakki yigit emasdi boyaqish. Xushmuomala, kamgap, odmi… Odamovi… Ismi Ko‘klamali edi. O‘zi bo‘ydog‘u, oilalilar yotog‘ida, to‘qqizinchi qavatdagi shinam xonada yolg‘iz yashardi.  Nimadir bo‘ldiyu… yigit xonada yoliz emas ekan, degan gap tarqadi… S.Aliyevich kursi suyanchig‘ini ikki qo‘llab tutganicha qah-qah otib  kulib yuborayozdi, xumpar-ey, deb beozorgina g‘udrandi. Xullas, Ko‘klamali tushmagur xonasidagi oromkursiga oshiqu beqaror ekan! O‘ziyam kursi sadafdek oq, bejirim, gavhardek ko‘zni oladiganidan ekan! Qiziq-da, oromkursilar odatda qora, qo‘ng‘ir, qoramtir … oqini juda kam ko‘rgan S.Aliyevich. Nima falokat bosib Ko‘klamali o‘shanaqasiga ro‘para kep qolgan, o‘shaning ishqida ilm-silmini yig‘ishtirib qo‘yib, oymisol oromkursi bilan apoq-chapoq hangomalashib kunni kun demay, tunni tun demay xonadan bir qadam jilmaydigan yangi kuyovbolaning ahvoliga tushgan-qo‘ygan. Kasallik-da! Kasallik bo‘lganida ham, inson aqli hali ilg‘ab, kashf etmagan. Ofatijon jononlarni eslatuvchi marmardek, marmar ham gapmi, sadafdek oppoq kursiga mubtalolik xastaligi!..”[2].

Yozuvchi “Katta ko‘cha” qissasida “Oromkursi”ga va uning bosh qahramoniga badiiy ishora (allyuziya) qilish orqali asarda yana bir yangi uslub yaratadi. Ko‘klamalining otasi Janobali Tongotarov ishxonasidagi qip-qizil kursisiga oshig‘u mubatalo bo‘lib, bu genetik kasallik ota qonidan o‘g‘il (Ko‘klamali)ga o‘tadi. Bu haqda qissada Ko‘klamalining onasi va qahramonning o‘y-xayollari orqali shunday deyiladi: “Otangning fikri-yodi idoradagi kursida edi… Qizil suyanchiqli oromkursilarni senlardan, mendan ortiq ko‘rar edilar, rahmatli…” Ana, Ko‘klamalining o‘ylagani tasdiqlandi – idoradagi mansab kursisi otasining joni bo‘lgan! Yotsa ham, tursa ham o‘sha oromkursi girdida aylanib-o‘rgilgan. Har safar xotini boshqorong‘i bo‘lganida “O‘g‘il ko‘rsam, shu kursini meros qoldiraman”, deb o‘ylab rejalar tuzib yurgan, qiz ketidan qiz tug‘ilavergan – yillar mobaynidagi orzu-niyat qoniga o‘tgan va qarabsizki, ajoyib kunlarning birida o‘sha botiniy orzu-niyatlarning ijrochisi sifatida Ko‘klamali tug‘ilgan… otasining dilidagi tiliga ko‘chgan”[3].

Bizningcha, otasining qizil oromkursiga oshiq bo‘lishi bu sho‘ro davridagi amalparstlikka ramziy ishoradir. Qizil rang bu sho‘rolar hukumatining ramziy rangi edi. Ko‘klamali  esa otasidan farqli ravishda oq rangli oromkursiga oshiq bo‘ladi. Amalparastlik kasalining fojiasini chuqur anglab yetgan qahramon o‘zini balkondan tashlaydi. Yozuvchi qahramonning ichki ruhiy to‘lg‘onishlarini, bu rangparastlik va amalparastlik, oromkursiga oshiqlik kasalining og‘riqli azobini tahlil etadi.   Ko‘klamali bu ruhiy xastalikning otasidan meros bo‘lib o‘tganini anglab yetadi, obro‘ va orom, hammasidan voz kechib, oddiy odamlardek yashashni istaydi. Ammo qahramon bu ruhiy xastalikni yenga olmaydi. O‘z joniga qasd qiladi.

