Marhabo Qo‘chqorova. «O‘zim o‘z qalbimning bo‘lsam Kolumbi»

Hozirgi o‘zbek she’riyatining zabardast vakillaridan biri – Omon Matjon. Uning ilk she’riy to‘plami “Ochiq derazalar” (1970) nomi bilan nashr etilgan. Shundan buyon qirq yillik ijodiy tajriba va mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan shoirning “Karvon qo‘ng‘irog‘i” (1973), “Quyosh soati” (1974), “Dramatik dostonlar” (1975), “Yonayotgan daraxt” (1977), “Yarador chaqmoq” (1979), “Haqqush qichqirig‘i” (1979), “Seni yaxshi ko‘raman” (1983), “Daraxtlar va giyohlar kitobi” (1984), “Gaplashadigan vaqtlar” (1986), “Ming bir yog‘du” (1989), “O‘rtamizda birgina olma” (1990), “Odamning soyasi quyoshga tushdi” (1991), “Qush yo‘li” (1993), “Iymon yog‘dusi” (1995), “Diydor aziz” (2011), “Xaloskor ruh” (2012) kabi yigirmaga yaqin she’riy, nasriy, dramatik kitoblari chop qilindi.

Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm vi­loya­­tining Gurlan tumanida tug‘ildi. Uning otasi – Mat­jon Jumaniyozov (1905-1976) shu tumanda poch­­ta bo‘limining boshlig‘i lavozimida ishlar edi. Onasi – Xotira Erma­tovaning (1916-1946) umri juda qisqa ekan, o‘ttiz yoshga to‘lganida to‘rt farzandini chirqillatib, boqiy dunyoga rixlat qiladi. Yosh Omon onasi vafot etganida uch yashar go‘dak bo‘lgan. Shu bois, Omon aka tuqqan onasi – Xotira opani tugal eslay olmasligi tabiiy hol bo‘lib, uni tarbiyalab-o‘stirgan o‘gay onasi – O‘rozbika opa nomlarini juda hurmat va ehtirom bilan tilga oladilar. Omon akaning voyaga yetishida uning ikkita opasi – Gulsara va Oyim­jonlarning ham xizmatlari katta bo‘lganligini tusmol qilamiz. Ming taassuflar bo‘lsinkim, Xotira opaning umri qisqaligi, qizlari qismatiga ham bitilgan ekan. Bu qismat qizlariga ona meros qolgan ekanmi? Yoki boshqa bir sababmi? Bilmadik… Omon akaning eslashicha, katta opasi – Gulsara juda xushro‘y, kelishgan qiz bo‘lib, uning nafis, g‘oyat bilimdonligi, odobi yosh Omon qalbini o‘ziga rom etadi. Opasining maktab topshiriqlarini birgina ona tili va adabiyotdan berilgan insho va mashqlarni zo‘r ishtiyoq bilan bajarishini ko‘rib, ukasi – Omon ham unga ergashib, olti yoshida qishloqdagi Orjanikidze nomidagi o‘rta maktabga: “Men ham maktabda o‘qiyman”, deya o‘jarlik qilib boradi va birinchi sinfga o‘qishga qabul qilinadi. Ayniqsa, opasining husnixati juda go‘zal, savodli, toza yozilganligini Omon aka quvonch va iliq xotiralar bilan esladi. Opasi – Gulsara boshi qattiq shamollab, shu dard bilan gullagan o‘n olti yoshida olamdan ko‘z yumadi. Omon akaning xotirlashicha, qizining bevaqt o‘limi otasi – Matjon Jumaniyozovni chuqur qayg‘uga botiradi, bir kunda sochlari oqarib ketadi.

Omon akaning ikkinchi opasi – Oyimjon esa turmushga chiqib, yigirma olti yoshida bevaqt vafot etadi. Omon Matjon ota va onasi bir Zarif akaning ham alohida fe’li, qiziqishlari va xarakteri haqida gapirdilar. Zarif aka tug‘ma san’at shaydosi bo‘lsalar-da, tarix fani bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishadi. Zarif aka Samarqand Davlat universitetini tugallab, o‘sha yerda qo‘nim topib, bugun ham o‘sha yerda oilasi bilan umr kechirmoqda.

Matjon Jumaniyozovning ikkinchi turmush ayolidan tug‘ilgan farzandlari – Sobir, Hamro, Qadam akalar bugun ham Gurlan tumanida hayot kechirishmoqda.

