yoxud Ahmad A’zam ijodiga chizgilar
70 yillar adabiy avlodi ichida, shubhasiz, yozuvchi Ahmad A’zamning o‘z o‘rni bor. Ahmad A’zamning «Mas’ul so‘z», «Soyasini yo‘qotgan odam», «Hali hayot bor…», «Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar» , «O‘zi uylanmagan sovchi» (roman), «Til nomusi» kabi o‘nlab badiiy, ilmiy va publitsistik kitoblari chop etilgan. Tabiiyki, bu asarlarning har biri hozirgi o‘zbek adabiyotining nodir asarlari xazinasidan o‘rin olgan. Chunki Ahmad A’zam o‘z asarlarida so‘zni asrab-avaylab ishlatgan, xalq tili go‘zalliklarini mahorat bilan qo‘llagan, shuningdek, o‘zbek xalqining ijtimoiy va ma’naviy-axloqiy hayotini haqqoniy, teran, nihoyatda nuktadonlik bilan yoritgan bilimdon, betakror yozuvchilarimizdan biri hisoblanadi.
Adibning adabiy jamoatchilik orasida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar» romani hamda «Asqartog‘ tomonlarda», «Hali hayot bor…» qissalari, «Oyning gardishi», «Soyasini yo‘qotgan odam», «Qatag‘on», «Go‘zallik qirralari», «Mastirjamiyat» hikoyalari,«Tugmachagul», «Gul ko‘tarib ketayotgan erkak», «O‘zim bilan o‘zim», «Odamoviga uchyoqlama qarash», «Vatan haqida yozishga kuchim yetmagan she’rim» kabi novellalarini sanash mumkin. Muallifning o‘nlab badiiy asarlarida bo‘rtib ko‘zga tashlanadigan original badiiy ifoda, qahramonning o‘zini o‘zi tahlil qilishi, o‘zini o‘zi taftish etishi, qahramonning nafaqat atrofga, jamiyatga tanqidiy-kinoyaviy munosabatda bo‘lishi, qahramon xayolida illyuziya yaratish, mozaika asosiga syujet qurishi, ramz va metaforalarga o‘chlik kitobxonni hushyor torttiradi. Bugungi modern o‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri Nazar Eshonqul Ahmad A’zam ijodi haqida shunday yozadi: «Bu novellalarda biz o‘zbek nasrida nisbatan yangi qahramon – jamiyatda, hayotda o‘z o‘rnini anglayotgan, anglash orqali uyg‘onayotgan fikr, uyg‘onayotgan o‘zlikni, uyg‘onayotgan «men»ni anglatuvchi qahramon paydo bo‘ldi. Bu novellalarda «men»dan boshqa qahramon yo‘q: ijobiy ham, salbiy ham, jabrlovchi ham, jabrlanuvchi ham, ezuvchi ham, eziluvchi ham, hukmga mustahiq ham, hukm etuvchi ham ana shu «men»ning o‘zi, ya’ni o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odam. Ahmad A’zam bu obrazi bilan o‘zi mansub avlodning butun boshli kontseptsiyasini ifodalab berganga o‘xshaydi». Bizning e’tiborimizni «o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odam obrazi» degan gap jalb etdi.
Darhaqiqat, yozuvchining «Asqartog‘ tomonlarda» qissasi, «Tugmachagul», «Oyning gardishi», «Qatag‘on», «O‘zim bilan o‘zim», «Vatan haqida yozishga kuchim yetmagan she’r» kabi qator hikoya va novellalarida bosh qahramonning o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ahmad A’zam qahramonlari o‘z hayotini va atrofdagilarning hayoti, faoliyatini tahlil etadi, ularga tanqidiy-kinoyaviy munosabatda bo‘ladi. Yozuvchi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan, o‘zi bilan o‘zi kurashayotgan, fikrlayotgan, muhokama-mulohaza yuritayotgan kishilar ruhiyatidagi ziddiyatni ko‘rsatib berish orqali chuqur psixologik tahlilga erishadi.