Yozuvchi X.Do‘stmuhammad millatimiz geniga singib ketgan ijtimoiy muammolarni ruhiyat bilan bog‘liqlikda tahlil etadi. Masalan, amalparastlik, qo‘rqoqlik kasalining milliy genga kirib chuqur ildiz otganini nihoyatda teranlik bilan badiiy talqin qiladi. Adibning “So‘roq” qissasi hadisdan olingan ushbu epigraf bilan boshlanadi: “So‘roqqa tutilmay turib, o‘zlaringni o‘zlaring so‘roq qilinglar”[4].

Xurshid Do‘stmuhammad islom falsafasi va islom ma’rifatini ancha chuqur o‘rgangani qissalarida ham seziladi. “So‘roq” qissasi uchun o‘tgan asrning 80 yillari voqealari asos qilib olingan. Paxta zavodidagi qo‘shib yozishlar, zavoddagi o‘g‘irliklar mazkur qissada fosh etiladi. Bozor asli traktorchi bo‘ladi. Uylangach, katta miqdorda qarzga botib qolib, kattaroq daromad topish uchun paxta zavodga ishga kiradi. U Aminvoy guppining yordamida ishga joylashib oladi. Qissada paxtaquliga, soxta raqamlar quliga aylangan o‘zbek millatining ulkan fojialaridan biri qalamga olinadi. Yozuvchi qissada ramziy va kinoyaviy ohangda bu qishloq nomini “Paxtaqaynar” deb nomlaydi. Paxtaqaynar toponimi beixtiyor bizga xalq ertaklaridagi “Qaynar xumcha” sehrli detal nomini esga solib yubordi. Umuman olganda, yozuvchi mazkur qissada xalq ertaklari, fantastik qissalarga xos bir qator detallar va ijodiy uslubdan nihoyatda unumli foydalangan. Xolis sayyorasidan uchib kelgan noma’lum jism “Uchar barkash”lar detali fantastik asarlarga xos unsurlar bo‘lsa, qissa matnidagi xalq ertaklariga xos bayon uslubi esa asarning xalqona bir tilda yozilganini ko‘rsatadi. Yozuvchi millatning milliy an’ana va e’tiqodlaridan ayrilishni ildizsiz daraxtga o‘xshatadi. Ildizsiz daraxt bu ramziy ma’noda sho‘ro tuzumida milliy an’anaviy e’tiqodlaridan, qadriyatlaridan voz kecha borayotgan davrga ramziy ishoradir. Xurshid Do‘stmuhammad voqealarni hayotdan aynan nusxasini ko‘chirmaydi. Balki, hayotiy voqealarni badiiylashtiradi. Masalan, “So‘roq”da ham bir qator badiiylashgan lavhalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Bozor “uchar barkash”da uchib kelgan o‘zga sayyoraliklarning so‘rog‘i tufayli qo‘rquvdan boshi kichrayib, ovozi ingichkalashib, ikkiqat xotini Shabnamning pinjiga tiqilib oladi. Nazarimizda, “Uchar barkash”da kelgan o‘zga sayyoraliklar ramziy ma’noda “Vijdon”ga ishora beradi. Paytaqaynarliklar o‘zga sayyoraliklar tashrifidan so‘ng, sarosimaga tushib qolishadi. Ayniqsa, paxtazavod rahbarlari yuragiga g‘ulg‘ula tushadi. Chunki, ular o‘zlarining o‘g‘irliklari, qing‘ir ishlari ochilib qolishidan qo‘rqishadi. Paxtaqaynarliklar umrida ko‘rmagan oqsoqol va uning farmon va buyruqlarini bosh ko‘tarmasdan qilishga mahkum etilgan xalq bu ramziy ma’noda Kompartiyaning bosh sekretari va sho‘ro tuzumidagi paxta yetishtirib ixtisoslashtirilgan O‘zSSRga ramziy ishoralardir. Qissa qahramoni Bozor vahima va qo‘rquv kasalini yengib o‘tadi. U qo‘rqoq quldan erkin, fikrlovchi  odamga aylanadi. Nazarimizda, qissadagi mana bu yechim o‘zbek millatining bir kun kelib, uyg‘onishiga ramziy ishora beradi.  Bozor o‘zini so‘roqqa va savolga tuta-tuta qo‘rquvni yengib o‘tadi. Mana qahramon xotini Shabnamga nima deydi: “Axir, men bir oy, yo‘q – ikki oy, yo‘q – uch oydan buyon o‘zimni tergayapman… savollarga ko‘milganim sayin boshqacha bo‘lib qolayapman, tushunyapsanmi, qo‘rqmayapman!.. Tasavvur qigin – ichimdagi vahimaning barini quvib solyapman, so‘ng, qo‘rqmaydigan odamga aylanaman, qo‘rquv ne ekanni unutaman-da, odamga aylanaman, odamga!..”[5]. Kuzatib turganimizdek, qissa qahramoni Bozor qo‘rquv, vahima kasalini yengib o‘tadi. Bu esa jaholat va razolat ichida mudrab yotgan xalq va uning kun kelib, uyg‘onishiga ramziy ishoralardir.