Yosh Omon qalbida adabiyotga, so‘z san’atiga mehru muhabbatning uyg‘o­ni­shida ikki opasi hamda akasining ham ta’siri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Albatta, shoir shaxsiyatining shakllanishida, uning badiiy tafakkuri, poetik nigohining kamol topishida juda ko‘p omillar, oilaviy muhit bilan birgalikda, ustozlar mehnati, shaxsiy mutolaa (gazeta-jurnallar, badiiy adabiyot mutolaasi) ham katta ahamiyatga molik. Uning shoir Hamid Olimjonning buvisiga o‘xshagan ertakchi buvisi, so‘zga chechan enasi yo‘q edi. Lekin qishloqda xalq mutolaasi, parixon mullalar, oqshomlar uyushtirilgan she’rxonlik va dostonchilik an’analari yosh Omon qalbini nurlantirib, yo‘nalish bergani aniq. Bu sohir kechalar va yaqinlari, oilasi haqida shoir shunday hikoya qiladi:

Mening katta bobom Xorazmda – Feruzshoh zamonida – saroyda devonbegi bo‘lganlar. Ismi – Ermuhammad bobo (Gap Omon Matjonni tuqqan onasi – Xotira opaning otasi haqida ketayapti. Ta’kid bizniki – M.Q.) bo‘lgan. Bu tarixiy ma’lumotlarni turli mavqeli idoralardan istab, o‘rganib ko‘rganman. Ammo bular 1917 yil butun sho‘ro mamlakatidagi “evrilishlar” olovida yondirilgan, tuproqqa ko‘milgan. Amudaryoga tashlab, oqizib yuborilgan. Bu zamon voqealari haqidagi nolalarim “Ikki daryo oralig‘ida” she’rimda biroz aks etgan…

…Bolalik mayli o‘zi dunyoning turli informativ oqimlariga oshufta etadi. Esimda, qishlog‘imizda chollar, xalfa kampirlar, ko‘pincha, turkman shoirlari – Mulanafas, Maxtumquli she’rlarini juda ko‘p o‘qishardi. Bizning uyimizda ham bu shoirlar she’riyati katta qiziqish va mehr bilan o‘qilardi. Yana shunday keksalar bor ediki, ular kechqurunlari yig‘ilishib, ashulalar aytishardi. Ayollar esa kechalari moychiroq yorug‘ida ko‘rak chuvishib, ertaklar aytishardi, xalq qo‘shiqlarini kuylashardi. Men, maktab yoshiga kirmagan bola, bu sehrli kuy, qo‘shiq, ertaklarning barisini uxlamasdan, qiziqish bilan, qandaydir hayrat bilan tinglardim. Balki bolalikdagi mana shu qiziqish va hayrat mening qalbimda she’riyatga bo‘lgan ulkan muhabbat hissining ilk kurtaklarini uyg‘otgandir”.

Yosh Omon maktabda o‘quvchilar tomonidan tayyorlanadigan devoriy gazeta ishlariga bosh-qosh bo‘ladi. Gazeta sahifasini rasmlar, she’rlar bilan to‘ldirganini Omon aka suhbatlarida ta’kidladilar. O‘sha yillarda Yangibozorda “Kommunizm uchun” rayon gazetasi nashr etilardi. Omon akaning o‘quvchilik yillarida yozilgan “Baliq bilan chirik to‘r” nomli ilk she’ri shu gazetada chop qilinadi. Mazkur she’rning yaratilishi haqida shoir bolalik xotiralarini erinmasdan gapirib berdilar. Aytishlaricha, Omon aka do‘stlari bilan Amudaryodan oqib keladigan uy oldidan o‘tadigan yopdan (suv yo‘li, kanaldan kichikroq suv yo‘li Xorazmda yop deyiladi. – M.Q.) yoz kunlari baliq tutishadi. Daryo suvidan ichib, chanqog‘ini bosishadi. Yop va shu yerdagi baliq ovi haqidagi bolalik kunlari natijasida “Baliq bilan chirik to‘r” she’ri yoziladi.

She’rda to‘rga ilingan baliq va chirigan to‘r muloqot qiladi. Bu uslub yosh Omonning bolalarcha badiiy tafakkuri, fantaziyasini aks ettirgan bo‘lsa, ayni paytda, o‘zi anglab-anglamagan holda majoziy, falsafiy she’r namunasini yaratganligiga guvoh bo‘lasiz. Chirik to‘r – chirigan tuzum ramzi bo‘lsa, to‘rga ilingan baliq – sobiq sho‘ro odami. Chirik to‘r baliqni tezroq ovchiga yetkazmoqchi bo‘ladi. Ammo uddaburon, qo‘rqmas baliq chirigan to‘rni dog‘da qoldirib, ozodlikka intiladi. Bu ishning uddasidan chiqadi ham. She’r xulosasi chuqur optimizm va gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Umuman, she’rda yosh shoirning ijtimoiy munosabatlar, ezgulik va yovuzlik, tutqunlik va erkinlik o‘rtasidagi abadiy ziddiyatlar haqidagi ta’sirli hukm-xulosasi timsolli obrazlarda o‘z aksini topgan.