Ahmad A’zam hikoyalari orasida «Oyning gardishi» hikoyasi, ayniqsa, o‘zining lirik kechinmali talqini, qishloq odamlarining oddiy va sodda hayotini kitobsevar bola tilidan musaffo, bolalarcha til bilan bayon etib berishi bilan o‘quvchini hayratlantiradi. Muallif asarlarida oddiy o‘zbekona xalqona til yayrab-yashnab turadi. Qahramonlar ham nihoyatda oddiy, sodda, to‘pori. «Oyning gardishi» hikoyasi avtobiografik xarakterga ega. Shuning uchun ham hikoya tili nihoyatda samimiy va jozibador chiqqan. Hikoyada qari ota, kenja o‘g‘il, amaki, Mamat mesh kabi obrazlar ishtirok etadi. Hikoyada garchand olim bo‘lishni orzu qilib shaharda qolib ketgan katta o‘g‘il bilan kitobsevar kenja o‘g‘il obrazlari ikki odam sifatida yoritilgan bo‘lsada, bu ikki obraz umumiy holda birlashib, Ahmad A’zamning o‘zi ekani haqidagi fikr xayolimizda aylanaveradi. Katta o‘g‘il olim bo‘lishni istaydi. Ota o‘g‘lining ilmiy ish qilaman deb, yigirma yillik umrini kitob, ilm orqasidan quvib yurishni istamaydi. Ota uchun o‘g‘lining qishloqqa qaytib kelib, mol-hol qilib, yonida suyanchiq bo‘lish katta farzand sifatidagi burchidir. Qaysar o‘g‘il esa professor bo‘lish orzusida. Kenja o‘g‘il otaning dardi-holini, akasi va otasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, mojarolarga guvoh bo‘lib turadi. Ich-ichida katta bo‘lsa oltmishga kirgan otasining ulkan suyanchig‘i bo‘lishni orzu qiladi. Akasining xatolarini takrorlamaslikni diliga tugib qo‘yadi. Hikoyadagi badiiy vaqt va makon nihoyatda aniq chizilgan. Ota namozshom vaqtida amakinikiga ketadi. Kenja o‘g‘il otasini olib kelish uchun eshakka minib, amakining uyiga qarab yo‘lga otlanadi. Shom vaqti, chang-to‘zonli yo‘llar, ayniqsa, qabriston yonidan o‘ta turib, yosh bolaning o‘takasi yorilay deydi. Ammo bolaning go‘zal, yoqimli ovunchog‘i bor. Bu osmondagi gardishli oymomo. Hikoyada Bola va Oymomo, Gardishli oymomoning oppoq qo‘y qamalgan qo‘raga o‘xshatilishi singari ramzlar, obrazlar hikoyaga o‘zgacha lirik kayfiyat baxsh etgan. Bolaning oymomoga mahliyo bo‘lib boqishi, uning xayoliy gap-so‘zlari, muloqoti, kelajakdagi orzulari,manzilga yetib borish uchun butun kuchini, g‘ayratini to‘plab, yolg‘izoyoq yo‘lda mardonavor ketishi barcha-barchasi xalq ertaklari uslubini ham eslatib yuboradi. Hatto yarim yo‘lda eshak hurkib ketib, bola eshakdan yiqilib tushadi. Qo‘rquv, tahlika bola ruhiyatini ezadi. Ammo yosh bo‘lishiga qaramasdan, undagi zakolik, aqllilik ustun keladi.
Bola eson-omon manzilga yetib borib, otasi bilan eshakka mingashib uyiga qaytib keladi. Qaytib kelgach, bola tush ko‘radi. Hikoyada bolaning oy bilan bog‘liq tushi quyidagicha beriladi: “…U oq qo‘yga minib olib, ko‘zlarini qamashtirayotgan gardish devorning eshigini axtaradi. Oq qo‘y esa tixirliik qilib yurmaydi, bir joyda qotib turaveradi. Pastda otasi qo‘lini ipaxsa qilib qichqiradi: «Miyang xatomi sening! Nega oyga minib olding? Yana yiqilib tushib boshimga balo orttirma. Seni ko‘tarib do‘xtirma-do‘xtir chopib yurmayin. Yaxshilikcha tush, deyapman, bo‘lmasa, olmaga oyog‘ingdan osaman». Otasining yonida Orziqul bobo qotib-qotib kuladi: «Ana xolos! Bizni pulisirotdan o‘tkazib qo‘yadigan qo‘yni minib olibsizku! Muallimingizga borib aytmasammi». Mamat mesh eshagidan tushmay otasiga taskin beradi: «Qo‘ying, indamang, bolaning o‘zi xohlab tushmasa, majbur qilib bo‘lmaydi. Ko‘p o‘qiganda. O‘qimasa oyga chiqarmidi». U hadeb yaraqlayotgan gardish devorning eshigini axtaradi, devor esa uning ko‘zlarini qamashtiradi., eshigi esa ko‘rinmaydi. Oq qo‘y ham tixirlik qilib joyidan siljimaydi. U qo‘yni xalacho‘p bilan uradi, qo‘yning junlari oyog‘iga o‘ralashib qoladi. Birdan dimog‘iga achqimtil uriladiyu, uchib ketadi. Otasi esa negadir muloyim ovozda gapirib qoladi: «Ha, nodon bolaya, yana chiroqni o‘chirmabdi…»