Xurshid Do‘stmuhammad “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik” qissasi uchun hayotiy faktlarni Qashqadaryo viloyatining … tumanida sodir bo‘lgan jinoyat tafsilotlari asosida yozganini aytdi. Yozuvchi qissada nomusi toptalgan o‘smir qiz (Gulish – Gulshod), singlisining va oilasining or-nomusini himoya qilishga otlangan opa (Gulgun)ning ko‘zi qonga to‘lib, Ashurni o‘ldiraman deb, uning norasida ukasi Akmalni pichoqlab qo‘yib, jinoyatga qo‘l urishini badiiy  asar o‘laroq taqdim etadi. X.Do‘stmuhammad qissaga shunchaki sud materiallarini ko‘chirganida bu hujjatli ocherk, publitsistik maqola bo‘lib qolardi. Ammo yozuvchi hayotiy materiallarni (sud hujjatlarini) va jinoyatga qo‘l urgan ayol va ikki qizning onasi Chuchuk momoning gap-so‘zlari, dardu hasratlarini eshitib, o‘rganib, shu qadar go‘zal va badiiylashgan qissa yaratadiki, unda qo‘llangan tasodifiy badiiy shartlilik usulini ko‘rib, hayratlanasiz. Qissada tasodiflar zanjiri uzun to‘rdek to‘qilgan. Tasodifiy badiiy shartlilik qadim yunon mifologiyasida, antik yunon adabiyotida ham, o‘zbek xalq doston-ertaklarida ham juda ko‘p bora sinovdan o‘tgan usul hisoblanadi. Shuningdek, A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida ham “tasodifiylik badiiy shartli usuli” juda muvaffaqiyatli ishlatilgan. Otabek bilan Kumushni tasodiflar uchrashtirmadimi?