Keling, yaxshisi bular haqida shoirning o‘zlaridan eshitaylik:

“Birinchi she’rim esimda, uning nomi “Baliq va chirik to‘r” edi:

Baliq bilan chirik to‘r
Janjal qildi juda zo‘r.
Chirik to‘r der: Baliqvoy,
Ishing chatoq, holing voy…
Seni o‘rab olaman
Va xaltamga solaman.
Ovchiga yetkazaman,
Kuningni bitkazaman.

Bu she’rning boshlanish qismi, xolos, u yog‘i esimda qolmagan. Bu she’r Yangibozor rayoni gazetasida chop etilgan. O‘sha yillari Yangibozorda mashhur jurnalist va shoir Do‘stjon Matjon ishlardi. U menga she’r yozish san’ati haqida maslahatlar ham bergan. Biz bu inson bilan ko‘p uchrashganmiz. U bolalar shoiri ham edi”.

Omon Matjon ota kasbini egallash uchun maktabni tugatgach, dastlab, Toshkent Aloqa institutiga hujjatlarini topshiradi. Bir hujjat tufayli bu oliygoh talabasi bo‘lish sharafiga muyassar bo‘la olmaydi. So‘ngra shu ins­titut qoshidagi Aloqa bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Bir yillik tahsildan so‘ng Gurlanga qaytib kelib, tomma-tom yurib, kimningdir telefon simlarini, yana kimningdir radiosini, xullas, nimaiki texnika jihozlari bo‘lsa, ularni tuzatib-buzib, ustachilik bilan shug‘ullanadi. Gurlanda montyorlik vazifasini sidqidildan bajaradi. Radio-texnikaga, gazeta-jurnalga ixlos unga ota meros edi. Shu bois, radiotexnik Anvar obrazi Omon Matjonning “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasiga bejiz olib kirilmagan. Kitobga, texnikaga, kashfiyotga, bilim olishga o‘ch Anvar Omon Matjonga o‘xshab ketadi. Ammo Omon Matjonga hayot boshqacharoq kashfiyotchilikni in’om etdi. Ya’ni, u texnik kashfiyotchi emas, badiiy so‘z kashfiyotchisi bo‘lib yetishdi. Mazkur qissadagi ko‘pgina voqealar, obrazlarning hayotiy asoslari bor.

Shoir o‘zining ta’lim va tahsil yillari, faoliyati haqida shunday hikoya qiladi:

“Men 1961 yilda akam – Zarifning maslahati bilan Sa­mar­qand Davlat universiteti fi­lologiya fakultetining frantsuz tili bo‘limiga o‘qishga kirdim. Ammo ikkinchi kursga o‘tgan yilim armiya xizmatiga chaqirilganman. Talabaning ham harbiy xizmatga chaqirilishi tarixiy-ijtimoiy ho­di­sa: chunki, 1941-45 yillarda Ikkinchi jahon urushi yillarida, nihoyatda ko‘p odamlar, ayniqsa, erkak­lar qurbon bo‘lib ketishgan. Otamning yelkasida urushdan oldinroq avto-avariya tufayli sodir bo‘lgan jarohat bor edi, shundan uni frontga olishmagan.

Shunday qilib, men, 1962 yilda xizmatga ketdim va o‘sha paytda, Germaniyaning Drezden, Maysen shaharlarida uch yil harbiy xizmat burchimni o‘tadim. Harbiy qismimizda juda katta kutubxona bor edi. Men o‘yladim: uch yil – ming kun… Har kuni sal bo‘sh qolsam, kitob o‘qiyman. Ko‘p o‘qish bolalikdagi ichki qiziqishimga ruhiy quvvat berdi. She’rlar yozaboshladim. U paytlarda, aspirantlarga harbiy xizmat muddati ikki yil edi. Leninobodlik Isoqul To‘raqulov degan harbiy xizmatchi-do‘stim she’rimdan bir-ikki dastasini Toshkentga olib ketdi. U she’r­larimni o‘sha paytda, “Sharq yulduzi”da ishlayotgan ustoz Shuhratga berib ketibdi. Ustoz ehtiromli e’tibori bilan, birga ishlashayotgan Husniddin Sharipovga oq yo‘l yozdirib, 1965 yilning 6 son (iyun)ida “Soldat o‘ylari” sarlavhasi bilan she’rlarimni e’lon etishgan. Otam bitta jurnalni harbiy qismga jo‘natganlar. Men jurnalni oldim. Shunday qilib, men harbiy xizmatdan shoir Omon Matjon bo‘lib qaytib keldim. Xizmatdan qaytishda harbiy kiyimda “Sharq yulduzi” jurnali redaktsiyasiga kirib, ustoz Shuhrat bilan uchrashdim… Ustoz meni quchoqlab: “A-ay, soldat gonorar oldingmi?” dedilar… Men Xorazmga – uyga – Bog‘olonga ertasiga yarim kechasi yetib bordim… Men ustoz Shuhratning nurli ehtiromlarini ko‘p tuyganman…