Nazarimizda, hikoyada markaziy o‘ringa qo‘yilgan Bola va Oy obrazlari mana shu yuqoridagi parchada o‘zining kulminatsion nuqtasiga chiqadi. Bola tushida oq qo‘yni minib olib, qo‘radan chiqib ketish uchun urinadi. Lekin eshik topolmaydi, oyning oydin yorug‘i, uning ko‘zlarini qamashtiradi. Bizningcha, hikoyada oy va qo‘tonlagan oy, bola va oq qo‘y obrazlari timsolli ramzlarga aylanadi. Ya’ni, qo‘rg‘onlangan oy – biqiq muhit ramzi. Oyning gardishi – jamiyatdagi chegaralangan an’anaviy milliy qadriyatlar ramzi, gardish – cheklanganlik, chegaralanganlik ramzi, oyning qo‘tonlashi – bir xil hayot, ijtimoiy tuzumga, an’anaviy milliy qadriyatlarga o‘ralishib qolgan o‘zbek xalqining hayotiga ramziy ishoralardir. Oq qo‘yga minib olib, yo‘l topa olmayotgan bola – o‘zbek xalqining an’anaviy milliy qadriyatlari bilan to‘qnashib, o‘zi istaganidek katta yo‘lga chiqa olmayotgan odam ramzi. Xususan, bu Katta o‘g‘il bilan ota ziddiyatida ko‘rinadi. Ota milliy an’anaviy oilaviy qadriyatlardan voz kechishni xohlamaydi. Katta o‘g‘il esa tor muhitni yorib chiqib, (mol boqib yurishdan ko‘ra muhimroq, ilm o‘rganishni) ziyoli bo‘lishni orzu qiladi. Kichkina kitobsevar nazdida ham katta aka otaga qarshi chiqib, to‘g‘ri ish qilmayapti. Yozuvchi hikoyada kim haq, kim nohaq? Otami? Katta o‘g‘ilmi? Bu savolga javobni ochiq qoldiradi. Shuning uchun hikoyani o‘qigan kitobxonlar o‘z-o‘zidan ikki guruhga bo‘linishi mumkin. Ammo hikoyani o‘qib, mulohaza qilib, ota yoki o‘g‘ilning tarafdoriga aylanish kerak emas. Aksincha, «Oyning gardishi» hikoyasi orqali Ahmad A’zam nima demoqchi? Shu masalaga diqqat qaratish kerakdek, nazarimizda. Bizningcha, yuqorida aytganimizdek, hikoyada ota va o‘g‘il ziddiyati, xususan, qahramon qalbidagi dramatizm, ichki muhokamalar, ong oqimi tasvirlari kinoyaviy badiiy modusli asar yaratilishiga zamin bo‘lgan. Ahmad A’zam «Oyning gardishi» hikoyasi orqali o‘zbek xalqining qo‘rg‘onlangan muhitda qotib qolib ketmaslik kerak, yo‘l izlash kerak, degan jiddiy ijtimoiy muammoni o‘rtaga tashlayotgandek. Kezi kelganda, aytish o‘rinli Ahmad A’zamning o‘ziga xos kinoyasi, salaflari Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor, yoki zamondosh-tengdoshlari Erkin A’zam, Murod Muhammado‘st kinoyasidan farq qiladi. Deylik, Ahmad A’zam kinoyasi tabiatan masxara-mazax, mubalag‘ador xarakterga ega emas. Yozuvchining o‘ziga xos kinoyasi Abdulla Qahhorning ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib-nuqib ko‘rsatuvchi kinoya va satirasidan ham tubdan farq qiladi. Yoki Erkin A’zam kinoyasidek mazaxlovchi, sarkazm darajasiga ham chiqib ketmaydi. Nazarimizda, Ahmad A’zam kinoyaning o‘rta tembrini juda yaxshi topa olgan. Ahmad A’zam voqealar va qahramonlar nigohini kinoyaviy munosabatga hozirlar ekan, unda bo‘rttirib-qabartirib tasvirlash yo‘q. O‘z holicha, tabiiy, hayotiy badiiy maromni yozuvchi yaxshi tutib ko‘rsatishga intiladi.
Shuningdek, Ahmad A’zam asarlarida Samarqandning G‘azira qishlog‘ida yashovchi odamlar hayoti keng, har xil rakurslardan turib yoritiladi. Aynan qishloq nomlari tilga olinmagan bo‘lsada, bu qishloq yozuvchi tug‘ilib o‘sgan G‘azira, Samarqand ekanligini anglab turasiz.
Ahmad A’zamning «Soyasini yo‘qotgan odam» hikoyasi qahramoni ham «O‘zi bilan o‘zi gaplashuvchi» qahramonlardan biri. Hikoya qahramoni soyasini yo‘qotib qo‘yadi. U soyasiz odamga aylanadi. Mazkur hikoyada Ahmad A’zam boshqa hikoya va novellalarida, hatto qissalarida ham shu paytgacha qo‘llanmagan kinoyaning yangi badiiy formasini qo‘llaydi. Ya’ni bu novellada romantik kinoyaviy modus qo‘llanilgan. Aslida jism borki, uning soyasi bor. Ammo Ahmad A’zamning qahramoni soyasini yo‘qotib qo‘yadi. Bu beixtiyor Gogolda burnini yo‘qotib qo‘yib, rosa uyoqdan-buyoqqa chopgan Janobni esga solib yuboradi. Romantik kinoyaviy asar yozishni uncha-muncha yozuvchi eplay olmaydi. Chunki yozuvchi badiiy to‘qimasi orqali dunyoga kelgan voqea va qahramon tiynatida qandaydir bir romantik tasvirmi, romantik detalmi bo‘lishi shart. O‘sha badiiy to‘qimaga kitobxon chippa-chin ishonishi kerak. Aslida bu hayotda ro‘y berishi mumkin bo‘lmagan hodisa bo‘ladi. Misol uchun, yuqorida eslaganimiz Gogolning «Burun» nomli kinoyaviy romantik asaridagi kabi. Gogolning qahramoni ertalab uyg‘onib, qarasa, burni yo‘q. Burni egasidan arazlab qochib ketibdi. Qiziqarli voqealar aynan shu tugundan boshlanadi. Janob burnini izlab telbalarcha chopadi. Bu o‘lgur burun odam yuzining qoq o‘rtasida joylashgan bo‘lsa. Tasavvur qilib ko‘ring, qanday qilib, burunsiz odamlarga ko‘rinish mumkin? Asarni o‘qishga tutinar ekansiz, Gogolning o‘zi to‘qib chiqargan romantik kinoyaviy voqealariga qiziqib, qahramon bilan qo‘shilishib, uning burnini izlay boshlaysiz. Bu, albatta, adabiyotning, yozuvchining yetuk badiiy mahoratidan darak beradi. Ana endi Ahmad A’zamning soyasini yo‘qotib qo‘ygan qahramoniga qaytamiz. Yozuvchi hikoyada soyasini yo‘qotib qo‘ygan qahramon sarguzashtlarini erinmasdan, batafsil hikoya qiladi. Uning bu nuqsoni butun boshli tashkilotni, ishxonani oyoqqa turg‘izadi.
