Cho‘lpon she’riyatida an’anaviylik
Milliy adabiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan so‘z san’atkori Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon poeziyasi an’anaviylikka esh bo‘lgan, adabiyotimiz tarixidagi katta o‘zgarishlar davri she’riyatidir. Bu shoirning adabiy-estetik qarashlarini tushunish, she’rlari zamiridagi ramziy ma’nolarni teran ilg‘ash va ularga munosabat bildirishdan avval, Alisher Navoiy hazratlari she’riyatiga bir nazar tashlab o‘tish joiz. Zero, “Adabiyotning xususiyati, mazmuni hamda vazifasi haqida bag‘oyat ma’nodor bir ta’rif Navoiyning she’riyatga qarashini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiqdan-ochiq ifodalaydi”(M.Shayxzoda. G‘azal mulkining sultoni. T., 1972, 195-bet ). Illo, Navoiyning an’anaviy, xalqona ohangga boy, ko‘ngil nidosi bilan bitilgan an’anaviy she’riyati tajribalaridan ulgi olish har bir ijodkor uchun yuqori samara berishi sir emas.
Har bir millat she’riyatining xalqaro nufuzi milliy qadriyatlari mezonlariga tayanishi, chinakam an’anaviylik asosida shakllanish tarzi bilan belgilanadi. Zotan, millat shoirining badiiy uslubi, she’riyatidagi poetik obraz, ramzlarning rivoji, bardavomliligi milliy an’analar zamirida yangi-yangi jihatlarning kashf etilishi bilan bog‘liq adabiy jarayondir. Xususan, Navoiy hazratlari o‘z she’riyatida an’anaviylik va ramz-ishoralarni qo‘llashga izchil va teran yondashgan. Aslida bunday yondashish milliy adabiyotda an’analar uzluksizligini ta’minlovchi mezon hamdir.
Ayni shu ma’noda Cho‘lponning “Ulug‘ Hindiy” maqolasidagi an’anaviy mumtoz she’riyatimizga daxldor quyidagi xitobiga baholi qudrat munosabat bildirib o‘tish joiz ko‘rinadi:
“Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiyman: bir xil, bir xil, bir xil!
Ko‘ngil boshqa narsa – yangilik qidiradir: Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni o‘qiymen, quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yong‘on chiroqlar bo‘lsa, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qimaymen, o‘qimaymen, meni shu holga solg‘on o‘shalar!…” («Adabiyot nadur». T., “Cho‘lpon”, 1993, 57—58-betlar).
Shoirning ushbu ramziy xitobi – an’anaviylikka munosabati adabiyotshunoslar tomonidan turlicha talqin qilinib kelinayotir. Bu talqinlarni rivojlantirib aytish lozimki, shoirning ramz va go‘zal badiiy tafakkurga o‘ralgan sirli, jumboqli ushbu xitobini o‘sha davrdagi ayrim dilozor, adabiy idroki haminqadar qalamkashlarga qarata aytilgan zardasi, deyish ham joizdir. Negaki, ular o‘sha kezlarda zo‘r berib shoir ijodidan siyosiy xatolarni qidirayotgan, uning nomini, ijodini qoralashga urinayotgan edi. Cho‘lponning bu xitobi zamiridagi asl muddao esa barcha ijodkorlarni bir maqsad sari – milliy adabiyot ravnaqi yo‘lida birlashtirishdan iborat edi, xolos. Uning nazdida, she’r jozibasi faqat qofiya, shakl va mazmun uyg‘unligidagina emas, balki undagi poetik obrazning hayotiyligi, haqqoniyligidadir. Eng muhimi, har bir davr she’riyati o‘ziga xos tarzda erkin harakatlanmog‘i va yangilanmog‘i kerak. Demak, Cho‘lpon she’riyati aslida an’anaviylikka esh, yangilanishga tashna she’riyatdir. Negaki, bu davrda xuddi shunday she’riyatga kuchli bir ehtiyoj bor edi. Shuni ham ta’kidlash joizki, shoir she’riyatiga yangi nafas olib kirishda faqat ko‘r-ko‘rona an’analarga tayanib qolish nojoizligini nazarda tutgan. Sobiq sho‘ro davri mafkurasining iskanjasiga tushgan har qanday fidoyi ijodkor bu masalaga ana shunday sirli yondashishi tabiiy bir hol edi.