1965 yilda xizmatdan qaytib kelib, dorilfununda o‘qishni davom ettirdim. Lekin men endi frantsuz filologiyasida o‘qishni xohlamadim. Harbiy xizmatda yurgan paytimda qarorim o‘zgardi. O‘qishimni o‘zbek filologiya fakultetiga almashtirdim. Universitetda menga dars bergan Vohid Abdullayev, Ulug‘ Tursunov, Nuriddin Shukurov, Qo‘ng‘urov kabi aziz zotlar – ustozlarim bo‘lganidan faxrlanaman.

1969 yilda tahsilni tugatgach, ustozlarim meni shahri azim Toshkentga jo‘natishdi, bu yerda Navoiy ko‘chasida joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlashga imkon, yo‘l-yo‘riq berishdi.

Bu nashriyot u paytlar butun respublikada tanilgan nashr dargohi edi. “Navoiy – 30”. Deyarli, barcha yirik bosmaxonalar, gazeta-jurnallarga ham mehrli murabbiylar maskani bo‘lib, o‘sha yillari, Shuhrat, Said Ahmad, Saida Zunnunova, Kibriyo Qahhorova, Ramz Bobojon, Mirzakalon Ismoiliy, Mavlon Ikrom, Hamid G‘ulom singari ko‘plab ijodkorlarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganman.

1969 yilning oxiridan boshlab to 1986 yilgacha mazkur dargohda ishlagan davrimda men uchun yana yangi nashr akademiyasi eshik ochganday bo‘ldi. Bu yerda, nafaqat, ulug‘ ustoz Hamid G‘ulom bilan yorqin ish faoliyatimiz, ulug‘ ijodkor akalarimiz bilan tanishuv, balki butun viloyatlar, Markaziy Osiyodagi ko‘plab ijodkor shoirlar, tarjimonlar bilan tanishuv, xizmat jarayoni ham bo‘ldi…”

Omon Matjonning birinchi she’riy to‘plami “Ochiq derazalar”(1970) nashr etilgach, adabiy tanqidchilik, jamoatchilik unga iliq munosabat bildirdi. Ma’lumki, shoir urush yillarida tug‘ildi, murg‘ak bolalik yillari urush va urushdan keyingi qiyin ijtimoiy-tarixiy davrga to‘g‘ri keldi. Shu bois, ko‘p qiyinchiliklar, zamona qattiqliklarini boshidan kechirgan yosh shoir ilk she’riy kitobini “Ochiq derazalar” deb nomladi. Sarlavhaga chiqarilgan she’r matniga e’tibor qaratsak, Omon Matjonning ijodiy kredosi, badiiy-estetik a’moli bor bo‘yi basti bilan ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Shoir o‘z derazasini, deraza ortidan yog‘du, soya, kulgi eshitilib turadigan farovon, osoyishta oila, ruhiy xotirjam uy, Vatanni orzu qiladi. Yosh shoir o‘z yo‘lini izlaydi, bedor ruhiy to‘lg‘anishlarini she’rga soladi. Mazkur to‘plamga kirgan “Ochiq derazalar”, “She’riyat”, “Boshqalardek sevishdik biz ham”, “Firuza”, “Shar”, “Do‘stlarim”, “Bug‘doy” kabi o‘nlab she’rlarida yosh shoirning olam va odam munosabatlariga liro-romantik, falsafiy, patetik, hissiy tafakkuri o‘z muhrini bosgan.

Ijodkor she’rdan she’rga, fikrdan fikrga, obrazdan obrazga tomon o‘sish va o‘zgarishda davom etdi. U badiiy ijodda tinim bilmay mehnat qildi.