Oldiniga qahramonning o‘zi bu mudhish voqeani anglamay yuraveradi. Nihoyat, ishxonadagi hamkasbi Barot bir kuni tushlikka chiqishganida uni bu mudhish falokatdan xabardor qiladi: «Tushda Barot ikkovimiz birga tushlikka chiqdik. Menga bir narsa bo‘lganini shu Barot bilib qoldi. U uch yilcha oldin ko‘chadan hamyon topib olgan. Sakkiz yuz qirq yetti so‘m. Shundan beri yerga tikilib yurishni odat qilgan.
Ishxonamizning soyasidan chiqib, sal yurganimizdan keyin mening gaplarimga ha-hu deb yerga qarab ketayotgan Barot bir to‘xtadida, dabdurstdan: «I-e, sening soyang qani! Qizig‘u!», deb qoldi. Avvaliga Barotning gapini to‘g‘ri tushunmadim. «shu hazilmi», demoqchi bo‘lib, beixtiyor yerga qarasam, mendan yerga soya tushmayapti! Tuyqusdan kallamga bir narsa kelmadi. Lekin, mana soya, mendan tushgan soya yo‘q! Oftob tomon bo‘lsa kerak degan ilinjda osmonga qarab, keyin soya tushadigan joyni mo‘ljal qilsam, oppoq! Oftob mendan to‘ppa-to‘g‘ri o‘tib, yerga tushyapti, o‘rtada men yo‘q!..». Yozuvchi badiiy dallilashni ham unutmaydi. Xususan, nima uchun aynan Barot do‘stining soyasi yo‘qolib qolganligini birinchi bo‘lib ko‘rib qoldi, buni muallif izohlab ketadi.
Ana shundan keyin qahramon hayotidagi butun o‘zgarishlar va sarguzashtlar boshlanadi. Hikoya qahramoni boshiga tushgan bu ko‘rgulikning katta g‘alva ekanini anglab, oldiniga xayolida bo‘lajak voqealarni jonlantiradi. Umuman olganda, noreal voqelikni qahramon ongida reallashtirish Ahmad A’zamning o‘ziga xos uslubi sanaladi. Xuddi shunday tasviriy ifoda «Oyning gardishi»da ham kuzatiladi. Bola va ota xayolida kechgan voqelik o‘z-o‘zi bilan suhbati (ichki dialogizm) shunday badiiy tasviriy ifodalardan biri. Ammo bunday tasvirlar xayoliy badiiy voqelik o‘laroq hikoyalarda ifodalangan. Tan olib aytish kerak, Ahmad A’zam xayoliy voqealarni, qahramonning o‘z o‘zi bilan suhbatini, ichki dialogizmni juda o‘xshatib yozadi. Muallif so‘zlarni, jumlalarni, hayotiy tafsiliy detallarni, bir-biriga zanjirday ulanib ketgan hissiyotlar va kayfiyatlarni aniq-tiniq ifodalovchi obrazli tasvirlarni juda o‘rnida topib yozadi.