Ma’lumki, shoir she’riyatining zamirida yassaviyona, navoiyona, mashrabona an’anaviy uslub bor. U o‘z poeziyasida mumtoz she’riyatimizga xos poetik an’anaviylik va timsollardan tortib, lafziy va ma’naviy, hatto «tajohulu-l-’orif»(bilib bilmaslikka olish) singari badiiy san’atlardan keng foydalangan. Zero, cho‘lponshunoslikda ta’kidlanganidek, shoirning birgina mashhur “Go‘zal” nomli she’rida qariyb o‘nga yaqin mumtoz adabiyotimizga xos (tazod, intoq, tasbig‘, tashxis, ruju’, mubolag‘a, ig‘roq, tadrij, ishtiqoq, tashbih kabi) badiiy san’atlar qo‘llanilgan. Chunonchi, Navoiy she’riyatiga muhabbati baland shoir o‘z she’rlarida “quyosh”, “oy”, “ko‘k” kabi poetik timsol va ramzlarni qo‘llab, an’anaviylik me’yorlariga rioya qilarkan “quyosh” poetik timsolidan turli ma’nolarda foydalanadi. Masalan, “Qalandar ishqi” nomli she’rida o‘qiymiz:
Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.
Bir qarashda ushbu misralar ma’nosi ramziy ifodalar talqinisiz ham tushunarlidek ko‘rinadi: xuddi Cho‘lponning adabiyot olamida tutgan o‘rni haqidagi umumiy sharhlardek. Ammo bu she’r sinchkovlik bilan sharhlansa, shoirning badiiy kayfiyati yanada aniqlashadi: Cho‘lpon – Tong yulduzi tungi sayrdan so‘ng, ya’ni quyosh chiqishidan oldin go‘yo ko‘z ilg‘amas darajada yana bir lahza ko‘zga tashlanadi-yu, tezda g‘oyib bo‘ladi. Shoir bu o‘rinda ushbu yulduzning boshqa sayyoralarga qaraganda juda tez, jur’at bilan harakat qilishiga ham ishora etadi. Ya’ni shoir talqinicha Cho‘lpon yulduzi jasorat timsoli hamdir. Bu yerda yana bir ramz ham bor: muhabbat shunday bir ajib tuyg‘uki, undan taralayotgan mehrni faqat quyosh nurlariga qiyoslash mumkin. Bu nurga Tong yulduzi bardosh bera olmasligi ayni haqiqat. Zero, bu misralarda “cho‘lpon” so‘zi nafaqat shoir taxallusi, balki o‘rni bilan an’anaviy she’riyatimizga xos poetik obraz – ma’naviy bedorlik ramzidir. Binobarin, bu talqinlardan shoir she’riyati zamirida kuchli bir milliylikka vobasta an’anaviy izdoshlik borligi aniq seziladi. Ayni shu ma’noda Alisher Navoiyning «Navodir ush-shabob» asaridagi “Agar ishqing havosida yog‘ar har jola tosh o‘lsun, Nishona har biriga, dermen, ushbu xasta bosh o‘lsun” matlai bilan boshlanadigan 504-g‘azalidan bir baytni g‘azalning umumiy mazmuni sharhi bilan birga keltiramiz:
Quyoshni bo‘lmas, ey gardun, ul oyg‘a aylamak tashbih,Og‘iz gar zarra, Cho‘lpon – ko‘z, yangi oy anga qosh o‘lsun.
Avvalo, ushbu baytdagi eng xarakterli “cho‘lpon” so‘ziga e’tiborni qarataylik. Bu so‘z Alisher Navoiy asarlarida “yorug‘ tong yulduzi”, “go‘zal”, “chiroyli”, “porloq” singari ma’nolarda qo‘llanilgan. Umuman, mumtoz adabiyotda “Cho‘lpon” – “Zuhra”, “Nohid” nomlari bilan ham yuritiladi. U quyosh sistemasidagi katta sayyoralardan biri, Yerga eng yaqin, Quyoshdan hisoblaganda ikkinchi sayyora. Forsiy rivoyatlarga ko‘ra esa, Cho‘lpon-Nohid afsungar Horut va Morut oshiq bo‘lgan ayoldir.
Ushbu baytda «muroatu-n-nazir», ya’ni «mutanosib» (bir-biriga mos va monand so‘zlarni bir baytga jamlash; masalan, quyosh va oy, ko‘z va qosh singari so‘zlar) badiiy san’ati qo‘llanilgan. Ya’ni ushbu baytda quyosh va oy so‘zlari “gardun” so‘zi orqali o‘zaro bog‘lanadi. Bu san’at mumtoz adabiyotda «tanosub», «talfiq», «tavfiq», «iytilof» deb ham yuritiladi (Atoulloh Husayniy. Badoyi’u-s-sanoyi’. T., 1981, 232-bet).