Kitoblarining sarlavha – nomlari haqida shoir shunday deydi:

“Kitoblarimning nomlari ko‘nglimda, hali asarim chiqmay, ko‘p oldin zohir bo‘lib yurar edi. Hozir ham…

“Karvon qo‘ng‘irog‘i”. Tasavvur qiling, qadim Xorazm zamini, ovul-eli. Bu qadimiy karvon yo‘llari diyori…

Xorazmning barcha shahar, kent, ovul-qishloqlarining, har birining nomi juda qadim pur ma’no. Bitta Bog‘olonni oling, Bo‘zqal’a, Cho‘bolonchi, Do‘simbiy, Miskin bobo… Amudaryoning “orqa” – shimoli “Qirq qiz”, “Tuproqqal’a”, “Ellikqal’a”…

Men Navoiyning asarlarini o‘qib-o‘rganishlarim natijasida, xususan, uning “Xamsa”sidan ta’sirlanib, “Ming bir yog‘du” asarimni yaratdim”.

Omon Matjon Vatanimiz tarixi, madaniyati, urf-odatlari, folklorini, o‘zga xalqlar tarixini chuqur biladigan, bir so‘z bilan aytganda, katta bilim va tafakkur egasi. Bu qirralar uning she’riyatida yorqin ko‘rinadi. Yana Omon Matjon she’rlaridagi ruh shundan iboratki, u ko‘p dunyo ko‘rgan, ko‘p insonlar bilan tanishgan, ularning hayoti, dardu iztirobini chuqur his etgan ijodkor sifatida ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Adabiyotshunos Umarali Normatov uni “Omon – jahongashta shoir”, deb ta’riflagan edi. Omon Matjon she’rlarida xalqonalik, allegorik obrazlilik, ijtimoiylik, nasrga xos epik tasvirni she’riy yo‘lda ifodalash, falsafiylik, haqiqatparastlik, davr fojialarini, inson dardini dadil aytish jihatlari yorqin namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda uning yuksak mahorat, baland badiiy did natijasi o‘laroq, “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasi, “Pahlavon Mahmud”, “Xorazmiyning to‘rt sayohati va sakkiz bashorati”, “To‘g‘on”, “Haqqush qichqirig‘i” kabi dramatik, falsafiy, tarixiy dostonlari, so‘nggi yillarda esa “Najmiddin Kubro” tragediyasi, “To‘rabekaxonim” nasriy qissasi yaratildi.

Omon Matjon lirik, liro-epik, dramatik turning turli janrlarida barakali ijod qildi. Shu bilan birga, mohir tarjimon sifatida ham uni yaxshi bilamiz. Jumladan, turli millat shoirlari – Shiller, Bodler, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamazatov, Yustinas Martsinyakivichyus, Shandor Petefi, Berdi Kerboboyev, Suhrob Tohir, Ibroyim Yusupovlar ijodidan tarjimalar qildi.

Zero, badiiy tarjima ham alohida san’at hisoblanadi. Tarjimon bilan o‘zga millat ijodkori ruhiyati orasida qandaydir uyg‘unlik, ruhiy yaqinlik bo‘lishi lozim, deyishadi tarjima nazariyasi bilan shug‘ullanuvchi olimlarimiz. O‘zining tarjimonlik faoliyati xususida shoir shunday deydi:

“Tarjimalarga kelsak, men juda usta tarjimon emasman. Muayyan vaqt uchun, ijodiy jarayon ruhiga bir “Hormang!” tarzida kuchim yetgancha Shiller, Bodler va boshqa shoirlardan ozgina tarjimalar qildim. Yevgeniy Yevtushenko bilan juda yaqin ijodiy hamkorligimiz bor. U mening she’rlarimni rus tiliga tarjima qildi. Hatto xonadonimizda bir necha bor mehmon ham bo‘lgan. Juda yaxshi eslayman, u bilan birinchi marotaba Toshkentda uchrashganimizda shunday degan edi: “Men minglab yulduzlarni kashf etgan buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek tug‘ilgan ona zaminni, uning odamlarini bir ko‘rsam edi, – deb orzu qilardim. – Ulug‘bek, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy kabi buyuklar tug‘ilgan yurt odamlari qanday ekan? Ular qanday tilda gaplashar ekan? Ular qanday millat ekan? – deb qiziqar edim. Nihoyat, men shunday qutlug‘ zaminni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim!” degan edi. Yevgeniy Yevtushenko, asli sibirlik, muzlar, qorlar qoplagan bir yurtdan…

Tarjimonlik ishi haqiqatdanam mashaqqatli kasb, tarjimon bilan o‘zga ijodkor o‘rtasida, albatta, ruhiy bog‘liqlik bo‘lishi shart. Shu ma’noda men tarjima qilgan shoirlarning ruhini bir qadar topa olish kerak, deb o‘ylayman. Balki shuning uchundir, ular o‘zbek badiiy tarjima adabiyotida o‘z o‘rnini topa bildi. Xususan, Yevgeniy Yevtushenkoning O‘zbekistondagi eng ishonchli tarjimoni men bo‘lib qoldim. U menga shunday vakolat berdi: “Faqat Omon Matjon mening she’rlarimni tarjima qilsin!” Yevgeniy Yevtushenko bir kelganida, uning istagi bilan O‘zbekistonning go‘zal shaharlarini birgalikda aylanib chiqdik.