«Soyasini yo‘qotgan odam»da ham hikoya qahramoni bo‘lajak voqealarni xayol qiladi. Ya’ni soyasi yo‘qolib qolganligi uchun uni boshliq xonasiga chaqiradi, voqealarning siyosiy tus olib ketmasligi uchun majlisda uning masalasi ko‘rilishini ma’lum qiladi. Mirqosim aka, partkom G‘ulom aka uning g‘arb adabiyotini ko‘p o‘qigani uchun, uning idealogiyasi buzilib, soyasi yo‘qolib qolganini isbot qilishga harakat qilishadi. Qahramonning xayolida kechgan voqelik, kun kelib reallashadi. Kutilmaganda, Soyasini yo‘qotgan odam barchaning diqqat-e’tiborini tortib, hatto kazo-kazo amaldorlar ham kelib, uning soyasi yo‘qligini tomosha qilib ketishadi. Bir kuni katta bir amaldor uning soyasi yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, hushidan ketib, uni qandaydir shaytoniy ishlarga daxldor odam deb o‘ylaydi. Uning ustida tajribalar, tekshiruvlar boshlanadi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Ahmad A’zam nimaga mana shunday aqlga, tasavvurga sig‘maydigan voqeani, holatni kitobxonga badiiy voqea sifatida, badiiy obraz sifatida taqdim etmoqda? Yozuvchi tasavvurga sig‘maydigan illyuziya yaratish orqali jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga kinoyaviy tanqidiy nigoh tashlaydi. Deylik, byurokratizm, o‘z vaqtini, umrini behuda ishlarga sarf etayotgan kishilar ustidan kuladi. Demak, hikoyada o‘z-o‘zidan kinoyaning ikki turi muallif kinoyasi hamda qahramon kinoyasi ajralib chiqadi. Hikoyada ishxonadagilar Soyasini yo‘qotgan odam holatiga siyosiy tus berishadi. Mana muammo qayerda? Ahmoqona mulohaza, ahmoqona fikrlash, ahmoqona siyosat, ahmoqona ijtimoiy tuzim, ijtimoiy munosabatlar ustidan Ahmad A’zamning aqlli va ayyorona kulgisi barq urib turibdi.
Hozirgi o‘zbek nasrida romantik kinoyaviy asarga namuna keltiramiz desak, faqat ikkita asarni ko‘rsata olamiz. Biri tahlilga tortganimiz «Soyasini yo‘qotgan odam» hikoyasi bo‘lsa, ikkinchisi Nurilla Raufxonning «Pufak» hikoyasidir. Hozircha biz boshqa birorta muallif asarini romantik kinoyaviy asar guruhiga kirita olmaymiz.
Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st kabi adiblarimizning yuzlab tadqiqotchilari bor. Bu yozuvchilar bu jihatdan baxti kulgan. Ammo Ahmad A’zamning tadqiqotchilarini xayolimizga keltirsak, bitta qo‘limizdagi beshta barmog‘imizni bukib sanolmaymiz. Ular juda ozchilikni tashkil etadi. Albatta, bu degani Ahmad A’zam baxti kulmagan, tushunarsiz, zerikarli yozuvchi degani ham emas. Shunchaki, Ahmad A’zamning ko‘p sonli tadqiqotchilari hozircha yo‘q. Komil ishonch bilan ayta olamizki, bu oz sonli ahmad a’zamshunoslar kun kelib ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Ahmad A’zam o‘zbek novellistikasida ham o‘ziga xos adabiy maktab yaratgan yozuvchi. Adibning o‘nlab novellalari shunday mulohaza yuritishimizga asos beradi. Jumladan, «Tugmachagul» novellasini olaylik. Mazkur novella ham «men» tilidan hikoya etiladi. Novella qahramoni Habibaga bo‘lgan ilk muhabbati va bu sevgi tarixini, hissiy-kechinmali sarguzashtlarini bir boshdan lirik-romantik kayfiyatda hikoya qilib beradi. To‘g‘ri, dunyo adabiyotida muhabbat mavzusida kimlar, nimalar yozmadi, deysiz? Lekin Ahmad A’zam ilk muhabbat haqida o‘zigacha yaratilgan asarlardan farqli ravishda o‘zgacha, original novella yoza oldi. Novelladagi ko‘plab hisssiy-kechinmali voqealar talqini yozuvchining shaxsiy tarjimayi holi bilan tutashib ketadi. Novella qahramoni sevgan qizi Habibani «Tugmachagul» deb ataydi. Aslida, u tugmachagulni umrida ko‘rmagan. Lekin nimagadir bolaligida Habibaning yig‘laganini ko‘rib, yomg‘irda qolgan tugmachagulga o‘xshatadi. Novellada bugun bilan o‘tmish uchrashadi. 