Qissa qahramoni jabrlanuvchi (nomusi toptalgan qiz Gulish) qora taqdir, shum qismat yozig‘iga ko‘ra yakka o‘zi yolg‘izoyoq yo‘ldan o‘tib, baliq ovlayotgan Ashurga duch keladi. Ashurning ichidagi yovvoyi his tufayli suvga shaloplab yiqilib tushgan Gulishni bag‘riga olib, nomusiga tegishdek jirkanch ishga qo‘l uradi. Adib shunday yozadi: “Afsuski, shu daqiqalarda juda ko‘p hodisalar aksiga oldi: “Gulshodlar sinfining pomidor terimiga borishi – Gulgun bolasini yetaklab, bo‘g‘chasini qo‘ltiqlab onasinikiga kelishi – opasi tufayli Gulshod dugonalaridan yolg‘iz qolishi – tanachaning g‘oyib bo‘lishi – Akbar uni topib kelmagani – otasi Ashurga zarda qilgani – Ashur ko‘l yoqasidan uzoqlashay deganda, qamishzorga qisilib qolgan baliqni ko‘rib qolishi – ayni shu payt Gulshodning chelak ko‘tarib o‘tishi… bir-biriga mutlaqo daxlsiz tafodiflar bog‘lana-bog‘lana fojia zanjirini hosil qilgani shumikan?”[6]. Yozuvchi shum taqdirning tasodiflar zanjiri asosida Gulgunning va Gulgun oilasining, shuningdek, Ashur va Ashur oilasining katta fojiasini ochib beradi. Ikki oila ham farzandlaridan ayrilib jaholat botqog‘iga botadi. Gulgun nomusi poymol bo‘lgach, sovchi kuta-kuta oxiri o‘zini osadi. Gulgunning opasi esa adolat o‘rnataman deb, Ashurni o‘ldiraman deb, uning ukasini zang bosgan pichoq bilan pichoqlab o‘ldiradi. Qissada dramatik lavhalar, nomusi toptalgan yoshgina o‘smir qizning ruhiy kechinmalari, ona va opaning ruhiy kechinmalari, ayniqsa, ona-qizning ruhiy holati ikki syujetli chiziqda esh tasvir sifatida berilishi asarda qo‘llanilgan tesha tegmagan badiiy usullardan sanaladi.

Xurshid Do‘stmuhammadning mazkur qissani yozishi uchun qizlarning onasi Chuchukmomo (qissada uning ismi Chamanmomoga o‘zgartirilgan – ta’kid bizniki. – M.Q.) sababchi bo‘lgan. U yozuvchiga qamalib ketayotgan ikkinchi qizining qamoq muddatini qisqartirishga yordam berishini so‘rab kelib, bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib beradi. Shu tariqa yozuvchi, sud tafsilotlari va hujjatlarini o‘rganib, oldiniga publitsistik maqolalar e’lon qiladi. Qamoqqa olingan Gulshod bilan uchrashib, suhbatlashadi. Yozuvchi tasodiflar tufayli johillik qurboni bo‘lgan qizcha va bolacha haqida uning fikrlarini eshitadi. Natijada, Gulshodning qamoq muddatini kamaytirishga erishadi.

Demak, yozuvchini qalamga olishga undagan birlamchi sabab G.G.Markesning “Oshkora qotilik” qissasi emas. Aksincha, o‘zbek maishiy hayotida tez-tez uchrab turadigan hayotiy voqea bo‘lib chiqdi.

Xurshid Do‘stmuhammadning “Kuza…” qissasi ham syujet qurilishi, asarda qalamga olingan badiiy-falsafiy g‘oyasi bilan kitobxon tasavvuriga yangilik olib kiradi. Avvalo, qissaning nomlanishiga e’tibor bersak, “Kuza…” so‘zi “kuzatuv” so‘zidan olingan. Qissa bosh qahramoni Umid uch xil badiiy makonda harakatlanadi. Voqealarning uch badiiy makonda tasvirlanishini shartli ma’noda “Ustoz-Umid syujet yo‘nalishi”, “Umid-ruhiy xasta Opa syujet yo‘nalishi”, “Umid-Aziz-Farhod do‘stlar syujet yo‘nalishi” deb ajratdik. Qissada jamiyatdagi kuzatuv, bandaning banda ortidan kuzatuvi, ruhiy xasta Opaga vasiy uka Umidning kuzatuvi kabi ko‘pdan-ko‘p g‘oyalar, mayda syujetlar birlashib, oxirida Olloh kuzatuvi hammasidan ham oliy ekanligi haqidagi badiiy falsafaga urg‘u beriladi. Qissaning mana shu yakun bilan tugallanishi ana shunday xulosalarga olib keladi:

“Mo‘ysafid domla xontaxta yonidagi ko‘rpachaga cho‘k tushganicha ovozini pastlatib, o‘ziga o‘zi gapirayotgandek pichirladi:

— Har jonning izni o‘zingda, parvardigor… Bor qilguvchi ham, yo‘q qilguvchi ham o‘zing…

Umid “yalt” etib domlaga qaradi. Mo‘ysafid unga e’tibor qilmadi. Yarim tun sukunatiga ozor yetkazmaygina jaranglay boshlagan sadoni eshitgan Umidning a’zoi badani jimirlab ketdi:

— Ya-si-in-n. Val qur’aniil haki-i-m-m…”[7].

Xurshid Do‘stmuhammadning sevgi maktublari asosiga qurilgan uch qismdan tashkil topgan uch izhori dil “Hijronim mingdur mening”, “Men – sensiz, Sen – mensiz”, “Ro‘yo”dan iborat. Adib  bu qissani M.F.Dostoyevskiyning “Kambag‘allar” asaridan ta’sirlanib yozganini publitsistik maqola, suhabatlari va TV.dagi chiqishlarida ta’kidlagan. Ammo adabiy ta’sir natijasidagina chinakam badiiy asar yartish qiyin. Qissa mutoalasidan so‘ng, adabiy ta’sirgina bu qadar ta’sirchan qissa yaratilishi uchun asos bo‘la bilmaydi, degan xulosaga keldik. Yozuvchi hayotiy voqelikni va sevgi-muhabbat bilan bog‘liq ruhiy jarayonni, qahramon ichki kechinmalarini, ularning (Rassom yigit va uning sevgilisi) gap-so‘zlarini yurakdan his etib yozgani ko‘rinib turibdi. Qissaning birinchi qismi nihoyatda tabiiy va samimiy yozilgan. Ikkinchi qismda esa nazarimizda, yozuvchi bashariyat tarixi va adabiyotidagi buyuk sevgi timsollariyu, muhabbat mavzusida yaratilgan she’rlar va maktublarni tamsil qilishga kirishib ketadiki, bu qissada badiiyat unsurining susayib, publitsistik talqinning kuchayib ketishiga yo‘l ochgan. Ammo, shunga qaramasdan, o‘zbek qissachiligida maktub janri asosiga qurilgan lirik qissa namunasi sifatida yozuvchining mazkur asari ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib qoladi. Zero, qissa boshlanmasida yozuvchining quyidagi e’tirof iqtibosini o‘qish mumkin: “Inson qalbining eng nozik, eng daxlsiz, eng erka tuyg‘usi – muhabbat! Yozma ijodning eng samimiy, eng sirli va jozibali shakli esa – maktub. Muhabbat jozibasi-yu, sehrini bayon etishda maktubdan ko‘ra qulay va tabiiy shakl yo‘q.

Aziz kitobxon! Qissadagi maktublarni Siz yozgansiz, ularning bari Sizniki. Ishonavering, qizdir, yigitdir istagan kishi bunday ishqnomani bitishga qodir. Faqat buning uchun, ko‘ngil beg‘ubor sevgi susruriyu bokira muhabbat iztirobini boshdan kechirgan bo‘lsa kifoya. Muallif.[8].

Yozuvchi insonning hech kim daxl qila olmaydigan ko‘ngil maydoniga kiradi, yigit va qizning bir-biriga mehru muhabbatini juda katta pafos bilan kuylaydi. Beixtiyor, nemis yozuvchisining “Yosh Vereterning iztiroblari” asari, Dostoyevskiyning “Kambag‘allar” asari, A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi sevgi maktublari xayolimizdan o‘tadi. Yozuvchi albatta, dunyo adabiyoti va o‘zbek nasridagi bunday ijodiy tajribalarni jiddiy o‘rgangan. Ammo o‘rganish bilangina ish bitsa edi. Muhabbat deb atalgan buyuk qalb sinovini inson o‘zi shaxsan his qilmasa, Yozuvchi uni qanday qilib qog‘ozga tushirar edi.