Yana bir gap. Yettinchi-sakkizinchi sinflarda o‘qib yurgan paytlarimda, menda bir orzu paydo bo‘lgan edi: “Qani qirq yoshimgacha hech qursa yarim dunyoni ko‘rib kelsam…” Pirlar yor bo‘ldi. Shu niyatim amalga oshdi. Men Frantsiya, Amerika, Germaniya, Chexoslavakiya, Turkiya, Mo‘g‘uliston mamlakatlariga, Rossiyaning Moskva, Sverdlovsk kabi shaharlariga sayohat qildim. Frantsuzlarda shunday gap bor ekan: “Uch marta Parijni ko‘rmagan shoir – shoir emas!”

Ehtimolki, xorijiy mamlakatlarga qilgan safarlarim ham badiiy tarjimaga turtki bergandir…”

Omon Matjon she’riy, dramatik dostonlarida tarixiy shaxslar hayotiga ko‘p murojaat etdi. Masalan, Al Xorazmiy, Beruniy, Ma’mun, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Xoja Ahmad Yassaviy, Dravarxonim (To‘rabekaxonim) kabi tarixiy obrazlar qator dramatik doston, tragediya va qissalarida aks ettirilgan. Tarixiy asar yaratishda o‘ziga xos badiiy shartlilik talablari mavjud. Ijodkor tarixiy faktni aynan ko‘chirib emas, unga badiiy to‘qima obrazlar qo‘shib, voqelikni xayolan to‘liq tasavvur etib, tarixiy voqelikni badiiy haqiqatga aylantirishda bir qancha mezonlarga tayanishi lozim. Masalan, o‘tmishni tasvirlash uchun, tabiiy ravishda, o‘sha davr leksikasini asarda qo‘llashi, tarixiy milliy koloritni asarning ruhiga singdirib yuborishi lozim bo‘ladi. Qolaversa, tarixiy asar fonida zamonaviy kun tartibdagi muhim ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy, falsafiy g‘oyalarga ham jiddiy e’tibor berilishi lozim.

Omon Matjonning “Diydor aziz” nomli yangi kitobiga ikkita tarixiy asar kiritilgan. Ulardan biri Kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubroga bag‘ishlangan. Tragediyada Najmiddin Kubro timsolida irodasi kuchli shaxsni ko‘ramiz. Qolaversa, bu valiytarosh, mutasavvif timsolida vatanparvar, millatparvar, insonparvar shaxs obrazi mujassamlashtirilgan. Ijodkor tez-tez tilga olganidek, Najmiddin Kubro shartli zaminiy in’omlaru, zaminiy orzu-istaklardan ancha yuqoriga ko‘tarila olgan zot.

“Najmiddin Kubro” tragediyasida jiddiy tanqid etilgan ma’naviy, ijtimoiy muammolardan biri o‘sha davr muhitidagi xiyonatkorlik, sotqinlikdir. Ichki nizolar, adovat-kin, ko‘ra olmaslik, katta iste’dodlarni tan olmaslik, qanday bo‘lmasin, ularni mag‘lub qilish uchun butun boshli millatni mahv etishga muvaffaq bo‘lgan xudkashlar obrazi ko‘rsatib berilgan. Mazkur tragediyadagi illatlar, bundan salkam yigirma-o‘ttiz yillar oldin yartilgan “Beruniy”, “Al Xorazmiy”, “Pahlavon Mahmud” dramatik dostonlarida ham ishonarli ochib berilgan edi. Demak, Omon Matjon shaxs tabiatiga xos xiyonatkorlik, sotqinlik, hasadgo‘ylik kabi illatlarni qizil ip misoli ko‘pgina asarlarida davomiy o‘rganadi, ayovsiz tanqid qiladi.