10-15 yil Habibaning ishqida kuyib kul bo‘lgan yigit hurpayib, qalin kiyimlarga burkanib olgan Habibani ko‘rib, kapalagi uchib ketadi. O‘tmishdagi Habiba nozikkina edi. Bugundagi Habiba esa paxmoq ayiqdek katta. Sakkizta bolaning onasi, maktab direktori, ro‘zg‘or, ishxona tashvishlariga ko‘milib qolgan katta xotin. Roviy hikoyachi bugunning Habibasini ko‘rib, butun boshli hayotini, ishq tarixini birma-bir hikoya qilishga tushadi. Novella nihoyatda maroq bilan o‘qiladi. Yigitning muhabbat deb atalgan sirli tuyg‘u tufayli kuyib-yonishlari, hayotidagi eng og‘ir kunlarda ham uning nomini, siyratini bir zum bo‘lsada, xayolidan ketkazmay, mudom eslashi romantik ruh bilan hikoya etiladi. Novelladagi ta’sirchan badiiy ifoda nihoyatda yuqumli. Haqiqatan ham bu novellani quruq kesak singari o‘qib bo‘lmaydi. «Tugmachagul»ni zavqlanib, kulib, kuyib, yig‘lab, hatto o‘zingizning ilk muhabbat tarixingizni eslab, qiynalib shavq bilan o‘qiysiz. Novellada Bugun bilan O‘tmish uchrashib, bir obrazning ikki qiyofasi qarshilantiriladi. Roviy qahramon bugun ko‘rib turgan Habiba bilan o‘tmishdagi Habibani solishtirib, bugungi Habibaga kinoyaviy nigoh bilan nazar tashlaydi. Novella yakunida roviy qahramon o‘zi ilk bor ko‘z ochib ko‘rgan ma’suma, nozikkina, yig‘loqi, tugmachagul – Habiba yodi bilan qoladi. Bugungi Habiba unga begona ekanini tan oladi. Novella mana shunday yakunlovchi so‘zlar bilan tugallanadi: «Ha, u tugmachagul edi. Hozir… e-e, gulxayrini bilasiza? Suvsiz uvat-adirlarda o‘sib yotadi. Chiroyli gullaydi, gulbarglarning tagida tugmacha-tugmacha qatlangan urug‘i yetiladi, olib ko‘ylakka ham qadasa bo‘ladigandek. Albatta, tugmalikka yaramaydi, avaylab ushlamasangiz. Kirt etib sinadi. Gulxayrining guli katta-katta oq, qirmizi, gulgun ochilib ko‘zni quvontiradi. Orasida doim zarg‘aldoq sayraydi, u ham shuning oshig‘i, to‘yini shunda qilsa chiqar, ichi qushlar bozorida. Lekin kesib dastalab, gultuvakka solib bo‘lmaydi. Tanasi uzun, butunicha sertuk, tuki qo‘lga kirib qichitadi. Gulxayri erkin, xohlagan joyidan chiqib, o‘zicha gullab turadigan yovvoyi gulida. Lekin gullari nihoyatda ko‘rkli, ayniqsa uzoqroqdan qarasangiz.
Avzo‘idan bu havo bir yog‘in olib keladi.
O‘tgan ulovlarning epkinida xazon chaqiryapti.
Bu xotinni yana necha yillar ko‘rmay ketaman, Xudo hammaning ham rahmini yegan bo‘lsin.
He-e, bilmaysizda, u Habiba qanday bo‘lgan!.. ”.
Ahmad A’zam asarlarida o‘zbek xalqining salkam ellik yillik hayoti, ijtimoiy-maishiy turmushi aks etgan. «Qatag‘on yili» hikoyasida 80 yillar voqeligi, ya’ni paxta yakkahokimligi siyosatining dahshatlari nihoyatda tiniq aks ettirilgan. «Tiqin» hikoyasida esa 90 yillar boshidagi qimmatchilik, yo‘qchilik, uzun navbat kabi ijtimoiy muammolar o‘rtaga tashlanadi. Ahmad A’zam bir asar ishloviga uzoq muddat vaqt ajratadi. Masalan, «Tiqin» hikoyasi tagiga «1993-2007 yillar» sanasi qo‘yilgan. Demak, yozuvchi bir hikoya ustida salkam o‘n besh yil ishlabdi. U yerini o‘chirib, bu yeriga qo‘shib, anchagina tahrirlar, o‘zgartirishlar qilingani ma’lum bo‘ladi. Muallifning juda ko‘pchilik asarlari mana shunday uzoq yillik ijodiy mehnat samarasi. Ahmad A’zam har bir asar ustida 10-15 yillab ishlaganini ko‘rish mumkin. Haqiqiy ma’noda Ahmad A’zamni Abdulla Qahhorning shogirdi deyish mumkin. Mana «Soyasini yo‘qotgan odam» hikoyasi tagiga «1986-2000» yillar sanasi qo‘yilgan.Yozuvchi bu hikoya ustida ham roppa-rosa o‘n to‘rt yil zahmat chekibdi. Bular oddiy raqamlar emas. Ular yozuvchining ijodiy laboratoriyasini tasavvur va talqin etish uchun aniq ilmiy faktlar beruvchi ma’lumotlardir.