Shoirning poetik talqinicha, agar ishq tufayli osmondan do‘l yog‘sa, mayli, toshga aylansin. Falak quyoshdek keladigan tillalarni hadya etsa ham men ularni rad etaman. Ey yor, sening quyoshdek mehring oshiqlar qalbini qizdiradi. Quyoshni, Tong yulduzi-ku tong yulduzi, balki oyga ham tashbih qilib bo‘lmaydi. Mayli, tashbihda senga bir yo‘l ko‘rsatay. Agar sen yorning og‘zini bir zarra deb bilsang, uning shahlo ko‘zini Cho‘lpon yulduzi, qoshini esa yangi chiqqan oyga qiyos qila qol?!
Bu o‘rinda Navoiy “cho‘lpon” so‘zini go‘zallik timsolida qo‘llash barobarida soniyada minglab chaqirim yo‘lni bosib o‘tadigan tez uchar sayyora – Cho‘lpon vafo, muhabbatda hech qachon quyoshdek vazmin bo‘la olmasligini poetik ramzlarda ifodalaydi. Ayni shu ma’nolarni nazarda tutsak, Cho‘lponga bu misralar tanish bo‘lishi ehtimoli ko‘pdir. Zotan, shoir she’riyatidan boy an’ana va ulug‘ yangilanishlarga xos navoiyona mumtoz uslub ufurib turadi.
Navoiy hazratlari g‘azallarida oshiqning holati qanchalar zabun bo‘lishidan qat’iy nazar, uning ruhi samolar qadar yuksak ekani go‘zal shoirona tashbih vositasida tarannum etiladi:
Kuydurub, ey ishq o‘ti, gardung‘a sovurdung kulum,Poyada oxir bu yanglig‘ ko‘kka yetkurdung meni.
«Badoye’ ul-bidoya» devonining ”Ey quyosh, nevchun qoshingdin soyadek surdung meni, Ravshan aylab jumlai olamni, kuydurdung meni” matlai bilan boshlanadigan 745-g‘azalidan keltirilgan mazkur bayt ma’nosiga asoslanib aytish joizki, Cho‘lpon she’riyatida ham Navoiy she’riyatiga xos yuksak ishqqa uyg‘un timsol va xalqona ohang ustunlik qiladigan an’anaviylik mavjud. Faqat kamdan-kam san’atkorgina ulug‘ shoirning ijodiy mahoratidagi betakror uslubiga yangicha ruh, ohang qo‘sha olishi, ya’ni uni san’atkorona bardavom ettira olishi mumkin. Ana shunday baxt Cho‘lponga nasib etgan.
Mazkur mulohazalarimizni atoqli adib Oybekning: “Simvolist shoir (Cho‘lpon nazarda tutilgan – M.A.) Navoiyni eng yuqori darajaga qo‘yib, uning butun metodlarini o‘rganishga qistab, shuning bilan birga bizning yosh yozuvchilarimizga simvolistikani o‘rgatib keldilar. Navoiy yo‘lida suyagi qotg‘on Cho‘lponni tekshirib, shuning uchun undagi uslub va shaklini o‘rganishga kirishadilar”, degan fikr ham tasdiqlaydi. Shuningdek, ustoz Ozod Sharafiddinov ham “Cho‘lponni anglash”, “Adabiyot yashasa – millat yashar” nomli maqolalarida shoir shaxsiyati va she’riyati haqida qimmatli ma’lumotlar berib o‘tgan. Xususan, Cho‘lponning doimo va har qanday og‘ir vaziyatda ham o‘z metin e’tiqodiga sodiq qolgan, “g‘oyaviylik”, “partiyaviylik” degan illatlardan yuqori turgani ham ishonarli tarzda bayon etilgan. Albatta, Cho‘lpon ijodiyoti borasidagi bunday ma’lumot va talqinlar boshqa adabiyotshunos olimlarimizning ilmiy ishlarida ham mavjud. Ularning izlanishlarini davom ettirish esa, ayni muddaodir.
Xullas, 20–30-yillar o‘zbek milliy adabiyotidagi an’anaviylik, she’riyat zamiridagi timsol va ramzlarning yangicha takomili Cho‘lpon she’riyatida o‘z aksini topdi. Endilikda ana shu she’riyat mohiyatini to‘la anglashga ehtiyoj ortayotir. Ko‘rinib turibdiki, bu – shoir shaxsiyatiga doir adabiy manbalarni yanada teran, shoir she’riyatiga xos navoiyona an’anaviylik xususiyatlarini keng miqyosda o‘rganishni taqozo etadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 40-sonidan olindi.