“Najmiddin Kubro” tragediyasining yaratilishi, ijodiy jarayon lahzalari haqida so‘raganimizda, Omon Matjon shunday javob beradi:

“Mening bu asarni yozish haqidagi ijodiy rejam yigirma yil oldin miyamda bor edi. “Diydor aziz” kitobimga yangi ikki asarimni kiritdim. Ikkisi ham tarixiy mavzuda. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarimizda tarix o‘qituvchimiz biz – o‘quvchilarni Xivaga ziyoratga olib bordi. Shunda muallimimiz Do‘simmat aka Najmiddin Kubro bilan To‘rabekaxonim haqidagi tarixiy hikoyatlarni gapirib bergan. Shu hikoyatlar menga kuchli ta’sir qilgan edi o‘sha paytda. Qolaversa, Xorazm tarixini o‘rgangan rus olimi Tolstovning kitoblariga suyandim. Umuman, men, asosan, ijodimda X-XIII asrlar Xorazm tarixini, shu davrdagi eng mashhur, qahramon deb atashga loyiq shaxslar haqida yozdim”.

Omon Matjon she’riyatining asos o‘zagini Xorazm nafasi, Xorazm odamlari, Xorazm tarixi, Xorazmning qadimiy ming yillik urf-odatlari, Xorazm xarakteri, tabiati, iqlimi bir so‘z bilan aytganda, Xorazm milliy koloriti tashkil etadi. Shoir asarlaridan Xorazm ohanglari ufurib turadi. “Siz Xorazm zaminida tug‘ilganingizdan, gurlanlik ekaningizdan faxr hissini tuyasizmi? Gurlanliklar qaysar, o‘jar odamlar bo‘ladi. Sizning tabiatingizda ham shunday xislatlar bormi?” deb so‘raganimizda, Omon Matjon shunday javob qildi:

“Xorazmda menga eng katta rahbar ham, bog‘chaga ketayotgan bolakay ham bari ruh go‘zalligi, ehtiromi, deb bilaman! Ijod ham gohida shaxmat o‘yinini eslatmaydimi? Menda uncha ham shaxmatchilikka salohiyat yo‘q. Ba’zan bir piyodaning yurishi kifoya! Shohning himoyasi esa asosiy g‘oya!

Men, albatta, buyuklar tug‘ilgan ona zamin Xorazmda tug‘ilganimdan faxrlanaman! Uning har bir qarich yeri, odamlari, yantog‘i, cho‘li, suvi – hammasi men uchun birdek qadrli!

Bilasizmi, men, “Haqqush qichqirig‘i” dostonimga “Gurlanliklar” haqida bir afsonani kiritgan edim. Umuman, Gurlan va gurlanliklarning paydo bo‘lishi haqida turli taxminlar, xalq afsonalari, cho‘pchaklar yuradi xalq orasida. Shulardan bittasi ko‘r va lang odam haqidagi afsona. Shu afsonaning mohiyatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, gurlanliklar uddaburon, ishning ko‘zini biladigan, og‘ir sharoitdan, xalq ta’biri bilan aytganda, “tegirmondan butun chiqadigan” qavm deb o‘ylayman. Menda o‘sha ota-bobolarimning xarakter, fazilatlari bor, albatta…”

Omon Matjon hayoti va ijodining asosiy qismi sho‘ro zamonida kechgan bo‘lsa-da, uning asarlarida o‘zbek xalqining dardi, iztirobi, ekologik, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy muammolari aytilgan. Masalan, birgina “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasi bunga misol. Shoir hayoti va ijodini tadqiq etgan J.Jumaboyeva mazkur qissani “ko‘p tarmoqli asar”, U.Normatov esa “murakkab asar”, deb belgilashgan. Unda o‘sha paytlarda aytilishi qiyin bo‘lmagan juda jiddiy muammolar ko‘tarib chiqilgan.

Joiz bo‘lsa, “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasi qat-qat muammolar, qat-qat falsafa, qat-qat ma’nolar mavjud serqirra asar. “Bitta aksa ursa, o‘ttizta protokol tuziladi”, degan jumla bilan sobiq sho‘ro davridagi dahshatli qog‘ozbozlik, rasmiyatchilik ustidan shoir qahqaha urib kuladi, o‘tli qalam kuchi bilan mavjud ijtimoiy illatni ayovsizlarcha tanqid etadi. Qissada anglashimcha, biografik detallar bilan bir qatorda, tarixiy voqelik, tarixiy shaxslar hayoti yashirin bir tarzda berilgan. Mazkur o‘rinlarga biroz aniqlik kiritib berishini shoirdan so‘radik. “To‘rt darvesh obrazini yaratishdan maqsadingiz nima edi? Nima uchun darveshlarga ism qo‘ymagansiz?”