Adabiy jamoatchilik orasida Ahmad A’zamning «Asqartog‘ tomonlarda» qissasi nihoyatda mashhur bo‘ldi. Qissa ba’zi tadqiqotchilarimizning dissertatsion ishlarida tahlilga tortilgan. Shunga qaramasdan, har bir tadqiqotchi qissadan o‘ziga yarasha va o‘zining qarichiga yarasha fikr topib aytaveradi. Mazkur qissa uslubi ko‘p jihatdan Erkin A’zamning «Javob», «Otoyining tug‘ilgan yili» qissalari bilan yaqinlashadi. Ammo har safar takror-takror urg‘ulab ko‘rsatayotganimizdek, Ahmad A’zam hayotiy voqelikni badiiy haqiqatga aylantirishda Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonlarni takrorlamagan holda o‘zgacha uslub, yangi yo‘nilgan qalam tig‘i bilan yozadi. Qissa haqiqatan ham ravon o‘qiladi. Vaholanki, qissada o‘tmish bilan bugunning voqealari aralash-quralash holda yozilgan bo‘lsada. Qissada jamiyatda yomon, yiringli yaradek urchib-ko‘payib ketgan tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik, soxta kadr tayyorlash kabi bir qator korruptsion ishlar tanqid ostiga olinadi. Qissa qahramoni Maxdi Ashrapov, shu jirkanch, iflos, biqiq muhitda, jamiyatda tozalik va halollik ramzi sifatida asar markazida turadi. Asarda Maxdi Ashrapovich ta’lim olgan institut, so‘ngra dars berib yurgan fakultetdagi ko‘pdan-ko‘p ishlar tahlil chig‘irig‘idan o‘tkaziladi. Shu institutda dars berayotgan o‘qituvchilar haqiqatan ham loyiqmi shu lavozimga? Yoki shu yerda ta’lim olayotgan talabalar haqiqatan ham loyiqmi shu dargohda tahsil olishga? Mana shu kabi jiddiy muammolar qissada badiiy tahlil qilinadi. Qissada baxshichilikka anchayin qobiliyati bor Shodi akaning hayoti, uning baxtsizligi ancha teran ochib beriladi. Ammo Shodi akaning hayotini uchta nigoh uch xil talqin qiladi. Demak, Ahmad A’zam asarlarida kinoyaviy pozitsiya ko‘pyoqlama xarakterga ega. Deylik, qissa qahramoni Maxdi Ashrapov Shodi akaning hayotini achinib so‘zlab beradi. Jo‘rasining, kursdoshining fojiaviy hayoti uning xotirasida chuqur iz qoldirgan. Shodi aka kimdandir homilador bo‘lib qolgan qishloqdoshi, raisning qiziga uylanadi. Hatto o‘ziniki bo‘lmagan qizni o‘ziniki sifatida qabul qiladi. Atrofdagilarga uning xotiniga bo‘lmag‘ur bo‘htonlar qilinganini ta’kidlab, o‘zining, xotinining hayoti haqida gap tarqatadi. Go‘yoki, u do‘stlari va xotini oldida qahramonlik ko‘rsatadi. Ammo raisning qizi «xaloskor va qahramon» qiyofasidagi erni qabul qila olmaydi. Ularning oilasi doimiy ravishda janjal ichida kechadi. Oxiri Shodi aka og‘ir dard bilan vafot etadi. Buni eshitganlar uni tinmay janjallashaverib, xotini o‘ldirdi, deyishadi. Rassom yigit Isrofil esa Shodining «xaloskor va qahramonona hayoti»ni «g‘alati xudbin shaxs» deb ta’riflaydi. Maxdining rafiqasi Ofiyat esa baxtsiz Shodining sarguzashtlari va fojiasini eshitishni ham istamaydi. Shodi akadan ijirg‘anadi.
Rassom Isrofil aytganidek, Shodi aka homilador qizga uylanib, unga yaxshilik qilmadi. Aslida, uning hayotidagi eng katta xatoni har kuni, har soatda eslatish uchun tavqi la’natli guvoh sifatida uning peshonasida xaloskor er rolini ijro etib, ayolga azob beradi. Bu talqinda ayol jabrlanuvchi, erkak jabrlovchi rolini bajaradi. Ikkinchi bir talqinda ayol beshafqat, yaxshilikni bilmaydigan salbiy tip. Erkak esa ko‘ngli toza, ayolga haqiqatan ham ko‘mak berishni istagan xaloskor odam. Uchinchi talqinda, erkakning ayolga o‘zini «xaloskor, unga uylanib qahramonlik ko‘rsatishi» artistizm deb baholanishi mumkin. Shodi aka artistlik qilishda hayotini, o‘zining shaxsiy hayotini ham izdan chiqarib yubordi, deyish mumkin. Hayot bilan, birovning shaxsiy his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashish aslo mumkin emas. O‘ynashgan g‘olib bo‘lmaydi, unday odamni muqarrar mag‘lubiyat kutadi. Deylik, bunga Shodi akaning hayotini misol keltirishimiz mumkin. Qissadagi Shodi aka haqidagi o‘rinlarni sinchiklab ko‘zdan kechirsak, uning dali-g‘uli, artist xarakteri ochiladi. Qolaversa, u juda kambag‘al oilada tug‘ilgan. Raisning qiziga uylangach esa hayoti tubdan o‘zgaradi. Uy-joy, hamma muammolar hal bo‘ladi. Xullas, qissada Shodi akaga nisbatan kinoyaviy pozitsiyaning serqirraligini kuzatish mumkin. Yozuvchi esa ularning hech birini qo‘llab-quvvatlamaydi. Xolis turib tasvirlaydi, xolos. Muhokama-mulohaza qilishni kitobxonning o‘ziga qoldiradi.