X.Do‘stmuhammad “Yolg‘iz” qissasida Abdulla Qodiriy siymosini yaratdi, bu ulkan so‘z san’atkori va millat jonkuyari obrazini to‘laqonli yaratish uchun adib hayoti, ijodiga tegishli barcha faktlar, olimlarning tadqiqotlariyu, yozuvchining asarlarini ipidan ignasigachcha sinchkov nigoh bilan o‘rganib chiqqani ko‘rinib turibdi. Yozuvchi mazkur qissada ham yangi badiiy usullar qo‘llashga harakat qiladi. Shu maqsad bilan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan parchalar keltiradi. Nazarimizda, adibning qissada Qodiriy siymosini erkin va to‘laqonli yaratishiga nimadir xalaqit bergan. Ehtimol, bu yozuvchining haddan tashqari faktlarni ko‘p o‘rganib, ularni yengolmaganidir. Yana bilmadik. Shunga qaramasdan, “Yolg‘iz” qissasida Abdulla Qodiriy siymosini yaratish yo‘lidagi ilk tajriba sifatida qadrli asar bo‘lib qolishiga ishonamiz. Yozuvchi Qodiriy ruhiyatidagi “Yolg‘iz”lik ruhiyatini yaxshi topa olgan.

Xurshid Do‘stmuhammad o‘zidan oldin qissa janrida barakali va namunali, barkamol qissalar yaratgan A.Qodiriy, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, Oybek, A.Muxtor, O.Yoqubov, P.Qodirov, Sh.Xolmirzayev, O‘.Hoshimov, M.Muhammad Do‘st, E.A’zam, A.A’zam ijodi qolaversa, g‘arb qissachiligining ilg‘or ijodiy ana’analarini qunt bilan o‘rgangan. Adib nihoyatda ko‘p o‘qiydi, ko‘p narsa biladi, shuning uchun ham uning yozganlarida aql ustivorlik qiladi. Nazarimizda, Xurshid Do‘stmuhammadning o‘zbek yozuvchilari orasida ayniqsa, Abdulla Qodiriy va uning badiiy ijodiga oshuftaligi seziladi. Bu ikki ijodkor Toshkent muhitida tug‘ilib, shakllangan ijodkorlar. Ustoz-shogird ijodiy an’analari va tajribalari Xurshid Do‘stmuhammadning o‘ndan ziyoddan qissalarida manaman deb, o‘z bo‘y-bastini ko‘rsatib turibdi. Hozirgi o‘zbek qissachiligida adib qissalari o‘zining metafora va timsolli ishoralar, ramzlarga boyligi bilan ajralib turadi.

______________________

[1] Do‘stmuhammad X. Xotira va kayfiyat manzaralari / Beozor qushning qarg‘ishi. – Toshkent: Sharq, 2006. – B. 4.

[2] Do‘stmuhammad X. Katta ko‘cha. Yangi hikoyalar.  / Qichqiriq. – Toshkent: Sharq, 2014. – B. 165-166.

[3] Do‘stmuhammad X. Oromkursi. / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 129.

[4] Do‘stmuhammad X. So‘roq. / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 208.

[5] Do‘stmuhammad X. So‘roq. / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 328.

[6] Do‘stmuhammad X. Chayongul yoxud Quyiqishloqcha qotillik.  / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 168.

[7] Do‘stmuhammad X. Kuza…  / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 511.

[8] Do‘stmuhammad X. Hijronim mingdur mening  / Qissalar.  – Toshkent: Sharq, 2011. – B. 330.