“To‘g‘ri anglabsiz, qissada to‘rt darvesh obrazi bor. Ularga men ataylab ism qo‘ymaganman. Chunki, men dastlab Ahmad Yassaviy obrazini yaratmoqchi bo‘lganman shu qissamda. Lekin bu pirimizning nomlari ham, asarlarini o‘qish ham, uni targ‘ib etish ham qat’iyan man etilgan davr edi. Bilasiz, Ahmad Yassaviy bobomiz oltmish uch yoshga to‘lganlarida “Payg‘ambarimizdan ortiq umr ko‘rishni o‘zlariga ep ko‘rmay, yer ostiga kirib ketganlar! “Gaplashadigan vaqtlar” qissamdagi sirli darvesh, aslida, bu – Ahmad Yassaviy edi.

“Haqqush qichqirig‘i”, “Gaplashadigan vaqtlar”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i” singari kitoblarim bugun ham dunyoning turli inform nashrlarida foydalanilayapti. Men bu jihatdan juda baxtli ijodkorman!”

Omon Matjon Toshkentda ish faoliyatini boshlagan davrlarida, Navoiy – 30 ko‘chasida, bo‘lajak rafiqasi Maqsuda Tohirova bilan tanishib qoladi. U o‘sha paytlarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining kechki bo‘limida tahsil olar, shu bilan birga, nashriyotda korrektor lavozimida ishlar edi. Ularning dunyoqarashlari, gaplashadigan gaplari, intilishlari, hayotga munosabatlari mos tushadi. Shunday qilib, ikki yosh turmush qurishga ahdu paymon qilishadi.

1970 yilda Omon Matjon bilan Maqsuda opalarning nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tadi. Mana ular qirq uch yildan beri birga umrguzaronlik qilishmoqda. To‘rt farzandning ota-onasi. Matjonovlar sulolasi davom etmoqda. Far­zandlari –Rayhona, Diyor, Elyor, Naziha. Ularning kasblari – iqtisodchi, texnik, sharqshunos (yapon tili mutaxassisi), psixolog.

Omon Matjon bilan suhbatlashish uchun xonadonlariga qadam ranjida qilar ekanman, har safar uning ijodiy laboratoriyasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Uning hayotda, ijodda ko‘rgan-kechirganlari, bolalik va navqiron yoshlik xotiralari bilan tanishdim. Eng so‘nggi marotaba borganimda, adabiy jarayon uchun muhim bo‘lgan yangi bir gap aytib qoldilar. Shoir shaxsiy arxivida “Ibn Sino” haqidagi tayyor stsenariy yozib tugallanganligini, ammo uni shu paytgacha hech qayerda nashr etmaganligini gapirdi. Bir paytlar sho­ira Zulfiya hayoti va ijodi haqida “Sadoqat” nomli libretto ham yozganligini qayd etdi.

Bugun Omon Matjon farzandlar, nevaralar va qizg‘in ijodiy mehnat qo‘y­nida yashamoqda. 1968 yilda yaratgan “She’riyat” she’rida shoir shunday degan edi:

She’riyat – hammaning o‘zi, o‘zligi!
She’riyat o‘zing-ku, qalbdan-qalblarga
Ezgulikning beqiyos ganjin
Ishonch qog‘ozisiz eltib berguvchi!..
…Men ham shoshilyapman senga, she’riyat!
Sen sari ketguvchi ulkan kemadan
Faqat yuklarimga joy topsam, mayli.
She’riyat!
Shu ishonch tinchitmas takror,
Sirli kashflar sari sudrar solimni.
Senga sodiqligim bayrog‘i shulki,
Har gal,
Har she’rimda,
Har tepganda qalb –

O‘zim o‘z qalbimning bo‘lsam Kolumbi.

Ha, atoqli shoir Omon Matjon o‘z qalbining kashfiyotchisi – Kolumbi bo‘ldi!

Omon aka, sizni ilk bor o‘zbek xalqiga tanitgan “Sharq yulduzi” jurnali tahririyati va muxlislaringizga tilaklaringizni izhor etsangiz.

“Yuqorida aytganimdek, mening ilk she’rlarim 1965 yil iyun oyida “Soldat o‘ylari” sarlavhasi bilan “Sharq yulduzi” jurnalida nashr etilgan. O‘sha paytlarda ustoz Shuhrat, Husniddin Sharipovlar ko‘p e’tibor bilan qarashgan. Bugun ham ushbu jonajon jurnalimiz ijodkorlariga, o‘quvchilariga yuksak ruhoniyat tilayman!

Ehtirom ila Omon MATJON”.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 1-son.