Ahmad A’zamning «Asqartog‘ tomonlarda» hamda Erkin A’zamning «Javob» qissasida kichkina odam falsafasini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, Maxdi Ashrapov Nuriddin Elchiyev singari juda kichkina odam emas. Maxdi Ashrapov jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Oldiniga talaba, so‘ngra domla, fan nomzodi, dotsent lavozimlarida ishlagan. Ammo har ikki qahramon ruhiyatida o‘z hayotidanmi, ishidanmi qoniqmaslik bor. Qandaydir boshqacharoq hayotni, boshqacharoq jamiyatni, boshqacharoq muhitni sog‘inish hissi bor. Qisqasi, har ikki qahramon ruhiyatida bo‘linish bor. Mavjud jamiyatga, o‘zi yashayotgan muhitga isyon, norozilik kayfiyati bor. Masalan, «Asqartog‘ tomonlarda» qissasi Maxdi Ashrapovning quyidagi ichki dialogizmiga e’tibor qaratamiz: «Yo‘-o‘q, turmushimdan ko‘nglim to‘lmay, hayotdan noroziligim yo ishlarim yurishmay, shu yashayotgan joyimda noroziligimdan emas, nimadanligini o‘zim ham bilmayman, tushuntirishim qiyin, ammo mudom namlarnidir qo‘msayman, allaqayoqlarga ketgim, o‘sha yoqlarda o‘zimga ham noma’lum ishlarni qilgim, bu ishlardan ko‘nglim to‘lib, ko‘kragimni mundoq bemalol ko‘tarib yurgim kelaveradi, lekin hech qayoqqa ketmayman, biron narsa to‘g‘anoq bo‘lganidan, ketolmasligimdan emas, o‘zim, o‘zim ketmayman, eh-h, ketsammi, a, deyman, ko‘zimni yumib, o‘sha borar joyimdagi ajoyib hayotni, o‘zim amalga oshiradigan ajoyib ishlarni xayol qilaman, hozir shundoq o‘rnimdan turamanda, ko‘chaga chiqib, o‘tayotgan biron mashinaga qo‘l ko‘taraman, deb chog‘lanaman, xayolimni biri biridan baland, shirin orzularga to‘ldirib entikaman, ammo uchishga shaylangan qanotlarimni yelkamga mahkam jipslab, o‘rnimdan qo‘zg‘almay o‘tiraveraman – bir turtki, bir harakat yetishmaydi, ketay-ketay deganimda ichim huvullab, bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolaman». Demak, Maxdi Ashrapov jur’atsiz odam ekan degan xulosaga kelamiz. Kattaroq ishlar qilishga qodir shaxs emas. U institut tushib qolib vaziyatdan qanday chiqib ketishni ham bilmaydi. Do‘sti Tangirning sovg‘alarini oladi. Ich-ichida qimmatbaho uy-jihozlarining pulini to‘lashni, qaytarishini o‘ylaydi. Ammo Tangir qamalib ketganida, unga achinmaydi ham. Qahramon o‘z turmushini taftish etib ko‘radi, uzoq-uzoq yurtlarga ketib, tomosha qilib, ko‘p pullarga ega bo‘lib qaytishni, kichkina bir hovlichami sotib olishni orzu qiladi. Ammo hech qayerga ketolmaydi. Demak, Maxdi Ashrapov ham mavjud jamiyatdan norozi bo‘lsada, amalda uni yaxshilashga harakat qilmaydi. Demak, tabiatan u kichkina odam. U kichkina odamligicha qoladi. Isrofil ko‘p jihatdan erkin odam. Ko‘nglidagi o‘zi yoqqan ishni qila oladi. Shu jihatdan u Maxdi Ashrapovdan ustunroq obrazdek, nazarimizda.
Nazarimizda, Ahmad A’zam boshqa tengdoshlari singari o‘z asarlarida ruhi ikkiga bo‘lingan shaxs fojiasini teran badiiy talqin etib berishga o‘z hissasini qo‘shgan jiddiy ijodkorlardan biri. Muallifning qay bir asarini qo‘limizga olmaylik, ular chuqur o‘ylashga, muhokama qilishga, yangi bir talqinlar topishga yo‘l ochadi.
Agar mahoratli adib Ahmad A’zam hayot bo‘lganida, bu yil qutlug‘ 70 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Afsuski, takrorlanmas yozuvchi va ajoyib inson Ahmad A’zam bugun oramizda yo‘q. Ammo uning badiiy durdonalari kitobxonlar va tadqiqotchilar nazaridan chetda qolgani yo‘q. Muallif asarlarining tilsimlarini ochishga yosh tadqiqotchilar bel bog‘lashgan. Ahmad A’zam turmush o‘rtog‘i Farog‘at Kamolovaning xotirlashicha, umrining so‘nggi nafasigacha yozdi, bir zum bo‘lsada, yozishdan to‘xtamadi, tanasida og‘riqlar bezovta qilganida ham u yozishdan to‘xtamadi. Yozish, ijod qilish uni hayotga qaytardi, unga kuch berib turdi. Bejizga yozuvchi mana bu jumlalarni bitmagan: «Ko‘p ishni qilib ko‘rdim, turli yumushga qo‘l urdim. Lekin hech biri yozishga, yozish beradigan mashaqqatli zavqqa teng kelmaydi…»
Xulosa shuki, Ahmad A’zam yaratgan badiiy asarlar zavq bilan o‘qiladi va zavq bilan tahlil etiladi. Muallifning ikkinchi mangu umri hech qachon zavol topmasin. Yashashda davom etsin.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son